Muso hassasi, Dovud shamshiri, Muhammad (s.a.v.) oyoq izi – To‘pqopining noyob eksponatlari


Saqlash
17:55 / 29.04.2026 15 0

Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan Turkiya Respublikasiga uyushtirilgan etnofolklor ekspeditsiyasi davomida nomoddiy madaniy meros bilan bir qatorda madaniy meros va muzeylar ham tadqiq etildi. Istanbuldagi Ayyub Sulton jome masjidi (1558-yilda qurilgan), Ali Qushchi yodgorligi, Ayo Sofiya masjidi (537), To‘pqopi saroy-muzeyi (1459), Sulton Ahmad masjidi (1616), Shonliurfadagi Go‘bektepa arxeologik yodgorligi, Baliqliko‘l qadamjosi, Adanadagi Shermuhammad qo‘rboshi yodgorligi, Ko‘nyodagi Mavlono Jaloliddin Rumiy muzeyi, Alouddin masjidi, Ayo Yelena muzeyi (327) va boshqa tarixiy maskanlar ziyorat qilindi.

 

Istanbulda deyarli barcha sohalarga doir muzeylar mavjud. Ularning eng ulug‘vori, shubhasiz, To‘pqopi (To‘pli darvoza) saroy-muzeyidir. Sulton har gal saroyga kirgan va chiqqanda to‘p otilgani bois unga shu nom berilgan.

 

1479-yili Sulton Muhammad tomonidan qurilishi boshlangan saroy XIX asr o‘rtalariga qadar turk sultonlarining qarorgohi sifatida xizmat qilgan. Shu yillar mobaynida 25 hukmdor mamlakatni boshqargan. Manbalarda saroyda 4-5 mingga yaqin kishi yashab xizmat qilgani qayd etilgan. Sulton oshxonasida bir vaqtning o‘zida mingga yaqin oshpaz ishlagan. Bir yilda saroyga 30 mingta jo‘ja, 23 ming bosh qo‘y, 14 ming bosh buzoq keltirilgan.

 

To‘pqopi muzeyi chinni idishlar soni bo‘yicha Pekin va Drezden saroylaridan so‘ng uchinchi o‘rinda turadi. Bu yerda 10 mingdan ziyod buyum saqlanadi. Saroy Turkiya Respublikasi tashkil etilganidan so‘ng Mustafo Kamol Otaturkning buyrug‘iga binoan 1924-yil 3-aprelda muzeyga aylantirilgan. 1854-yili Bosfor sohilida yevropalik me’morlar ishtirokida “Do‘lmabog‘cha” saroyi qurilgach, To‘pqopining siyosiy roli kamaygan bo‘lsa-da, ramziy va diniy ahamiyatini yo‘qotmagan.

 

Sulton Abdulmajid hukmronligi davrida saroy ilk marotaba cheklangan omma uchun muzey sifatida ochilgan. Ingliz elchisiga To‘pqopi xazinasidagi buyumlar ko‘rsatilganidan so‘ng mamlakatga kelgan mehmonlarni bu yerga taklif etish an’anaga aylangan.

 

UNESCOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan To‘pqopi saroy-muzeyida qadimiy qo‘lyozmalar, chinni buyumlar, qurol-yarog‘lar, sultonlar kiyim-boshi saqlanadi. Saroyda saqlanayotgan artefaktlar usmoniylar madaniyati, estetik didi va ilm-fanga e’tiboridan dalolat beradi.

 

To‘pqopi faqat hashamati bilangina emas, balki o‘sha zamon sirlarini o‘zida saqlagani bilan ham tarixga kirgan. Bunga Oltin panjara deb atalmish bino misol bo‘la oladi. Bu yerda asosan taxt vorislari istiqomat qilgan. Merosxo‘r shahzodalar bir-biri bilan aslo uchrashmagan. Ular 18 yoshga qadar saroyda tarbiyalanib, keyinchalik mamlakatning turli viloyatlariga yuborilgan. Shahzodalarning ko‘pchiligi saroy fitnasining qurboniga aylangan. Ularning o‘limi bilan bog‘liq tafsilotlar saroydan tashqariga chiqmagan, sirligicha qolgan.

 

Yong‘in ko‘p ro‘y bergani bois saroy muntazam ravishda ta’mirlab kelingan. Shu sababli ham inshootda har bir sultonning hissasi bor deyish mumkin.

