Norvegiyadagi oʻzbek harbiy asirlarining fojiali taqdiri


Saqlash
14:28 / 02.06.2026 26 0

Ikkinchi jahon urushida fashistlar Germaniyasiga qarshi mardonavor jang qilib, asirlikka tushib qolgan va Shimoliy Yevropaning olis hududlariga, xususan Norvegiyaga surgun qilingan oʻzbekistonlik jangchilarining turmush tarzi va ularni taqdiri tarixshunosligimizda hanuzgacha oʻrganilmay kelingandi. Yevropa davlatlariga qilingan ilmiy safarim davomida Germaniya federal arxivi (Bundesarchiv) va Norvegiya milliy arxivida saqlanib kelayotgan hujjat va materiallar bilan tanishish ushbu mavzuni xolis va kompleks tarzda oʻrganish imkonini berdi.

 

Urushning dastlabki yillarida Sharqiy frontda ikki million turkistonlik askar xizmat qilgan va urushning ilk oylaridayoq ular ommaviy ravishda fashistlarga asir tushgan. Buning sababi askarlarning maxsus harbiy tayyorgarlik koʻrmagan, oddiy qurollar bilan jangga safarbar etilganida edi. 1941-yilning kuzida Vermaxt qoʻmondonligi turkistonlik asirlarga nisbatan yangicha strategiya qoʻllay boshlagan.

 

Polshaning Chenstoxova (Chencztova) hamda Gross-Rozen nomli konslagerlarida saralangan va maxsus koʻrikdan oʻtkazilgan oʻrtaosiyolik harbiy asirlardan maxsus qurilish batalyonlari tuzila boshlangan. Rejaga muvofiq, batalyonlar milliy tarkib jihatdan shakllantirilgan. Natijada Germaniya qurolli kuchlar bosh qoʻmondonligi 1941-yil 11- va 26- noyabr sanalaridagi buyruqlari asosida turkistonliklar (oʻzbeklar, qozoqlar, qirgʻizlar, tojiklar, turkmanlar) ishtirokida maxsus Turkiston qurilish va mehnat batalyonlari (Turkestanische Bau-Bataillone) tuzilgan.

 

Berlin-Grunevald, 12.10.1944, Erdener koʻchasi 7 uy. Mavzu: Germaniyada Turkistonliklar.

Vali Qayumxonning aniqlashicha, taxminan 160 000 turkistonlik qurollantirilgan yoki mexnatda boʻlishi mumkin. Qayumxon ularni yagona tashkiliy birlashmaga - Vermaxt yoki SS tarkibida Turkiston harbiy birligi shaklida tuzilishini hoxlamoqda.

 

Izoh: Germaniyadagi Turkiston Milliy Birlik Qoʻmitasi rahbari Vali Qayumxonning SS bosh boshqarmasiga 1944-yil 12-oktyabrda bergan maʼlumotlariga koʻra Germaniyada jami 160.000 nafar turkistonlik asirlar mehnatga va xarbiy xizmatga jalb qilingan (Asos: Germaniya federal arxivi (Bundesarxiv).

 

Urush yillarida Norvegiya hududi natsistlar Germaniyasi uchun strategik ahamiyatga ega boʻlib, bu yerda ittifoqchilarning ehtimoliy hujumidan himoyalanish uchun ulkan mudofaa istehkomlari – "Atlantika devori" (hujjatlarda “Atlantikwall”) barpo etilgan. Mazkur loyihani amalga oshirishda Norvegiyaga koʻchirilgan yuzlab oʻzbek asirlarining mehnati ham hal qiluvchi kuch boʻlgan. Asirlar uchun eng ogʻir sinovlardan biri Arktika iqlimida “Qutb temir yoʻli” ("hujjatlarda Polarbanen”)ning qurilishi boʻlib, vatandoshlarimiz shimoliy qutb doirasining ayovsiz sovuqlarida, doimiy ochlik va issiq kiyim-kechak yetishmovchiligi sharoitida temir yoʻl izlarini yotqizishga majbur boʻlgan. Ushbu yoʻl nafaqat strategik obyekt, balki yuzlab insonlar fojiasiga guvoh boʻlgan hayot va mamot yoʻliga aylangan. Mudofaa istehkomlarini qurish uchun zarur boʻlgan qurilish materiallari ham asirlarning jismoniy kuchi evaziga yetkazib berilgan boʻlib, oʻzbek asirlari qish-u yoz tinmasdan tosh konlarida ogʻir toshlarni maydalashga va bunkerlar uchun tonnalab beton quyish ishlarini bajarishga majbur qilingan.

