2020-yil fevral oyida Markaziy Osiyo mintaqasida navbatdagi etnik fojia ro‘y berdi: Qozog‘iston hamda Qirg‘iziston chegarasidagi Masanchi qishlog‘ida yashovchi qozoqlar va do‘ngonlar o‘rtasida kelib chiqqan maishiy janjal etnik nizoga aylanib ketdi. Yaqin o‘tmishda mintaqada amalga oshirilgan etnik tozalashlarda qo‘l kelgan ssenariy bu safar ham soat mexanizmidek aniq ishladi: xitoycha gapirib, islom diniga e’tiqod qiladigan do‘ngonlarning boshpanalari bir kechada yoqib yuborilgach, oilalar qo‘shni Qirg‘izistonga qochib o‘tdi. Albatta, bitta qishloq miqyosidagi mojaroni Janubiy Qirg‘izistonda, Farg‘ona vodiysining O‘zbekiston qismida bo‘lgan dahshatli voqealarga qiyoslash noo‘rin tuyular, lekin bu kabi hodisalar zamirida bir motiv yotibdi: etnik ziddiyat.
Masanchi voqeasi bo‘yicha kelgusida jiddiy akademik tadqiqotlar o‘tkazilsa ajab emas. Biroq hozirdanoq ilmiy izlanishlar yakunida etnik ixtilofning asosiy omili sifatida Markaziy Osiyo mintaqasidagi milliy o‘zlik inqirozi va postsovet millatchiligi ko‘rsatilishini taxmin qilish mumkin.
Markaziy Osiyo aholisi bolaligidan milliylik ruhida tarbiyalanib, bu unga maktab darsi-yu ommaviy axborot vositalari orqali singdiriladi. Rasmiy tadbirlarda milliy g‘urur, milliy tarix, milliy an’analar, milliylik haqida bot-bot gapiriladi. Pirovardida, markaziy osiyolik o‘zini muayyan millat vakili o‘laroq tanib, millatga mansubligidan shubhalanmay; qadriyatlar, tarix va madaniyatni “milliy meros” deya qadrlab, milliy an’analarga rioya etib yashashga harakat qiladi. Milliy nizo kelib chiqqach, munosabatlar ziddiyatli tus olarkan, aksar aholi radikal xatti-harakatlarni millatchilik deb baholab, milliylik aslo toqatsizlikka undamaydi deb hisoblasa, boshqalar, aksincha, milliylik yo‘lida kerak bo‘lsa radikal harakatlar ham lozimligini ta’kidlaydi. Lekin hech kim muammo aynan u bolaligidan inongan milliy qadriyatlar, ilmiy tilda aytganda, milliy kontekstdagi narrativlar yig‘indisida ekanini tan olmaydi yoki bunga jur’at etmaydi; milliylik yakkash ijobiy hodisa sifatida talqin qilinarkan, u birovga ziyon keltirishi, millatchilikka o‘tib ketishi mumkinligi inobatga olinmaydi. Bir so‘z bilan aytganda, milliylikka fitratan mavjud, qon bilan singgan mutlaq haqiqat o‘laroq e’tiqod qo‘yilgan.
Olamni milliylik prizmasi orqali ko‘rish va anglash ko‘nikmasining shakllanishi so‘nggi 200–300 yil mobaynida fanda hukmron bo‘lgan nazariyalar hamda ularga tayanib yuritilgan siyosatga bog‘liqdir. Paradoks ham aslida ana shu nuqtada: ya’ni milliylik, millatchilik konsepsiyalari insoniyatning yangi tarixida vujudga kelgan esa-da, lekin ularning postulatlari o‘tmish davrlarga ham bog‘lanadi. Bugun o‘zini muayyan millatga mansub deb bilgan odamlar ota-bobolarining tarixini ham shu millatning o‘tmishi deya talqin etadi, bu bilan millatning mavjudligiga “qonuniy” tus beradi go‘yo. “Tarix aslida kimniki?” mazmunidagi bahslar – alohida va juda keng mavzu. Bizni qiziqtiradigan masala esa boshqa.
Ko‘plab mutaxassislar ta’kidlayotganidek, insoniyat yangi – postmilliy bosqichga qadam qo‘ymoqda. Bu bosqich kishilik jamiyatiga qulay ideologik muhit taqdim etishi kutilayotganiga qaramay, milliy mafkura tizimlari, umuman, milliy-etnik o‘zlik tushunchasiga og‘ir zarba berishi mumkin. Bunday to‘qnashuv esa odamlarni ruhiy muammolarga, jamiyatni esa ommaviy bahslarga duchor qilsa ehtimol. Boz ustiga, bahs-munozara ilmiy va siyosiy idoralar eshiklaridan chiqib, ko‘chalarga yoyilishi va mafkuraviy jarayonlardan uzoq odamlarning hayotida ham tub o‘zgarishlar yasashi mumkin. Shunday ekan, “o‘zliklar kurashi” konsepsiyasining tarixi va mazmun-mohiyatidan xabardor bo‘lish, bugunni anglash va ertani o‘rganish maqsadga muvofiqdir.
Inson – ijtimoiy mavjudot
Ha, u jamiyat tuzib yashashni ma’qul ko‘rib, hayotini individual emas, jamoaviy shaklda quradi. Albatta, buning aksini ko‘rsatuvchi dalillar-da mavjud: chunonchi, odam yolg‘iz holda ham tabiat qo‘ynida yashay olishini o‘z vaqtida liberallar otasi Henri Toro “Uolden” tajribasida isbotlagan ekan (Thoreau Henry. Walden. Literary Classics of the U.S. reprint, 1985). Lekin insonning aksar holda jamoaviy yashashida kuch va sa’y-harakat birlashib, taraqqiyotning shiddatli rivojiga xizmat qiladi.
