E’tiqodsiz odam payg‘ambarlar tushgan vaziyatlarda nima qiladi? – Kafka qahramonlari tahlili


Saqlash
17:57 / 02.06.2025 61 0

Adabiyotshunos va tarjimon Shahnoza Rahmon mutolaa qiladi.

 

Menda adabiyotga moyillik yo‘q. Adabiyot –

 o‘zimman, adabiyotdan boshqa hech narsa

 emasman va boshqacha bo‘lolmayman ham...

Frans Kafka

 

“O, orzu g‘oyat serob, beqiyos darajada ko‘p, lekin biz sho‘rpeshonalarga kim qo‘yibdi uni...” Frans Kafka asarlarini mutolaa qilar ekansiz, yozuvchi olamining kirish darvozasida ayni shu so‘zlar muhrlab qo‘yilganday taassurot uyg‘onadi. O‘qish jarayonida nurga intiq, so‘ng ilhaq bo‘lasiz. Kafka romanlari markazida turgan K. najot topsa edi deb o‘ylaysiz. Biroq so‘nggi sahifani yopganda bunday xayollarga behuda berilganingiz ayonlashadi va o‘rgimchak uyasida tuzoqqa tushib, erkdan umidi uzilgan o‘ljaning horg‘in kayfiyati sizga ko‘chadi. Bu tabiiy hol, chunki Kafkaning qidiruvlari mohiyatida topish emas, yo‘qotish yotadi. Adib fikricha, “Bizning dunyo – xudoning bo‘lmag‘ur istagini deb omadsiz bir kunda yaratilgan makon...” Uningcha, kishilik jamiyati boshqaruvidagi adolat tizgini Femida emas, ovchi Artemida qo‘liga o‘tgan. Shunday ekan, Kafka ijodida qafaslar qush izlashiga taajjublanmasa ham bo‘ladi. Yozuvchi asarlaridan yechim topish ilojsiz. Ular kitobxonni so‘ngsiz savollar girdobiga g‘arq qiladi. Bu jarayon oson boshlanadi, lekin to‘xtatish imkonsiz. Chunki Kafka – tafakkur to‘lg‘oqlarini san’atga aylantirgan adib. Uning sirli olamiga eltuvchi yo‘l bor, albatta. U qasrga olib boruvchi yo‘l kabi oddiy, odatiyga o‘xshasa-da, mashaqqatli, maxfiy va murakkabdir. Nazarimda, “Amerika”, “Qal’a” va “Jarayon” romanlari – ana shu labirintga kirish yo‘lini ko‘rsatuvchi xarita. Har biriga mohiyatidan kelib chiqib munosib nom berdik: “Quvg‘in”, “Begona” va “Mahkum”.

 

Quvg‘in

 

Kafka shunday mohir rassomki, asar yaratayotib unga maftun bo‘lganidan ichiga qanday sho‘ng‘iganini bilmaydi. Mutolaa jarayonida adib o‘z tasavvuridagi “Amerika” suratiga singib, matnga aylanadi. Uni inson ongiga kirib, idrokini boshqarish ustida ilk tajribalarni o‘tkazishga urinayotgan ruhshunosga ham qiyoslash mumkin. Kafka o‘n olti yashar Karl Rossmanning begona yurtdagi taqdiriga oid tasvirlar bilan o‘quvchini tasavvurning eng absurd puchmoqlariga yetaklaydi.

 

G‘arb adabiyotshunoslari fikricha, roman – g‘ayrioddiy sayohat (agar buni sayohat deb atash mumkin bo‘lsa), Kafkaning o‘ziga xos “Odisseya”sidir. Biroq mohiyatga chuqurroq nazar tashlansa, u qahramonlik dostonlari-yu sayohatnomalardan ancha yiroq ekani oydinlashadi. Chunki Karl Rossman nafaqat migratsion o‘zgarishni, balki ma’naviy va ruhiy ulg‘ayish jarayonlarini boshdan kechiradi.