 

To‘pqopi arxitekturasi bilan diqqatni tortadi. Usmoniy imperiyasining boy tarixi va madaniyatini aks ettiruvchi muzeyda Vizantiya va saljuqiy me’morchiligi izlari ham mavjud. Saroyning to‘rt hovlili tuzilmasi markazlashtirilgan boshqaruv tizimini ifodalaydi. Har bir hovli ijtimoiy tabaqalanish tamoyiliga mos ravishda tashkil etilgan. Me’moriy jihatdan handasaviy naqshlar, arabiy yozuvli bezaklar va turk gumbaz uslubi uyg‘unlashgan. Bag‘dod, Revan va Iftor pavilonlari usmoniylar g‘alabalari sharafiga qurilgan.

 

Saroy-muzeyda asrlar davomida jamlangan moddiy va ma’naviy boyliklar namoyishga qo‘yilgan. Munaqqash zallarda xattotlik, musavvirlik, zargarlik, sahhoflik, aslahasozlik va xalq amaliy san’atining bebaho namunalari, qiymati mamlakatlar boj-xirojiga teng dur-u javohirlar saqlanmoqda. Islom tarixi va san’ati bo‘limidan esa Ibrohim (a.s.) kosasi, Muso (a.s.) hassasi, Dovud (a.s.) shamshiri, Yusuf (a.s.) sallasi, Muhammadga (s.a.v.) tegishli muborak xirqa, soch, tish, qilich, maktub, oyoq izi kabi noyob eksponatlar o‘rin olgan.

 

Kumush panjara bilan o‘ralgan bo‘lmada Payg‘ambarimiz Muhammadning (s.a.v.) xirqayi saodatini (tuya yungidan tikilgan, o‘lchami 1 metru 24 sm) ko‘rish mumkin. Rivoyatlarga qaraganda, bir majlisda shoir Ka’b go‘zal ash’or o‘qigan. She’rdan ta’sirlangan Rasululloh (s.a.v.) saodatmand shoirni alqab, egnilaridagi xirqani unga tuhfa qilganlar. Ardoqli hadyani shoirning avlodlari ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylagan, keyinroq xalifa Muoviya uni 20 ming tangaga sotib olgan. Shu tariqa muborak libos asrlar davomida arab sulolalari bisotida saqlangan. Sulton Salim 1517-yili Misr mamluklarini yenggach, xirqani Istanbulga keltirgan.

 

Muzeydan joy olgan har bir eksponatning o‘z tarixi bor. Zumrad va olmos bilan bezatilgan, dastasi uchida soat yashirilgan To‘pqopi xanjari usmoniylar davri hunarmandlari mahoratini aks ettiradi va dunyodagi eng qimmatli xanjarlardan biri hisoblanadi.

 

To‘pqopidagi eng diqqatga sazovor yodgorliklardan yana biri Sulton Muhammad Fotih taxtidir. Ulug‘vor taxt oltin, kumush va qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan.

 

Muzeyda temuriylar davriga oid noyob qo‘lyozmalar ham saqlanadi. Xususan, Hofizi Abro‘ning “Majmua” (Hirot, 1415), Nizomiddin Abul Maoli Nasrulloning “Kalila va Dimna” (Hirot, 1429), Attorning “Sitta” (Hirot, 1438) asarlari; she’riy to‘plam (Yazd, 1407), Nizomiy Ganjaviyning Yusuf al-Jomiy tomonidan ko‘chirilgan “Xamsa”si (1445) shular jumlasidan.

 

Mirzo Ulug‘bekning o‘yma naqshli yog‘och sandiqchasi, Kamoliddin Behzod qalamiga mansub “Shoh ovi” miniatyurasi, oq nefrit va oltin bezakli, dastasi ajdaho boshli po‘lat qilich va qin (XV asr) To‘pqopida saqlanayotgan temuriylar davriga oid amaliy va tasviriy san’atning noyob namunalari hisoblanadi.

 

Xullas, saroy-muzey Turkiyagina emas, balki butun insoniyat sivilizatsiyasining bebaho manbasi hisoblanadi. Muzey ekspozitsiyasi faqat tarixiy artefaktlar to‘plamigina emas, balki usmoniylar imperiyasining siyosiy va madaniy xotirasini jamlagan ilmiy tizimdir. Bu buyumlar orqali o‘tmishning moddiy va ma’naviy qadriyatlari o‘rganilib, insoniyat tarixidagi eng yirik imperiyalardan birining madaniy portreti tiklanadi. Bu jihatdan muzey ekspozitsiyasi tarix, san’atshunoslik, antropologiya fanlari uchun muhim manbadir.

 

Jasurbek AHMEDOV,

tarix fanlari bo‘yicha

falsafa doktori, dotsent

 

“Tafakkur” jurnali, 2026-yil 1-son.

“To‘pqopi: tarix va tamaddun” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

16:04 / 28.04.2026 0 113
Boburning tolesiz nabirasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//