Ma’naviyat
(II qism)
Manbalarda Muhammadalixon taxtga o‘tirganida necha yoshda bo‘lgani haqidagi ma’lumotlar turlicha: o‘n ikki yoshdan o‘n olti yoshgacha chegarada ko‘rsatiladi. Jumladan, “Muntaxab at-tavorix” muallifi Muhammadalixon ukasi Abdullohxonni Toshkentdan “chaqirib olib, o‘n gulidan bir guli ochilmagan ul amirzodani o‘z qo‘li bilan shahid qildi” deb xabar beradida, “O‘shanda Muhammadalixon modaning hukumatiga ikki yil to‘lib, yoshi o‘n to‘rt-o‘n besh orasida edi” deb yozadi (Muntaxab at-tavorix. –B. 478-479). Avvalo, o‘n to‘rt yoshli o‘smirning inisini “o‘z qo‘li bilan” qatl qilishi kishida unga nisbatan nafratgina emas, ozgina bo‘lsin shubha, ishonchsizlik ham uyg‘otsa kerak?! Ikkinchisi, keltirilgan parchadan Muhammadalixon taxtga o‘tirgan vaqtida o‘n ikki-o‘n uch yosh orasida bo‘lgan, degan fikr kelib chiqadi. Agar shunday bo‘lsa, o‘n ikki-o‘n uch yoshli o‘smir hali otasining “motam marosimlari tugab-tugamay marhum Mansurxojaning beva qolgan xotini Oybibishga uylandi” (Muntaxab at-tavorix. –B. 456) degan ma’lumotga qay darajada ishonchli deb qarash mumkin? Muhammadalixon taxtga o‘tiriboq ko‘ngliga kelganki, noma’qulni qilaveradigan darajada mustaqil bo‘lmagani, aksincha, onasi va atrofidagi nufuzli amirlar nazoratida bo‘lgani e’tiborga olinsa, bu ma’lumot shubha uyg‘otishi tabiiy, bizningcha. Muhammadhakimxon nazdida esa bu holat nafaqat tabiiy, balki unda hikmat ham ko‘riladi: “o‘sha vaqtdayoq, misra’: Sole ki nako‘st az bahorash paydost (Yilning qanday kelishi bahoridan ma’lum bo‘lur) deganlaridek, uning barcha qilajak ishlari ayon bo‘la boshladi” (Muntaxab at-tavorix. –B. 456). Ayblash istagi shunchalar kuchliki, muallif “Muhammadalixon moda hukumat o‘rindig‘iga o‘tirgach, Farg‘ona mamlakati yumushlarini hurmat-e’tiborli amirlarga to‘shirib, o‘zini o‘yin-kulgi, aysh-u ishrat ishlari uchun tayyorladi” (Muntaxab at-tavorix. –B. 462) deya yozg‘iradi. Holbuki, Muhammadhakimxon aytmoqchi endigina o‘n ikki yoshdan oshgan Muhammadalixon uchun “xonlik qilish”ning o‘zi hali o‘yin emasmi?! Boz ustiga, hali yurt so‘rashdan zerikiblar ham ketmagan, hali hokimiyat jilovini rostmana qo‘lga olmagan ham bo‘lsa?! Yozuvchi qarshisida ham shu savollar ko‘ndalang bo‘lgan chog‘i, xonning yoshini biroz kattaroq qilib oladi: “Madalixon podshohlikka ko‘tarilganida, ko‘p bo‘lsa 15 yoshlar bo‘lgandir. Fasih Hakimxon-to‘raga ishonadigan bo‘lsang undan ham yosh” (Ismoil A. Jinlar bazmi yoxud katta o‘yin. –T.: Akademnashr, 2017. –B. 145).
“Muntaxab at-tavorix”da Muhammadalixon “doimo qaysi yo‘l bilan hazrat subxona va taoloning g‘azabini chiqarsam ekan va qay tariqa payg‘ambar sallalohi alayhissalom aytganlariga xilof ish tutsam ekan” (Muntaxab at-tavorix. –B. 628) degan o‘yda yuradigan odam o‘laroq gavdalanadi. Ya’ni, muallif Muhammadalixonni ongli tarzda, qasddan – Alloh g‘azabini keltirish uchun gunohi kabiralarga qo‘l urayotgan qip-qizil kofir sifatida talqin qiladi. Musulmon odamni kofir deb e’lon qilish uchun esa, tabiiyki, juda kuchli – hech bir e’tirozga, ayblanuvchini oqlamoq uchun zarracha imkon qoldirmaydigan, eshitganki odam “astag‘furullo” deya yoqasini ushlaydigan ayblov kerak. Otasining nikohida bo‘lgan ayolga uylandi degan ayblov esa shunga har jihatdan mos. Shuning uchun ham “Muntaxab at-tavorix”da Muhammadalixon shahvoniy xirsga berilgan, xirsini qondirish yo‘lida hech qanday taqiqu andishani pisand qilmaydigan odam sifatida talqin qilinadi. Buni ta’kidlamoq uchun, jumladan, mana bu ma’lumot qayd etiladi: “… sayidlik panohi Mahmudxonning bir chiroyli xotini bor edi. Sayidlik panohining vafotidan so‘ng amir Umarxon unga oshiq bo‘lib, o‘z nikohiga kiritgan <…> to‘rtta xos xotinidan biri shu ayol edi <…> Amir Umarxon vafotidan so‘ng Muhammadalixon moda o‘gay onasi Xonposhsho bilan yashirincha o‘ynashlik qilishdan tashqari go‘zallikda mislsiz o‘sha ayolga ham tegajoqlik qilib, ilashgani-ilashgan va Umarxon o‘lgach, o‘ynash xotin o‘rnida haramida olib qolgan edi”. Ko‘ryapmizki, “Muntaxab at-tavorix”ga ko‘ra, Muhammadalixon bir emas, ikkita o‘gay onasi bilan g‘ayri mashru’ aloqada bo‘lgan. Haramdagi buzilish shu darajadaki, ikkinchi marta bir-biriga kundosh bo‘lib qolgan “ikki ona-xotin la’nati er-farzand bilan bo‘za ichib o‘tirishadi”, ittifoqo oralarida janjal chiqib, Muhammadalixon Xonposhshoning tarafini oladi va ikkinchisini ayovsiz chopib, boshini tanasidan judo qiladi (Muntaxab at-tavorix. –B. 630-631) Tabiiy savol tug‘iladi: nahotki eli musulmon yurtni so‘rab turgan xon haramida shunchalik tubanlikka izn berilsa? Axir, xonning onasi Mohlaroyim, atrofida diyonatli amirlar ham bor edilar-ku?! Nahotki ular holatni isloh qilish tadbirini qilmasalar?! Buning ustiga, Muhammadalixon yurt so‘rashni amirlariga topshirib qo‘ygan bo‘lsa?! Qolaversa, haramda hukm surgan bunday buzuqilik tashqariga – elga oshkor bo‘lishi va junbishga kelgan olomon kuchini, yuqorida ham aytdik, kimlarningdir o‘z foydasiga ishlatishi muqarrar emasmidi?! Chamasi, shu kabi andishalar Abdulhamid Ismoilning ham ko‘ngliga kelgan ko‘rinadi, Muhammadhakimxon talqinini asariga sirtdan qaraganda “juz’iy” tahrir bilan kiritadi. Jumladan, romanda tasvirlanishicha, ona-xotinlarning kichigi Zubayda kattasi Oyxonposhshaga dardini to‘kayotgani ustiga kelib qolgan Muhammadalixon “Sir ochadigan hali senmi?” deya jahl otiga minadi va ayolni ayovsiz chopib tashlaydi. Ya’ni, “Muntaxab at-tavorix”da ayni ma’lumot haramning fahshga botganini ta’kidlashga xizmat qilgan bo‘lsa, bunda Muhammadalixonning zolimligi-yu shafqatsizligi urg‘ulanadi.