 

Ana shunday yurtdoshlarimizdan biri Abdulaziz Qayumovich Hakimov 1919-yilda Andijon oblasti, Lenin rayoni (hozirgi Asaka)da tugʻilgan, Ikkinchi jahon urushi davrida sovet armiyasi safida xizmat qilgan. Janglarning birida u nemis qoʻshinlari tomonidan asir olingan va Norvegiyadagi “Stalag 330” deb nomlangan harbiy asirlar lageriga joylashtirilgan. Maʼlumotlarga koʻra, Abdulaziz Hakimov 1942-yil 17-mart kuni Norvegiyaning Nordland hududidagi Narvik shahrida vafot etgan. 18-martda u Narvikdagi Furumoyen qabristoniga dafn qilingan. Keyinchalik esa uning jasadi boshqa sovet harbiy asirlari bilan birgalikda Norvegiyadagi Tyotta (Tjøtta) sovet harbiy qabristoniga qayta koʻmilgan. Mazkur qabriston Ikkinchi jahon urushi davrida Norvegiya hududida halok boʻlgan sovet harbiy asirlari xotirasiga tashkil etilgan yirik majmualardan biri hisoblanadi.

 

Norvegiyada asirlikda boʻlgan andijonlik Abdulaziz Qayumovich Hakimovning shaxsiy hujjatlari (Norvegiya Milliy Arxivi)

 

Yana bir oʻzbekistonlik mahbus Boboqul Muxtorovich Muxtorov 1912-yil 5-iyulda Toshkent shahrida tugʻilgan boʻlib, Ikkinchi jahon urushi davrida sovet armiyasi safida oddiy askar sifatida xizmat qilgan. Hujjatda uning millati oʻzbek deb koʻrsatilgan. Urush davomida u nemis qoʻshinlari tomonidan asirga olingan va “Stalag II-B” nomli harbiy asirlar lageriga joylashtirilgan.

 

Boboqul Muxtorov 1943-yil 3 sentabr kuni Norvegiyaning Oppland hududidagi Faberg yaqinidagi Yorstadmoyen (Jørstadmoen) yerlarida vafot etgan. Hujjatda uning qabri Yorstadmoyen qabristonida joylashgani qayd etilgan. Qabr raqami 371 deb koʻrsatilgan.

 

Boboqul Muxtorovich Muxtorov

 

Islom Sohibovich Sohibov 1918-yil fevral oyida Oʻzbekistonda tugʻilgan, Ikkinchi jahon urushi davrida sovet armiyasi safida oddiy askar sifatida xizmat qilgan. U Ukrainadagi ogʻir janglardan birida nemis qoʻshinlari tomonidan asirga olingan hamda “Stalag 330” nomli harbiy asirlar konslageriga joylashtirilgan. Islom Sohibov 1942-yil 21-iyun kuni Norvegiyaning Nordland hududidagi Narvik shahrida kondagi baxtsiz hodisa tufayli vafot etgan. 1942-yil 22-iyunda u Narvikdagi Furumoyen qabristoniga dafn etilgan. Keyinchalik esa uning jasadi ham Tyottaga koʻchirilgan. Hujjatda uning ayni paytdagi qabri bu memorial qabristonda joylashgani koʻrsatilgan. Qabr joylashuvi A sektori, IV qator, 80-raqam sifatida qayd etilgan.

