Boburning tolesiz nabirasi


Saqlash
16:19 / 28.04.2026 41 0

Boburiy Humoyun Mirzoning uch o‘g‘li bo‘lib, to‘ng‘ich farzandining ismi Al’amon edi. Bu ismni xushlamagan Zahiriddin Muhammad Bobur “Otini Al’amon qo‘ymishsen. Tengri muborak qilg‘ay. Vale bovujudkim, o‘zung bitibsen, mundin g‘ofil bo‘lubsenkim, kasrati iste’mol bila avom Alamo derlar, yo El Amon derlar, o‘zga mundoq alif-lom otta kam bo‘lur”, deb yozgan. Shahzoda go‘dakligida vafot etgan. Ikkinchi o‘g‘li dunyoga mashhur buyuk Akbarshoh, uchinchisi 1544-yili Mohi Chuchuk begimdan tug‘ilgan Muhammad Hakim Mirzodir.

 

Humoyunshoh o‘g‘li Muhammad Hakim Mirzoga Kobul hokimligini bergan edi. U yetti yoki sakkiz yoshida Kobul taxtiga o‘tirgan bo‘lsa, 1585-yilgacha bu o‘lkani idora qilgan. Shahzoda yosh bo‘lgani sababli davlat ishlarini Mohi Chuchuk begim yuritgan.

 

Shahzoda ulug‘ ustozlardan ilm o‘rgangan. Tazkiranavis Mutribiy Samarqandiy “Tazkirat ush-shuaro”da yozishicha, “Ilmlarni olimlar olimi, xoliq va xalq oldida maqbul qozi Muhammad Sodiq oxund (Samarqandiy) suhbatida qo‘lga kiritib, zamon yagonasi va jahon durdonasi bo‘lgan edilar”. “Tarixi tomm” asarida ham bu allomaning muayyan muddat Muhammad Hakim Kobuliy huzurida bo‘lgani qayd etilgan: “So‘ng Samarqand viloyatidan Bayt ul-haram sari bormoq niyatida Hindiston tarafga jo‘nadilar. On hazratning xodimlarini Kobul viloyatida ayolatpanoh, hukumatdastgoh Muhammad Hakim podshoh ibn Humoyun Mirzo ibn Bobur Mirzo ibn Umarshayx Mirzo ibn Sulton Abu Said Mirzo ibn Sulton Muhammad Mirzo ibn Mironshoh Mirzo ibn Amir Temur Ko‘ragon taklif qilib, bir necha vaqt Hazrati Oxund mulozamatida bo‘ldilar. Ba’zi kitoblarni bu saodatli zot huzurida tas’hih qildilar”.

 

Muhammad Hakim iste’dodli bastakor edi. Tazkiranavis Mutribiyning yozishicha, “Janob Jamoliddin hofiz Abdurrahim muzahhib ul zotni rosa ta’riflar va ushbularni aytar edi: “Janob saltanatpanohiy (Muhammad Hakim Mirzo) musiqa ilmida ham ajib mahoratli edi. Zarb-u nutqi muvofiq tushar va nag‘malari tovushi hiddat (balandlik) va saqilda (og‘irlik) bir-biriga mutobiq va to‘g‘ri kelar edi. “Husayniy” ohangida “Davri shohiy” usuli bilan dilkash bir naqsh bog‘laganlarkim, iyqo’ qonunlari sozandalari va ta’lif vaznlari navozandalari ul amalga bir ovozdan tahsinlar aytadilar va shuningdek, “Rost” ohangida “Hafif” usuli bilan juda yaxshi bir Savt ul-amal bog‘lagan edilar”.

 

Shahzoda ajoyib she’rlar ham bitgan. “Tazkirat ush-shuaro”da mana bunday so‘zlarni o‘qiymiz: “She’rlari yonib-kuyib aytilgan va so‘zlari dillarni alangalatuvchidir. Qozilar qozisi janob qozi Muhammad Orif bin qozi Muhammad Sodiq Samarqandiy bu faqirga (Mutribiy Samarqandiy) “Ushbu matla’ ul hazrat saltanatpanoh tab’i ganjinasidandir”  degan edilar:

 

Chun sham’ so‘xtam zi g‘amat, sarvinozi man,

Ravshan nagasht peshi tu so‘zu gudozi man.

 

Mazmuni: Sarvinozim, shamdek kuydim, xira tortdim, / Sen ul kuyib-yonishimni sira bilmading.

 

O‘z zamonining nazm ahli Muhammad Hakim Mirzo Kobuliy ijodiga yuqori baho bergan. Tazkiralarda uning ijodidan namunalar keltirilgan.