Muhammadhakimxon talqinidagi Muhammadalixon, ta’bir joiz bo‘lsa, Freydni ham lol qilgudek darajada. “Muntaxab at-tavorix”ni o‘qish asnosi gohi hatto shunday o‘y ham keladiki, “Mabodo Freyd shu asarni o‘qigan bo‘lsa edi, fanda “Edip kompleksi” istilohi o‘rnida “Madalixon kompleksi” atamasi ommalashgan bo‘larmidi?” Axir, undagi talqinga ko‘ra, Madalixon otasining nikohida bo‘lgan bir emas, ikkita ayolga tajovuz qilyapti, Edip sho‘rlik bilmaslik orqasida sodir etgan gunohga u qasddan qo‘l uryapti! Nima balo, Freyd aytmoqchi, u ham kasalmi? Otasi bilan musobaqalashyaptimi? Unday desak, mana bu ma’lumotchi: “… amir Umarxonning Baxodirxoja ismli dasturxonchisi bo‘lib, uning xotini Muhammadalixon modani ko‘kragidan sut berib boqqan onasi edi… o‘sha zaifa husn-u jamolda tengsiz ayol edi. Muhammadalixon moda insof diyonat degan narsani butunlay yig‘ishtirib qo‘yib, ko‘kragidan sut emgan onasi tomon shahvat qo‘lini cho‘zdi va yashirincha niyatini hosil qilib yurdi” (Muntaxab at-tavorix. –B. 633-634). Ya’ni, xonning bu ishida ham Qur’on taqiqini buzish, kufr yaqqol ko‘zga tashlanadiki, avvalgi ma’lumotlarga qo‘shilib u ham Muhammadalixonni insonlik qiyofasini butkul yo‘qotgan bir maxluq o‘laroq taqdim etishga xizmat qiladi. Xullas, ushbu ma’lumotlarni kitob muallifi aniq maqsad bilan – Muhammadalixon kofir bo‘lgan, unga qarshi yurish qilib “tuxmini quritgan” Amir Nasrullo shar’iy nuqtayi nazardan to‘g‘ri va adolatli ish qilgan degan fikrni o‘tkazish uchun, shunga ishontirish uchun keltirayotgani, bizningcha, haqiqatga ko‘proq yaqin ko‘rinadi.
Tarixlarda Muhammadalixon ismiga aksar “g‘oziy” sifati qo‘shib zikr qilinadi. Jumladan, Ibrat “Tarixi Farg‘ona”da Muhammadalixon haqida “Jahongirxo‘ja g‘alabasida bul kishi ham Koshg‘arg‘a Xitoy ilan g‘azot qilmoq bo‘lub borub, Gulbog‘ degan mavze’da Xitoy ilan muhoraba qilib, g‘oziylik laqabiga sodiq bo‘lubdurki, Xo‘qand xonlaridan mundan bo‘lak hech kishi kuffor ilan muhoraba qilmay, g‘oziylik laqabiga noil o‘lmag‘on ekan” (Ibrat. Tarixi Farg‘ona. –B. 13) deb yozadi. “Muntaxab at-tavorix”da esa Muhammadalixon “g‘oziy” unvoniga mutlaqo noloyiq, u shunchaki tarixiy voqealar oqimining qulay kelib qolgani, aniqrog‘i, Jahongirxo‘janing iltifoti tufayligina bu unvonga ega bo‘ldi, degan fikrni o‘tkazishga harakat kuzatiladi. Avvalo, buning ham tashviqiy maqsadga xizmat qilishini ta’kidlash zarur. Zero, maqtulning “g‘oziy” unvoni beradigan obro‘-e’tibordan mahrum etilishi qotilni oqlash, hech bo‘lmasa, gunohini yengillatishga xizmat qiladi. Muhammadhakimxon talqini bunday: Qoshg‘ar mulkining qonuniy vorisi bo‘lmish Jahongirxo‘ja xonning ruxsatisiz – qochib borgani holda Qoshg‘ar taxtini egallaydi va hukm sura boshlaydi. Buni eshitgan Muhamadalixon yuragida “baxillik tuyg‘usi jo‘sh urdi va ketma-ket sayyidlik panohi huzuriga yaqinlashish maqsadida elchilar yubordi. Sayyidlik panohi ham so‘zamol elchilar orqali “biz Gulbog‘ g‘oziyligini Siz uchun qoldirdik, agar kelsangiz, birgalashib ul qal’ani Xudoi taolodan tilab olamiz” deb yubordi” (Muntaxab at-tavorix. –B. 482). Ko‘rinadiki, Jahongirxo‘ja go‘yo xonga marhamat qilayotir, ya’ni qal’ani o‘zi ham olib qo‘yardi-yu, unga ilinayotgan kabi. Albatta, bu tafsilot “g‘oziy” sifatiga biroz soya soladi, biroq yuqoridagi maqsadga yetish uchun buning o‘zi kamlik qiladi, shu bois davomida o‘qiymiz: “Muhammadalixon g‘azot so‘zini eshitgach, toldek titray boshladi. Uning tabiatini yaxshi bilgan nadimlar “eshitishimizcha, Gulbog‘ qal’asida oltun yombularga to‘la bir nechta xazina bor emish, agar siz borsangiz, qal’a sal harakat bilan fath bo‘lg‘usidir. Shunda xazinaning bari Sizning