Bizni qanday kelajak kutmoqda? – Ikkinchi maqola


Saqlash
10:01 / 24.01.2022 1509 1

O‘tmish va bugun haqida so‘z yuritdik. Kelajak xususida bahs qilishdan avval aksar mushtariylarni o‘ylantirayotgan “Bizda-chi?” degan savolga javob qidirib ko‘raylik.

 

Oxirgi bir necha asr mobaynida o‘zlik tushunchasining yangi talqinlari Yevropa qit’asida takomillashdi. Shu bois ularda asosan dunyoga ovrupocha nigoh zuhur etadi. Bu jihatdan zamonaviy fan, madaniyat, siyosiy tuzumlar, hatto umuminsoniy qadriyatlar ham o‘ta ovrupochadir aslida. Mustamlakachilik beshigidan rub’i maskunga yoyilgan o‘zlik ta’limotlari rang-barang madaniy muhitlarda turfa aks-sado berdi. O‘zgacha inonch-e’tiqodda yashab kelgan osiyolik va afrikaliklar Yevropa tafakkurini o‘zlashtirib, uni rivojlanish yo‘li deb qabul qilarkan, ayni choqda, o‘z milliy loyihalarini ilgari surdi. Yevropada bunday tafakkur paradigmasi uzoq davom etgan tarixiy hodisotlarga muvofiq toblanib borgan bo‘lsa, mustamlakalarda jarayon tezlashib ketib, mahalliy ziyolilar bir necha asrlik jarayondan “sakrab” o‘tadi. Ba’zi mintaqalar yangi o‘zlik ta’limotlarini osonlik ila qabul qilgan bo‘lsa, boshqa yerlarda avom ziyolilarning kiborlarcha loflarini tushunolmay, an’anaviy o‘zligidan voz kechishni istamay yoxud o‘zlik almashuvi kutilmagan tafriqalarni keltirib chiqardi.

 

Ko‘plab tadqiqotchilarga ko‘ra, boshqacha o‘zlik ta’limoti etagidan tutgan Afrika va Osiyo xalqlarida milliylik sun’iy yo‘l bilan, shiddatli tarzda joriy etilgani bois ularda radikalizm kuchayib, o‘zlik inqirozi va g‘oyaviy kurashlar avj olgan. Bu, ayniqsa, Yaqin Sharqda yaqqol ko‘zga tashlandi. Panturkizm yoki paneronizmdan farqli o‘laroq, panarabizm loyihasi amalda ro‘yobga chiqadi, millionlab aholi ongiga ulkan hududlarni egallagan yagona arab millati konsepsiyasi singdirilib, jahon siyosatida ham rasman qabul qilingan. Lekin pirovardida “Arab bahori” hodisasi ro‘y berdi. Gap shundaki, mustamlakachilar tarbiyasini olgan avtoritar elita o‘z millatdoshlari – oddiy xalq manfaatlariga zid siyosat yuritgani, ularning huquqlarini poymol etgani uchun kuchli ijtimoiy-siyosiy portlash sodir bo‘ladi. Boz ustiga, diniy (shia-sunniy ixtilofi), qabilaviy o‘zlik ta’limotlari o‘tmishning qorong‘i ruhi misol bugunga qaytib, yagona arab millatini ich-ichidan bo‘lib yuborib, Suriya, Livan, Liviya, Iroq singari arab davlatlari parokandalikka yuz tutdi.

 

Markaziy Osiyo mutlaqo o‘zga siyosiy-madaniy kontekstda – Rusiya imperiyasi tarkibida modern asri sari odimlagan. Mintaqadagi milliy loyihalar shunga monand ko‘rinish kasb etadi. Turkistonda yetishib chiqqan yangi ziyoli qatlam – jadidlar Rossiyada borayotgan jarayonlarni, ayniqsa, Volgabo‘yi, Qrim va Kavkaz ziyolilarining g‘oyalarini, butun saltanatni titratayotgan so‘l harakatlarni sinchiklab kuzatib, Usmonli davlati va u orqali Germaniyadagi evrilishlarni o‘rgangan. Orttirilgan tajriba asosida oxir-oqibat Katta Turkiston loyihasi shakllanadi.

