Amir Olimxonning so‘nggi kunlari haqida o‘g‘li xotiralari


Saqlash
17:57 / 27.04.2026 63 0

Yurtimizda hukmronlik qilgan xon-u amirlarning hammasi ham kindik qoni to‘kilgan tuproqqa dafn etilmagan. Xususan, Buxoro amirlarining ko‘pchiligiga so‘nggi manzil  Buxoro tuprog‘i bo‘lmagan.

 

Buxoroning so‘nggi amiri Sayid Olimxon amirlik qulatilgach Afg‘onistonga ketishga majbur bo‘ladi. 23 yil muhojirlikda yashagan Amir Olimxon hayotining so‘nggi yillarida og‘ir xastalikka chalinib, Vatanni qo‘msab, yig‘layverganidan ko‘zi ojiz bo‘lib qoladi. U 1944-yilning 28-aprel (ayrim manbalarda 29, 30-aprel kunlari), 63 yoshida farzandlari qurshovida Afg‘onistonda vafot etadi va Kobuldagi Shahidoni islom (islom shahidlari) qabristonida[1] dafn etiladi. Vafoti oldidan Olimxon “Ey Buxoro, sening uchun tug‘ildim, Sening uchun yashayman va Sening yoding bilan jon beraman. Salom senga Buxoro” so‘zlarini aytib, omonatini topshirgan.

 

Sayid Olimxon “Tarixi huzn al-milali Buxoro” (“Buxoro xalqi (millati) qayg‘usi tarixi”) nomli asar yozgan. Mazkur kitob general Hoji Yusuf Muqimboy sa’y-harakati va g‘amxo‘rligi bilan Parijda Mozon Navdar nashriyotida fors tilida chop etilgan. Kitobning uchinchi bo‘limida Amir Abdulahadxon va Olimxonning tarjimayi hollari qisqacha bayon etilgan.

 

 

Tarixi huzn al-milali Buxoro” xotiralariga yakun yasagan misralardan uning Vatani oldida qarzdorligi va ajnabiy, g‘ayridinlarga yurtini boy bergani uchun o‘zini doim gunohkor his etganini sezish mumkin:

 

Har ki xonad duo tama doram,

Zi onki man bandaiy gunohkoram.

 

Tarjimasi:

 

O‘qigandan duo ta’madorman,

Chunki men bandayi gunohkorman.

 

Amir hayotining so‘nggi kunlarini Qobuldan 11 km uzoqlikda joylashgan Qal’ai Fatu bog‘ida[2] kechirdi. Fatu (Fatux) qal’asiga qadar Kobuldagi birinchi qarorgohi Husayn Kaft bog‘ida yashagan, ko‘p o‘tmay Hoshimxon bog‘iga, so‘ngra Murodbek qal’asiga ko‘chirilgan[3]. Amir muhojirlikda ham bir necha bor uylanib, uning xorijda 37 farzandi, jumladan, 16 nafar o‘g‘li va 21 nafar qizi bo‘lgan.

 

Amir Olimxonning hayoti qanday yakun topmasin, ta’ziya marosimlari hukmdorlarni dafn etish tartib-tamoyillari asosida o‘tkazilgan.

 

Amirning dafn marosimi haqida uning Turkiyaning G‘oziantep shahrida yashayotgan o‘g‘illaridan biri Abdulkabir Azimiy quyidagilarni aytgan: “Qiblagohim 1944-yilda Kobulda olamdan o‘tdilar. O‘shanda men 13-14 yoshlarda edim. Menga: “Bolalarga qara, janoza paytida tashqariga chiqib, baqir-chaqir qilishmasin”, deb topshiriq berdilar. Haramdan tashqarida katta hovli bo‘lar edi. O‘sha yerda qorilar yig‘ilib, Qur’on tilovat qilishardi. Otamni yuvib, o‘rab, bir xonaga yotqizib qo‘yishgandi. Ayollari chiqib ketgach, biz farzandlari saf tortib, birma-bir kirib, otamning qo‘llari va oyoqlarini o‘pib chiqdik. Otamning bosh vaziri Hoshimxon va yana bir qancha amaldorlar u yerda saf tortib turishardi. Padarimizni olib chiqishayotganda meni bir narsa hayratga soldi. Yig‘lamagan odamning o‘zi qolmagandi. Janozaga hattoki Buxoro yahudiylari ham kelishgandi. Ular shunchalar ko‘z yosh qilishar ediki, men ko‘rib ko‘zimga ishonmasdim. Odamlardan biri ulardan: “Siz nimaga yig‘laysiz?” – deb so‘raganida, ular: “Axir u bizning podshohimiz edi”, deb javob qaytarishgandi. O‘sha kuni Afg‘onistonda bayroqlar yarim tushirildi, hatto ba’zi elchixonalar bayroqlari yarim tushirilgandi”[4]. Aytishlaricha, hatto Rusiya bayrog‘i yarim tushirilib, elchixonada qizil chiroqlar yoqilgan ekan.

