Sog‘lom odam ataylab qilgandayam bunday xatolarga qo‘l urmaydi – jamiyatdagi farosatsizlik ko‘rinishlari


Saqlash
18:03 / 07.05.2025 38 0

Har tilning tarjima qilib bo‘lmaydigan so‘z va iboralari bo‘ladi. Bu haqda gap qo‘zg‘alganda ko‘pchilik “andisha” so‘zini yodga oladi. “Mushuging dasturxonni benamoz qildi” qabilidagi iboralar ham bor. Bu so‘z va jumlalar mo‘ljalga shunchalik aniq tegadiki, na biror narsa qo‘shib, na biror narsa olib tashlab bo‘ladi. Lekin tarjimon qiynaladi.

 

Bugun tarjima qilib bo‘lmaydigan yana bir so‘zimiz haqida so‘z yuritsak. Bu farosatdir.

 

“Andisha” so‘zi o‘rniga qarab turli ma’no va maqsadlarni ko‘zlaganidek, “farosat” kalimasi ham ba’zan “odob”, goho “aql”, ba’zan “fahm” (anglamoq), goho “iymon”, bir qarasangiz “tarbiya”, ayrim hollarda hatto “mantiq” ma’nolariga yaqinlashadi. Lekin tarjimonga qiyinligi shundaki, o‘zbeklar turdosh-ma’nodoshlarning birortasini ham ishlatmay, aynan “farosat”ning o‘zidan foydalanadi. O‘shanda mutarjim qaysi ma’nodosh orqali o‘girishni bilolmay, ko‘p boshi qotadi.

 

Aslida “farosat” – arabcha so‘z. Lekin xalqimiz bu kalimani o‘zlashtirganda, lug‘atga muvofiq ravishda “fahmlash”, “o‘tkir aql” ma’nolari bilan cheklanib qolmagan va uni asrlar mobaynida juda keng tushunchaga aylantirgan. Hatto ota-bobolarimiz “farosat – yarim karomat”  degan naql ham qoldirgan. Chunki muqaddas dinimizda farosatga haq bilan botilni ajratish qobiliyati sifatida qaraladi. Har qanday noyob qobiliyat, masalan, avliyoning karomati Parvardigorning izzat-ikromi, in’omidir. Ya’ni, valiy insonning karomati g‘ayrioddiy amallarni bajarishi emas, balki ato etilgan qobiliyatining namoyon bo‘lishidir.

 

Bir hadisda aytilganidek, Mo‘minning farosatidan ehtiyot bo‘linglar, chunki u Allohning nuri bilan nazar soladi”. Bundan anglashiladiki, qalbiga ilohiy nur tushgan inson voqea-hodisalar zamiridagi haqiqatni aniq ko‘radi. Uni hech narsa chalg‘ita olmaydi, xufiyona amal, hech bir niqob yo parda uning nazarini asl mohiyatdan to‘sa olmaydi.

 

Shundan kelib chiqib, farosatni qalb ko‘zi deyish mumkindir. Shunda befarosat odamni “qalbi so‘qir” desak, tarjimonga yarim misqol bo‘lsa-da yordam bergan bo‘lib chiqardik.

 

Endi mavzuga nima uchun uzoqdan kelishimizning sababiga to‘xtaladigan bo‘lsak, ommaviy axborot vositalarida aytilaverib, siyqasi chiqqan gaplarni takrorlamaslik, o‘quvchini maqolaning boshidayoq bezdirib qo‘ymaslik maqsad qilindi. To‘g‘ri, bugun beodob, betarbiya, behayo odamlar safi befarosat kimsalar hisobiga yana ham kengayib borayapti. Ularning qilmishlari har qanday insonning g‘azabini qo‘zg‘aydi, juda bo‘lmaganda ensasini qotiradi.

