Tarixda jamiyat ijodkorlarni qanday qabul qilgan? Navoiyshunos Dilnavoz Yusupova bilan suhbat


Saqlash
12:27 / 30.05.2025 127 0

Filologiya fanlari doktori, professor Dilnavoz Yusupova bilan suhbat.

 

Dilnavoz xonim, Sizni sohada o‘z o‘rnini topgan mumtozshunos, navoiyshunos olima deb bilamiz. Fundamental tadqiqotlardan tashqari, ikki muhim nashr – o‘ttiz jildli “Istiqlol davri o‘zbek navoiyshunosligi” hamda ikki jildli “Alisher Navoiy: qomusiy lug‘at”ni tayyorlashda ishtirok etgansiz. Xabaringiz bordir, avvalroq ustoz olim Boqijon To‘xliyev bilan “Tafakkur”da suhbatlashib, “Lisoniy murakkablik bois mumtoz adabiyot, ayniqsa, Navoiy asarlari bora-bora ilmiy tadqiqotlar manbaigina bo‘lib qolmasmikan?” degan masalada ham fikrlashgan edik. To‘g‘ri, navoiyshunoslik keyingi yuz yilda zamonaviy ilm-u fan bag‘rida taraqqiy etdi, mutafakkir bobomizning ma’naviy-badiiy dunyosini bugungi kitobxonga yaqinlashtirish borasida salmoqli ishlar qilindi. Ammo baribir Navoiy bitiklarini chuqur tushunadigan, badiiy asar sifatida ulardan bahra topadiganlar faqat mutaxassislardan iborat bo‘lib qolgandek, “ilm – ilm uchun”dek... Albatta, shoir qalamga olgan axloqiy-ma’naviy masalalar doimo dolzarb, ma’naviyat sathida butun insoniyatning Navoiy dahosiga muhtojligi hamishalikdir. Biroq tamaddun cho‘qqisi deb hisoblanayotgan XXI asrimizda ne-ne tamoyillar, tutumlar, munosabat-u yondashuvlar o‘zgardi; ko‘p narsalar go‘yo eskirgan. Shu manzarada bugungi global dunyo, insoniylikdan tobora chekinayotgan ahli bashar yangi g‘oyalar, yangi ko‘rsatmalarga ham ehtiyoj sezayotgandek...

 

– Mulohazalaringizda jon bor, Nodira opa. Haqiqatan, bugungi global dunyoda qarashlar va g‘oyalar, tutum va yondashuvlar o‘zgaryapti. Insonlarning yashash tarzi, tafakkurida evrilishlar sodir bo‘lyapti. Ammo, nazarimda, bugun sabot, sadoqat, vafo tushunchalari har qachongidan ko‘ra muhim ahamiyat kasb etayotir. Shunga ko‘ra, hazrat Alisher Navoiy asarlarini tadqiq qilish hech qachon to‘xtamasligi kerak deb hisoblayman, hatto ilm – ilm uchun tamoyili ustun kelgan taqdirda ham. Bu tamoyildan chekinish yoki uyalishga hojat yo‘q. Asl hikmat, daxlsiz haqiqatlardan ko‘pchilik yuz o‘girgan choqda ham ahli ilm oliy maslagidan voz kechmasligi shart. “Eskilik” tamg‘asi urilsa-da, mohiyati va xosiyati eskirmas tushunchalar bor. Zero, ularni kashf etmoq, shular asosida yashamoq uchun odamzod bir qancha asrlarni bosib o‘tgan. Global axloqiy degradatsiya yoki fikriy assimilyatsiya ham ularning dolzarbligiga putur yetkazolmaydi. Insoniyat balki qay bir e’tiqod va hikmatlarni eskirdi deb e’lon qilar. Alhosil, fursat kelib, yangilik deya o‘zini urgan falsafa ish bermagani, ma’naviy va moddiy ehtiyojlar o‘rtasidagi muvozanatni tiklay olmaganiga iymon keltiradi hamda eskirdi deb hukm qilgani sahifalarni qayta varaqlamoqqa majbur bo‘ladi. Navoiyshunoslarimiz o‘z zimmalaridagi vazifalarni bajarmoqda mardonavor davom etishlari kerak. Har xil mantiqsiz savollarga javob berish yoki tiyiqsiz istaklarni izohlash kabi vazifani zimmaga olmaganmiz. Bil’aks, hazrat Alisher Navoiy va u kishi kabi mo‘tabar zotlarning tarbiya, odob, madaniyat, e’tiqodga doir qimmatli fikrlarini o‘rganish, o‘rgatish va sabot-u sadoqat ila targ‘ib qilishimiz lozim. Mening komil inonchimga ko‘ra, jahonni, insonni, nasl-u nasabni, hayotni, poklikni, ezgulikni qutqarish vazifasi bora-bora Navoiy singari ulug‘lar va u zotning merosxo‘rlari chekiga tushadi. Boshqacha bo‘lishini tasavvur ham qilolmayman.

