Ayashmi, savalash? Erkin A’zam asarlarida ayolning ma’naviy qiyofasi tahlili


Saqlash
17:41 / 02.06.2026 21 0

O‘zbek adabiyotshunosligida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam ijodidagi ayol obrazi masalasi hali alohida tadqiq etilmagan. E’tibor qaratilsa, muallif ijodida bu ayricha ahamiyat kasb etar ekan. Ayollar obrazida yorug‘likdan ko‘ra qora ranglar ortib ketganday. Bir emas, ko‘plab asarlarda ayollar tasvirida bo‘yoqlar quyulib ketganday va buning sabablari nima bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin? Tajribali yozuvchining bunday ifoda tarzini tanlashi va masalaga yondashuv sababi borligi sezilib turadi.

 

Yozuvchi asarlarida obrazlar tarkibi o‘ziga xos tarzda shakllantiriladi. Muallif maqsad va asar g‘oyasidan kelib chiqqan holda tarkib taqsimotini amalga oshiradi.  Yetakchi qahramon masalasining hal etilishi asarning muvaffaqiyatini ta’minlashga xizmat qiladi. Qahramonlar, ular orasidagi munosabatlarni yagona g‘oya atrofida birlashtirish yozuvchidan iqtidor va mahorat talab qiladi. Asarda obrazlar tarkibini yaxlit bir nuqtada jamlash, voqelikda vazifani taqsimlash, o‘zaro ziddiyatlarni o‘t oldirish kabi poetik usullarni shakllantirishda uslub masalasi nihoyatda katta ahamiyat kasb etadi.

 

Adabiyotshunoslikda Erkin A’zam yaratgan obrazlarning an’anaviy qahramonlardan farqlanishi olimlarimiz tomonidan ko‘p bora aytilgan. Ustozlarni takrorlamaslik uchun e’tiborni ayol talqiniga qaratamiz. Erkin A’zam qahramonlari jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy muammolarni hal qilish da’volaridan yiroq, katta kashfiyotlarni amalga oshirish quvvatiga ega bashariy shaxslar sirasiga kirmaydi. Yozuvchi asarlari qurilmasida o‘zini, o‘zligini anglash yo‘lida izlanayotgan odamlar ruhiyatini yoritib berish maqsadi salmoqli o‘rin egallaydi.

 

Ilg‘or... ovora... baxtsiz...

 

Yozuvchi asarlarida ayol obrazi talqinini ikki guruhga ajratib o‘rganish mumkin ekan.

 

Jamiyatning “ilg‘or” qatlamiga mansub mafkura qurbonlari. Bu guruh vakillarini esa shu tarzda tasniflash mumkin:

 

a) umrini o‘tkinchi g‘oyalarga bag‘ishlagan ayollarMafkuraxonim, Gulya Lagutina, Guli Askarovna;

v) jamiyatdagi noraso turmush tarzi oqibatida baxtidan mosuvo bo‘lgan ayollar – Safura, Bargida, Basira, Barnoshka, To‘ti pason;

g) nosog‘lom muhit tufayli hayotda o‘z o‘rnini topa olmagan ayollarBarfina Akobirovna, Tamara Salomonovna.

 

Yana bir guruh ham borki, ular — oila, uy-ro‘zg‘or tashvishlari bilan ovora bekalar “passiv” qatlam.

 

Adib asarlarida ayol ma’lum bir g‘oyaning timsoli bo‘lishdan tashqari o‘zining tarixi va adabiy shajarasiga ega. “Anoyining jaydari olmasi” hikoyasidagi Malikaning tarixi “Navoiyni o‘qigan bolalar”dagi “onasiga dori ichirgan” Malikaga tutash kelar, balki. Ramazon takror aytishni yaxshi ko‘rgan “Xush qol endi-i, Zuhroxonim” qo‘shig‘i “Shovqin” romanidagi aybsiz aybdor Zuhrani yodga soladi. Bunday tipdagi ayollarning nomi ham avaylanib, erkalatib qo‘yiladi. Ular oilasi bilan mashg‘ul bo‘lgan bekalar. Muallif ayolning baxtini oilasi bilan bir butunlikda ko‘radi. Halollik va sadoqat butunlikning asosi. Mana shuning o‘zi munosabatni belgilaydi. Adib asarlarida ma’suma ayollarga ichki hurmat; mafkura kuychilariga nisbatan istehzo, kesatiq ohangi ustuvor. Yoki aldangan, adashgan, yo‘lidan ayrilgan ayollar obrazining o‘ziga xos talqini yozuvchi asarlaridagi jozibani ta’minlagan deyish mumkin.

