Tarix va talqin mas'uliyati – Abdulhamid Ismoilning “Jinlar bazmi yoxud katta o‘yin” romani tahlili (I qism)


Saqlash
20:04 / 31.03.2022 4138 0

(I qism)

 

Maqolada yozuvchi Abdulhamid Ismoil qalamiga mansub “Jinlar bazmi yoxud katta o‘yin” romanidagi Qo‘qon xonligi tarixida mash’um iz qoldirgan “Amir Umarxon kanizi” voqeasining badiiy talqini haqida so‘z boradi. Unda yurtimiz tarixidagi bu g‘oyat murakkab va chigal voqeaning tarixiy manbalardagi turlicha talqinlari yoritilgan. Muhammadhakimxon to‘raning roman syujetiga asos bo‘lib xizmat qilgan “Muntaxab at-tavorix” nomli asari tarixiy haqiqatga sodiqlik nuqtayi nazaridan mufassal tahlil qilinib, unda keltirilgan shohidliklar, faktlarga ayni haqiqat sifatida qarab bo‘lmasligi asoslangan. Asar muallifining Muhammadalixon shaxsi va xonlik davriga doir ma’lumotlarni shaxsiy adovat, siyosiy manfaatlar ta’sirida o‘ta subyektiv yoritgani misollar yordamida dalillangan.

 

Abdulla Qodiriyning o‘zi e’tirof etgan ijodiy prinsiplaridan kelib chiqqan holda, romanda Muhammadhakimxon talqinining adib tilidan berilishi uning xotirasiga hurmatsizlik, ijodiy o‘zligi va irodasiga daxl qilish deb baholangan. Shu bilan birga, tarixiy voqeaning ushbu talqini ham boshqa talqinlar qatori yashashga haqli ekani, ulardan qaysi birini qabul qilish har kimning ixtiyorida ekanligi ham e’tirof etilgan.

 

***

Avvalo, ko‘p andishalarni yengib o‘tibgina ushbu maqolani yozishga jazm qila olganimni qayd etishim zarur. Umid qilamanki, bu andishalarni zukko o‘quvchilarning o‘zlari ilg‘ab olarlar. Zero, kamina ishonadiki, maqolani o‘qish davomida “Jinlar bazmi yoxud katta o‘yin” romani bilan tanish esli-hushli o‘quvchilardan qaysi biri ko‘ngliga inishi mumkin zig‘irdek andishaki bo‘lsa, o‘zining xotiridan-da kechirib o‘tkazdi. Tabiiyki, bular ichida eng ulug‘i “biron bir asar haqida yozishning o‘zida reklama qilish holati ham bor”, degan andisha. Ya’ni kaminaga “shu noma’qul holat haqida yozilmasa va gapirilmasa, imi-jimida esdan ham chiqib ketadi, aksincha, bu haqda jar solinadigan bo‘lsa – hamma qiziqib o‘qiydi” deya e’tiroz qilish mumkin va bu, albatta, asoslidir. Shunga ham qaramay maqolani yozishim kerak degan fikr kun sayin qarorga aylanib boraverdi.

 

Hech shubhasiz, xorijda yurgan taqiqdagi adib asari chop etilganining o‘zi bir voqea – bu jamiyatimizdagi “iliqlik” mevasi. Bas, fikr kishilariga bu mevaga tosh otish durust emasdek, kufroni ne’matdek ko‘rinishi ham ehtimoldan holi emas – shu nav ayblovlar nafasini his qilganing sari shashting ham pasayib, yozishga o‘ylanibroq qolarkansan kishi. Boz ustiga, yurtimizda durustroq bir taqrizga ham loyiq ko‘rilmagan romanning xorijda yuksak mukofotga loyiq topilgani tarixiy voqea emasmi?! Sen esa shu asarni tanqid qilmoqchi bo‘lasan – bunaqada xolis qalam surayotganingga gohi o‘zi ham ishonolmayroq qolarkan kishi, xullas, andishaning bir xillari shularni o‘ylashdan keladi.

 

Andishaning tag‘in bir tomoni tanqidchilik faoliyatim bilan bog‘liq. Ehtimol bilarsiz, Cho‘lponning ilk she’rlari qayta chop etila boshlashi bilanoq ularni rusiyzabon kitobxonga tanitish payida bo‘lgan, rus tiliga o‘girib zamonasining “markaziy nashr”larida e’lon qilgan ham Abdulhamid Ismoil bo‘ladi. Ayni shu ijodkor g‘ayrati sabab bo‘lib, rusiyzabon o‘quvchi “Kecha va kunduz” romanini o‘zbek o‘quvchilaridan bir yil keyinoq – 1989-yilda “Звезда Востока”da mutolaa qilish imkoniga ega bo‘ldi. O‘z davri uchun, shubhasiz, bu juda katta voqea edi. Kamina endigina aspirantura tahsilini boshlagan vaqtim, g‘ayratim ichga sig‘maydi, buning ustiga mavzu ham “Kecha va kunduz”dan, tezda shu xayrli ishga tanqidiy munosabat bildirilgan maqola yozdim. Yoshlik shijoati-yu g‘ururi baland kelib ayrim o‘rinlarda pardani qattiqroq bosgan bo‘lsam bordir, lekin hozir ham ishonchim komilki, o‘shanda niyatim xolis, istagim tarjimani mukammalroq ko‘rish edi, xolos. Faqat, negadir, bu tarjima haqida, adashmasam, boshqa birov yozmadida, kaminaning u haqdagi fikri tugal hukmga o‘xshab qolgandek hanuz noxushlik, noqulaylik paydo qiladi ko‘ngilda...

