Avvalo shu daraxtni ekkan odamga rahmat aytishim kerak. Mi Jung Jang bilan shu yerda tanishganmiz. U to‘kilgan o‘riklarni terayotgan paytda qizimning o‘rik yegisi kelib, yo‘lni daraxt soyasiga burdik. Kolyaskadagi chaqalog‘imni asta joylashtirib meva terishga shaylanmasimdan ko‘zlari qisiqqina, nim tabassumli bir ayol tergan mevalarini biz tomon uzatdi. Kiyinish uslubini hisobga olmaganda bir qarashda o‘zimizning vohalik ayollarga o‘xshab ketadi. Unga “spasibo” dedim bir dona o‘rikni qizimga berib. O‘zing uchun olmading-ku, degandek qo‘yarda-qo‘ymay yana meva berdi. Rus tilida aytgan “rahmat, yetadi, kerak emas” kabi so‘zlarimga javob ololmagach, inglizcha aytdim. Shunda u qiziq qilib “ramaat” ya’ni, “rahmat”, dedi jilmayib.
O‘zbekchani endi o‘rganayotgan Mi Jung xonim bilan goh inglizcha, goh o‘zbekcha, goh imo-ishoralar bilan “umuminsoniy” tilda gaplashdik. “Yurtingizga kelishimdan avval tanishlarim menga ingliz yoki rus tilini o‘rganishimni maslahat berishdi. Chunki Koreyada boshqa tillarda adabiyotlar yetarli, ammo o‘zbek-koreys tili bo‘yicha kitoblar topish juda mushkul, deyarli yo‘q desa ham bo‘ladi. To‘g‘ri, bu yerda rus, ingliz tilini biladigan insonlar, ayniqsa, yoshlar juda ko‘p ekan, ammo men o‘zbekistonliklarga hurmat yuzasidan o‘zbek tilini o‘rganishga kirishdim”, – deydi u.
Uyga qaytib internetdagi ma’lumotlarni qarab bildim-ki, o‘zbek tilini o‘rgatish borasida ma’lumotlar maqtanadigan holda emas. Keyin qo‘limdan kelgancha o‘zim o‘rgatishga harakat qildim. Shunday qilib kunora suhbatlarimiz davom etdi. Bir kuni uni uyimga taklif qildim. Mo‘jazgina kitob javonimizni ko‘rgan Mi Jung xonim shunday hayratlandi-ki, unga kitoblar sovg‘a qilmoqchiligimni bilib hayrati battar oshdi. Dastlab o‘zimning kaftdekkina birinchi kitobimni, keyin kattaroq adabiyotlarni, adabiy-badiiy jurnallarni ko‘rsatdim. U esa keyingi safar olishini aytib jurnallarni uyimda qoldirdi. “Avval shu kitobni o‘qib, sizga imtihon topshirib, keyin boshqa kitobni o‘qiyman”, deganiga hayron qoldim, rosti. Tayyor kitoblar olamiga tushib qolsang-u, kaftdekkina kitob bilan cheklansang. Ha, ularda odat shunday ekan, ular kitob yig‘ishdan ko‘ra ko‘proq o‘qishga qiziqarkan. O‘sha kundan boshlab men ham yarmida to‘xtab qolgan kitoblarimni o‘qishga kirishdim...
“Asal oyimiz O‘zbekistonda maroqli o‘tyapti...”