 

“Ilg‘or” qatlam Mafkuraxonimdan (“Shoirning to‘yi”) to Guli Asqarovnagacha (“Arbob Qulov Parijga boradi”) qancha taqdirlar, fojialar ochib berilgan. Bu tasnifni uzoq davom ettirish mumkin, ammo maqsaddan chalg‘imaslik uchun fikrimizga bevosita aloqadorlariga to‘xtalib o‘tamiz.

 

Erkin A’zam asarlarida ayollar talqini alohida tasvir yo‘nalishi bo‘lib, an’ana tarziga kirgan ifoda usullaridan jiddiy farqlanadi. Ayollarga nisbatan kinoya, istehzo, piching yetarli darajada aks etadi. Ayol ona, ayol yor, ayol qahramon singari an’anaviy talqinlar butunlay o‘zgacha mazmun kasb etadi. Adib jamiyatga munosabatini kinoya orqali ifodalar ekan, “ilg‘or” ayollarga tuzumning qurboni sifatida qaraydi. Bunday talqin bir qator savollarga yetaklaydi: nega yozuvchi ayol obrazi talqinida shu yo‘lni tutdi? Alamzadalik bormi yoki bepisandlik? Biror o‘rinda nurli ayol siymosini topish mushkul. Kamdan-kam holatda ularga markaziy o‘rindan joy ajratiladi. Odatda ular ko‘zdan panaroqda, e’tibordan chetroqda bo‘ladi, to‘g‘rirog‘i “ayaladi”. Muallif o‘zi ulg‘aygan qadriyatlar va axloqiy tutumlardan kelib chiqib munosabat bildirgan bo‘lishi mumkin. Buni aslo ayolni yerga urish, bepisandlik deb tushunmaslik lozim. Ulug‘larimiz ayolga “ojiza, zaifa” deb qaraganda ham avaylash ma’nosini nazarda tutgan. Muallifning munosabati mafkuraxonimlarni bunyod qilgan “noraso” jamiyatga nisbatan raddiya deyish mumkindir.

 

Berdiboyning hamiyati

 

“Piyoda” hikoyasi talqin imkoniyati kengligi bilan diqqatga loyiq. Bir qarashda johil Berdiboyning tutumlari odamni o‘ylatadi. Singlisini shaharga o‘qishga yuborishga qarshilik qiladi u. Gulsanam shaharga ketishdan oldinroq akasiga tik qaraydi, gap qaytaradi. “Beti ochiq” qiz. U zamonasining a’lochisi. Berdiboy bir vaqtlar o‘g‘lini Tiniq kampirga tashlab, shaharga kelib, ota uyining yaqinginasidan hovli-joy qilib oldirgan onasidan alamzada: “Biz bo‘lsak, qolaverganmiz u yoqda yolg‘iz kampirning qo‘lida, “yalmog‘iz” kampirning qo‘lida... sahroyi bo‘lib, o‘gay bo‘lib! Endi bular shaharlik! Endi bularning oti Muzaffar-u Samandar, Gulsanam-u Gulandom! Bizniki bo‘lsa... Berdi, Berdiboy!” Berdiboy ro‘zg‘orning tizginini, “jami bordi-keldisi”ni qo‘lga olgan onasidan norozi. Oilada boshqaruvni qo‘lga olgan onasi bilan kelisha olmaydi, kitobdan bosh ko‘tarmaydigan otasidan yozg‘iradi. Shahardan uylangan ukasi Muzaffarning xotinini ko‘rib hamiyati qo‘ziydi. Kelinning hurmatiga bozor oralab, semiz qo‘yni “yotqizib”, mehmonlarni olib ketgani keladi. Hovlida yurgan kelinning yurish-turishini ko‘rib jig‘ibiyron bo‘ladi. “...Boshyalang, sochi qirqilgan. Egnida yupqagina, piyozning po‘stidan ham yupqa-ye, yengsiz bir ko‘ylak, lozimdan-ku darak yo‘q. Kelinlari shu emish! Onasini chetga tortib: “Apa, ayting, deydi, boboydi oldida buytib yurmasin! (Parda Qurbonning mulla degan oti bor harqalay S.T.). Onasi  esa o‘g‘lining ustidan kulib: “O‘ylama, ulim, boboy qaramaydi”, deydi. Gulsanamning ta’biri bilan aytganda,o‘tgan asrdan qolgan odam” akasi Berdiboyning uy-xayollari bugun ham millatning eng katta muammolaridan biri sifatida kun tartibida turibdi. Hikoyada eskilik sarqitlariga ko‘milgan Berdiboyning turmush tarzi, anglami, ayollarga munosabati kinoya ohangiga o‘rab berilsa-da, fikrga tortadigan jihatlari ham yo‘q emas. Muallif muammoning har ikki tarafini ochib ko‘rsatadi va oraliq yo‘lni, me’yorni  afzal biladi.