 

Rossman oilasining o‘ttiz besh yoshli oqsochi kutilmaganda homilador bo‘lib qoladi. Karlning begona yurtdagi taqdiridan ko‘ra, oila sha’nini ustun qo‘ygan ota bu “og‘ir gunoh” uchun osiy o‘g‘ilni Amerikadagi ukasi senator Edvard Yakob oldiga yuborishga qaror qiladi. Shunday ekan, Karl bu xavfli sayohatga o‘zining sarkash istagi tufayli otlangani yo‘q. Aksincha, makkor ayol tuzog‘ida farzandining bolalik dunyosi tajovuzga uchragani-yu o‘sha jirkanch lahzalarda nimalar bo‘layotganiga aqli yetmay, ruhiy dunyosi bundan qanchalar shikast yeganini tasavvur qilishga qodir bo‘lmagan darg‘azab ota tomonidan quvg‘in etildi. Bu Odam Atoning jannatdan quvilishini yodga soladi. Demak, ko‘plar tasavvurida “imkoniyatlar yurti, chin demokratik davlat, hurriyat-u adolat hukmron mamlakat” – Amerika ushbu asarda gunohga botgan Yer timsolidir.

 

Kafka Injilga tez-tez murojaat qiladi, undagi qissa va rivoyatlarga tayanadi, hatto kundaliklarida “Nega isyon ko‘tarasiz? Agar hikoyatlarga amal qilganingizda, o‘zingiz ham hikoyatga aylanardingiz va shu orqali hurriyatga erishardingiz”, deb yozadi. Taslimiyat orqali hurriyatga yetish g‘oyasi – tasavvufiy qarashlarga ham mushtarak keladi. Romanda Karl “Nega men? Nega bunday bo‘ldi?” deya tinimsiz xotiralarini taftish qilaveradi, xayolida qismati bilan olishadi, lekin har safar unga yengiladi. Mana shu kurashlar orqali isyon odamzodni fojialarga giriftor etishi – romanda ilgari surilgan g‘oyadir. Aks holda Amerika tasvirlari o‘quvchi qalbiga bu qadar qo‘rquv solmagan va uni rutubatga botirmagan bo‘lar edi.

 

Kema sohilga yaqinlasharkan, osmonni qoplagan quyuq qop-qora bulutlar orasidan bahaybat haykal ko‘rinish beradi. Ozodlik haykalining havoda muallaq turgan qo‘lida – mash’ala emas, qilich. Bu – romandagi haqiqat-u mantiqqa bo‘ysunmas eng ajabtovur detallardan biri desak yanglishmaymiz. Amerikaning g‘ayritabiiy ravishdagi badqovoq qiyofasi Karlga hech jannatni va’da qilmasdi. Yigitcha boshidan kechirgan voqealar xuddi tushga o‘xshab ketadi – voqelik va xayolot chegaralari yo‘qola boradi. Amaki ham, daf’atan, o‘n olti yashar yigitga “enagalik” qilishdan bosh tortadi. Inglizchani tuzuk-quruq o‘rganmagan jiyaniga Amerikaday ulkan davlatda to‘rt tomoni qibla ekanini ko‘rsatib qo‘yadi. Shundan so‘ng muhojirlikdagi uqubatlar boshlanadi, manfaatparast, shafqatsiz, shaytonsifat odamlar bilan tanishuvlar ro‘y beradi. Bu nafaqat son-sanoqsiz savollar tug‘diradi, balki haqiqat-u halovat topish yo‘lining naqadar murakkab ekanini ham aks ettiradi.