 

Mana, kundalik hayotdan oddiy bir misol. Ertalab uydan chiqdingiz, chorrahadan o‘tishingiz kerak. U – kichkina chorraha, yo‘lchirog‘i yo‘q, mashina ham. Chapga bir qarab olib, yo‘lning yarmidan o‘tdingiz, keyin o‘ng tomonga qarasangiz, mashina kelayapti. Uni o‘tkazib yuborib, keyin yurishga qaror qilasiz (negaki, sabr qilmagan odam yo‘lni kesib, narigi tomonga emas, narigi dunyoga o‘tib ketishi hech gapmas). U sizning kutayotganingizni ko‘rayapti. Lekin chorrahaga kelganda siz tomon yurmay o‘ngga (yo chapga) burilib ketdi. Vaholanki, siz uni o‘tkazib yuborish uchun to‘xtab turdingiz, kutdingiz, vaqt yo‘qotdingiz. Shuni ko‘rib kelayotgan haydovchi burilish signalini yoqqanida edi, siz uni kutmasdan, yo‘lning qolgan qismidan bamaylixotir o‘tib ketardingiz. Beixtiyor tilingizdan “he, befarosat, chirog‘ingni yoqsang qo‘ling sinarmidi?” degan so‘zlar chiqadi.

 

Biz bunday misollarni qalashtirmasdan, farosat (yo farosatsizlik) mavzusiga boshqa tomondan yondashmoqchimiz. Aniqroq aytganda, “nima uchun shunday?” degan savolga javob izlab ko‘rgimiz keldi.

 

Boya, yo‘lda duch kelganimiz befarosatlik avvalo egoizm bo‘lsa kerak. “Kutsa kutipti-da, men unga hisobot berishim shartmi?”.

 

Ikkinchi tomondan bu odobsizlikka o‘xshab ketadi. Odobsizlik esa tarbiyasizlikdan kelib chiqadi. Haydovchiga “Seni o‘ylab, hurmatingni qilib, yo‘l bermoqchi bo‘lgan odamga sen ham hurmat ko‘rsatib, “birodar, kutib, bekorga vaqt ketkazmang, men burilmoqchiman, o‘tavering” degan ma’noda burilish chirog‘ini yoqsang bo‘lmasmidi, senda odob-axloq bormi? Seni kim tarbiya qilgan o‘zi!” degingiz keladi.

 

Yana bir jihatdan qaraganda, bu befahmlikka tortayotgandek bo‘ladi. Buning negizida loqaydlik, e’tiborsizlik, burnining uchidan narisini ko‘rmaslik (faqat rulda emas, umuman, odamlarning nazaridan, harakatidan ularning niyatini ilg‘ab ololmaslik) kabi illatlar bor. Yo‘ldan o‘tayotgan piyodani, uning aynan shu mashina o‘tib ketishini kutib turganini payqamaslik bir-birini umuman tanimaydigan ikki inson o‘rtasida bir-biriga yetib bormaydigan sassiz, javobsiz dialog paydo qilayapti. “Befarosat!”.

 

Ko‘rib turganimizdek, farosatsizlik odobda, aqlda, fahmda, iymonda, tarbiyada, mantiqda noqislikning oqibati ekan.

 

Buning iymonga nima aloqasi bor desangiz, e’tiboringizni mana bu hadisga qaratamiz.

 

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

 

“Ey Allohning rasuli, islomdagi qaysi (amal) afzal?” deyishdi. U zot sollallohu alayhi vasallam “Qo‘li va tilidan musulmonlar omonda bo‘lgan kishi(ning amali)” dedilar”[1].

 

Haydovchining xayolidan nima gap o‘tganidan qat’i nazar, qo‘li yaxshi ish qilmadi axir. U qo‘l yonchiroqni yoqib qo‘yishga uzatilmadi, oqibatda o‘zgaga ozor yetdi. Jismoniy emas, albatta. Piyodaning dili xira bo‘ldi.

 

Mantiqqa ham aloqadorlik joyi bor. “Anovi piyoda to‘xtab turipti, hoynahoy, meni o‘tkazib yubormoqchi, burilishimni bilmaydi” degan mantiq bo‘lganda edi, yonchiroq yoqilardi va yo‘lning yarmida turgan odam to‘xtab turmasdi.

