Uch marta joniga qasd qilgan “falonchining nevarasi”, sinfdoshlarining masxarasi sabab oʻzini koʻprikdan tashlagan oʻquvchi va ishsiz muallimni oʻlimdan asrab qolgan qizaloq – suitsidning 5 sababi


Saqlash
23:25 / 23.05.2022 1829 0

Dunyoda har 40 soniyada bitta suitsid sodir boʻladi. Bir yilda 700-800 ming odam oʻz joniga qasd qilishdan vafot etadi. Bu raqam yuzminglab urinishlarning “muvaffaqiyatli” yakunlangan yigirmadan bir qismi, xolos. Suitsid oila va jamiyat hayotiga jiddiy taʼsir qiladigan, marhumning yaqinlari uchun uzoq muddatli salbiy oqibatlarni yetaklab keladigan fojiadir. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) maʼlumotlariga koʻra, 2019-yili 15–19 yosh oraligʻidagi oʻlimlarning har toʻrtinchi sababi oʻzini oʻldirish boʻlgan.

 

Oʻz joniga qasd qilish holati dunyoning barcha mintaqalariga xos. Faqat yuqori daromadli mamlakatlarda emas, balki rivojlanayotgan va qashshoq davlatlarda ham koʻp uchraydi. 2019-yili suitsidning 77 foizdan ortigʻi aholisining daromadi past va oʻrta boʻlgan oʻlkalarga toʻgʻri kelgan. Bu borada Grenlandiya (100 ming aholi soniga 82,3) eng yuqori oʻrinni egallagan, mintaqamizdan Rossiya 4-oʻrinda (26,5), Qozogʻiston 8-oʻrinda (22,8) qayd etilgan. Antireytingda Oʻzbekiston 114-oʻrinda turgani (7,4) yurtimizdagi maʼnaviy muhitning ijobiy koʻrsatkichlaridan sanaladi.

 

Ijtimoiy muammolarning aks sadosi boʻlishi mumkin

 

Statistik maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda suitsid 2015-yili 100 ming aholiga 7,64 nafar toʻgʻri kelgan boʻlsa, 2020-yili 6,11 nafarga kamaygan. Biroq keyingi paytda oʻz joniga qasd qilish holatlarining namoyishkorona sodir etilayotgani barchamizni xavotirga solishi, ogoh boʻlishga undashi kerak: metropolitenda yurib kelayotgan poyezd ostiga oʻzini tashlagan erkak, Xalqaro hamkorlik markazi binosidan “tushib ketgan” yigit, erining tahqirlariga chidolmay oʻzini osgan kelin, yotoqxonaning 4-qavatidan oʻzini tashlab yuborgan talaba qiz... Bunday fojiali yakunlangan taqdirlar yuzasidan tergov qanday xulosaga kelishidan qatʼi nazar, jamiyat uchun xavf qoʻngʻirogʻi chalinib boʻldi.

 

Namoyishkorona suitsidlar butun dunyoda insonlarga, ijtimoiy hayotga, jamiyatda mavjud mezonlarga qarshi oshkora norozilik ifodasi deb qabul qilinadi... va vaziyatni oʻnglash maqsadida tezda chora-tadbirlar, qarorlar ishlab chiqiladi. Yaponiyada 1998-yili suitsidlar soni 32 mingdan oshib ketadi va oʻn yildan ortiq vaqt davomida shu koʻrsatkich saqlanib qoladi. Mamlakat bu borada dunyo yetakchilaridan biriga aylanadi. Sabab esa iqtisodiy tizimda turgʻunlik kuzatilgani, ishsizlik darajasi keskin ortgani, pulsizlik va hatto qashshoqlik xavfi paydo boʻlgani edi.

 

Yaponiyada “Oʻz joniga qasd qilishga qarshi kurashish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qonun chiqarilib, suitsid butun jamiyat uchun muammo deb eʼlon qilindi. Keng koʻlamli chora-tadbirlar koʻrilib, ruhiy salomatlikni targʻib etish, kredit olib, qarzga botgan kishilarga yordam berish va oʻzini oʻldirganlarning oila aʼzolariga yordam koʻrsatish boshlandi. Natijada 2012-yili salbiy koʻrsatkich 30 mingga yetmadi va yildan-yilga raqamlar pasayishda davom etdi. Shu maʼnoda har bir suitsidning sabablarini roʻy-rost oʻrganib, kerakli xulosalarni chiqarish nafaqat insonlar hayotini asrab qoladi, balki jamiyat hayoti yaxshilanishiga ham olib keladi.