 

Daromadi cho‘zilib ketdi, asosiy gapni lo‘nda qilib aytsak – yozmasa bo‘lmaydigan holat, shu bois mazkur andishalarning barini bir yon qo‘yib turishga to‘g‘ri keladi.

 

***

Xolislik haqqi aytish kerakki, “Jinlar bazmi yoxud katta o‘yin” romanining odamni beixtiyor o‘ziga tortib ketadigan jozib asar bo‘lgani, o‘tkir intrigalar-u keskin burilishlarga boy syujet, o‘ziga xos kompozitsion qurilish, shirali til, xullas, bugungi o‘quvchini o‘ziga maftun etadigan ko‘plab xususiyatlarga egaligini e’tirof etmaslik insofdan bo‘lmaydi. Asar ulug‘ adibimiz hayotiga oid ko‘pchilikka ma’lum fakt – uning Amir Umarxon kanizi tarixiga g‘oyat qiziqib qolgani, shu voqeaga oid materiallarni yig‘ib-o‘rganib yurgani, hatto ayni mavzuda roman qoralamalarini boshlab qo‘ygani haqidagi ma’lumot asosiga qurilgan. Asar voqealari ikkita – romanning syujet vaqtida va retrospektiv vaqtda kechadi: birinchisida roviy (uchinchi shaxs, muallif) tilidan 1937-yil 31-dekabr kuni Abdulla Qodiriyning hibsga olinishidan boshlab to qatl etilguniga qadar mahbuslikda kechgan hayoti hikoya qilinsa, ikkinchisida personaj (Abdulla Qodiriy)ning ijodiy fantaziyasida yaralayotgan – ya’ni uning hayolidagina kechuvchi Amir Umarxon kanizi bilan bog‘liq voqealar jonlantiriladi (Abdulla o‘yidagilarning bir qisminigina mahbuslar bilan o‘rtoqlashadi). Boshqacha aytsak, 30-yillar voqeligi Abdulhamid Ismoil tomonidan talqin qilinsa, undan qariyb bir asr narida kechmish voqealar go‘yo Abdulla Qodiriy talqini sifatida taqdim etiladi. E’tirozlarimiz ko‘proq keyingi jihat bilan bog‘liq bo‘lganidan, asosiy e’tiborni shunga qaratamiz.

 

***

Yaxshi ma’lumki, adabiyotshunoslikda talqin atamasi “badiiy talqin” ma’nosida ham, “adabiy asar talqini” ma’nosida ham birdek qo‘llanaveradi. Holbuki, bu ikki tushuncha bir-biridan farqlanadi: ularning birinchisi ijod jarayoni bilan, ikkinchisi adabiy asarni o‘qish (uqish) jarayoni bilan bog‘liq (Quronov D. Talqin imkonlari. –T., 2015. –B.12-13). Shundan kelib chiqib, masalan, bitta asarga nisbatan qo‘llangan “talqin” istilohlarining bir xil ma’noda emasligi ham, ularning bir-biridan farqli bo‘lishi ham tabiiy va qonuniyat maqomida deyishga yetarli asos bor. Negaki, har ikki holda ham talqin subyektiv xaraketrga egadir.

 

Albatta, adabiyotshunos ham talqinni o‘quvchi sifatida boshlaydi, ya’ni u ham talqinni talqin qiladi – yozuvchi badiiy obrazlar vositasida aks ettirgan voqelikni tasavvurida qayta yaratadi. Biroq uning talqini shu amalning o‘zi bilangina cheklanmaydi, u tadqiq ham etadi. Adabiyotshunos, jumladan, asardagi obrazlarni tasavvurida jonlantirish asosida qayta akslangan voqelikni real voqelik (asarda aks etgan va asar o‘qilayotgan davr voqeliklari) bilan muqoyasa qilish, shu asosda muayyan xulosalar chiqarishga intiladi. Deylik, o‘rganilayotgan asar zamonaviy mavzuda, muallif bilan adabiyotshunos esa bir zamon-u bir muhit kishilari bo‘lganida ham, ularning har biri ko‘rgan voqelik aynan emas. Xuddi shunga o‘xshash, o‘tmish haqida aynan bir xil manbalarga tayanib hosil qilingan tasavvur ham bir xil bo‘lolmaydi. Shu ma’noda internet tarmog‘ida “Jinlar bazmi yoxud katta o‘yin” romanidagi talqin yuzasidan bildirilgan e’tirozlarni ham tabiiy, ya’ni, xuddi Abdulhamid Ismoilning talqini kabi, mavjud bo‘lishi mumkin (mavjud bo‘lishga haqli) nuqtayi nazarlardan biri sifatida qabul qilish to‘g‘riroqdir. Negaki, bu masalada tomonlardan birining haqligiga tugal hukm chiqarishga intilish samarasiz, har kimning ham o‘zi to‘g‘ri deb bilgan talqin foydasiga shohidlik beruvchi asoslarni keltirish bilangina cheklanishiga to‘g‘ri keladi – shugina imkon borki, biz ham ixtiyorimizdagi ayni imkonni ro‘yobga chiqarish bilan qanoatlanishimiz lozim bo‘ladi.