 

 

Olimxonning vafoti Afg‘onistondagi bosma ommaviy axborot vositalarining ham e’tiborini jalb qilib, hayrat va qayg‘uga sabab bo‘lgan edi. O‘sha davr gazetalarida sobiq Buxoro amirining vafoti haqidagi xabarlar e’lon qilingan. “Anis” va “Isloh” gazetalarining asosiy sarlavhalari va ruknlari mazkur voqeaga bag‘ishlangan. Xabar quyidagi mazmunda ommaga e’lon qilingandi: “Sobiq Buxoro shohi Hazrat Olimxon Afg‘onistonda 23 yil yashadi va 63 yoshida qon bosimi ko‘tarilib, miyaga qon quyilishi oqibatida vafot etdi. Ushbu fojiali voqea munosabati bilan marhumning ortida qolganlariga hamdardlik bildiramiz. Afg‘on davlati ham o‘z maktubida qayg‘uda ekanligini bildiradi. Dafn marosimi rasmiy marosim o‘laroq o‘tkaziladi. Uning janozasi Iydgoh masjidida o‘qiladi va Shuhadoyi solihin qabristonida dafn etiladi”[5].

 

Dafn marosimida ko‘plab davlat amaldorlari qatnashgan bo‘lsa-da, ertasi kuni afg‘on amiri Zohirshox Qal’ai Fatuga kelib amirning yaqinlariga hamdardlik bildiradi. Afg‘on rahbari ta’ziya uchun hamda marhum oilasiga nima kerak bo‘lsa, barchasini yetkazadi.

 

Sobiq amirning farzandlari hukmdor otasining motam marosimini katta dabdaba bilan o‘tkazadi. Uning jasadini ko‘mish marosimida Afg‘on hukumatining deyarli barcha a’zolari ishtirok etadi. Janozaga Angliya, Eron, Turkiya, Farangiston (Fransiya) davlatlarining ministrlari tashrif buyuradi. Afg‘oniston shohi qirq kun davomida qabriga Qur’on tilovat qildirib, xudoyi berdi. Olimxon Amirlarga xos izzat-ikrom bilan dafn etiladi. Marhumning Afg‘onistonda tug‘ilgan to‘rt o‘g‘li Kobulda nashr etiladigan “Islom” ro‘znomasi orqali Afg‘on hukumatiga padari buzrukvorlarining xotirasini e’zozlaganliklari uchun minnatdorchilik izhor etadi.

 

Sayid Olimxon vafotidan oldin tutqinlikdan chiqish, erkinlik uzra parvoz qilish, hayot go‘zalliklaridan erkin bahra olishni xohlagan. Umrining so‘nggi yillari og‘ir kasal holatidagi sobiq hukmdor Afg‘onistonda tug‘ilgan o‘g‘illaridan uni avtomobilga o‘tqazib, Kobul bo‘ylab sayrga chiqarishni talab qilgan. Olimxon o‘z qarorgohidan chiqarilmay, diqqinafas bo‘lib qolgan edi. Uning farzandlari Afg‘oniston bosh vaziri Sadr A’zamga ariza bilan murojaat qilib, bundan sayohatlarga ruxsat so‘ragan. Sho‘ro hukumatiga amirni uy qamog‘ida ushlab turishga va’da bergan afg‘on hukumati, afsuski, bu talabni qondirmaydi. Shuningdek, amir Olimxon muhojirlikda Vatanini qattiq qo‘msaydi, sog‘inadi. Yillar o‘tgach u bir necha marotaba Sovet hukumati rahbarlariga Ona Vatani Buxoroni yana bir bor ko‘rish va hajga borish uchun afg‘on hukumatidan ruxsat so‘rab, rasmiy murojaatnoma yozadi. Ammo bu borada ham ijobiy javob olmaydi. Hatto Olimxon va uning oila a’zolariga afg‘on fuqarolari kabi kimlik hujjati berilmagan. Buning sababi boshqa mamlakatlarga chiqishlariga yo‘l qo‘ymaslik edi. Amir Olimxonga mavjud sharoit ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan ta’sir ko‘rsatgan.

