Onado‘lidan Turkistonga ilm istab kelgan olimlar


Saqlash
15:08 / 29.04.2026 46 0

 

O‘rta asrlar Sharq Uyg‘onish davrida Turkiston va Onado‘li (Kichik Osiyo) mintaqalari o‘rtasidagi aloqalar nafaqat diplomatik yoki savdo munosabatlari, balki eng avvalo, mustahkam ilmiy rishtalar bilan xarakterlanadi. Garchi ko‘p hollarda Turkistondan Onado‘liga yo‘l olgan ulamolar haqida so‘z yuritilsa-da, tarixning oltin sahifalarida G‘arbdan Sharqqa o‘sha davrning chinakam ilm markazlari bo‘lmish Samarqand va Buxoro kabi Turkiston shaharlari tomon talpingan Onado‘li olimlarining izlari ham kam emas.

 

Ushbu intilishning asosiy sababi o‘sha davrda Turkiston shaharlarining islom olami va jahon ilm-fanining bosh markaziga aylangani edi. Onado‘lining turli burchaklaridan yo‘lga chiqqan tolibi ilmlar va yetuk ulamolar uchun Turkiston tuprog‘i matematika, astronomiya, fiqh va tasavvuf ilmlarining eng sof hamda yuksak cho‘qqilari o‘rganiladigan muqaddas maskan sanalgan. Bu jarayon ikki mintaqa o‘rtasida o‘ziga xos “ma’rifat ko‘prigi”ni vujudga keltirdi.

 

Anado‘lidan Turkistonga kelib, bu yerdagi noyob ilmiy muhitda kamol topgan hamda ham Turkiston, ham keyinchalik Usmonli ilmiy tafakkuriga ulkan hissa qo‘shgan siymolar hayoti va faoliyatiga nazar tashlasak.

 

Muso bin Mahmud – Qozizoda Rumiy

Tarixda Qozizoda Rumiy nomi bilan mashhur bo‘lgan olimning asl ismi Musodir. U ilmli oilada tavallud topgan bo‘lib, Bursa qozisi bo‘lgan otasi Xo‘ja Afandining vafotidan so‘ng, bobosi Qozi Mahmud Chalabiy tarbiyasida kamolga yetgani uchun Qozizoda laqabi bilan tanilgan. Muso dastlabki diniy va aqliy ilmlarni bobosidan hamda Sulton Murod I davrining mashhur olimi Mulla Fanoriydan o‘rgandi. Bilimga bo‘lgan ishtiyoqi uni bobosining shogirdlaridan biri Badriddin Simaviy bilan birga Konyaga yetakladi. Bu yerda u mashhur astronom Fayzulloh Munaqqiddan astronomiya sirlarini o‘rgandi. Shuningdek, uning Onado‘lidagi ustozlari safida Safarshoh ar-Rumiy ham bor edi.

 

1400-yillarning boshida, hatto yaqinlarining qarshiligiga qaramay, ustozi Mulla Fanoriyning rag‘batlantirishi bilan Muso Turkiston va Xuroson mintaqasiga yo‘l oladi. 1411-yildan e’tiboran u ilm-fan chorrahasi bo‘lmish Samarqandda davrning eng yirik siymolari – mashhur kalomshunos va matematik Sayyid Sharif al-Jurjoniy darslarida qatnashadi. Biroq, Qozizodaning har bir masalaga o‘ta aniqlik — matematik nigoh bilan qarashi ko‘p o‘tmay ustozi bilan o‘rtalarida ilmiy ixtilof keltirib chiqaradi. U Jurjoniyning mashhur “Sharhul-Mavoqif” asaridagi ayrim fikrlarni keskin tanqid qilib, ustozining darslarini tark etadi. Rivoyat qilinishicha, shunda Jurjoniy shogirdi haqida: “Qozizodaning tabiatida riyoziyot (matematika) g‘olib keldi”, deya xitob qilgan ekan.

 

Ushbu e’tirof bilan Jurjoniy borliq haqidagi bilimlarni o‘rganishda keng qo‘llaniladigan an’anaviy tabiiy va kalomiy (falsafiy-diniy) uslubga qarshi o‘laroq, Qozizoda sof handasa (geometrik) va riyoziy yondashuvni afzal ko‘rganini ta’kidlamoqchi bo‘lgan. Darhaqiqat, Qozizodaning keyingi faoliyati va birorta ham sof kalomiy mavzularda asar yozmagani uning tabiatida mantiqiy-matematik tafakkur naqadar ustun bo‘lganini tasdiqlaydi.

 

Samarqandda Mirzo Ulug‘bek bilan tanishgan Qozizoda qisqa fursat ichida hukmdorning yuksak hurmatini qozonib, uning shaxsiy ustoziga aylandi. Ko‘p o‘tmay u Ulug‘bek madrasasining bosh mudarrisi va G‘iyosiddin Jamshid Koshiydan so‘ng mashhur Samarqand rasadxonasining rahbari etib tayinlandi.