qo‘lingizga tushadi” deyishdi. Muhammadalixon yombu so‘zini eshitgach, nomuborak maymun kabi ishshayib kuldi. Vaqtni o‘tkazmay, Farg‘ona lashkarini olib, o‘sha taraf sari yo‘lga tushdi” (Muntaxab at-tavorix. –B. 482). Ya’ni, Muhammadalixon aslo Qoshg‘arni kofirlardan ozod qilish – g‘azot maqsadida emas, qo‘lga kiritilajak “oltin yombular” ilinjida yurish qilgan bo‘lib chiqadi. Qizig‘i, tarixnavis bu holatni o‘zi bevosita guvohi bo‘lgan, o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan kabi taqdim etayotir (“toldek titray boshladi”, “maymun kabi ishshayib kuldi”), holbuki bu vaqtda u o‘zga yurtlarda darbadar kezib yurgan edi. Bu hol o‘ziga ham ma’qul emas ko‘ringan chog‘i, Jahongirxo‘janing hukumatdorlik shavkati va davlati haqidagi ma’lumotlarni Sultonxonxo‘ja eshon tilidan beradi. Fikrimizcha, Jahongirxo‘janing Qoshg‘arga yetib borgan Muhammadalixonga iltifotsiz qaragani, faqat Sultonxo‘ja xo‘jai kalon va Bahodirxo‘jalar elchi qilib yuborilgach, sayyidlar “hurmatidan ot ustida turib ko‘rishish”ga rozi bo‘lgani haqidagi ma’lumotning manshai ham shu kishi bo‘lsa, ehtimol. Holbuki, “Jahongirxo‘ja dargohining Movarounnahrning barcha hokimlarini bir yerga to‘plaganda ham uning bor-yo‘g‘i bitta xizmatchisi o‘rniga o‘ta olmaydigan darajadagi hashamat va shavkatli ekanini ko‘rganman” deyishidan Sultonxonxo‘ja eshonning mubolag‘aga moyilligi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Sirasi, u zot keltirgan boshqa ma’lumotlar ham shunga o‘xshash – ishtibohni quvvatlaydi. Bas, ularni, Abdulla Qodiriy aytmoqchi, “mantiq andozasi”ga solib ko‘rmasdanoq ayni haqiqat sanash to‘g‘ri bo‘larmikan?! Bo‘lib ham, bundan tamom o‘zgacha talqinlar ham mavjud bo‘lsa?!
Xususan, “Anjum at-tavorix”dagi talqinga ko‘ra, Jahongirxo‘ja Qoshg‘arni qo‘lga olgach, xitoyliklar “juda metin, mudofaasi uchun kerakli zahira va asboblar bilan yaxshi ta’minlangan” Gulbog‘ qal’asiga kirib yashirinadilar. Bu qal’ani egallay olmagach, Jahongirxo‘ja Madalixondan yordam so‘rab, Qoshg‘arning bir necha ulug‘larini “qimmatbaho hadya va tansuqotlar” bilan elchi qilib yuboradi. Xonga yozilgan xatida Jahongirxo‘ja “a’lo hazrat Chin hukumatdorlari bilan bo‘lgan ahdnoma”ga rioya qilib Qoshg‘ar musulmonlari murojaatiga javob berolmagani sababli “ijozatsiz bu tomonlarga harakat qilgani” uchun uzrxohlik qiladi va lashkar yuborib bu viloyatni xitoylardan tozalab, “Farg‘ona mulkiga qo‘shib olasiz” deya umid bildiradi. E’tibor berilsa, Jahongirxo‘janing xonga munosabatida mensimaslikdan asar ham yo‘qligi, aksincha, uning qulluq izhor qilib turganini ko‘rish qiyin emas (Xudoyorxonzoda. Anjum at-tavorix. –T.: Fan va texnologiya, 2015. –B. 247).
Ma’lum bo‘lyaptiki, bitta voqeaning ikkita manbadagi talqini bir-biriga tamoman zid kelayotir. Tabiiyki, bu o‘rinda ulardan birini haqqoniy deb hukm chiqarish g‘oyat mushkul. Shunga qaramay, “Muntaxab at-tavorix”dagi talqinda subyektivlik ta’siri ko‘proqligini hisobga olish zarur. Zero, unda, bir tomondan muallifning Muhammadalixonga nisbatan shaxsiy adovati, ikkinchi yoqdan uning xojagon toifasiga mansubligi va shu guruh manfaatiga yon bosgani bo‘rtiq ko‘rinadi. Jumladan, Jahongirxo‘janing Qoshg‘arni xitoylardan ozod qilishdagi xizmatlarini bo‘rttirib ko‘rsatgani holda Muhammadalixonning “g‘oziy”ligini inkor qilishga intilishida bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadigan darajada. Albatta, “Anjum at-tavorix” muallifi Xudoyorxonzoda ham o‘zi mansub minglar sulolasi sha’nini himoya qilishi tabiiy emasmi, deya e’tiroz qilishi mumkin. Shunday, biroq uning loaqal ifodada xolis bo‘lib qolayotganini ham inkor qilib bo‘lmaydi.