 

– Sizga “Shoir bitiklarida qalamga olingan axloqiy-ma’naviy masalalar dolzarbligini hech qachon yo‘qotmaydi” dedim-u, yana o‘zim o‘ylanib qoldim. Hazrat Navoiy 1481 – 82-yillarda “Arba’in”ni yozganlar. Unda Payg‘ambarimiz Muhammadning (s.a.v.) qirq hadisi she’riy sharhlangan. 1485-yilda esa “Nazm ul-javohir” maydonga keladi. Bu turkumda hazrat Ali (r.a.) hikmatlari nazmga solingan. Navoiy bobomiz go‘yoki turli mazhablarga teng ehtiromni, bag‘rikenglikni shu shaklda namoyish qilganlar. Bugun esa... dunyo mazhablar-u tariqatlar o‘rtasidagi omonsiz kurashlar, urushlar maydoniga aylangan. Taassufki, islomdan ham, insoniylikdan ham farsax-farsax uzoq bu tavr jaholat ichida bizning yurtdoshlarimiz-da bor. Ulug‘larimizning bitiklari, amaliy ibrati o‘z kuchini tobora yo‘qotmayaptimi?

 

– Fikringizni to‘g‘ri anglagan bo‘lsam, hazrat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hamda Ali roziyallohu anhu so‘zlari she’riy talqin qilingan ikki asarni eslash asnosida Alisher Navoiy ahli sunna hamda shia mazhabiga birdek bag‘rikenglik qilgan, demoqchi bo‘lyapsiz.

 

Nazarimda, hodisaga biroz boshqacharoq rakursda nigoh tashlash kerak. Bu ikki asar mantiqan bir-birini to‘ldiradi. Hadis ilmi – alohida soha; uning asoslari, istilohlari mukammal shaklda ishlab chiqilgan. Hadislarni she’riy talqin etish, ayniqsa, uni tarjima qilish katta ilm va mas’uliyat talab qiladi. Payg‘ambarimizdan boshqa zotlarning so‘zlari esa hikmat hisoblanadi. Lug‘atlarda hikmat “foyda va zararni, yaxshi va yomonni ajratib beruvchi so‘z” deya ta’riflangan. Payg‘ambarimizning kuyovlari, jiyanlari bo‘lmish hazrat Alining hikmatlari hadislarga hamohang, uyg‘un va ularning sharhi maqomida ekaniga shubha yo‘q. Qolaversa, “Arba’in” hamda “Nazm ul-javohir”ning yozilish sabablarini muallifning o‘zi batafsil bayon qilgan.

 

Shoirimiz hazrat Aliga otdosh – ul zot mumtoz matnlarda sheri Xudo deb sifatlanadilar, “Hayrat ul-abror”da Navoiy bobomiz ham asadulloh deya vasf qilganlar. Ehtimol, ismdoshlik yoki Payg‘ambarga eng yaqin qarindosh bo‘lgani tufaylidir, Navoiy qalban Aliga alohida ehtirom sezgan. Ana shu muhabbat “Nazm ul-javohir”ni bitmoqqa undagan.

