Dunyoga taʼsir oʻtkazgan siyosiy esselar


Saqlash
16:27 / 06.05.2025 58 0

Siyosiy esse, bu – faqatgina fikr emas,

u niyat, taʼsir va kurashning bir shaklidir.

 

Shunday siyosiy esselar borki, ular bir xalqning qullik toʻnini yechib, ozodlikka chiqishiga, bir inson, bir oila emas, butun boshli jamiyatning soʻniq nigohi ishonchdan porlashiga, mamlakatlar siyosatida tub burilish yasalishiga sababchi boʻlgan. Oʻzlikka boʻlgan kurashni qogʻozdan qalblarga, muhorabalarga koʻchirgan, biqiq sukunatni ovozga aylantirgan... Bu Tomas Peynning Angliya mustamlakasidagi xalqqa ozodlik gʻoyasini singdirgan “Sogʻlom fikr” essesi, bu Martin Lyuter Kingning Amerikada irqiy tenglik uchun yuz yillik kurashning ramziga aylangan “Birmengem qamoqxonasidan maktub”idir.

 

Shunday siyosiy esselar borki, ular haqiqatni fosh etish orqali hukumat boʻyniga soʻlaqmon-tosh – masʼuliyatni ilib, adolat talabini jamoatchilik, xalq talabiga aylantirolgan. U Jonatan Sviftning achchiq kulgisiga belangan “Kamtarona taklif”dir, u Xanna Arendtning totalitarizm ildizi-yu yuzini ochib tashlagan qator esselaridir.

 

Taʼsir koʻlami siyosiy fikrni nazariyadan soʻzga, inqilobiy oʻzgarishlarga undovchi kuchga, harakatga chorlovchi essega aylantiradi. Bugungi dunyoda yolgʻon maʼlumotlar, populizm va manipulyativ siyosat fonida haqiqatni izlash ham siyosiy essening bosh maqsadi boʻlib qolmoqda. Tarix siyosiy esselar hukumatlarning ayovsiz tanqidchisi, inson huquqlarining talabchisi, demokratiya uchun kurashgan minglab ovozlar aks-sadosi ekanini isbotlaydi.

 

Esse oʻzi qachon va qanday jamiyatlarda yoziladi? Erk boʻgʻilgan va erk haddan oshgan zaminda, zamonda. Esse atamasi ilk bor XVI asrda fransuz mutafakkiri Mishel de Montenning “Tajribalar” (“Essais”) (1580) asari orqali kirib kelgan vaqtda u shaxsiy fikr, hayotiy kuzatuv va mulohazalarnigina nazarda tutgan. Zamonlar osha esse oʻzining funksional vazifasini oʻzgartirib kelmoqda. Xususan, XVII-XVIII asrlarda “siyosiy esse” atamasi muomalaga kirarkan, Tomas Xobbs 1651-yilda “Leviafan” kitobiga jamlagan siyosiy va falsafiy esselari orqali davlat va hokimiyatning mutlaq zarurligi, inson tabiatining ixtilofli ekanini nazariy jihatdan asoslashni maqsad oʻlaroq qoʻydi. Soʻng Jon Lokk (“Hukumat haqida ikki risola”, 1689) siyosiy fikrlarini esse va traktat shaklida bayon qilib, inson huquqlari, ozodlik va hukumatning chegaralangan vakolatlari gʻoyasini ilgari surdi. Jonatan Svift (“Kamtarona taklif”, 1729) satira va esse orqali Irlandiyadagi siyosiy va ijtimoiy muammolarni tanqid qilib, hukumat va boylar zulmiga qarshi SOʻZ bilan kurashdi.

 

Siyosiy essechilikni intellektual darajaga koʻtardi va ommalashtirgan essenavis va faylasuf Devid Yum (“Axloqiy, siyosiy va adabiy esselar”, 1741–1742) siyosiy, axloqiy va madaniy mavzularni esse shaklida tahlil qilib, hokimiyat, savdo, erkinlik va inson tabiati haqida mukammal nazariy mulohazalari bilan boʻlishdi. Monteskyo (“Qonunlar ruhi”, 1748) siyosiy va huquqiy tizimlarning tahlili orqali mutlaq hokimiyatni boʻgʻinlarga boʻlish gʻoyasini ilgari surdi, esse shaklida muxtasar tahlillar yozib bordi. Jan-Jak Russo (“Ijtimoiy shartnoma”, 1762) esse va ilmiy-ommabop yozuvlari orqali demokratiya nazariyasini asoslab berdi.