 

***

Avvalo, Amir Umarxon kanizi voqeasining “Jinlar bazmi yoxud katta o‘yin” romanidagi Abdulla Qodiriy tilidan berilgan talqinga, aniqrog‘i, ushbu talqinning ulug‘ adabimiz tilidan berilayotganiga mutlaqo qo‘shilib bo‘lmasligini ta’kidlash zarur. Sababi, Solih mahdum bahona “Mehrobdan chayon”da Amir Umarxon kanizi masalasiga birozgina to‘xtalib o‘tgan adib uni “Jinlar bazmi yoxud katta o‘yin”dagidan tamoman o‘zgacha talqin qilgan. Unga ko‘ra, “Amir Umarxon oxir umrida o‘z saroyidagi yosh kanizlardan biriga muhabbat qo‘yadir. Kaniz yosh bo‘lg‘anlig‘i va balog‘atka yetmaganligi uchun uni nikohiga ololmay vaqt kutadir. Shu kutib yurish yillarida Umarxon murodiga yetalmay vafot qiladir, boyag‘i kaniz qiz balog‘atka erishadir va bir husniga o‘n husn qo‘shulib otaning bolasi bo‘lg‘an Madalixonni ham o‘ziga oshiq qiladir” (Qodiriy A. Mehrobdan chayon. –T.: Sharq, 2007. –S. 6-7). Ko‘rib turganimizdek, “Mehrobdan chayon”dagi talqinga ko‘ra, Umarxon kanizni ko‘z ostiga olib qo‘yganda, balog‘atga yetsa uylanmoqni niyat qilgan. Ya’ni, garchi romanda zaharli kinoya bilan aytilgan esa-da, a’zolaridan biri Solih mahdumning otasi bo‘lgan ulamolar hay’ati o‘zi chiqargan fatvoga “otangiz marhum nikohlanaman deb aytkan bo‘lsalar ham nikohlandim, deb aytmaganlar” deya dalil keltirgani bejiz emas.

 

“Jinlar bazmi yoxud katta o‘yin” romanida Abdulla Qodiriy tilidan berilgan talqiniga ko‘ra esa, “1235-nchi hijriya, Sunbula oyining o‘rtalari kallayi sahardan karna-yu surnay ovozi” Umarxon “G‘ozixo‘janing go‘zallikda tengi yo‘q qizi Poshshaxonni o‘z nikohi shariyyalariga olishlarini shahar fuqaro-yu fuzalosiga e’lon” (Ismoil A. Jinlar bazmi yoxud katta o‘yin. –T.: Akademnashr, 2017. –S. 10) qiladi. Ya’ni, agar bu talqinga ko‘nadigan bo‘lsak, u holda Madalixon chindanda o‘z otasining shar’iy nikohida bo‘lgan ayolga – o‘gay onasiga uylangan va bu harakati bilan Qur’oni Karimda maxsus oyat (!) bilan ta’kidlab qo‘yilgan taqiqni buzgan bo‘lib chiqadi. Zero, Niso surasining 22-oyatida “Otalaringiz uylangan xotinlarni nikohingizga olmang! Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa (Islom diniga kirishdan avval uylangan bo‘lsangiz, Alloh afv etar). Albatta, bu xunuk va jirkanch bo‘lgan yomon qiliqdir” deb aytiladi. Bas, agar Umarxon chindanda Xonposhshani karnay-surnay bilan to‘y qilib xotinlikka olgan bo‘lsa, har qancha iymonini yutgan ulamolardan tashkil topgan hay’at ham Madalixonning unga uylanishiga izn beruvchi fatvo qilib bermas, qilib berolmas edi. Abdulla Qodiriy ilk romanini yozgan vaqtlaridan boshlaboq o‘ziga yaqin tarixga oid manbalar bilan qiziqqani shubhasiz. Xususan, “Mehrobdan chayon”ni yozish oldidan tarixiy manbalarni o‘rganish bilan birga tasvirlanajak voqealar kechgan joylarda bo‘lib, ularning jonli guvohlari bilan suhbatlar qurgani ham ma’lum. O‘g‘lining guvohlik berishicha, adib “…tarixiy asar yozganda biror shaxsning xoh og‘zakidir, xoh yozmadir bergan shohidligiga darhol ishonaverish bo‘lmaydi, uni obdan tekshirib, mantiq andozasiga solib, so‘ng asarga kiritish kerakkim, kitobxonda e’tiroz, shubha tug‘ilmasin…” (Qodiriy X. Otam haqida. –T., 1983. –S. 205) deb bilgan. Hech shubha yo‘qki, bu gaplarni yozma manbalar va og‘zaki hikoyalarda bitta voqea haqida turli-tuman, bir-biriga va hatto sog‘lom mantiqqa mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarga ko‘p bora duch kelgan odam aytgan. Bas, bunday odam Amir Umarxon kanizi voqeasining “Mehrobdan chayon”dagi talqinini asoslovchi og‘zaki va yozma ma’lumotlarni mantiq tarozisining bir pallasiga, “Jinlar bazmi yoxud katta o‘yin” romanidagi talqinni asoslaydiganlarini ikkinchi pallasiga qo‘ygach, posangiga zargarona nigoh bilan qarashi tabiiy, albatta. Shunday ekan, loaqal ko‘zga yaqqol tashlanib turgan yuqoridagi mazkur holatni “mantiq andozasiga solib” ko‘rgach, ulardan birinchisini tanlashi haqiqatga yaqinroq ko‘rinadi. Nega? Ikkinchi talqin qay jihatlari bilan “mantiq andozasi”ga muvofiq kelmaydi?

