Оʻqituvchiga vazirnikiga teng taʼminot taklifi, Moskvada oʻzbek maktabi – Buxoro Maorifligi qanday ishlagan?


Saqlash
10:21 / 02.06.2026 253 0

Shu kunlarda vaqt topildi degancha, keyingi yil Buxoroda ochilishi kutilayotgan “Jadidlar merosi” muzeyi uchun materiallar izlash maqsadida Milliy arxivni titkilashga kirishaman. Bagʻrida millionlab hujjatlar jamlangan bu xazinada tariximizning ne-ne sirlarini bezavol asrab kelayotgan oʻta nodir topilmalar bor. Muttasil alifbo almashtirishlar ortidan, hatto olimlarning ham nazaridan chetda qolib ketgan baʼzi yigʻma jildlardagi xatlar biz bilgan tarix haqidagi tasavvurlarni agʻdar-toʻntar qilib tashlashga qodir. Jumladan, Milliy Arxivning 56-fonddagi papkalarni koʻrarkanman, xayolan yuz yil avvalga tushib, Xorijiya noziri Abdurauf Fitrat, Maorif noziri Qori Yoʻldosh Poʻlot va Muso Saidjonovlarning faoliyati, farmoyishlari, istaklari, hisobotlari, yoshlarning ularga murojaatlari bilan nafas olaman. Koʻp oʻtmay bularning bari oʻtmishga aylangani va barchasining aksi sodir boʻlganini eslab, yurak yorilar darajada iztirobga toʻlib ketadi. Ammo baribir bu hissiyotni bugungi avlod bilan boʻlishish istagi ustun keldi. Buning uchun munosib minbar Oyina.uz boʻloladi, deb oʻyladim. Keling, ayrim hujjatlarni birgalikda oʻqiymiz:

 

“Vaqt masoid oʻlmadigʻi uchun Maskovdagi Buxoro maorif yurtidan bir ozgina maʼlumot berib kelajakda mufassal maʼlumotlar bermoqni vaʼda aylaram. Talabalar tamoman saforatxona binosidan maktab binosina koʻchganida oʻrtoq Fayzulla Xoʻja sharafina bir vechir verildi. U oqshom choʻq ruhli oʻlub oʻrtoq Fayzulla Xoʻja va boshqalar tarafidan nutqlar soʻylandi. Ramazondan soʻngra maktabning rasmiy kushodi uchun bir vechir yasaldi. Oqshomda Maskovdagi tamom buxoriylar va Buxoro hukumatiga xizmat etguvchi rus oʻrtoqlar hamda Turkiston namoyandasi va Turkistonning baʼzi talaba, muallimlari Xorazm safiri va boshqalar daʼvat oʻlindi. Maskovning maorif va Xorijiya nazoratidan hayʼatlar tashrif buyurdilarkim choʻq ruhli va tantanali oʻtdi.

 

 

Maktabning ichi va tashqarisi tamoman Buxoro bayroqlari ila ziynatlangan edi. Oʻrtoq Fayzulla Xoʻja va Fitrat afandining buyuk rasmlari chechaklar ichinda majlisga boshqacha ziynat berilgan edi. Talabalar tarafindan ruscha va musulmoncha teatrular qoʻyildi. Ruscha, turkcha sharqilar va deklamatsiyalar boʻldi. Mehmonlar tarafindan nutqlar soʻylanib, bu qisqa muddatda bu qadar hozir boʻlgʻonlari uchun taqdirlar qilindi. Maskovdagi talabalar ishlarining ketishi yaxshi desak, mumkindir. Sharq dorulfununiga tahsilga boʻlgan talabalarimiz sakkiz oy tahsil qilib, hozir uch oy taʼtil boʻldigʻi uchun amaliy ish koʻrmoqgʻa Buxorogʻa gidajaklar. 27 inchi mayda Maskovdan harakat edub Buxoro-Samarqandgʻa rom oʻlajaklar.

 

Oʻrtoq Fayzulla Xoʻjaning amrlariga muvofiq Xorijiya nazorati tarafindan maorif nazoratiga bildirilsunkim: qaror boʻlgan qizu erkak talabalari tezlik ila Maskvaya yuborilsunlar. Chunki munda har bir shey mukammaldir. Vaqtni oʻtkarmasun tezlik ila yuborsunlar. Berlindagi maorif qumissunining maʼlumotigʻa qaragʻanda Germaniyadagi talabalarimizning ishlari va ahvolotlari-da yaxshi”[1].

