
Turkiston diyorining eng mashhur hukmdorlaridan biri – Xorazmshoh Jaloliddin Manguberdi buvisi, Turkon xotunning unga dushmanligi sabab valiahdlikdan chetlashtirilgandi. Biroq 1219-1221-yilgi moʻgʻul bosqini ortidan Sulton Alovuddin Muhammad Jaloliddin yana qayta valiahd etib tayinlaydi. Ammo Jaloliddinning ukalari Oʻzloqshoh va Oqshoh hamda ularning qoʻmondonlari valiahdni yoʻqotish uchun harakat boshlaydi.
Fitnadan xabar topgan Jaloliddin Xorazmni tark etib, Xurosonga ketadi. Uni quvib kelgan ukalari moʻgʻul qoʻshinlarining tezkor hujumi oqibatida halok boʻladi. Jaloliddin esa tuzoq va hujumlarni yengib, Gʻaznaga yetib boradi. Gʻazna aholisi uning atrofida jamlanib, jangga tayyorgarlikni boshlab yuboradi. Parvon yaqinida taxminan 50 ming kishilik moʻgʻul qoʻshini Jaloliddin tomonidan qattiq magʻlubiyatga uchratiladi. Bu gʻalaba Jaloliddinning ishonchini oshirgan boʻlsa, bunga qadar ochiq maydonda yengilish nimaligini bilmagan Chingizxon va moʻgʻullarni hayratga soladi. Biroq Jaloliddinning ittifoqdoshlari orasida oʻlja taqsimoti davomida janjallar sodir boʻladi va Xorazmshoh lashkari tarqab ketadi.
Hind daryosi yaqinidagi jangda Chingizxondan magʻlub boʻlgan Jaloliddin daryo boʻyida soʻnggi lahzagacha jang qiladi. U magʻlubiyatdan qochish imkonsizligini sezgach tutqunlikdan qochib, Hind daryosiga oʻzini otadi. Xorazmshoh Hindistonda uch yil faoliyat yuritadi. U bu davr ichida bir tomondan Hindistonning rojalari, boshqa tomondan mintaqadagi yetakchi kuch boʻlgan Dehli sultonligiga qarshi kurashlar olib boradi.
Eron, Iroq va Kavkazorti yurishi
1224-yilda Jaloliddin Hindistondan chiqib, Eronning Kirmon viloyatiga boradi. Bunga Hindistondagi omadsiz yurishlar va Eronda bu davrda biror jiddiy kuch yoʻqligi sabab boʻladi. Bir necha oydan soʻng viloyatni boshqa bir ukasi, Gʻiyosiddin Pirshohdan tortib oladi. Oʻsha yilning oʻzida Fors viloyati ham zabt etiladi. Keyinchalik, Isfahon va Xuziston ham Jaloliddin qoʻliga oʻtadi va deyarli butun Eron ustidan nazorat oʻrnatiladi.
Jaloliddin moʻgʻullarga qarshi ittifoq tuzish uchun Xalifa Nosir saroyiga elchilar joʻnatadi, lekin xalifa taklifni rad etib, aksincha Xorazmshohga qarshi qoʻshin yuboradi. Chunki Jaloliddinning otasi Alovuddin Bagʻdodni egallab, xalifani shahardan haydab yuborgan, xalifa zoʻrgʻa hokimiyatni xorazmshohlardan qaytarib olgandi. Jaloliddin xalifa harakatiga javoban Iroqi Ajamni talon-taroj qilib, Ozarboyjon Otabegilarining poytaxti Maragʻaga yurish boshlaydi.
1225-yilda Ozarboyjon Otabegisi Oʻzbek sulton Jaloliddindan qoʻrqib poytaxtni tark etadi. Deyarli shu yil oxirida Jaloliddin Tabrizni ham egallaydi. Ozarboyjon egallagandan soʻng, Xorazmshoh tomonidan Onadoʻlidagi Konya sultonligining hukmdori Alouddin Kayqubod va Ayyubiy sultonlarga xat joʻnatilib, moʻgʻullarga qarshi kurashish hamda Gruziya qirolligiga qarshi yurishlarda ittifoqchilik taklif qilinadi. Sulton Kayqubod va ayyubiy hukmdorlar Jaloliddinning ushbu taklifini mamnuniyat bilan qabul qiladi.
Kelasi yil boshida Jaloliddin Gruziya qirolligiga bostirib kiradi. Qisqa vaqt ichida Gruziyaning asosiy qoʻrgʻonlari boʻysundiriladi. 1227-yilning boshlariga kelib, Jaloliddin Manguberdi qoʻl ostida Eron, Iroqi Ajam, Ozarboyjon, Armaniston va Gruziya hududlari birlashtiriladi.