“Qish g‘amini yozda ye” degan xalqimizning dono naqliga amal qilib kompot yopayotsam, telefonimga xonimdan xabar keldi. Ko‘rishgani vaqtim yo‘qligiga ishora qilib telegramdan birin-ketin yopilgan kompotlarning suratini jo‘natdim. Oradan bir soatlar o‘tib koreyscha ovqat va o‘rikli murabbo solingan paket eshigim oldida turibdi. “Sizni bezovta qilmay, ovqat siz va bolalaringiz uchun yetarli, menimcha. Bu bizning milliy taomimiz kimbap, sizga yoqadi degan umiddaman”, degan xabar qoldiribdi. Undan darhol ortga qaytishini iltimos qilib men ham sovg‘a berib, qayta bunday ovora bo‘lmasligini ta’kidladim. “Siz menga qimmatbaho sovg‘a – kitob berdingiz, evaziga tergan o‘riklarimni qoldiray, desam, ko‘nmadingiz. Bugun ularni murabbo qilib keldim. Siz mehribon insonsiz, bolalar bilan oson emas shuncha ish”, – deya qo‘shimcha qildi. Eh, Mi Jung xonim, men-ku shaharda yashayman, hamma sharoit muhayyo, qishloqdagi o‘zbek ayollarining mehnatkashligini ko‘rmapsiz, dedim ichimda.
Mi Jung xonimning aytishicha, uning turmush o‘rtog‘i janob Si Chan Park avtomobillarning yangi ko‘rinishlarini yaratadigan dizayner ekan. U yurtimizga shartnoma asosida ishga taklif qilinib, hozirda “UzAutoMotors” kompaniyasi bilan hamkorlikda yangi loyihalar ustida ishlayapti ekan. Mi Jung esa aniq fanlar sohasida o‘qigan bo‘lsa ham, ijodni his qiladi, turmush o‘rtog‘ini yaxshi tushunadi, qo‘llab-quvvatlaydi.
Yetti yillik muhabbat qissalari shiringina to‘yga ulanib o‘tgan yili 3- dekabrda nikohdan o‘tishibdi. Xonim 50, janob 52 yoshda. Dugonamning aytishicha, Koreyada erta turmush yoshi 30-35, normal turmush tarzi 40 dan yuqori hisoblanar ekan. U menga nikoh marosimlarini zavq bilan ko‘rsatayotgan payt kelin-kuyovning onalari milliy libosda ekani e’tiborimni tortdi. Samimiy, ortiqcha dabdabasiz kiyimlar shunday yarashganki, asti qo‘yaverasiz. Kuyov bo‘lmish to‘ydan roppa-rosa bir hafta, Mi Jung esa ikki oy o‘tib O‘zbekistonga kelibdi. “Asal oyimiz O‘zbekistonda juda maroqli o‘tyapti. Koreya kichik mamlakat, o‘qish, ishlash qiyin, shuning uchun tushkunlik kayfiyati yuqori. Masalan, ilk ko‘rishganimizdayoq meni uyingizga taklif qildingiz. Ishonch uchun rahmat, ammo bizda unday emas. Qolaversa, turmush o‘rtog‘ingiz bilan ham tanishtirdingiz. Oilangizga yaqin inson sifatida ko‘rganingiz uchun tashakkur. Ha, aytgancha, turmush o‘rtog‘ingiz chiroyli ekan”, – deydi kulib suhbatlarimizning birida.
“Har kuni Koreyaga borib qaytaman...”
Mi Jung, yurtingizni sog‘inmadingizmi degan savolimga ko‘zida bir quvonch, bir ichkin sog‘inch to‘la yosh aylanib: “Ha, ayniqsa, kecha,– dedi. – Bilasizmi nima uchun, chunki Mejiksiti (“Magic city”)dagi asosiy favvorani yoqishgan paytda koreyscha musiqa yangradi. Yana aynan men yoqtiradigan klassik musiqalardan. U paytdagi holatimni tasvirlab berolmayman, lekin bolaligim, onam, singillarim ko‘z oldimdan o‘tdi. Shuning uchun u yerga har kuni borishni maqsad qildim, ammo endi yig‘lamaslikka harakat qilaman”.
