“Yangi katta o‘yin” – Geosiyosatdagi bugungi yurishlar


Saqlash
17:45 / 28.04.2026 17 0

Ingliz zobiti Artur Konolli XIX asrda ilk bor “Katta o‘yin” atamasini qo‘llaganida geosiyosatdagi eng kuchli metaforalardan birini iste’molga kiritgani xayoliga ham kelmagan. Bu istiloh Britaniya va Rusiya imperiyalarining Markaziy Osiyo, shuningdek, Afg‘oniston, Fors o‘lkasi va Tibetdagi raqobatini anglatadi.

 

Vahmkor o‘yin bugunga qadar to‘xtagani yo‘q, fursat o‘tishi bilan ishtirokchilar soni ortib, qoidalar-u usullar o‘zgardi, xolos. “Yangi Katta o‘yin” muhitida qudrat sohiblarining diqqati Markaziy Osiyoga qadalgan. Bellashuvga endi Vashington, Pekin, Bryussel, Tokio, Yangi Dehli ham qo‘shilgan.

 

Ikki qo‘chqorning boshi

 

1840-yilning iyul oyida ingliz razvedkachisi Artur Konolli Qandahorda yangi vazifaga tayinlangan hamkasbi Henri Kresvik Roulinsonga yo‘llagan maktubida “Sizni ajoyib o‘yin, katta o‘yin kutayotir!” deb ta’kidlagan edi. Yozuvchi Redyard Kipling “Kim” romanida (1901) qo‘llagach, bu atama yanada ommalashdi.

 

XIX asrda Britaniya va Rusiya imperiyalari Markaziy va Janubiy Osiyodagi hududlarni egallash, chegaralarni qayta belgilash uchun harbiy kuch va diplomatik muzokaradan foydalangan. Rusiya Turkistonni bosib oldi, Angliya esa Hindistonda nazoratni mustahkamladi. Shu tariqa XX asr boshlariga kelib, Kaspiy dengizi sohilidan Sharqiy Himolaygacha bo‘lgan hududlardagi davlatlar, qabilalar ikki imperiyaning qalamraviga o‘tdi.

 

“Ikki qo‘chqorning boshi bir qozonda qaynamas”, deydilar. Britaniya Rusiyaning janubga ekspansiyasi Hindistonga tahdid solishidan qo‘rqar, rus davlati esa ingliz monarxiyasi ta’siri Markaziy Osiyoga yoyilishidan xavotirda edi.

 

Manbalarga ko‘ra, “Katta o‘yin” 1830-yil 12-yanvarda Hindiston nazorati kengashi prezidenti, lord Ellenboro general-gubernator, lord Bentinkka Buxoro amirligi bilan savdo munosabatini yo‘lga qo‘yish vazifasini topshirgandan so‘ng boshlangan. Angliya Afg‘onistonda protektorat o‘rnatib, Usmoniylar, Fors, Xiva va Buxoro davlatlarini Rusiya bilan bufer hudud sifatida saqlab qolishni maqsad qilgan. Shuningdek, Rusiyaning Fors ko‘rfazi yoki Hind okeanida portga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik orqali asosiy dengiz savdo yo‘llarini nazorat qilish ko‘zlangan edi. Ikki imperiya o‘zaro raqobatlashar ekan, Rusiya Afg‘onistonni betaraf hudud o‘laroq taklif qilgan (Becker S. Russia’s Protectorates in Central Asia: Bukhara and Khiva, 1865–1924. Routledge, 2005. P. 47).

 

“Katta o‘yin” rasman 1895–1907-yillar oralig‘ida nihoyalandi. 1895-yil sentyabr oyida London va Sankt-Peterburg Pomir chegara komissiyasi protokolini imzoladi. 1907-yil avgustida yovlashgan ikki davlat o‘rtasida ittifoq tuzildi, Afg‘oniston, Fors, Tibet kabi bahsli hududlar yuzasidan ham kelishuvga erishildi.