 

Ha, 1923-yil 15-may kuni shoʻrolarning poytaxti Moskvada Ramazon hayitidan soʻng tashkil etilgan Buxoro Maorif uyining ochilishi haqiqiy tantanaga aylanib ketgandi. Xorijiy elchixonalar vakillari ham ishtirok etgan kechada turkistonlik talaba yoshlar, ularning qisqa vaqtda erishgan har sohadagi muvaffaqiyatlari, Ozarboyjon, ayniqsa, Germaniya dorulfununlariga kirgan tengdoshlarining qutlovlari jarangladi. Tabiiyki, milliy ruh ufurgan, qadimiy davlatchilik haybati, salobati yuz koʻrsatgan kecha shovunistik kayfiyatdagi, oʻzining dunyoning egasi deb bilgan shoʻro rahbarlarini talvasaga soldi. Koʻp oʻtmay Buxoro Maorif nozirligi haqida turli boʻhton tashviqotlar sovet matbuoti sahifalarida boʻy koʻrsata boshladi. Eng birinchi qadam Germaniyaga tashlandi. Qanday boʻlmasin turkistonlik talabalarni qaytarish haqidagi maxsus topshiriq bilan yoʻlga chiqqan G.Meerzon nomli kimsa oʻzini goʻyoki Buxoro hukumati vakili sifatida koʻrsatish uchun Buxoro Respublikasi Xalq maorif naziri Muso Saidjonov nomiga xat ham yoʻllab qoʻyadi:

 

“Hurmatli oʻrtoq!

Nihoyat, faqat bugungina men Moskvadan Berlinga joʻnab ketyapman. Men Toshkentdan hali 10-iyunda chiqqan edim va Moskvaga 15-iyunda yetib keldim. Bir kundan keyin RKP Markaziy Qoʻmitasidan (MQ) joʻnab ketish uchun zarur hujjatlarni oldim. Chet el pasportini ham tez fursatda oldim, ammo gap Germaniya vizasiga kelganda, bu yerda paysalga solish boshlandi. Nemislar pasportni uch haftaga yaqin ushlab turishdi (marinovka qilishdi) va faqatgina Tashqi ishlar xalq komissarligi tinimsiz koʻmaklashgani tufayli kecha Germaniya vizasini olishga muvaffaq boʻlindi. Bugun joʻnab ketyapman. Men bu yerda oʻrtoq Fayzulla Xoʻjayev bilan uchrashdim, u menga boshqa mandat berdi, bu haqda sizni Muxtor vakolatxona allaqachon xabardor qilgan boʻlsa kerak. Bu yerda boʻlgan vaqtimda Tashqi ishlar xalq komissarligiga oʻrtoq Simmermandan ikkita xat keldi, ularda u oʻquvchilar (talabalar) haqida baʼzi maʼlumotlarni maʼlum qilgan va taʼtili tugaganiga qaramay, Berlinda yana biroz vaqt qolishi mumkinligini, ammo buning uchun bir oz mablagʻ (100-200 dollar, yaʼni 10 ga yaqin chervones) kerakligini koʻrsatgan.

 

 

Bu voqea iyun oyining boshida boʻlgan va men oʻshandayoq joʻnab ketishim kerak boʻlgani uchun Tashqi ishlar xalq komissarligidan unga Berlinga yetib borgunimcha kutib turishi, ungacha Berlindagi elchixonamiz moddiy yordam koʻrsatishi haqida telegramma yuborishgan edi. Shunday qilib, oʻrtoq Simmerman Berlinda oʻtiribdi va meni kutyapti. Yetib borganimdan keyin elchixonamizga u olgan mablagʻni toʻlashimga toʻgʻri keladi. Uni Berlinda ushlab turmayman, yetib borganimdan keyin bir necha kun oʻtgach, joʻnab ketishi mumkin boʻladi.