 

Muallif asarni Sulton Husaynga bag‘ishlagani ham bejiz emas. “Boburnoma”da qayd etilishicha, Navoiy Sulton Husaynga shia tarafdorlarining ta’siri ortishi yaxshilikka olib bormasligini ta’kidlagan. Bu masala ustoz Zuhriddin Isomiddinovning “Shavqi navo” kitobida maxsus tadqiq etilgan. Agar muammoning mazhab bilan bog‘liq nuqtasini izlasak, Navoiy asarni Sulton Husaynni, shuningdek, o‘sha davr kishilarini hazrat Ali shaxsiyati va hikmatlari bilan chuqurroq tanishtirish uchun ham yozgan deb aytishimiz mumkin. Chunki o‘sha mazhabga mansub, XV asrda ijtimoiy barqarorlikka xavf solgan ayrim buzg‘unchi guruhlar hazrat Alini umr bo‘yi hokimiyat uchun kurashgan va bu kurashni kelajak avlodga ham vasiyat qilib qoldirgan siyosatchi sifatida ko‘rsatgan. Ya’ni islom olamida oxirzamon payg‘ambaridan keyin mashhur bo‘lgan shaxs nomidan o‘z g‘arazli niyatlarini amalga oshirishda foydalanmoqchi bo‘lganlar. Ba’zi mutaassib guruhlar esa hazrat Aliga muhabbatli bo‘lgan sog‘lom e’tiqodli kishilarni rofiziylikda ayblab badnom qilishga uringan. Navoiy hikmatlar tarjimasi orqali hazrat Alining shaxsiyati, dunyoqarashi, e’tiqodi va maslagi har qanday da’vo-yu iddaolardan baland turishini isbotlab berdi, diyonat bobida ul mo‘tabar zot bilan maslakdosh ekanini ko‘rsatdi. Buyuk shoirimiz o‘zi mansub bo‘lgan ahli sunna e’tiqodi va hazrat Ali e’tiqodi o‘rtasida tafovut yo‘qligi, shia firqasi siyosiy guruh sifatida shakllanib, sof e’tiqoddan yanglish tomonga og‘ganini tushuntirmoqchi bo‘lgandir ehtimol...

 

Dunyoda bugun kechayotgan mazhab-u tariqatlararo ziddiyatlarning sababi ilmsizlikdir. Umuman, axborot maromi tezlashib, sahih va to‘qima, rost va yolg‘onni ajratish mahol bo‘lib qolgan bir davrda bunday ixtiloflarning avj olishi tabiiy. Insoniyat bu davrni ham yashab o‘tadi, oqilona xulosalar chiqaradi hamda vaqti kelib, odamzodda jaholat va ilm o‘rtasidagi qat’iy chegarani farqlash malakasi shakllanadi deb ishonaman.

 

– Hazrat Navoiy “Majolis un-nafois”ning VII majlisida Temur Ko‘ragondan tashqari yigirma bir nafar shoh-u shahzoda nomini zikr etganlar. Iftixor qilamizki, necha-necha podshohlarimiz sohibdevon shoir bo‘lgan: Husayniy, Bobur, Feruz, Ubaydiy, Amiriy... Devon tartib bermaganlari-chi: Nishoniy (Subhonqulixon), Xon (Abdullaxon)... Turfa iste’dod-qobiliyatning bir shaxsda jamlanishi tahsinga loyiq, albatta. Endi zamondosh shoirimiz Rauf Parfidan eshitaylik: “Odamlar kuchli, baquvvat bo‘ladilar. Daraxtlarni kesadilar, toshlarni o‘rnidan siljitib, har tomonga otadilar. Kuchli kimsalar odamlarni bir-biri bilan urushtirib, janjal chiqarib, davlatni boshqaradilar. Kuchli odamga nay chalayotgan shoir kerak emas. Nay chalayotgan odam nihoyatda kulgili tuyuladi unga. (Jon) Kitsning (XIX asr ingliz shoiri – N. O.) nazarida kuchli odam she’r yozmasligi kerak”. Buyam bir fikr-da, balki biryoqlamadir, balki ehtirosning “samoviy kuchi” (A.Oripov) ila aytilgandir... Lekin o‘ylab qoladi-da odam: moziy maydonlaridagi mag‘lubiyatlar-u inqirozlar “kuchli odam”larimizning she’rga mubtaloligidan ham emasmikan?