 

Adoqsiz kurash

 

“Katta o‘yin” 1907-yildan keyin ham davom etgan. Tarixchi David Noakning yozishicha, u 1919-yildan Britaniya va Sovet Ittifoqi o‘rtasidagi qarama-qarshilik sifatida qaytadan boshlandi. Veymar Respublikasi va Yaponiya yangi ishtirokchilar sifatida maydonga chiqdi. O‘sha yillarda kurash Britaniya Hindistoni, Xitoy, Sovet Ittifoqi va Yaponiya Manchjuriyasi chegaralaridagi hududlar ustida kechgan (Noack D. The Second Tournament of Shadows and British Invasion Scares in Central Asia, 1919–1933 // The Oxus Society for Central Asian Affairs, 14 December 2020).

 

Olim Aleksandr Andreyevning fikricha, Sovet Ittifoqi 1930-yillarda ham “Katta o‘yin”ni davom ettirgan bo‘lib, asosiy yo‘nalish Tibet va Mo‘g‘ulistondagi yashirin diplomatiya va josuslik faoliyati edi. Rossiyaning Hindistonga bostirib kirish loyihasi ham inqilobchi Lev Troskiy tomonidan qayta tiklangan (Andreev A. Soviet Russia and Tibet: the Debacle of Secret Diplomacy, 1918–1930s. Leiden, Brill, 2003. Pp. 13-15).

 

Tarixchi Hizer Kempbell Britaniya ham “Katta o‘yin”ni davom ettirgan deb hisoblaydi. Jumladan, Hindistonning sobiq general-gubernatori, lord Karzon sovetlarga qarshi oq gvardiyachilarni qo‘llab-quvvatlash siyosatini ilgari surgan (Campbell H. Great Game Thinking: The British Foreign Office and Revolutionary Russia // Revolutionary Russia. 34 (2), 2021.  Pp. 239-258).

 

1979-yilda sovetlar Afg‘onistonga bostirib kirgach, Buyuk Britaniya bosh vaziri Margaret Tetcher darhol afg‘on qarshilik kuchlariga harbiy yordam ko‘rsatgan. Bu hodisa “Ikkinchi Katta o‘yin” nomi bilan mashhur bo‘ldi. Qirollik josuslik xizmati (MI6) afg‘on mujohidlarini Sovet Ittifoqiga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatladi, jumladan, ularni yashirincha qurollantirdi va moliyalashtirdi (Curtis M. Training in Terrorism: Britain’s Afghan Jihad. British Foreign Policy Declassified. 20 July 2025).

 

Ko‘p qutbli raqobat

 

1996-yili “The New York Times” gazetasida chop etilgan maqolada yozilishicha, “Markaziy Osiyo yana bir bor yirik davlatlarning ko‘hna va beayov geosiyosiy o‘yinida qorong‘i jang maydoni vazifasini o‘tamoqda. G‘arb ekspertlari fikricha, Kaspiy dengizi mamlakatlarining hali to‘liq o‘zlashtirilmagan neft va tabiiy gazi mintaqani kelajak asrda yangi Fors ko‘rfaziga aylantirishi mumkin. Boshlanayotgan o‘yindan ko‘zlangan maqsad – neft ustidan nazorat qiluvchi sobiq sovet respublikalari rahbarlari bilan do‘stona munosabat o‘rnatish, Rossiyaning shubha-gumonlarini aritish va jahon bozori uchun muqobil, xavfsiz quvur yo‘llari joriy etishdir” (The New Great Game in Asia // The New York Times. 2 January 1996).

 

“Yangi Katta o‘yin” geosiyosiy raqobatdan ko‘ra ko‘proq geoiqtisodiy kurashga do‘nmoqda. Bu jarayonda Xitoyning roli – Buyuk Britaniyaga, Rossiyaniki esa Rusiya imperiyasiga o‘xshaydi. “Xitoy va Rossiya ikki kuchli o‘yinchi, Markaziy Osiyo davlatlari esa nisbatan zaif mustaqil subyektlar hisoblanadi” (Chen X., Fazilov F. Re-centering Central Asia: China’s “New Great Game” in the Old Eurasian Heartland // Palgrave Com­munications. 4 (1) 71, 2018.  Pp. 1-12).

 

Boshqa tadqiqotchilar fikricha, Markaziy Osiyo davlatlari o‘z siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik aloqalarini diversifikatsiya qilishga muvaffaq bo‘lmoqda.