 

Endi Sizga quyidagi mazmundagi iltimos boʻladi: Rossiya Kommunistik partiyasi Markaziy Qoʻmitasining Oʻrta Osiyo byurosi (SrAzByuro) tomonidan berilgan taʼtilim 10-avgustda tugashini va men bu yerda 19-iyulgacha ushlanib qolganimni hisobga olib, Oʻrta Osiyo byurosiga taʼtilimni 30-avgustgacha, yaʼni yana 20 kunga uzaytirish toʻgʻrisida iltimosnoma (xodataystvo) kiritishingizni soʻrayman, aks holda menga berilgan topshiriqni bajara olmayman. Iltimosnomani telegraf orqali tezlashtirish va unda xizmat safarim Buxoro Respublikasi uchun juda muhimligini koʻrsatish, shuningdek, menga ham telegraf orqali xabar berish kerak boʻladi. Berlinga yetib borishim bilan Sizga manzilimni telegramma orqali yuboraman.

Kommunistik salom bilan, G. Meerzon”[2].

 

Albatta, uning Berlinda koʻrsatgan “karomat”lari tarixdan maʼlum. U avvaliga talabalar uyini sotish harakatiga tushdi, talabalarni iqtisodiy taʼminlab turgan Buxoro savdo vakilining jinoyatchi deb topilishi va gazdan zaharlanib “tasodifiy” oʻlishiga, davlat tomonidan berilayotgan stipendiyaning toʻxtatilishi, hatto ota-onalarning pul yuborishini cheklashgacha erishdi. Talabalar orasida xufya yollashga harakat qilib, qatʼiy tarzda ularni SSSRga qaytarishga kirishganida Ahmadjon Shukriyning unga oʻq uzishi ortidan koʻp oʻtmay sharmandali tarzda qaytishga majbur boʻldi. Biroq, sovet matbuoti endi muttasil tarzda turli gap-soʻz, ayblovlar bilan Germaniyadagi talabalarni qaytarish masalasini ilgari sura boshlaydi. Bunday boʻhtonlardan bezgan BXSHJning Olmoniyadagi maorif hayʼati raisi Olimjon Idrisiy 1923-yil 5-dekabr sanasi bilan oʻz munosabatini quyidagicha bayon qiladi: “... 25 oktabr tarixli va 217 nomrali “Ozod Buxoro” gazetasida xorijdagi talabalar xususida navbatdagi jumlalarni oʻqudiq. Xorijdagi talabalarning hammasi 193 boʻlib bularning uchtasi oliy, toʻqquztasi oʻrta maktablarda tahsil qiladir.

 

Xorijdagi talabalar qatorida bizim burodagʻi shogirdlarimizda boʻlgʻonliqidin biz bir bayonotda boʻlinuvni darkor topdiq: Germaniyada Buxoro jumhuriyati tarbiyasindagi shogirdlarning miqdori 49 ta boʻlib maktab eʼtibori minan taqsimoti shuyladir. Oliy maktabdagilar 1. Shamsulbanot Ashrot – Berlin dorulfununi tibbiya shoʻbasinda 2. Ahmad Naʼim Hakim – Berlin dorulfununi iqtisod shoʻbasinda 3. Ahmad Shukriy – Berlin dorulfununi tarix va falsafa shoʻbasinda 4. Afzal Ahmadjon – Berlin oliy muhandis maktabi meʼmorliq shoʻbasinda 5. Said Ali Usmon – Berlin oliy muhandis maktabi kimyo shoʻbasinda 6. Bilol Fathullo Berlin – oliy muhandislik maktabi mashina shoʻbasinda 7. Abduvahhob Murod Berlin oliy ziroat maktabinda. 8. Atoullo Sadriddin – Drezden oliy muhandis maktabida. Oʻrta maktab va hunar yurtindagilar: 9. Bahovuddin Amin, 10. Aziz Alixoʻja, 11. Sattor Jabbor, 12. Vali Qayum – bu toʻrttasi oliy maktablarga hozirloyturgʻon axzori maktabda edilar, hozirda tezroq oxirlatmoq maqsadi bilan xususiy muallimlardan oʻqiylar. Haqlarinda qatʼiy qaror yaqinda verilajak. 13. Olimjon Qodiriy – Vitsenxauzen shahrida oʻrta darajadagi ilmiy va nazariy ziroat maktabida, 14. Gulsum Muzaffar – Berlinda taʼlim va tarbiya institutinda, 15. Gulsum Rahim – Drezdenda dorul muallimotda, 16. Ruqiya Rahim – Drezdenda gimnaziyada, 17. Solih Xoʻja – Broshveyda axzori (tayyorlov) maktabda, 18. Muhammadixoʻja Zikriyaxoʻja – Berlinda axzorida, 19. Abror Rashid 20. Qavomiddin Kiromiddin har ikkisi Leypsigʻda matbaa maktabinda...”