 

Bu savollarga javobni ham boshlab “Mehrobdan chayon”dan izlasak, bizningcha, to‘g‘ri bo‘ladi. Romandagi talqinga ko‘ra, otasining kanizagiga ko‘ngil qo‘ygan Muhammadalixon mahbubasiga yetishish uchun ulamolar “fatvo”siga muhtoj. Negaki, xon bo‘lgani bilan u ham atrofidagilar bilan hisoblashish, elning andishasini qilishga majbur – ko‘ngliga nimaiki kelsa qilaveradi emas. El deganimiz esa Qo‘qon xonligida, garchi deyarli to‘lasicha musulmon bo‘lsa ham, g‘oyat turfa – qurama edi. Jumladan, Muhammadalixon taxtga chiqqan vaqtda: a) mintaqadagi siyosiy hokimiyatni Qo‘qon xonligi asoschisi Shohruxbiyga oldirib qo‘ygan xo‘jagon jamoasining mavqeyi hamon kuchli; b) din peshvosi o‘laroq “amir al-muslimin” unvonini olgan Umarxon davrida siyosiy mavqeyi kuchaygan ruhoniylar o‘z ta’sirlarini saqlab qolish harakatida; 3) xonlik hududi o‘troq va ko‘chmanchi aholi, shuningdek, turli etnik guruhlar: xo‘jalar, qipchoq, qirg‘iz qoraqalpoq kabi qabila va urug‘lar manfaatlari muttasil o‘zaro to‘qnashib turadigan makon edi. Tabiiyki, bunday vaziyatda xonning hokimi mutlaq bo‘lishi amri mahol – u hukumat yuritishda turli guruhiy manfaatlar bilan ham hisoblashishga majbur. Qolaversa, mazkur guruhlarning har biri qulay imkon tug‘ilishi bilanoq o‘ziga ko‘proq manfaat yetkazadigan da’vogarni taxtga o‘tqazishga chog‘lanib turadi. Shuni e’tiborga olsak, ayni vaziyatda xonning Qur’on taqiqini buzishi o‘ziga go‘r qazish bilan barobar ekani ayon bo‘ladi. Zero, bu uning oradan ko‘tarilishidan manfaatdor kuchlar uchun tayyor bahona, birlashish va harakatga kelishlari uchun turtki bo‘lishi muqarrar. Negaki, o‘zining o‘gay onasiga uylangan xonga qarshi – ya’ni kufrga qarshi! – xalqni oyoqlantirish  qiyin bo‘lmay, bunday qulay imkoniyatdan muxolif kuchlarning foydalanib qolishga intilmasligi aslo mumkin emas edi. Holbuki, Muhammadalixon davrida, agar oxirgi yillari sodir bo‘lgan isyonlar aytilmasa, nisbatan osoyishtalik hukm surdi, u qariyb yigirma yil taxtda sobit o‘tirdi, xon sifatida muayyan muvaffaqiyatlarga erishdi ham. Bu esa, o‘ylashimizcha, Muhammadalixon otasining nikohida bo‘lgan ayolga – o‘gay onasiga uylangan degan da’voga qo‘shilmaslik, uning asosi bo‘shroq deb hisoblashimiz uchun ilk mantiqiy dastak bo‘la oladi.

 

***

Ma’lumki, o‘tmish haqida so‘z borganda tarixiy manbalar guvohligini ko‘proq e’tiborga olamiz. Biroq buni ham qat’iy qoidaga aylantirib olish unchalik to‘g‘ri bo‘lmaydi. Negaki, o‘tmishimizda ayrim o‘ta murakkab va chigal davrlar, voqealar borki, ularning tarixiy manbalardagi talqinlarining o‘zi turlicha, bir-biridan keskin farqlanadi. Jumladan, biz so‘z yuritayotgan davr va voqea haqidagi manbalar. Is’hoqxon to‘ra Ibrat “Tarixi Farg‘ona”da Nasrulloxonning Qo‘qonga yurishdan asl muddaosini “Umarxon olaman degan Podshohxon oyimni(ng) husnini eshitub, g‘oyibona maftuni” bo‘lgani bilan bog‘laydi (Is’hoqxon to‘ra Ibrat. Tarixi Farg‘ona. –T.: Ma’naviyat, 2005. –B. 15). Ko‘ryapmizki, Is’hoqxon to‘raning qarashi “Mehrobdan chayon”dagi talqin kabi, ya’ni ikkala holda ham gap “Umarxon olaman degan” qiz haqida bormoqda. Umarxonning jiyani, Muhammadalixon bilan birga katta bo‘lgan Muhammadhakimxon to‘ra “Muntaxab at-tavorix” asarida bularga tamom zid ma’lumotlar keltiradi. Avvalo, rivoyatlarga qaraganda bemalol “o‘zbek Kleopatrasi” desa bo‘lgulik – xonlar va xonliklar taqdirida sezilarli rol o‘ynagan bu ayolning kimligi, nasl-u nasabi haqida manbalarda mavjud ma’lumotlar ziddiyatli: birida uni kanizak, boshqasida xo‘jazodalardan, yana birida saidalardan deyiladi. Muhammadhakimxon aniq qilib aytadiki, uning ismi Xonposhsho, o‘zi esa sayidalardan – Sayid G‘ozi O‘ratepagiyning qizi bo‘lib, Umarxon uni 1235-yilda to‘y qilib nikohiga olgan. To‘yning hashamat va dabdabasi shuncha bo‘lgan ekanki, “iqbol nog‘orasi ovozi olamning zumrad gumbazini tutdi va xursandchilik ovozasi olam ahli qulog‘iga yetdi” (Muhammadhakimxon To‘ra. Muntaxab at-tavorix. –T.: Yangi asr avlodi, 2010. –B. 393). Ya’ni Muhammmadalixon otasining kanizagiga emas, balki shar’iy nikohida bo‘lgan bevasi – o‘zining o‘gay onasiga uylangan, degan ma’lumot ilk bor “Muntaxab at-tavorix”da qayd etilgan va ayni shu manbaga asoslanib tarqalgan.

