Etnik xilma-xillik katta foyda keltiradi, lekin milliy o‘zlik asosi bo‘lolmaydi. Milliy o‘zlik qay tartib-tamoyillarga asoslanishi kerak?


Saqlash
15:58 / 05.05.2025 44 0

Globallashuv davrida milliy o‘zlikni asrash masalasi dunyo olimlari diqqat-e’tiboridagi mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda. Muhojirlar mamlakati sanalgan AQShda ham bu mavzuda salmoqli tadqiqot va izlanishlar olib borilmoqda. O‘tgan asrning 90-yillarida tamaddunlar to‘qnashuvi xususidagi nazariyasi bilan shuhrat qozongan olim Samyuel Hantington “Biz kimmiz? Amerika milliy o‘zligiga tahdidlar” deb atalgan kitobida ayni shu dolzarb masala tegrasida so‘z yuritgan (Samuel P. Huntington. Who Are We? The Challenges to America’s National Identity. New York, Simon & Schuster, 2004).

 

Muhofazakor bo‘g‘inga mansub siyosatshunos S.Hantington Lotin Amerikasi hamda Osiyodan ko‘chib kelgan ko‘p sonli muhojirlarni AQSh o‘zligiga tahdid o‘laroq baholaydi. Xususan, ispanzabon meksikaliklar yaxlit davlatni parokanda qilayotganidan bahs etadi.

 

S.Hantington ta’kidicha, AQShda yashovchi turli millat vakillarini jipslashtiruvchi qadriyat bu – ingliz-protestant madaniyatidir (59-bet). Ya’ni muallif ingliz protestantizmidan o‘sib chiqqan nasroniylik ta’limotini amerikancha milliy o‘zlikning asosi deb biladi. Yangi yuzyillikda G‘arb davlatlarida, jumladan, Qo‘shma Shtatlarda nasroniylik hamda cherkovning ta’siri susaygani ma’lum. Hantington buni rad etib jumladan shunday yozadi: “Din amerikancha o‘zlikning javhari bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Amerika davlati diniy tafakkurga tayanib barpo etilgan. Amerikaliklar sanoati rivojlangan boshqa davlatlarga qaraganda diniy e’tiqodda sobitroqdir” (19-bet).

 

Siyosatshunos AQShdan qo‘nim topgan muhojirlar ingliz tili hamda protestant madaniyatini qabul qilmayotgani, assimilyatsiya jarayoni sust kechayotganini tanqid qiladi. Uning fikricha, AQSh davlatchiligi negizida ingliz tili, Injil o‘gitlari, shuningdek, qonun ustuvorligi, hukmdorlarning hisobdorligi, individualizm, mehnat axloqi va Yerda jannat barpo etishga qat’iy ishonch kabi qadriyatlar yotadi. Amerikancha o‘zlikning tamali sanalgan bu qadriyatlardan yiroqlashuv lisoniy va madaniy birlikka raxna solishi uqtiriladi. Amerika madaniyatining ustun ekanini bot-bot ta’kidlagan S.Hantington muhojirlarning aql-zakovati, kasbiy ko‘nikmasini savol ostiga oladi, ko‘proq ularning jamiyatga keltirayotgan ziyon-zarari haqida fikr yuritadi.

 

XX asrning ikkinchi yarmida AQShda multikulturalizm ta’limoti keng tarqaldi. Bag‘rikenglik tamoyiliga tayangan ushbu konsepsiya turli millat, madaniyat vakillari yagona siyosiy makonda hayot kechirar ekan, etnik ozchilik mansublari ham o‘zligini saqlab qolishga haqli degan g‘oyani ilgari suradi. “Biz kimmiz?..” kitobi muallifi esa multikulturalizm siyosatini nainki ingliz-protestant madaniyati, AQSh davlatchiligiga ham tahdid deb ataydi (171-bet).

 

S.Hantington fikricha, globallashuv dolg‘alarida qolgan AQSh oldida uch yo‘l bor:

 

1. Kosmopolitizm yo‘li. Bu yo‘l chegaralardan voz kechib global ochiq jamiyat qurishni nazarda tutadi. Milliy, diniy, irqiy xilma-xillik hukm surgan kosmopolitik jamiyatda milliy o‘zlik yo‘qoladi.

 

2. Imperiyacha boshqaruv yo‘li. Qo‘shma Shtatlar yetti iqlimda hukmronlik qiladi. Bu holatda ham jahongirlik yo‘lini tanlagan davlat milliy o‘zlik talablaridan voz kechishiga to‘g‘ri keladi.