 

Oʻsmirlar oʻlimining eng keng tarqalgan sababi

 

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti eksperti Valentina Baltagning taʼkidlashicha, oʻsmirlar oʻlimi boshqa yosh guruhlariga qaraganda nisbatan kam uchraydi, ammo shulardan ham aksariyatining oldini olish mumkin. Doktor eng keng tarqalgan sabablarni sanab oʻtgan: “Birinchi oʻrinda depressiya va suitsid turadi, keyin OIV, soʻng zoʻravonlik va yoʻl-transport hodisasida qurbon boʻlish”. Uning soʻzlariga koʻra, ruhiy kasalliklarning 80 foizi oʻsmirlik davrida boshlanadi va shundan yarmi 14 yoshga toʻlmagan oʻspirinlarda kuzatiladi.

 

AQSHda suitsidning oldini olish koʻnikmalari maktab oʻquv dasturiga kiritilgan. Bolalar bilan bevosita ish olib borilib, quyidagi tamoyillar oʻrgatiladi:

 

- tengdoshlarning muammolariga eʼtiborli boʻlish;

- qiyin ahvoldagi odamga hamdardlik koʻrsatish;

- muammo bilan yolgʻiz qolmaslik, balki bu haqda kattalarga aytish.

 

Ushbu tamoyillar “muammoni erta aniqlash” va “erta yordam soʻrash”ga xizmat qiladi. Nafaqat bolalik davrida, balki suitsidga harakatlar eng koʻp kuzatiladigan oʻsmirlikda, shuningdek, butun hayot davomida ruhiy salomatlikni saqlashga yordam beradi.

 

Bolalar suitsidiga asosan ota-onalar aybdor

 

Maqolani yozish davomida Andijon viloyatida 2022-yilning dastlabki uch oyida 10 nafar voyaga yetmagan yoshlar oʻz joniga qasd qilgani haqidagi xabar tarqaldi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari oʻzlari yashayotgan viloyatda raqamlar bundan ham koʻproq boʻlishi mumkinligi haqida izoh qoldira boshladi. Mavzu yuzasidan oʻtkazilgan soʻrovda esa 200 ga yaqin kishi hayoti davomida bir marta boʻlsa ham suitsidga urinib koʻrgani va bu holat asosan oʻsmirlik davrida, oʻquvchilik yillarida yuz berganini esladi.

 

E.S.: Hayotim davomida bir emas, bir necha marta oʻz jonimga qasd qilganman. Eng dahshati, birortasiniyam hech kim sezmagan. Hammasi oʻsmirlik krizisi bilan bogʻliq edi. Sababi... Ota-onam ziyoli, butun urugʻ-aymogʻimiz ham. Ne mashaqqatlar bilan qoʻlga kiritgan yutuqlarimni boricha, xuddi shunday boʻlishi kerakdek qabul qilishgan. Buvim men bilan faxrlanib, birovga maqtasalar ham, hamma “Falonchaning nevarasi-da”, “Falonchaning qizi-da”, derdi.

 

Men esa mehnatlarim evaziga erishganlarimni oʻzimniki sifatida eʼtirof etishlarini bolalarcha xohlaganman. Bu dunyoda borligimni his qilishlarini istaganman. Goʻyoki oʻlib qolsam, ismim bilan aytishadi, falonchaning falonchasi deyishmaydi, deganman. Eng qizigʻi, har gal jonimga qasd qilganimda men olamshumul hisoblagan jin urgur muammolar ham oʻz-oʻzidan hal boʻlib ketavergan. Sal ulgʻayganimda esa kuchli afsus hissini tuyganman. Keyinchalik yorim, farzandlarim bilan baxtli yashayotganimda shu ichganlarim endi taʼsir qilmasaydi, deb qoʻrqqanman.