 

– Kuchni biryoqlama tushunmaslik kerak. Tarixdan ma’lumki, davlat ikki qurol uzra sobitdir – qalam va qilich. Bu ikki qurol bir-birining o‘rnini bosishga aslo qodir emas. Ammo bir hukmdorda qalam va qilichning mujassam bo‘lishi bu – muazzam Sharq, xususan, bizning ajdodlarimizga xos fazilat. So‘z maydonida qalamni, jang maydonida qilichni mohirona o‘ynatgan podshoh har tomonlama komil boshqaruvchi hisoblangan.

 

Fikrimcha, bugungi odamlar, xususan, adabiyot kishilari bilan o‘rta asr so‘z muhaqqiqlarining she’rni anglashida jiddiy farq bor. Bugungi kun kitobxoniga ko‘ra, she’r odami – juda ko‘ngilchan, hissiyotli va hamisha kelishuv yo‘lini tutadigan yoki isyon qo‘lida ojiz qolib nuqul nola chekadigan inson. Ammo bobolarimiz nazdida, she’r – avvalo hikmat, insonlarni poklikka, teranlikka yetaklaydigan vosita, komillik kashfiyotidir. Har qanday tuyg‘u she’rga solinishi mumkin emas. Faqat yuksak g‘oyalar, ezgulik tarannumi hamda odamiylik tafahhumi bo‘lgan kalimalar she’r bo‘lmoqqa loyiq. Qalb ezgulik, pokiza ishq va insoniylik qarshisida yonsin-kuysin, illo adolatsizlik, zulmga bo‘yin egmasin. Deylik, yurtni g‘orat qilayotgan yov ro‘parasida shoir-podshoh “Bu ham odam-ku!” deb ko‘ngilchanlik qilmaydi, aksincha, odamiylik haqqini poymol etgan bosqinchining ishini qilich-la bitirib qo‘yaqoladi. Shu o‘rinda mavlono Xondamir yozib qoldirgan, bugungi avlod negadir o‘ta hassos va ko‘ngilchan deb tasavvur qiladigan hazrat Navoiy bilan bog‘liq voqeani eslasak. Zolim vazir sifatida nom qozongan Mavlono Soni’iy boshiga katta salla o‘rab yurar ekan. Bir kuni uning noma’qul ishlari Husayn Boyqaroga ma’lum bo‘libdi. Sulton g‘azablanib, vazirning sallasini boshidan olib tashlashlarini buyuribdi. Shunda Navoiy podshohga yuzlanib, ushbu misrani aytgan ekan:

 

Chu bori sar sabuk kardiy, sabuk kun bori gardan ham.

 

Mazmuni: boshidagi yukni yengillatgan ekansiz, endi bo‘ynidagi yukni ham yengillating, ya’ni sallasini olib tashladingizmi, endi kallasini ham olib tashlang!

 

Demak, ajdodlarimiz zulmga, adolatsizlikka nisbatan murosasiz bo‘lgan. Qo‘lida qalami bo‘lgan podshohlarimiz teran shuur va keskir qilich sohibi bo‘lganki, bu xususiyat millat zehniyatiga hukmdorga qo‘yiladigan talab o‘laroq mustahkam o‘rnashgan.

 

Amir Temurdan keyingi tariximiz bizga inqirozlar asri deya ko‘rsatiladi. Bu – tarixni anglash bobidagi muammolarimizdan biri, shu xil anglam qolipi bizga mustamlaka davridan “yodgor”dir. Tariximizni shayboniylar, ashtarxoniylar, keyinchalik mang‘itlar davridagi ziyoli va olimlar tafakkur ko‘zgusi bilan kuzatish, jahondagi boshqa xalqlarning o‘z kechmishini anglash tamoyili bilan qiyosan idrok etish zarur. Shunda xalqimizning chor mustamlakasiga qadar bo‘lgan asrlardagi madaniy-ma’naviy, iqtisodiy-ijtimoiy, siyosiy-harbiy holati xususida ilmiy asosda yangicha va bir qadar to‘g‘ri javoblar olgan bo‘lar edik. O‘sha asrlarda diyorimiz xalqlari o‘z hayotidan rozi yoki norozi bo‘lgani, hayot darajasi, ijro va sud hokimiyati faoliyati muqoyasa yo‘li bilan o‘rganilsa, haqiqat yanada oydinlashar edi.