 

Asar mohiyati zo‘r bo‘lgani bilan unda oydinlashmay qolgan jumboqlar bisyor. Masalan, Karlday yosh yigitni amakisidan so‘roqsiz, shahar tashqarisidagi uyiga olib borishdan Pollander qanday maqsadni ko‘zlagan edi? Ehtimol, senatorning o‘zi jiyanidan qutulish uchun buni atay uyushtirgandir? Karlning onasi ham romanda ochilmay qolgan muhim personajlardan biri. Voyaga yetmagan bolasini olis yurtlarga jo‘natadi-yu, ona bo‘lib nahot iztirob chekmaydi? Bolaning onasiga munosabati ham aniq emas, u asarning atigi ikki joyida qisqa jumla bilan eslab o‘tilgan, xolos. Qolaversa, faqat onasi emas, balki butun oilaning Karl uchun qayg‘urgani yo kuyunganiga oid birorta tasvir uchramaydi.

 

Qahramon hayotiga kuchli ta’sir o‘tkazgan ikki qallob – irlandiyalik Robinson va Delamarsh uni qullikda yashashga majburlaydi. Bola kuchli tazyiq ostida bir qancha muddat Brunelda ismli boy xonim qo‘lida malaylik qiladi. U zolimlar qo‘lidan qochishga ko‘p urinadi, lekin chiranishlari o‘rgimchak to‘riga tushgan o‘ljaning xalos bo‘lishga urinishlariday besamar ketadi. Oqibatda ikki gumashta Karlni ayovsiz kaltaklab, sovuq kunda balkonda qoldiradi. Shunda u Bruneldaning qo‘shnisi – talaba yigit bilan tanishib qoladi. Borar yeri bo‘lmasa, qulay fursat kelguncha qullikda yashash afzalroq ekanini talaba unga tushuntiradi: “Ba’zan kishanda bo‘lish erkinlikdan xavfsizroqdir...” deydi. Karl qo‘shnining maslahatiga amal qiladi. U ko‘p hollarda mustaqil bir qarorga kelolmaydi, bunga yoshlik ham qiladi. Bola bo‘lgani uchun tashqi ta’sirlarga berilib, oqibatlarga moslashadi. Romanning aynan shu joyida yana bir oydinlashmay qolgan holat ko‘zga tashlanadi: Karl qullikdan qanday ozod bo‘ldi? Oklaxoma teatri e’loni qarshisida qayerdan paydo bo‘lib qoldi? Bunisi ham mavhum...

 

Yozuvchi ikkinchi bobni “Bedarak” (g‘oyib bo‘lgan odam) deb nomlagan. Teatr yuzlab odamni ishga oladi, ular qatorida Karlni ham. Shunda kitobxonda yigitning Amerika jamiyatida o‘rin topib, yashab ketishiga bir ilinj uyg‘onadi, biroq o‘g‘raygan tog‘lar osha Oklaxomaga yo‘l olgan poyezd nogoh g‘oyib bo‘ladi. Unda ishga olib ketilayotgan minglab odamlar ham, Karl ham... Bu yo‘lovchilar rostdan ham teatrga ishga qabul qilinganmidi o‘zi? Yo bu bir tuzoqmidi? Ularni Oklaxomaning zulmat konlarida qulday ishlatgani aldab olib ketishganmikan yo bo‘lmasa? Karl tirikmi yo o‘lgan? Bunday og‘riqli savollarga javob faqat adibning o‘zi va Yaratganga ayon... Afsuski, Kafka kundaliklarida ham “Amerika” xotimasiga doir hech qanday izoh qoldirmagan.

 

Begona

 