***
“Muntaxab at-tavorix”da mantiqan bir-biriga yopishmaydigan, ba’zan zid keladigan talaygina holatlar kuzatiladiki, Muhammadalixonga bo‘lgan nafrati muallifning bularni o‘tkazib yuborishiga sabab bo‘lgan ko‘rinadi. Bunga amin bo‘lmoq uchun quyidagi nuqtalarga diqqat qilish kifoya:
Birinchi. Muhammadalixonning “onasini o‘ynash qilib olgani” xabarini Muhammadhakimxon Misrda ekanida farg‘onalik musofirlardan eshitadi (Muntaxab at-tavorix. –B. 565), bu taxminan Muhammadalixon xonligining ikkinchi-uchinchi yillariga to‘g‘ri keladi. Yuqorida keltirilgan Xonposhshaning kundoshini chopib tashlashi, “ikki fohisha qo‘liga Farg‘ona mamlakati ustidan inon-ixtiyorni to‘la topshirib qo‘yishi”, emizgan onasiga uylangani kabi ma’lumotlar esa Sulton Mahmudxonning ixroj qilingani haqida yoza turib bayon qilinadi, ya’ni bu voqealar Muhammadalixon davrining yettinchi-sakkizinchi yillariga qadar sodir bo‘lib o‘tgan. Ushbu ma’lumotlar zikridan so‘ng Muhammadalixonning “bu kabi hayot tarzi (haqidagi gaplar – D.Q.) olam o‘lkalari bo‘ylab yoyilgani” ta’kidlanadi (Muntaxab at-tavorix. –B. 634).
Ikkinchi. Muhammadalixonning Xonposhshani rasman nikohiga olish qaroriga kelgani va bu yo‘ldagi harakatlari bayon qilinadida, mana bunday xulosalanadi: “shu gaplar bilan o‘zining o‘gay onasini xotin qilib oldi va bu xabar faqat Farg‘ona viloyatlari bo‘ylab emas, balki yer yuziga yoyildi. <…> Ul ikki mal’un <…> bir necha muddat birga yashab, ul ikki nopokdan <…> uch nafar “maqto” farzand dunyoga keldi” (Muntaxab at-tavorix. –B. 644).
Uchinchi. Kitobda yozilishicha, “Bu xabardan (ya’ni, Muhammadalixon Xonposhshaga uylanganidan – D.Q.) faqir va ko‘zlar nuri Sulton Mahmudxon xabar topgach, manqalga tushgan isiriq kabi chirsillab yona boshladik”. Bular ikkovlashib eshon Shofe’i huzuriga boradilar, u zot voqea tafsilotini eshitib, “qalbida ahmadiy dini g‘ayrati jo‘sh urib” g‘oyat darg‘azab bo‘ladilar va ularni “qarab ko‘rib indamay turganlar qatorida kofir bo‘lish” xavfidan ogohlantiradilar. “Sulton Mahmudxon hazrat eshondan bu so‘zni eshitib, darhol Muhammadalixonga qarshi xudo yo‘lida kurashish uchun belini mahkam bog‘laydi” va u zotning maslahati bilan Amir Nasrullohga xat yozadi (Muntaxab at-tavorix. –B. 645). Ko‘rib turganimizdek, bu o‘rinda gap Amir Nasrulloning Qo‘qonga yurishi uchun zamin hozirlagan xat haqida borayotir, bu voqea 1839-yilga taalluqli. Kitobda mazkur voqea tafsilotlari ilgariroq – Amir Nasrullo tarixi bayon qilingan boblarda ham berilgan bo‘lib, biroz farqlanadi: xabarni ziyofat ustida Qo‘qondan kelgan mehmondan eshitadilar, eshitguvchilar birdaniga yonmaydilar, eshon huzuriga ham ertasi kuni, bafurja boradilar. Mehmon Muhammadalixon “o‘gay onasidan bir o‘g‘illi bo‘libdi, ul maqto bolaning otini Bahromxon qo‘ydi” deb, hozirda xon katta to‘y berayotgani xabarini keltiradi (Muntaxab at-tavorix. –B. 154).
Yuqoridagi uchta bandda keltirgan tafsilotlar bilan tanishgan ziyrak o‘quvchida ayrim savollar tug‘ilishi tabiiy, shularni qayd etamiz:
1. Agar Muhammadalixon qilgan iflosliklar haqidagi gap-so‘zlar xat yozilganidan o‘n-o‘n ikki yillar avval “olam o‘lkalari bo‘ylab yoyilgan” bo‘lsa, nega o‘shandayoq bularning “qalbida ahmadiy dini g‘ayrati jo‘sh urmadi?” Yo ular xon o‘gay onasi bilan g‘ayrimashruh aloqada bo‘laverishi mumkin, faqat buni qonuniylashtirishi mumkin emas, deb hisoblashadimi? Agar shunday bo‘lsa, ular iymonlari sustligiga o‘zlari guvohlik bergan bo‘lmaydilarmi? Agar maqsadlari islom dini va shariat himoyasi bo‘lsa, nega shuncha vaqt jim turdilar? Demak, maqsad boshqa ekanda?!
2. Sulton Mahmudxon eshonning so‘zlaridan so‘ng “Muhammadalixonga qarshi xudo yo‘lida kurashish uchun belini mahkam bog‘lagan” ekan, oradan bir yil o‘tmasdanoq nega u akasi bilan yarashdi, u bilan ittifoq qilib kechagi homiysiga qarshi urushga kirdi? Muhammadhakimxonning xabar berishicha, u akasining “Toshkand va butun Dashti qipchoq hamda Qurama, Xo‘jand, G‘urumsaroy Sulton Mahmudxonniki”, qolgani menga taalluqli bo‘ladi, ikkalamiz “birgalikda Farg‘ona viloyatida hukmronlik qilaveramiz” (Muntaxab at-tavorix. –B. 653) degan taklifga aldandi. Demak, nima bo‘lganda ham, ularning orasidagi ziddiyat aslo g‘oyaviy asosda, ya’ni xudo yo‘lida emas, balki hamma gap yana odatdagi hokimiyat talashishga borib taqalar ekan.
3. Agar Muhammadalixon o‘gay onasini xotin qilib ma’lum muddat birga yashagan va uchta farzand ko‘rgan bo‘lsa, orada hech bo‘lmasa to‘rt-besh yil o‘tishi kerak. Holbuki, muallif Muhammadalixon Xonposhshani xotin qilib olganini eshitiboq “yona boshladik” deb yozadi. Nahotki shuncha vaqt davomida Qo‘qonda ularga buning xabarini yetkazuvchi odam topilmagan bo‘lsa? Axir, hozirchasiga aytsak, ular – muxolifatdagi kuch, bir qulog‘i Qo‘qon xonligida bo‘lishi kerak emasmi?! Mabodo chindan eshitmagan bo‘lsalar, unda bu gapning “faqat Farg‘ona viloyatlari bo‘ylab emas, balki yer yuziga yoyildi” deyilgani g‘irt yolg‘on bo‘lib chiqadi. Demak, Amir Nasrulloga yo‘llangan xat Qo‘qondan mazkur xabarni eshitiboq emas, balki siyosiy maqsadlar uchun kerak bo‘lgan vaqtda bitilgan, deyilsa to‘g‘riroq bo‘ladi.
