Qizil siyohdon: Fitrat, Cho‘lpon, Uyg‘unning “Qizil qalam” majmuasidagi she’rlari tahlili


Saqlash
17:26 / 29.05.2025 143 0

Ma’lumki, 1918-yil “Chigʻatoy gurungi” tuzildi. Bu jadidlarning ochiq siyosiy faoliyatdan endilikda murosa yoʻliga oʻtganini anglatardi. Ular butun kuch va gʻoyalarini adabiyotga, ayniqsa, she’riyatga va ilmga koʻchirishni rejalashtirdi. Shu asnoda yangi davr oʻzbek adabiyotining katta toʻlqini oʻz yoʻlida toʻxtab qolmadi. Hatto keyinchalik tashkil etilgan “Qizil qalam” jamiyati ham “Chigʻatoy gurungi”ning yangi bosqichi sifatida faoliyat yuritishi koʻzlangan edi. Ammo adabiyot nosogʻlom bir kuchga aylanib borayotgandi. “Qizil qalam” 1923-yil tashkil etilgan adabiy-badiiy toʻgarak boʻlib, faoliyat doirasiga koʻra toʻgarakdan kattaroq uyushma bo‘lgan. Uyushma ayrim ma’lumotlarga koʻra hozirgi San’at muzeyi joylashgan va oʻsha yillarda Kafanov nomidagi Ishchilar klubiga qarashli binoda oʻz faoliyatini boshlagan. Uyushma “yoʻqsil adabiyot vakillari”ni birlashtirish, tarbiyalash fonida jadidchilik gʻoyalarini yashirincha targʻib etishni maqsad qilgan edi. Ammo chinakam ijodiy kuchlar bu sharoitda oʻz iste’dodini koʻrsata olmadi va tabiiy tarzda uyushma tarqab ketdi. 1926-yil Samarqandda shu nomda jamiyat tashkil etildi. Shokir Sulaymon rahbarlik qilgan bu jamiyatga Otajon Hoshim, Botu, Ziyo Said, Sotti Husayn, Anqaboy, Oltoy, Uygʻun, Hamid Olimjon, Mirtemir, Oydin singari ijodkorlar a’zo edi. Ammo yana allaqachon ikkiga boʻlib yuborilgan katta va kichik avlod ijodkorlari oʻrtasida kelishmovchilik yuzaga chiqdi, jamiyat tanaffuslar bilan faoliyatini davom ettirdi.

 

Botu “Qizil qalam” va uning galdagi vazifalari” maqolasida (“Qizil O‘zbekiston” gazetasi 1927-yil 23-sentyabr) oktyabr inqilobidan soʻng adabiyot tayin ijodiy kuchlarni bermagani, bir joyda depsinib turib qolganini yozadi: “Oktyabr inqilobidan soʻng borliq koʻrsatgan adabiy oqim “jadid” adabiyotini maydondan chiqarib tashladi. Bir necha yil ichida bir toʻda yosh qalamlarni koʻpchilik nazariga taqdim etdi. Lekin bu yangi oʻzbek adabiyoti ham birinchi davrda butunlay milliy ruh bilan sugʻorilgʻoni uchun belgilik yoʻlda oʻsdi... “Chigʻatoy gurungi” yosh kuchlarni toʻplab harakat qildi va “Gurung” yoʻqolgʻanidan soʻng yangi oʻzbek adabiyotida koʻb yangiliklar borliqqa chiqorilmadi. “Chigʻatoy gurungi” bayrogʻi ostigʻa toʻplangan kuchlar ikki katta toʻdaga ayrildilar. Bir toʻda tilak, yoʻl va shaklda “Gurung”ga sodiq qolib ilgariladi. Ikkinchi toʻda boʻlsa u tilakka va u yoʻlga qarshi chiqdi; yangi yoʻl, yangi shakl izlashga kirishdi. Biroq bu fikrda birinchi toʻdadan butunlay uzoqloshgʻon boʻlsa ham, shu kungacha oʻzbek adabiyotida boshqa yangiliklar yaratolgʻoni yoʻq”. Botu murakkab shaxs, toʻlaqonli jadid emas edi. Ammo u muhim oʻrinlarda Fitrat va Choʻlpon yoʻliga sodiq qolgan, nazarimizda. Badiiy timsollar dunyosida Choʻlponga eng yaqin turadigani – Botudir. Bu uning “Qizil qalam” jamiyati “Chigʻatoy gurungi” bajargan vazifani biroz oʻzgargan shaklda davom ettirishiga umid bogʻlashida, shuningdek, bu yangi jamiyatning ma’ruzachilari roʻyxatiga jadidlarning kiritilishida jonbozlik koʻrsatganida aniq namoyon boʻladi.