“Amerika”da g‘oyib bo‘lgan Karl daf’atan “Qal’a”da yer o‘lchovchi K. qiyofasida qishloq mehmonxonasiga kirib kelganday tuyuladi. Karldan farqli o‘laroq, K. yolg‘on gapirishni eplay olardi. Qal’adan ruxsatnoma bo‘lmasa, begonalarga qishloqda tunab qolishga ijozat berilmas edi. Qahratonning zulmat tunida, zim-ziyo qorong‘ilik ichra K.ning ko‘zi ulkan qal’ani ilg‘amagan edi. Shunga qaramay, u o‘ylab o‘tirmay o‘zini Qal’a tomonidan rasman tayinlangan yer o‘lchovchi deya tanishtiradi. Odamlar uning yolg‘on so‘zlayotganini biladi, biroq hech kim o‘ziga sezdirmaydi. Qishloqda K. begonaligini har lahzada, har davrada his qilib turadi. Uning bu g‘ayritabiiy jamiyatga singib ketishi nihoyatda mushkul kechadi. “...siz na qal’adansiz, na qishloqdan. Siz hech narsasiz. Afsuski, kimdirsiz-u, bir yot kishi, hamma joyda ortiqcha, hammaga xalal berasiz, siz sabab hammaning tinchi yo‘qolgan... niyatingiz esa bizga qorong‘i...” deyishadi unga tap tortmay. Faylasuf Mixail Baxtinga ko‘ra, kishilik jamiyatining shunday yozilmagan qonunlari borki, ular har joyda, har davrda bir xilda ishlaydi. Masalan, o‘zinikiga mehr ko‘rsatilsa, o‘zgaga yovqarash qilinadi. Bu har bir jamiyat odamlari hayotida savqi tabiiydek ro‘y beradi.

 

Maks Brod K.ni qishloqqa maxsus missiya bilan kelgan deb hisoblaydi. Roman oxiriga qadar kimligi, bu gadoytopmas qishloqqa ne maqsadda kelgani oydinlashmaydi. Tomas Mann esa K.ning harakatlaridan hech qanday maxfiy missiya topmaydi. U qahramonning qishloqda muqim joylashishga qaysarlarcha urinishi baxt topish istagidan boshqa narsa emas deb ishonadi. K. yolg‘izlikdan qutulib, jamiyatga qo‘shilishni va o‘sha kichkina joyda obro‘li shaxs bo‘lib qolishni istaydi, xolos. Biroq K. qishloq olamiga singigani sari qonunlarining absurdligi yanada aniqroq namoyon bo‘ladi. Bu shunday dunyo ediki, unda hech qachon hech narsaga erishib bo‘lmasdi. Qishloq jamiyatini botqoqqa qiyoslash mumkin, odam undan chiqishga qancha ko‘p urinsa, shuncha chuqurroq botadi. Bu jamiyat shaxsni mantiqsiz qonunlari bilan hisoblashishga majbur etadi va oxir-oqibat yo‘q qiladi.

 

Ma’lumki, Kafka romanlarida makon muhim rol o‘ynaydi. G‘ayritabiiy qonunlar ustuvor bo‘lgan bu qishloq Sodom va Gomorraga o‘xshaydi. Tajovuzkor-u zolim hokimiyat u yerda o‘z “axloqiy me’yorlari”ni joriy qilgan. Masalan, romanning muhim boblaridan biri “Amaliyaning jazosi”da qal’a o‘rnatgan boshqaruv tizimining absurd ildizlari ko‘rinadi. Bu chirigan xasta jamiyatda fahsh me’yor darajasiga olib chiqilgan. Amaliyani jazolagan qal’a emas, balki qishloq odamlari edi. Bo‘yi yetgan, ko‘zga yaqin dilbar qizlar – oilaning istiqboli. Qishloq odamlari qiziga qasrdan biron bir amaldorning ishqi tushib, o‘ziga ma’shuqa qilib olishidan umidvor bo‘lib yashaydi. Bu hamma oilaning orzusi. Shundagina oilaning yelkasiga oftob tegadi, aka-ukasi yuqori lavozimlarga ishga olinadi. O‘sha oilaning moddiy ahvoli o‘nglanadi. Ne tongki, qishloqdagi hamma o‘sha oilaga havas qiladi. Mabodo amaldor qizdan zerikib tashlab ketsa ham uning sovchilari sochidan ko‘p bo‘ladi. Bunday “kuyovto‘ra”ning oshig‘i olchi, u ham ulug‘ martabalarga munosib ko‘riladi va amaldor o‘sha qizga kattagina sep hadya qiladi. Omadi kelsa, yosh oilaga qishloqdan alohida mulk ham nasib etishi mumkin. Shuning uchun bunday “kuyovto‘ralar” amaldorlarning sobiq ma’shuqasiga uylangani bilan qishloqda boshini baland tutib, kerilib yuradi.

