Go‘ri Amir tarixining sirli sahifalari – Qatag‘on davrida yozilgan Temur haqidagi asar


Saqlash
12:54 / 02.06.2025 221 0

1893-yilda Buxoro shahrida qorako‘l savdogari Yo‘ldosh Saidjonov oilasida tug‘ilgan, avval o‘z mahallasidagi boshlang‘ich maktabda besh yil o‘qib, xat-savod chiqargan, o‘n bir yoshida otasidan ayrilib, 1905–1908-yillarda ukasi Muxtorjon Saidjonov bilan Kogondagi rus-tuzem maktabida o‘qigan, yoshligidanoq ilm-u ma’rifatga qiziqib, arab, fors, turkiy tillar, adabiyot, tarix va geografiya bilan jiddiy shug‘ullangan holda Rossiya, Turkiya kabi xorijiy mamlakatlar matbuoti va adabiyoti bilan tanishgan taraqqiyparvar, “Yosh buxoroliklar” harakatining yetuk namoyondalaridan biri, davlat va jamoat arbobi, olim va ilk o‘zbek professori Muso Saidjonning (1893–1938) tavallud topganiga bu yil 130 yil to‘lmoqda. Butun umrini Turkiston xalqining milliy manfaati va madaniyati yo‘lida sarflagan yurt farzandining ilmiy merosini tadqiq etish, arxiv va nodir fondlarda saqlanayotgan asarlarini o‘quvchilarga yetkazish bugunning ahamiyatli masalalaridan biri. Shu boisdan ham biz Muso Saidjonning Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari institutida 2601-inventar raqami ostida saqlanayotgan “Go‘ri Amir – Amir Temur maqbarasi” risolasini siz aziz o‘quvchilarga taqdim qilishni lozim topdik.

 

 

Muso Saidjon (1893–1938).

Muso Saidjonning ushbu risolasi 1929-yilda arab yozuvi asosidagi eski o‘zbek tilida Samarqandda chop etilgan bo‘lib, unda Amir Temur shaxsiyati, siyosiy va ijtimoiy portreti, temuriy shahzodalar hamda Sohibqironning vafoti, u dafn etilgan maqbara – Go‘ri Amirning yuzaga kelish tarixi olimlarga xos tarzda ochib berilgan. Asarning 1929-yil 9-aprelda yakunlangani esa muallifning Sohibqiron shaxsiyatiga chuqur hurmati va qolaversa uning tavallud kuniga ham mo‘tabar hadyasi edi.

 

Muso Saidjon ushbu asarida “Go‘ri Amir”, ya’ni Amir Temur maqbarasining qurilishi, undagi qabr va qabrtoshlarning tarixi xususida shunday qiziqarli va chuqur tahlillangan mulohazalar keltirganki, ular siz aziz o‘quvchilarni aslo befarq qoldirmaydi.

 

Ushbu asarning yana bir o‘ziga xos jihati shundagi, unda Turkiston mustamlakaga aylantirilgandan keyingi mazkur mahobatli maqbaraning holati to‘g‘risida ham muhim ma’lumotlar berilgan. Biz bugun ushbu dalillar orqali “Go‘ri Amir” maqbarasining XX asr boshlaridagi holati xususida mufassal ma’lumotga ega bo‘lamiz. Bu esa maqbaraning mustamlaka tuzumi sharoitidagi shakl va holatiga doir tarixiy ma’lumotlarni to‘ldirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Muso Saidjonning “Go‘ri amir” risolasi muqovasi

 

Bundan tashqari Muso Saidjon Amir Temur shaxsiyatiga turli xil bo‘hton va haqoratlar aytib turilgan va shu bilan birga o‘lka bo‘ylab Turkiston taraqqiyparvarlari ustida “Milliy Ittihod” ishi doirasida qatag‘on mashinasi ishga tushirilayotgan bir paytda o‘zining ma’naviy jasoratini ko‘rsatib, Sohibqiron to‘g‘risidagi ushbu risolasini nashr qilib, turkistonliklarni milliy tarix bilan g‘ururlanishga da’vat etdi.  Biroq butun hayotini Vatan ravnaqi, Turkiston xalqining ilm-ma’rifat taraqqiyoti uchun bag‘ishlagan fidoyi olim jismoniy qiynoqlar, ma’naviy tahqirlar va qip-qizil bo‘htonlar asosida 1938-yil 14-oktyabrda otib tashlandi.

