
So‘nggi vaqtlarda sun’iy idrok (SI) haqida ko‘p va xo‘b yozilmoqda, bu mavzuda muhokama-yu munozaralar tinmayotir. SIning foydali jihatlari bisyor. Kun sayin rivojlanayotgan mazkur texnologiya insoniyat uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi, ulkan ma’lumotlar tizimini boshqarish, murakkab texnologik jarayonlarni avtomatlashtirishda og‘irimizni yengillatadi. Salomatlikni uzluksiz monitoring qilish, xastaliklarga barvaqt tashxis qo‘yish orqali tibbiyotda tom ma’noda inqilob yasaydi. SI tolibi ilmlarga shaxsiy murabbiy kabi saboq beradi. Deylik, siz maxsus dastur bilan jonli muloqot qilgan holda xorijiy tillarni o‘rganishingiz mumkin: SI dasturi siz bilan xorijiy til sohibidek erkin suhbat quradi, yo‘l qo‘ygan kamchiliklaringizni mehribonlik bilan tuzatadi.
SI zerikarli va og‘ir yumushlarni bajarishda beminnat ko‘makchi bo‘layotgani ham e’tiborga molik. Ayni choqda, uning takomillashib borishi bilan tanganing ikkinchi tomoni ham ko‘rinmoqda. Ushbu maqolada ham ko‘proq SIning ehtimoliy tahdidlari xususida so‘z yuritmoqchimiz.
SIning jamiyat barcha jabhalariga kirib borishi insonning asta-sekin tanballashuvi va aqliy salohiyati pasayishiga olib kelishi mumkin ekan. Tadqiqotlarga qaraganda, bilim olish va turli masalalarni yechishda faqat SIga tayanib qolish mustaqil fikrlash, muammolarni hal etish qobiliyatini pasaytiradi, insondagi “kognitiv yuklama” susayadi (Gerlich M. AI Tools in Society: Impacts on Cognitive Offloading and the Future of Critical Thinking. // Societies 2025, 15, 6. https://doi.org/10.3390/soc15010006).
Texnologiyalarning jadal taraqqiyoti shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligi bilan bog‘liq axloqiy masalani ham o‘rtaga qo‘ymoqda. Zamonaviy kuzatuv vositalari SI yordamida ancha takomillashdi. Hozirda mutaraqqiy mamlakatlar o‘z fuqarolarini tun-u kun nazorat qilishi, deyarli har bir xatti-harakatini tasmaga yozib borishi mumkin. Bu hol bora-bora insonning eng muhim huquqi – erkinlik va shaxsiy daxlsizligi cheklanishiga olib kelmasmikan, degan savol oydinlarni tashvishga solmoqda. Masalan, Xitoyda SI va boshqa texnik vositalar orqali fuqarolarning yurish-turishini doimiy kuzatib, ularning xulq-atvorini nazorat qiluvchi raqamli ijtimoiy reyting tizimi joriy etilgan. Bu tizim balki jinoyatchilikka qarshi kurashda asqatar, lekin shaxsiy daxlsizlik tahdid ostida qoladi.
Yaqingacha texnologik kompaniyalar SIning ehtimoliy xavfini kamaytirish, shuningdek, axloqiy cheklovlar buzilmasligiga alohida e’tibor qaratar edi. Biroq shiddatli raqobat muhitida endilikda bu jihatlar go‘yo unutilmoqda.
AQSh prezidenti Donald Tramp lavozimga kirishgach, SIni rivojlantirishga yo‘naltirilgan, qiymati 500 milliard dollarlik “Stargate” megaloyihasini e’lon qildi. Loyiha mualliflari ummonorti mamlakati sanoatini texnologik transformatsiyalarga hamohang tarzda rivojlantirish va SI sohasida strategik ustunlikka erishishni ko‘zlagan.
“Stargate” taqdimotidan so‘ng dunyoda SI bo‘yicha kimo‘zar poyga boshlandi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Xitoyda atigi bir necha million dollar evaziga SI dasturi (“DeepSeek”) yaratilgani ortidan AQShning qiymati bir necha yuz milliard dollarga teng “Open AI” va “Nvidia” kabi shirkatlari aksiyalari keskin qadrsizlandi. Chin yurtining kamxarj dasturi dunyoning texnologik gigantlarini sarosimaga solib qo‘ydi. Bu orada Xitoy hukumati umumiy qiymati 1 trillion yuanga (qariyb 140 milliard dollar) teng SI sanoatini rivojlantirish bo‘yicha harakatlar rejasini e’lon qildi. AQSh bilan tengma-teng raqobatga qaratilgan dasturga muvofiq, “Baidu”, “ByteDance”, “Alibaba”, “DeepSeek” kabi kompaniyalarga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatiladi (Bank of China Announces Investments Worth 1 Trillion Yuan to Develop AI Industry. https://www.medianama.com/2025/01/223).
