Yoshlar deganda koʻz oldimizga kuch-gʻayrat, shijoatga toʻla, koʻzlari chaqnab turgan yigit-qizlar keladi. Ammo real hayotda boshqacharoq. Aksariyat yoshlar koʻzida maʼyuslik, horgʻinlik va loqaydlik bor. Buni koʻrib, yoshlar nega bunchalik tez charchayapti, motivatsiyani nega erta yo‘qotyapti, degan savollar paydo boʻladi. Ularda kuch, imkon, orzu joʻsh uradigan bir pallada burnout, emotsional charchoq kuzatilmoqda. Bu sindrom asosan professional sohalarda keng o‘rganilgan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda yoshlar orasida ham keng tarqalayotgani aniqlandi. Ushbu holatni yuzaga keltiruvchi omillar ko‘p va ular bir-biri bilan chambarchas bog‘liq.
Bu oʻzi nima degani?
Burnout tushunchasi birinchi marta 1970-yillarda amerikalik psixolog Herbert Freydenberger tomonidan ilgari surilgan. Freydenberger bu atamani ish faoliyatidagi kuchli charchoq va ruhiy tushkunlikni ifodalash uchun ishlatgan.
Burnout sindromi, asosan, uzoq muddat davomida yuqori bosim ostida ishlash, stressli vaziyatlar va haddan tashqari talablar natijasida yuzaga keladi. Bu holat ruhiy, jismoniy va hissiy quvvatning kamayishiga olib keladi, shuningdek, insonning ishga va atrofdagilarga bo‘lgan munosabatini salbiy tomonga o‘zgartiradi.
Hamma zoʻr, bitta men omadsizman
Yoshlar hayotining o‘ziga xos bosqichlari – bilim olish jarayoni, kasbiy yo‘nalish tanlashdagi noaniqliklar, ijtimoiy munosabatlar, shaxsiy rivojlanish kabi omillar burnout sindromining paydo bo‘lish xavfini oshiradi. Yoshlar doimiy ravishda o‘zini namoyon etish, ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lish va zamonaviy dunyoning tezkor o‘zgarishlariga moslashishga harakat qiladi. Bu jarayonda yuzaga keladigan psixologik zo‘riqishlar ko‘pincha ularning ruhiy salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Burnout’ga sabab boʻluvchi eng katta narsa bu raqamli hayot. Instagram, TikTok yoki Telegram lentasida boshqalarning “muvaffaqiyat hikoyalari” uzluksiz oqadi: kimdir 20 yoshida katta biznes egasi, kimdir chet elga ketgan, yana birov o‘qishni tamomlab, yaxshi ishga kirgan, boshqa biri esa yangi uy yoki mashina olgan. Shu ma’noda burnout’ni keltirib chiqaruvchi omillar FOMO sindromini ham yodga soladi.
Tarmoqlarda ko‘pincha kimningdir hayotining puxta tahrirlangan versiyasini ko‘rish uchun hozirgi lahzadan uzoqlashamiz. Va biz qorong‘i bo‘shliqqa tushib qolgandek – u yerdan dunyo boshqalar uchun o‘yin maydonchasi, yerdagi jannatdek tuyuladi, sen uchun esa u jang maydoni bo‘lib qoladi. Natijada-chi? Doimiy solishtirish. Ichki shoshilish. O‘zidan norozilik. Miya bunday axborot oqimidan charchaydi, shu bilan birga halovatni ham yo‘qotadi. Oqibatda esa yoshlar hatto zarur vaqtda ham dam olmaydi, ularning miyasi “boshqalardan ortda qolyapman”, “men ham ulardek bo‘lishim kerak” degan nihoyatda zo‘riqishli fikrlar ostida ishlashda davom etadi. Yoki ko‘plab oilalarda farzand kelajagi bo‘yicha tasavvur bir xil: “Yaxshi o‘qiysan, nufuzli o‘qishga kirasan, yaxshi ish topasan, hurmatli odam bo‘lasan”.