 

Mazkur loyihani jadidlarning turli guruhlari turlicha tasavvur etgan. Ayrimlar uchun islom diniga e’tiqod qilish birlamchi omil bo‘lsa, yana   ayrimlar mintaqada jam bo‘lgan    etnik toifalar(shu jumladan,   ruslarni  ham) qamrab olishni yoqlar;ba’zi guruhlar ikki asosiy mahalliy til – forscha va turkchadan birdek istifoda etish tarafdori bo‘lsa, faqat turk tilini saqlab qolishga xayrixohlar ham ko‘p topiladi. Turkiston aholisini etnik jihatdan yaxlitlashtirish tarafdorlari bilan etnik o‘zlikni saqlab qolish va fuqarolik millatini shakllantirish ishtiyoqmandlari orasida bahslar kuchayib borgan.

 

Turkiston rejasining mohiyatini tushunish uchun xuddi shunga o‘xshash, lekin hayotga tatbiq etilgan boshqa milliy loyihalarni esga olish mumkin. Deylik, Afg‘oniston, Hindiston va Turkiyada fuqaroning tili, etnik o‘zligi va millati huquqiy jihatdan (de yure) ahamiyatsiz. Amalda ziddiyatlar kuzatilgan bo‘lsa-da,  har qanday fuqaro nasl-nasabidan qat’i nazar afg‘on, hind va turk sanaladi. Turkistonchilik, umuman olganda, ana shunday millatchilikni modellashtirishga qaratilgan.

 

Rossiyada ro‘y bergan kommunistik inqilob Markaziy Osiyo ziyolilariga umid bag‘ishlaydi. Biroq ular mintaqada ta’sis etgan birinchi milliy demokratik davlat   –   Turkiston muxtoriyati qonga botiriladi. Ko‘p o‘tmay xonliklar butkul tugatilib, ularning o‘rnida Xalq respublikalari tuzilgan. Lekin mahalliy ziyolilarning kommunistlarga qarshi kurashish, mintaqani birlashtirish va aholiga turkistonlik o‘zligini singdirishga zaxirasi yetmay, shu vajdan ular murosaga borib, etnik davlatlar tashkil etishga rozi bo‘ladi. Shu tariqa Katta Turkiston o‘rniga Kichik Turkiston   – O‘zbekiston loyihasi amalga oshirilgan (Абашин С. Национализмы в Средней Азии. В поисках идентичности. Санкт-Петербург, 2007. Стр. 186). Yangi o‘zbek elitasidagi siyosiy bo‘linish tufayli muvozanatni saqlash uchun Katta Tojikiston loyihasi taklif etilib, lekin u ham Kichik Tojikiston tarzida ro‘yobga chiqqan (o‘sha manba, 189-195-betlar).

 

Sovetlarning milliy siyosati shu jihatdan diqqatga sazovorki, unda millat etnik ma’noda talqin etilgan, etnos, xalq, millat kategoriyalari doim mushtarak holda ishlatilgan. Buni, masalan, SSSRda rasmiy ilmiy standart bo‘lgan Bromleyning etnik nazariyasida ko‘rishimiz mumkin. Etnosni ham genetik qondoshlik, ham bir davlat chegarasi ichidagi vatandoshlik deb talqin etish hatto postsovet davlatlarida ham iz qoldirdi: bugun ham Rossiya, Ukraina, Kavkaz va Markaziy Osiyoda millat va xalq istilohlari sinonim o‘laroq qo‘llanadi. Uzoqqa bormay, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 8-moddasiga e’tibor qarataylik: “O‘zbekiston xalqini millatidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi”. Millat natsiya, nation’ga, xalq esa etnos, folk, people, populi’ga muqobilligini inobatga olsak, millat  – fuqarolikni, xalq – etnik mansubiyatni anglatishi lozim edi. Shunda O‘zbekiston millatini, etnosidan qat’i nazar, O‘zbekiston fuqarolari tashkil etishi, ya’ni barcha etnoslar qonun oldida barobarligi anglashilardi. Biroq sho‘ro milliy siyosatiga xos ayrim qarashlar bugungacha saqlanib qolmoqda.

 

Xo‘sh, sovetlarning Markaziy Osiyoda milliy siyosatdagi o‘ziga xosligi nimalardan iborat edi?