Masalaning qiziq jihati shundaki, AQSh va Xitoy qarama-qarshi qutbdagi siyosiy tuzumlarning yalovbardorlari bo‘lgani bois SI sohasidagi muvaffaqiyat ular tamsil etgan mafkuraning ustunligi sifatida talqin qilinishi mumkin. Xitoy texnologiyalar borasida qat’iy davlat boshqaruvi va nazoratiga tayanadi, Amerikada esa buning aksi. Okeanortida asosan xususiy kompaniyalar, startap jamoalar SI bo‘yicha yirik natijalarga erishmoqda. Demak, bu ikki yirik davlatning texnologiyalar sohasidagi raqobati bir vaqtning o‘zida mafkuralar to‘qnashuvi hamdir.
Bu hol dunyo davlatlari uchun o‘ziga xos ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘ldi. Shundan so‘ng rivojlangan davlatlar texnologik strategiyalarini qayta ko‘rib chiqib, birin-ketin SIni rivojlantirishga ulkan mablag‘ ajrata boshladi. Jumladan, 2025-yil fevral oyida Parijda o‘tkazilgan AI Action Summit tadbirida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron SI sanoatiga 109 milliard yevro mablag‘ yo‘naltirilishini ma’lum qildi. Farang siyosatdoni fikricha, Yevropa Ittifoqi SI sohasida nazoratga ko‘p urg‘u berayotgani sababli global poygada ortda qolmoqda. Bunga qarshi turmoq uchun tijoriy manfaatlarga tayangan holda huquqiy cheklovlarni soddalashtirish zarur (Macron urges European action to attract AI projects. https://www.lemonde.fr/ en/france/article/2025/02/10).
Sammitda, shuningdek, SI loyihalarini Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan hamkorlikda rivojlantirishga kelishib olindi. Har qanday yangilikni amalga tatbiq etishda, avvalo, uning huquqiy jihatlariga katta e’tibor beradigan Yevropaning SI borasida ehtiyotkorlikdan chekinayotgani, bizningcha, xavotirli holat. Gap shundaki, 2024-yil 13-mart kuni Yevropa parlamenti YeIning sun’iy idrokka doir qonunini (EU AI Act) qabul qilgan edi. Dunyoda muqobili yo‘q ushbu qonunning YeI davlatlarida to‘liq kuchga kirishi endilikda savol ostida qolmoqda. Zero, ko‘hna qit’a davlatlari SI ovi avjiga chiqayotgan pallada qonun vositasida “oyoq-qo‘lini bog‘lab olish”ni istamaydi, albatta.
Shveysariyada ham bu yo‘nalishda ko‘plab ilg‘or kompaniyalar tashkil etilgan. Alp tog‘lari mamlakati SIni tartibga solishda byurokratik to‘siqlarni ko‘paytirmaslik, biznes va innovatsiyalar uchun qulay makon yaratish niyatida. Bunda texnologiyalarning jamiyat uchun xatari ham inobatga olinadi. Ya’ni Shveysariya innovatsion biznesni ham, aholining xavotirlarini ham birdek hisobga oladigan oltin o‘rtaliqni topishni maqsad qilgan. Ammo six ham, kabob ham kuymasligiga erishish oson bo‘lmasligi aniq (Can Switzerland steer a safe course to AI innovation? https://www.swissinfo.ch/eng/science/can-switzerland).
Kimo‘zar poygada otga qamchi urayotgan mamlakatlardan yana biri – Saudiya Arabistoni. Riyoz hukumati “Project Transcendence” degan 100 milliard dollarlik ulkan tashabbusni ilgari surdi. Bu 2030-yilga qadar podshohlikning neft-gaz sanoatiga qaramligini kamaytirib, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishga qaratilgan “Nigoh – 2030” dasturining muhim qismi sanaladi. Saudiya Arabistoni bu loyihani amalga tatbiq etish, jumladan, SI imkoniyatlaridan unumli foydalanish orqali yaqin kelajakda global texnologik markazlardan biriga aylanishni maqsad qilgan.