 

Bu mayda gapdek tuyulishi mumkin. Ruslar “дьявол кроется в деталях” deb bejiz aytmaydi. Ertalab uyidan xush kayfiyat bilan chiqqan kishi dastlab yo‘lda bir mayda “detal”ga uchraydi, keyin yana nimalargadir duch keladi. Ehtimoldan xoli emas-da. Mana, deylik, yo‘ldan o‘tib oldingiz, jamoat transportiga chiqayapsiz. Tushmasa ham eshikning oldini to‘sib turgan yigirma yashar barzangiga qarab, “chetroq tursang bo‘lmaydimi!” degingiz keladi. “Bu befarosat bilan o‘chakishib, shuning darajasiga tushamanmi?” deysiz-da, bir amallab ichkariroqqa tisarilasiz. Shunda kimdir oyog‘ingizni bosadi. Uzr o‘rniga “Nimaga oyoq ostida o‘ralashasan?” deganday o‘qrayadi. Yana indamaysiz. Nariroq o‘tasiz. Telefonining ovozini balandlatib, o‘zi kulgili hisoblaydigan lavhalarni ko‘rayotgan talaba o‘tirgan bo‘ladi. Uning nazdida bu shang‘illagan ovozlar, bu bemaza kliplar o‘ziga yoqsa, demak, boshqalarga ham yoqayapti, shu bois u kishim buni butun salonga “ilinayapti”. Holbuki, yonidagi qariyaga joy berish xayoliga ham kelmaydi. Xullas, o‘z bekatingizga yetib kelasiz, tushayotib boyagi, haliyam g‘o‘ddayib turgan barzangini bir turtgingiz keladi-yu, jim o‘tib ketasiz. Ishxonaga kirish uchun yana yo‘ldan o‘tish kerak. Chapga qaraysiz, bir mashina kelayapti, sizni ko‘rib sekinlashadi. O‘tkazib yubormoqchi shekilli. Yo‘q! Oldingizda to‘xtab, ya’ni, yo‘lingizni to‘sib, “taksi kerakmasmi?” deydi.

 

Keling, yana kundalik hayotdagi voqea-hodisalar bilan davom etaylik. Siz ishxonaga dilingiz xira bo‘lib keldingiz. Holbuki, ish kuni endi boshlanayapti. Ayrim ishxonalarda bo‘lganidek, sizning hamkasblaringiz orasida ham o‘z egallab turgan joyiga nomunosib xodimlar bor deb faraz qilaylik (aslida faraz ortiqcha bo‘lsa ham). Aytaylik, bir shifokor boshqa bir kasbdoshining bemorga bosh og‘rig‘ini qoldiradigan dori o‘rniga yurakka malham yozayotganini ko‘rsa, tutaqib ketishi turgan gap. Shunaqa valakisalang hamxonangiz “bir ko‘rib berasizmi?” deb chala-chulpa ishni keltirib beradi. Uni deyarli boshqatdan qilish kerak. Sabr bilan yordamlashasiz. U rahmat o‘rniga “ha-ya, mana bu yeri shunaqa bo‘lishi kerak deb o‘ylagandim o‘zi, mana buni ham to‘g‘ri qilgansiz, o‘zim aslida shuni mo‘ljal qilib turgandim” qabilidagi xaspo‘shi gaplar bilan nari ketadi.

 

Yana “hamma joyda shunday” demaylik-da, sizning ishxonangizda nomunosib rahbar o‘tiripti deb faraz qilaylik. Oldiga ishingizni olib kirasiz. “Jiddiyroq qarash kerak!”, “Mas’uliyat bilan yondashing!”, “Kim bunaqa qilib ishlaydi, mana buni sal boyiting!”, “Falonchiyevdan (boyagi valakisalangni nazarda tutadi) o‘rnak olmaysizmi!” degan gaplarni eshitasiz. Ishingizdan ko‘nglingiz to‘q, shunchaki, u rahbar bo‘lgani uchun koyishi kerak. Diplomini olib bergan, ishga joylab qo‘ygan otasi shunday o‘rgatgan. Siz, masalan, matematika sohasida ishlaysiz. Unga aytasiz: “Sirojiddinov shunday qilgan-ku”. Boshliq pinagini ham buzmaydi. Akademik Sirojiddinovni u qayerdan ham bilsin, allaqachon oramizda emasligidan qanday boxabar bo‘lsin. O‘z nazdida sizni go‘yo chaqib oladi: “O‘sha Siradjidinov shunaqa aqlli bo‘lsa, mening o‘rnimga kelib o‘tira qolmapti-da!”.