***
Darvoqe, “Muntaxab at-tavorix”ni sinchiklab mutolaa qilgan ziyrak o‘quvchining “Muhammadhakimxonda ozroq lofga, qo‘shib-chatishga moyillik borga o‘xshaydimi?!” degan andishaga borib qolish ehtimoli katta. Muallif xudparastlik kasaliga yo‘liqqan, garchi gapni doim “faqir” deb boshlasa-da, mudom o‘zini juda katta nufuzga molik shaxs qilib ko‘rsatish payida: qaerga bormasin, o‘sha yerning ulug‘lari – hokimlar, gubernatorlar, vazirlar uning suhbatiga muntazir go‘yo, ular Muhammadhakimxonga cheksiz hurmat-ehtirom bilan munosabatda bo‘ladilar. Masalan, muallifning idorasi Omskda – to‘rt kunlik masofada joylashgan gubernator “Shamayga kelganimni eshitib, g‘oyibona tarzda tanishlik aloqasini yo‘lga qo‘ydi va kaminaning boshidan kechirganlarini qalamga oldirib, davlat poytaxtiga, O‘rus podshohi huzuriga yozib yubordi” deganiga ishonish mumkin, albatta. Zero, Qo‘qon xonligida katta nufuzga ega bo‘lgan oila vakilining kelishi fotixlik rejalarini tuzayotgan Rusiya ma’murlari uchun sovg‘a ekani aqlga tayin, chunki ular mehmonda o‘z oyog‘i bilan kelgan “til”ni ko‘radilar. Ya’ni bu – rost gap, biroq shu birgina rostga o‘nlab yolg‘onni qo‘shib yedirmoqchi bo‘linganki, shularni bir-bir qayd etib o‘tamiz.
Keyinroq “sayr-u safar yo‘sini bilan Shamayga” kelgan gubernator Muhammadhakimxon huzuriga o‘zining “xos mahrami” – ad’yutantini yubordi, holbuki, bu vazifaning mahalliy ma’murlardan biriga yuklanishi haqiqatga yaqinroq. Yo‘q, Muhammadhakimxon xabarchining o‘z mavqeiga yarasha bo‘lishini istaydi, ad’yutant ham risoladagidek – “egnida tillodo‘zi libos, ko‘kragiga nozik tilla zanjirlar yaltir-yultur tarzda osilgan, yoqasiga oltin tumorlar tikilgan, beliga tillo qilich taqilgan, bosh kiyimini esa qo‘lida ushlagan” holda kirib keladi va uning “qo‘lini o‘padi” (Muntaxab at-tavorix. –B. 493). Xo‘p, boring ana, ad’yutant shu tarz tantanavor kirib kelganiga ham ishonaylik, lekin qo‘lini o‘pgani nimasi? Ruslarda erkak kishining qo‘lini o‘pish rasm emas, ruhoniylar qo‘li o‘piladi, xolos. Ya’ni, bu ham o‘z mavqeining ruslar nazdida ham g‘oyat yuksak ekanini ta’kidlash maqsadidagi qo‘shib-chatishdan boshqa narsa emas. Ertasi uni olib ketish uchun ad’yutantning “zarrin liboslar kiygan to‘rtta oy yuzli g‘ulom hamrohligida <…> sakkizta tog‘ sag‘rili bir xil rangdagi tulpor qo‘shilgan aravada” kelishi – cho‘pchakning davomi. Zero, Rusiyada o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, o‘z gerbiga ega aslzodalar tantana va rasmiy marosimlarga olti (ba’zan sakkiz)ta ot qo‘shilgan arava (kareta)da borganlar, boshqa vaqti ular ham, aravalariga to‘rtta yo ikkita ot qo‘shtirish bilan kifoyalanganlar. Keyingi tafsilotlar ham aravaga yarasha: katta harbiy ko‘rik o‘tkazilmoqda, gubernator a’yonlari bilan juda katta ayvonda turib maydondagi harbiy mashqlarni tomosha qilmoqda… “Faqir maydonga yetgach, gubernator boshini yalang‘ochlab, ayvon zinasidan tushdi va kaminaning qo‘lidan oldi. O‘zi bilan birga kaminani ham o‘sha zinalar bo‘ylab ayvonga olib chiqarkan, juda mehribonlik bilan hol-ahvolimni so‘radi…” Hatto gubernator istiqboliga peshvoz chiqadigan odam, shubhasiz, ulug‘ martabali odam-da! Mazkur g‘irt to‘qima tafsilotni bergach, xalqning behad hayratini ta’kidlaydi-da, “Xudo aziz qilgan kishi bandasiga xor bo‘lmaydi” deya aytganlarining ayni haqiqat ekanligiga hujjat keltiradi go‘yo. Va shu bilan xotirjam bo‘ladi: bir kun kelib “Harbiy ko‘rik o‘tkazayotgan gubernatorning ayvon (tribuna)dan istiqboliga tushib kelishi uchun, balki, podshoh a’lo hazratlarining o‘zlari kelishi kerakdir?” degan savol tug‘ilib qolishi mumkinligini o‘ylab ham o‘tirmaydi. Shu tariqa gubernatorni o‘ziniki qilib olgach, ertasi kuni uning o‘zi “muruvvat va shafqat belgisini ko‘rsatib, shuncha ulug‘ kishi bo‘lishiga qaramay, faqirning uyiga kelgani”ni aytadi, kamiga “gubernator mazkur shaharda turgan yetti kuni mobaynida har kun birga suhbatlar qurdik” deydi. Qiziqda, gubernatorning Shamayga qilgan safaridan bosh maqsadi go‘yo Muhammadhakimxon bilan suhbatlashish, qolgani yo‘l-yo‘lakay qilinadigan ishlar kabi. Yana gubernator podshohlaridan xat kelgani-yu unda “Hakimxon bizni ko‘rishni istasa” tarzida ko‘rishish istagi bildirilganini aytib, ziyoratga borishini “qattiq turib o‘tinadi”, buning uzrini eshitgach, “noiloj umidini uzishga majbur bo‘ladi”. Qarang-a, podsho hazratlari ko‘rishishni istasalar, gubernatori ziyoratga borishini o‘tinsa-da, bu kishim rad etsalar. Chakana odam emas ekanmi?!..