 

3. Milliy boshqaruv modeli. Bunda davlat Amerika milliy o‘zligiga tayangan holda idora etiladi. AQShning “betakrorligi va benazirligi”ga zarracha shubha qilmagan Hantington ayni shu uchinchi yo‘lni yoqlaydi.

 

Qayd etish joizki, “Biz kimmiz?..” kitobida bayon qilingan bahsli fikrlarga Amerika ilmiy jamoatchiligi raddiyalar bergan. Xususan, muhojirlarning aqliy salohiyatiga shubha bildirilgani ksenofobiya, ya’ni o‘zga millat, irq va din vakillariga nisbatan nafrat o‘laroq qoralangan (Kevin R. Johnson, Bill Ong Hing. National Identity in a Multicultural Nation: The Challenge of Immigration Law and Immigrants. Michigan Law Review. Volume 103. Issue 6. 2005. P.1347).

 

Siyosatshunos Alan Vulf ingliz-protestant madaniyati milliy o‘zlik asosi deb belgilanishiga e’tiroz bildirib, ushbu madaniyat mansublari o‘rtasida ham ichki ziddiyat, tafriqalar mavjudligiga e’tibor qaratgan (Alan Wolfe. Native Son: Samuel Huntington Defends the Homeland. // Foreign Affairs. 83. May 1, 2004).

 

Boshqa bir guruh tadqiqotchilar esa professor S.Hantington migratsiya fenomenini salbiy bo‘yoqda tasvirlashga zo‘r berib, uning AQSh iqtisodiyotiga ulkan foydasidan ko‘z yumganini qayd etgan.

 

AQShda muhojirlarning “getto”lari vujudga kelayotgani, turli etnik guruh namoyandalari umumiy til, mushtarak madaniyatdan ayro qolayotgani ijobiy voqelik emas, albatta. Ayni choqda, Oq uyga qadar kirib borgan o‘ng qanotga mansub siyosatdonlarning AQShdagi millionlab muhojirlarni o‘z vataniga badarg‘a etish tashabbusi ham oqilona yechim bo‘lolmaydi. Chunki “burgaga achchiq qilib, ko‘rpaga o‘t qo‘yish” na insoniylikka, na mamlakat qonunchiligiga to‘g‘ri keladi.

 

Xo‘sh, AQShda milliy o‘zlik qay tartib-tamoyillarga asoslanishi kerak? Bu borada atoqli faylasuf va siyosatshunos Frensis Fukuyamaning nuqtai nazari jo‘yali ko‘rinadi. “Qo‘shma Shtatlarga (etnik) xilma-xillik ulkan foyda keltirganini e’tirof etgan holda, (etnik) xilma-xillik milliy o‘zlik asosi bo‘la olmasligini ta’kidlash lozim. O‘zlik (identlik) konstitutsiyaviylik, qonun ustunligi, fuqarolar tengligi kabi g‘oyalarga tayanishi kerak. Zotan, barcha amerikaliklar bu g‘oyalarni hurmat qiladi”, deb yozadi olim (Francis Fukuyama. Identity: The Demand for Dignity and the Politics of Resentment. New York, Farrar, Straus and Giroux, 2018. P. 137-138).

 

AQShning etnik xaritasi shiddat bilan o‘zgarmoqda. So‘nggi tadqiqotlarga qaraganda, 2021-yilda oqtanli amerikaliklar 192,2 million kishini (umum nufusning 58 foizi), qoratanlilar, ispanzabonlar, osiyoliklar va boshqa etnik guruh mansublari 141,1 million kishini tashkil etgan bo‘lsa, 2050-yilga borib yangi avlod muhojirlarning soni oqtanlilardan ortib ketadi (Multicultural Americans to become majority population by 2050: Report. // The Hill. January 17, 2024. https://thehill.com/homenews/4412311-multicultural-americans-majority-population-2050/). Shu tariqa etnik ozchilik etnik ko‘pchilikka aylanadi. Bu sira demografik o‘zgarishlar ham Hantington ilgari surgan o‘zlik konsepsiyasini amalga oshirish dushvor ekanidan dalolat beradi.

 

Sobirjon YOQUBOV,

mustaqil tadqiqotchi

 

“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 1-son.

“O‘zlikning javhari nima?” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

16:05 / 05.05.2025 0 164
Yassichamandagi ikki turkiy toʻqnashuvi

Adabiyot

10:05 / 05.05.2025 0 59
Humayro momo

Adabiyot

17:05 / 02.05.2025 0 157
Uch yarim ming yil oldingi “sms”lar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//