 

Yaxshi ketayapmizmi?!

 

Egoizm, mas’uliyatsizlik, beparvolik, loqaydlik, g‘irromlik, behayolik, bepisandlik va yana qanchadan qancha illatlar farosatga, aniqrog‘i, uning yo‘qligiga borib taqalayapti.

 

Mana, maosh olgan kuni ishxonadan chiqib, bozorga kirdingiz. Qo‘liga bir dasta pul qistirib olgan qo‘pol bir odam chorasizlikdan arava surayotgan bolaga qanday munosabat qilayotganiga ko‘zingiz tushadi. Pulni yashirmasdan qo‘lida olib yurishining o‘zi – ko‘rmaganlik alomati. O‘zidan quyi tabaqa deb hisoblagani uchun aravachi bolani odam o‘rnida ko‘rmaydi. Tasavvur qilasiz, xuddi shu odam boshlig‘ining oldida aravachidan battar tahqirlansa ham kulib tursa kerak. “Qani edi, o‘sha payti mana bu bola yoningda bo‘lib qolsa-yu izza bo‘layotganingni miriqib tomosha qilsa!” degan o‘y o‘tadi xayolingizdan.

 

Tan olish kerak, pul ko‘p narsani hal qiladi. Lekin unga mukkasidan ketib mehr qo‘yishni hech bir ta’limot oqlamagan. Masalan, aytganlaridaykim,  inson pulga chiroyli kiyim sotib olishi mumkin, lekin halovat va saodatga pul bilan erisha olmaydi. Taom sotib olishi mumkin, lekin ishtahani emas. O‘ta shinam yotoq sotib olishi mumkin, lekin bahuzur uyquni emas. Kuchli-kuchli dorilarni sotib olishi mumkin, lekin salomatlikni emas. Xizmatkor yollashi mumkin, do‘st sotib ololmaydi. Pul to‘lab ko‘ngilxushlik qilishi mumkin, lekin haqiqiy quvonchni sotib ololmaydi. Kuchli o‘qituvchi yollashi mumkin, lekin aql-zakovat va yetuk ongni sotib ololmaydi.

 

Bir shinavanda hamkasbimiz farosatsizlik holatlariga duch kelganda “Al-farosat-u lil muttaqiyn!” deb qo‘yadi. Oxiri bir kuni buning ma’nosini so‘rashga to‘g‘ri keldi. “Farosat taqvo egalarinikidir” ekan. “Bu oyatmi yo hadis?” savoliga bunday javob bo‘ldi: “Bu oyat ham, hadis ham emas, bu – akang qarag‘ay!”. O‘zini shunday chalg‘itar ekan-da.

 

 

Masjidni ham eslatib o‘tish kerakdir-a? Juma kunlari nima uchun masjidlar oldiga yaqinlashib bo‘lmaydi. Chunki ilgari bir mashinaga to‘rt-besh kishi minardi. Hozir mashinalar torayib ketdi – egasidan boshqasini sig‘dira olmaydi, buning ustiga masjid uyidan bir kilometr narida bo‘lsa ham piyoda borgilari kelmaydi, savlat to‘kib, mashinada borishlari kerak. Tag‘in mashinasini nariroqqa qo‘yishni o‘zi uchun haqorat yo past ketish deb biladi, shuning uchun masjid devoriga taqab qo‘yishga harakat qiladi. Bu yerdan nogironlar aravasi, bolalar aravachasi, umuman, odamlar o‘tishi mumkinligini o‘ylab ko‘rish uchun esa... Barakalla! Farosat kerak. Lekin u kishim namozga kelayapti-da. Hamma uning ko‘ngliga qarashi kerak. Uning boshqalarni ovora qilishi gunoh bo‘lsa, bu gunoh juma namozidan oladigan savobining oldida hech narsa emas.