Muhammadhakimxonning Rusiya podshosi bilan uchrashuvi haqidagi hikoyasini ham ko‘proq xayolot mahsuli deb tushunilsa to‘g‘riroq bo‘ladi. Zero, u Qo‘qon xonligi haqida nechog‘li muhim ma’lumot berishi mumkin bo‘lmasin, buni podshoning shaxsan o‘zi olishi shart emas, shunga mutasaddi kishilari yetarli. Ya’ni, podsho uchun Muhammadhakimxon shunchaki qiziqish obyekti, xolos. Shu ma’noda “Muntaxab at-tavorix”dagi podshoh bilan uchrashuv tafsilotlari aksar o‘z ahamiyatini orttirish istagidagi muallif xayoloti mahsuli o‘laroq yuzaga kelgandir. Ikkinchi tomoni, rus podshosi Aleksandr I ning sharqdagi viloyatlarga safari Muhammadhakimxon Orenburgda bo‘lgan vaqtga to‘g‘ri kelishi tarixiy fakt: 1824-yilning 11–15-sentyabr kunlari – to‘rt kun davomida imperator ayni shu shaharda bo‘lgan. Podshohning tashrif kunlari nimalar bilan mashg‘ul bo‘lgani, kimlar bilan uchrashgani batafsil yoritilgan manbalar mavjud (О пребывании Его Величества Государя Императора в Оренбурге // Отечественные записки. –1825. –№ 59. –С. 403–427; Тарасов Д.К. Император Александр И. Последние годы царствования, болезнь, кончина и погребение. –Пг., 1915. –С. 125–127). Jumladan, “Отечественные записки” jurnali bu haqda bergan ma’lumotlar “Muntaxab at-tavorix”da bayon qilinganlarga qisman muvofiq keladi. Biroq Muhammadhakimxon, negadir, podshohning chegarada joylashgan karvonsaroy (Меновый двор)ga borgani-yu u yerda Buxoro va Xiva savdogarlari, mahalliy qozoq (qirg‘iz)lar tomonidan shodon kutib olinganini aytmaydi. Bunisi-ku, mayli, podshoh qirg‘iz (qozoq) xonlari va nufuzli kishilarini maxsus qabul qilgani, xonlarga olmos ko‘zli uzuk, boshqalariga ham qimmatbaho sovg‘alar hadya qilgani; Sherg‘ozixonning xotini bilan qilgan muloqoti haqida bir so‘z demaydi. Holbuki, mavjud manbalarda podshoh qabul qilgan qozoq xonlari nomma-nom sanalgan, qabul vaqti esa aniq ko‘rsatilgan: 12-sentabr tush payti. Qiziqda, manbalarda Muhammadhakimxon biroz mensimayroq tilga olgan qozoq xonlari nomma-nom sanalsa-yu, shaxsiga katta e’tibor ko‘rsatilganini da’vo qilayotgan uning o‘zini loaqal tilga olib qo‘yishmasa?! Bu hol uning podshoh bilan uchrashgani haqidagi gaplari rost ekanligiga shubha uyg‘otadi. Zero, agar podsho e’tibori haqiqatan ham Muhammadhakimxon aytganicha bo‘lganida, xotira-yu hisobotlarda uning tilga olinmay qolishi aslo mumkin emas edi. Rivoya uslubiga xos xususiyat deb qarash mumkin bo‘lgan qo‘shib-chatishlar bu shubhani yanada kuchaytiradi. Xususan, podsho uni oqshom payti yo‘qlatadi: uyida o‘tirsa, “gubernatorning o‘sha mahrami yonida podshohning xos mahrami bilan kirib keldi”. Tabiiyki, bu o‘rinda podshoh ad’yutantining kelishi mutlaqo ortiqcha, gubernatorning “xos mahrami” kelsa kifoya – bu bilan muallif yana o‘z shaxsiyatiga e’tiboru hurmatni bo‘rttirmoqchi bo‘lmoqda. Holbuki, Orenburg safarida podshohga general-ad’yutant graf Ojarovskiy hamroh bo‘lgan, uning bir xabarchi maqomida Muhammadhakimxonni chaqirib borishi amri mahol. Chamasi, muallif rivoyaga berilib ketganidan imperatorning “xos mahrami” ham o‘ziga yarasha bo‘lishini faromush qilgan ko‘rinadi. Xo‘p, bunisi ham mayli, davomida o‘qiymiz: “aravadan tushib, ko‘shk ichi sari yurdim va bir necha xonalardan o‘tib, podshoh o‘tirgan xonaga kirdim. Xona eshigidan kirganim zahoti podshohning nazari menga tushdi va darrov o‘rnidan turib men tomon bir necha qadam yurdi. Yonimga kelib, qo‘limdan tutgancha yetaklab borib, o‘z yonidan joy berdi” (Muntaxab at-tavorix. –B. 514). Avvalo, imperator huzuriga bu qadar bemalol kirib borilishiyoq ishonchsizlik uyg‘otadi: odatda, podshoh degani qo‘riqlanardi, bunda “kimsan? qayga boryapsan?” deguvchi kas yo‘q; yana biz o‘qigan kitoblaru ko‘rgan kinolarda birov huzuri oliyga kelsa, avval “faloniy keldilar!” deya ma’lum qilinar, ruxsati oliy berilsagina kirilarmidi?! Bunda esa agar podshoning darrov o‘rnidan turib peshvoz kelishi-yu keluvchining qo‘lidan tutgancha oborib yoniga o‘tirg‘izishiga qarasak, qabul qilgan emas, tashrif buyurgan marhamat qilayotgandek tuyuladiki, bu roviyning o‘z shaxsiyatiga qimmat berishda g‘uluvga yo‘l qo‘yganidan dalolatdir. Mubolag‘aning bu kabi haddan oshishi ertasi kun, tomoshachi olomon orasida turganimda nogahon ko‘zi tushib qolgan podshoh “Darhol oldiga chorlab, qo‘limdan ushlagancha qamoqxona tomon yo‘naldi <…> podshoh va uning to‘rt vaziri hamda o‘n nafar mahram – hammamiz birgalashib, qamoqxona ichiga kirdik” (Muntaxab at-tavorix. –B. 516) deganida, yanada yaqqol namoyon bo‘ladi.