 

Ta’kidlash kerakki, voqeaning bu tarzdagi talqinini inkor qiluvchi tarixiy manbalar ham talaygina. Jumladan, yuqorida eslatilgan “Tarixi Farg‘ona” asarida Ibrat “Muhammad Alixon anosini oldi degan so‘z afvohi nosda joriy bo‘lsa ham, bul so‘z rost bo‘lmay, buxoriylar qatllarini aybini satri uchun qilgan qabihalarini tavjihiga chiqarilmish so‘zlari ekan” degan fikrni bildiradi. Anglashiladiki, Ibratning fikricha, “Muhammadalixon o‘zining o‘gay onasiga uylandi” degan gapning tarqatilishi Buxoro amiri Nasrullohning Farg‘onaga yurishi va bu jarayondagi xunrezliklarini oqlash uchun kerak bo‘lgan, ya’ni hozirchasiga olsak, propaganda mahsulidir. Xuddi shunga o‘xshash fikr XIX asrning 80-yillarida Mullo Xolbek tomonidan yozilgan “G‘urbatnoma” nomli tarixiy asarda ham keltiriladi:

 

Amirning ko‘ngliga tushmish bu da’vo,

Xo‘qandning qasdida qilg‘oli g‘avg‘o.

 

Onosin oldi deb ul keldi bosib,

U so‘z bo‘hton, malomat nomunosib.

 

(Mullo Xolbek ibn Muso Andijoniy. G‘urbatnoma..// Andijon viloyat tarixi va madaniyati muzeyi,  Inv №5064. 24-varaq)

 

Ko‘ryapmizki, Mullo Xolbekka ko‘ra bu voqea – “Madalixonning o‘gay onasiga uylanishi” haqiqatda bo‘lgan emas, shuning uchun ham uni “nomunosib bo‘hton” deb atamoqda. Xudoyorxonzodaning “Anjum at-tavorix”, Mirzo Olim Maxdum hojining “Turkiston tarixi”, Fozilbekning “Mukammal Farg‘ona tarixi” kabi asarlarida esa na “kanizak voqeasi”, na “o‘gay ona voqeasi” tilga olingan. Demak, mazkur asarlar mualliflarining bu voqeani o‘z vaqtida muayyan siyosiy maqsadlar bilan to‘qilgan rivoyatdan boshqa narsa emas, bugunning iborasi bilan aytsak, “axborot urushi” hosilasi deb tushungan bilganlari va shu sababli zikr qilishga ham loyiq ko‘rmaganlari ehtimoldan yiroq emas. E’tiborli jihati shuki, bunday yondashuv XIX asrning oxirgi o‘n yilligi – jadidchilik davrida yaratilgan asarlarga xosdir. Bu tabiiy ham, negaki, endi “Madalixonning o‘gay onasiga uylangani” haqidagi rivoyat aktual emas, u o‘zining tarixiy misssiyasini bajarib bo‘lgan edi. Aksincha, millatni uyg‘otish, unga o‘zligini tanitish kabi ezgu maqsadlarga xilof edi. Ta’kidlash zarur nuqta shuki, mazkur mualliflar bilan Abdulla Qodiriyni ona Turkiston taqdiri – uning o‘tmishi, buguni va ertasi haqidagi ayni davr umumkayfiyati ta’sirida shakllangan QARAShLAR birlashtirgani ham aqlga tayindir. Shu bois adibning o‘tmishdagi siyosiy maqsadlar yo‘lida to‘qilgan rivoyatni, shaxsiy adovat va siyosiy manfaatlar ziddiyatining izlari yaqqol sezilib turgan asarni yozilajak romani uchun birlamchi asos qilib olishi e’timoldan yiroq ko‘rinadi.