 

Masjid haqida gap ochilgan ekan, yangi paydo bo‘lgan bir qusurga salgina to‘xtalib o‘tish kerak (bu siyqasi chiqqan gap emas). Shukrki, hozir hayotimiz farovon, sharoitimiz yil sayin yaxshilanib borayapti. Jumladan, ilgari fantastik voqea sifatida ko‘rilgan umra safari ancha yengillashdi. Jo‘n aytganda, cho‘ntagi ko‘targanlar bemalol borib kelishayapti. Bu – juda yaxshi. Lekin tanganing orqa tomoni bor: ayrimlar xorijning foydali emas, xunuk odatlarini o‘zlashtirishga, bu bilan o‘zini o‘ta zamonaviy inson, o‘ta ilg‘or tafakkur sohibi qilib ko‘rsatishga qiziqadi. Xullas, masjidlarimizda uxlash rasm bo‘layapti. Bu narsa yo‘lda imkonsiz qolgan g‘arib musofirga mumkindir, lekin masjid atrofida uyi bo‘la turib bunday qilish g‘alati. Baraka topkur, arablar shunday qilsa, sen taqlid qilishing shartmi?! Masjid sajda so‘zidan olingan, u – o‘z nomi bilan ibodat maskani. Ovqatlanish maskani hisoblanadigan restoranda uzala tushib uxlamaysan-ku yoki to‘shagingda idish-tovoq, choynak-piyolani changitib taom yemaysan-ku! Har bir maskanning o‘z funksiyasi bor. Nima uchun endi ibodatxonada uxlashing kerak? Ilg‘or fikrli ekaningni tom ma’nodagi ilg‘orlik bilan – ilm-fanda, yuqori texnologiyalarda, islohotlarda, ta’lim yo tibbiyotda peshqadamlik, novatorlik, tashabbuskorlik bilan namoyon qil, hamma “otangga rahmat” deydi.

 

Farosatsizlik nimalarga olib borishini oddiy misollarda ko‘rdik. Lekin befarosatlikka nima olib keladi? Shunisini ham o‘ylab ko‘rish kerak. Ha, avvalo tarbiyadagi nuqson. Mana bu latifanamo gapga e’tibor qarataylik.

 

Ota o‘g‘liga soat olib berdi. Keyin tushuntirdi:

 

– O‘g‘lim, bu – soat. Mana, masalan, qara, bunisi oltida, bunisi o‘n ikkida turgan bo‘lsa, demak, soat olti bo‘lgan bo‘ladi.

 

Ertasiga bo‘layotgan dialog:

 

– Soat nechchi bo‘ldi, o‘g‘lim?

– Hozircha bilmayman, ota.

 

Negaki, ota o‘g‘ilga faqat qachon olti bo‘lishini ko‘rsatdi. Vaqtni aniqlashni o‘rgatmadi. U “odamga baliq ber – bir marta qorni to‘yadi, baliq ovlashni o‘rgat – doim to‘q bo‘ladi” degan gapning mag‘zini chaqmagan. Bu latifanamo gap “nodon” o‘g‘ilning ustidan kulish uchun aytilmagan, balki otaning farosatsizligi bolani qanday noqulay ahvolga solishi mumkinligini ko‘rsatish uchun bayon qilingan. Qolaversa, bola ham otaga mos.

 

Oqni oq, qorani qora deyish bilan ish bitmaydi. Bola tabiatan hamma narsaga qiziqadi, shuning uchun ayniqsa go‘dak yoshidagilar juda ko‘p savol beradi. Lekin biz “kelib chiqishi” xuddi o‘sha bolalik bo‘lgan kattalar ishtiyoq uyg‘otish, qiziqtirish bilan yoqimsiz buyruq, bezdiradigan topshiriq o‘rtasidagi tafovutni ko‘rmay qolamiz. To‘g‘ridan to‘g‘ri buyruq yo taqiq kishini bezdiradi, ba’zan buning aksini qilish maylini kuchaytiradi. Aslida “bunday qil” yo “unday qilma” o‘rniga “bunday qilsang, falon yaxshi narsaga erishasan” yo “unday qilmasang, falon balodan qutulasan” deganda, amr ham, taqiq ham ongga mahkamroq o‘rnashadi.

