Olam qanday paydo bo‘lgan? – Mifologik tahlil


Saqlash
16:10 / 29.05.2025 77 0

Evrilish, ya’ni metamorfoza hodisasi so‘z san’atida yozma adabiyotga qadar mavjud bo‘lgan. “Qisasi Rabg‘uziy”ning dastlabki “Osmonlar va yerlar haqida so‘z” faslida bunday deyiladi: “Xabarda keltiribdilarki, Olloh subhanahu va taolo hamma narsadan ilgari bir gavharni yaratdi. Bu gavharga haybat nazari bilan qaragan edi, u erib ketdi. Erib suv bo‘lgan gavhardan yerni yaratdi. Suv ustiga tushgach, u ko‘piklandi. U ko‘pikdan tutun ko‘tarildi, u tutundan ko‘kni yaratdi. Ul suv Olloh taoloning haybatidan qaynab ko‘piklandi. Ul ko‘pikdan Ka’baning o‘rnicha yerni yaratdi” (Nosiruddin Rabg‘uziy. Qisasi Rabg‘uziy. www.ziyouz.com). Bu o‘rinda bir qancha evrilish jarayonlari haqida so‘z boradi va ularning bari ilohiy qudrat sohibining irodasi bilan amalga oshgani aytiladi.

 

Olamning muayyan evrilishdan paydo bo‘lishi boshqa xalqlar mifologiyasida ham uchraydi. “Bir qator hind-yevropa mifologik an’analarida koinot va yerning qismlari o‘ldirilgan Ilk odam tanasining parchalaridan, masalan, Skandinaviya asotirlarida bahaybat Imirdan (uning qoni   –   suvga, tishlari   –   qoyalarga, suyagi   – tog‘larga, sochi    –    o‘rmonlarga, miyasi    –    bulutga, bosh chanog‘i – osmon  gumbaziga, eti – quruqlikka evriladi), vedalar mifologiyasida Purushadan  (uning tanasidan koinot paydo bo‘lgan), o‘rta fors va sharqiy slavyan bitiklarida ilk odamdan metamorfoza vositasida paydo bo‘ladi” (Терещенко А. Стилистический приёмметаморфозаи особенности его репрезентации в селькупских сказках и мифах народов мира. Филологические науки. Вопросы теории и практики. Тамбов, “Грамота”, 2014. Стр. 182).

 

Rabg‘uziy asarida farishtalar o‘tning yorug‘idan, parilar o‘tning alangasidan; Odam alayhissalom tuproqdan, Havvo Odamning chap qovurg‘asidan yaratilgani rivoyat qilinadi. Yana bir qissada bayon etilishicha, iblis vasvasasi bilan Hobilni o‘ldirishga ahd qilgan Qobil bu ishni qanday amalga oshirishni bilmay turganida, iblis odam qiyofasiga kirib, bir qushni tosh bilan urib o‘ldiradi. Qobil buni ko‘rib, o‘rganib oladi. Shu tarzda odam bolasi ilk bora gunohga qo‘l uradi. Iblis yovuz niyatini amalga oshirmoq uchun g‘aybiy quvvati va ilmidan foydalanib odamga evriladi.

 

Xalq og‘zaki ijodining eng qadimgi namunalari hisoblanmish mif, afsona va rivoyatlarda uchraydigan metamorfozalar qarg‘ish yoki jazo sifatida ilohiy qudrat vositasida amalga oshadi. “Boyo‘g‘li” afsonasiga ko‘ra, bir boyning yakka-yu yagona o‘g‘li otasining aytganini hech qilmas ekan. Shunda boy “Bolamni jazolagan bo‘lib, do‘q-po‘pisa qilib qo‘y” deb Xudoga nola qilibdi. Bola boyo‘g‘liga aylanib qolibdi. Boyo‘g‘li o‘shandan beri uyalganidan, elga qo‘shila olmay, yolg‘iz yasharkan (Asotirlar va rivoyatlar. Toshkent, “Yosh gvardiya”, 1990. 30-31-betlar).