Primitiv yashab qolish instinkti asosida shakllangan jamoalar (yoki to‘dalar) ibtidoiy davrga ham xos bo‘lgan. Lekin inson ongining rivojlanishi jamoalarni yangi bosqichga ko‘targach, sharoit o‘zgarishi, qirilib ketish xavfi ortda qolishi ularga boshqacha vazifalar yuklaydi.
So‘nggi yillarning eng dongdor tarixchilaridan biri Yuval Harariga murojaat etamiz. Ong inqilobi tufayli odam fikrlashni o‘rgangan. Endi jamiyatni yaxlit, butun saqlab turish uchun yashab qolish mantiqining o‘zi yetarli bo‘lmay, jamiyat uning aqliy ehtiyojlarini ham qondirishi lozim bo‘ladi. Aytaylik, oldin moddiy mulk taqsimotida jismoniy kuch yetakchi bo‘lsa, bora-bora jismonan zaifroq odam “To‘xta, nega u ne’matlarni ko‘proq olyapti? Biz bir jamoamiz-ku?” deb o‘ylab, buni so‘zda ifodalagan, uning e’tirozini aqliy qobiliyatga ega boshqa jamoadoshlari esa tinglab, tushungan.
Shu tariqa ong inqilobi inson jamoalari oldiga yangi muammolar qo‘yib, ularga javob ham topib beradi. Fikrlash qobiliyati odamga reallikdan uzilib, xayolot – fantaziya olamiga sho‘ng‘ish imkonini hadya etgan. Odamlar kollektiv miflar o‘ylab topib, ularga haqiqat o‘laroq ishona boshlagach, ijtimoiy robitalar ham o‘shalar asosida qurila boradi. Ushbu individual ermak sekin-asta jamoaviy tafakkurga ko‘chirilgan (Harari Yu.N. Sapiens: Insoniyatning qisqacha tarixi. Elektron nashr).
Ilgari instinktlar negiziga qurilgan jamoalar kognitiv mulohazalarga asoslana boradi. Jamoalarning yaxlitligini saqlash uchun dastlab tirik qolish ilinjining o‘zi yetarli bo‘lgan bo‘lsa, bora-bora ko‘proq argument kerak bo‘lgan. Kutilmaganda bu voqelik jamoalarni parokanda etish o‘rniga ularni yanada jipslashtiradi: kollektiv fantaziya qobiliyati jamoaga o‘zini shunchaki omon qolish yo‘lida birlashgan quroldoshlar to‘dasi sifatida emas, azaldan mavjud bo‘lgan, tirikchilikdan yuqoriroq ideallar asosida bir mushtga do‘ngan, g‘ayriixtiyoriy tarzda, tug‘ilishidanoq o‘zaro bog‘langan odamlar guruhi sifatida tasavvur qilish imkonini bergan. Bu esa a’zolarning jamoaga bo‘ysunuvchanligini, keyingi avlodlar ham ana shu ruhda tarbiyalanishini ta’minlab, alhosil, ijtimoiy munosabatlar yangi pog‘onaga ko‘tarilarkan, jamoa jamiyatga aylanadi.
Ibtido: qondoshlik prinsipi
Aslida ilk jamoaviy o‘zlik tushunchasi ancha oldinroq paydo bo‘lgan. Bir g‘orda istiqomat qiluvchi ibtidoiy odamlar kognitiv inqilobdan so‘ng o‘zini bir g‘orga mansub deb bila boshlaydi. Lekin bu mansublik hali sakral – muqaddaslik kasb etmagan.
Odamzod nega muayyan jamoada yashashi, nega unga ipsiz bog‘langanini birinchi galda o‘ziga, so‘ng boshqa jamoadoshlariga tushuntirish uchun dalil-isbot qidirarkan, qondoshlik prinsipi uning diqqatini tortadi: bir jamoada yashovchi odamlar oila qurib o‘zaro qarindosh bo‘lgach, farzand ko‘rgan. Shu tariqa umumiy qon-qarindoshlik – jamiyatning mavjudligini asoslab, muayyan odam ma’lum jamoaga nega g‘ayriixtiyoriy bog‘langanini ko‘rsatadigan birlamchi mezonga, ilk jamiyatlar poydevoriga aylanadi.
Qon prinsipi bir qarashda o‘ta ishonarli, zohiriy belgilarni namoyon etuvchi mifologema sanalgan. Zotan, qondoshlik odamlarning tashqi ko‘rinishida aks etadi. Qarindoshlar irsiy boshlang‘ich tufayli bir-biriga o‘xshashi bor gap. Ibtidoiy mantiq oddiy bo‘lgan: qoning birmi, tashqi ko‘rinishing o‘xshashmi, demak, shu jamoa a’zosisan, undan o‘z ixtiyoringga ko‘ra chiqib ketolmaysan. Qon – biologik fakt, shu tufayli qavm va jamoani tanlash imkoni yo‘q!