 

Mafkuraxonim, Ma’shuqaxonim va boshqa ...xonimlar

 

“Shoirning to‘yi” qissasida g‘oyaviylik jihatdan mavzu yangilanganini ko‘rish mumkin. Asarda muallif nuqtai nazari, o‘zga nigoh, kinoya ohangining yangi ma’no tovlanishlari o‘quvchini rom etadi. Tarixga berilgan ta’rifning o‘zida qancha ma’no, qancha istehzo borligini sezish qiyin emas: “Tarix, kechagi kun bamisoli serishva jonon, har kim uni ta’biga moslab olaveradi; davr shamoliga qarab o‘zgaravergani sayin chin haqiqatni aniqlash mushkullashib boradi”.[1]

 

Yozuvchi asarlarida takror-takror uchraydigan siyosiy mazmundagi kinoyaviy ohang bu qissada ham quyuq. “Bepoyon o‘lkam”, “dunyo yo‘qsillarining dohiysi”, “mo‘ylovdor dohiy”, “Ozod Sharqning mash’ali” kabi tashbehlarning qo‘llanishi muallif ijodida ijtimoiy yukning ortib borganidan darak beradi. Asar sarlavhasidan tortib qahramonlarning atalishigacha ana shu ohang oshkora seziladi: Otashqalb, Zahmatkash domla, Mafkuraxonim, Musofir, Yosh shoir, Jiyanbeka, Ajoyib domla, Oqsoqol, Ma’shuqaxonim, Ta’qibkor, Moviyko‘z dilbar, Eng Katta rahbar. Muallif asarlarida qahramon nomlari o‘zi o‘zi haqida hikoya qiladi. Tariximizning “kir, qora kunlari”dan bir qissa shaklidagi asarda tiriklik falsafasi, hayot mazmuni istehzo aralash o‘kinch bilan qorishib ketadi. Birgina shoir so‘ziga berilgan ta’rifda ko‘p marta uchratgan, ammo e’tibor qaratilmagan ma’nolar qarshimizdan chiqib keladi. “...Hech qachon oddiygina, lekin mohiyatini ifoda etib “shoir” deb atalmagan ekan. Qachon qaramang “zamon kuychisi”, “zafarlar bulbuli”, “serzavq shoir”, “rahbar shoir”, “atoqli shoir”, “otaxon shoir”, “shoiri zamon”, “oqsoqol shoir”. Yaqindagina o‘zimiz yashab o‘tgan tarix haqidagi hikoyaning bugungi kunda ham ahamiyatini yo‘qotmaganiga guvoh bo‘lamiz. Badiiy asar bir vaqtning o‘zida uch zamonni qamraydi. Asar go‘yo kechadan hikoya qilib turib bugunning dardidan so‘ylaydi, shu asnoda ertaning qayg‘usidan ogohlantiradi. Badiiy asar zamonlar aro bog‘lovchi ko‘prik vazifasini bajaradi. Inson zotining jasoratda va tubanlikda ham yagona ekani qissa mazmuniga singdirilgan.

 

Qissadagi ayollar tasvirida ham muallifga xos nuqtai nazar o‘z aksini topgan. “Mafkuraxonim deganimiz asli komsomoldan yetishib chiqqan, keyinchalik talay yil poytaxt tumanlaridan birida partiya qo‘mitasiga yetakchilik qilgan, biroz muddat madaniyat vaziri ham bo‘lgan, mana, olti oydirki, yangi egarga o‘rnashib, mafkura otining jilovini tutgan edi”. Kelib chiqishi “oqsuyak xo‘jalar”dan bo‘lgan ayol nasl-nasabiga qo‘shib ona tilidan ham kechgan, mansab uchun bor ayollik baxtidan mosuvo bo‘lgan.