 

Agar Siz mag‘lubiyat va inqirozlar deganda yurtimizning bosqinchilar tomonidan ishg‘ol etilishini nazarda tutayotgan bo‘lsangiz, bunga kuchlilarning she’rga mubtaloligini sabab qilib ko‘rsatmaslik kerak, balki masalani kattaroq ko‘lamda o‘rganish lozim deb o‘ylayman. Buning uchun bizga yangi ilmiy tadqiqot metodologiyasi zarur.

 

– Angliyaliklarning so‘nggi o‘nyillikdagi eng sevimli o‘nta so‘zi aniqlanibdi, ro‘yxatda serendipity ham bor ekan – bu fakt professor Gulnoza Odilova bilan hammualliflikdagi maqolangizda keltirilgan. Bu so‘zni ilk bora ingliz yozuvchisi va faylasufi Xoras Volpol 1754-yilda do‘sti Xaras Mannga yozgan maktubida qo‘llagan va uni “favqulodda holatlarda ongning jadal tarzda ishlab ketishi natijasida kashfiyotlar qilish va kutilmaganda omadga erishish” deb izohlagan ekan. H. Volpol so‘z ma’nosini tushunmoq uchun italyan adibi Mikele Tramezzinoning “Sarandib shohining uch o‘g‘li” asarini (1557) o‘qish kerak, deya ta’kidlaydi. Mazkur asar sharqona syujetlar asosida, xususan, Navoiyning “Sab’ai sayyor” dostoni ta’sirida yaratilgan ekan. Maqolangizdan parcha keltirsam: “... yozishma natijasida mazkur asar Angliyada qayta-qayta o‘qila boshlaydi, “serendipity” esa inglizlarning sevimli so‘zi, falsafiy tushunchasiga aylanadi. Asardagi butun falsafiy ma’noni qamrab olgan mazkur yangi so‘z Angliya va Amerikada siyosat, meditsina, rangtasvir, ta’lim, iqtisodiyot, algebraning, ilm-fan va ijtimoiy jarayonning hamma tarmoqlariga kirib boradi va fan taraqqiyotiga sababchi bo‘ladi”. Bu satrlarni shoyon iftixor bilan o‘qidim. Lekin... Navoiy bobomiz dostoniga taassuban yozilgan bir asarki o‘zga yurtlarda shuncha to‘lqin uyg‘otgan ekan, bu hol XV asrdan so‘ng nega bizda ro‘y bermadi? Bugun yutuqlarimiz oz emas... ammo taassufki, ayollar xorijda noravo ishlar bilan mashg‘ul-u mashhur, onalar-u otalar o‘z zurriyoti umriga zomin, erlarimiz yo g‘urbatzada qora yumushchi va yokim terror lashkarlari safida ekani ham achchiq haqiqatdir. Biz bu sira fojialarning sababini iqtisodiy mushkulotlardan, ijtimoiy omillardan axtaramiz ko‘pincha. Vaholanki, o‘sha iqtisodiy-ijtimoiy muammoli vaziyatlar aql-idrok ko‘zini tuyqus ochib, taraqqiyga olib chiqar ham ekan-ku! “Sab’ai sayyor”dek asarlar nega bizda serendipity effektini keltirib chiqarmaydi – nima, biz adabiyotni kiroyi targ‘ib qilmaymizmi? Yoki gap mentalitetdami? Yoxud adabiyot bizda faqat o‘qish uchun-u o‘qiganimiz tiynatimizga yuqmaydimi?