 

Qozizoda darslarida hatto Mirzo Ulug‘bekning o‘zi ham oddiy talabadek ishtirok etar, olim esa har qanday sharoitda ham ilmiy erkinlik va adolatni birinchi o‘ringa qo‘yardi. Tarixiy manbalarda keltirilishicha, bir safar Ulug‘bek u bilan maslahatlashmay bir mudarrisni vazifasidan ozod qiladi. Bunga norozilik sifatida Qozizoda dars berishni to‘xtatib qo‘yadi. Hayron bo‘lgan hukmdor sababini so‘raganda, u shunday javob beradi:

 

“Men mudarrislikni qoida bo‘yicha asossiz bo‘shatish ko‘zda tutilmagan, daxlsiz bir vazifa deb bilar edim. Biroq bu ishda ham o‘zboshimchalik bilan bo‘shatish qo‘llanilishini ko‘rib, o‘z ixtiyorim bilan vazifani tark etdim”.

 

Ushbu qat’iyatli javobdan so‘ng Ulug‘bek xatosini tushunib, mudarrisni ishiga qaytaradi va boshqa hech qachon bunday ish takrorlanmasligiga va’da beradi. Shundan keyingina Qozizoda yana dars xonasiga qaytadi.

 

Qozizoda Rumiy riyoziyotga bo‘lgan tashnaligi sababli ushbu ilm eng gullagan o‘lka – Turkistonga kelgan edi. Ulug‘bekning unga ko‘rsatgan yuksak iltifotida ham aynan mana shu ilmiy yaqinlik, mushtarak maqsadlar muhim rol o‘ynadi. Qozizoda nafaqat Turkistonda ilm yoydi, balki o‘z shogirdlariga Onado‘li o‘lkasiga borishni tez-tez tavsiya qilib turdi. Uning da’vatlari natijasida Ali Qushchi va Fathulloh Shirvoniy kabi yetuk olimlar keyinchalik Onado‘liga yo‘l oldilar. Ular o‘zlari bilan Samarqand matematika va astronomiya maktabining boy tajribasini olib borib, Usmonli ilmiy muhitini yangi bosqichga olib chiqishdi.

 

Mavzu doirasida faqat Qozizoda Rumiyni eslash yetarli emas. XV asrning yana bir yetuk siymosi Mavlono Fathulloh Shirvoniy ham o‘z davrining mashhur “rum olimi” sifatida Turkiston sari yo‘l olgan edi. U bu yerda Sayyid Sharif Jurjoniydan diniy va falsafiy (naqliy va aqliy) ilmlarni o‘rgandi. Matematika va astronomiya sirlarini esa bevosita Samarqandda Qozizoda Rumiyning huzurida o‘zlashtirdi. Shirvoniy Turkistonda to‘plagan ilm boyligini keyinchalik yana o‘z vatani – Rum o‘lkasiga qaytib, u yerda yoyishga kirishdi.

 

Yana bir diqqatga sazovor shaxs – Mavlono Ali bin Yusuf al-Fanoriydir. U yoshlik chog‘laridan ilmga bo‘lgan cheksiz muhabbati sababli sharq mamlakatlariga safar qiladi. Fanoriy bir muddat ilm-fan markazlari bo‘lmish Hirotda, so‘ngra Samarqand va Buxoroda istiqomat qiladi.

 

Ali Fanoriy Turkistonning fozil olimlaridan ta’lim olib, yuksak ilmiy darajaga yetishgach, unga ushbu tabarruk o‘lka madrasalarida mudarrislik qilish sharafi beriladi. Bir necha yil davomida Turkiston talabalariga dars berib, bu yerdagi ilmiy muhitning ajralmas qismiga aylandi. Biroq vaqt o‘tishi bilan yana o‘z ona yurti – Onado‘li tuprog‘iga qaytadi.

 

Ali Fanoriy ona yurtiga qaytgach, Turkistonda orttirgan boy bilimlarini yoyishga astoydil kirishdi va qisqa vaqt ichida butun Onado‘lida mashhur olim sifatida tanildi. Uning ilmiy salohiyati shunchalik yuqori edi-ki, hatto Usmonli sultoni Fotih Sulton Muhammadga qarata: “Modomiki, Fanoriy xonadonidan biror kishi ulamolar orasida va viloyatingizda bo‘lmas ekan, saltanatingizning muhim ishlarida komil qudrat va matonat ko‘rinmas”, deya ta’kidlangan edi. Bu e’tirof Turkistonda shakllangan ilmiy tafakkurning davlat qudrati uchun naqadar muhim bo‘lganini ko‘rsatadi.

 

Zamondoshlarining yuksak bahosi va olimning iqtidori sulton e’tiboridan chetda qolmadi. Fotih Sulton Muhammad Bursadagi Manastir madrasasini boshqarishni kunlik ellik aqcha maosh bilan Fanoriyga topshirdi. Oradan ko‘p o‘tmay, uning ilmiy darajasi o‘sishi bilan maoshi oltmish aqchaga ko‘tarilib, nufuzli Murodiya madrasasiga mudarris etib tayinlandi. Olimning faoliyati faqat ta’lim bilan cheklanib qolmadi: unga dastlab Bursa qoziligi, so‘ngra davlatning eng yuqori sud-huquqiy lavozimlaridan biri — qoziasqarlik rutbasi berildi.