Rus hukumat kishilari va aslzodalari hayotidagi hashamat va dabdaba Qo‘qon xonligidan chiqib borgan Muhammadhakimxon aqlini shoshirib qo‘yganigami, hartugul, hamma narsa ko‘ziga kamida qo‘shaloq ko‘rinadi. Masalan, podshohning Orenburgga kirib kelishi: “Nogoh uchtasi oltindan, uchtasi esa kumushdan yasalgan va har biriga o‘n oltita ot qo‘shilgan oltita arava necha bir dabdaba bilan kelib qoldi”. Qiziquvchilar internetdan ko‘rishlari mumkin: Aleksandr I ni toj kiyish marosimiga olib borgan ekipaj hozirda Sankt-Peterburgda saqlanadi, unga 4 ta, goh-goh 8 ta ot qo‘shilgan ekan; ingliz qirolichasi ekipaji ham xuddi shunday: odatda 4 ta, gohida sakkizta ot qo‘shilar ekan. Ya’ni, hikoyaga berilib ketgan roviyning ko‘ziga kamida qo‘shaloq ko‘rinayotgani bor gap ekanmi?! Gohida berilib ketganidan avval aytganlari bilan keyingilari mantiqiy zidlik hosil qiladi. Masalan, Qubonda vazirning qasridagi hashamatni batafsil qalamga oladi: “Ikki tomonida askarlardan qo‘shin ahli saf tortgan <…> Bir necha tekshiruv joyi va xonalardan o‘tib vazir o‘tirgan xonaga yaqinlashdim” (Muntaxab at-tavorix. –B. 524). Agar roviy o‘zi aytayotgan gaplarni durustroq mulohaza qilganida, “Boyagina yarim kechasi podshoh huzuriga bemalol kirib bordim, degandim, endi bunday desam, sal oshib ketmasmikan?” degan andishaga bormog‘i kerak emasmidi?! Yo‘q, buni o‘ylab o‘tirmaydida, davomida “Vazirning o‘ng tomonida yigirma nafar oy yuzli, anbar sochli kanizlar tillo taqinchoqlarga g‘arq bo‘lib, saf tortishgan. Chap tomonda esa yigirma nafar xushsurat, pari paykar yigitlar saf tortgancha egnilariga tillo do‘zi liboslar kiygan, bellariga tillo qinli qilichlar taqqan ko‘yi xizmatga shay turishardi” (Muntaxab at-tavorix. –B. 524-525) deb yozaveradi. Holbuki, xonadonida buncha kaniz-u g‘ulom tutish rus zodagonlari turmush tarziga xos emas. Biroq buni siz-u biz – XIX asr rus hayoti haqida yozilgan Tolstoy, Turgenev, Dostoyevskiylarning o‘lmas asarlarini mutolaa qilgan, yuzlab filmlarni tomosha qilganlar bilamiz. XIX asrning birinchi yarmi o‘zbek o‘quvchisiga esa bu to‘qimalarni “yedirib yuborish”, albatta, muammo emas edi. Shundan bo‘lsa kerak, Muhammadhakimxon qo‘shib-chatishda o‘zini tamom erkin qo‘yadi. Emishki, Omskga kelsa, gubernator podshoh huzuriga ketgan, xotini – malika xabar topib mehmonga chaqiribdi. Taklifga muvofiq qasriga borsa, devonxonasiga olib borishibdi: “Xonada barcha amirlar saf tortgan va xona o‘rtasida oltin kursida gubernaturning nihoyatda sohibjamol xotini o‘turar edi” (Muntaxab at-tavorix. –B. 500) deb yozadi. Muallifning xonimni go‘yo taxtda o‘tirgandek, boshqa amaldorlar – amirlarni uning qarshisida saf tortgan tarzda tasvirlayotgani bejiz emas, u “Bularning rasmi bo‘yicha eri yo‘q payti mamlakat ishlarini xotini so‘rayveradi” (Muntaxab at-tavorix. –B. 499) deb biladi, malika deb atayotgani ham shundan. Ravshanki, bu g‘irt to‘qima: xotin erining ishiga ta’sir qilishi mumkin, biroq rasman yurt so‘rashga haqli emas. Yoki, emishki, qarshisida amirlar saf tortgan o‘sha malika xonaga kirib kelgan roviyni “ko‘rgach, o‘rnidan turdi. Bir necha qadam oldinga bosib, peshonasidan o‘pdi va qo‘lidan tutib, o‘tirgan joyiga olib borib, yonidagi oltin kursiga o‘tqazdi”. Axir, o‘sha davr rus etiketi malikaning bunday xatti-harakatini mutlaqo o‘ziga sig‘dira olmaydi, aksincha, kursidagi ayolning o‘tirganicha qolishi, mehmonning esa yaqin borib, ta’zim qilgancha uning qo‘lini o‘pishini taqozo qiladi. Xullas, Muhammadhakimxonning rus turmush tarzi haqidagi safar davomida hosil qilgan tasavvurlari ancha yuzaki bo‘lib, bu hol tasvirda haqqoniylikdan chekinish, talqinda to‘qimaning ustuvorlik kasb etishiga sabab bo‘lgan.