 

Bu borada Oybek domlaning xotiralarida mahallaning chirog‘i haqida yozilgan gap yaxshi o‘git bo‘ladi. Bolalar chiroqni sindiraveradi, “bunday qilmanglar” degan gapni tushunmaydi. Kunlardan bir kun yoshi ulug‘ bir odam qorong‘u tushganda chiroq ostiga yig‘ilgan bolalarning oldiga keladi-da, “Falon bobo qish chillasi tunda uyiga qaytayotib, eshagining oyog‘i toyib, mana bu ariqqa tushib ketib o‘lgan edi. Chiroq butun turganida shu fojea yuz bermagan bo‘lardi” deydi. O‘shandan keyin mahallaning chirog‘i sira ham sindirilmagan ekan. To‘g‘ridan to‘g‘ri “qilma” buyrug‘i bilan “qilmasang, boshingga (boshimizga) falon tashvish tushmaydi” degan “yashirin” tavsiya ko‘rinishidagi amrning farqi mana shunda bilinadi.

 

Lekin farosat faqat tarbiya bilan shakllanib qolmas ekan. Yo‘l haqida ko‘p gapirilgan bo‘lsa-da, asosan katta ko‘chalarni tilga oldik. Qarangki, kichiklarining ham ahamiyati kam emas ekan. Bu o‘rinda mavzuga aloqador ikki hadisni keltirmoqchimiz.

 

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

 

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Bir kishi ko‘chada ketayotib, yo‘l ustida tikanli shoxni ko‘rib qolib chetga olib qo‘ydi. Buning uchun Alloh undan rozi bo‘lib, gunohlarini kechirdi” dedilar”[2].

 

Yo‘l odobi to‘g‘risidagi bu hadisda farosatga taalluqli jihat ham bor. U saxovatli odam kimningdir tarbiyasi tufayli yo maslahati bilan shoxni olib tashlamadi, balki farosatining amriga quloq tutdi. “Menga noqulaylik tug‘dirib, ozor berayaptimi, menga yoqmayaptimi, demak, boshqaga ham yoqmaydi, kel, shuni chetga olib tashlay qolay”. Ana farosat!

 

Ikkinchi hadis ham yo‘l odobi haqida, uning ham bir chekkasi farosatga taalluqli.

 

Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

 

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Yo‘llarda o‘tirishdan saqlaning” dedilar. “Ey Allohning rasuli, boshqa ilojimiz yo‘q, chunki shu yerda gaplashib o‘tiramiz” deyishdi. U zot “(Yo‘l chetida) o‘tirishdan boshqasiga ko‘nmaydigan bo‘lsangiz, u holda yo‘lning haqqini bering” dedilar. “Yo‘lning haqqi nima, ey Allohning rasuli?” deyishdi. U zot “Ko‘zni tiyish, aziyat bermaslik, salomga alik olish, ma’rufga buyurib, munkardan qaytarish” dedilar”[3].

 

Hozir torroq ko‘chalarda quyidagi manzaralardan biriga yo barchasiga ko‘p duch kelamiz: bitta yengil avtomobil zo‘rg‘a sig‘adigan yo‘lda mashina yuvish; mashinani chekkasidan odam yo arava o‘tishi mumkin bo‘lgan joyga qo‘yib, o‘sha ochiq qolgan joyda davra qurib, suhbatlashish; xuddi shunday joyda mashina eshiklarini ochib qo‘yib, boshqalarning o‘tib-qaytishiga xalal berish, baland ovozda musiqa tinglash va hokazo.

 

Umuman, haydovchilik madaniyati ba’zan shu darajada tubanlashib ketgan bo‘ladiki, hatto dafn marosimida ham kimo‘zarlikka ko‘zimiz tushadi. Tobut ortilgan mashinadan oldindagi chorrahalarga borib olib, chap va o‘ngdan keladigan yo‘llarni to‘sishdan (aslida janozani ko‘rgan boshqa haydovchilar va inspektorlar shusiz ham yo‘l ochib beradi) mayyitga hech qanday naf yo‘q. U dunyodan o‘tib bo‘ldi, endi uning sal tezroq dafn etilishdan muhimroq tashvishlari bor. Buni anglash uchun farosat kerak.