 

Amaliya esa bunday baxtdan negadir sarxush bo‘lmay, amaldorni rad etadi. O‘sha kundan boshlab qishloqda bu oilaga nisbatan nafrat va g‘azab kuchayadi. Amaliyaning otasi ishidan ayriladi, mavqeini qayta tiklashga urinishi samarasiz ketadi. Mavhumlig-u nochorlikdan es-hushini yo‘qotayozgan chol ne sabab ishdan bo‘shatilganini bilish uchun qal’aga intiladi. Ishga qaytish ilinjida unga-bunga rangini sarg‘aytirib yuradi, ba’zan yo‘lda kunlarini tunga ulaydi. Amaliyaning ukasi – xat tashuvchi Varnava ham odamlarning bepisandligi-yu tazyiqlardan g‘oyat toliqadi. U qishloq jamiyatida oilasining obro‘sini tiklash maqsadida o‘zini o‘qqa-cho‘qqa uradi.

 

Amaliyaning o‘ziga kelsak, qizning yoshi o‘tib borardi. Qishloqda birorta mard yo‘qki, yurak yutib unga uylanishni istasa. Odamlar o‘zi yaratgan mantiqsiz qonunlardan o‘zi aziyat chekadi, aytish joizki, ular absurdlikda Sodomu Gomorrada o‘rnatilgan qonunlardan qolishmaydi. Shunday ekan, Kamyu ham, Mann ham K. borasida haq gapni aytgan edi, ya’ni uning qishloqqa kelishdan o‘ziga xos missiyasi bo‘lgan, shu bilan birga bu jamiyatda baxtini topib, obro‘li insonga aylanishni ko‘zlagan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Biroq u – hurfikrli shaxs. Bundaylar qishloq jamiyati uchun xavfli. Shu xislati K.ning niyatiga yetishiga to‘sqinlik qiladi. Qishloq odamlari bu ustunlikni ko‘ngildan tuysalar-da, jon-jahd bilan uni kamsitishga urinardi.

 

Afsuski, Kafka qahramoni Lut alayhissalomday iymoni butun, irodasi mustahkam shaxs emas. Maqsadiga erishish yo‘lida o‘zi absurd deb hisoblagan hamma qonunlarga bo‘ysunishga tayyor, hatto qal’adagi ko‘zga ko‘ringan mansabdorlardan biri Klammning sobiq ma’shuqasi Fridaga uylanishga shaylanadi.

 

Kafka kundaliklarida K.ning qismatiga aloqador qaydlar bor. Ularga ko‘ra, nihoyat K. yer o‘lchovchi etib tayinlangani haqida hujjatni yetkazadilar, biroq so‘nggi nafasi chiqayotganda K.ga buning aslo ahamiyati qolmaydi. Afsuski, Kafkaga romanni tugatish nasib qilmagan, sog‘ligi yomonlashgani uchun yozishni to‘xtatib qo‘ygan. Brodga yo‘llagan maktubida bu haqda ma’lum qilgan: “Bu hafta yurakka oftob tegmadi, quvontiradigan biror nima yuz bergani yo‘q, aksincha, ichimga chiroq yoqsa yorimay turibdi. Chunki “Qal’a”ni tark etishga majbur bo‘ldim. Aftidan bu safar butunlay...”