 

***

“Jinlar bazmi yoxud katta o‘yin” romanida Abdulla Qodiriy tilidan berilgan talqin ko‘proq “Muntaxab at-tavorix”dagi talqinga tayanadi, yana ham aniqroq aytsak, asardagi Muhammadalixon – Xonposhsha syujet chizig‘i Muhammadhakimxon to‘ra bayon qilgan faktlarning badiiy qayta ishlangan ko‘rinishi, deyish mumkin. Abdulla Qodiriyning ushbu asar bilan tanish bo‘lganiga dalolat qiluvchi ishonchli shohidliklar mavjud (Qarang: Qodiriy X. Otam haqida.T., 1983.B. 197205; Xurshut E. Abdulla Qodiriy va tarixchi Hakimxon // Sharq yulduzi. 1987. №4. B. 198200; Voxidov Sh. Hakimxon to‘ra va uning “Muntaxab at-tavorix” asari / Muhammadhakimxon to‘ra. Muntaxab at-tavorix. T., 2010. B. 318). Albatta, bu o‘rinda adibning asar bilan qachon tanishgani ham juda muhim ahamiyat kasb etadi. Mavjud guvohliklar Abdulla Qodiriy “Muntaxab at-tavorix” bilan 30-yillarning o‘rtalarida – “Amir Umarxonning kanizi” romaniga material izlash jarayonida tanishgan, degan xulosaga yetaklaydi. Mabodo shunday bo‘lsa, ilgariroq – “Mehrobdan chayon” yozilgan vaqtda adib voqeaning bu tarzdagi, ya’ni “Amir Umarxon Xonposhshani to‘y qilib shar’iy nikohiga olgan” qabilidagi talqini ham mavjudligidan bexabar bo‘lgan, deb o‘ylashimizga asos bormi?

 

Savolni bu tarzda qo‘yishimiz bejiz emas. Zero, 1) agar A.Qodiriy bu talqindan xabardor-u, uni qabul qilmagan bo‘lsa, masala o‘z-o‘zidan yechiladi; 2) agar xabardor bo‘lmagan va 30-yillardagina “Muntaxab at-tavorix” orqali tanishgan bo‘lsa, “Jinlar bazmi”dagi talqindan anglashilayotgani kabi, adib “Amir Umarxonning kanizi” romanini yaratishda shu asar ta’siriga tushib qolgan bo‘lishi ehtimoli yuzaga keladi.

 

Fikrimizcha, ikkinchi ehtimol o‘ta zaif. Sababi, modomiki o‘z vaqtida bunday talqin yozma manbalarga kirgan ekan, uning og‘izdan-og‘izga ko‘chib el ichida turli variantlarda yashagan bo‘lishi hech shubhasiz. Demoqchimizki, “Mehrobdan chayon” yozilgan vaqtda adib “Muntaxab at-tavorix”ni o‘qimagan bo‘lishi mumkin, lekin voqeaning undagi kabi talqinidan ham xabardor bo‘lgan. Agar shu ehtimolni qabul qilsak, u holda o‘z-o‘zidan nega bunday talqin “Mehrobdan chayon”ga kirmay qoldi, degan savol ko‘ndalang keladi va uning eng ishonchli javobi, bizningcha, yozuvchining yuqorida keltirilgan fikridan kelib chiqadi: adib uni ongli ravishda, “mantiq andozasi”ga rost kelmaydi deb bilgani uchun kiritmagan! Biroq fanda bunga mutlaqo zid qarash ham bor. Jumladan, tarixchi E.Xurshutning fikricha, Abdulla Qodiriy yangi romaniga tayyorgarlik jarayonida tanishgan yozma manbalar orasida “eng nodiri va mukammali bo‘lmish “Muntaxab at-tavorix” kitobi, shubhasiz, yozuvchining alohida diqqatini o‘ziga jalb qilgan”. Negaki, uning muallifi adib “o‘z romanida aks ettirmoqchi bo‘lgan davrga zamondosh bo‘libgina qolmay, balki unda kechgan jami voqealarning faol qatnashchisi ham edi. Buning ustiga u Abdulla Qodiriyning bo‘lg‘usi romani qahramonlari bilan shaxsan tanish edi. Shu aytilganlarga ko‘ra, adib roman uchun material to‘plar ekan, tarixiy manbalar orasida “Muntaxab at-tavorix”ni alohida ajratib, unga suyanib ish ko‘rgan bo‘lishi tabiiy. Bu kitob yozuvchiga eng qimmatli hujjatli materiallar manbai bo‘lib xizmat qilgan” (Xurshut E. Abdulla Qoliriy va tarixchi Hakimxon // Sharq yulduzi. 1987. №4. S. 199). E.Xurshut “Muntaxab at-tavorix” muallifini “taraqqiyparvar siyosiy qarashlari”, “demokratik e’tiqodi uchun Qo‘qon xonligidan haydab chiqarilgan” deya taqdim qiladiki, bu bilan ham u bergan ma’lumotlarning qimmatini ta’kidlagandek bo‘ladi. O‘ylashimizcha, E.Xurshutning mazkur fikrida “oshkoralik” davrining ruhi yaqqol sezilib turadi: nimaiki avval ommaga ma’lum bo‘lmagan esa – u ayni haqiqatdan so‘ylaydi, nimaiki ongimizda o‘rinlashgan va ko‘nikib bo‘lingan tasavvurlarga zid esa – u atayin e’lon qilinmay, xalqdan yashirib kelingan. Zero, agar shu ruh ta’sirini demasak, muallifining subyektiv nazari yaqqol ko‘zga tashlanib turadigan bu asarni “mukammal”, “hujjatli materiallar manbai” deb baholashga boshqa sabab ko‘rilmaydi. Aksincha, asarda tarixiy voqealarning xolis va haqqoniy yoritilganiga shubha uyg‘otadigan holatlar ko‘proq ko‘zga tashlanadi. Avval shu holatga to‘xtalamiz, negaki, “Jinlar bazmi yoxud katta o‘yin” romanidagi badiiy voqelikka shu asar asos bo‘lgan: imorat qancha mahobatli bo‘lmasin, uning puxtaligini poydevor belgilaydi.