 

 

Sayid Olimxonning Afg‘onistonda tug‘ilgan 8-o‘g‘li Said Abdul Kabir Azimiy Olimiy so‘nggi kunlarini shunday xotirlaydi: “Hayotlarining so‘nggi damlarida otamning ko‘zlari ojizlashib qolgan edi. Gazeta xabarlarini u kishiga akalarim o‘qib berishar edi. Oxiriga borib, fikrlari ham muhtallashadi, farzandlaridan uni Buxoroga olib borishlarini so‘ragan ekanlar. Shunda ikki navkari ularni ko‘tarib, katta hovlining bir burchagiga olib borishadi-da, mana, Buxorodasiz, deyishadi. O‘shanda otam: Tovuslar haliyam bormikan?”, deb so‘ragan ekanlar.

 

Ahvollari og‘irlashgach, shunday degandilar: “O‘lim – haq. Lekin sizga bir narsani eslatib qo‘yay. Vaqti kelib, Vatan ozod bo‘ladi. Buxoro ozod bo‘ladi. Otam o‘zini Shuhadoi Solihin mozoriga omonat ko‘mishlarini va Buxoro ozod bo‘lgach, tuproqlarini yana vatanlariga qaytarishlarini so‘ragan edilar. Ularning asosiy vasiyatlari shu edi. Otam, shuningdek, ularning ortidan ergashgan buxoroliklarning qadriga yetishimizni vasiyat qilgan edilar.

 

Amir dafn etilgan ziyoratxonaga kiradigan chiroyli koshinkor darvoza tepasiga sangtarosh Mullo Abdurayim G‘azg‘oniy tomonidan toshga yozilgan marsiya hozirgacha yaxshi saqlanib turibdi (marsiyani Amir Abdulahadxonning saroy shoiri Mirzo Xayit Sabho yozgan bo‘lishi mumkin).

 

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining katta ilmiy xodimi Shohniyoz Muso o‘g‘li bir necha yil Afg‘oniston diyorida bo‘lib, vatanga qaytgan. Safar chog‘ida 1973-yilning iyun oxirida Amir Olimxonning qabrini ziyorat qilgan. Kobul shahri tevaragidagi “Shahidoni islom” (“Islom shahidlari”) qabristonidagi Amir maqbarasi qabrtoshidan ushbu so‘zlarni o‘qigan:

 

“Bu qabr sohibi alam-sitamga to‘la amir bo‘lmish va saltanat surmish zoti oliyning bir kaft tuprog‘idan xotira bo‘lib, bu kishi Buxoroyi sharifdagi mang‘itlar sulolasining oxirgi saodatpanoh podshohlaridan edilar. Ya’ni bu janob Allohning mag‘firatiga sazovor bo‘lgan Amir Said Olimxon ibn marxum Amir Sayyid Abdulahadxon ibn Amir Muzaffarxon ibn Amir Sayyid Nasrullaxon ibn Amir Haydarxon ibn Amir Shohmurod – bu kishi ma’sum G‘oziy laqabi bilan ham mashhur ibn Amir Doniyolxondurlar. Bul marhumning Buxoroyi sharifda amirlik saltanatining o‘ninchi yilida rus kofirlari tomonidan Buxoroyi sharif bosqinchilik bilan istilo kilingach, fisabililloh muhojir sifatida ko‘shni yurt bo‘lgan Afg‘onistonda panoh topgan edilar. Oradan yigirma uch yil o‘tgach, 64 yil umr ko‘rib, bu islom mamlakati yerida 1323-shamsiy yili savr (aprel oyi – Sh.B.)ning beshinchi shanbasi kuni va hijriy qamariyga muvofik 1363-yili jumodil avval oyining beshinchisida (1944-yil 28-aprel kuni) bu foniy dunyodan ko‘z yumdilar[6].

 

 

Amir Olimxonning Kobul (Afg‘oniston) shahridagi Shuhado (shahidlar) qabristonidagi maqbarasi oldidagi oq marmar qabrtoshidagi yozuvda yana quyidagi matnni o‘qish mumkin:

 

“Allohummag‘firli. Oromgohi marhum Imomqulbek ibn Haqqulbek ibn Usmonbek. Dar soli 1276-shamsiy dar guzari Oq masjid shahri Buxoroyi Sharif chashm ba dunyo kushod. Dar soli 1299 ba ma’iyati podshohi Buxoro Amir Olimxon az vatani xud hijrat kardaand. Ba’d az zuhri chorshanbe 19-javzo 1350-shamsiy ba umri 74 solagi jahonro vido‘ va shahdi ajalro chashid. Va ba’d az zuhri panjshanbe dar dili xok ba Shuhadoyi Solihin supurda shud. Qolu inna lillahi va inna ilayhi rojiun.