 

Muso Saidjonning ushbu asari bugungi kun o‘quvchilariga ilk marotaba taqdim etilmoqda.

 

Go‘ri Amir – Amir Temur maqbarasi

 

I qism

 

Temur Tarag‘ay o‘g‘li Keshning [1] (Shahrisabz) Ho‘ja Ilg‘or [2] qishlog‘ida 736-hijriyda (milodiy 1336-yil) tug‘ildi. Uning yoshliq chog‘ida, mang‘ullarning (mo‘g‘ullar – M.Alijonov) chig‘atoylar o‘lkasi sanalg‘on Turkiston, ko‘pdan beri o‘zaro nizolar, urushlar bilan kuchsizlangan, o‘lkaning siyosiy va iqtisodiy ahvoli buzuq, Chingizning mahkam yasoqidan asar ham qolmag‘on edi. Xuddi shuning kabi, Eron chingiziylari va Eron ham buzuq, xaroba holg‘a aylangan edi.

 

Eron va Turonda ahvol shunday ekan, ismi bilan sifati Temur bo‘lg‘on, irodasi kuchli bu shaxs, o‘zining kuchini sinashga kirishdi. Temurning bu harakati Movarounnahrning [3] boylar va ular bilan manfaatdor bo‘lg‘onlar tarafidan xursandliq bilan qarshi oling‘on. Mazkur tabaqa Temur kuchayib olguniga qadar uni himoya qilib, yordam etganlari ma’lumdir.

 

Temur Turkistonni mustahkam bir hukumat qo‘l ostidag‘i davlat holig‘a keltirishni o‘ziga maqsad qilgan turk jahongiridir [4]. Ul bu maqsadg‘a  erishishda, boshlab ko‘p muvaffaqiyatsizliqlarg‘a uchradi. Biroq, u sira o‘zining irodasidan qaytmadi. Mayda-chuyda qabila boshliqlaridan kuch yig‘ib olib, “Tug‘luq Temur”, “Amir Husayn” kabi kuchli hukmdorlarni yengdi va hijriy 771-yilda (milodiy 1370-yil) Chingiziylar sulolasiga mansub bo‘lg‘on va o‘zining kichik qo‘mondonlaridan Surg‘utmishni xon e’lon etdi va uning nomidan jahongirlik etishga kirishdi.

 

O‘rta Osiyo, Eron, Dashti Qipchoq (Oltin O‘rda), Hindiston, Kichik Osiyo va Shomni fath etgan bu jahongir, egallagan mamlakatlarning hunarmandlari, san’atkorlarini o‘zining poytaxti Samarqand va Shahrisabzga ko‘chirdi. Yerli (mahalliy – M.Alijonov) ustalar va mazkurlarning yo‘llovi va ularning mamlakatlaridan to‘planib keltirilgan boyliqlar bilan Turkistonni obod etishga kirishdi. Har bir muzaffariyatning (g‘alabaning – M.Alijonov) ketidan 2-3 oy davom etgan xursandchilik va to‘ylar bilan bir qatorda, ayniqsa Samarqand va Shahrisabzda katta-katta binolar (to‘g‘rirog‘i zafar toqlari) soldirdi.

 

Tarix va ta’rifini yozmoqchi bo‘lg‘onimiz “Go‘ri Amir” uning tarafidan xursandliq bilan soldirilg‘on zafar toqlari qatorida emas, balki baxtga qarshi vafot etg‘on bir shahzodaning ko‘mish o‘rni uchun edi. Bu shahzoda Temurning nabirasi va G‘iyosiddini Jahongirning (G‘iyosiddin Jahongir) o‘g‘li Muhammad Sultondir. Bu maqbara boshlab mazkur shahzoda uchun soldirilg‘on bo‘lsa ham, keyinchalik Temur va temuriylarning maqbarasiga aylandi.

 

Temur boshlab o‘zining ko‘milish joyig‘a Shahrisabzni intixob (tanlagan – M.Alijonov) etgan, shuning uchun Shahrisabzda Shayx Shamsiddin Kulol va otasining qabrlari ustida maqbara bino etdirgan. Mazkur maqbaraning sog‘ (o‘ng) va so‘lida (chap) avlodi ham o‘zi uchun maxsus binolar soldirg‘on edi. Uning rioyati uchun, katta qo‘mondonlar ham, o‘zlari uchun maqbaralar bino etdirganlar. Shu boisdan ham qayerda o‘lsalar ham ularning jasadlari Shahrisabzga ko‘chirilib, maxsus maqbaralarga ko‘milgan.