 

 

Shu tariqa u har bir oʻquvchining oʻqish joylari va muvaffaqiyatlari haqida sanab beradi. Eng muhimi ular orasida oʻz davrida dunyoga mashhur boʻlgan Drezden, Burezbek kabi koʻplab teri moshinalari fabrikasi, tekstil fabrikalari, zavodlarda ishlab, ularning qoshidagi maktablarda ham oʻqiyotganini aytib, “Texnikumga kirib nazariy oʻrganmak uchun avval ikki sana fabrikalarda amaliy ishlamak darkor boʻlgʻondin bu toʻrtisi hozir fabrikalarda ishlaydilar...” deb asoslaydi. Shuningdek, Kyosling shahridagi gimnaziya haqida “bilxossa mudiri olmoniyaning Istanbuldagi maktabida 4 sana mudir boʻlib turgʻon turk bolalarining ahvoli ruhiyalariga va rafiq bir zotdir... Shu maktubimizni aynan yohud maalo qiymatdor gazetangizga darj qilishingizni oʻtunub[3] deb maktubni yakunlaydi. Shubhasiz, Germaniyada tahsil olgan talabalar masalasi Fayzulla Xoʻjayev va Fitratlar rahbarligidagi Buxoro hukumatining buyuk jasorati edi. Menimcha, bu hodisaning nafaqat Turkiston tarixida, balki jahon siyosati, ilm fani va madaniyati rivojidagi oʻrni alohida tadqiq etiladi (Yevropadagi ularning matbuotchilik ishi, Ikkinchi jahon urushida “Turkiston legioni” va Vali Qayumxon faoliyati, Turkiyaga qaytgan Ahmadjon Oʻqoy, Ibrohim Yolqin, Ahmad Naimlar).

 

Shu oʻrinda turkiy va islom olamining ulkan shaxsiyatlaridan boʻlgan Fotih Karimiy va buyuk ulamo Rizouddin ibn Faxriddinlar bilan Buxoro Jumhuriyatining aloqalari aks etgan hujjatlarga toʻxtalib oʻtmoqchiman.

 

100 dan ortiq – metodik-pedagogik, publitsistik va badiiy kitoblar muallifi boʻlgan Fotih Karimiy (1870 – 1937) Chistopol shahridagi “Kamoliya” madrasasini tamomlab, Ufadagi diniy mahkamada “mudarris” unvonini olgan. Soʻngra toʻrt yil davomida Istanbul universitetida tahsil olgan. 1896 – 1898-yillarda Tavrida guberniyasi Yalta uyezdining Derekoy qishlogʻi madrasasida dars bergan. 1899-yilning fevral – may oylarida Yevropaga borib kelgach, “Yevropaga sayohat” kitobini yozgan.

 

1899-yilning iyul oyidan Orenburgda yangi usul (jadid) maktablari oʻqituvchilarini tayyorlash boʻyicha dars bergan. 1902-yildan Orenburgda “Karimov, Xusainov va K°” bosmaxonasini boshqargan. 1906 – 1917-yillarda oʻsha davrning eng ommabop musulmon gazetalaridan biri boʻlgan “Vaqt” gazetasining muharriri boʻlgan. 1917 – 1924-yillarda Orenburgning turli oʻquv yurtlarida dars bergan Fotih Karimiy 1925-yildan Moskvada yashab, Sharq universitetida turk tilidan dars bergan.

 

Ishlarda Fotih Karimiyga oid bir nechta xatlar mavjud boʻlib, ularda Buxoro hukumatining olimni tarix asarlarini tarjima qilishga jalb etgani anglashiladi. Jumladan, uning “Buxoroda muhtaram qori Yoʻldosh afandi hazratlarina” deb boshlanadigan xatida Maorif noziriga murojaat etib:... “Abdulqodir afandi tarafindan tarjima uchun benga topshirilmish oʻlon “Rusiyaning Buxoro va Xiva ila soʻnggʻi uch asrdagi munosabat siyosiyasi” bugunlarda tamom tarjima etilib bitmak uzradir. Tamom oʻldigʻi kabi oʻzina yoxud sizga gundirarman. Agar dagʻida Buxorogʻa oid ruschadan tarjima etdirajak muhim kitoblaringiz vor esa maʼ almamnuniya xizmatingizga hozirman. Ushbu Muhamod afandi bilan yuborarga-da mumkin.

