Sanjay nomi bilan tanilgan qo‘shiqchining shoir Usmon Azim bilan bog‘liq mojarosini ko‘p qatori men ham eshitdim. Dastlab e’tibor qilganim yo‘q. Turli gap-so‘zlar bo‘laveradi, vaqti-soati bilan bosilib ketadi, degan vazmin to‘xtam bilan qaradim.
Voqeani hamma bilsa-da, bot bir eslatay: O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azimning “Baxshiyona” turkumida yozilgan, ulug‘ hofiz Sherali Jo‘rayev tomonidan maromiga yetkazib ijro etilgan “Karvon ko‘rdim” qo‘shig‘ini xonanda Sanjay she’r muallifidan ruxsat olmasdan o‘z yo‘sinida ijro qildi. Kuylaganda ham, milliy boylikka aylangan mazkur qo‘shiqni juda yomon aytib chiqdi. Bu ijro nafaqat qo‘shiq shinavandalarida, balki adabiyot ixlosmandlarida ham noxush taassurot uyg‘otdi. Va O‘zbekiston Mualliflar huquqini himoya qilish agentligi bu ishi uchun Sanjayni sudga berdi. Sud ham adolatli qaror chiqardi: Sanjayga jarima puli to‘lashni belgiladi.
Sanjay esa bu mablag‘ni milliy valyuta o‘zbek so‘mining tangalarida to‘lamoqchi ekanini aytib, ijtimoiy tarmoqlarda maqsadini e’lon qildi.
Voqea shu! Go‘yoki, hammasi qonuniydek!
Biroq, farosati bor kishi sezadiki, Sanjay otasi tengi shoirni masxaralash yo‘lini tutmoqda. Imkoni bo‘lsa, da’vosidan voz kechishini istamoqda. Aks holda, bunday yo‘l tutmasdi.
Menga ta’sir qilgan narsa esa katta bir shoirning she’rini, mashhur qo‘shiqni o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirib olib, tag‘in jarima pulini tangada to‘lashni ma’qul deb bilayotgan Sanjayning xalqqa, jamiyat kishilariga, ayniqsa endigina hayotga kirib kelayotgan yoshlar ongiga salbiy ta’sir qilishini ko‘rib-bilib turib jim turganimizdir.
Axir, Usmon Azim degan nom adabiyotda paydo bo‘lganiga roppa-rosa yarim asr bo‘ldi. O‘tgan davrda benazir iste’dod sohibi adabiyot xirmoniga o‘zining katta ulushini qo‘shdi. Uning she’riyati millat ma’naviy iqlimini yangi yo‘lga burib yubordi. Uning adabiyotga bergan shiddatli turtkisi ko‘plab iste’dodlarning maydonga chiqishida katta rol o‘ynadi. Usmon Azim yaratgan pyesalar necha o‘n yillarki, mana shu xalq farzandlari uchun ma’naviy mayoqdek xizmat qilib kelayotir. Ulug‘ vatandoshlarimiz Hakim at-Termiziy, Amir Temur, Cho‘lpon, Oybek, Akmal Ikromov, Fayzulla Xo‘jayev timsollarining qayta jonlanishi ma’naviy boylik bo‘lmay nima?
Dostoni bor xalq sifatida bizning ko‘ksimizni ko‘tarib turgan Alpomish obrazi aynan shu fidoyi insonning xizmati sababli qaytadan hayotimizga kirib keldi. Alpomishni, milliy g‘ururni qaytarib berdi bu shoir. Uning prozasi esa alohida mavzu.
Xullas, atoqli bir shoirimiz, jahon she’riyatida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan so‘z ustasining she’rini bilganicha kuyga solib, bilganicha talqin qilib, yana tag‘in masxaralashga o‘tgan Sanjayga chora ko‘radigan tashkilotlar nega jim turganiga hayronman.
Mamlakat rahbari qariyb har bir chiqishida MA’NAVIYAT deya bong urayotgan, millat bolalarini ommaviy betamizlikdan asrab qolishga undayotgan bir paytda bu yuzsizlikni qanday baholash kerak?