 

Temurning birinchi o‘g‘li G‘iyosiddin Jahongir Samarqandda 777-hijriyda (milodiy 1375-yil), Umarshayx Eronda 797-hijriy yilda (milodiy 1395-yil) vafot etgan bo‘lsalar ham, Shahrisabzga olib kelinib dafn etilganlar. Temur saroyig‘a kelgan  Ispaniya elchisi Klavixo Shahrisabzdagi Temur soldirg‘on binolarni ta’rif etganda mazkur maqbaralar to‘g‘risida quyidag‘ilarni yozadir: “Bu shaharda (Shahrisabzda – M.S) juda ko‘p katta uylar va masjidlar bordir. Ayniqsa Temurbek soldirg‘on bir masjidkim, hali bitgani yo‘q; unda Temurbekning otasi ko‘milgan katta maqbara bor. Bundan boshqa o‘zi uchun ayrim maqbara bino etishni buyurgan. Bu ham hozir bitmagan edi. Rivoyatga ko‘ra ul (Temurbek) bundan bir oy burun kelib o‘zining maqbarasini ko‘rgan. Biroq eshigi (peshtoqini bo‘lsa kerak) past bo‘lg‘oni uchun yoqtirmag‘on, buzib qaytadan tuzishni buyurg‘on. Hozir ustalar ishlamakdalar. Bundan boshqa bu masjid va Temurbekning Jahongir (Aslida – Yangir) otli birinchi o‘g‘li ko‘milgandir. Bu masjid va maqbaralar juda boy va go‘zal suvratda oltin va lojuvardlar bilan koshinlangan. Uning oldi katta sahnli (bog‘cha) bo‘lub karb yog‘ochlari va hovuzlari bor. Shohning amri bilan bu masjidga har kun 20 qo‘yni pishirib yuborarlar. Bu ko‘milgan otasi va o‘g‘lining yoddoshti (xotirasi – M.Alijonov) va ruhlarining istirohatlari uchundir” [5].

 

Zotan Temur jahongirlikning birinchi davridan boshlab Shahrisabzga katta ahamiyat bergan, obodonchiliqg‘a, xalqni ko‘paytirishga tirishgan, vatani bo‘lg‘on bu shaharni Turkistonning birinchi shahri qilmoqchi bo‘lg‘on. Biroq Samarqandning jo‘g‘rofiy mavqeyi, unga (Shahrisabzga) raqobat etgan, shuning uchun Temur Samarqandni poytaxt etgan. Shunday bo‘lsa ham Shahrisabzni esdan chiqarmag‘on. Umrining oxirg‘i yilig‘acha Shahrisabzda ko‘milishni istagan. Nechundir iste’dodli nabirasi Muhammad Sultonni Samarqandg‘a ko‘mdirishga buyurgan (Temurning bu shahzodag‘a e’timodi katta edi).

 

Agar mazkur shahzoda o‘lmasa edi, balki Temur uni o‘ziga valiahd tayin etar edi.

 

Temur har vaqt o‘zining taxt vorisi haqida o‘ylar, bolalarini bu yo‘lda askariy tarbiya berishga, davlat ishlaridan to‘la xabardor bo‘lishlarig‘a jiddiy ahamiyat berar edi. Shuning uchun bolalarini yoshliqdan o‘zi bilan barobar urushlarga olib borar, buyuk qo‘mondonlarning qo‘l ostlarig‘a askar qilib berar ham keng mamlakatlarni sinalg‘on qo‘mondonlarning rahbarliklari ostiga – topshirar edi. Shuning bilan barobar Temur turk-mo‘g‘ul odatlarig‘a, Chingiz yasoqig‘a sodiq, ularni to‘la bajarishga harakat etuvchi edi. Qo‘mondonlari, farzandlaridan ham shuni kutar edi.