 

 

Oʻzimning-da Sizning taraflargʻa borub, qayturgʻa havasim buyuk esa-da, savdogar boʻlmagʻon kishilar uchun hozirgi ahvolda moddiy jihatlar pek mushkildir. Shuning uchun bora oluvim qatʼiy emasdir... “Uchqun” ham “Nashri maorif” majmualarining bir necha nusxalarini koʻrub, gʻoyat suyundim. Boʻyla muvaffaqiyatingiz ila Sizlarni tabrik etamen. InshaaAlloh Buxoro uchun koʻp foydalari oʻlur. Muning boʻlsada davom etdiruv ijtihodinda oʻlsangiz ekan. Kamol ehtirom ila Fotih Karimiy[4], deb yakunlaydi. Shundan soʻng “Orenburgʻ. 1923-yil 3-may sanali maktubini “Fazoilmob muhtaram qori Yoʻldosh afandi hazratlarina ehtirom va salomlarimni taqdim etaman” deb boshlaydi:

 

“Mavorounnahr va Buxoro tarixi”ning birinchi jildining soʻnggʻi malazmasini ham fihristini ruscha asl nusxalari ila barobar Orenburgʻ ziyolilarindan birodarimiz Imodi afandi Ilmoyif bilan janobingizgʻa yoʻlladim. Ushbular ila “Mavorounnahr tarixi”ning tarjimasi tamom oʻlub, hammasida oʻz qoʻllaringizda oʻlajaqdir. Uzoq yuborilmay turishining sababi bu qismining Burhon afandi Sharafda tahrir etuvi boʻldi... har holda bu ila uzoq tutiluvi uchun sizdan afuv oʻtinam...” deb davom etadi.

 

 

Maktubda eng muhim nuqta Qazonda chop etilgan “Vaqt” gazetasining 1906, 1908, 1909, 1910, 1914, 1915, 1916-yillardagi toʻliq toʻplamlarini “kutubxonalar yoxud xususiy ahli maroq uchun luzumi oʻlursa benga xabar etmagingizni oʻtinamen”[5] deyilgan. Bu esa Buxoro hukumatining muhim boʻlgan bu manbalarni tarix uchun jamgʻarishga kirishganining isbotidir. Buxoro Maorif nozirining talabiga koʻra, taniqli olimning Buxoroda dars berishi uchun tayyorlangan taklif ham diqqatga sazovor. Jumladan, unda “Dorulmualliminda xizmat qilmoq uchun Orenburgʻdan Fotih Karimiy bilan Nurali Noviyni choqirish shartlari:

 

Kelib ketmak uchun yoʻl masorifi maorifdan beriladir; Haftada oʻn soatlik xizmat etishingiz uchun oyliq oltun hisobi bilan ellik soʻm beramiz; Agar dorulmualliminda mudirlik vazifasi yuklatilsa bergan darslaringiz uchun ayrim soat hisobindan haq olarsiz; Mamlakatda birinchi darajada nozirlar qatoridan poyok beriladi; Qishliq ham yozliq obmundir va foytun beriladi; Turmoq uchun joy, oʻtin, yogʻdu fulon taʼmin etiladi” deyilgan. Eng qizigʻi taklifning davomida “Nozir afandiga” deb nomlangan tushintirish boʻlib, unda bolsheviklar tomonidan Buxoro hukumati hisobidan taklif etilgan bir kishining shartnomasi asos sifatida olingan. “Atamanufning dogovori topilmadi. Janjal vaqtida yirtib tashlangʻon boʻlsa ehtimoldir. Uning dogovorinda koʻp narsalar bor edi. Vinolar, foytunlar fulonlar. Biz ularni chiqarib, taxminan ushbu varaqada koʻrgazilgan besh moddani yozdiq. Bularni kamaytirish yo koʻpaytirish oʻzingizga oiddir. Biz oʻz taxminimiz bilan shularnigʻina yozdiq”[6] deb tugatilgan. Bu hujjatdan shuni anglash ham mumkinki, Buxoro hukumati allaqachon bir muallimning taʼminotini vazir darajasi bilan tenglashtirib qoʻygan ekan. Mana Buxoro hukumatining qisqa muddatdagi va asrga tatigulik barcha muvaffaqiyatlarining asl sababi!