 

Bu romanda ham o‘quvchiga tushunarsiz bo‘lgan joylar uchraydi. Masalan, uning dastlabki ikki bobi birinchi shaxs (“men”) nomidan yozilgan, keyinchalik “K.”ga o‘zgartirilgan. Asar oxiriga qadar K. shaxsiyatiga oydinlik kiritilmaydi, vaholanki, qishloq muhiti uni shaxs sifatida yo‘q qilishga kirishgan edi. “Amerika”dagi kabi bu romanda ham vaziyatlar nafaqat K. atrofida yuz berayotgan voqealar tufayli o‘zgaradi, balki ularga personajlarning qarashlari ham ta’sir ko‘rsatadi. K.ning yordamchilari bilan bog‘liq sinoatlar ko‘proq ertaklarga xos ekanini ko‘ramiz: bir qarasang, ular yosh yigitga, bir qarasang kuchga to‘lgan erkakka aylanib qoladi. Yozuvchi bu holatga ortiqcha izoh ham berib o‘tirmagan. Ularning harakatlari K.ga yordam berishga emas, balki uni aqldan ozdirishga qaratilganday tuyuladi. Muallif romandagi bu ikki nusxaga alohida to‘xtalib o‘tirmagan.

 

Kafka qahramoniday odamlar jamiyatiga begona. U ruhiyatidagi ulkan yolg‘izlik tuyg‘usini asarga ko‘chira olgan. “Ko‘pgina kitoblar – qal’asimon inson qalbining noma’lum xonalariga olib kiruvchi kalitdir” deydi adib. “Qal’a”, shubhasiz, shunday asar.

 

Mahkum

 

Kafka vafotidan so‘ng uning do‘sti, yozuvchi Maks Brod “Jarayon”ni nashrga tayyorlayotib bir qancha muammoga duch kelganiga biroz to‘xtalishni lozim topdim. Birinchidan, asar Kafkaning boshqa romanlari kabi adog‘iga yetmagan. Ikkinchidan, uning boblari raqamlanmagan edi. Brodga ko‘ra, romandagi o‘n olti bobning yettitasi tugallanmagan. U o‘z qarashlariga tayanib, matnlarni ketma-ket to‘g‘rilab, nashr qilishga erishgan, biroq ba’zi sabablarga ko‘ra, bir qancha bobni chiqarib tashlashni ma’qul ko‘rgan. Uchinchidan, Brod ba’zi boblarga qo‘shimchalar kiritgan va romanni tahrir qilgan. Buning uchun u mutaxassislarning ayovsiz tanqidiga ham uchradi. Kafkaning qo‘lyozmasi bilan yaxshi tanish bo‘lgan adabiyotshunos olimlar romandagi “Yozef K.ning tushi” muhim boblardan bo‘lganini ta’kidlaydi, lekin u ham nashrga kiritilmagan. Bu mashhur kitobga fikr bildirib, tahlil qilgan olimlar nihoyatda ko‘p.

 

“Jarayon”ga Injildagi Ayyub alayhissalom qissasi asos bo‘lib xizmat qilgan. Roman shaklan o‘sha qissaga yaqin, bosh qahramonlarning ikkisi ham qandaydir gunohda ayblanadi, ammo ikkovi ham aybi nima ekanini bilmaydi. Injildagi hikoyatda payg‘ambar atrofida yurgan do‘stlaridan iborat izdihom Ayyub alayhissalomni mantiqsiz gunohlarda ayblaydi va qoralaydi. Ular da’vosicha, Ayyub Yaratganning oldida qandaydir kechirilmas gunoh ish qilib qo‘ygan-u shuning uchun jazo tariqasida cheksiz azoblar tortayotir. Ayblovlar shu qadar keskin ediki, Ayyub alayhissalom tinimsiz shu haqda o‘ylashga majbur bo‘ladi. Bu izdihomning asossiz ayblovlari Ayyubning jamiyatdan ayrilib qolishiga, so‘ng begonalashuviga olib keladi. Odamlar munosabati payg‘ambar ruhini shafqatsiz ravishda parchalaydi, kasali og‘irlashib, vujudi battar og‘riqdan azob chekadi. Nihoyat, u najot istab Ollohga yuzlanadi. Ma’lumki, Ayyub alayhissalom – adabiyotda sabr timsoli. Ayni shu xislati uchun Parvardigor uning dardiga shifo ato etib, hamma narsasini qaytardi.