 

Ma’shuqaxonim shunday ta’riflanadi. “...umri pardoz-andoz deb o‘tgan, sochi hamon qop-qora (bo‘yalgan), yoshligida o‘lgudek shayton, jikildoq bo‘lgani ayon ko‘rinib turgan chittak bir kampir”. Asarda bu ayolga nisbatan turlicha tashbeh ishlatiladi: “muhabbat guli”, “jodugar”, “sarqit xonim”, “adabiyotning mo‘tabar onaxon-u enagalaridan, muhtaram yangamullolaridan”. Qahramon ismining o‘ziyoq uning qilmishlariga ishora qiladi. Muallif qissada ma’lum bir toifa ayollarni Otashqalb shoir kechmishidagi gunohlari bilan aloqadorlikda tasvirlaydi.

 

Moviyko‘z dilbar. “Basharasi burishib, bujmayib ketgan, bir zamonlar Otashqalbni entiktirgan moviy ko‘zlar endi xira tortib, tussiz bo‘lib qolgan. Alvasti!” Otashqalbga xiyonat qilib, uni abgor etgan ayol bugun tarixning teskarisini so‘zlaydi. “Ochiq yotgan qozon” deb tamsil qilingan Moviyko‘z dilbarning “to‘ng‘iz go‘shti bilan voyaga yetgani”, unga or-nomus, sadoqat tuyg‘usi begona ekani aytiladi. Asardagi Alvastixon qarib-quyulmagan darbon xotin. Ishvalari eritadigan Jiyanbeka haqidagi epizodlarda buyoqlar yanada quyuqlashadi. Bir-biridan kami bo‘lmagan “muhtarama” ayollar haqidagi ta’rif-u tashbehlarni o‘qib, shu qavmga mansub ekanligingdan xijolat chekasan, yo bu muallifning ayol zotida o‘chi bormikan, deb o‘ylab qolasan. Hamma gap muallif ko‘zlagan maqsadda!

 

Muallif nafs va xiyonat tufayli zavol topgan shoirning qismatini bugungi kun nuqtai nazari bilan yoritadi. Millat tarixining ayanchli kunlarida zavol topgan Otashqalb shoir umriga zomin bo‘lgan xudbin kimsalar bugun boshqa qiyofalarda yashayotgani ochib beriladi. Shoirning yubileyi bahonasida o‘tmishda Otashqalbni yo‘q qilgan hasad va xiyonat hali-hanuz odamzodni tark etmagani, bu qiyomatga qadar davom etishi haqida gap boradi. Odam Atoning jannatdan quvilishiga sabab bo‘lgan Momo Havo izdoshlarining kirdikorlari ayovsiz fosh etiladi. Yuqorida ta’kidlangan “muhtarama” ayollarning shu taxlit tasvirlanishi sababi, bizningcha, “qora” kunlarni yanayam “qoraytirish” uchun xizmat qilishi kerak bo‘lgan. Soxta g‘oyalarga aldangan ayol, yolg‘onchi tuzum, o‘tkinchi mafkuraning qurbonlari kechmishi orqali fojianing ta’sir kuchi orttiriladi. Asarda epizodik qahramon Tepakal tilidan Mafkurabegim haqida qiziq xulosa beriladi: “Tavba, dunyoning ishlariyam chappa-rasta. Chappa-rasta bo‘lmasa, shu qavmga buncha narsaning jilovini berib qo‘yib bo‘ladimi?”

 

Yozuvchi sovet tuzumining kirdikorlarini, fitna o‘yinlarini fosh etishda, hayotdagi norasoliklarni ochishda baxtsiz ayol obrazidan foydalanadi. Soxta, o‘tkinchi g‘oyani ayol bilan bog‘lashda ham gap ko‘p.  Ayollik hayosi, nafosatini boy bergan ojizalarning baxtsizligiga erkaklarning noshudligi, hamiyatsizligi sabab ekanini muallif juda ustalik bilan ko‘rsatib beradiki, buni bir qarashda ilg‘ab olish oson emas.