 

***

Avvalo, “Muntaxab at-tavorix” muallifi – Muhammadalixondan jabr ko‘rgan, u tufayli yurtidan chiqib ketishga majbur bo‘lgan odam. U yozadiki, “amir Olimxon va amir Umarxon zamonida davlat ishlari bo‘yicha ko‘p maslahatlar qiblagoh otam” tomonidan berilgani “boshqa davlat ustunlari” hasadini qo‘zg‘ab, tuhmat-u ig‘volar uyushtirishlariga sabab bo‘lib kelgan. Olimxon-u Umarxonlar quloq solmagan bu gaplar “ul Shamrmashrab” – Muhammadalixon “tab’iga mos tushdi” (Muntaxab at-tavorix. –B. 463), xullas, Muhammadhakimxoning avval otasi, keyin o‘zi hukumat ishlaridan chetlashtirilib, ixroj qilinadilar. Tabiiy savol tug‘iladi: kitob muallifi Muhammadalixondan jabr ko‘rgan odam sifatida oilasining jon dushmani haqida xolis fikr yurita oladimi? Sh.Vohidov fikricha, “Muntaxab at-tavorix” muallifi “Muhammadalixonni o‘z shaxsiy dushmani sifatida bilishdan yuqori darajadagi inson edi” (Muntaxab at-tavorix. –B. 15), ya’ni u – voqealar talqinida xolis. Olim o‘zining bu fikrini kitobda Muhammadhakimxonning o‘rni bilan amir Nasrullohni ham tanqid qilgani bilan asoslaydi. To‘g‘ri, ayrim o‘rinlarda shunday. Biroq bu muallifning adolatpesha-yu haqgo‘yligi bilangina emas, aytaylik, nasl-nasabi bilan – payg‘ambarzoda o‘laroq barchaga birdek nasihat qilish-u tanbeh berishga haqli ekani bilan ham izohlanaverishi mumkin. Holbuki, masalan, Muhammadalixon haqida so‘z borganida, Muhammadhakimxon uning bironta ham ijobiy chizgisini tilga olmaydiki, bu hol xolislik haqidagi gaplarga nisbatan haqli shubha uyg‘otadi.

 

Ikkinchi muhim nuqta shuki, asar Buxoro amiri qo‘l ostidagi hududda – Kitob va Shahrisabz shaharlarida, Qo‘qon xoni Muhammadalixon inisi va ikki o‘g‘li bilan birga qatl qilinganidan bir yil o‘tib-o‘tmasidanoq yozib tugatilgan. Asarga yozilgan so‘zboshida Sh.Vohidov “Muntaxab at-tavorix” 1843-yil yoz oylarida yozib tugatilgani, uning muallif nusxasidan shu yilning o‘zida yana o‘n nusxa ko‘chirilganini aytadi. Olimning ta’kidlashicha, “Muhammadhakimxon asari xonlik hududida keng tarqalishidan o‘zi ham manfaatdor bo‘lgani uchun undan nusxalar ko‘chirishga ancha say’-harakat qilgan” (Muntaxab at-tavorix. –B. 4). Qiziqda, “Muntaxab at-tavorix”ning keng tarqalishidan nima manfaat hosil bo‘ladi? Buxoro hukmdorini Qo‘qonga yurish qilmoqqa da’vat etgan “oqsuyak”lardan biri, Muhammadalixondan jabr, amir Nasrullohdan esa himmat-u himoyat ko‘rgan Muhammadhakimxon to‘ra voqealar talqinida xolis bo‘la olarmikan? Buning ustiga hamon amir Nasrullo qo‘l ostida bo‘lsa? Yana “yegan og‘iz uyalar” qabilidan amirning yurishini nafaqat oqlash, balki islom himoyasi uchun bo‘lgan deya ulug‘lashi ham kerak bo‘lsa?! Yo‘q, xolis bo‘lolmaydi, aslo. Negaki, muallif qarshisida ko‘ndalang turgan siyosiy maqsad Muhammadalixonni shunday tasvirlashni taqozo etadiki, toki o‘qigan odam uning “tuxmini quritgan” amir Nasrulloga tahsinlar aytsin – bu maqsad oldida ikki xonlik orasidagi urushning tub sabablari ham, tarixiy haqiqat deganlari ham o‘taversin. Xullas, bu o‘rinda “tarixni g‘oliblar yozadi” degan tamoyil to‘la amal qilgan ko‘rinadi. Tamsil kerak bo‘lsa, ana, yaqin tariximizni eslang: hali o‘tganiga qirq yil ham to‘lmagan Sharof Rashidov haqida nimalar deyilmadi?! Yoki Birinchi prezidentimiz haqida nimalar deyilmayapti? Ne-ne rivoyatlar to‘qilmayapti?!..