 

Birinchidan, mintaqaning siyosiy-ma’muriy bo‘linishi mahalliy ziyolilarga topshirilgan bo‘lsa-da, ular bunda milliy belgilarga tayanishi qat’iyan nazorat qilingan. Millat esa yuqorida qayd etganimizdek, etnik ma’noda tushunilar; muayyan ma’muriy birlik, davlat yoki muxtor tuzilma ma’lum etnosning, millatning yeri deb talqin etilar edi. Bu esa o‘sha hududda yashovchi boshqa etnoslarni avtomatik tarzda milliy ozchilik maqomiga tushirib qo‘yardi. Bu hol, o‘z navbatida, etnik guruhlar o‘rtasida ixtilof olovini alangalatar, mening yerim, kelgindi ritorikasini kun tartibiga chiqarar edi. Milliy-ma’muriy bo‘linish mahalliy aholi ongida qiziq tasavvurlarni uyg‘otgan: yaqindagina “...iston” nomini olgan mamlakatlarning titul millati bu yerga boshqa millatlar qanday kelib qolganini tushunolmaydi. Vaholanki, boshqa etnoslar ham bu yerlarda azal-azaldan istiqomat qilib kelgan. Mintaqada bugun bo‘y ko‘rsatayotgan milliy ixtiloflar ildizi o‘sha davrga borib taqaladi.

 

Ikkinchidan, tan olingan etnik millatlar o‘z instituti, rasmiy tarix, yozma til, gerb, bayroq va madhiya kabi atributlarga ega bo‘lishi lozim edi. Shu yo‘l bilan ularning rasmiy e’tirofi mustahkamlab qo‘yilardi. Millat sifatida tan olinish o‘z yeriga, demakki, moddiy-ma’naviy resurslariga ega bo‘lish degani edi. Shu sababdan milliy loyihalar o‘rtasida o‘ziga xos kurash kechdi. U kezlar Markaziy Osiyoda, musulmon Sharqida bo‘lganidek, ovrupocha mezondagi millatlar yo‘qligi bois ziyolilar o‘z o‘lcham-mezonlariga ko‘ra turli etnik, hududiy va hatto etnografik millatlar loyihalarini Markazga taqdim etib, o‘z ulushini yulib olishga harakat qildi. (Mashhur o‘zbekshunos Edvard Ollvortning fikricha, Markaziy Osiyodagi milliy chegaralanishda aksil o‘zbek kayfiyati yaqqol ko‘zga tashlanadi. Negaki, o‘zbeklar mintaqaning eng faol va yirik etnik guruhi sifatida uni birlashtirishi va kuchlarni markazdan ajralib chiqishga safarbar etishi mumkin edi: Allworth E.A. The Modern Uzbeks. From the Fourteenth Century to the Present. A Cultural History. Stanford, Hoover Institution Press, 1990. Arne Haugenning fikriga ko‘ra, aksincha, milliy chegarani belgilashda o‘zbeklarga alohida e’tibor qaratilgan, ko‘p bahsli masalalar ular foydasiga hal qilingan: Haugen A. The Establishment of National Republics in Soviet Central Asia. New York, Palgrave Macmillan, pr. 206-207.)

 

Shu tariqa avval-boshda rejalashtirilgan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmanistondan tashqari Qirg‘iziston, Tojikiston, Qoraqalpog‘iston va Badaxshon milliy loyihalari ma’qullandi. Ayrim ekspertlar va tarixchilar bugungi milliy vaziyatni o‘tmishga tatbiq etgan holda mazkur tuzilmalarni o‘sha xalqlarning “tarixiy yutug‘i” deb baholaydi. Konstruktivistik dunyoqarashga muvofiq, avval millat g‘oyasi yuzaga kelgan, so‘ng millatlar va ularning davlatlari paydo bo‘lgan. Zotan, bu tarixiy voqealarni har xil talqin qilish mumkin: yangi millatlar paydo bo‘lishi, mahalliy aholining parchalanishi, an’anaviy o‘zlik g‘oyalari inqirozi.