 

Turkiston shaharlarida ilm va haqiqat istagida bo‘lgan yana bir mashhur anado‘lilik siymo – Shayx Ilohiydir. U Onado‘lining Simav qasabasida dunyoga kelib, ilm tahsilini Istanbuldagi mashhur Zayrak madrasasida boshlagan. Taqdir taqozosi bilan ustozi Mulla Ali Tusiy Eron va Turkiston tomon yo‘l olgach, Shayx Ilohiy ham ustozining ortidan safarga chiqadi. Kirmon viloyatida ustozi bilan uchrashib, uning huzurida zohiriy ilmlarni mukammal egallaydi va oliy mudarrislik (mavlaviylat) darajasiga yetadi.

 

Biroq ko‘nglidagi ruhiy tashnalik uni ilmning boshqa bir cho‘qqisiga — tasavvuf olamiga yetakladi. Rivoyat qilinishicha, Shayx Ilohiy dunyoviy va zohiriy ilmlar jamlangan barcha kitoblarini yo suvga otish, yo olovda yoqish haqida o‘ylab turganda, hujrasiga bir noma’lum faqir kirib qoladi. Uning maslahati bilan Shayx barcha kitoblarini sotib, pullarini muhtojlarga tarqatadi va faqatgina tasavvufga doir bitta kitobni o‘zi bilan olib, Samarqand tomon yo‘l oladi.

 

Samarqandga kelgach, Shayx Ilohiy o‘sha davrning ma’naviy rahnamosi, Naqshbandiya tariqatining buyuk piri Xo‘ja Ubaydulloh Ahror xizmatiga kiradi. Ulug‘ pirning duosi va zikr talqini bilan musharraf bo‘lgach, ruhiy kamolotni davom ettirish uchun Buxoroga – Bahouddin Naqshband hazratlarining qabrini ziyorat qilish uchun yo‘l oladi. U yerda o‘tkazgan vaqtlari Shayx Ilohiy hayotining eng nurli sahifalariga aylandi; u ma’naviy irshod (yo‘llanma) olib, so‘fiylikning yuksak martabalariga erishdi.

 

Ma’lum muddatdan so‘ng u yana Samarqandga qaytib, Xo‘ja Ahror suhbatlaridan bahramand bo‘ldi. Pirning ko‘rsatmasi bilan yana Onado‘li o‘lkasiga qaytishga qaror qildi. Qaytish yo‘lida Hirotda to‘xtab, buyuk shoir va mutafakkir Mavlono Abdurahmon Jomiy bilan ham suhbatdosh bo‘ldi. Rumga (Onado‘liga) qaytgach, o‘z vatanida Turkistonning boy ma’naviy xazinasini yoyishga kirishdi. Uning huzuriga har tarafdan ilm va ma’rifat izlab kelgan olimu so‘fiylar oqib kela boshladi.

 

Onado‘lidan Turkistonga ma’naviy ustoz izlab kelgan yana bir olim — Shayx Ismoil Shirvoniydir. U ham Xo‘ja Ubaydulloh Ahrorga shogird bo‘lish niyatida Samarqandga keladi. Bir necha yil davomida Turkiston ilmiy va so‘fiylik muhitida toblangach, ustozi ijozati bilan Makkayi Mukarramaga yo‘l oladi.

 

Sulton Boyazid II davrida Onado‘liga qaytgan Shirvoniy o‘zining haybatli shaxsi, viqori va haqiqat yo‘lidagi qat’iyati bilan tanildi. U nafaqat tasavvuf ahli, balki kuchli mufassir (Qur’on sharhlovchisi) va muhaddis (hadis ilmi olimi) sifatida ham islom olamida katta hurmat qozondi.

 

Xulosa o‘rnida aytish mumkin-ki, O‘rta asrlarda Onado‘li va Turkiston o‘rtasida shakllangan ilmiy hamda ma’naviy aloqalar turkiy sivilizatsiyaning yaxlit bir vujud ekanini isbotlovchi tarixiy dalildir. Qozizoda Rumiy, Shayx Ilohiy va Ali Fanoriy kabi ulamolarning G‘arbdan Sharqqa qilgan safarlari shunchaki sayohat emas, balki ikki mintaqani ilm jihatidan birlashtirgan “ma’rifat ko‘prigi” edi. Turkiston madrasalarida sayqallangan aniq fanlar va ruhiy ta’limotlar keyinchalik Onado‘lida nafaqat ilm-fanning, balki Usmonli davlati boshqaruv tizimining ham yuksalishiga xizmat qildi. Bu tarixiy rishtalar bugungi kunda ham turkiy xalqlarning ilmiy va madaniy hamkorligi uchun mustahkam poydevor va o‘rnak bo‘lib qolmoqda.

 

 

Abdullajon USMONOV, 

O‘zR FA Tarix instituti tayanch doktoranti

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

16:04 / 28.04.2026 0 106
Boburning tolesiz nabirasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//