 

Jamiyatning “Qizil qalam” majmuasi 1-soni Samarqandda “O‘zbekiston davlat nashriyoti”da 1928-yil Otajon (Hoshimov) tahriri ostida arab imlosida 3000 nusxada bosmadan chiqqan. Majmua ikki boʻlimdan iborat boʻlib, 1-qismdan Otajon Hoshim, Somaylovich, Fitrat qalamiga mansub adabiyotshunoslikka doir tadqiqiy maqolalar oʻrin olgan. 2-qismdan boʻlsa Botur, Uygʻun, Mirtemir, Majidiy, Choʻlpon, Shokir Sulaymon, Aziziy asarlari joy olgan.

 

Ammo bu nashrdan soʻng ikki avlod ijodkorlari oʻrtasidagi kelishmovchilik avj oldi. 1929-yilda jamiyatning boshqaruv organi qayta koʻrilib, unga Ziyo Said rahbarlik qila boshladi. Adabiyot sekin-asta mardikorga aylanib bordi. Paxtakorlar, ishchilar – yoʻqsillar qahramonga aylandi. O‘sha yili jamiyatning ikkinchi majmuasi nashrdan chikdi. 1930-yilda Botu, Ramziy (Mannon Romiz), Oltoy qamoqqa olingach, jamiyat butunlay tarqab ketdi.

 

“Qizil qalam”ning ilk majmuasi ikki boʻlimdan iborat boʻlib, 1-qismdan Otajon Hoshimning “Proletariyat adabiyoti va adabiy meros”, Aleksandr Nikolayevich Samoylovichning “Navoiy toʻgʻrisida ovrupo olimlari”, Fitrat qalamiga mansub “Umar Xayyom” nomli adabiyotshunoslikka doir tadqiqiy maqolalar oʻrin olgan.

 

 

O.Hoshimovning soʻzboshi oʻrnida yozilgan “Proletariyat adabiyoti va adabiy meros” maqolasidan oʻqiymiz: “Eski san’at, adabiyotka umuman nafrat koʻzi bilan qaraydirgʻonlar va qlassiq, jadid san’ati, adabiyotini tekshirishning nima keragi bor deganlar ham oz emas... eski badiiy merosni bilmaslik va uni butunlay inkor qilish natijasida ixtiro asosli boʻlmaydi yoki ixtiro qilish, boshqa yoʻllar topish qiyin boʻladi. Yoki hozirgʻi davrimiz taraqqiyoti saviyasida yangi yoʻl topish mumkin boʻlmaydi. U vaqt eskilikdan qaytgʻon proletariat fikrida yozmoqchi boʻlgʻon yosh shoirning boshi qotadi. Eski san’at, adabiyotdan shaklan foydalanishni oʻziga ep bilmaydi. Kuchsizligi, yoshligʻi orqasida yangi yoʻl, shakl topa olmay oʻziga ishonchi soʻnadi. Sekin-sekin san’at, adabiyotdan chekina boshlaydi, oʻsmaydi. Hozirgʻi inqilobiy oʻzbek adabiyotida shu hol koʻrulmakda”. Olim bu uzilishlar asoratsiz boʻlmasligini, avlodlar boy berilishini juda chuqur his qilgan va buni tushuntirib bergan.