 

Muxtasar aytganda, SSSRning milliy siyosati mintaqaning siyosiy, madaniy qiyofasini, o‘zliklar tizimini butunlay o‘zgartirib yubordi. Chor imperiyasi vassallarning, Turkiston o‘lkasidagi mahalliy aholining turmush tarzini o‘zgartirmagan bo‘lsa, sho‘ro davlati jamiyatning barcha jabhasiga aralashishni ma’qul ko‘rdi. Yangi sotsialistik millatlar g‘oyasi vujudga keldi, ularni millat o‘laroq tasdiqlab, har birining o‘ziga xos tarixi va madaniyatini tartiblashga mablag‘ ajratildi. Bu yo‘lda ixtilof uchqunlari ham chaqnab turdi – uzoq muddat qo‘shnichilik qilgan mintaqa xalqlarining tarixi va madaniyatini aniq chegaralash dushvor edi. SSSRda zamonaviy o‘zlik ta’limoti o‘tmishga tatbiq qilingani, ya’ni o‘tmishdan ham tojiklar, o‘zbeklar, qozoqlar izlangani sababidan “falon tarixiy shaxsning millati nima bo‘lgan?”, “falonchi davlat qaysi millatga tegishli?” singari savollar yuzaga kelaverdi. Har bir davlat ma’lum etnik millatning tarixiy yeri sanalgani bois, bir tomondan – o‘zbeklar yoki tojiklarning tarixini O‘zbekistondan yoki Tojikistondan tashqarida izlashga zimdan norasmiy taqiq o‘rnatilgan bo‘lsa, boshqa tomondan  – har bir respublikaning titul millati boshqa guruhlarni assimilyatsiya qilish, siqib chiqarishga intilar edi.

 

Markaziy Osiyodagi milliy qurilmachilik ishlari hali nihoyasiga yetmagan, ziddiyatlar bartaraf etilmagan bir vaqtda SSSRning o‘zi tarixga ko‘mildi. O‘z holiga qoldirilgan postsovet millatchiliklarining rivoji esa boshqa o‘zanga burilib ketdi.

 

SSSRda millatchilik bo‘lmagani, baynalmilalchilik va xalqlar do‘stligi targ‘ib qilinganini aksioma o‘laroq qabul qilgan ayrim rus postsovetologlari 90-yillarda kutilmaganda radikal millatchilik harakati vujudga kelganidan taajjubga tushdi. Tadqiqotchi Mehmet Vulqon Qoshiqchi ularga javoban millatchiliklar hamisha mavjud bo‘lgani, tinch-totuv hayot daf’atan barbod bo‘lgach, millatchilik yangi sharoitga moslashib, etnik determinizmga do‘nganini ta’kidlaydi (Как выйти за рамки “хронической этнофилии”? Размышления о шовинизме, социальной несправедливости и будущем в Казахстане. https://caa-network.org/).

 

AQShlik sotsiolog Rojers Brubeyker vaziyatni yanada chuqur tahlil qilib, qizil imperiya parchalangach, postsovet muhitida yuzaga kelgan millatchilikni quyidagacha tasniflaydi:

 

shakllanayotgan millatchilik – yangi tashkil topgan davlatlarda yangi siyosiy muhitda davom etayotgan, titul millatga tayangan millatchilik. Millatchilikning bu turi deyarli barcha mustaqil postsovet respublikalariga xos. Tadqiqotlar milliy qurilmachilik yakuniga yetmagani, titul millat hali ham zaif pozitsiyada turgani, fuqarolik millatini yaratish bo‘yicha ishlar izchil olib borilmayotganini ko‘rsatadi;

 

transchegaraviy, tarixiy vatan millatchiligi – yangi mustaqil davlatlar qo‘shni mamlakatlarning ma’lum hududlarini o‘z “tarixiy vatani”, u yerda yashovchi millatdoshlarni “chetdagi vatandosh” deb bilishi, qo‘shni respublikalarning bir-biriga hududiy da’volarida namoyon bo‘ladi;

 

milliy ozchilik millatchiligi – ittifoqdosh respublikalar Markazdan mustaqil bo‘lgach, endi respublikalar ichidagi milliy ozchilik o‘zini titul millat assimilyatsiyasidan qutqarish va ma’lum resursga ega bo‘lish uchun intilmoqda (Brubaker R. Nationalism Reframed: Nationhood and the National Question in the New Europe. Cambridge, Cambridge University Press, pr. 4-6, 9).