 

Rahmon Ummatov - 1918-yil Oʻzbekistonda tugʻilgan, Ikkinchi jahon urushi davrida sovet armiyasi safida xizmat qilgan. Urushning ogʻir va murakkab sharoitlarida nemis qoʻshinlari tomonidan asirga olingan va “Stalag 330” nomli harbiy asirlar lageriga yuborilgan. Endigina 24 bahorini koʻrgan bu yigit 1942-yil 20-fevralida Norvegiyaning Narvik shahrida vafot etgan. Bu hudud Ikkinchi jahon urushi davrida sovet harbiy asirlari ogʻir mehnatga jalb qilingan va juda qattiq sharoitlarda saqlangan joylardan biri edi. Sovuq iqlim, oziq-ovqat tanqisligi, kasalliklar va tinka-madorini quritadigan mehnat minglab asirlarning hayotiga zomin boʻlgan. Raxman Ummatov ham ana shunday fojeali taqdirni boshdan kechirgan oʻzbekistonlik harbiy asirlardan biri edi. Uning taqdiri bilan bogʻliq boʻlgan hujjatlar orasida fotosurati ham saqlanib qolgan.

 

Rahmon Ummatov

 

Sovet qoʻshinlari Germaniya chegarasiga yaqinlashib kelayotgan bir vaqtda, Norvegiyada mexnat qilayotgan asirlarni harbiy legionlar tarkibiga safarbar etish jarayoni amalga oshirilgan. 1945-yil 27-yanvar holatiga koʻra, "Stalag III B" lageridan 187 nafar turkistonlik asir rasman ozod qilinib, Noyhammer harbiy poligonidagi 1-sonli Turkiston koʻngillilar polki ixtiyoriga yuborilgan. Shu bilan birga Germaniya xavfsizlik idoralari (SS) Qizil Armiya tarkibida xizmat qilgan va asirga tushgan oʻzbek ofitserlari masalasiga alohida eʼtibor qaratgan. 1945-yil 29-yanvarda Vena shahridagi SS yoʻnaltiruvchi markazi orqali bir guruh oʻzbek millatiga mansub sobiq ofitserlar maxsus "tasniflash" jarayonidan oʻtkazish uchun Berlinga, SS Bosh boshqarmasiga chaqirtirilgan. Ular 1920-yilda tugʻilgan Muborak Ahmadjonov, 1917-yilda tugʻilgan Qozi Kazbekov, 1917-yilda tugʻilgan Eshmuhammad Muhammadjonov, 1913-yilda tugʻilgan Ogʻagala Shukurlar edi.

 

Urush tugashiga atigi bir necha oy qolganida, turkistonlik harbiy asirlar nemis qurolli kuchlariga qarshi kutilmagan va shiddatli qarshilik koʻrsatgan. 1945-yilning 30-yanvarda Venada imzolangan maxfiy hujjat bu jarayonning naqadar jiddiy tus olganini koʻrsatadi. Hujjatga koʻra, 1945-yil 25-yanvardan 28-yanvargacha boʻlgan transportlar bilan Norvegiya lagerlaridan yigʻib kelingan asirlarning juda katta qismi harbiy xizmatni davom ettirishdan qatʼiyan bosh tortgan. Maktubda taʼkidlanishicha, asirlar "Qizil armiyaga qarshi qurol koʻtarib jang qilishni ochiqchasiga va qatʼiyan rad etishgan". Mazkur vaziyatdan habar topgan Vermaxt masʼullari nemis yoʻnaltiruvchi markazlarini asirlarni safarbar qilish ishida sustkashlikka yoʻl qoʻyganlikda ayblangan. Natijada, yurtdoshlariga qarshi qurol koʻtarishni rad etgan barcha "isyonchi" asirlarni yana qaytadan asirlik maqomiga qaytarish va ularni jazo sifatida Kayzershtaynburux (Kaisersteinbruch) harbiy asirlar lageriga yuborish haqida buyruq berilgan. Bu holat natsistlar Germaniyasining “nemis askarlarining jonini saqlash uchun sharq xalqlardan foydalanish” siyosati barbod boʻlganidan dalolat edi.

 

Quyida Norvegiya lagerlarida (hujjatlarda Kgflg. Norwegen) asirlikda boʻlgan vatandoshlarimizni eʼtiboringizga havola etmoqchiman:

 

F.I.Sh.