1228-yilda moʻgʻullar Amudaryodan oʻtgani haqida xabar olgach, Jaloliddin barcha kuchlarini yigʻib, Isfahon yaqinida ularni qarshi oladi. Ukasi Gʻiyosiddin Pirshohning xiyonatiga qaramay, Jaloliddin moʻgʻullarni magʻlubiyatga uchratadi. Lekin bu jangda Jaloliddin qoʻshini katta talafot koʻradi. Gap shundaki, Jaloliddin jang vaqtida moʻgʻullar qoʻygan tuzoqqa tushib, ogʻir yoʻqotishlarga uchraydi. Jaloliddin Isfahondagi gʻalabadan keyin harbiy harakatlarini Ozarbayjon va Gruziyada jamlab, Kavkazdagi janglarda muhim gʻalabalar qozonadi.
U moʻgʻullar va gruzinlar ustidan qozongan gʻalabalari bilan musulmon dunyosida katta shuhrat qozonadi. Ayniqsa, har ikki tahdid ostida qolgan Sharqiy Onadoʻli, Eron va Ozarbayjon hududlarida yashovchi musulmonlar orasida uning nomi afsonaga aylana boshlaydi.
Jaloliddin va uning askarlarining xalqqa nisbatan munosabatlari baʼzan katta noqulaylik va eʼtirozlarga sabab boʻlar edi. Janglar vaqtida oddiy aholidan qoʻshin taʼminoti uchun mol-mulklari tortib olinar, baʼzi janglar esa aholining ekin maydonlarida sodir boʻlardi.
Xususan, Jaloliddin qoʻshini Koʻniyo sultonligi va ayyubiylar chegarasida joylashgan Xilot shahriga yurish paytida aholiga katta ziyon yetkazadi. Bu harakatlar Erzurum, Bingʻol va Diyorbakr hududlarida ham takrorlanadi. Tabiiyki, Jaloliddin oʻziga boʻlgan muhabbat va hurmatni, hamda eng muhimi Koʻniyo sultoni va ayyubiy sultonlari bilan doʻstona munosabatlardan ayriladi.
Sulton Jaloliddin 1229-yil avgustda Xilot (Axlat) shahrining oʻziga yurish boshlaydi. Qamal davom etar ekan, Amid va Mardin kabi hududlarning amirlari, Erzurum hokimi Rukniddin Jahonshoh Jaloliddin safiga qoʻshiladi.
Boshqa tomondan Jaloliddin bilan yaqin doʻstlik munosabatlarini oʻrnatayotgan Koʻniyo saljuq sultoni Alouddin Kayqubod xorazmshohning bu ishlaridan gʻazablanayotganini bir nechta maktublar bilan maʼlum qiladi. Chunki Xilotdan keyin aynan Koʻniyo sultonligiga tegishli yerlar boshlanar va Kayqubod har qanday vaziyatda Jaloliddinning keyingi nishoniga aylanishni istamasdi. Ammo Jaloliddin uning bu chaqiriqlarni rad etadi. Shundan soʻng, Kayqubod moʻgʻullarga tinchlik yoʻli bilan, ularga in'omlar berib boʻysunish eng yaxshi yoʻlligini taʼkidlaydi.
Jaloliddin murosasizlik va favqulodda oʻz kuchiga ishonishini koʻrsatib, baribir Xilotni egallaydi. Bu ayni paytda Koʻniyo va Xorazmshohlar saltanati oʻrtasida aloqalar butunlay uzilganini bildirardi.
Yassi Chaman jangi
Kayqubod Halab va boshqa Suriya sultonlari bilan Jaloliddinga qarshi ittifoq tuzadi. Erzurum hokimi Rukniddin Jahonshoh Jaloliddinni tezlik bilan harakat qilishga va dushmanga birinchi zarba berishga undaydi. Jahonshoh ayyubiy va saljuq qoʻshinlari birlashmasdan oldin ularga alohida-alohida hujum qilishni maslahat beradi.
Jaloliddin Kayqubod kuchini yetarli baholamasligi va biroz kasalligi tufayli, Rukniddinning tavsiyasini inobatga olmaydi. Bu orada Malik Ashraf ayyubiy qoʻshinlarini toʻplab, Sivasga yetib boradi va Alouddin Kayqubod bilan uchrashadi. Ular Xilotga qarab yuradi.