 

Mutribiyning shohidlik berishicha, shahzodaning “sharif majlisi doimo olim-u fozillar va shoirlar yig‘ini bo‘lardi”. Kobul saroyi shoirlar bilan gavjum bo‘lar, bunday she’riyat kechalarida shahzodaning o‘zi ham she’r aytar edi.

 

Tarixiy manbalarga ko‘ra, Humoyunshoh vafotidan so‘ng uning beklaridan biri termizlik Abulmaolibek Akbarshohga qarshi fitna uyushtirib, saroydan qochadi va Mohi Chuchuk begim ijozati bilan Kobulga keladi va Muhammad Hakim Mirzoning singlisi Faxrinisoga uylanadi. “Abulmaoli Kobulda yosh shahzodaning ishonchiga kirib, saroy beklarini birin-ketin har xil ig‘volar bilan yo‘qotishga harakat qiladi. Uning maqsadi Kobul viloyatini Akbarshoh qo‘l ostidan chiqarib olish edi. Yosh shahzodaning otabegi Haydar Qosim va Mohi Chuchuk begim Abulmaolining g‘arazli kirdikorlaridan voqif bo‘lib, uni bu yo‘ldan qaytaradi. Shundan so‘ng 1564-yil mart oyining oxirida Abulmaoli qaynonasi Mohi Chuchukbegim va bir necha beklarni o‘ldirib, yosh shahzodani o‘z himoyasiga olib, Kobulda mustaqillik bayrog‘ini ko‘taradi”, deb yozadi tarixchi Turg‘un Fayziyev.

 

Shahzodaning otabegi Haydar Qosim Abulmaoli ta’qibidan qochib, Badaxshon hukmdori Sulaymonshoh huzuriga boradi va Kobulni zabt etishga da’vat qiladi. Sulaymonshoh Kobulga bostirib keladi. Ikki o‘rtada bo‘lgan jangda Abulmaoli qo‘shini mag‘lubiyatga uchraydi, o‘zi qatl etiladi. Sulaymonshoh Kobulda ishonchli beklarini qoldirib, Badaxshonga qaytadi. Shu yerda turib, Kobulni ishg‘ol etish uchun yana beklarini yuboradi. Bu rejadan xabar topgan Kobul a’yonlari Muhammad Hakim Mirzo boshchiligida badaxshonliklarni mahv etadi. Sulaymonshoh tezda qo‘shin to‘plab kelib, Kobulni  egallaydi. Muhammad Hakim Mirzo akasi Akbarshoh huzuriga najot izlab boradi; u Sulaymonshohga qarshi katta qo‘shin yuboradi. Qudratli Akbarshohning qo‘shiniga teng kelolmasligini sezgan Sulaymonshoh Kobulni tashlab, Badaxshonga chekinadi.

 

“Mir’ot ul-olam” asarida yozilishicha, shahzoda Muhammad Hakim Mirzo hatto Hindiston taxtini egallash uchun urinib ko‘rgan. Ammo shahzoda Murod (Akbarshohning o‘g‘li) uni tor-mor qiladi. Akbarshoh esa o‘gay ukasining gunohini kechib, unga yana Kobul viloyatini qaytarib beradi.

 

Muhammad Hakim Mirzo 1581-yili 15 mingli qo‘shin bilan Lohurgacha boradi. Biroq sarkarda Man Singh unga zarba berib, Kobulga qaytarib yuboradi. Akbarshoh katta qo‘shin bilan ukasini ta’qib qilib, Kobulga keladi. Muhammad Hakim Mirzo toqqa qochib ketadi. Akbarshoh yana inisining gunohidan o‘tib, Kobulni unga qoldiradi.

 

T.Fayziyevning yozishicha, “Muhammad Hakim Mirzo bo‘sh va qat’iyatsiz kishi edi. Ichkilikka nihoyatda ruju qo‘ygan edi... U aysh-ishratga mukkasidan ketgan va shuning oqibati o‘laroq 1585-yilda navbatdagi  mayxo‘rlikdan so‘ng yotoqxonasida vafot etadi”.

 

Muhammad Hakim Mirzo ijodi, Kobul saroyidagi adabiy muhit haqida ma’lumotlar kam. Kelajakda topiladigan yangi ma’lumotlar mumtoz adabiyotimiz tarixini boyitishga xizmat qilsa ajab emas.

 

                                                                                         Sherxon QORAYEV,

filologiya fanlari bo‘yicha

falsafa doktori

 

“Tafakkur” jurnali, 2026-yil 1-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

11:04 / 24.04.2026 0 191
Jarqo‘ton ibodatxonasi jumbog‘i





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//