 

Keyingi ikki maqola ham Otajon Hoshimov fikrlari davomi sifatida berilgan. Majmuada sharqshunos olim, akademik A.N.Samoylovichning maqolasi bosilishi (muallif oʻn yil oʻtib qatagʻon qurboni bo‘lgan) ham mutlaqo tasodif emas. “Chigʻatoy gurungi”ning bosh faoliyat yoʻnalishlaridan biri – Turonni Amir Temur davridagi shon-shavkatiga qaytarish, qaytadan madaniy yuksalishga erishish, shonli tarixni tadqiq etish, noyob qoʻlyozma manbalarni aniqlash, xalq orasidan terib olish, oʻrganish edi. “Qizil qalam” bu maqola nashri bilan ayni yoʻnalishni davom ettirgan. Maqola shunday boshlanadi: “Turk xalqlarini, aynuqsa, ularning tillarini oʻrganishka koʻb ishlar qilgʻon Ovrupo olimlari ularning nafis adabiyotiga oz ahammiyat berdilar. Boshida Mir Alisher Navoiy turgʻon chigʻatoy adabiyoti turkiyyotning katta bir boʻlimi boʻlgʻoni holda Ovrupo mustashriqlari tomonidan oz oʻrganilgandir”. Olim turkiy dunyo, turkiy tamaddunning, tafakkur tarzining Yevropada tan olinishi va tadqiqiga e’tibor qaratadi.

 

Olim izlanishlariga koʻra, “Navoiyning ismi, Ovruponing “Sharqni oʻrganish” ilmiy sahifasiga XVII asrning oxirlaridan keyinga qolmasdan kirgandir. Erbelo tomonidan tuzilib, 1967-yilda nashr etilgan “Sharq qomusi”da (“Bibliotheque orientale”) Navoiy toʻgʻrisida uning forsiy va chigʻatoycha asarlarini aniq koʻrsatmagan qisqacha maqolacha bordir”. Soʻng olim Navoiyning oʻzi va asarlari haqida ma’lumot beruvchi ilk manbalarni birma-bir koʻrsatib oʻtadi. Xususan, fransuz mustashriqi Silvestr de Sasi (XVIII asrning oxirlari), Avstriya mustashriqi Xammer (XIX asrning boshlari), ingliz turkiyyotchisi Gibb (XIX asrning oxirlari va XX asrning boshlari) qomuslari, rus qomuslari (“Энциклопедический лексикон”. 1835), Brokgauz va Yefron qomusi (1902); rus sharqshunoslari – P.S.Savelev, P.M.Melioranskiy, M.Nikitskiy, V.D.Smirnov, V.V.Radlov, I.N.Berezin, V.Zernov, shuningdek, F.Belin, E.M.Katrmer, H.Vamberi, Pave de Kurtayl, M.Xoriman, Shprenger tadqiqiy maqolalari, ular tomonidan tuzilgan turli kataloglarda Navoiy dahosining qay darajada yoritilgani va tadqiq etilganini tekshiradi. Yakunda shunday xulosaga keladi: “Ovrupo kutubxonalarida bir yoki koʻpincha bir necha nushalarda mavjud boʻlmogʻon Navoiyning hech bir asari ehtimol yoʻqdir. Ovrupo olimlari uzoq vaqtdan beri Navoiyni koʻb qadrlaydirlar; bu ularning bergan taqrizlaridan koʻrinib turadi, shunday boʻlsa ham Navoiyning asarlari hozirgʻacha Ovrupoda oz bosilgʻondir. Aytish mumkin, ki Navoiyning asarlari na tilining xususiyatlari va mas’alani yechishdagi mundarijasining shakl jihatdan hech biri tekshirilmagandir; yolgʻuz fors namunalaridagina tarbiyalangan Navoiyning, birinchidan, qanday darajada mustaqilliq koʻrsatishi, ikkinchidan, soʻnggʻi chigʻatoy yozuvchilarigʻa va boshqa turk adabiyotigʻa qanday ta’sir qilgʻoni hal qilinmogʻondir”.