Lekin hayot bir chiziqda ketmaydi. Qaysidir yosh oʻqishni emas, biror hunar egallashni xohlaydi, kimgadir esa yaxshi ish emas, oʻzi yoqtiradigan, qalbi xotirjam boʻladigan ish kerak. Biroq buni aksariyat ota-ona tushunmaydi, farzand esa doimiy bosimda yashaydi. Ular ko‘pincha o‘z hayotlari uchun emas, ota-onalarning jamiyatga ko‘rsatadigan “natija”si uchun yashashga majbur bo‘ladi. Bu esa yoshlarda o‘ziga nisbatan tanqidni kuchaytirib, ichki erkinlikni yo‘qotadi. Orzu bilan majburiyat o‘rtasidagi keskin nomutanosiblik bo‘lsa charchoqni tezlashtiradi.
Bundan tashqari, bugungi talaba nafaqat o‘qiydi, balki ishlashga ham majbur. Biri oilasiga yordam berish yoki o‘z ehtiyojlarini qoplash uchun, yana boshqasi qo‘shimcha ta’lim, rivojlanish uchun. Shu tariqa, yigirmaga ham to‘lmagan yoshlar o‘qish-ish marafonida yugurib yuribdi. Natijada dam olishga yetarli vaqt yo‘q, miya esa doim “ishga tayyor turish” holatida. Qolaversa, sog‘lom turmush tarzining yo‘qligi, to‘yib uxlamaslik, jismoniy faoliyatning yetishmasligi ham ruhiy charchoqqa olib keladi.
Emotsional charchoq oqibatlari
So‘nggi yillarda o‘tkazilgan ko‘plab tadqiqotlar emotsional charchash sindromining aynan yoshlar orasida keng tarqalayotganini ko‘rsatadi. Bu bir tomondan, yoshlarning ruhiy jihatdan hali to‘liq shakllanmagani, ikkinchi tomondan, ularning hayoti keskin o‘zgarishlar, qarorlar va talablar bilan bog‘liq bo‘lgan davr ekani bilan izohlanadi. Masalan, oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan talabalar orasida burnout darajasi 30–50% atrofida deb baholangan. Bu ularning o‘qishdagi muvaffaqiyati, sog‘lig‘i va ijtimoiy munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Burnout’ning eng ko‘p tarqalgan belgilarga quyidagilar kiradi:
– Doimiy charchoq va dangasalik hissi;
– O‘qishga bo‘lgan qiziqishning pasayishi;
– Motivatsiya yo‘qolishi;
– O‘zini yakkalangan, tushkun his etish;
– Ijtimoiy aloqalardan chekinish.
Bu holatlar vaqtida e’tibor berilmasa, depressiya, ruhiy buzilishlar va hatto jismoniy kasalliklarga ham olib kelishi mumkin.
Oldini olish yo‘llari
Emotsional charchash sindromining oldini olishda profilaktik choralar, shuningdek, psixologik va ijtimoiy yondashuvlar muhim o‘rin tutadi.
1. Psixogigiena va o‘zini anglash. Yoshlar o‘z his-tuyg‘ularini anglash, boshqarish, stressni kamaytirish usullarini o‘rganishlari kerak. Emotsional savodxonlikni rivojlantirish burnout xavfini kamaytiradi.
2. Vaqtni boshqarish va rejalashtirish. Vaqtni samarali boshqarish, ortiqcha yuklamalarni kamaytirish, dam olish vaqtiga e’tibor berish muhim.
3. Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash. Oila, do‘stlar va o‘qituvchilar tomonidan beriladigan ijobiy munosabat, tushunish va dalda bo‘lish ruhiy barqarorlikni ta’minlaydi.
4. Jismoniy faoliyat va sog‘lom turmush. Sport bilan shug‘ullanish, meditatsiya, yetarli uyqu va to‘g‘ri ovqatlanish ruhiy quvvatni tiklashga yordam beradi.
5. Psixologik maslahat va korreksiya. Burnout belgilarini erta bosqichda aniqlab, professional psixolog yordamiga murojaat qilish salbiy oqibatlarning oldini olishda muhim rol o‘ynaydi.
Shahruza SATTOROVA
Jarayon
Tarix
Tarix
Mafkura
Vatandosh
Tarix
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q