 

Temurning orzusig‘a muvofiq bo‘lg‘on birinchi o‘g‘li G‘iyosiddin Jahongir 20 yashar ekan vafot etdi. Jaloliddin Eronshox esa, bir kasallik natijasida g‘ayri tabiiy holg‘a keldi. Shohrux bo‘lsa, mo‘g‘ul odati, Chingiz yasoqidan ko‘ra shariat hukmlarini ortiq ko‘rar edi… Shu sabablarga ko‘ra Temur Muhammad Sultonning tarbiyasiga ayricha ahamiyat berdi, ul (Muhammad Sulton) Temurning tilagiga muvofiq iste’dodli edi. Hatto, Xitoy urushiga hozirliq ko‘rish, Mo‘g‘uliston chegarasida mustahkam qal’a bino etish, urush vaqtida askarlar ozuqasiz qolmasliqlarini ta’min qilish, yurtda ekinzorlar barpo etish kabi muhim ishga tayin etilgan qirq ming askarning boshlig‘i Muhammad Sulton edi. Ul (Muhammad) Mo‘g‘uliston chegarasida uch yilcha qoldi. Temur turklarga qarshi hozirliq ko‘rib Onado‘li atrofidag‘i joylarni Shomg‘acha olg‘och, hijriy 804-yilda (milodiy 1402-yil) Muhammad Sultonni chaqirib Erong‘a tayin etdi.

 

Kichik Osiyo – Onado‘lida hukmronliq etgan Yildirim Boyazid 805-hijriy yilda (milodiy 1403-yil) mag‘lub va asir bo‘lg‘on, Temur shodliqqa g‘arq bo‘lg‘on edi. Shul asnoda Muhammad Sulton xastalanib Qora Hisor yaqinida o‘ldi [6]. Buyuk (katta – M.Alijonov) ta’ziya marosimi barpo etildi. Temur bilan barobar, o‘rdudagi (qo‘shin – M.Alijonov) butun askarlar ta’ziyada ishtirok etdilar. Barcha qora va ko‘k kiyim kiygan, bo‘ynilariga kigiz va palos osilg‘on, askar va umarolar odati bo‘yicha ko‘rpa-yostuqda emas, somon ustida yotar, hatto oq ot minmas edilar. Har kun tong va oqshom yig‘i va oh-u zor bilan ta’ziyani yangilatar edilar. Shahzodaning jasadi Avingaga (Arzirum viloyatida) keltirildi. Tobutni yangilatib sultong‘a (Erong‘a) yuborib “Qaydar payg‘ambar” mozoriga muvaqqat ko‘mdilar.

 

Temur mashhur yetti yilliq safarini hali bitirgani yo‘q, yangi urushib olg‘oni Iroq, Kafkaziya, Onado‘li va Suriyada qiladurg‘on ishlari ko‘p edi. Ul hali qolg‘on-qutg‘on “osiy”larni bo‘ysundirish, u yerlarda hokimiyatni mustahkamlashi kerak edi. Muhammad Sultonning o‘limidan odatdan tashqari (qattiq – M.Alijonov) qayg‘ursa ham, boshlag‘on ishini bitirishga kirishdi. Bu ishlar uchun tag‘in bir yil kerak bo‘ldi. 806-hijriy (milodiy 1404-yil) yil ramazon oyida shahzodaning yilliq ta’ziya marosimi o‘tkazildi. Fuqarolarg‘a osh berilib “Hatmi Qur’on” ado etildi. Bu marosimdan keyin Xonzoda (Muhammad Sultonning onasi) Temurdan ruxsat olib, Shahzodaning tobutini Sultoniyadan Samarqandg‘a ko‘chirdi.

 

 (Davomi bor)

 

Asarda keltirilgan izohlar:

1)                Keshni eski tarixchilarning ko‘pi “Kish” suvratida yozarlar. Bizim ismlar bilan “Kesh” bo‘ladir.

2)                Ibn Arabshoh. Ajoyibul-maqdur fiy axbori Temur. 3-bet.

3)                Movarounnahr – Amudaryo va Sirdaryo o‘rtasidag‘i yerlar.

4)                Bu to‘g‘rida “Tuzuki Temur”da mufassal ma’lumot bor.

5)                Рюи Гонзалес де-Клавико. Путешествие ко двору Тимура. Санкт-Петербург.: 1881. Стр 233-4.

6)                Muhammad Sulton 29 yashar ekan, hut oyining oxirida (Hut oyi 22-fevral – 21-mart davriga toʻgʻri keladi) dushanba kuni 8-sha’bon, 805-hijriy yilda vafot etdi. Sharafiddin yozdi. “Zafarnoma” qo‘limdag‘i yozma nusxa, varaq 361. Bu asarda Temurning butun voqealari, soldirg‘on binolari… to‘g‘risida mufassal ma’lumot berilg‘on.

 

 

 

Nashrga tayyorlovchi:

Muslimbek ALIJONOV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//