 

Z.E.: Qoʻshnimizning 1982-yili tugʻilgan juda chiroyli, odobli qizi bor edi. Maktabni tamomlash arafasida esdalik daftar tutib yurgan. Shavkatxon aya ismli farzand koʻrmagan, yoshi katta oʻqituvchimiz boʻlardi. Bolasizligiga xuddiki oʻquvchilar sababday doim qoʻpol munosabat qilardi. Anketa shu muallimning qoʻliga tushib qolib, qizni direktor xonasiga olib borib, hammaning oldida uyaltirgan. Otasini chaqirtirib, “Qizingiz ersirab yuribdi”, deb qoʻliga anketani tutqazgan. Erkak esa uyiga kelib, “Qizingga tarbiya berolmading, meni sharmanda qildi”, deb xotinini doʻpposlagan. Ona esa qizini urgan. Ertasiga ota-ona koʻchaga ish bilan chiqishgan. Farzandini xafa qilib qoʻyishganidan afsuslanib, sovgʻa-salomlar bilan uyga qaytishsa, uni jonsiz holda topishgan. Bir boʻy qiz ota-onasining qattiqqoʻlligi, oʻqituvchisining berahmligi sabab oʻz joniga qasd qilgan.

 

T.A.: 1994–1995-yillari kolxoz raisi yerlarni sotgan, boshqa talon-torojliklar ham qilgan, lekin ish ochilganda hamma ayb brigadir amakimning boʻyniga tushgan. Mol-holni sotib toʻlayman desa, xotini qoʻymagan. Jigarlardan qarz ololmagan. Begonadan yordam soʻrashga iymangan. Sababi, mustaqillikning ilk yillari hech kimga oson boʻlmagan. Axiyri uyda ov miltigʻi bilan oʻzini otib qoʻygan... Dadam namozlarida Allohdan akasining gunohlarini kechirishni soʻrardilar.

 

Z.M.: Dugonamning opasiga qaynonasi kun bermas, eri ham tahqirlar ekan. Ota-onasinikiga qaytib borsa, “Nima boʻlsang ham, oʻsha uyda boʻl”, deb qaytarib yuboraverishgan. “Mening hech kimga keragim yoʻq”, deb, hamma narsalarini toʻplab, oʻt qoʻygan, oʻzini esa shiftga osgan.

 

D.T.: Bir qizning semizligi uchun sinfdoshlari doim ustidan kulib kelgan. Oʻsha qiz koʻprikdan oʻzini tashlab halok boʻlgan.

 

B.M.: Ammamning oʻgʻli 18 yoshida oʻzini osib qoʻygandi. Ammam erining xiyonati sabab ajrashgach, vaqt oʻtib, boshqaga turmushga chiqib, homilador boʻlgan. Oʻgʻli buni bilgach, odamlardan uyalishini aytib, farzand tugʻilishiga qarshilik koʻrsatgan. Ertasi kuni ammam Toshkentga kelganida, oʻgʻli oʻz joniga qasd qilgan.

 

M.N.: Ziyoli, mehribon ota-onam bor. Lekin oʻsmirlik krizisi, tashqi taʼsirlar, kursdoshlarim sabab suitsidga uringanman. Lekin keyin oʻlmay qolish hissi va afsus qiynagan. Juda yomon edi: yaraning bitishi, jismoniy ogʻriqlar, ruhiy azoblar...

 

Sh.Sh.: Pasportimni yoʻqotib qoʻyganimda shunday boʻlgan. Uyimdagilarga aytishga qoʻrqib, koʻp dori ichib yuborgandim. Keyin kinolardagiday yigitim sovgʻa qilgan gulni qoʻlimga ushlab yotganman. Ertasiga karaxt boʻlib uygʻonganman. Uyimdagilar “Buni jin chalgan”, deb eshonga oʻqitishgan. “Qon chiqarib” tashlashgan, koʻp xoʻrozlarning boshiga yetib. Dadam jinnixonada ishlaydigan tanishining yonigayam olib borgan...

 

Javoblarni oʻqirkansiz, suitsidga yetaklaydigan asosiy sabablar yolgʻizlik, yaqinlari tomonidan qabul qilinmaslik, biror kamchiligi tufayli doimiy masxaralanish, ota-onasi bilan yaqin emaslik va hatto ulardan qoʻrqish... ekaniga guvoh boʻlasiz. Ilmiy adabiyotlarda oʻsmirlar orasida oʻz joniga qasd qilishga olib boruvchi bir necha omil alohida sanab koʻrsatiladi:

 

- oiladagi kelishmovchiliklar;

- ota-ona bilan muloqotning yoʻqligi;

- ota-onaning ajrashishi;

- jismoniy yoki jinsiy zoʻravonlik;

- kambagʻallik yoki oʻta boylik, uchinchi shaxs bilan solishtirishlar.