In xoki tiyra zi bandi bandam judo kunad,

Har kas bar xokam nishinad bar man duo kunad”.

 

Buxoro amirlarining vafoti munosabati bilan marsiyalar, marhumga bag‘ishlovlar, aza baytlari ko‘plab yozilgan. Aza va motam marosimi kunlarida amirlarning farzandlari otalarini marhum va mag‘fur padarim [7] deb eslab, qayg‘u chekishgan. Marsiyalar hatto go‘yandalar (ta’ziyada odamlarni yig‘latuvchilar) tomonidan maromiga yetkazilib ijro etilgan. Fig‘oni falakka chiqarib aytilgan marhum haqidagi misralar barchaning yuragini dardga to‘ldirgan.

 

Buxoro xon-u amirlarining qismati, yakuniy taqdiri turlicha kechgan. Taqdirning hukmiga hech kim qarshilik ko‘rsata olmaganidek, hukmdorlar Vatanda, ayrimlari yurtdan olisda vafot etishgan. Amir Olimxon musofirlikda aytgan quyidagi so‘zlari Vatandan bo‘lak muqaddas joy yo‘qligiga ishoradir:

 

“Amiri be Vatan zoru xakir ast.

Gado gar dar Vatan mirad – amir ast!”

 

Ma’nosi:

 

“Bevatan amir xor-u faqirdir,

Gado gar o‘z Vatanida bo‘lsa – Amirdir…”

 

1783-yildan 1920-yilgacha hukm surgan Buxoro mang‘it amirlari saltanatiga Amir Olimxon hukmronlik davrida nuqta qo‘yildi. Davlat mustamlakachilarga boy berildi. Olimxon nafaqat mamlakat, toj-u taxtdan ayrildi, balki hatto muqaddas Buxoro bag‘rida yotish ham nasib etmadi. Shu armon bilan boqiy dunyoga ketdi. Ona Vatanini ko‘rmoq uning farzandlariga nasib etdi.

 

 

Hukmdorlarni dafn etish bilan bog‘liq an’analar nafaqat siyosiy jarayonlar tarixi, balki davr ijtimoiy hayoti, ma’naviy muhitini o‘rganishga yordam beradi. Saroy va xalq o‘rtasidagi munosabatlar, ijtimoiy toifalar va siyosiy guruhlarning o‘zaro kurashlar masalasini atroflicha ochish imkonini yaratadi.

 

Umuman olganda, hukmdorlarni dafn qilish an’anasi ma’lum qoida va tartiblarga ega bo‘lgan. Xon va amirlarning dafn etilishi bilan bog‘liq an’analar tarixiy davrning diniy, ma’rifiy, hatto harbiy jarayonlarini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega.

 

Shavkat BOBOJONOV,

Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros

ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim mudiri,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent



[1] Kobuldagi ushbu qabriston “Shuhado”, “Shuadoyi Solihin” nomlari bilan ham yuritiladi.

[2] Amirning Afg‘onistonda yashagan manzili, uning uchun ajratilan bog‘ va qal’a Fatux, Fotux, Futut, Futux nomlari bilan tilga olinadi.

[3] Hayitov Sh., Rahmonov K., Ahmadov O. Buxoro va Buxoriylarning jahoniy shuhrati. – Toshkent: Navro‘z, 2020. – B.72.

[4] Amir Said Olimxon shaxsiyati //bukhari.uz.2024-yil, 15-aprel. 

[5] Nurettin Hatunhog`lu. Buhâra emirliği’nin son hükümdari Âlim han’in Afganistan’da ölümü ve sonrasinda yaşanan gelişmeler // 3. Uluslararası Sosyal Bilimler Kongresi. Asya Araştırmaları Dergisi | Sayı: 2 / Cilt: 2. – Buhara, 2018. – S.134.

[6] Sayyid Olimxon. Buxoro xalqining hasrati tarixi. – Toshkent: Fan, 1991. – B.31.

[7] O‘sha joyda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

11:04 / 24.04.2026 0 170
Jarqo‘ton ibodatxonasi jumbog‘i





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//