 

“Siyosiy esse” XX asrda fanning maxsus yoʻnalishi sifatida qabul qilindi. 1920–1930-yillarda siyosatshunoslik, falsafa va adabiyotshunoslik yoʻnalishlarida “siyosiy esse” (Political Essay) atamasi ilmiy muomalaga kirdi. Bu atama, ayniqsa, AQSH va Yevropada akademik siyosatshunoslik (Political Science) taraqqiyoti bilan birga ommalashdi. XX asr boshlarida demokratik jarayonlar, revolyutsiya va mafkuraviy kurashlar koʻpaygan, inson huquqlari, fuqarolik jamiyati va siyosiy falsafa mavzularida mustaqil fikr yuritish zarurati tugʻilgan sharoitda shaxsiy va ijtimoiy qarashlarni tahlil qiluvchi siyosiy essechilik rivojlandi.

 

Xoʻp, bu esselar hukumat va jamoatchilikda qanday rezonans uygʻotdi? Qanday evrilish va inqiloblarga sabab boʻldi? Bitta essening shunday taʼsir kuchiga ega boʻlishiga ishonasizmi? Aniq misol va dalillarga suyansak, “HA, MUMKIN!”

 

Masalan, Jan Jak Russoning “haqiqiy hukumat faqat umumiy irodaga asoslanishi kerak, erkinlik qonunlarga teng boʻysinuvchi fuqarolardagina boʻladi” gʻoyasini ilgari surgan “Ijtimoiy shartnoma” essesining Fransuz inqilobiga ilhom berganidan xabaringiz bormi? Yoki Jon Lokkning “Hukumat haqida ikki risola”si Amerika mustaqillik Deklaratsiyasiga asos boʻlganidan-chi? Fridrix Xayek “Qullikka yoʻq” essesida davlat iqtisodiyotni monopol nazorat qilishi erkinlikni yoʻqotishga olib borishi, fuqarolar iqtisodiy erkinliklarini himoya qilishlari zarurligini uqtirgan. Natijada esse Buyuk Britaniya va AQSHda liberalizm va bozor iqtisodiyoti gʻoyalarining qayta tiklanishiga turtki bergan. Amartiya Sen esa “Rivojlanish, bu – erkinlikdir” essesida rivojlanish faqat moliyaviy farovonlik emas, balki shaxsiy erkinliklar va imkoniyatlar orqali kelishi kerak, degan gʻoyani ilgari surgan. Uning bu asari jahon miqyosida “Inson taraqqiyoti indeksi” (Human Development Index – HDI) va inson huquqlari asosida taraqqiyot siyosatini qayta shakllantirishga taʼsir koʻrsatgan.

 

Jorj Oruellning “Siyosat va ingliz tili” (1946) essesi XX asr siyosiy publitsistikasidagi eng taʼsirli va dolzarb asarlardan biridir. U Ikkinchi jahon urushidan soʻng, urushning taʼsiri hamon jamiyatda sezilib turgan bir davrda urushdan keyingi siyosiy-ijtimoiy muhitga, odamlar ongi va siyosiy tildagi oʻzgarishlarga javob sifatida yaratilgan. Essenavisning bu asarni yozishiga undagan ogʻriq nima edi? Birinchidan, siyosiy tildagi yolgʻon va manipulyatsiya: Oruell urush davri va undan keyingi rasmiy nutqlarda rasmiylik, quruqlik, noaniqlik va yevfemizm (yunoncha “yumshoq ifodalash”, soʻzlovchiga aytish noqulay, nooʻrin yoki qoʻpol tuyulgan soʻz va iboralarning sinonimi sifatida paydo boʻlgan soʻz)lar orqali hukumatlar haqiqatni xaspoʻshlayotganidan gʻazablanadi. Masalan, “bosqin” oʻrniga “tinchlikparvar missiya”, “odam oʻldirish” oʻrniga “qatʼiy choralar” kabi soʻzlarning qoʻllanilishini qattiq tanqid qiladi. Ikkinchidan, mafkuraviy kurashlarda til haqiqatni aks ettirish vositasi emas, balki fikrlarni nazorat qilish quroliga aylangani, “haqiqatni burish tilni buzishdan boshlanishi”, boʻgʻiq va qolipga solingan tilning mustaqil fikrlash qobiliyatini oʻldirishdagi xavfi, fashizm va totalitarizm gʻoyalarining kuchayishi va ommalashishida tilning vosita ekani uni JIM turishga qoʻymagan. Uning fikricha, “Buzuq til – buzuq fikrning ham sababi, ham oqibatidir”. “Ingliz tili va siyosat” essesi eʼlon qilinishi bilan diktatura va propagandaga qarshi odamlar oʻrtasida madaniy-siyosiy hushyorlik ortgan. Jamoatchilikning soʻz erkinligini muhofaza qilishida muhim rol oʻynagan.