 

“Ona tilidan boshqa hammasini biladi”

 

“Bayramdan boshqa kunlar” qissasida muallif “dunyo matohi”ga berilib, o‘zligidan kechgan odamlar qiyofasini ochib beradi. “Ona tilidan boshqa hammasini biladi”gan Safura – muallif bisotidagi o‘ziga xos tip. Yurtimizda bozor iqtisodiyotiga o‘tish davrida ma’naviy jihatdan juda ko‘p qadriyatlar oyoqosti qilindi, milliy tuyg‘ular poymol etildi. Oila atalmish qo‘rg‘onda erkakning boshqaruvni boy berishi qanday oqibatlarga olib kelishini Bargida oilasi misolida ko‘rishimiz mumkin. Bargidaning otasi bir davrada xotini Afro‘za Kamolovnaning bir poy ziragini taqib olgani aytiladi. Aslida zirak xotinga emas, “lo‘liga” o‘xshab turgan erkakka mos ekani Bakir tilidan piching qilinadi. Oiladagi er-xotinning o‘rni, o‘zaro hurmat, muhabbatning yo‘qolishi Bakir nuqtayi nazari orqali tahlil qilinadi.

 

Bir oila turmushi misolida jamiyat hayotidagi ma’naviy buzuqliklar, nafs yo‘lida iymonidan voz kechgan kimsalarning qiyofasi fosh qilinadi. Odamzodning eng qadrli boyligi sanalgan or-nomus, iffat va hayo, iymon-e’tiqodga darz ketishi uni hayvonga tenglashtiradi. Shahvoniy kinolarni ko‘rishga ishtiyoqmand ota-onalar va farzand munosabatini yoritishda ana shu hayvoniy nafs vasvasalari tasviri odamni sergaklantiradi. Oiladagi qizlarning ismiyoq ko‘p narsalarga ishora qiladi: Barno, Bargida, Basira! Katta oiladagi (jamiyat) muammolarning ta’siri kichik oiladagi (Bargidaning oilasi) ma’naviy inqirozning timsoli sifatida taassurot uyg‘otadi. Ma’naviy tanazzulning bir oila misolida ochib berilishi va uning oqibatlari qanday fojiaga olib kelishi jonli lavhalarda yoritilgan. Barnoshkaning eri Chinnibek, uning balet maktabida o‘qiydigan o‘g‘li Rajik taqdiri misolida katta yo‘qotishlarning “izi” chiziladi.

 

Yozuvchining keyingi asari “Shovqin” romanida baxtsiz, fahsh va zalolatga botgan ayollar hayoti markazga olib chiqiladi. Asarda Farhod Ramazon bilan uchrashgan har bir ayolning baxtsizligi va kechmishi fojia fonida ochib beriladi.

 

Kechmish ayol baxtsizligining ildizlarini ochadi. Romanda tili va dini, vatanidan mosuvo bo‘lgan ayollarning juda boy arsenalini ko‘rish mumkin. Gulya Lagutina, Munira-Irka, Barfina Akobirovna, Tamara Salomonovna kabi obrazlarning deyarli hammasi baxtsiz, jamiyatda, oilada o‘rnini topa olmagan mushtiparlar. Haqiqatan ham, yozuvchi yaratgan ayol obrazlariga “mushtipar” so‘zi juda mos. Aksariyati baxtidan tinmagan, oilasi barbod bo‘lgan ayollar. Yozuvchi ularni shunchaki tasvirlab qo‘ymaydi, balki fojianing asl mohiyatini ochib berishni maqsad qiladi.

 

Ayolni anglash, uning beqarorligi, ehtiroslarga berilishi, mehr-muhabbati... barcha tovlanishlarini qamrab olish oson emas. Yonida Pakananing borligini baxt sanagan Arofat, otasi tengi “indamas”ning yonida  bo‘lishidan bolalarcha quvongan Zabarjadning tuyg‘ularini qanday qabul qilish va qanday sharhlashni bilmay qolasiz. Muallif ayollar tabiatining ana shunday tovlanishlarini yoritib bergan. U bu kabi baxtidan tinmagan ayollar talqinida ularni shunchaki ayblamaydi, o‘quvchiga ham hamdarlik hissini yuqtiradi. Zabarjad, Safsar, Parizod, Marina, Manzuma otin, Boybichcha, Oybibi kabi ayollar tasvirida ularni tushunishga, baxtsizlikning asl sabablarini anglashga intiladi.  

 

O‘jarlikda gap ko‘p...