Jaloliddin biroz sogʻaygach, Arzinjon tomon harakat qilishni boshlaydi. Koʻniyo sultonligi va ayyubiy qoʻshinlarining Arzinjon yaqinidagi Oqshaharga yetib borganini eshitgan Jaloliddin, Jahonshohning taklifi bilan Yassi Chaman tekisligiga joylashadi.
1230-yili Ramazon oyining 28-kuni Yassi Chaman maydonida ikki lashkar yuzma-yuz keladi. Malik Ashrafning askarlari va Jaloliddin navkarlar bir-biriga qarshi saf tortadi. Kechqurun Koʻniyo sultonligining avangardi Jaloliddin qoʻshinining ustiga yurishi bilan jang boshlanib ketdi.
Jaloliddin qoʻshini dam olish paytida toʻsatdan hujumga uchrashi sarosimani keltirib chiqaradi. Jaloliddinning ikkinchi qoʻshini ham har tomondan uchralgan hujum natijasida tor-mor etiladi. Xorazmshoh qoʻshinining oʻng qanoti allaqachon qirib tashlangandi. Tongga yaqin ikkala tomon ham ortga chekinib nafas rostlashga kirishadi.
Uch kunlik jangda Koʻniyo-ayyubiylar va ularga yordamga kelgan Kilkiya armanlari gʻolib boʻladi. Jaloliddin jangni yutqazib, qattiq tushkunlik bilan Axlatga yetib keladi. Lekin bu yerda koʻp qola olmaydi, chunki ittifoqchilar ularni taʼqib qilib kelayotgandi. Malik Ashraf Jaloliddinni Xoy shahrigacha quvib boradi. Soʻngra kelishuvga erishiladi. Bitimga koʻra taraflar oʻz hududlari bilan cheklanadi, Jaloliddin qoʻl ostidagi Malik Ashrafga tegishli asirlarni ozod etadi hamda ortiq Axlat hamda uning atrofidagi hududlarga davo qilmaslikka soʻz beradi.
“Otning oʻlimi — itning bayrami”
Jaloliddin Malik Ashraf bilan kelishuvdan soʻng Ozarbayjonga qarab chekinadi. Uning Arzinjon yonidagi magʻlubiyatidan moʻgʻullar xabar topgan va qulay imkoniyatdan foydalanishga kirishgandi.
1230-yilning kuzidan moʻgʻullar Ray, Hamadon va Isfahon kabi Eron shaharlarini birin-ketin egallaydi. Jaloliddin moʻgʻul bosqinchilarini Tabrizga qarab harakatlanayotganini bilgach tezlik bilan shaharni tark etadi. U Tabrizdan shimoldagi Mukon shahriga yoʻl oladi. Chunki uning askarlarining bir qismi shu yerda qishlash uchun qolishgan edi. Sulton Jaloliddin Tabrizga bir guruh askari bilan vaziri Sharaf-ul-mulkni qoldirib ketadi.
Mukan tomon yoʻl olayotganda uning yonida Mujriddin Yoqub ismli yosh sarkardasi bor edi. Keyinchalik aynan Mujriddin Yoqub Jaloliddinning oʻz vatani qoʻlidan ketgani uchun toʻkkan koʻz yoshlarini tarixchi Shihobiddin Nasaviyga aytib beradi. Nasaviyning oʻzi ham Jaloliddin qoʻlida koʻp yillar kotib sifatida ishlagan va unga atab “Siyrat as-Sulton Jaloliddin Mankburni” asarini yozgan edi.
Jaloliddin moʻgʻullarga qarshi tura olishga yoki ularni oʻz mamlakatidan uzoqlashtirishga qodir holda emas edi. Hatto, oʻzi bilan boʻlgan askarlar bir-biriga qarshi chiqib, muhim vaqtda uni tark etgan edi. Hatto vazirlaridan biri, Mukan hujumidan soʻng, Sultonni Hindistonga ketishini taxmin qilib, oʻz rejalarini shu asosda tuzadi va atrofdagi hokimlar bilan yozishmalar orqali Ozarbayjon va Arron hududlarini oʻziga berish evaziga, ularning hukmronligini tan olishini bildiradi. Sulton esa unga aldanmasliklarini aytib, malik va boshqaruvchilarga maktublar yuboradi. Xullas ogʻir damda uning odamlari mansab va hokimiyat dardiga tushib qoladi. Yoki moʻgʻullardan qoʻrqib boshi oqqan tarafga qochadi.