 

Xitoy Rossiyaga  qarshi muvozanat  kuchi bo‘lishi  mumkin edi,   biroq   2001-yilda   Pekin   va Moskva  strategik  sheriklik munosabatini o‘rnatdi. Tahlilchi   Ajay   Patnaik ham shunga yaqin xulosani ilgari suradi: “Xitoy asosiy mintaqaviy mexanizm sifatida ShHTdan ehtiyotkorlik bilan istifoda etmoqda va Rossiyaning Markaziy Osiyodagi manfaatlariga qarshi bormayotir” (Patnaik A. Central Asia: Geopolitics, Security and Stability. Taylor & Francis Group, 2016. Pp. 28-31).

 

2021-yil avgustida Afg‘oniston hokimiyatini “Tolibon” harakati qayta egallagani ma’lum. “Yangi Katta o‘yin” Rossiyaning afyun ishlab chiqarishni tartibga solishdagi manfaatlari, Xitoyning nodir ma’danlar bilan bog‘liq intilishlari, Hindistonning ortib borayotgan roli va G‘arbning ishtibohli ishtiroki asosida kechmoqda”, deb yozadi iste’fodagi admiral Jeyms Stavridis (Stavridis J. Rare earth trillions lure China to Afghanistan’s new Great Game // Nikkei Asia. 21 August 2021).

 

“Katta o‘yin” avj nuqtasiga yetgan XIX asrda Markaziy Osiyo ikki imperiya dona suradigan shaxmat taxtasi sifatida ko‘rilar edi. “Yangi Katta o‘yin” esa ko‘p qutbli raqobat bo‘lib, AQSh, Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Yaponiya va boshqa davlatlar “Yevroosiyo yuragi”ga yo‘l topmoqqa urinayotir. 

 

AQSh

 

Vashingtonning Markaziy Osiyodagi roli epizodik, ammo katta ahamiyatga ega. 2011-yil 11-sentyabr voqealaridan keyin AQSh Afg‘onistondagi amaliyotni qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston (Qarshi-Xonobod, 2001–2005) va Qirg‘izistonda (Manas, 2001–2014) harbiy baza ochdi.

 

AQShning mintaqadagi manfaatlari uch ustuvor maqsad bilan bog‘liqdir: 1) terrorizmga qarshi kurash (Afg‘onistondagi beqarorlikning shimolga yoyilmasligini ta’minlash); 2) geosiyosiy muvozanat (Rossiya – xavfsizlik jabhasida, Xitoy – infratuzilma hamda savdoda yakka hukmron bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik); 3) me’yorlarni ilgari surish (boshqaruv islohotlarini rag‘batlantirish, inson huquqlari va suverenitetni himoya qilish).

 

2015-yilda yo‘lga qo‘yilgan “C5+1” formati AQSh–Markaziy Osiyo muloqotini institutsional darajaga ko‘tarmoqda. Vashington mazkur format orqali Qozog‘iston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘izistonni xavfsizlik, savdo, energetika, texnologiya va boshqa sohalarda muloqotga chorlamoqda.

 

2025-yil 5-iyun kuni Vashingtonda Atlantika kengashi tomonidan o‘tkazilgan ilk AQSh–Markaziy Osiyo forumida o‘ta muhim minerallar masalasi muhokama etildi. Qozog‘iston 20 turdagi muhim mineral, jumladan, dunyo uranining 40 foizini ishlab chiqarayotganini qayd etdi. 2030-yilgacha besh ming kilometr temiryo‘l qurilishi va Kaspiy dengizidagi transport flotini ikki barobarga ko‘paytirish rejasi taqdim etildi. O‘zbekiston ham amaliy harakatga o‘tib, 2025-yil aprel oyida Vashington bilan o‘ta muhim minerallar bo‘yicha anglashuv memorandumi imzoladi.

 

2025-yilning noyabr oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oq uyda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh yetakchilarining “C5+1” formatidagi sammitida ishtirok etdi. O‘zaro munosabatlarda yangi sahifa ochgan mashvaratda doimiy faoliyat yuritadigan Kotibiyatni ta’sis etish, vazirlar darajasida Investitsiyalar va savdo bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish, “Markaziy Osiyo investitsiyaviy sherikligi” jamg‘armasini ochish takliflari ilgari surildi.