 

Shu nuqtayi nazardan, siyosiy esse jamiyatning siyosiy-ijtimoiy tuzilmasini shakllantiruvchi, fikr erkinligi, inson huquqlari va demokratik qadriyatlarni mustahkamlovchi muhim intellektual vosita boʻlgan. XX asrda jurnalistika, akademik yozuv va siyosiy publitsistika chegaralari tutasha borishi bilan “siyosiy esse” mustaqil janr sifatida ommalashdi. Yuqorida tilgan olganlarimiz – Jorj Oruell, Xanna Arendt, Jeyms Bolduin, Noam Xomskiy kabi mualliflar bu janrda salmoqli ijod qildi.

 

XXI asrga kelib esa siyosiy esse faqat qogʻozda emas, ijtimoiy tarmoqlar, ommaviy axborot vositalari va raqamli platformalarda yoziladigan, global va lokal oʻzgarishlarga taʼsir qiluvchi eng muhim intellektual qurolga aylandi. Uning taʼsir doiralari, yoʻnalishlari kengayib, yangi xususiyatlari koʻzga tashlanmoqda. Xususan, internet va ommaviy axborot vositalarida esselar orqali keng jamoatchilik fikriga taʼsir koʻrsatish, tenglik, huquq va demokratiya gʻoyalarini keng targʻib qilish orqali fuqarolik jamiyatini shakllantirish, shaxsiy kechinmalardan oʻtib, siyosiy tahlil va tanqidga urgʻu berilishi natijasida mutaxassislar, faollarning vaziyatga professional baho hamda yechim berishi, global siyosiy voqealarga hozirjavoblik siyosiy essechilikning asosiy yoʻnalishlariga aylandi. Yozuvdagi, ovozdagi yondashuvning oʻzgarishi – hukumat siyosatiga jamoatchilik bosimining ortishi, ijtimoiy harakatlarning faollashishi, “Black Lives Matter”ga oʻxshash fuqarolik harakatlarining paydo boʻlishi, qonunlar va siyosiy tizimlarning qayta koʻrib chiqilishi, “Fridays for future” kabi transmilliy harakatlarning kuchayishiga olib keldi.

 