Sulton Jaloliddin oʻzining bir nechta sarkardasi va yaqinlari maslahati bilan, moʻgʻullarga qarshi jang qilish uchun Malik Ashrafdan yordam soʻrashga qaror qildi. Malik Ashraf elchilarga “Kutib turing, Misr qoʻshinlari bilan boramiz”, deb javob beradi. Biroq Jaloliddinga elchisi boshqa maktub yuboradi. Unda Ashrafning Misrdan faqat Jaloliddin moʻgʻullar bilan hisoblashganidan soʻng qaytishi va shuning uchun uning yordamidan umid qilmaslik yozilgan edi.
Arablar yordamidan umid uzgan Jaloliddin Diyorbakrdagi kuchlar bilan kelishishga urinadi. Diyorbakr hokimi Maʼsud Jaloliddinni Alouddin Kayqubodga qarshi yurish qilishga undaydi va oʻzi toʻrt ming askar bilan yordam berishni vaʼda qiladi. Jaloliddin Diyorbakrga qarab yoʻl oladi.
Sulton va uning kam sonli askarlari Diyorbakr yaqinidagi bir koʻprikka yetganida, u yerda toʻxtab, tunaydi. Kechasi ular taʼqibchi moʻgʻul boʻlinmasining hujumiga uchraydi, lekin buni bartaraf etishga muvaffaq boʻladi. Jaloliddin Diyorbakrga ham, boshqa hududlarga ham qabul qilinmaydi. Shundan soʻng tomon yoʻnalib, shu yerga yaqin bir qishloqqa yetib boradi. Lekin bu manzilda ham moʻgʻullar Jaloliddinga hujum uyushtiradi.
Soʻnggi xorazmshoh halokati
Jaloliddin moʻgʻullarning taʼqibidan bu safar ham qutulib, togʻ yoʻlidan yuqoriga koʻtariladi. Yoʻlda bir guruh kurdlar ularni qoʻlga oladi. Shu payt Jaloliddin ularning boshligʻiga:
“Toʻxtang, shoshilmang. Men sultonman, meni Malik Shahobiddin ismli odamimga yetkizing, u sizlarni boyitadi. Yoki meni oʻz vatanimga olib bor, seni malik qilaman,” deydi.
Talonchilarning rahbari avval uni oʻzi yashab turgan joyga olib boradi. Sulton qoʻllari bogʻliq holda chodirining burchagiga joylashtiriladi va uni asir olgan kurd otini olib kelish uchun chodirdan chiqib ketadi. Bir oz vaqt oʻtib, boshqa bir kurd, qoʻlida nayzasi bilan otga ketgan kurdning xotiniga yaqinlashib:
– Bu Xorazmlik kim? Nega uni oʻldirmaysizlar? – dedi.
– Bu mumkin emas, u erimning himoyasida. U bir sultondir, deya javob beradi ayol.
Shunda kurd, nayzasini koʻtarib, “uning sultonligiga qanday ishonasiz? Mening bundan yaxshiroq boʻlgan akamni ular Axlatda oʻldirishdi”, deydi va xorazmshoh yuragiga nayza sanchadi.
Koʻplab janglarda omon qolgan jasur sarkarda shaʼniga mutlaqo toʻgʻri kelmaydigan tarzda halok boʻladi. Nasaviy bu haqda: “Taʼqib keltirsa, bunday gʻolib arslonning oʻlimi tulkilar qoʻlida roʻy berdi” deb yozadi.
Bir oz vaqt oʻtgach, Malik Ashrafning ukasi, Malik Muzaffar Jaloliddinning vafot etgan joyiga odam yuborib, undan qolgan narsalar: otini, muhrini, mashhur qilichini, va doimiy ravishda sochlari orasida olib yurgan tumorini keltirtiradi. Jaloliddinning soʻnggi lahzalargacha yonida boʻlgan bir guruh odamlar bu narsalar sultonga tegishli ekanligiga guvohlik beradi. Malik Muzaffar, oʻldirilgan kishining Sulton Jaloliddin Mangburni ekanligini tushunib, uning suyaklarini dafn ettiradi.
Uning oʻlimi bilan bu moʻgʻullar Ozarbayjon, Iroq, Onadoʻli kabi hududlarga yurish qilish imkoniga ega boʻladi. Tarixchi Ibn Vosilning taʼbiri bilan aytganda “yovga qarshi islomning soʻnggi bayroqdori” endi yoʻq edi. Undan keyin to jiyani Sayfiddin Qutuzgacha moʻgʻullar deyarli umuman yirik magʻlubiyatga uchramaydi.
Akobir TOIROV
Tarix instituti kichik ilmiy xodimi
Adabiyot
Adabiyot
Adabiyot
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q