Bu sodda, lekin yashovchan prinsipning boshqa ustunligi shuki, u “begona”larni ajratib olishni ham yengillashtirgan. Jamoalarni jipslashtirish barobarida “begona” obrazi shakllanib, kun tartibiga kira boshlagach (axir, “biz” “ular”siz mavjud bo‘lolmaydi-ku), jamoalar orasida raqobat tug‘iladi. Bir jamoa a’zolarining birligi va bog‘liqligini tushuntirib beruvchi dalil-isbotlar ters tarafga ham ishlab, “ular” “begona”ligiga, “ular”dan hadiksirash, “ular”ni o‘ldirish kerakligiga rad etib bo‘lmas mantiq tusini bergan. Ushbu raqobat dushmanlikka aylanib, istiqboldagi urush va qirg‘inlarga yo‘l ochadi. Kishilik jamiyati rivojining yana bir paradoksi shu: necha ming yillik tadrij va taraqqiyotga qaramay, eng birinchi to‘qnashuv ham, eng oxirgi va dahshatli jahon urushi ham “biz” va “ular” ziddiyati tufayli kelib chiqqan. Odamlar bugun ham milliy o‘zlik tushunchasini tinch-totuvlik omili deb bilib, uni ijobiy hodisa deya baholaydi. Ammo ta’kidlash joizki, eng qadimgi davrdayoq o‘zlik tushunchasi ziddiyat asosida barpo bo‘lgan: o‘zlik qarama-qarshiliksiz mavjud emas. Ya’ni, sirasini aytganda, hamma “biz” bo‘lsa-yu, “ular” mavjud bo‘lmasa, “biz”likning ma’nosi qolmasdi.
Demak, eng qadimgi birlashmalar – qarindoshlik jamoalari, urug‘ va qabilalar qondoshlik tutumiga tayangan. Jamoalar jamiyat bosqichiga o‘tib, murakkablashib, kengaya borarkan, bu prinsipning kamchiliklari yuzaga chiqa boshlaydi: kichikroq miqyosda ish bergan argumentlar yuqori bosqichlarda yaramay qolgan. Zero, qondoshlik bir guruh odamlarni birlashtirsa-da, ularni ommadan ajratib, begonalik va dushmanlikni kuchaytiradi. Qolaversa, faqat qondoshlikka suyangan jamiyatning rivojlanish imkoniyati cheklanib, qarindoshlar nikohi genetik buzilishga olib kelgan.
Qarindoshlik jamoalari odamzodga kollektivlashishning yangi cho‘qqilarini zabt etishda o‘ziga xos pillapoya vazifasini bajargach, ilg‘or jamiyatlar asta-sekin shahar va davlatchilik pog‘onasiga o‘tadi.
Etnos va siyosiy elita
Yangi siyosiy birlashmalar – shaharlar va davlatlar murakkab ierarxik tuzilmaga ega bo‘lib, ularni idora etish o‘zlik tushunchasini va ularni tutib turuvchi mifologemalarni qayta ko‘rib chiqish ehtiyojini tug‘dirgan. Bu davrga kelib avomdan ajralib chiqqan siyosiy elita yangi o‘zlik tushunchasining asosiy buyurtmachisiga aylanadi. Zotan, jamiyatni jips tutib turishdan birinchi galda ular manfaatdor bo‘lgan.
Yozma tarix davrida odamlarni bir-biriga bog‘lab turish, o‘zlik tushunchasini shakllantirishda diniy, geografik, etnik omillar asosiy o‘rin tutadi. Geografik omilga ko‘ra, inson mansubligi, birdamlik asoslari muayyan hudud, shahar yoki davlatga daxldorlikka tayangan; u qondoshlik prinsipidan keyingi odim – qishloqlar, shaharlar va davlatlar o‘zligiga zamin bo‘lib, keyingi bosqichda biologik va geografik prinsiplar o‘rnini muqaddasotlar egallaydi.
Bir dinga e’tiqod qilish odamlarda kuchli ruhiy robita hosil qilishi, dindoshlar bir-birini birodar sanashi ma’lum. Elita dinning bu mo‘jizakor qudratidan foydalanib, o‘zini odamlar va xudolar orasidagi vositachiga aylantirishga uringan. Xudoning yerdagi soyasi, ilohiy fir’avnlar haqidagi mifologemalar shu tariqa paydo bo‘ladi. Ma’lumki, inson azaliy, samoviy va o‘zgarmas qonuniyatlarga qat’iyan ishongan. Fir’avnlar hokimiyatini, ijtimoiy birlikni ana shunday qonuniyat o‘laroq talqin etish jamiyat a’zolarida mutlaq ishonch va moyillik keltirib chiqaradi.
Nisbatan keyingi davrda vujudga kelgan etnik konstrukt ilgarigi mifologemalarning barchasini birlashtirdi (Bu o‘rinda “etnos” istilohi shartli ravishda ishlatilayotganini ta’kidlash lozim. Turli xalqlarda bir-biriga o‘xshash, bugungi antropologiyadagi “etnos” tushunchasiga mos keluvchi o‘zlik kategoriyalari mavjud bo‘lgan. Masalan, Yevropada “folk”, “tribe”, “populi” singari atamalar turfa zamon va makonda ishlatilgan. Bular bizdagi “xalq”, “elat” tushunchalariga mos kelishini inobatga olib, barchasini birlashtiradigan va bugungi fanda shartli qabul qilingan “etnos” atamasidan foydalanmoqdamiz). U o‘zlik tushunchasini biologik, geografik yoki diniy-e’tiqodiy argumentlar yig‘indisi emas, tartibli, tizimli qadriyatlar majmuasi sifatida anglashga yo‘l ochdi. Bitta etnosni tashkil qiluvchi odamlar bir-biriga qarindosh bo‘lishi, yagona dinga, tilga, madaniyatga sohib bo‘lishi, bir jug‘rofiy hudud va davlatda yashashi darkor edi.