 

Yana, internetga haddan tashqari bogʻlanib qolish, suitsidga undovchi maqolalarni koʻp oʻqish yoki videolar tomosha qilish, oʻzini oʻldirib “mashhur” boʻlib ketgan tengdoshlariga oʻxshash istagi (aslida eʼtibor xohlash) sabab ham shunday qaltis qadam tashlanishi mumkin. Shu bois psixologlar ota-onalarga farzandlari bilan doimiy muloqot qilish, ular bilan doʻst tutinishni, atrofdagilarga befarq qaramaslikni, muammolari haqida gaplashadigan insoni boʻlishni tavsiya etishadi.

 

Oʻz joniga qasd qilishning oldini olish mumkin(mi?)

 

Suitsid barcha dinlarda qoralanadi. Ayniqsa, shariatimizda insonning oʻz joniga qasd qilishi gunohi azim hisoblanadi. Bu haqda Qurʼoni karimda shunday deyilgan: “Oʻzlaringizni oʻldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm-shafqatlidir” (Niso surasi, 29-oyat). Maʼlumotlarga koʻra, aholisi musulmon davlatlar (Saudiya Arabistoni, BAA, Quvayt, Bahrayn va boshqalar), shuningdek, Janubiy Yevropa mamlakatlari (Italiya, Ispaniya, Gretsiya)da suitsid kam kuzatilishi din omili bilan ham bogʻliqligi taʼkidlanadi.

 

Suitsidga qaror qilgan kishilar bu haqida kim bilandir suhbatlashganidan soʻng qaltis harakatdan toʻxtaganini aytishadi. 164 kishining jonini qutqarib qolgan Don Ritchi Sidney yaqinidagi Tasman dengizi sohilida, “hayot bilan hisob-kitob qilish” bobida mashhur qoya yonida yashaydi. U sayohatga kelganlar orasida oʻzini oʻldirmoqchi boʻlgan insonlarni darrov payqagan. Ularni bir piyola choyga taklif etib, dildan suhbatlashgan. Koʻngil yorishiga, yuragini boʻshatib olishiga imkon bergan. Shu tariqa koʻplab kishilar hayotini saqlab qolgan.

 

“Yaxshigina ishlab turgan joyimdan bir kunda haydashdi. Rahbarning tanishiga oʻrnim kerak boʻlgan ekan. Yoshim ellikdan oshgan. Bu yoshda hadeganda ish topilavermaydi. Ayniqsa, oʻquv yili oʻrtasida maktablarda yangi oʻqituvchiga ehtiyoj boʻlmaydi. Turmush oʻrtogʻim vafotidan keyin farzandlarim bilan ham uzoqlashib ketgandik. Pulim tugagan, qarzga botgandim, qizlarimga aytgim kelmasdi ahvolimni. Xullas, hech kimga kerak emasdim, – deya eslaydi ismi sir qolishini istagan suhbatdoshimiz. – Shunday vaziyatda negadir oʻzimni oʻldirish xayoli paydo boʻldi. Qancha urinmay, undan qutula olmadim. Bir dunyo dorini olib, ichishga chogʻlanib turarkanman, eshik qoʻngʻirogʻi jiringlab qoldi. Ochsam, qoʻlida kosa koʻtargan notanish qizaloq. Yangi koʻchib kelgan qoʻshnimiz ovqat chiqargan ekan. Idishni boʻshatib bergunimcha tinmasdan vijir-vijir qilardi. Bolalarcha shirinzabon savollariga javob qaytarish asnosida ichimda nimadir oʻzgara boshlaganini his qildim. Qizaloq chiqib ketganida esa koʻnglim ancha yorishgan, suitsid xayoli butkul tark etgan edi.

 

Haqiqatan ham, hayotda yakkalanib qolish, shaxsiy muammolar girdobidan chiqolmaslik, kambagʻallik va ijtimoiy tengsizlik kuchayib ketishi jamiyatda suitsid xavfini oshirib yuboradi. Mamlakatdagi islohotlar ravishida, ijtimoiy jarayonlarda ayni shu holatni ham hisobga olish zarur boʻladi. Shuningdek, har birimiz yon-atrofdagi yordam soʻrayotgan – asabiylashayotgan, baqirayotgan, odatdagidan farqli qaysarlik qilayotgan yoki jim boʻlib qolgan, bizdan sababsiz uzoqlashayotgan, qarzga botgan, ishsiz va koʻmaksiz qolgan insonlarning “faryod”ini eshita bilishimiz va unga jiddiy munosabatda boʻlishimiz zarur.

 

Feruza XAYRULLAYEVA

 

oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23706
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//