 

Sirtdan qaraganda yozuvchi ayollar zimmasiga katta yuk ortmaydi, balki  uni shunchaki ijtimoiy-maishiy qamrovda tasvirlaydi. Ammo ifodadagi kinoyaning ustuvorligi bois muallif ayollarni ermaklaganday, kamsitganday  tuyuladi. Aslida esa asosiy maqsad – ana shu ojizalarni e’zozlash, qadriga yetish, hurmatini joyiga qo‘yish. Ayollar oilaning ma’naviy olamiga mas’ul zot sanaladi. Yozuvchi ojiza”larning hayotiga erkaklar mas’ul ekanini asarlari misolida qayta-qayta uqtirishga harakat qiladi. Ba’zi asarlarida ayol kerak joyda erkakdan ham baland hamiyatli, oriyatli bo‘lib jonlanadi. Zabarjadning chapaniligi va tantiligi atrofidagilarga namuna bo‘lsa, “Arbob Qulov Parijga boradi” hikoyasida “Kenja qashshangning qizi” Zevar qat’iyati va keskirligi bilan butun asardagi personajlardan ajralib turadi. Zevar asarda deyarli harakatlanmaydi, faqatgina bir necha o‘rinda nomi tilga olinadi. Ammo uning asardagi mana shu “kamtarona” ishtiroki voqealar yo‘nalishini boshqa o‘zanga solib yuboradi.

 

Zevar – tilidan, dinidan tonib o‘zligini unutgan ojiz odamlar orasida ajralib turadigan umid, erkinlikning timsoli. Masxarabozlik urchigan sahnada u boshqalardan o‘jarligi va g‘ururi bilan ajralib turadi. Televizorga chiqish uchun “eskilik sarqiti” deb ro‘mol va lozimdan voz kechish so‘raladi. Zevar “Boshidagi savil qolgur ro‘molini ham, unisini ham yechib chiqsa o‘lib qolarmidi deng! Besh daqiqaginaga!” deyilganda, bir martagina bo‘lsa ham aytilgan vazifani bajarish talab etilganda ko‘nmaydi, chunki u mustaqil va qat’iyatli ayol. Kenja qashshangning qizi olomon singari Parij-Parij deb hoy-u havasga berilmaydi. Hayotiy tutumlari bilan Zevar ularga o‘xshamaydi, eng muhimi, o‘xshashni xohlamaydi. Uning o‘rniga To‘ti pason suratga tushib, rejani barbod qilib yuboradi. E’tibor berilsa, muallif Zevar tipidagi qahramonlarni maqtab alqamaydi, urg‘ulab milliy qahramonga aylantirmaydi. Shunchaki yo‘l-yo‘lakay qistirib o‘tadiki, ular deyarli e’tiborni tortmaydi. Bilgan – biladi. Ayolning qadr-qimmati, o‘rni yo‘qotilgan jamiyatda muvozanat buziladi, millat kelajagiga soya solinadi.

 

Adib asarlarida ana shunday qistirmalar hal qiluvchi ahamiyatga ega. Qistirmalarni badiiy asar voqealari maydoniga olib kira olish va undan kerakli o‘rinda foydalanish muallif ijodiy konsepsiyasida alohida o‘rin tutishini ta’kidlab o‘tish joiz. Bunday qistirmalar uning deyarli barcha asarlarida uchraydi. “Stupka”da Arslon tog‘aning uyidagi surat bilan bog‘liq sahna, “Shovqin” romanida Shayx San’on haqidagi rivoyat, “Tanho qayiq”dagi Ustoz va qirq shogird haqidagi rivoyat bunga misol bo‘la oladi.

 

“Arbob  Qulov Parijga boradi” hikoyasida Zevarning otasiga “qashshang” deya baho beriladi. Qashshanglik – o‘jar, bilganidan qaytmaydigan inson fe’l-atvoridagi belgi. Mana shunday o‘jarlarda ham gap ko‘p. Ular o‘z qarashlarida sobit, mustaqil so‘z egalari, shaxslik maqomi tomon yuzlangan kimsalardir. Hikoyada zamon maqomiga bilib-bilmay yo‘rg‘alaydigan Guli Askarovna, To‘ti pasonlar zaharxanda kinoya orqali ochib berilsa, Zevarga o‘xshagan “bilganidan qaytmaydigan”lar muallifning xolis nuqtai nazari bilan chizilsa-da, baribir yozuvchi simpatiyasi oshkor bo‘lib qolaveradi. Muallif nuqtayi nazari obraz mantig‘ida, qahramon tabiatida aksini topadi. Bu – yozuvchining qahramonni taqdim etish usullaridan biri!