Ta’kidlash joizki, o‘zlik shakllari ma’lum bosqichda zamona talabiga javob bermay, asosu ahamiyatini yo‘qotgan. Biroq kishilik jamiyati bir tekis rivojlanmagani bois “falon asrlar – diniy o‘zlik davri”, “falon asrlar – etnik o‘zlik davri” qabilida uzil-kesil tasniflash imkonsiz. Jamiyat taraqqiyotning turli bosqichida yashar ekan, tamaddun tarozisi goh u, goh bu jug‘rofiy pallani bosib ketavergan; natijada eng ilg‘or o‘zlik ta’limotlari rang-barang geografik muhitda tarqalib boradi. Muayyan davrda sayyoramizning bir chekkasidagi jamiyatlar diniy o‘zlikni birinchi o‘ringa qo‘ygan; yana qaerdadir geografik mansubiyat dolzarbroq ahamiyat kasb etgan; ibtidoiy tuzumda qolib ketgan jamoalar esa qondoshlik va o‘rmon ruhlariga inonib yashayvergan. Turfa xillik hamon davom etayotir – hali ham qabilaviy turmush kechiruvchi jamoalar mavjud, davlatlar va jamiyatlar esa taraqqiyotning har xil bosqichida.
Etnos konsepsiyasi, etnik o‘zlik dunyoga nazar solishning universal shakli o‘laroq maydonga kelganiga qaramay, boshqa yondashuvlarni butunlay siqib chiqarmasdan, iqtisodiyot tilida aytganda, bozorning kattaroq qismini egallagan, xolos. Shu tariqa u asrlar mobaynida nash’u namo topib turibdi.
Etnik yondashuv ibtidoiy qarash emas, balki bugun ham millionlab odamlar ongini band etgan jonli g‘oya bo‘lgani bois uni nazariy o‘rganish hamon davom etmoqda. Bugungi kunda etnos tavsifida uch asosiy qarash mavjud:
1) primordializm: bunga ko‘ra, etnos – hudud, qon, til va din bilan bog‘liq azaliy va g‘ayriixtiyoriy birlashma; muayyan bir etnosda tug‘ildingmi, undan chiqib ketish yoki voz kechish amrimahol;
2) istorizm: etnos – ijtimoiy birlashma; tarixan shakllangan jamiyat, qondoshlik va dindoshlik esa uni mustahkamlovchi ixtiyoriy omillardir;
3) dualizm: yuqoridagi ikki qarashni uyg‘unlashtiruvchi nazariya; unga muvofiq etnos tor ma’noda etnikos, ya’ni qondoshlik jamoasi, keng ma’noda esa bir davlat chegarasida qoni turfa odamlardan shakllanadigan jamiyatdir.
Dualistik etnos nazariyasi sovet etnologiyasi otalaridan biri Yulian Bromley tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, SSSRda hukmron mavqega ega edi (Bromley Yu. Ocherki teorii etnosa. Moskva, “Nauka”, 1983). Dualistik nazariyaga keyinroq to‘xtalamiz; hozir esa etnosga asosiy raqobatchi bo‘lmish millat nazariyasi haqida.
Diniy o‘zlikni hisobga olmaganda, boshqa ko‘rinishdagi o‘zlik ta’limotlari etniklikka deyarli muammo tug‘dirmagan edi. Millat nazariyasi esa etnos ta’limoti yakkahukmronligiga chek qo‘yibgina qolmay, uni tubdan o‘zgartirib yubordi.
Millat atamasi musulmon Sharqida azaldan mavjud. U islom ummati – butun musulmonlar jamoasi ma’nosini ifodalagan. Ya’ni eskidan o‘zlik ko‘rsatkichi bo‘lgan. Modern asriga kelib musulmon xalqlari ham Yevropa millatchiligidan (natsionalizmi) rang olib, milliy ideologiyalar ishlab chiqishga bel bog‘ladi. Shu asnoda ovrupocha nation istilohiga muqobil ravishda millat istilohi urfga kirgan. Shu bois millat tarixini taftish qilar ekanmiz, tahlilni natsiya atamasi kechmishidan boshlaymiz.
Qiziq jihati, lotincha “natio”ning ma’nosi jo‘n: urug‘-aymoq, avlod. U bugungidek global ma’no kasb etguncha uzoq yo‘l bosgan. Dastlab Yevropa universitetlaridagi talabalar birlashmalari shunday ataladi. XIV asr – G‘arbiy Yevropadagi buyuk o‘zgarishlar davrida yangi intellektual kuchlar ilmiy ixtirolarga qo‘l urgan, ular ortidan yuzaga chiqqan buyuk geografik kashfiyotlar yevropaliklar dunyoqarashi va olamni bilish ko‘lamini oshirish barobarida moddiy boyliklarning ham ko‘payishiga asos bo‘lgan. Moddiy kapitali ortgan yevropaliklar ma’naviy kapitalga e’tibor qaratar ekan, jamiyat tuzilmasi, uni birlashtirib turgan yoki birlashtirishi kutilayotgan rishtalar – madaniyat, qadriyat, o‘zlik qayta ko‘rib chiqilib, bugungi Germaniya hududida yashagan mayda german davlatlarida zamonaviy millatchilik kurtak otadi.
XVI asrda olmon intellektuallari, xususan, mashhur Martin Lyuter ilk bor o‘z xalqiga german (deutsche) atamasini qo‘llagan. Qiziq tomoni shundaki, germanlar u davrda hali yagona nom, til va davlatga ega bo‘lmay, niderland, shvab, bavar, tyuring, sakson kabi xalqlar (etnos) alohida siyosiy tuzilmalarda yashar, o‘zini yagona xalq, yagona millat deb bilmasdi. Lyuter va boshqa ziyolilar ularni yagona birlik o‘laroq ko‘rib, millat deb atagani siyosiy elitaga ma’qul keladiki, 1512-yildan Muqaddas Rim imperiyasi german millatiga tegishliligini rasman e’tirof etish maqsadida davlat nomi German millatining muqaddas Rim imperiyasi deb o‘zgartiriladi.