 

Yozef K. ham noma’lum jinoyat uchun sud qilinadi, biroq u aybi nima ekanini bilmay toqatsizlanaveradi. Kafkaning boshqa qahramonlari singari uning ham iymoni zaif, e’tiqodsiz, irodasiz, kutishga sabri chidamaydi. Bu jarayonning tagiga yetmoqchi bo‘lib, tinimsiz sabab izlaydi, lekin o‘z urinishlari bilan ahvolini battar og‘irlashtiraveradi. Qonunlarning mantiqsizligi ayonlashgani sayin boshi berk ko‘chaga kirib qolaveradi.

 

Roman inson hayoti sinovlardan iboratligini ko‘rsatadi. Yozef K. hibsga olinganda, hech kim aybini e’lon qilmaydi yoki hech qanday jazo tayinlanmaydi, kunlari odatdagiday kechaveradi. Bularning bari sinov, hatto oddiy kundalik hayot sinovlaridir. Faqat ba’zan hayot (asarda sud – hayot timsoli) vasvasa qilib insonni chig‘iriqdan o‘tkazadi, shu bilan uning nimalarga qodirligini aniqlaydi, insonda aybdorlik, vijdon tuyg‘usini uyg‘otadi. Bu har bir odamning boshida bor. K. hayotini mavhum sud jarayoni emas, balki o‘zi chigallashtirib yuboradi. Shu haqda tinimsiz o‘ylayverganidan bu avval butun ruhini qamrab oladi, so‘ng noma’lum kasallikday tirikligini yemirib, osongina mahv etadi. Boshga kelgani hamisha ham jazo bo‘lavermaydi, balki odamzod peshonasiga bitilgan sinov ekani haqida o‘ylamaydi. Bu yo kamolotga eltadi, yo halokatga. Ikkinchisiga yo‘liqmaslik uchun insondan talab qilingani – sabr! Yozef K.ga ruhoniyning rivoyati shunga ishora edi, biroq uning zaif e’tiqodi buni anglashiga yo‘l bermaydi. Nihoyat, u Iso alayhissalomday o‘ttiz uch yoshida qatl qilindi. Faqat bu o‘lim payg‘ambarlarga xos ulug‘vor emas edi. O‘limi oldidan Yozef K. yuqoriga qaraydi va ochiq turgan derazadan o‘zi tomon cho‘zilgan ikki qo‘lni ko‘radi, biroq ular najot topishga ishora bo‘lganda ham, endi qismatini o‘zgartirishga Fir’avnday kech qolgandi. U bu vaziyatdan chiqib ketishi mumkin bo‘lsa-da, unda Ayyub alayhissalomdagi Yaratganga tavakkul hissi yo‘q edi.

 

Fahmimcha, Kafka butun insoniyat tarixini qamrab oladigan qandaydir muhtasham asar yaratishni ko‘zlagan, shuning uchun romanlarini e’lon qilishga shoshmagan. Ehtimol, shu uch asarni birlashtirib, mukammal bir kitobga aylantirishni ko‘ngliga tukkandir. Balki shunday qilardi ham, Parvardigor umr berganda...

 

Odatda romanlarda izchil syujet, ekspozitsiya, voqealar rivoji, kulminatsiya, yechim, sabab va oqibat orasida bog‘liqlik bo‘ladi. Kafka romanlarida bunday adabiy mezonlar san’at darajasiga ko‘tarilmagan. Ulardan estetik zavq olish qiyin; epitet, metafora yoki go‘zal obrazlar yo‘q. Uslubi ham rasmiy, matnda romantik, go‘zal tasvirlar yetishmaydi. Biroq obrazlari tirik, ular barcha zamon va makonlarga tegishliday tuyulaveradi. Shuningdek, yozuvchi romanlari uchun insoniyat tarixidagi eng ulug‘vor qissalarni asos qilib olgani bilan ahamiyatlidir. Faqat ularga o‘zgacha tarzda yondashadi, adib hammasida bir savolni ko‘ndalang qo‘yadi: “E’tiqodsiz odam haqiqat-u adolat topish yo‘lida payg‘ambarlar tushgan vaziyatlarga tushsa nima qiladi?” Shu tariqa qadimgi rivoyatlarga modernistik uslubda yondashib, qahramonlarining xatolari-yu fojialarini ko‘rsatib beradi. Karl Rossmanda boshlangan hikoya “Jarayon”ning Yozef K.sida adog‘iga yetadi. Karl ma’sum, Odam Atoday pok edi. Garchand gunohkorga aylangan bo‘lsa-da, aybining nechog‘li og‘ir ekanini tushunmaydi. Jamiyatning unga munosabati keskin o‘zgarganida esa esankirab qoladi.