 

Faol harakatlarga qaramay, Vashington geografik jihatdan qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Boz ustiga, Rossiya va Xitoy mintaqa davlatlariga kamroq siyosiy shartlar bilan tezkor moliyaviy mablag‘ taklif qilmoqda. Yevropa ham dadil qadamlar tashlamoqda. Jumladan, 2025-yil aprelida Samarqandda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi sammitida Bryussel 13 milliard yevrodan ziyod sarmoya va’da qildi.

 

Prezident Jo Bayden davrida “C5+1 o‘ta muhim minerallar dialogi” va “B5+1 biznes forumi” kabi platformalar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, Donald Tramp ma’muriyati hali yagona mintaqaviy strategiyani taqdim etganicha yo‘q. Markaziy Osiyo rasmiylari AQShning pragmatik, manfaatga asoslangan yondashuvini ijobiy qabul qilgan bo‘lsa-da, oliy darajadagi tashrif yoki rasmiy majburiyatlarning yo‘qligini qayd etish o‘rinlidir. Agar AQSh mintaqada muhim o‘yinchi bo‘lib qolishni istasa, siyosiy munozaralardan amaliy ishga o‘tishi, jumladan, o‘ta muhim minerallar, infratuzilma va savdo yo‘laklari bo‘yicha aniq loyihalarni amalga oshirishi zarur.

 

Rossiya

 

Rossiya tarixan Markaziy Osiyoni o‘z “tomorqasi” deb da’vo qilib kelgan. Endilikda Moskvaning strategiyasi sinovdan o‘tmoqda. Nisbiy pasayishga qaramay, Moskva hali ham ilkida muhim ta’sir vositalarini saqlab qolmoqda. Shulardan biri – energiya manbalaridir. Moskva uzoq muddatli tabiiy gaz yetkazib berish bitimlari hamda narx siyosati orqali mintaqaga o‘z so‘zini o‘tkazishga intiladi. Shu bilan birga, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) orqali iqtisodiy ta’sirini mustahkamlashga urinadi. Biroq Xitoyning “Bir kamar – bir yo‘l” tashabbusi yoki Yevropa Ittifoqining investitsiya dasturlari qarshisida YOIIning jozibadorligi yo‘qoladi.

 

Rossiya Qirg‘iziston va Tojikistonda harbiy bazalarini saqlab qolmoqda. Qolaversa, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) orqali ham muayyan ta’sirga ega. 2022-yil yanvarida KXShT qo‘shinining Qozog‘istonga kiritilishi Rossiyaning harbiy aralashuvga qodir ekanini ko‘rsatdi. Biroq Ukraina urushidan so‘ng Moskva barqarorlashtiruvchi kuch sifatidagi nufuzini boy berdi.

 

Madaniyat va til ham muhim qurolga aylangan. Rus tili mintaqa bo‘ylab umumiy muloqot vositasi sanaladi. Rossiyadagi ko‘p sonli mehnat muhojirlari esa chuqur ijtimoiy-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlamoqda. Migrantlarning pul yubormalari Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikiston uchun hayotiy ahamiyatga ega bo‘lib, Moskvaning “tortish kuchi”ni ham namoyon etadi. Biroq mintaqa yoshlari tobora ko‘proq Yevropa, AQSh, Turkiya, Janubiy Koreyadan imkoniyat izlamoqdaki, bu istiqbolda jiddiy o‘zgarish yasashi shubhasiz.

 

Siyosiy jabhaga kelsak, Kremlning Markaziy Osiyo yuritayotgan ko‘p vektorli diplomatiyaga moslashishi qiyin kechmoqda. Moskva mintaqada “imtiyozli manfaatlari”ni saqlab qolishga urinayotgan bo‘lsa-da, Markaziy Osiyo davlatlari tashqi siyosatda muvozanat o‘rnatishning uddasidan chiqdi. O‘zbekistonning Ukraina urushida betarafligi, Vashington, Pekin va Bryussel bilan faol diplomatiyasi buni yaqqol ko‘rsatadi.

 

Sirasini aytganda, Rossiya “Yangi Katta o‘yin”da mintaqa geosiyosiy kelajagining yagona hakami emas, balki raqobatchilardan biri o‘laroq namoyon bo‘lmoqda.