 

“Choshtepa” afsonasida hikoya qilinishicha, qadimda uch aka-uka juda ahil-inoq yashagan ekan. Kunlarning birida katta aka savdo uchun uzoq yurtga ketibdi. Hosil ko‘tarar vaqtda ikki uka akaning bug‘doy o‘rimi va yig‘imida qatnashmaganini ro‘kach qilib, hosilni ikkiga bo‘lib olmoqchi ekanini aytibdi. Lekin kelisha olmay janjallashib ketishibdi. Shu mahal aka kelib qolibdi va u ham jiqqamusht bo‘lib ketibdi. Aso tutgan bir nuroniy chol paydo bo‘lib, ularga nasihat qilibdi. Lekin tinchitishning uddasidan chiqa olmabdi. Shunda qariya, ya’ni Xizr (a.s.) akani somonga aylantirib g‘aramga qo‘shibdi, ikki ukani esa tuproqqa aylantirib ikki tepalik hosil qilibdi (o‘sha manba, 42-bet).

 

Folklor asarlarida sehr-jodu yo‘li bilan amalga oshirilgan metamorfozalar ham uchraydi. Bunda Xudo yoki ilohiy qudrat sohibi, ruhlar aralashmaydi. Evrilish sehr-jodu yo‘li bilan odamlar tomonidan amalga oshiriladi. Ertak va rivoyatlarning asosiy qahramonlari sifatida endi g‘ayb olami emas, moddiy olamdagi qahramonlik ko‘rsatgan shaxslar, favqulodda kuch-qudrat, iste’dod egalari maydonga chiqadi. “Zumrad poshsho”, “Malikaning uch sharti”, “Sehrli pichoq” kabi ertaklarda shu xil metamorfozalar asosiy muddaoni ochishga xizmat qilgan.

 

Xalq ertaklarida oyna ko‘pincha daryoga, taroq    –    changalzorga, qayroqtosh    –    toqqa evrilib, qahramonni balo-ofatlardan yoki quvib kelayotgan dushmandan xalos etadi.

 

“Anqo qush” ertagida esa voqealar rivoji asosan evrilish motivlari asosiga qurilgan. Podshohning Anqo qushini izlab yo‘lga chiqqan yigit sayohat mahali chinor daraxtida katta ilonni ko‘rib qolib, uni o‘ldirmoqchi bo‘ladi. Ilon yigitga yolvoradi; tirik qoldirsa, unga yordam berishi, o‘zining aslida shahzoda ekani, qirq qiz va bir erkak parilarga yo‘liqib, ular uzatgan suvdan ichganidan so‘ng ilonga aylanib qolganini aytadi. Hajman ancha katta (30 sahifali) ertakda sehrgarlik yo‘li bilan ko‘plab evrilishlar sodir bo‘ladi. Bunda tuproq, ko‘zgu, ilonning mo‘ylovi, suv, xilma-xil taomlar kabi vositalar ishga solinadi. Shu kabi boshqa sehrli-fantastik ertaklarda ham evrilish motivi yetakchilik qiladi. Qahramon sehr yordamida turli shakllarga kiradi, o‘z qiyofasini o‘zgartirish imkoniga ega bo‘ladi. Bu ertaklarda xalqning yovuz kuchlardan, zolimlardan qutulish, o‘zini kuchli-qudratli his etish orzusi, hayot mashaqqatlari qarshisidagi armonlari, dushmandan qasos olish maqsadi o‘z ifodasini topgan. Ularda bir moddiy ko‘rinishdan ikkinchisiga evrilish jazo, o‘ch olish kabi yovuz; mukofot yoki yordam, ko‘mak berish kabi ezgu maqsadlarni amalga oshirishga yordam beradi; syujetni rivojlantiruvchi asosiy badiiy vositaga aylanadi. Ayni vaqtda metamorfoza-turlanishlar ertakning qiziqarliligini ta’minlashda; syujet tugunining yechilishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

 

Go‘zal RAMAZONOVA,

mustaqil tadqiqotchi

 

“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 2-son.

“Evrilish mo‘jizalari” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

12:05 / 28.05.2025 0 339
Quddusni ozod qilgan xorazmliklar

Tarix

18:05 / 27.05.2025 0 214
Saljuqiylarda qozilik ishlari qanday boʻlgan?

Tarix

17:05 / 27.05.2025 0 177
Sohibqiron bitgan maktublar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//