 

Kafka kundaligida ma’lum qilganiday, “Qal’a”dagi K.ga o‘limni ravo ko‘rgan ekan, demakki, asarning real hayotda bunday yakun topmaganida qandaydir ilohiy va ulug‘vor mohiyat bor. “Qal’a” “Jarayon”dan keyin yozilganiga qaramay, K.ning qismati “Jarayon”da hal bo‘lib bo‘lgan edi. Bu uch qahramon mutolaa jarayonida o‘quvchida bitta odamday taassurot qoldiradi. Hammasining hayotdagi maqsadlari mushtarak, xarakterlari ham deyarli bir xil. Ular o‘z makon va zamonlaridan mantig‘-u haqiqat izlaydi, biroq uchovining ham urinishlari mudom omadsizlikka uchrayveradi va mantiqsizlik bilan ro‘para kelaveradi. Atrofdagilarning munosabatidan aziyat chekadi, tushkunlikka tushib, jamiyatdan begonalashadi. Uchovini ham erksizlik tuyg‘usi birday ezadi. Shunga qaramay oxir-oqibat taqdirga tan berishga majbur bo‘ladilar, lekin hech biri xudoga ibodat qilmaydi, tavba qilmaydi, najot kelishiga ham ishonmaydi. Kafka qahramonlari moddiy dunyodan uzilib, hurriyatga erishish xayolidan o‘lguday qo‘rqadi. Shunday ekan, ularning yovuz dushmani bu – o‘zi ekaniga shubha yo‘q.

 

Xo‘sh, Kafka romanlarining bosh qahramoni kim? Odam. Insoniyat. Afsuski, bu bashar hech bir zamonda payg‘ambarlarining kimligini anglamadi. Ularga azob bergan, biroq bundan faqat o‘zi ziyon ko‘rgan, xiyonatlarining badali sifatida muayyan bir davrlarda mantiqsizlik bilan ro‘para keldi va goh Karl Rossmanday noma’lum makon-u zamon ichra g‘oyib bo‘ldi; goh yer o‘lchovchiday o‘z ildizlari-yu qadriyatlaridan uzoqlashib, o‘ziga begona bo‘ldi; goh Yozef K.day halokatga yuz tutdi.

 

Kafka bu uch romanda hurfikrli odamlar qismatiga jaholatga yuz tutgan jamiyatning shafqatsiz qonunlari qanchalar ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini real tasvirlashga erishgan. U son-sanoqsiz timsollar-u makonlar orqali o‘rgimchak inidagi qiyshiq hayotga ko‘zgu tutdi. Kafka adabiyotining o‘rgimchak to‘ri – dunyo timsolidir. Inson uning moddiyatiga mahliyo bo‘lsa, hech qachon changalidan qutulolmaydi. Bu mantiqiy g‘oya insoniyat o‘zini anglaganidan buyon mavjud. Shunday ekan, Kafka asarlarida ko‘pgina yozuvchilarday hurfikrli jamiyat yaratib, utopiyaga berilmagan. U chindan ham orzu qilmaydi, orzu qilishni ham bilmaydi.

 

O, orzu g‘oyat serob, beqiyos darajada ko‘p, lekin biz sho‘rpeshonalarga kim qo‘yibdi uni...”

 

“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 2-son.

“O‘rgimchak iniga xush kelibsiz!” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//