 

Yaqin o‘tmish voqealari bugunimizga ham ta’sir ko‘rsatadi. XX asr boshida mintaqada olib borilgan milliy qurilmachilik munozaralari o‘zlik ta’limotlarini  rasmiylashtirib, simvolik kapital – ya’ni milliy tarix va madaniyat haqidagi bilim va qarashlarni shakllantirdi. Bugun undan voz kechish imkonsiz: milliy tarix va madaniy merosga doir qarashlar, bilimlar va ularni “to‘g‘ri” talqin qilishga mo‘ljallangan paradigmalar milliy g‘urur obyektiga aylangan. Nafaqat oddiy odamlar, balki elita va ziyolilar ham umumqabul qilingan bu paradigmalardan chiqib ketish mumkinligini tasavvuriga sig‘dirolmaydi; buni milliy g‘ururga, davlatchilik asoslariga tahdid deya baholaydi. Bizningcha, bu hol milliy o‘zlik qurilishi yakunlanmagani, bir me’yorga kelmagani, unga mansub odamlar yaxlit guruh o‘laroq jamiyatda mustahkam pozitsiya egallaganiga hali ishonmasligini ko‘rsatmoqda. Etnik ixtiloflar ham ana shu notugallik hamda ishonchsizlikdan kelib chiqadi.

 

Sho‘ro bolg‘asi, mustaqillik sandoni

 

1990-yillarda Markaziy Osiyo respublikalari o‘zlik ta’limotini qayta ko‘rib chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldi-yu, bundan foydalanmadi – bir qancha nomlarni tiklab, sovet davrini qoralash bilangina cheklandi, xolos. Natijada, sovet ideologiyasidan u qadar farq qilmaydigan, lekin mustaqil davlatlarning o‘ziga xosligini ko‘rsatishga da’vogar duragay mafkuralar shakllandi. Bir tomondan, sho‘ro voqeligiga mo‘ljallab ishlab chiqilgan milliy ta’limot zamonaviy talablarga javob bermas, yangi jamiyatning ma’naviy ehtiyojini qondirolmas edi. Boshqa tomondan, o‘zlik ta’limotining jiddiy tahrirga uchrashi qaltis oqibatlarga, masalan, chegaralar ko‘rib chiqilishiga olib kelishi mumkin edi. Shuning uchun tadqiqotchilar ko‘pincha mustaqil respublikalardagi oxirigacha yetkazilmagan milliy qurilmachilikni g‘oyaviy sustkashlikka emas, ehtiyotkorlik va murosago‘ylikka yo‘yadi.

 

Sirasini aytganda, Markaziy Osiyo davlatlaridagi millatchilik sovet bolg‘asi va mustaqillik sandoni orasida qolib ketmoqda. Boshqaruv o‘tmish tuzum merosidan cho‘chib, muqobil yo‘l sifatida taklif etilayotgan liberal, diniy va an’anaviy o‘zlik ta’limotiga qaytishdan hadiksirayotir. Lekin bularning o‘rtasida turuvchi yoxud tub burilish yasashga qodir model hozircha taqdim etilmadi. Aslida, sovet davrida vujudga kelgan ma’naviy kapital va u keltirib chiqargan muammolar bilan bunday dolzarb vazifani amalga oshirish dushvor. Millatning etnik ma’noda talqin etilishi esa fuqaroviy millatchilikka asoslangan jamiyat qurish umidlarini chippakka chiqaradi. Etnik millatlarning ichki va tashqi ziddiyatlari borligi, mintaqadagi turli millatchiliklar tarix va bugunning kesishuv nuqtasida murosasiz pozitsiyada turgani ixtilofsiz qo‘shnichilikni shubha ostiga qo‘yadi. Demak, mintaqada Masanchi fojiasi takrorlanmasligi uchun odamlar ongini o‘zgartirmoq lozim.

 

Insoniyatni qanday istiqbol kutmoqda?