 

Xitoy

 

Xitoy chorak asr ichida ikkinchi darajali sherik maqomidan “Yangi Katta o‘yin”ning asosiy ishtirokchisiga aylandi. Keng ko‘lamli infratuzilma loyihalari, energetika hamkorligi va siyosiy muloqotni o‘z ichiga olgan strategiya Pekinga misli ko‘rilmagan mavqe va’da etmoqda.

 

Xitoyning Markaziy Osiyo bilan hamkorligi negizini iqtisodiy aloqalar, xususan “Bir kamar – bir yo‘l” tashabbusi tashkil etadi. 2013-yilda ilgari surilgan ushbu tashabbusga ko‘ra, mintaqa muhim tranzit hudud sanaladi. Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temiryo‘l loyihasi Chin o‘lkasining nafaqat transport aloqalarini mustahkamlash, balki mintaqaviy ta’sirini kuchaytirishga ham qodirligini ko‘rsatadi. Xitoy muhim minerallarni qazib olish va qayta ishlash, tabiiy gaz bo‘yicha hamkorlikda ham mustahkam o‘rin egallagan.

 

Osmonosti mamlakati institutlar va diplomatiya orqali ham o‘z rolini kengaytirmoqda. Xitoy–Markaziy Osiyo (C+C5) formati doimiy kotibiyatga ega bo‘lib, mintaqa bilan Moskva yetakchiligidagi tashkilotlardan mustaqil ravishda muloqot olib borish imkonini beradi.

 

Xitoy Rossiya singari harbiy bazaga ega bo‘lmasa-da, ShHT doirasida terrorizmga qarshi kurash va chegara nazorati bo‘yicha hamkorlikni amalga oshirmoqda. Markaziy Osiyo davlatlarida Xitoy kuzatuv texnologiyalari tobora ko‘proq tarqalmoqda, bu orqali Pekin ichki xavfsizlik tizimlari ustidan ta’sir kuchiga ega bo‘lishi mumkin.

 

“Yumshoq kuch” usullari va madaniy aloqalar iqtisodiy, institutsional tashabbuslar bilan baqamti olib borilmoqda. Markaziy Osiyoda ta’lim dasturlari, Konfutsiy institutlari va ommaviy axborot vositalari orqali Xitoyning ijobiy qiyofasi targ‘ib-tashviq qilinmoqda.

 

Xitoyning tobora ortib borayotgan ustunligi, iqtisodiy qaramlik va yerlarni boy berish borasida xavotir ham mavjud. Masalan, Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi muayyan guruhlar Pekinni tanqid qiladi, biroq hukumatlar iqtisodiy manfaatlarni muhofaza etish maqsadida bunday noroziliklarni so‘ndirishga intiladi.

 

Umuman, “Yangi Katta o‘yin” sharoitida Xitoyning Markaziy Osiyodagi rolini chekka qo‘shnidan yirik investor va strategik hamkor darajasiga ko‘tarilish deb tavsiflash mumkin. Moskva va Vashingtondan farqli o‘laroq, Pekinning siyosati izchil ravishda mustahkamlanmoqda.

 

Yevropa Ittifoqi

 

Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoga normativ diplomatiya va selektiv iqtisodiy hamkorlik tamoyillari asosida yondashib, Rossiyaning hukmron siyosati va Xitoyning tajovuzkor strategiyasi o‘rtasida “uchinchi yo‘l”ni taklif etmoqda. Bryussel Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiya (2019) hamda “Global darvoza” (2021) tashabbusi orqali raqamlashtirish, qayta tiklanuvchi energiya va boshqaruv islohotlariga urg‘u bermoqda. So‘nggi yillarda Rossiyani chetlab o‘tuvchi transport yo‘laklari, xususan, Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagiga (O‘rta yo‘lak) investitsiya kiritish faol muhokamada.

 

2025-yilning bahorida Samarqandda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi birinchi sammitida investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va tovar ayirboshlashni ko‘paytirish; innovatsiyalar, “yashil” energetika, tog‘-kon, qishloq xo‘jaligi, transport, logistika va raqamlashtirish sohalarida qo‘shma dasturlarni ilgari surish; madaniyat, turizm, fan, ta’lim va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda faol almashinuvlarni davom ettirishga e’tibor qaratildi.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Bryusselga tashrifi doirasida 2025-yil 24-oktyabr kuni Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi.