Qonun hamma uchun barobar! Shunday bo‘lgach, Sanjayning milliy valyutaga hurmatsizligini ham, ma’naviy asoslarga qilgan hurmatsizligini ham qiyoslab o‘rganadigan, javobgarlikka tortadigan qonuniy bandlar nahotki bo‘lmasa...
Achinarlisi, Sanjayning xalq mulkiga aylangan qo‘shiqni tahqirlashga, uni yozgan katta ijod kishisi bilan bellashishga yo‘l qo‘yib berganimizdir. Bu holat bizning taraqqiyotimizdan darak bermasa kerak.
Andishaning nomini qo‘rqoqqa chiqarmaslik kerak. Ba’zilar Usmon aka Sanjayni sudga beribdi, deganda istehzo qilishdi: “Katta shoirga nega kerak bir qo‘shiqchi bilan talashib?” Menga esa bu hodisa Balzakning “XIX asr fransuz yozuvchilariga maktub”ini eslatdi. Balzak shu xati sabab sudda yutib chiqqan va mualliflik huquqi degan qonuniy yorliqqa ega bo‘lgan edi. Bu yerda esa vaziyat sal boshqacha: Usmon Azim moddiy jihatdan boyib qolmoqchi emas, balki saviya, milliy did degan pulga sotib olib bo‘lmaydigan narsani himoya qilayapti. Vaholanki, qo‘shiqchiligimizning ajoyib durdonalariga aylangan yuzlab qo‘shiqlar muallifi bo‘lgan bu shoir biror marta san’atkorlar bilan “sen-men”ga bormagan. Uning bor-yo‘q istagi yaxshi she’rning yomon ijrosining oldini olish! Qolgani sudga, adolatli huquq himoyachilariga havola.
Kim qanday qabul qiladi, bilmayman. Ammo millat o‘z ulug‘larini tanishi, e’zozlashi kerak. Aks holda, oliy maqsadlardan tobora uzoqlashib ketaveramiz. Ustoz shoirni, adabiyotimizning bugungi kundagi tirik bir xazinasini har ko‘ringan kimsa tahqirlashiga indamay qarab turish, bizning ma’naviy inqirozimizdir. Shuni unutmaylik!
Shodmonqul SALOM
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
4 Izohlar
Ma'murjon
12:01 / 01.01.1970
Ustoz Usmon Azim adabiyotimizning chinoriga aylanib ulgurgan ijodkor u insonni qalban hurmat qilaman. Ijod nima o'zi? So'zchi? ana shunday ulug' tushunchani anglagan insonni behurmat qilish bu millatimizning ma'naviyati yemirilib borayotganidan dalolatdir. Nahotki, tegishli tashkilotlar bunga yetarlicha chora ko'rmasa, nima degan gap bu millat ziyolisining ustudan kulish, madaniyat vazirligi qayerga qarayabdi yoki ma'sullarning qo'li qarsakdan bo'shamayabdimi? bugun bunday xunrizlikka quyib bersak shuni bilib quying ertaga hech birimizni millat kechirmaydi.
Nodira
12:01 / 01.01.1970
Usmon Azimga nisbatan bunday munosabat qilinishiga chidab bo'lmaydi! Qonuniy chora, albatta, ko'rilishi kerak!
Шодия
12:01 / 01.01.1970
Устоз Усмон Азим маърифатпарвар инсон. У кишининг ижоди ёшлар маънавияти камолида жуда муҳим ўрин тутади. Санжай (санъаткор дейишга ҳам ҳайронсан) ва унга ўхшаганлар бу фикрлаши, дунёқараши билан ёшлар маънавий дунёсига салбий таъсир ўтказяпти.
Собирали
12:01 / 01.01.1970
Муаллифлик хуқуқи тизими жуда яхши ишга туширилиши керак. Ўнта яхши шеъри қўшиқ бўлган шоир дунёда милярдерлар қаторида бўлиш керак деб ўйлайман. Бизнинг Усмон Азимимиз борлигидан ҳамиша фахрланиб юраман.