Biz, odatda, bolalar maydonchasida ko‘rishamiz. U kelishi bilan bayram boshlanadi go‘yo. Tanigan-tanimagan bolalarning hammasiga shokolad ulashgani uchun bolalar ham qo‘llarini silkitib “Hello” deb hayqirib, yosh qizchalar Mi Jung xonimni sayyoh deb o‘ylab savollar berishadi. Bir kuni undan mashhur zamonaviy musiqiy guruhlar haqida so‘rashganda, xonim, asosan, klassik qo‘shiqlar tinglashi, ammo hozir ular so‘ragan guruhlarni internetdan topib berishini aytganda, qizchalar tabassum bilan koreyscha ierogliflarga termulishdi. Mana, bir zumda musiqa ham topilib, hamma birga qo‘shiq kuylashga tushdi. Avval yoqtirmaydigan qo‘shiqchilarini endi maroq bilan tinglayotgan Mi Jungning ko‘zlariga boqib Vatan sog‘inchini payqash qiyin emas. “Men ham sizlarning qo‘shiqlaringizni bilaman, “Yor-yor”, “Kelin salom”. Chunki o‘zbekcha to‘yga taklif qilishdi. Andijonga bordik. Kuzda Samarqand, Buxoro va Xivaga borishni rejalashtirdik. Umuman, yurtingiz go‘zal”, – deydi u boshini egib-egib.
Shunday qilib, u kuzda sayohatga chiqishni rejalashtirgan bo‘lsa, men mevali daraxt ekishni dilimga tugib qo‘ydim.
“Pamkin somsa...”
U sayohatlarga borib keldi. Goh Buxoroning qadim ko‘chalaridan, goh Xivaning azim minorlaridan, qo‘shiqlaridan gap ochib lazgining bir ikki muqomlarini ham o‘rganib olib ko‘rsatib bersa, goh mazali taomlaridan to‘yib yeganini so‘zlab berardi. Uning so‘zlarini miriqib tinglash chog‘ida bora-bora talaffuzidagi kamchiliklar kamayganini sezib quvonaman. Bilishimcha, unga “pamkin” (oshqovoq somsa) yoqqan ko‘rinadi, unga tayyorlab berishga va’da berib, o‘zbekchada “qovoq somsa”, deyilishiga ishora qildim. U esa tilimizga katta hurmatsizlik qilganlikda o‘zini aybdor sanab boshini egib-egib qayta-qayta uzr so‘raydi. Men unga hammasi joyida ekanligini aytib jilmayaman. Shunday qilib qovoq somsa tugishga kirishib ketamiz. U ham bizga yordamlashdi, anchagina somsalarni paqqos tushirdik. Bizning do‘stligimizga e’tiqodlarimiz, millatimiz farqli ekanligi ahamiyatli emas edi.
“Shohsanam, o‘rikni sog‘inaman”, deb qoldi gap orasida. “O‘, tuppa-tuzuk shoira bo‘lib ketasiz-ov yaqinda, qarang obrazli chiqyapti gaplaringiz”, deyman uni ilhomlantirish uchun.
Uning safari yakuniga yetayotganini sezib, yuragim sel bo‘ladi. Uni Koreyaga qo‘yib yuborgim kelmadi. Kinodagi mashhur iboraday, uni hamma yaxshi ko‘radi, men, bolalarim, qo‘shnilarim...
Qo‘shni ayollar koreys ayollarining yosh ko‘rinish sirlarini bilmoqchi bo‘lib men nomini eshitib-eshitmagan turli kosmetik bo‘yoqlar borasida gapga solishadi. U esa oddiy tarvuz po‘chog‘idan yuz uchun 4-5 xil tabiiy kremlar tayyorlashni o‘rgatadi. “Ibi, tayyor qimmat kosmetiklarni mol-qo‘ylarga, musor chelakka tashlar ekanmizda, qaranglar...” deb yoqa ushlashadi mahalladagi ayollar. Xullas, uning millati koreys, yuragi o‘zbekka aylangan edi.
Uyimiz yonidagi suv havzasida sayrga chiqarkanman, o‘sha o‘rikni har ko‘rganimda Mi Jung xonimning so‘zlari, samimiy xotiralar yodimga tushaveradi...
Shohsanam NISHONOVA
Tarix
Tarix
Jarayon
Jarayon
Tarix
Adabiyot
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Til
Tarix
//
Izoh yo‘q