 

Majmuaning birinchi boʻlimidan joy olgan “Umar Xayyom” nomli tadqiqiy maqola ham mumtoz adabiyotni oʻrganish masalasiga qaratilgan. Fitrat bu maqolani keyinchalik qayta ishlagan. Buning sababini uning oʻzi quyidagicha koʻrsatadi: Forslarning butun dunyoda mashhur boʻlgʻan shoirlaridan Umar Xayyom haqida “Qizil qalam” majmuasida bir maqola yozgʻan edim. Unda Ovrupa olimlarining Xayyomning tarjimayi holi haqida qanday ma’xazlarigʻa murojaat qilgʻanlarini koʻrsatgan, oʻzim ham shularning izidan yurib, Xayyom tarjimayi holini sobit shaklga kirgizishga tirishgʻan edim. Maqolam matbaaga borib terilgandan keyin qoʻlimgʻa qimmatli bir kitobcha kirdi. Kichkina kesmada 119 betdan iborat boʻlgan bu kitobchaning kitobat tarixi hijriy 674 boʻlib, ta’lif tarixi 594 (milodiy 1198)dir. Yozilgʻan oʻrni Xorazm, tili arabcha, asar egasining oti Imom Zahiriddin Abul Hasan al-Bayhaqiy. Kitobning muqaddimasida yozilgʻaniga koʻra, Abu Salim Muhammad Ibni Bahrom al-Sajziy tomonidan hakimlar tarixiga oid yozilgan “Savon ul-hikma” otli asarni bizning muallif toʻldirmoqchi boʻlib shu asarini yozgʻan. Asarning oti Tatimmat us-savon ul-hikma. Muallif bu kitobchada hijriy 7-asrgʻacha yashagʻan mashhur sharq faylasuflaridan 100 kishining tarjimayi holini beradi. Shu qatorda 53-boʻlib “al-dastur ul-faylasuf Umar Ibni Ibrohim al-Xayyomiy” keladi. Xayyomni tekshirishganda, Ovrupa olimlarining murojaat qilgʻanlari ma’xazlar orasida “Tatimmat us-savon ul-hikma” atalgʻan bir asarning otini koʻrmadik. Hamda bu asarning Xayyom zamonida uni koʻrgan bir kishi tomonidan yozilgʻani uning qimmatini orttiradi. Bu asar Xayyom haqida boshqa ma’xazlarda boʻlmagʻan ba’zi ma’lumotlar berib, ustodlari, shogirdlarini bizga tanitgandan boshqa olmon olimi doktor Fridrix Rozan tomonidan Xayyomning Lokar shahrida tugʻilganiga oid maydongʻa tashlangan fikrning ham churuk ekanini koʻrsatadi. Bu muhim kitobchani qoʻlgʻa tushurgʻach, Xayyom haqidagʻi maqolamni qaytarib olmoq uchun “Qizil qalam” idorasigʻa yugurdim. Maqolam matbaada terilgan ekan, qaytarish mumkin boʻlmadi. Shuning uchun mazkur maqolamning ustida yangidan ishlab bir kitobchani tartib qildim. Yangi topgʻanim “Tatimmat us-savon ul-hikma” kitobchasining Xayyom haqidagʻi soʻzlarini arabcha iborasi bilan kitobning oxirigʻa qoʻshib qoʻydim. Bundan maqsadim sharq adabiyotini tekshiruvchi gʻarb olimlarini bu yangi ma’xazdan xabardor etmakdir” (ushbu risola “Fors shoiri Umar Xayyom” nomi bilan 1929-yilda arab imlosida nashr qilingan).

 

Yangi adabiyot yaratamiz, deb milliy adabiyotning ildizlarini kesib tashlab boʻlmaydi. Agar u mumtoz darajaga yetgan boʻlsa, inchunin. Jadid ziyolilari shu fikr ortidan bordilar va zamon shamollarida qoʻnimsiz boʻlib qolgan yosh ijodkorlarga ham ushbu fikrni singdirishga urindilar.

 

Majmuaning ikkinchi boʻlimidan Botur, Uygʻun, Mirtemir, Majidiy, Choʻlpon, Shokir Sulaymon, Aziziy asarlari joy olgan. Botur, Uygʻun, Mirtemirning bu she’rlari juda gʻalati taassurot qoldiradi.