 

Odamzod rivojlanish darajasi bilan har qancha kekkaymasin, hamma ham taraqqiyot mevasidan birdek bahramand bo‘lolmayotir. Hali yuz millionlab odam ochlik, muhtojlik va qashshoqlikda yashaydi; ibtidoiy bosqichda qolib ketgan qabilalar bor. Shuningdek, ochlik va kasalliklardan o‘lib ketish xavfidan qutulgan, lekin hali ham to‘kis hayot qurolmagan o‘rtahol yurtlar borki, ular ko‘pchilikni tashkil etadi. Quvib yetuvchi iqtisodiyot sharoitida yashayotgan bu o‘lkalar mutaraqqiy dunyo ellik-yuz yil muqaddam izg‘igan so‘qmoqlardan qayta yo‘l solmoqda: millatchilik g‘oyasidan ko‘p aziyat chekkan Yevropa umuminsoniy mafkuraga talpinayotganida, o‘rtahollar hali ham millat qurish, buyuk bobolari kimligi-yu tarixi qanchalar qadimiyligini aniqlashtirish bilan band. Bunday jamiyat nari borsa velosipedni qaytadan kashf etishga erishadi, yanada yomoni  – an’anadorlikka qaytishi ham hech gap emas. Zero, modernizatsiyani eplolmagan jamiyat tashqi dunyodan ihotalanib, milliy qadriyatlar, ma’naviyat va milliy g‘urur targ‘ibotiga o‘tib ketishi ko‘p bora kuzatilgan.

 

Jahon hamjamiyati diqqat markazida turgan ana shunday mintaqalardan biri, muvaffaqiyatsiz modernizatsiya tufayli keskin ortga qaytib, o‘rtaholdan qochqin va qashshoqlar makoniga aylanayotgan Katta Yaqin Sharqdir (bu istiloh Shom va Fors ko‘rfazi davlatlaridan tashqari, Turkiya, Shimoliy Afrika, Eron, Afg‘onistonni ham o‘z ichiga oladi). Siyosatshunos Mixail Magidning fikricha, davlatchilikdan mosuvo bo‘layozgan Suriya, Livan, Iroq kabi mamlakatlar, bir tomondan – an’anaviy va qabilaviy tuzumga qaytish tarafdorlari (arab qabilalari, diniy fundamentalistlar), boshqa tomondan – so‘l kuchlar (Suriya kurdlari, shaharlarda mustaqil boshqaruvni joriy etayotgan guruhlar) uchun tajriba maydoni bo‘ladi. Qaysi tomon ustun kelishi hali mavhum. Lekin urushlardan to‘ygan Iroq va Livan yoshlari poytaxt ko‘chalarini to‘ldirib, o‘z noroziligini global so‘l harakatlarga hamohang etishga, Honkongdagi namoyishlar va Yevropa so‘l submadaniyati bilan mushtaraklik topishga urinmoqda. Boshqa tomondan, mintaqa yetakchilari – Turkiya, Isroil, Eron, Saudiya Arabistoni muvozanat saqlash uchun harbiy qudratini oshirishga zo‘r bergan. Harbiy jabhaga ko‘proq mablag‘ ajratilishi boshqa sohalarning e’tiborsiz qolishi, demokratik institutlar zaiflashuvi va muayyan shaxslar siyosiy qudrati oshishiga sabab bo‘lishi mumkin. Mixail Magidning ta’kidlashicha, bir narsa aniqki, Yaqin Sharq biz bilgan eski holatiga qaytmay, yo‘qolib ketgan millatlar o‘rnida yangilari paydo bo‘lib, bu jarayon qo‘shnilarga ham ta’sir etmay qolmaydi.

 

Mutaraqqiy dunyo esa o‘zgacha tahdidlar qarshisida turibdi. Yoshlar orasida so‘l harakatlar qaytadan urfga kirib, ayni choqda, muhofazakor (konservatorlar) jiddiy siyosiy kuchga aylanmoqda. Har ikki tomonning tanqidi ostida qolgan, mavqe-rutbasini boy berayotgan liberallar umuminsoniy o‘zlik sari harakatni davom ettira oladimi? Bu borada ularga iqtisodiy omil yordam berishi mumkin.

 

Urbanizatsiya shiddatli sur’atda davom etarkan, dunyoning hatto qoloq davlatlarida millionlab aholini bag‘riga olgan kosmopolitizm o‘choqlari – megapolislar barpo bo‘lmoqda. Yirik davlatlarda megapolislar gigapolislarga aylanmoqdaki, bu jarayon shaharlarni mustaqil, hatto davlatlardan kuchliroq siyosiy kuchga aylantirishi mumkin. Sotsiologlar va iqtisodchilarning fikricha, bu – ulkan shaharlardan iborat bo‘ladigan yangi dunyoning boshlanishidir (Asanov E. Insoniyat kelajagi: Gigapolislar milliy davlatlar o‘rnini egallaydimi? https://daryo.uz).