 

– Ta’kidlab o‘tishim kerak, Siz keltirgan iqtibos Gulnoza Odilovaning nuqtai nazari edi – men bu masalada boshqacharoq fikrdaman. Bir qancha jihatlarni aniqlashtirib olish zarurga o‘xshaydi. Dastlabki masala taraqqiyotni qay tarzda anglash bilan bog‘liq. U bugungi davr kishisi nazarida ikki shaklda namoyon bo‘lishi kerak go‘yo. Birinchisi, taraqqiyotning moddiy tomoni bo‘lib, yashashni osonlashtiruvchi vositalarning mukammalasha borishini ifodalaydi. Ya’ni odamzod qulayroq yashashi, kamroq jismoniy kuch sarflashi kerak. Imkoni bo‘lsa, jonini mutlaqo og‘ritmasa-yu barcha ehtiyojlari muhayyo bo‘laversa... Ikkinchidan esa, odamlar o‘z istak va salohiyatlarini ko‘z-ko‘z qilish, namoyon etishda hech qanday to‘siqqa uchramasliklari kerak – ana shunda ular o‘zini baxtli his etadi. Bu zehniyat bugun progressiv qatlamga mansublik belgisiga aylandi. Mazkur qarashlar G‘arb tamadduni hosilasi bo‘lib, mohiyatida psixoanaliz ta’limotining fundamental asoslari yotadi.

 

Taraqqiyotga oid bu xil qarashlar qanday oqibatlarga olib boradi? Bunda ham ikki umumiylik bor: birinchisi – odamlarning xudbinlashuvi, mehr-oqibatning ko‘tarilishi, umuman, ajdodlar insoniylik ildizi deb bilgan qadriyatlarning yemirilishi. Ikkinchisi – sog‘lom aqlga sig‘maydigan hodisalarning targ‘ib qilinishi. Masalan, inson o‘z hayotini o‘z ixtiyori bilan to‘xtatishi. “Xavotir va qo‘rquvlarsiz o‘lish har kimning huquqi” qabilidagi yondashuv natijasida G‘arbda o‘lim kapsulalari paydo bo‘lganidan xabaringiz bor.

 

Shuningdek, transgumanizm atrofidagi bahslar ham kuchaygan, ya’ni inson ruhining bu dunyodagi abadiy hayotini ta’minlash degan gap o‘rtaga chiqmoqda. Biologik vazifalarga muakkil tana o‘ta qulay muhitda yashasa ham baribir kun kelib o‘limga yo‘liqadi. Transgumanizm tarafdorlari fikricha, jism ishlashdan to‘xtasin, jon esa o‘lmasin – ruhni boshqa bir moddaga ko‘chirib o‘tkazish kerak. Sog‘lom mantiqqa zid da’vo bu!

 

Yana bir misol keltiray: hozir kvadrober degan so‘z quloqqa tez-tez chalinyapti. Unga ko‘ra, odam o‘zini biron hayvon deb tasavvur qiladi, o‘sha jonivorga taqlid qila boshlaydi... G‘arbda xavotirli darajada ommalashib borayotgan bu hodisalar ta’sirini yurtimizda ham ko‘ryapmiz.

 

Yoxud erkak yoki ayol o‘z jinsidan norozi bo‘lib, uni o‘zgartirishga harakat qilsa va bu istakni jamiyat qo‘llab-quvvatlasa?! So‘zim avvalida aytganim taraqqiyotning ikki shakli odamlarni oxir-oqibat ana shunday absurd tasavvur va xaos changaliga tashlayotir. Shu bois G‘arb taraqqiyot deb taqdim qilgan model, nazarimda, inson uchun tugal baxtni bera olmaydi. Aksincha, shubha va ikkilanishlar, tubsiz tushkunlik chohiga uloqtiradi. Fikri ojizimcha, taraqqiyot ruh va qalb bilan bog‘liq holda kechishi kerak. Haqiqiy baxt va komillik yo‘li ana shu.

 

Endi Navoiy asarlari oxirgi besh asrda yurtimizda qay darajada o‘qilgani, ommalashgani va u ajdodlarimiz hayotida qanchalik aks etgani masalasiga kelsak. Matnshunoslarimiz guvohlik beradiki, bu davr mobaynida hazrat Navoiy asarlari tinimsiz ko‘chirilgan va o‘qilgan. Hozirda birgina Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti Sharq qo‘lyozmalari markazida “Xamsa”ning XV – XX asr avvalida ko‘chirilgan 170 ga yaqin qo‘lyozmasi saqlanadi. Agar bu sanoqqa qo‘shni mamlakatlardagi qo‘lyozmalarni ham qo‘shsak, Navoiy dostonlarining Markaziy Osiyo intellektual hayotida qanday o‘ringa ega bo‘lganini tasavvur qilish qiyin emas.