 

1926-yildan sovetlar millatchilik ayblovi bilan jadidlarga qarshi ochiqdan-ochiq ta’qibni boshladi, “Inogʻomovchilik” masalasi koʻtarildi, 1927-yilda millat timsoliga aylangan shoir Choʻlpon Samarqandda qurultoyda obroʻsizlantirilib, tuproqqa qoriladi, Vadud Mahmud boʻlsa bir yoʻla haydab chiqariladi va 1929-yildan qatl mashinasi ishga tushdi. “Qosimovchilik”, “Munavvar qori toʻdasi” ishi kommunistik diktatura toʻla kuchga kirganini anglatardi. 1926-yildan esa qadimchi ulamolarning quvvati kesib tashlandi, hibsda ushlab turildi, qamaldi, surgun qilindi. Shu sharoitda bu yosh shoirlar “soxta gʻamlar”dan yuz oʻgirib, baxt, baxtiyorlik haqida she’rlar yozishgan. Agar ommaviy tarzda hayqirib baxt haqida soʻzlanar ekan, bu yerda chinakamiga baxtiyor birorta odam boʻlmaydi, bu ma’lum haqiqat. Akademik Naim Karimov Fitrat, Choʻlpon keyingi avlodlarni saqlab qolish uchun she’rlariga qarshi she’rlar yozishga ularni oʻzlari undagаni haqida aytar edi. Ularda baxtiyorlik emas, mana shu tirik qolish istagi boʻrtib koʻrinadi. Boʻlim Boturning “Istiqbol” she’ri bilan boshlanаdi. She’r 1927-yil 8-noyabrda Samarqandda qogʻozga tushirilgan. Bir qaraganda u quvonch, baxt haqidadek. Ammo 11 bandli she’rda muallif qon soʻzini 6, zulm soʻzini 4, faryod, zulmat, figʻon soʻzlarining har birini 3 martadan, vahshat va mudhish kechani 2 marta, shuningdek, har bir bandda qora koʻlankadek osilib turgan oʻlim, qiynoq, hasrat, mozor, yosh, qaygʻu, mahzun, xasta kabi soʻzlarni qoʻllagan. Muallif ma’lum sabab bilan oʻzini ham, bizni ham aldashga urinishi mumkin. Lekin matn aldamaydi. U oʻz egasining yuragi oʻlim, zulm, qatl vahshatiga toʻlib turganini koʻrsatadi. Botur ming aylanmasin, Fitratning “Mening kecham” doirasidan chiqib ketolmagan. Yoki Uygʻunning “Zamon sirlari” (1926-yil 19-may, Toshkand) she’ri mana bunday boshlanadi:

 

Xayol koʻklarida keza bilmayman,

Boʻsh, quruq soʻzlarga amal qilmayman.

Yoʻlda toʻsqinlarni koʻzga ilmayman,

Alamdan, qaygʻidan yurak tilmayman...

 

Garchi Uygʻun “Ey telba qora kuch, toʻsma, qoch, yoʻl ber”, deya navqiron ruhi oʻtmish va oʻtmish ogʻriqlari, davr qoʻrqinchlari ichida qolib ketishini istamasa-da, u she’rni boshlagan zahoti oʻzini Fitrat va Choʻlpon yonida koʻradi. Fitrat, Choʻlpon ijodida Xayolning qoʻrqinch, ta’qib qiluvchi qiyofasi bor. Fitrat sochmalarida: “Yotsam tushimda, uygʻonsam yonimda, koʻz yumsam miyamda, koʻz ochsam qarshumda mungli bir xayol kelib turadir!” desa, Choʻlpon ham xuddi shu ta’qibdan soʻzlaydi: “Boʻgʻiq, qisiq bu koʻngil kuchli oʻt bilan yonadir // Ul oʻt orasida yurtning xayoli jonlanadir”.

 

Choʻlpon “Ket” she’rida uni xoin nur, yolgʻon nur deya oʻzidan nari haydasa, “Yoʻl esdaligi”da qorongʻilik ichidagi daraxtlar unga “xayol-vahm” boʻlib koʻrinadi. Xayol – yangi oʻzbek adabiyoti yaratgan eng murakkab obraz. U she’riyatda ham, nasrda ham, dramada ham koʻrinish beradi. She’riyatga xos ezgu xayol timsoli quyuqlashib boradi, u endi ideal emas, toptalgan haqiqat, hurriyat, ona Turkiston boʻlib gavdalanadi, jadidlar tushunchasiga qattiq oʻrnashadi, alamli ogʻriqqa aylanadi, vahm-xayol koʻrinishiga keladi, ta’qib qiladi. Bu obraz davr ijodkorlarining ruhiy-fiziologik holatini ham ochib beradi (Qarang. Nazarova Sh. XX asr boshlari o’zbek she’riyatining yangilanish tamoyillari. – Toshkent: Akademnashr, 2022. – B. 206–210.). Uygʻun she’rining

 

“Ey telba qora kuch, toʻsma, qoch, yoʻl ber,

Ket, yoʻqol, koʻksingni yoʻqliqlargʻa ker!..