 

“Ayaymiz-da ularni”

 

Adabiyotshunos Umid Ya’qub “Erkakning or qo‘shig‘i” nomli maqolasida yozuvchi ijodida ayollar obrazi talqiniga doir salmoqli mulohazalarni bayon etadi. Yozuvchi asarlaridagi ayollar obrazini umumlashtiruvchi  nuqtani u shunday baholaydi: “Barcha kadrlarni birlashtiradigan qizil ip – or-nomus timsoli bo‘lgan ayolning nomunosib-u nomuvofiq o‘rin tanlashida. Aslida ham qay ko‘rinishda bo‘lmasin, ayolning xo‘rlanishi erkak (b)orining boy berilishini anglatadi”.[2] Yosh tadqiqotchi yozuvchi ijodidagi eng muhim nuqtalarni juda topib aytadi. Masalaga yangi rakursdan yondashadi. Umid Ya’qub muallif maqsadini anglash va uni xolis qabul qilish yo‘lidan boradi. Zotan, jamiyatda ayolning o‘rnini topish masalasini faqatgina erkaklarga taqab qo‘yish ham o‘zini oqlamaydi, nazarimda. Jamiyat hayoti, siyosiy-iqtisodiy tuzum, oila, ota-ona, muhit, nasliy xususiyatlarni ham nazardan qochirmaslik lozim.

 

Bu borada “Ertalabki xayollar” kitobidagi mulohazalar e’tiborni tortadi.  Ayollar  tasviri bilan bog‘liq savolga “Ayaymiz-da ularni” deb javob beradi adib. Umuman olganda, xalqimizda ayolni ayash, erkalash odat tusiga kirgan. Ayolning o‘z o‘rnini bilmasligi mana shu “ayash” tuyg‘usini barbod qiladi. Oradagi muvozanat yo‘qoladi.

 

...O‘zimiz yaxshi bilgan qavmdan qahramon yasaymiz-da, ahli zeboni o‘shanga hamroh qilib qo‘yamiz”.[3] Bir-birini to‘ldirganda ular butunlikni hosil qiladi. Mana shu butunlikni ta’minlash uchun ham “ahli zebo”ga ehtiyoj tug‘iladi.

 

Yana bir suhbatda shunday deyiladi: “Bugun o‘ylab ko‘rsam, men shunchaki soddalik bilan ayollardan ideal qidirgan ekanman, xolos. Ayollarning yomoniga ham biz erkaklar aybdor ekanmiz. Yana bir gapni aytsam kulmaysiz, mening dunyodagi eng baxtiyor ayolga ham negadir rahmim keladi. Bu tuyg‘u ham ayol zotidan yuqqaniga shubham yo‘q...”[4] Suhbat mazmunidan muallif ijodiy pozitsiyasi yanayam aniqlashib boradi. Iqtibosdagi uch nuqtaga e’tibor qaratish mumkin ekan:

 

ayollardan ideal qidirish soddalik. Demak, ayoldan mukammallik qidirish ham anchayin jo‘n gap;

ayolning baxtsizligiga erkaklarning mas’uliyatsizligi sabab. Ayol qilayotgan xatolarga erkak kishi ham birday sherik;

dunyodagi baxtli ayolning ham baxti butun emaskami bor. Ayoldagi rahm-shafqat tuyg‘usi va mehribonlik muallifga ham begona emas.

 

Muallifning ayol zotiga “negadir rahmi kelishi” adibning turmush tarzi va oilaviy muhiti, oiladagi to‘ng‘ich o‘g‘il akalik, otalik ma’suliyati bilan bog‘liqdir ehtimol. Har holda, bizning kuzatishlarimiz shunday!

 

Sanobar TO‘LAGANOVA,

filologiya fanlari doktori, professor

 



[1] A’zam E. Tanlangan asarlar. – Toshkent: “Sharq”, 2021.B. 478.

[2] Ya’qub U. Erkakning or qo‘shig‘i // Erkin A’zam badiiy olami. – Toshkent, “Turon Zamin zio”, 2014. – B. 148.

[3] A’zam E. Ertalabki xayollar. – Toshkent: “O’ZBEKISTON”, 2015. – B. 443.

[4] Ya’qub U. Erkakning or qo‘shig‘i // Erkin A’zam badiiy olami. – Toshkent, “Turon Zamin zio”, 2014. – B. 148.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//