Asrlar osha taʼsir etib kelayotgan essechilik maktabining bugungi munosib vakillari, ularning jamoatchilikka taʼsiri haqida qisqacha toʻxtalib oʻtsak. Greta Tunberg, Teyzi Kachfild, Jorj Paker, Jill Lepor, Chimamanda Ngozi Adichilarning iqlim oʻzgarishi, urbanizatsiya, tashqi siyosat, tarix, gender tenglik va siyosiy ongga oid fikrlari, munosabati aynan ularning nutq va esselari orqali yetib bormoqda. Xususan, davlatlar iqlim oʻzgarishiga qarshi qonuniy va qatʼiy choralar koʻrishi shart degan shiorni bayroq qilib olgan Greta Tunberg “School Strike for Climate” harakati orqali jahonda millionlab yoshlarni iqlim oʻzgarishi uchun siyosiy faoliyatga chorladi. Teyzi Kachfild “Shaharlar qanday oʻldiriladi?” essesida shaharlar modernizatsiyasi orqali kambagʻallik urchib ketishini tahlil qilishi oqibatida qator AQSH shaharlarida urbanizatsiya siyosati qayta koʻrib chiqildi. Jorj Paker Amerika tashqi siyosatidagi muammolar va ikkiyuzlamachilik haqida yozganidan soʻng, (“Our Man, 2019) AQSH tashqi siyosatida yangi yondashuv strategiyalari muhokama qilindi. Jill Loperning demokratiya va haqiqat tushunchasi evolyutsiyasi haqida keng qamrovli tahlil qilgach (“These Truths”, 2018), AQSHda taʼlim va tarix siyosatlarida fikr almashinuv jarayonlari kuchaydi. Chimamanda Ngozi Adichining “Hammamiz feminist boʻlishimiz kerak” nomli essesi jahoniy rezonans berib, gender tenglik va siyosiy ong mavzusida dunyo miqyosida ilhom manbaiga aylangan. Shuningdek, Ta-Naxasi Koats (Between the World and Me (2015), Rebekka Solnit (Hope in the Dark (2004), Arandati Roy (The Ministry of Utmost Happiness va siyosiy esselar toʻplami), Timoti Snayder (On Tyranny (2017), Roksana Gey (Bad Feminist (2014), Pankal Mishra (Age of Anger (2017) esselari orqali irqiy tengsizlik va siyosiy tuzilmalar, Hindiston va global siyosat, avtoritarizm va demokratik qadriyatlar, populizm va siyosiy tahlika mavzularida siyosiy va ijtimoiy muammolarni koʻtarib chiqishgan.

 

XXI asr siyosiy essechilikning oʻziga xos xususiyatlari tezkorlik (Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali esse tezlik bilan millionlab odamlarga yetib borishi), shaxsiy va ommaviy yondashuv uygʻunligi (har bir kishi oʻz shaxsiy fikri orqali jamoaviy fikrlash jarayonini tezlashtiradi), taʼsir mexanizmi (esse orqali tanqid, ilhom, faoliyatga chaqiriq va siyosiy harakatlarga moyillik oshadi), global masalalarga urgʻuning kuchayishi (iqlim oʻzgarishi, inson huquqlari, demokratiya va raqamli erkinlik kabi mavzularni qamrab oladi) dan iborat.

 

Siyosiy esselar oʻz oʻrnida tahliliy (J.Paker, Our Man – AQSH tashqi siyosati chuqur tahlil qilingan), tanqidiy (J.Lepor, These Truths – Amerika demokratiyasi tarixi va kamchiliklari haqida), ilhomlantiruvchi (M.Lyuter King, Letter from Birmingham Jail – irqiy tenglik uchun kurashga chaqiruv), shaxsiy-siyosiy (Greta Tunberg nutqlari: iqlim oʻzgarishiga shaxsiy munosabat), interaktiv/multimedia (“Fridays For Future” veb-sayt esselari va bloglari: ekologik muammolarni raqamli formatda yoritib borish) kabi turlarga boʻlinadi.

 

XXI asrda siyosiy esse koʻp jihatdan anʼanaviy usullardan chetga chiqib, nafaqat fikr bildirish, balki oʻquvchi bilan faol muloqot qilish, global muammolar yuzasidan shaxsiy pozitsiyasini ifodalash va ommaviy harakatlarga turtki berishning asosiy vositasi sifatida koʻriladi. Bugungi kunda siyosiy esse faqat shaxsiy fikr ifodasi emas, balki jamiyat ongini oʻzgartirish, siyosiy jarayonlarga taʼsir koʻrsatish, inson huquqlari va global adolat uchun kurashning asosiy vositasidir. Qisqacha aytganda, XXI asrda siyosiy esse jamiyatning intellektual va siyosiy hayotining ajralmas qismiga aylangan.

 

Eng taʼsirchan siyosiy esse mualliflari nafaqat yaxshi yozuvchilar, balki jamiyat fikrini shakllantiruvchilar, siyosiy harakatlarga ilhom beruvchilar, haqiqat va erkinlik uchun faol kurashuvchilardir. Aziz oʻquvchi, maqola yakunida Sizga savol bilan murojaat qilmoqchiman: Siz esse yozyapsizmi yo voqelikni qayta yaratyapsizmi? Avvalo shu savolga javob bering.

 

Sevara ALIJONOVA,

Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy

kommunikatsiyalar universiteti

tayanch doktoranti

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

16:05 / 05.05.2025 0 627
Yassichamandagi ikki turkiy toʻqnashuvi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//