Soat, navigator, hisoblash mashinasi – Dunyoni hayratlantirayotgan Mirzo Ulug‘bek davri eksponatlari


Saqlash
11:41 / 03.06.2026 11 0

Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi fondida Oʻrta Osiyoning birinchi darajali ilmiy ahamiyatga ega, dunyoga mashhur yuz minglab moddiy va manaviy yodgorliklaridan topilgan arxeologik, numizmatik, etnografik topilmalar hamda arxiv hujjatlari saqlanadi. Tarkibiy qismi 75 mingdan ziyod ashyoni oʻz ichiga olgan arxeologik topilmalar Arxeologiya fondining boyligi. Mirzo Ulugʻbekning ilmiy merosiga oid 200 ga yaqin eksponatlarning bir qismi Arxeologiya fondida saqlanayotgan boʻlsa, bir qismi ekspozitsiyada namoyish etilmoqda. Eksponatlar orasida usturlob gardishlari, devoriy bezak namunalari; Badiiy asarlar fondida esa Ulugʻbek rasadxonasining maketi mavjud. Ularning ba’zilariga qisqacha toʻxtalib oʻtamiz.

 

 1-rasm.

 

Muzeydagi bronzadan ishlangan usturlob gardishlari 4 dona, XVI asrga oid boʻlib, ular A.15320-raqam ostida inventar roʻyxatga olingan [1-rasm]. Har birining oʻlchami 9 sm dan. Disk chiziqlar yordamida toʻrt qismga boʻlingan. Oʻrtasida dumaloq, yoni (qirrasi)da yarim aylana teshigi bor. Diskning yarmiga doira shaklida chiziqlar chizilgan. Qolgan qismida oʻtkir burchakli bir-biri bilan kesishgan semmitrik chiziqlar mavjud. Bundan tashqari diskning markaziy qismidan arab raqamlar, astranomik darajalar va arab grafikasidagi soʻzlar oʻrin egallagan. Ushbu eksponat muzey ekspozitsiyasining VI-zalida namoyish etilmoqda. Disklar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yigʻilishining 2022-yil 15-dekabrdagi 284-sonli bayoni (№01-32/50-126. 15.12.2022), OʻzR Fanlar akademiyasi prezidentining 2022-yil 28-dekabrdagi 3-178-sonli va Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi direktorining 2023-yil 10-yanvardagi 1-X-son buyrugʻi asosida 2023-yilda Saudiya Arabistonining Jidda shahrida boʻlib oʻtgan “I Xalqaro islom san’ati biennalesi” koʻrgazmasida namoyish etilgan. Disklar muzeyga mahalliy kolleksionerlardan biri, samarqandlik savdogar Mirza Abdulla Buxoriyning shaxsiy kolleksiyalari tarkibida qabul qilingan, hamda 188-sonli kolleksiya kitobiga kiritilgan. 

 

2-3-rasm.

 

Aytib oʻtish joizki, oʻrta asrlarda usturlob joyning geografik koordinatalarini, vaqt, yulduzlarning chiqish va botish paytlarini aniqlashda, hamda, amaliy astronomiyaning boshqa masalalarini hal qilishda muhim rol oʻynagan. Shuningdek, u bir vaqtda ham soat, ham masofa oʻlchagich, navigator, hisoblash mashinasi hamda koordinat va trigonometrik amallar uchun malumotnoma vazifasini bajargan. Yuqoridagilarni inobatga olsak, Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyida saqlanayotgan usturlob gardishlari oʻsha davrda koʻplab ilmiy masalalarni yechishda xizmat qilgan.