 

Aksariyat manbalarda Muhammadalixon davri, so‘nggi yillarini istisno etgan holda, Qo‘qon xonligining iqtisodiy va siyosiy barqarorlik hukm surgan yuksalish davri deb baholanadi. Darhaqiqat, bu davrda Qo‘qon hukumatini Ko‘lob, Xisor, Badaxshon, Darvoz, Maschoh kabi viloyatlar tan oldi, qirg‘iz va qozoq qabilalari yashaydigan hududlar xonlikka qo‘shib olindi, chegaralarni mustahkamlash uchun bu yerlarda Pishpek, To‘qmoq, Qora bolta, Ketmontepa kabi qator qal’alar, ko‘plab harbiy istehkomlar barpo etildi ((Бабаджанов Б.М. Кокандское ханство: власть, политика, религия. Токио-Ташкент, 2010. Б.163183; Турсунов Б.Р. Кокандское ханство в годы правления Мухаммада Алихана (1822-1842) // Вестник ТГУПБП. Серия гуманитарных наук, 2015, № 1(62). Atadjanov Sh. va boshq. O‘zbek xonliklari tarixshunosligi. T.: TDPU, 2010. S.19; Vohidov Sh. So‘zboshi // Mirzo Olim Mahmud hoji. Tarixi Turkiston. T.: Yangi asr avlodi, 2009. B. 10 va boshqalar). Yana xonlik hududida yashovchi xo‘jalarning sa’y-harakatlarini qo‘llagan holda Muhammadalixon Qoshg‘ar uchun Xitoy bilan urush qildi, “g‘oziy” unvoniga sazovor bo‘ldi. Albatta, bular Qo‘qon xonligi katta qudrat kasb etib borayotganidan dalolat bo‘lib, qo‘shnilarni xavotirga solishi tabiiy edi. Xususan, Qo‘qon xonligining janub tomon kengayishi Buxoro amirligi ta’siridagi hududlarga tajovuz bo‘lib, ertami-kech ikkala xonlik orasida kelishmovchiliklar, urushlar keltirib chiqarishi muqarrar edi. Ko‘p tarixchilar Qo‘qon-Buxoro to‘qnashuvining asl sabablarini shularda ko‘radi, kanizak (“o‘gay ona”) voqeasini aksariyat bahona deb tushunadi. Jumladan, H.Vamberiga ko‘ra, “Ho‘qand amiri Muhammadalixonning Sharqiy Turkistonda xitoyliklarni mag‘lub etib, butun Islom olamida shuhrati oshgani, boshqaruv idorasining yaxshiligi bilan mamlakatini farovon etgani va xalqining mehr-muhabbatini qozongani buzuqi Nasrulloni xavf va qo‘rquvga soldi” deb yozadi (Arminiy Vamberi. Buxoro yoxud Movarounnahr tarixi. Ikiknchi jild. T., 2019. B. 183). Ma’lumki, Vamberining Buxoroga safari Amir Nasrulloh vafotidan uch yil o‘tgan – uning “zamonasi” fozil-u avom tomonidan qayta tahlil qilib baholanayotgan bir vaqtga to‘g‘ri keladiki, bu jihatdan u keltirgan ma’lumotlarning o‘sha davrda eng to‘g‘ri, haqqoniy deb hisoblangan bo‘lishi ehtimoli katta. Nasrullohning xunrezligi – Qo‘qon xoni va yaqinlarini qatl ettirgani xabarini berarkan, Vamberi uni sahifa ostida shunday izohlaydi: “… ushbu jinoyatini haqqoniy ko‘rsatish uchun Muhammadalini go‘yo o‘z onasi (bilan) g‘ayri mashru’ munosabatda bo‘lgan degan yolg‘on xabar tarqatishga buyruq berdi”. Vamberiga ko‘ra, “yolg‘on xabar” qatlni qonuniy asosga ega, shar’iy qilib ko‘rsatish uchun to‘qilgan bo‘lib chiqadiki, undan axborot quroli sifatida foydalanilgan. Bu esa, bizningcha, “Muntaxab at-tavorix”ning shoshilinch suratda yozib tugatilgani, undan tezlikda nusxalar ko‘chirib tarqatilganining sababini oydinlashtiradi. Ya’ni, “Muntaxab at-tavorix”ni amir Nasrulloh buyrug‘ini bajarish, uni oqlash yo‘lidagi tadbirlarning biri, ehtimol, eng muvaffaqiyatlisi deb tushunish mumkin. Sababi, Muhammadalixonning chindanda nafaqat qatl qilish, “tuxmini quritish”ga loyiq ekanligiga, birinchidan, uni yaqindan bilgan qarindoshi, ikkinchidan, nasabda janob payg‘ambarimizga borib taqaluvchi zot guvohlik berayotir. Xullas, muallif tutgan qalam shaxsiy adovat va siyosiy manfaat izmida bo‘lganki, shu bois ham “Muntaxab at-tavorix”da haqiqatligiga shubha uyg‘otuvchi o‘rinlar bir talay. Shulardan ayrimlarini ko‘rib o‘tamiz.

 

Dilmurod QURONOV,

filologiya fanlari doktori, professor

 

(Maqolaning davomi II qismda)

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23620
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//