 

Herman Vamberi o‘z kundaliklarida Navoiy ijodi va shaxsiyati Turkistondagi uch xonlik aholisi orasida birdek ulug‘langanini yozib qoldirgan. Hazrat Navoiydan keyin turkiy tilda qalam tebratgan biror shoir yo‘qki, ul zotga murojaat etmagan, taqlid qilmagan, ergashmagan yoki o‘ziga murshid deb bilmagan bo‘lsa! Mutafakkir shoir g‘oyalari va qo‘llagan tasvir vositalari deyarli barcha ijodkorlar asarlarida tajalliy qiladi. Sirasi, hazratning oxirgi besh asrda xalqimizning ma’naviy murabbiyi maqomida bo‘lib, gadodan shohgacha, quldan bekkacha, avomdan xosgacha – barchaning ehtiromiga sazovor bo‘lgani mutlaq haqiqatdir. Xo‘sh, mutafakkir shoir qarashlari hayotimizda qay shakllarda zuhur etgan? Bu savolga uzil-kesil va muxtasar javob berishning imkoni yo‘q, albatta. Ammo ayrim muhim nuqtalarni qisqa shaklda qayd eta olamiz: Navoiy Parvardigorga muhabbat g‘oyasini kuyladi; insonni koinotdagi mukarram yaratiq deb bilib, uning hayoti, qadri va qiymatini eng oliy qadriyat deb singdirdi, inson ko‘ngli va tuyg‘ulari pok bo‘lmog‘i lozimligini uqtirdi; dunyoga mayl qo‘ymaslikka, nafsga ergashmaslikka da’vat etdi; adolatni ustun qo‘yib, zulmning ofat ekanini ta’kidladi; o‘limdan qo‘rqmaslikka, hayotni sevishga chorladi... Hazrat Navoiydan keyin yashagan ajdodlarimiz ana shunday qadriyat va tamoyillarni hayotiy shior deb bildilar.

 

G‘arbning taraqqiyot modeli va Navoiy ilgari surgan hayot ma’no-mazmuni haqidagi qarashlar bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi. Serendipity kalimasi G‘arbning turli sohalardagi rivojlanish omili o‘laroq ko‘rilsa, bu ular ulug‘ bobomiz ijodining bir zarrasidan bahramand bo‘lganiga dalil, xolos.

 

“O‘zaro urushlar, xonliklar o‘rtasidagi ziddiyatlar, siyosiy birlikning yo‘qligi, xalqning ayanchli ahvoli-chi? Navoiy g‘oyalari bu holatlarni muolaja qila olmadimi?” deb so‘rashingiz mumkin. Albatta, usmonli turklar Mavlono Jaloliddin Rumiyni o‘z davlatchiligining me’mori o‘laroq ko‘rgani kabi, hazrat Navoiy ijodi ham Movarounnahr xalqlari tafakkuri, yashash tarzi, adabiyoti va madaniyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. Ammo har bir davrning o‘z xususiyati bor, gohida har qanday kuchli adabiyot yoki g‘oyalar ham unga ta’sir qilmasligi mumkin. Alqissa, har bir davr odamlari bebaho bisotdan o‘z nasibalariga yarasha ulush oladilar.

 

Keyingi besh asrda Turkiston xalqlarining madaniyati, yashash tarzi, tafakkuri dunyoning o‘sha vaqtdagi boshqa ellaridan aslo qolishmagan, balki ulardan oldinda bo‘lgan, insonparvarroq bo‘lgan deb ayta olamiz. Xalqimiz zehniyati tajovuzkorlikdan yiroq edi, sokin va tartibli umr kechirish, qadriyatlarga sodiqlik, barchaga yaxshilik qilish xislatlari butun borlig‘imizga singib ketgan edi. Ehtimol, ana shu soddadillik sababli ham bosqinchilarning vahshiy, makkorona hujumlari-yu mislsiz kulfatlarni sezmay qolgandirmiz?! Yolg‘ondan uzoq xalq boshqalardan ham rostgo‘ylik kutadi. Masalan, professor Hamid Ziyoyev general Chernyayev Toshkentni egallash mahali mahalliy aholiga qanday va’dalar bergani, xalqni qay tariqa aldab qurolsizlantirgani xususida qimmatli faktlar keltirgan.