 

To‘y-ma’rakalarimiz to‘g‘risida so‘z yuritganda, xunuk manzaralar yanada ko‘payadi. Bizda yoshi ulug‘lar hurmati uchun o‘rindan turish, ularga to‘rdan joy berish, shularning ma’naviy izni bo‘lmish “qani-qani” bilan taomga qo‘l uzatish, turganda avval ularga yo‘l berish – juda qadimdan kelayotgan odatlar. Lekin bugun sherigiga haqqini berib qo‘ymaslik uchun hech kimga qaramasdan, qoshiq bilan lalini taraq-turuq qilib, qirq yillik qahatdan keyin endi palov ko‘rayotgandek taomlanish holatlariga duch kelayapmiz. Go‘yo bu o‘t o‘chiruvchi-yu, u yoqda bir nima yonib ketayotgandek. O‘ta zarur ishli odam fotihani kutmasdan turib ketishi ham shu misol sirasida. Endi yoshi ulug‘larga, ayollarga yo‘l berishni gapirmasa ham bo‘ladi. O‘zini yo‘lning xoqoni sanab, chetlashsangiz, o‘sha tomonga o‘tib olib, tikka ustingizga bostirib keladiganlar yo‘q emas. To‘g‘ri, bularni odobsizlik deyish ham mumkin. Lekin ko‘pchilik bunaqa “xoqonlar”ni baribir befarosat deydi.

 

Millionlar o‘yini bo‘lgan futbolga tegishli bir gap. Nima uchundir ayrim hamyurtlarimiz uzoq-uzoq o‘lkalardagi futbol jamoalariga ko‘ngil qo‘yib, kuyib-pishib ishqibozlik qiladi. O‘sha o‘ynagan kuni uyqudan qolishga ham rozi. Hisobni ertasiga yangiliklar dasturidan bilib olsa bo‘ladi, koshki bunga ko‘nsa. To‘qson daqiqalik butun jarayonni jonli ko‘rmasa, ko‘ngli joyiga tushmaydi. O‘zi, aytaylik, Manchester qayerdagi shahar ekanini bilmaydi, lekin astoydil ishqibozlik qiladi. Yonida qarshi jamoaning ishqibozi turgan bo‘lsa, mushtlashishdan ham toymaydi. Albatta, qaysidir xorijiy jamoaga qiziqish, ishqibozlik qilish – xobbi. Buning yomon joyi yo‘q. Lekin buni telbalik darajasiga chiqarish befarosatlikdir. O‘sha Manchesterdagi odamlar bu ishqibozning bor-yo‘qliginiyam, hayajonining tabaqasiniyam, mag‘lubiyat payti ichidan zil ketib, siqilib yurishi-yu g‘alaba onlarida boshi ko‘kka yetishiniyam bilmaydi. Aslida “men nima jin urib bu besh-begona jamoa uchun bunchalar kuyib-pishishim kerak, bironta manchesterlik odam bizning “Nasaf” yo “Navbahor”ga ishqibozlik qiptimiki?” degan oddiy savol hammasiga chek qo‘yishi mumkin. Lekin buning uchun ham farosat kerak.

 

Siyqasi chiqmagan yana bir gap. Ba’zan nonushta, tushlik yo kechki taom payti oila a’zolariga qo‘shilib, (sabr bilan) milliy kinomiz ijodkorlarining “dohiyona asar”larini tomosha qilishga to‘g‘ri keladi. Shulardan birida o‘lim to‘shagida yotgan sevgilisining oldidan ko‘ngli qattiq buzilib chiqqan yigit yomg‘ir urib turgan osmonga qarab “Ey xudo, Faloncha yashashi kerak! U yashashi kerak!” deb, o‘z nazdida to‘g‘ridan to‘g‘ri Parvardigori olamga dag‘dag‘a qilib qolsa bo‘ladimi?!

 

Boshqa bir “noyob namuna”da anchadan buyon tirnoqqa zor bo‘lib yurgan kelinchak banogoh shifokordan o‘zining homiladorligi haqidagi tibbiy xulosani eshitgach, shukrona keltirish o‘rniga, go‘yo bir tanishiga aytayotganday: “Ey Xudo! Rahmat, rahmat!” deb qoldi deng.