Xayoliy jamiyat va konstruktivizm
Xayoliy jamiyat istilohi ilk bor britaniyalik sotsiolog va siyosatshunos Benedikt Anderson tomonidan istifoda etilgan. Olim shu nomdagi shov-shuvli kitobi bilan antropologiya va sotsiologiyaga yangi atama kiritish barobarida konstruktivizm ta’limotining mutlaq g‘alabasini ham ta’minlaydi (Anderson B. Imagined communities. Reflections on the origins and spread of nationalism. London – New York, Verso).
Konstruktivizm ta’limoti jamiyat xayolot va tasavvur mahsuli ekaniga urg‘u bergan. Unga ko‘ra, har qanday jamoa, jamiyat, hamjamiyat aslida qo‘l bilan ushlab bo‘lmaydigan voqelikdir. U ongimizdagina mavjud va biz uni tasavvur qilamiz. Jamiyatlar shunday paydo bo‘ladi.
Bir zamonlar zo‘r berib birlashuvning kognitiv asoslarini qidirgan ibtidoiy odamlar qon prinsipini kun tartibiga olib chiqqan ekan. Mantiqan mushohada qilinsa, qondoshlik biologik nuqtai nazardan birga yashashni taqozo etmaydi. Bu shunchaki birlashuvni asoslash uchun mezon sifatida tanlab olingan, xolos. Ya’ni biologik omil ramziy kapitalga aylantirilib, shu asosga qurilgan jamiyat tasavvuri hosil qilinadi.
Deylik, Martin Lyuter o‘z tasavvurida german millatini jonlantirgan. Uning xayoloti jamoaviy xayolotga ko‘chgach esa, dastlab german davlatlari elitasi, so‘ng german xalqlarining aksari bu talqinni qabul qilib, o‘zini yagona millat deb ataydi.
Konstruktivizm faqat milliylikni emas, o‘zlik ta’limotlarining har qanday shakli, turfa jamoa va hamjamiyatlar mohiyatini ham ochib bergan. Biz o‘zimizni bir millat vakili deb xayol qilganimiz kabi, bir mahalla, shahar, qishloq, kasb, yosh, jins guruhi vakili deb ham hisoblaymiz. Demak, har qanday etnik guruh, o‘zlik ta’limoti xayoliydir. Masalan, bir odamni musulmon, o‘zbek, mang‘it, buxorolik, erkak, oilali erkak, qirq yashar erkak, muhandis, ko‘p qavatli uy istiqomatchisi, muayyan rusumdagi mashina egasi, kashanda... tarzida ta’riflash mumkin. Nazariy jihatdan bularning barchasi o‘zlik qirralari bo‘lib, ushbu palitra kishi “men”ining o‘zagini tashkil etadi.
Shunday qilib, konstruktivizm o‘zliklarning qatlamlarini (strata) o‘zaro tenglashtirib, bir darajaga olib chiqqach, milliylikni muqaddaslik maqomidan mahrum qilib, uni mustahkamlashga qaratilgan dalillar shunchaki ramziy kapital ekani, undan voz kechish, uni o‘zgartirish mumkinligini ko‘rsatib beradi. Bu hol o‘zlik nazariyalarining umriga zomin bo‘lmay, bil’aks, zamonaviy odam o‘zlikning bir necha qatlamini ajabtovur tarzda uyg‘unlashtirib yashashni o‘rgandi. Bir odam ham rus, ham pravoslav, ham menejer, ham kommunist, ham vegetarian bo‘lishi mumkin. Mazkur xususiyatlar bir-biri bilan raqobatlashmay, inson ongidan qatma-qat joy olgani yaxshi, lekin birortasiga ko‘proq urg‘u berilsa, muvozanat buziladi. Holbuki, maqola avvalida qayd etganimizdek, ilgari buning aksi o‘laroq o‘zlik jibilliy (tug‘ma) hol sifatida qabul qilingan, undan voz kechib, o‘zgartirib bo‘lmaydi deb qaralgan. Ushbu ilmiy muammo rossiyalik taniqli olim Sergey Abashin tomonidan ham teran tadqiq etilgan (Abashin S. Svoy sredi chujix, chujoy sredi svoix. // Etnograficheskoe obozrenie, №2-2003. Str. 3-25).
Konstruktivizm bugungi gumanitar fanning o‘ziga xos evolyutsion ta’limotiga aylanib qolganki, usiz makrotarix, antropologiya, sotsiologiya, etnologiya va lingvistikada metodik yondashuvni tasavvur ham qilib bo‘lmaydi. Rivojlangan mamlakatlar akademik muhitida konstruktivizm o‘zidan oldin urfda bo‘lgan nazariy qarash – primordializmni siqib chiqardi. Lekin u o‘z navbatida bizni yangi savollar qarshisiga qo‘ydi.
Millat oldin paydo bo‘lganmi yo millatchilik?
“Tovuq oldin paydo bo‘lganmi yoki tuxum?” degan savol tildan tilga o‘tib yuradi. Mushtariylarimiz ham muhaqqaq bu savolga duch kelgandir. Kamina har safar bu so‘roqqa quyidagicha javob qaytarganman: tuxum oldin paydo bo‘lgan, albatta – negaki, tuxumni faqat tovuq qo‘ymaydi!
Antropologiya va unga yondosh gumanitar sohalarda yuqoridagi savolga o‘xshash yana biri ko‘p muhokama etiladi: millat oldin paydo bo‘lganmi yoki millatchilik?
Bu juda qiziq masala. Millatchilik (bu istiloh xalq tilida milliyatchilikning radikal ko‘rinishini ifodalasa, fanda dunyoga milliy nigoh bilan boqishni anglatadi) g‘oyasini ilgari suradiganlar hech ikkilanmay millat birlamchi deb javob beradi. Lekin bugungi ilmiy diskursga ishonadigan bo‘lsak, millatchilik millatni shakllantirgan. Yana o‘sha misolga murojaat qilamiz: Martin Lyuter avval millatni tasavvur qilib, millatchilikni yuzaga keltirgan, so‘ng esa millat shakllangan. Bu borada Italiyani birlashtirish g‘oyasi otalaridan biri bo‘lmish Massimo de Adzeloning mashhur so‘zlarini keltirish o‘rinlidir: “Biz Italiyani yaratdik, endi italyanlarni yaratsak bas”.