 

Buxoro maorifi bilan hamkorlik qilgan yana bir inson – Rizouddin ibn Faxruddin (1859-1936)bo‘lib, u din va jamoat arbobi, ilohiyotshunos, tarixchi, maʼrifatparvar olim arab, fors, tatar, turk va rus tillarini mukammal bilgan. A.Kursaviy, Sh.Marjoniy, J.Afgʻoniy, M.Abdo kabi islom islohotchi ulamolar ijodiga qiziqib, 1887-yilda arab tili morfologiyasiga bagʻishlangan ilk asari “Kitob at-tasrif” (Morfologiya haqida kitob) nashr etgan.

 

Rizouddin ibn Faxruddin 1891-yildan Ufaga koʻchib kelib, 1906 – 22-yillar Orenburg musulmonlari diniy mahkamasida qozi boʻlib xizmat qiladi. Ayni paytda “Vaqt” gazetasi muharriri yordamchisi (1906-1918), “Shuro” jurnali muharriri (1908-1918) lavozimida ishlagan. 1922 – 1936-yillar Ichki Rossiya va Sibir musulmonlari Markaziy diniy boshqarmasi (SDUM) muftiysi boʻlgan. Olimning 1906 – 1917-yillarda 50 ga yaqin kitobi nashr qilingan boʻlib, asarlari XX asr boshlaridayoq Turkistonda keng tarqalgan. Uning “Salima yoki Iffat”(1889), “Asmo yoki Jarb va jazo”(1903) qissalarida xalqni ilgʻor Yevropa madaniyati bilan tanishtirish, ayollar emansipatsiyasi (ozodligi) masalalari koʻtarilgan.

 

 

Rizouddin ibn Faxruddin maktubini “Buxoro mamlakatinda Xalq maorif noziri qori Yoʻldosh afandi janoblarina” deb boshlaydi. “Sizning ijtihodingiz va Buxoro xalqlarining himmatlari sababidan Buxoro mamlakati tajdid yoʻlina kirgan, ilm va maʼrifatni shoeʼ qiluv yoʻlina tashabbus etgan, deb eshitamiz. Islom dunyosi va Sharq xalqi uchun sevinchli boʻlgʻon bu xabar durust boʻlsin. Buxoro mamlakati Bagʻdod va Andalus hamda Eski Buxoro oʻrunlarini tutuv birla barobar bu kungi ilm mamlakatlari birla raqobat etsun.

 

Bizning Russiyada dorulfunun sinflarining oʻrta bir yerinda boʻlinib qolgʻon Abdurashid isminda oʻgʻlimiz, Maskov oliy tibbiyaning birinchi sinfinda oʻqub, boʻlinib qolgʻon Zaynab ismindagi karimamiz, Realniy maktabda oʻqugʻon Said isminda oʻgʻlimiz bor. Dorulfunun darslarina davom etarga tevishli boʻlgʻon bu bolalarimiz qoʻlimiz qisqa boʻlgʻonliqdan, iqtisodiy holimiz masoida qilmagʻonliqdan oʻquvlarini davom ettira olmaylar. Oʻquvgʻa ixloslari tamom va muhabbatlari komil boʻlsa-da, murodlarigʻa erisha olmaylar. Shu shey bolalarimizning uchisini-da sizning Buxoro hukumati yordami birla oʻqituv tahsillarini tamom ettiruv mumkin boʻlolarmi? Sizga bisyor xodimlar kerak boʻlajaq. Bolalarimizgʻa oʻquvigʻa yordam topuv lozim. Buxoro hukumati yordami birla tahsillarini tamom etsalar toʻgʻri Buxorogʻa qaytub xizmatga kirarlar va butun boʻrjlarini va masoriflarini inshaAlloh xizmatlari birla ado qilurlar.

 

 

Bu yumishimizni iltifotsiz qoldirmay bir javob bersangiz edi. Mumkin boʻlgʻon taqdirda shartlaringizni yozub koʻndarsangiz edi. Ijobiy javobingiz boʻlsa minnatdor boʻlur edik. Saidning Germaniyaga ketuv uchun hukumatdan olgʻon pasporti bor. Mazkur posportning vaʼdasi mart oxirina qadar amalda boʻlajaq.