 

Agar xalq zehniyatiga uning adiblari yozgan asarlarga qarab baho bersak, oxirgi besh asrda Ovrupo adiblari yaratgan nasr namunalariga nazar solish ko‘p haqiqatlarni ochadi. Deylik, Onore de Balzak, Stendal, Prosper Merime kabi adiblar zamondoshlarining ma’naviy yemirilishlari, jamiyatdagi bemisl tartibsizliklar, e’tiqodsiz kishilarning fojialarga to‘la hayoti, sofdillik va mardlikning qurbon etilishini qalamga olgan. Milliy adabiyotimizdagi g‘oya va qarashlarni shu aspektda qiyosga tortsak, inson qadri, e’tiqod poydorligi, yaxshiliksevarlik, qadriyatlarga sadoqat, insof va nomus himoyasi o‘ta mustahkam ekanini ko‘ramiz. Ehtimol, shu bois Navoiyning inglizzabon tarjimoni Harri Dik millatdoshlarining ma’naviy xastaligiga davoni shoir asarlaridan izlagandir, “Alisher Navoiy ko‘ngil bog‘ining bog‘boniga o‘xshaydi. Taraqqiyot ortidan quvib, ko‘nglini ajriq bosib ketgan kishilar qalbidan ajriqlarni yulib, ruhoniyatini davolaydigan bog‘bonga...” deb yozgandir.

 

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, hazrat Navoiy ijodi asrlar bo‘yi insoniylik hamda sof e’tiqod qo‘rg‘oni bo‘lib kelayotir. Shoir dunyosidan bahravarlik hamma davr va har qanday sharoitda inson va jamiyatni saodatga yetaklashiga shubham yo‘q.

 

– Hayot nizomi shunday: har qanday ibtidoning intihosi bor. Shunday bo‘lsa-da, internetda o‘qiganim bir ma’lumot sohaga daxldor odam sifatida yuragimga qattiq tegdi: futurologik taxminlarga ko‘ra, kelajakda iste’moldan chiqib ketadigan sohalar ichida filologiya ham bor ekan. Bu taxmin basharti to‘g‘ri chiqsa, filologiyani o‘tmish qutisiga tashlab yuborgan odamzod nimalarni yo‘qotadi?

 

– Men hamisha yaxshi gumonda bo‘lish tarafdoriman. Shundoq ham dunyo shumxabarlarga to‘lib ketgan. Bu sira taxmin-tusmollarning hammasi ham to‘g‘ri chiqavermasligiga aminman. Ayniqsa, filologiya, til va adabiyot sohasi hech qachon o‘lmaydi. Axir, odamzod adabiyotsiz, so‘zsiz, tilsiz yashashi mumkinmi?! Hamma davrlarda so‘z yukini ko‘taradigan, Vatan va tilni himoya etadigan, Navoiy kabi zotlar merosiga sohib chiqib, uni kelajakka yetkazadigan oydinlar paydo bo‘laveradi. Umidim shulki, bu ilohiy iltifot to qiyomat uzilmagay!..

 

Nodira OFOQ suhbatlashdi.

 

“Tafakkur” jurnali 2025-yil 2-son.

Daxlsiz haqiqatlar” suhbati

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:05 / 29.05.2025 0 97
Olam qanday paydo bo‘lgan? – Mifologik tahlil

Tarix

12:05 / 28.05.2025 0 365
Quddusni ozod qilgan xorazmliklar

Tarix

18:05 / 27.05.2025 0 225
Saljuqiylarda qozilik ishlari qanday boʻlgan?

Tarix

17:05 / 27.05.2025 0 181
Sohibqiron bitgan maktublar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//