 

Arxitektura bezak namunalari (ganchlar). Mirzo Ulugʻbek qurdirgan “Chinnixona”da 1941-yilda qazish ishlarini olib borgan arxeolog M.E.Masson yuzga yaqin devoriy bezak qismlarini topgan. Ular Oʻz SSR markaziy tarix muzeyi (hozirgi Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi)ga topshirilgan. Ganchlarni qanday materialdan yasalganiga koʻra ikkiga: loydan va albasterdan; yasalish shakliga koʻra esa uchburchak [2-rasm], toʻrtburchak [3-rasm], toʻgʻri toʻrtburchak [4-rasm], beshburchak [5-rasm], yarim aylana (paxtasimon) [6 rasm] kabi turlarga boʻlishimiz mumkin. Ularning koʻpi bizga qismlar shaklida yetib kelgan. Oʻlchamlari oʻrtacha 5–20 sm. Ashyolar muzey arxeologiya fondida saqlanmoqda hamda 202-sonli kolleksiya kitobiga kiritilgan.

 


 4-rasm.

 

Samarqanddagi XV asr meʼmorchiligining nodir namunalaridan biri, koʻhna astronomik kuzatuv obyekti boʻlgan Ulugʻbek rasadxonasini arxeologik jihatdan qidirish ishlari 1908-yil V.L.Vyatkin rahbarligida boshlangan. Tadqiqot bir necha sabablarga koʻra 1948-yilga qadar choʻziladi. L.Vyatkin boshlagan ishni arxeolog V.Shishkin tugatgan. Bu yerda diametri 48 metr keladigan, qalinligi bir gʻisht boʻlgan aylanma devor va uning markazida qoʻshaloq yoydan iborat ulkan bosh qurilmaning qoldiq qismlari aniqlangan. 

 

Ulugʻbek rasadxonasi Nosiriddin at-Tusiy tomonidan ishlab chiqilgan Marogʻa rasadxonasining rejalari asosida qurilgan. Rasadxona toʻgʻrisida Abu Tohirxoʻja shunday maʼlumot beradi: Mirzo Ulug‘bek Qozizoda Rumiy, Mavlono Gʻiyosiddin Jamshid va Mavlono Muiniddin Koshoniylar bilan maslahatlashib, Koʻhak tepaligida Obi Rahmat arigʻining boʻyida rasadxona binosini qurdiradi. Uning atrofida esa baland hujralar barpo etadi. Rasadxona ichiga oʻrnatilgan usturlob yordamida Quyosh, Oy, sayyora va yulduzlar katta aniqlik bilan oʻrganilgan. Rasadxonada kutubxona ham boʻlgan.

 


 5-6-rasm.

 

Ichki devorda osmon, yulduzlar xaritasi, togʻ, dengiz, mamlakatlar belgilangan Yer shari tasviri ishlangan. Keyinchalik u qarovsiz qolib, XVI asrda vayron qilingan. Hozir Ulugʻbek rasadxonasidagi katta asbob – kvadratning yer ostida saqlangan qismi balandligi bilan 11 metr keladi. Ushbu rasadxonaning faqat tag qismi bizgacha yetib kelgan.

 

Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi ekspozitsiyasida 1970-yillarda maxsus tayyorlangan Mirzo Ulugʻbek Observatoriyasining maketi namoyish etilmoqda [7-rasm]. U slindrsimon shaklda oq plastmassa va orstekoldan yasalgan. Uch qavatdan iborat. Yuqoridan ikki qavati toʻliq hujralar. Oʻlchamlari: balandligi-93 sm, diametri-61sm. Ushbu eksponat ham 2023-yilda Saudiya Arabistonnining Jidda shahrida boʻlib oʻtgan “I Xalqaro islom san’ati biennalesi” koʻrgazmasida namoyish etilgan.

 

7-rasm.

 

Samarqandda XIV-XV asrlarda olib borilgan bunyodkorlik ishlari bugungi kunda ham dunyoni hayratlantirmoqda. Mirzo Ulug‘bek tomonidan bunyod etilgan observatoriya, imoratlar, bogʻlarda olib borilayotgan tadqiqot natijalari arxeolog olimlarni hanuz quvontiradi. 

 

Sarvar BOYMIRZAYEV,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//