 

Mintaqa va YI o‘rtasidagi hamkorlik faollashmoqda. So‘nggi yetti yilda tovar ayirboshlash hajmi bir necha barobar o‘sib, 54 milliard yevroni tashkil etdi. YI yetakchi savdo hamkori va taraqqiyot yo‘lida muhim ko‘makchidir. Shunga qaramay, Bryussel hozircha vazmin siyosati bilan Pekin va Moskvaga xos ko‘lamdorlik va tezkorlikka bo‘ylasha olmayotir.

 

Hindiston

 

Hindistonning Markaziy Osiyodagi faolligi Xitoy va Pokiston ta’siriga qarshilik bilan birga tarixiy-madaniy robitalarga asoslangan. Yangi Dehli ilgari surgan muhim tashabbus – Hindistonni Rossiya va Markaziy Osiyo bilan Eron orqali bog‘laydigan Shimol–Janub xalqaro transport yo‘lagidir (INSTC). Shuningdek, Hindiston Pokistonni chetlab o‘tuvchi yo‘laklarni rivojlantirish maqsadida Chabahar (Eron) portiga sarmoya kiritmoqda.

 

Hindiston ShHTning xavfsizlik tashabbuslarida faol ishtirok etib, terrorizmga qarshi kurash va mintaqaviy barqarorlik g‘oyasini ilgari suradi. Madaniy jabhada esa, Bollivud, ta’lim dasturlari va tibbiy xizmat orqali Markaziy Osiyoda o‘z o‘rnini mustahkamlamoqda. Ammo jug‘rofiy uzilish va Xitoyga nisbatan cheklangan moliyaviy imkoniyat uning salohiyatini susaytiradi.

 

Yaponiya

 

Markaziy Osiyoda global kuchlar o‘rtasidagi raqobat tobora kuchayib borayotgan bir vaqtda Yaponiya sokin, lekin strategik o‘yinchi sifatida maydonga chiqdi. Tokio texnologiyaga tayangan va yumshoq kuch vositalarini qo‘llagan holda o‘z strategiyasini shakllantirmoqda.

 

2025-yil 20-dekabr kuni Tokioda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining davlat rahbarlari darajasidagi birinchi sammiti Kunchiqar o‘lka mintaqada uzoq muddatli strategik manfaatlarini chuqurlashtirishga intilayotganini ko‘rsatdi.

 

Yaponiya iqtisodiy siyosatini sifatli infratuzilma, “yashil” texnologiyalar va inson kapitali rivoji tamoyillariga ko‘ra amalga oshirmoqda. U boshqa tashabbuslardan farqli ravishda, o‘z loyihalarida shaffoflik, ekologik barqarorlik va yuqori sifatga urg‘u beradi. Yaponiya Markaziy Osiyoda energetika tizimini modernizatsiya qilish, transport infratuzilmasini yaxshilash, shuningdek, suv resurslarini boshqarish va ta’lim dasturlarini kengaytirishga intilmoqda.

 

Ayni choqda, geografik masofa, harbiy salohiyatning cheklangani va sarmoya miqdori nisbatan kamligini qayd etish lozim. Ammo Tokio “baland ovoz bilan emas, balki ishonchli natijalar bilan” harakat qilayotgan davlat sifatida mintaqa geosiyosiy muvozanatida o‘ziga xos o‘rin egallamoqda.

 

Xulosa

 

XXI asrda Markaziy Osiyo chinakam ko‘p qutbli maydonga aylandi. Mintaqa davlatlari endilikda shunchaki kuzatuvchilar emas – ular ko‘p yo‘nalishli diplomatiya orqali yirik kuchlar o‘rtasida muvozanatni saqlash, milliy manfaatlarini himoya qilishga intilmoqda. Ayniqsa, O‘zbekiston va Qozog‘iston tashqi siyosatni o‘zaro muvofiqlashtirib, ko‘p yo‘nalishli konsepsiyani amalga tatbiq etmoqda. Geosiyosiy strategiyalar raqobatida mintaqa davlatlari mustaqilligini saqlab qolish hayot-mamot masalasidir.

 

Quvonchbek MAHMUDOV

 

“Tafakkur” jurnali, 2026-yil 1-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

16:04 / 28.04.2026 0 42
Boburning tolesiz nabirasi

Tarix

11:04 / 24.04.2026 0 191
Jarqo‘ton ibodatxonasi jumbog‘i





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//