 

Shaharlar yiriklashishda davom etib, mamlakat aholisining asosiy qismini o‘zida jam etgach, qolgan hududlar hamda markaziy hukumat o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Mamlakat taqdiri shaharlarda hal bo‘ladi. Bugun ko‘pgina rivojlangan davlatlarda aholining poytaxt shaharlarda to‘planishi mamlakat qiyofasini butkul o‘zgartirmoqda. Bugun London aglomeratsiyasida 20 million kishi yashaydi, bu – Britaniya aholisining uchdan biri demak. Seul aglomeratsiyasida esa Janubiy Koreya aholisining yarmi – 25-27 million kishi umrguzaronlik qiladi. Mazkur davlatlarda ko‘p sonli, ta’lim darajasi va daromadi boshqa hududlarga qaraganda yuqori, siyosiy faol bo‘lgan poytaxt aholisi ko‘p narsani hal qiladi.

 

“Moskvada mamlakat aholisining yarmi yashasa, Rossiya siyosiy jihatdan butunlay boshqa davlat bo‘lar edi”, deb yozadi M.Magid bir maqolasida (Магид М. Цивилизация гигаполисов. Что придет на смену национальному государству? http://strelka.com).

 

Ko‘plab ekspertlar pirovardida davlatlar va millatlarning yo‘qolishi, global dunyo va gigapolislar sivilizatsiyasi vujudga kelishini bashorat qilmoqda. Masalan, Stokgolm iqtisodiyot maktabi professori Kell Nordstryomga ko‘ra, davlatlar struktura sifatida yo‘qlikka yuz tutayotir. Uning fikricha, 50 yildan so‘ng 219 mamlakat o‘rnini 600 shahar egallaydi (Nordström K.A. The City, The Power and The Glory. https://www.helsinkidesignweek.com). Qayd etish joizki, olim biroz shoshgan ko‘rinadi. Zero, insoniyatning juda katta qismi hali bu jarayondan juda uzoq bo‘lib, hayotni millat va davlatsiz tasavvur etolmaydi.

 

Foreign Policy jurnalining sobiq bosh muharriri, Jahon banki ijrochi direktori Moyzes Naimga ko‘ra, dunyoda hokimiyat nihoyasi deya atalmish jarayon kuzatilayotir. Aholi soni keskin oshib, aksar davlatlarda savod darajasi 100 foizga yetishi natijasida, jamiyat siyosatni durust idrok etarkan, ijtimoiy robitalar kengaymoqda. Boshqaruv tuzilmalariga o‘z shartini qo‘yishga qodir mikrohokimiyat markazlari (fuqarolik harakatlari, diniy jamoalar, mashhur blogerlar va boshqalar) shakllanmoqda. M.Naimning taxminicha, bundan buyon markazlashgan davlat va kuchli boshqaruvga zarurat qolmaydi (Власти больше нет. Галина Юзефович – о двух книгах про феномены современного общества. https://meduza.io).

 

Alhosil, yaqin kelajakda rivojlangan davlatlarda aholining mutloq ko‘pchiligi yirik shaharlarda o‘rnashadi. Xo‘sh, gigapolislar odamlar hayoti va tafakkuriga qanday o‘zgarishlar olib kiradi? Bu borada quyidagi farazlar mavjud:

 

– davlatchilik instituti o‘tmishga aylanib, butun hokimiyat, moddiy boylik va intellektual salohiyat shaharlarda to‘p­langach, ular kuchli markazlarga aylanadi. Shaharlar yo yangi ko‘rinishdagi davlat tuzilmalariga, yo davlat institutlarisiz makonga aylanarkan, ularni aholining o‘zi yoki, “o‘nglar” taxminiga ko‘ra, korporatsiyalar boshqaradi;

 

– millat va boshqa turdagi mansubiyatlar ahamiyati yo‘qolib, shahar o‘zligi milliylikdan ustun keladigan ijtimoiy makon vujudga keladi.