Yevropaning boshqa o‘lkalarida ham millatchilik harakatlari yuzaga keladi. Feodal tuzumdan, elitaning adolatsiz taqsimotidan charchagan o‘rtahol shaharlik va ziyolilar (bu qatlam buyuk geografik kashfiyotlar va moddiy resurslar ko‘payishi bilan vujudga kelgan) jamiyatning yangi, milliy modellarini taklif eta boshlaydi. Ushbu modellarni tinch yo‘l bilan joriy etish imkonsiz bo‘lgani bois Yevropa inqilob alangasi domida qolgan. Inqilobiy olov, millatchilik to‘lqinida Niderlandiya, Britaniya, Fransiya va AQShda birin-ketin G‘arb millatlari shakllanib, dunyo millatchilik davriga qadam qo‘yadi.
Etnos va millat munosabati
Millat konsepsiyasi Yevropada yoyilishi bilan muqarrar etnos kategoriyasiga ro‘baro‘ kelgan. Millat istilohining o‘zi aniq ta’rifga ega bo‘lmay, turli davlatlar intelligensiyasi uni ayricha tushunib tatbiq etadilar. Buning oqibati ham har xil bo‘lib, ayrim mamlakatlarda millat va etnos tushunchalari uyg‘unlashadi (Britaniya va Germaniyada millat etnik belgilarga ko‘ra shakllangan). Ba’zi o‘lkalarda esa millat – etnosni ham o‘z ichiga oluvchi universaliya deya talqin qilinadi. Dunyoga milliy qarash va uni etnos bilan chog‘ishtirish shu darajaga yetadiki, hatto yangi manbalarda o‘tmish xalqlari ham “millatlar” deb yuritila boshlaydi. Jumladan, XVIII–XIX asrlarda yashab ijod qilgan ingliz tilli shotland adibi Valter Skott “Ayvengo” degan mashhur tarixiy romanida XII asr oxiridagi Angliyani tasvirlar ekan, qahramonlari mansub bo‘lgan saks, normann va yahudiy xalqlarini “millat” deb atagan.
Fransiyada siyosiy vaziyat boshqacharoq kechadi. Germaniya bir-biriga yaqin xalqlar yashaydigan mayda davlatlardan bunyod bo‘lgan bo‘lsa, Fransiya allaqachon yagona esa-da, lekin u yerda o‘zini fransuz deb bilmaydigan xalqlar yashagan. Buyuk fransuz inqilobining tarixiy ahamiyati shundaki, u bir mamlakatda yashab, farqli tilda so‘zlashuvchi elatlardan yagona millat yasaydi. Yangi ta’limotning mezonlari qon prinsipiga asoslanmagan xilma-xillik, liberalizm va tenghuquqlilik hisoblangan. Fransuz millatchiligi etnik xususiyatga ega bo‘lmay, mamlakatdagi barcha etnoslarni birlashtirib, davlat, fuqarolik millatini tuzishga yo‘naltirilgach, ana shu qiyofada ro‘yobga chiqadi. Fransuz namunasi bo‘yicha dastlab Yevropada, so‘ng butun dunyoda zamonaviy millatlar paydo bo‘lgan (Fransiyaning kuchli ta’siri ostidagi Italiya birinchilardan bo‘lib shu yo‘lni takrorlaydi).
Millatchilikning bu ikki ko‘rinishi uzoq vaqt yelkama-yelka yashaydi va Yevropa davlatlari boshqa qit’alarni mustamlaka qilarkan, u yerlarga ham jamiyat qurishning ovrupocha modelini olib kiradi. Kolonializm davrining oxirgi bosqichiga kelib Afrika va Osiyoda ham milliy loyihalar muhokama qilina boshlaydi. Ammo bir necha yo‘nalishda kelib chiqqan ziddiyatlar millatchilik qarashlarining inqiroziga olib keldi.
Birinchidan, texnik va moddiy resursi yuqori bo‘lgan Yevropa millatlari qoloq mustamlaka xalqlariga past nazar bilan qaraydi; shu tariqa yevropaliklar ongida irqiy va aqliy ustunlik haqida yanglish tasavvur ildiz otgach, bu natsizm va fashizm mafkuralariga yo‘l ochadi.
Ikkinchidan, hatto fuqaroviy millatchilikka asoslangan fransuz milliy modeli ham irqchilikka nisbatan betaraflik maqomini saqlay olmaydi. Aslida Fransiya irqiy ustunlik, oriylik qarashlari vatani hisoblanib: oriylik nazariyasini yaratgan sotsiolog Jozef Gobino fransuz bo‘lgan. To‘g‘ri, ushbu qarash Fransiyada Italiya, Germaniya yoki Britaniyadagi kabi keng tarqalmaydi. Shunga qaramay, fransuzlar ham mustamlaka xalqlarni o‘ziga teng ko‘rmagan.
Uchinchidan, yangi tuzilgan Germaniyaning siyosiy da’volari Rusiya, Ispaniya, Fransiya va Britaniya bilan ixtilofga sabab bo‘ladi. Buyuk geografik kashfiyotlardan so‘ng dunyoni bo‘lib olgan eski saltanatlar esa yangi qudrat sohibi bilan hisoblashish, boyliklarni bo‘lishishni istamaydi.