“Muntaxab at-tavorix”dagi rivoyada, ayniqsa, muallifning begona yurtlarda ko‘rgan-kechirganlari bayonida sharq sarguzasht qissachiligi, o‘zbek xalq ertaklarining ohanglari, syujetida ularga xos motivlar kuzatiladi. Deylik, vazirning “farangi qizi” Muhammadhakimxonga oshiq bo‘lgani-yu pokdomon va sodiq odam o‘laroq uning rad etgani; qizning qat’iyati-yu qo‘lga tushib qolgach mahbubiga tuhmat qilgani va oqibat uning qamoqqa tushib qolgani – bular hikoya qilinganida beixtiyor Yusuf alayhissalom qissasi yodga keladi. Shunga o‘xshash, Mohir afandi bilan Misr malikasi bazmiga borishi – xizmatkor kampirning ularni sandiqqa solib bazmgohga olib o‘tishi, Eron malikasi bazmi tasvirlari “Ming bir kecha” ertaklariga mengzaydi. Muhim bir sharti, Muhammadhakimxonning bu hikoyalarini ertakdek – “shunaqasi ham bo‘larkanmi?” degan o‘yni xayolga aslo keltirmay tinglash, tafsilotlarga yopishib olmasdan butunicha qabul qilish kerak, aks holda, qumdan qurayotgan qo‘rg‘oni sochilib ketadi. Masalan, qamoqda ekanida Muhammadhakimxon tillolari bilan bir amallab soqchining ko‘nglini olgach, undan qog‘oz-qalam keltirib berishni so‘raydi. Qamoqxona emasmi, soqchi qog‘oz-qalam keltirib berolmas ekan, lekin xat yozsa kerak, joyiga eltib berishga tayyor emish?! Xo‘p, boring ana, qamoqxonaga kirishda obdon tekshirishadi, chiqishda tekshirishmaydi ham deylik, shunga ishonib turaylik. Endi ilojsiz qolgan mahbusimizning yonidagi kichkina pichoqcha bilan barmog‘ini tilib, tillolari o‘ralgan qog‘ozga qoni bilan xat bitganiga nima deysiz?! Hibsga olingan kishining yonidagi narsalar, odatda, ro‘yxat qilib omonat olib qo‘yilmasmidi?! Bo‘lib ham pichoqchani, nima bo‘lganda ham tig‘ku…
***
Yuqorida “Muntaxab at-tavorix”dagi bizda e’tiroz qo‘zg‘agan ayrim nuqtalar haqida muxtasar to‘xtalish bilan cheklandik, holbuki, bunaqa o‘rinlar asarda tiqilib yotibdi. Muallif haqiqatga zid, soddachasiga aytsak, yolg‘on ma’lumotlar berayotgan o‘rinlar aksar salgina fikr-mushohada qilganki, odamga yaqqol ko‘rinadigan darajada. Shunaqa ekan, yigit yoshidayoq “O‘tkan kunlar” romanini yozolgan mutafakkir adib, E.Xurshut aytmoqchi, “Muntaxab at-tavorix”ni manbalar orasida “alohida ajratib, unga suyanib ish ko‘rgan bo‘lishi”, uni “eng qimmatli hujjatli materiallar manbai” deb bilishi mumkinmi? Bizningcha, yo‘q. Ishonch bilan aytish mumkinki, asar mutolaasi davomida bizda uyg‘ongan e’tirozlarning Abdulla Qodiriyda ham uyg‘onishi muqarrar edi. Negaki, Muhammadhakimxon bergan ko‘plab ma’lumotlar adib aytgan “mantiq andozasi”ga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. To‘g‘ri, Abdulla Qodiriy yozuvchi sifatida ham, mushtumchi-jurnalist sifatida ham milliy turmushimizdagi illatlarni beayov tanqid qilgan, xonliklar davrini “tariximizning eng chirkin, eng qora” davrlari bo‘lganini, xalq ta’rifida “u zamonlar “musulmonobod” bo‘lsa-da” g‘ayrimashru’ ishlarning ham g‘oyat ko‘pligini e’tirof etgan. Shunga qaramay, adib “Jinlar bazmi yoxud katta o‘yin” romanidagi kabi internetda “o‘zbekcha taxt o‘yinlari” deya baholanayotgan talqinlarga, aminmizki, mutlaqo qo‘shilmagan bo‘lur edi. Axir, hamisha el nazdida turgan xon tap tortmay otasining mankuhasiga uylansa, ikkinchisini zo‘rlasa, ko‘kragidan sut bergan ayolni nikohiga olsa; haramdagi o‘nlab ko‘zlar nishonida turgan saida Xonposhsho esa goh Muhammad Sharif bilan, goh ingliz Konolli bilan don olishsa, shunchalarki, gumondor bo‘lgan xon “… kkimdan ttuqqansan bularingni?!” deya dag‘dag‘a qilishgacha borsa… – bularni adib aytgan “mantiq andozasiga” aslo solib bo‘lmaydi.
Yuqorida bildirilgan fikrlarni umumlashtirgan holda quyidagi asosiy xulosalarni ta’kidlab aytish mumkin:
• “Amir Umarxon kanizi” voqeasini qanday tushunishi, o‘zining o‘tmishdagi bu hodisaga qanday yondashishini Abdulla Qodiriy “Mehrobdan chayon”da ifodalab bergan. Adib bu talqinni el ichida turli variantlarda og‘izdan-og‘izga ko‘chib kelayotgan, tarixiy manbalarda ham turlicha berilgan talqinlarni obdon o‘ylab, “aynan men yozg‘anchadir” deya oladigan komil ishonchga kelgachgina o‘quvchisiga taqdim qilgan. Shunday ekan, adib nomidan, aniqrog‘i, uning adabiy siymosi tilidan bunga tamoman zid talqinni ilgari surish, bizningcha, uning xotirasiga hurmatsizlik, ijodiy o‘zligiga daxl qilish bo‘lib qoladi.
• Ta’kidlash joizki, bizning e’tirozimiz faqatgina shunga – “Jinlar bazmi yoxud katta o‘yin” romanida Muhammadhakimxonning talqini Abdulla Qodiriy talqini o‘laroq taqdim etilganiga qaratilgan. Tabiiyki, ushbu e’tirozimiz “Muntaxab at-tavorix”dagi talqinni ayni haqiqat deb tushunishga taqiq qo‘yolmaydi, istagan odam shunday tushunishga va buni o‘zining nuqtayi nazari sifatida badiiy aks ettirishga haqli. Ijod va so‘z erkinligi tamoyili shuni taqozo etadi. Biroq uni o‘zganing tilidan aks ettirishda erkinlik yo‘q – bu holda badiiy talqin o‘zganing qarashlariga muvofiq bo‘lishi shartdir.
• Nihoyat, ijodkorlarimiz tarixiy manbalardagi faktlarni istifoda etishda tarixnavislarning ham odam ekani, bas, ularni ham turfa (shaxsiy, moddiy, ma’naviy, siyosiy kabi) manfaatlar harakatga keltirganini hamisha yodda tutishlari lozim. Ya’niki, haq gapni takrorlashning aybi yo‘q, Qodiriy bobomizning “tarixiy asar yozganda biror shaxsning xoh og‘zakidir, xoh yozmadir bergan shohidligiga darhol ishonaverish bo‘lmaydi, uni obdan tekshirib, mantiq andozasiga solib, so‘ng asarga kiritish kerak” degan o‘gitiga hamisha amal qilmoqlari zarurdir.
Dilmurod QURONOV,
filologiya fanlari doktori, professor
(Maqolaning boshi I qismda)
Ma’naviyat
Til
San’at
Adabiyot
Jarayon
Mafkura
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q