Turmish oqimida oqib boraman,

Umid gullarini taqib boraman”

 

deya yakunlashi – akalari kaltaklangan-u, qoʻrquv zoʻridan zoʻravonga qarab, “Sizni yaxshi koʻraman”, deyotgan bola holiga oʻxshaydi. Bu gipnoz ham emas, bu shu kungacha aytilgan baxt kuylari ham emas, bu yigʻlagan holingda kulishga majburlanishdir.

 

Bunday yigʻlash Mirtemir she’rida yanada aniqroq koʻrinadi. “Boqchada” nomli she’rning yakuniy xulosalovchi qismidan oʻqiymiz:

 

Qaygʻi yoʻq... shodliqlar ustiga shodliq,

Faqat u... oʻrtoqlar mendan uzoqda...

Men uchun na qadar hurlik – ozodliq,

Ular-chi? – Tubanda, nechun tuzoqda?!.

 

Gul – bogʻcha ichida oʻynab kulaman –

Gam nima?

– Men uni qaydan bilaman.... 

 

Uygʻun 21, Mirtemir 18 yosh yigitchalar boʻlishgan. Ular bu yoshda Turkiston qaygʻusini qayerdan ham bu qadar chuqur bilsin, dersiz? Qoʻrquv yosh tanlamaydi, toʻlaqonli baxt anglanishi uchun esa bu vaqtda juda yoshlik qilar edilar.

 

Majmuadan, shuningdek, A.Majidiyning tarixiy mavzudagi “Bir haykal qarshusida”, Uygʻunning sof lirk kayfiyat uygʻotuvchi “Tong” she’rlari, Choʻlponning “Navvoy qiz” (1925–1927 yil iyun, Samarqand), Shokir Sulaymonning “Qotil”, Aziziyning “Qish koʻrinishlari” hikoyalari ham oʻrin olgan. Bu hikoyalar qonga botgan Turkistonning qon yigʻlagan ayollari haqida. Ular hech ham “baxtiyor” zamonning hosilalariga oʻxshamaydi. Abdulla QahhorningDahshatini yodga soluvchi, Unsin kabi juvonmarg boʻlib ketgan qizlarning ayanchli taqdiridan hikoya qiladi. Bu zamonaviy oʻzbek nasrining ildizlari qayerda ekanligini koʻrsatuvchi, ta’sirchan uslubi bilan sochmalarga aylanib ketgan, qahramon ruhiyatini tabiat bilan uygʻunlikda ifodalovchi hikoyalar boʻlib, psixologik tasvir elementlari aniq namoyon boʻladi. Biz Abdulla Qahhor va uning avlodini Chexov kabi ijodkorlardan ta’sirlanishda, ular bilan qiyosda oʻrganamiz. Ammo bu ildizlar begona zamindan emas, balki Choʻlpon, Shokir Sulaymon, Aziziylar nasridan oziqlanadi. Ushbu hikoyalar ifodada, ruhiy tasvirda shu qadar chuqur ketganki, zamonaviy oʻzbek nasrining taraqqiyot bosqichlarini qaytadan koʻrib chiqish, bu tajribalarni jarayonga olib kirish zarur boʻladi.

 

Shahnozaxon NAZAROVA,

filologiya fanlari doktori, dotsent

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:05 / 29.05.2025 0 77
Olam qanday paydo bo‘lgan? – Mifologik tahlil

Tarix

12:05 / 28.05.2025 0 339
Quddusni ozod qilgan xorazmliklar

Tarix

18:05 / 27.05.2025 0 214
Saljuqiylarda qozilik ishlari qanday boʻlgan?

Tarix

17:05 / 27.05.2025 0 177
Sohibqiron bitgan maktublar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//