Nemis millatchiligi o‘zida avval-boshdan shunday qasoskorlik va kechikkan hukmfarmolik da’vosini jo etgan. Kechikib birlashganidan afsus chekkan olmonlar Yevropadagi qo‘shnilaridan “qonuniy” ulushini tortib olish payiga tushadi. Bu istak nemis millatchiligining yanada radikallashuvi hamda Birinchi jahon urushiga zamin hozirlagan. Urushda mag‘lubiyatga uchragach esa, nemis millatchiligining dalil-dastaklari qatoriga endi yutqiziq alamini olish ham qo‘shiladi. Shu tariqa irqi oliya g‘oyasi cho‘qqisiga yetib, nemis millatchiligi tarixdagi eng qo‘rqinchli mafkura – natsizmga do‘ngach, Ikkinchi jahon urushi va Holokost ro‘y beradi.
Multikulturalizm: muvaffaqiyatli muvaffaqiyatsizlik
Ikkinchi jahon muhorabasining asosiy qurboniga aylangan Yevropa vayronalar ichida qolib, o‘n millionlab odam halok bo‘lgach, bir zamonlar dunyoni bo‘lib olgan hokimiyatlar endi o‘zi yordamga muhtoj bo‘lib qoladi. Millatchilikdan xo‘b aziyat chekkan Yevropa milliy o‘zlikning ters tomoniga boqarkan, bu g‘oya ulg‘ayib-kengayib, irqiy o‘zgachalik inonchiga aylanadi. Yevroittifoq va “yevropalik” atalmish o‘zlik maydonga kelib, bu yangi g‘oya – multikulturalizmning boshlanishi Yevropa yaralariga malham bo‘lmog‘i, odamlarga umid bag‘ishlab, qit’ani birlashtirmog‘i ko‘zda tutilgan.
Shimoliy va G‘arbiy Yevropa davlatlari umuminsoniy qadriyatlarni tizimlashtirish va targ‘ib qilish harakatining oldingi safida boradi. Urushdan so‘ng ko‘hna qit’aning valine’mati va himoyachisi to‘nini kiygan AQShda qora tanli aholi va ishchilar huquqini poymol qiladigan yovvoyi kapitalizm gullab-yashnayotgan choqda Yevropada shiddatli evrilish ro‘y beradi. Mustamlaka o‘lkalar langari ko‘tarilgan kemalar kabi ummon uzra erkin suzishga qo‘yib yuborilgan, SSSR voqeligidan ilhomlangan so‘l harakatlar qit’ani larzaga keltirayotgan edi. O‘tmish jinoyatlaridan uyalish va sobiq qurbonlar oldidagi aybdorlik hissi ko‘hna qit’ani o‘zgartirib yuboradi. Ayni choqda, markazdan ajralib chiqib, mustaqil davlatga aylangach, an’anaviy iqtisodiy tizimdan ayrilgan sobiq mustamlakalar aholisi tirikchilik maqsadida sobiq metropoliyalarga oqib kela boshlaydi. Yangi Yevropa muhojirlarni o‘z bag‘riga olib, ular bilan birgalikda yangi millatlarni shakllantirishga kirisharkan, endilikda fransuz, olmon, ingliz, shved – qon mansubiyati emas, fuqarolik ekani borasida ijtimoiy murosaga erishiladi.
Yevropa mamlakatlarida millatlar qayta tashkil topgach, bir zamonlar ularning tarkibiga kirgan bask, katalon, oksitan, irland, shotland, friz, friul kabi kichik mahalliy xalqlar endi o‘zligini anglab, mikromillatchilik bosh ko‘taradi. Bir tomondan, an’anaviy millatlar, tillar bo‘linib ketib, galisiyaliklar va vallonlar o‘zlarini fransuzlardan ajratib, alohida til, tarix va madaniyat mafkurasini ishlab chiqish, ya’ni simvolik kapital yaratish borasida bosh qotira boshlaydi. Boshqa tomondan, Afrika va arab davlatlaridan ko‘chib kelgan aholi yagona fransuz qobig‘iga kiradi. Urushning aybdori va qurboni bo‘lgan Yevropa o‘z tarixi va bugunini qayta ko‘rib chiqib, millatchilik borasidagi yanglish qarashlardan voz kechdi va yangisini o‘zlashtirdi. Hech ikkilanmay jahon urushidan keyin Yevropada yangi millatlar shakllandi, desa bo‘ladi.
Yangi milliy o‘zlikka mansub guruhlarning qadriyatlarini saralab-sayqallab, barcha uchun umumiy qadriyatlarni shakllantirish ko‘zda tutilgan edi. Shu tariqa umuminsoniy qadriyatlar bo‘y ko‘rsatib, umumevropa o‘zligining poydevoriga aylanishi kutila boshladi hamda yagona Yevropa va umuminsoniy qadriyatlar geosiyosat kun tartibiga keldi.
Avvalboshdan yagona Yevropa g‘oyasi yo‘lida g‘ov bo‘lgan tashqi omillar sirasida jahonning qutblanishi, AQSh va SSSR o‘rtasidagi sovuq urushni qayd etish joiz. Yevropa xohlasa-xohlamasa bu muhorabada ishtirok etishga majbur, chunki qit’a shimoli SSSR nazorati ostida, qolgan qismi esa AQShning moliyaviy va harbiy yordamiga suyanib qolgan edi. Qolaversa, qit’ani tebratayotgan so‘l harakatlar po‘rtanasi “qizil tahdid”ni yodga solib turardi.