Fikrimizcha, SIni rivojlantirishda asosiy e’tibor global raqobatga emas, balki texnologiyalarning sog‘lom tafakkur sarhadlaridan chiqmagan holda takomillashuviga qaratilishi kerak. Chunki sun’iy ongdan faqat moddiy manfaat ko‘zlash, uni tijoriy qurolga aylantirish yaqin kelajakda bashorat qilib bo‘lmas halokatlarga olib kelishi mumkin. Demak, bu borada qaror qabul qiluvchi siyosatdonlar uning umumbashariyat taqdiriga ta’sir ko‘rsatuvchi favqulodda muhim texnologik yangilik ekanini unutmasligi darkor.
Bugun SI vositasida cheksiz boylik orttirish, adoqsiz manfaat ko‘rish qutqusi dunyo boylari o‘y-xayolini band qilgan. Masalan, amerikalik mashhur texnokrat, yirik ishbilarmon Ilon Mask yaqin yillargacha SIning insoniyatga xavfi haqida bong urib kelar edi. Jumladan, “Bizga sun’iy intellektning keragi yo‘q, katta hajmdagi ma’lumotlarni yodida tutadigan sun’iy xotira bo‘lsa bas” degan edi u (“Taraqqiyot, qo‘rqaman sendan”. “Tafakkur” jurnali, 2024-yil, 1-son. 39-bet). Hozirda AQSh Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari lavozimida faoliyat yuritayotgan I.Mask mamlakatda SIni jadal rivojlantirish ishlarining boshida turibdi. U Amerikaning sun’iy idrok giganti – “Open AI” kompaniyasini sotib olishga urinib ham ko‘rdi. Buni uddalay olmagach, o‘zining X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘iga integratsiyalangan “Grok” nomli kuchli dasturni ishga tushirdi. Boya eslab o‘tganimiz “Stargate” megaloyihasining asosiy tashabbuskorlaridan biri ham Maskdir. Shu tariqa yaqin-yaqingacha ushbu texnologiya mo‘jizasidan foydalanishda vazminlikka undab kelgan peshqadam tadbirkorlar ham endilikda raqobat zavq-u shavqiga berilib, ehtiyotkorlikni unutib qo‘ymoqdalar.
SI atrofida yuz berayotgan voqea-hodisalarga nazar solsak, kurrai arzda oxirgi yillarda shakllangan “xavfsizlik birlamchi” degan qonun-qoida AQShning texnologik siyosati sabab tahrirga uchrayotganiga amin bo‘lamiz. Sirasini aytganda, dunyoda texnologik raqobat kuchaygan sari SIga oid mavjud konseptual muammolar e’tibordan chetga qolmoqda.
Ayni damda insoniyat yana bir xatarli texnologik kurash girdobiga tortilish arafasida: “sovuq urush” davrida kuzatilgan ommaviy qirg‘in qurolini yaratish yo‘lidagi texnologik poyga yaqin istiqbolda sun’iy intellekt jabhasida takrorlanishi mumkin. Zero, zamonaviy armiyalarda allaqachon SI vositalarini keng joriy qilish bo‘yicha jadal tadqiqotlar olib borilmoqda.
Afsuski, insoniyat SIdan harbiy maqsadlarda foydalanish bo‘yicha yaxshigina tajriba orttirib ulgurdi. U ilk bor G‘azo sektoridagi urushda – jang maydonida bevosita qo‘llandi. Amerikaning “Microsoft” kompaniyasidan SI tizimlarini xarid qilgan isroillik harbiylar ulardan istixborot (razvedka) faoliyatida foydalandi. Bu usul harbiylarga ehtimoliy nishonlarni aniqlab, yo‘q qilish imkonini beradi. Muammo shundaki, Isroil armiyasi tomonidan SI tizimini qo‘llash amaliyotida tinch aholi o‘limiga olib kelishi mumkin bo‘lgan xatolar aniqlangan. Ko‘p hollarda bu tizim oddiy aholi va harbiy nishonlarni ajrata olmaydi. SI tizimi bir gal mingga yaqin o‘quvchini harbiy nishon deya talqin qilgan. Xayriyatki, bu xato o‘z vaqtida aniqlanib, o‘quvchilar hayoti saqlab qolingan (As Israel uses US-made AI models in war, concerns arise about tech’s role in who lives and who dies. https://apnews.com/article).