 

Farosatsizlikning ajib yuksalish davriga yetib keldik shekilli. Biz banda buyruq ohangida gapirmaydi, balki iltijo bilan duo qiladi, shukr aytadi va rahmatdan umidvor bo‘ladi deb bilardik. Ekranda esa bir banda Rabbiga dag‘dag‘a qilsa, boshqasi unga “rahmati”ni yog‘dirayapti. Dag‘dag‘a va rahmatning obyekti va subyekti to‘g‘risidagi xulosani, mazkur ikki epizoddagi gaplarning bahosini din peshvolari bersin. Biz kimlarnidir shirk, kufr yo shakkoklikda emas, shunchaki befarosatlikda ayblab qo‘ya qolamiz va shu bilan cheklanamiz. Harholda, yegulik yo‘q payti tug‘ilgan ishtahadan taom bor vaqtdagi ishtahasizlik yaxshiroq. Farosatsizlik tufayli paydo bo‘lgan ma’naviy iztirobni indamay ichga yutamiz, taomni ham.

 

...E’tibor bersangiz, farosatning eng yaqin qofiyadoshi arosat ekan...

 

Xullas, aytaversa, gap ko‘p. Shu vajdan bir ojiz qalamkash sifatida befarosatlik tufayli ona tilimiz qanday aziyat chekayotgani haqida yana ozgina so‘z yuritib, keyin mulohazaga nuqta qo‘ysak. “Mohir” tarjimonlarimiz to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘girishi oqibatida chet el seriallarida qahramonlar “hozircha” (ruscha “пока”ning to‘g‘ridan to‘g‘ri tarjimasi) deb xayrlashishiga ko‘nikib ham qoldik. Bunga “tong orttirsa”, “bo‘yin toblasa” degan yangi “kashfiyotlar” qo‘shilayapti. Aqli sog‘lom odam – ataylab harakat qilganda ham – bunaqa xatolarga yuz yildayam qo‘l urmasa kerak. Tongning nimasini orttirish mumkin ekan, bo‘yinni nima bilan toblash mumkin ekan, ajabo! Bularni “texnik xato” dersiz. Mumkin. Unda xushmuomalalik belgisiga aylangan “yaxshi ishlang!” tilagiga nima deysiz?! Bu og‘zaki nutqda keng tarqalib ulgurgan ibora. Unda texnik xato yo‘q, savodsizlik ham yo‘q. Yaxshiki, bu gap shinam ofislarda, “kostyum-shimlik” maskanlar hisoblanuvchi “madaniyatli” joylarda aytiladi. O‘sha oq yoqalilar loy qorayotgan odamga “yaxshi g‘isht quying” deb ko‘rsin-chi!

 

Binobarin, farosat juda keng tushuncha bo‘lib, befarosatlik ko‘p illatlarning belgisi ekan. Ayni paytda ko‘plab illatlar befarosatlikning omili bo‘lib ham chiqayapti. Shuning uchun hamyurtlarimizni farzandlar tarbiyasiga imkon qadar ko‘p e’tibor berishga, doimo ilm-fan, tafakkur, ziyo sari intilishga, barcha oliy fazilatlarni egallashga, yaxshi qobiliyatlarni orttirishga (ottirishga emas-a!) da’vat etib qolamiz. Zero, jamiyatda, tevaragimizda bo‘layotgan har qanday voqea-hodisa bizning faoliyatimiz yo faoliyatsizligimiz (loqaydligimiz) hosilasidir.

 

Farosatsizlik bizni arosatga yo‘llab qo‘ymasin!

 

Anvar BOBOEV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

ilmiy xodimi

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2025-yil 1-son.

“Arosatdagi farosat” maqolasi



[1] Oltin silsila. Sahihul Buxoriy, 1-juz. – Toshkent: Hilol-nashr, 2013. 132-b.

[2] Oltin silsila. Sahihul Buxoriy, 1-juz. – Toshkent: Hilol-nashr, 2013. – 518-b.

[3] Oltin silsila. Sahihul Buxoriy, 7-juz. – Toshkent: Hilol-nashr, 2018. – 543-b.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:05 / 06.05.2025 0 78
Dunyoga taʼsir oʻtkazgan siyosiy esselar

Tarix

16:05 / 05.05.2025 0 630
Yassichamandagi ikki turkiy toʻqnashuvi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//