Bu orada jahon yetakchiligiga da’vogar u ikki davlat boshqa mamlakatlarda bir-biriga qarshi olib borgan bilvosita jang – proksi urushlarda katta yo‘qotishga uchrab, tashqi siyosatini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘ladi. Masalan, Vetnamga tajovuz yillarida Amerika tinchlikparvarlik harakatlari girdobida qolib, urush va qurbonlardan charchagan aholi tinchlik talab qilib ko‘chalarga chiqadi. Bu esa qora tanlilar huquqi, ishchilarning adolatli ish haqi va mehnat soati uchun kurashiga ulanib ketadi. Afg‘onistonga bosqin uyushtirgan SSSR ham shunday muammoga duch keladi. To‘laqonli harbiy amaliyot olib borish uchun qizil imperiyaning o‘tmishdagi kuch-quvvati yo‘q, boz ustiga, ittifoqdosh respublikalarda evrilishlar epkini esayotgan edi. SSSR ko‘plab imperiyalarni qulatgan shafqatsiz haqiqatga duch keldi: bir avlodning qoniyu joni evaziga barpo etilgan davlat yangi avlodga kerak bo‘lmay, birgina shartnoma bilan tarqalib ketdi. AQSh, SSSR, keyinroq Sharqiy Yevropada ro‘y bergan o‘zgarishlar Yevropaga multikulturalizm siyosatini joriy etish uchun yangi makon taqdim etgan, lekin qit’ada “ichki bomba”ning harakatga kelishi rejalarni yo‘qqa chiqardi.
Yevropada yagona o‘zlik, yaxlit siyosiy, iqtisodiy va madaniy muhit yaratishga intilish qanchalar kuchli bo‘lmasin, asrlar mobaynida har bir mamlakatda o‘ziga xos lisoniy, madaniy va ijtimoiy muhit shakllangan, uni yengib o‘tib, barchani “birinchi o‘rinda yevropalikman” deb o‘ylashga majburlash juda qiyin edi. Qolaversa, kapitalistik G‘arbiy Yevropa va sobiq kommunistik Sharqiy Yevropa o‘rtasidagi tafovut yaqqol sezilar, uni bartaraf etishga juda ko‘p vaqt ketishi tayin edi. Buning ustiga, qit’aning yangi aholisi – Osiyo va Afrika mansublari bilan integratsiyalashuv, yagona millatga uyushish kutilganidan mushkulroq vazifa bo‘lib chiqdi: muhojirlar Yevropani yangi uy deb tan olganiga qaramay, tarixiy vatanida o‘zlashtirgan tafakkur tizimidan voz kechishni istamadi. Yana deng, Yevropa o‘lkalari aholisi turfa kayfiyatda bo‘lib, hamma ham yangi o‘yin qoidalariga – “begona”lar bilan millatdosh bo‘lishga rozi emasdi. Multikulturalizm harakati kengroq yoyilgani sari unga qarshilik ham kuchayib bordi. Radikal millatchilik harakatlari faollashdi. Neofashizm uyg‘ondi. Ayniqsa, 2010-yillardagi “Arab bahori” ortidan Yevropaga yopirilgan millionlab qochqinlar vaziyatni keskinlashtirib yuborgach, “Sobiq mustamlakalardan tirikchilik ilinjida kelib qolgan yakkam-dukkam muhojirlarni integratsiya qilishning bu qadar past-balandi bor ekan, sel kabi oqib kelgan millionlab migrantlar bilan uyg‘unlashuv deyarli imkonsiz”, degan to‘xtamga kelindi. Muhofazakorlar, an’anadorlarning ovozi ko‘tarildi. Asrlar davomida o‘z vatanida, so‘lim tabiat va folklor og‘ushida umrguzaronlik qilgan, salb yurishlari va buyuk geografik kashfiyotlardan faxrlangan yevropaliklar sipo bag‘rikenglikdan ham; hatto zo‘ravonlikka ham “Bu sening huquqing, hurmat qilaman”, deyishdan iborat bo‘lib qolgan liberalizmdan ham; atrofidagi tushunarsiz madaniyatga ega muhojirlardan ham bezib, “Yetar!” dedi. Ortga qaytish, “ko‘hna va badastir” Yevropani ko‘rishni xohlab qoldi. Bu kayfiyatdagi aholi o‘ng radikallar va konservatorlar safini to‘ldirdi. Ayni choqda, multikulturalizm ham qadriyatlar tizimiga aylangan, liberallar ma’naviy dastakka ega edi. O‘rtada bahslar avjiga chiqdi.
Oxirgi yillardagi umumiy holat konservatorlar qo‘li baland kelayotganini ko‘rsatayotgandek. Polsha va Vengriyada millatchilik va migratsiyaga qarshi kayfiyat davlat siyosati darajasiga chiqayozdi, Fransiya va Germaniyada o‘nglar zalvorli kuchga aylandi, AQShda an’anador aholi xavotirlarini saylovoldi dasturiga jo etgan Donald Tramp Oq uyni egalladi, Buyuk Britaniya esa Yevropa o‘zligidan voz kechishga qaror qildi. Shu bois ayrim ekspertlar G‘arb eski qadriyatlar va tor millatchilikka yuz burayotgani, yagona Yevropa o‘zligining tanazzuli va multikulturalizm siyosatining muvaffaqiyatsizligi haqida gapira boshladi. Lekin boshqa bir yondashuv ham bor. Unga ko‘ra, o‘ng harakatning bosh ko‘tarishi, aslida, ajdarning jon taslim qilish oldidan chekkan ohi, xolos. Muhaqqaq intihosiga yaqinlashayotganini payqagan konservatizm bir qalqdi, ammo u ortiq yangilikka qarshi turolmaydi, oldingidan-da ayanchliroq bir alfozda tubga qulaydi. Negaki, dunyoda kosmopolitizm hukmronligi o‘rnatiladi.
Eldor ASANOV
“Tafakkur” jurnali, 2020-yil 2-son
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q