Harbiy jabhada SIning ishga solinishi ko‘p asrlardan beri insoniyatni o‘ylantirib kelayotgan og‘riqli mavzu – qirg‘inbarot urushlar muammosini yanada chuqurlashtiradi. Qachondan boshlab insonning yashash yoki yashamasligini hissiz SI hal qiladigan bo‘ldi?! Texnologiya imkoniyatlaridan foydalanish kerak, albatta, ammo insoniylikdan chekinib, odamni o‘ldirish vakolatini texnologiyaga topshirish qaysi axloqiy mezonga to‘g‘ri keladi?! Axir, urushlarda SIni muntazam qo‘llash oxir-oqibat uni superqotilga aylantirishi mumkin-ku! Taassufki, bu masala hozircha dunyo siyosatdonlarini chuqur tashvishga solayotgani yo‘q.
Amerikalik olimlar fikricha, SI bo‘yicha peshqadam bo‘lgan yirik davlatlar ushbu texnologiyalarning harbiy jabhada keng yoyilishini cheklash choralarini ko‘rishi, bu borada xoh diplomatiya, xoh kuch va qo‘rqitish usullaridan foydalanishi maqsadga muvofiqdir (Kissinger H., Schmidt Ye., and Huttenlocher D. The Age of AI: And Our Human Future. New York: Little, Brown and Company. 2021. P. 127).
Siyosatshunos olimlar Henri Kissinjer va Graham Allison hammualliflikda yozgan maqola SI qurollarini nazorat qilish masalasiga bag‘ishlangan. Mualliflarga ko‘ra, buyuk davlatlar biron bir yangi texnologiya ulkan imkoniyatlar eshigini ochishiga ishonch hosil qilar ekan, o‘sha texnologiya raqiblari qo‘liga tushmasligi choralarini ko‘radi, uni o‘zi rivojlantirishga harakat qiladi (Kissinger H., Allison G. The Path to AI Arms Control. // Foreign Affairs, October 13, 2023. https://www.foreignaffairs.com/united-states/henry). Buning isboti o‘laroq inglizlar va fransuzlar Amerika yadro soyaboniga qanoat qilmay o‘z atom qurolini yaratganini eslash kifoya. Bugun SI yadro quroli kabi global raqobat sababchisi bo‘lsa-da, uni nazorat qilish xiyla murakkab. Birinchidan, uni asosan xususiy sektor rivojlantirmoqda. Ikkinchidan, SI yadro qurolidan farqli o‘laroq asosan raqamli platformalarda joylashgan. Uchinchidan, uni nazorat qiluvchi tartib-qoida ishlab chiqilguncha mavjud texnologiya eskirmoqda; tezkor yangiliklarga hamqadam bo‘lmoq esa o‘ta mushkul.
H.Kissinjer va G.Allisonning ta’kidicha, har bir mamlakat SIdan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishga intilgani sabab bu borada uzoq muddatli global tartib yaratmoq, MAGATE (Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik) kabi tashkilot tuzmoq lozim. Bunda ishni, avvalo, mazkur texnologiyaning eng xavfli oqibatlari oldini olish bo‘yicha milliy sa’y-harakatlardan boshlash kerak.
Biz maqolamizda SI ravnaqi va axloq mezonlari dilemmasiga bot-bot e’tibor qaratayotganimiz bejiz emas. Chunki mazkur texnologiya taraqqiy etgan sari uning axloqiy jabhadagi xatari tobora ko‘proq ko‘zga tashlanmoqda. Jumladan, “Deepfake” (o‘zbekcha aytganda, qip-qizil yolg‘on) texnologiyasi har qanday axloq chegaralarini hatlab o‘tayotgani bunga misoldir. Mazkur texnologiya orqali odamning suratidan foydalanib, aslida ro‘y bermagan voqealarda uni bosh qahramon qilib tasvirlash mumkin. Bu “topilma”dan mashhur shaxslarni obro‘sizlantirish, ijtimoiy noroziliklar keltirib chiqarish maqsadida foydalanish holatlari ortmoqda. “Deepfake” orqali eng namunali odamga ham tuhmat yog‘dirish, uni yomonotliq qilish hech gap emas. Demak, bugun ko‘rganimizning hammasiga ham ishonib bo‘lmaydi. Yolg‘on usullari borgan sari takomillashib, ayyorlashib borayotgan bir vaqtda media mahsulotlarining haqiqiyligi, neyrotarmoqlar mahsuli emasligini tekshiruvchi dasturlar yaratish lozim.