Tugʻilgan sana

Kasbi (nemischa qisqartma)

1

Abduholiqov Majid

21.09.1915

Dehqon

2

Abdullayev Xayrullo

15.03.1923

Dehqon

3

Asadov Vahob

01.01.1918

Dehqon

4

Bekjonov Rashodaʼlo

15.03.1915

Dehqon

5

Bekjonov Ravshan

01.03.1915

Dehqon

6

Choriyev Mamasoli

21.09.1917

Oʻqituvchi

7

Dehqonov Qodir

15.07.1920

Ishchi

8

Doʻstarov Teshavoy

1902

Dehqon

9

Yermatov Abdurayim

05.05.1924

Dehqon

10

Gʻaniyev Sulton

20.06.1919

Aniqlanmagan

11

Horun Rashid

20.10.1919

Ishchi

12

Husainov Mashxur

04.09.1919

Dehqon

13

Jumaboy Mahsum

22.04.1929

Dehqon

14

Komilov Yegor

20.03.1917

Haydovchi

15

Mamajon Qozoqboy

01.05.1895

Sartarosh

16

Mamatov Normurod

12.02.1919

Ishchi

17

Mirtursun Xotam

01.09.1922

Ishchi

18

Muhammedov Xoʻja

1908

Aniqlanmagan

19

Nurali Ibrohim

20.01.1920

Konchi

20

Olimov Muhammad

1916

Ishchi

21

Ortiqov Abduqodir

1919

Haydovchi

22

Ortiqov Sobirjon

10.09.1910

Dehqon

23

Otaxonov Turdiali

25.05.1917

Hisobchi

24

Qalandar Shoxsimat

10.01.1906

Dehqon

25

Qayum Haliljon

29.10.1917

Ishchi

26

Qobilov Boychura

12.12.1922

Dehqon

27

Qodirov Qudrat

05.01.1916

Dehqon

28

Qoraboyev Qusʼhboy

01.05.1922

Sartarosh

29

Qozoqboyev Malik

10.09.1910

Yetikdoʻz

30

Qurbonov Omonturdi

15.09.1919

Dehqon

31

Raximboyev Abdusolih

22.05.1922

Ishchi

32

Raximov Chori

1916

Tikuvchi

33

Saparov Turdiyoʻl

1914

Ishchi

34

Sarimsoqov Muhsin

22.09.1920

Dehqon

35

Shodiyev Samad

17.01 (yil koʻrsatilmagan)

Ishchi

36

Shoxsulton Nabi

02.04.1910

Agronom

37

Solixoʻja Salmonxoʻja

10.01.1906

Sartarosh

38

Sultonov Nuri

15.05.1918

Dehqon

39

Toʻrajon Siddiqjon

10.11.1919

Chilangar

40

Toirov Qurbon

21.05.1919

Haydovchi

41

Turayev Alijon

20.10.1919

Talaba

42

Umar Omon

16.03.1916

Oʻqituvchi

43

Umurzoqov Ergash

10.10.1918

Pochta xodimi

44

Usmankul Abdumoʻmin

22.10.1910

Dehqon

45

Yusupov Ergash

22.01.1918

Talaba

 

Ushbu roʻyxatlarni oʻqir yekanmiz, Skandinaviyaning izgʻirinli lagerlarida gʻayriinsoniy sharoitlar, mashaqqatli mehnat va tinimsiz tahqirlar ostida hayot kechirishga majbur boʻlgan, oʻzligini yoʻqotmagan oʻzbekistonlik oʻqituvchi, chilangar va dehqonlarimizni koʻramiz.

 

Ikkinchi jahon urushida asirga olingan vatandoshlarimizning Norvegiyadagi turmush tarzi va ayanchli taqdirini oʻrganish tarixshunosligimizning dolzarb mavzulardan biridir, buning uchun bir guruh tadqiqotchilarni jalb yetgan holda grant loyihalar asosida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish zarur.

 

Maxkamov Azizbek 

Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, PhD

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//