1923-yil 1-yanvar, 1341-yil yil 13 jumodi avval, Ufa, Toʻqoy koʻchasi 50 uy[7]” deb yakunlaydi.

 

Albatta, Maorif nazoratidan olimga ijobiy javob yoʻllanadi. Mazkur hujjatlarning oʻzi har qanday oʻquvchining yetar xulosa chiqarishiga yetarlidir. Takror boʻlsa ham Fayzulla Xoʻjayevning Buxoro hukumati arboblari millat kelajagini ilgʻor ilm-fan va kadrlar siyosatida koʻrdi. Yoshlarni Moskva va Berlinning eng nufuzli oliygohlariga yuborish, ularning nafaqat nazariy, balki Yevropa zavod-fabrikalarida amaliy bilim olishini taʼminlash asrga tatigulik strategik jasorat edi.

 

BXSHJ rahbariyatining Orenburg va Ufadagi yirik islom olimlari va jadid ziyolilari – Fotih Karimiy hamda muftiy Rizouddin ibn Faxriddin bilan oʻrnatgan aloqalari ham tahsinga loyiq. Buxoro hukumatining tarixga oid nodir asarlarni tarjima qildirishi va olimlarni yuqori maosh, vazir darajasidagi taʼminot bilan Buxoroga taklif etishi ularning ilm ahliga boʻlgan yuksak ehtiromidan dalolat beradi. Shuningdek, muftiy Rizouddinning iqtisodiy qiyinchilik sabab oʻqishini davom ettira olmayotgan farzandlarini Buxoro hukumati oʻz otaligʻiga olgani milliy birlik va fidoyilikning oliy namunasidir.

 

Bahrom IRZAYEV,

Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori


[1] Oʻz MA, R Fond 56, roʻyx 1, yigʻma jild 52. BXSHJ Xorijiya nazorati Moskvadagi Buxoro maorif uyi va boshqa masalalar boʻyicha yozishmalar. 1923-yil 14-yanvardan 1923-yil 25-dekabrgacha. 42 bet.

[2] OʻzMA Fond 56, roʻyx 1, yigʻ.jild 67. 28 b. BXSHJ Maorif xalq komissarligining BKP MK bilan maʼmuriy, xoʻjalik va moliya masalalarida shaxsiy tarkib va masʼul ishchilar roʻyxati boʻyicha yozishmalari. 1924-yil 10-yanvardan 1924-yil 17-noyabrgacha. 28 bet.

[3] OʻzMA, R Fond 56, roʻyx 1, yigʻ.jild 174, 19 bet. BXSHJ Maorif nazorati kelgʻon qogʻozlar ish toʻplami. 1923-yil 28-dekabrdan 1924-yil 13-oktyabrgacha.

[4] OʻzMA, Fond R 56, roʻyx 1. Yigʻma jild 61. 69 b. BXSHJ Marif nozirligi. Nazoratsiz qolganlar uylari, mehnat maktablari, mehnat kelishuvlari va boshqa masalar yuzasidan yozishmalar. 1922-yil 7-fevraldan 1923-yil 11-iyungacha.

[5] OʻzMA, Fond R 56, roʻyx 1. Yigʻma jild 61. 69 b. BXSHJ Marif nozirligi. Nazoratsiz qolganlar uylari, mehnat maktablari, mehnat kelishuvlari va boshqa masalar yuzasidan yozishmalar. 1922-yil 7-fevraldan 1923-yil 11-iyungacha.

[6] OʻzMA, Fond R 56, roʻyx 1. Yigʻma jild 61. 69 b. BXSHJ Marif nozirligi. Nazoratsiz qolganlar uylari, mehnat maktablari, mehnat kelishuvlari va boshqa masalar yuzasidan yozishmalar. 1922-yil 7-fevraldan 1923-yil 11-iyungacha.

[7] OʻzMA, Fond R 56, roʻyx 1. Yigʻma jild 61. 69 b. BXSHJ Marif nozirligi. Nazoratsiz qolganlar uylari, mehnat maktablari, mehnat kelishuvlari va boshqa masalar yuzasidan yozishmalar. 1922-yil 7-fevraldan 1923-yil 11-iyungacha.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//