Globallashgan dunyoning ajralmas bir bo‘lagi bo‘lgan yurtimizda ham oxirgi yillarda SIni jamiyat hayotiga bosqichma-bosqich joriy qilish, texnologik evrilishlarga tayyorlanish borasida talay ishlar qilinmoqda.
O‘zbekiston Prezidentining 2024-yil 14-oktyabrdagi “Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan dasturilamal hujjat qabul qilindi. Ushbu strategiyada iqtisodiyotning turli sohalarida SIni joriy etish, davlat idoralari va tashkilotlarning o‘zbek tilidagi ulkan ma’lumotlar omborlarini shakllantirish, axloqiy qoidalarni yaratish kabi muhim vazifalar belgilab berilgan (Lex.uz qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi. https://www.lex.uz/docs/7158604).
Zamonaviy texnologiyalarni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar xalqaro miqyosda ham e’tirof etilmoqda. “Oxford Insights” tashkiloti 2024-yilda e’lon qilgan “Hukumatlarning sun’iy intellektga tayyorlik indeksi” reytingida O‘zbekiston 53,45 ball bilan 70-o‘rinni egallab, 17 pog‘ona yuqoriladi. Shuningdek, mamlakatimiz Markaziy Osiyoda bu ko‘rsatkich bo‘yicha birinchi o‘rinni band etdi (Government AI Readiness Index 2024. https://oxfordinsights.com/ai-readiness/ai-readiness-index/).
Ilm-fandagi olamshumul yangiliklar, innovatsiyalar har qanday makon va zamonda ulkan o‘zgarishlarga yo‘l ochadi, yangi taraqqiyot yo‘nalishini belgilab beradi. Texnologiyalar, avvalo, harbiy sohada inqiloblarga doyalik qiladi. O‘rta asrlar Yevropasida miltiq va to‘plarning ommaviy joriy qilinishi urushda tub burilish yasagan va bu texnologik ustunlikdan “ko‘hna qit’a” vakillari dunyoni mustamlakalarga bo‘lib olishda ustalik bilan foydalangan edi. “Sovuq urush” davrida ham yirik davlatlar o‘rtasida yangi qirg‘in vositalari, xususan, yadro quroli bo‘yicha omonsiz kurash kechdi. Yakunda atom qurolini qo‘lga kiritgan mamlakatlar ma’lum ma’noda daxlsizlik maqomiga ega bo‘ldi. Ular BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari sifatida bugun ham dunyo xavfsizlik iyerarxiyasi me’mori rolini boshqa davlatlarga bermay kelmoqda. Yaqin kelajakda insoniyat hayotini butkul o‘zgartirishi kutilayotgan SI ham mamlakatlarning o‘z raqibi ustidan mutlaq ustunlikka erishish vositasi deb ko‘rilayotir. Bu bilan bog‘liq ishlanmalarga milliardlab dollar sarmoya kiritilayotgani, ularning jahon mamlakatlari yalpi ichki mahsulotidagi ulushi ortib borayotgani fikrimizni tasdiqlaydi.
SI shunchaki texnologiya emas, balki dunyo hegemonligi uchun kurash vositasiga aylandi. Ommaviy qirg‘in qurollari atrofidagi mashmashalar qatoriga endi undan qolishmaydigan xavf-xatar qo‘shildi. SIni nazoratsiz rivojlantirish pirovardida insoniyat uchun hayot-mamot muammolarini keltirib chiqarishi mumkin. Hollivud kinoijodkorlari suratga olgan “Terminator” filmida isyonkor SI tizimi pirovardida odamlarga qarshi qirg‘inbarot urush boshlagan edi. Fantastik to‘qima bo‘lib ko‘ringan ushbu hodisa ertaga hayot voqeligiga aylanishi hech gap emas. Ammo hali fursat bor, insoniyat SI bobida ehtimoliy tahlikalarni oldindan baholashi, xalqaro hamkorlikni kuchaytirishi va masalaning axloqiy jihatlariga e’tibor qaratishi lozim. Zero, bu borada moddiy manfaatni birinchi o‘ringa qo‘yish va texnologiyaga ko‘r-ko‘rona ishonish ulkan xatodir.
Avazbek SHERMATOV
“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 2-son.
“Sun’iy idrok: axloq sarhadlari buzilganda” maqolasi
Adabiyot
Adabiyot
Tarix
Tarix
Tarix
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q