 

“Gigapolislarda kosmopolitizm hukmron. Ularda yuzlab etnik va konfessional toifa vakillari to‘planadi. Londonda yashayotgan koreys, hind, irland, olmon va rumin muhojirlari – kim ular? Kim bo‘lishidan qat’i nazar, ularning bolalari Harri Potter haqidagi kitobni o‘qiydi, qiziqishlariga qarab klublarga boradi, bir tilda gapiradi. Ular ingliz, koreys, hind emas, ular – londonlik” (Магид М. Цивилизация гигаполисов. Что придет на смену национальному государству? http://strelka.com).

 

Demak, bugungi ko‘rinishdagi milliy ta’limotlar zavol topib, ular o‘rnini yo shahar o‘zligi (etnoxoronimiya), yoki (gigapolislar o‘zaro ahil yashasa) umuminsoniy o‘zlik, kosmopolitizm egallaydi.

 

Farazlar to‘g‘ri chiqsa, gigapolislarda hamma ham birdek farovon yashayolmay, qashshoqlik va ijtimoiy muammolar ko‘payadi. Etnik va diniy qarama-qarshilik ham o‘z-o‘zidan yo‘qolib qolmay, ularda etnik va irqiy gettolar vujudga keladi. AQSh, Fransiya, Rossiya, Germaniya, Polsha, Vengriya va Skandinaviya davlatlarida konservatorlar bosh ko‘tarayotgani, muhojirlarga qarshi kayfiyat kuchaygani ana shu yangi, kosmopolitik olam paydo bo‘lishiga qarshi o‘ziga xos e’tiroz hisoblanadi.

 

Boya ta’kidlaganimizdek, bu global to‘fon butun insoniyatni o‘z domiga tortmaydi. Zotan, millatchilikni endi shakllantirayotgan, boringki, tirik qolish uchun kurashishdek primitiv pog‘onada qolib ketayotgan jamiyatlar hali juda ko‘p. Qolaversa, mutaraqqiy dunyo oldida ham talay muammolar turibdiki, o‘zliklar to‘qnashuvida qaysi kuchning qo‘li baland kelishi noaniq. AQShlik iqtisodchi Daron Ajamo‘g‘li aytganidek, tarixda ko‘p narsa tasodiflarga bog‘liq; kutilmagan qarorlar, harakatlar taraqqiyot aravasini butkul boshqa yo‘lga burib yuborishi va yuqoridagi farazlar yo‘qqa chiqishi hech gap emas. Afsuski, bizda hozircha kuzatish va kutish qismatiga bo‘ysunishdan boshqa yo‘l yo‘q.

 

Aslida, odamni eng ko‘p qiynaydigan savol dunyoning o‘zgarishi yoki o‘zgarmasligi emas, balki bu uning hayotida qanday aks etishidir. Tarix g‘ildiragi bugunimizni ezib-yanchib o‘tishi, bir harakatda sokin turmushimizni izdan chiqarishi hech gap emas. Shuning uchun ham odamzod kelajakka razm solarkan, o‘z istiqbolidan tashvish chekadi.

 

Milliy o‘zlik, umuman o‘zlik ta’limoti hayotimizning bir bo‘lagi bo‘lgani bois uning yakson qilinishi, tabiiyki, odamni ruhiy bezovtalik iskanjasiga tashlaydi. Bolalikdan qon-qonimizga singgan, azaliy va o‘zgarmas deb hisoblangan aqida tugasa, nima bo‘ladi? Usiz baxtli bo‘la olamizmi? Ana shu xil og‘riqli savollar tinchlik bermaydi odamga.

 

Fan “o‘zlik – ijtimoiy hodisa” deydi. Shunday ekan, u ijtimoiy hayot bilan birga o‘zgarib borishi, takomillashishi turgan gap. Demak, evrilishlar insoniyatni halokatga yetaklamay, aksincha, taraqqiyotda yana bir pog‘ona yuqoriga ko‘taradi. Istiqboldan esa imkon qidirgan ma’qul. Maqolani sodda o‘zbekcha tilak bilan yakunlayin: yaxshi gumonda bo‘laylik!

 

Eldor ASANOV

 

Tafakkur jurnali, 2020-yil 3-son

 

 

1 Izoh

Zamira

06:01 / 01.01.1970

Bu maqolangizni óqib shuni tushindimki bu fikrlar yoki faktlar mening ichimda charx urib aralashib yotgan óylarimni bir tizimga soldi .

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19276
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16341
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi