Ma’naviyat
XIX asrning ikkinchi yarmida Turkiston ustida oʻsha davrning yirik geopolitik kuchlari – Buyuk Britaniya va Rossiya imperiyalarining manfaatlari toʻqnash kelgan, har ikki taraf ham Yevrosiyoning “Xartlendi”ni oʻz taʼsir doirasiga olishga urinardi. Shu sababli ehtimoliy urush yoki bosqinga tayyorgarlik sifatida har ikki tarafning aygʻoqchilari mintaqaga turli yoʻllar bilan kirishga va oʻlkaning siyosiy, iqtisodiy, madaniy hayotiga doir maʼlumotlarni toʻplashga intilgani maʼlum. Zamona zayli bilan bu vazifani asosan, mintaqaning tili va madaniyati boʻyicha mutaxassis-tadqiqotchilari bajarishgan. Ular sayyoh, tijoratchi, darvesh, qalandar qiyofasida Buxoro amirligi, Xiva hamda Qoʻqon xonligi hududlariga kirib kelib, faoliyat olib borgan. Ularning barchasi poytaxt Buxoro qatori bundan atigi toʻrt asr ilgari dunyo poytaxti maqomigacha koʻtarila olgan, oʻz bagʻrida Ikkinchi Turk-islom Uygʻonish davrini parvarishlagan, dunyoga ilm-u irfon, maʼnaviyat va maʼrifat tarqatgan Samarqand shahriga albatta toʻxtab oʻtgan. Chunki buyuk Amir Temurning boshkentini koʻrish, uning shavkatli va ishtihkomli tarixidan bugungi kunga nelar qolganini tasbit etish maroqi har bir istihboratchi, sharqshunos, turkolog, islomshunos mutaxassisning diqqat markazida turgan. Ana shunday mutaxassislardan biri vengriyalik sharqshunos-turkolog olim Herman Vamberi (Vambery, Frederik Hermann) boʻlib, uning Turkistonga sayohat kundaliklari va boshqa ilmiy asarlari oʻz davrida Yevropa jamoatchiligi oʻrtasida, qitʼaning sharqshunoslik va turkologiya fanida shov-shuvlarga sabab boʻlgandi.
H.Vamberining xotiralari “Travels and Adventures in Central Asia” nomi bilan avval inglizcha (London, 1864) , “Reise in Mittelasien” nomi bilan esa nemis tilida (Leipzig, 1865) chop etilgan. Bu asarga eng uygʻun nom uning turkcha tarjimasi eʼlon qilinganda qoʻyilgan: Bir sahte dervişin Asya-yı vustada seyahatı (İstanbul, 1878) – Bir soxta darvishning Oʻrta Osiyoga sayohati.
Haqiqatan ham bu diyorga undan oldin zobit, tujjor, sarrof qiyofatida kelgan ne-ne yevropalik zotlar Minorayi kalondan pastga uloqtirildi yoki olomon tomonidan sazoyi qilinib, mahv etildi. Ammo Vamberining analitik aqli oʻsha davr muhiti uchun eng maqbul variantni tanlagan edi – darvishlik. Aynan darvish qiyofasi bilan u sogʻ-omon sayohat qildi va kezuvdan keyin butun dunyoda yanada mashhur boʻldi, shuhrat shohsupasida yashadi.
Herman Vamberi aslida kim edi?
Herman Vamberi 1832-yil 19-martda Avstriya-Vengriya imperiyasining Nidermarkt shahrida kambagʻal yahudiy oilasida tugʻilgan. Bolalik chogʻlaridan til oʻrganishga iqtidorli Herman 8 yoshidayoq venger, yahudiy va slovak tillarini bilardi, keyinchalik ular yoniga nemis tili ham qoʻshildi. 20 yoshga kirganida turkologiyaga qiziqib qolgan Vamberi venger amaldori bilan birga Usmoniy turk saltanatining poytaxti – Istanbulga yoʻl oladi. Bir necha yil usmonli turk tili va adabiyotini, musulmonlarning yashash tarzini, mentalitetini jiddiy oʻrganadi. Herman Istanbulning muhitiga shu qadar oʻrganib ketadiki, Usmonli davlatining hukmron doiralari bilan tanishish, keyinchalik, Mehmet Fuad poshoning kotibi darajasiga koʻtarilishga erishadi. Hermen usmonli tilida yozilgan koʻplab asarlarni nemis tiliga tarjima qiladi, turk tili va boshqa turkiy tillar grammatik qurilishiga doir asarlar yaratadi. Yevrosiyo qitʼasining juda katta qismiga tarqalgan turkiy tillarni va turkiy xalqlar sivilizatsiyasining markazi – Turkistonni yaqindan oʻrganish uchun bu yerlarga sayohat qilishga Herman Vamberi, ehtimol, oʻsha yillari qaror qilgan edi. Bungacha u oʻsha davrning venger tarixchi, tilshunos va jamiyatshunos olimlari qatori vengerlarning kelib chiqishlari va etnik ildizlari haqida tadqiqotlar olib borgan. Vamberi yetuk tarix, til va etnologiya mutaxassisi sifatida kelgan xulosasi shu ediki, vengerlar avvalboshda ugor aslli xalq boʻlishidan qatʼiy nazar, uning keyingi ming yillik tarixida turklik boʻrtib koʻrinib turadi: “oila, din, davlat boshqaruvi, harbiy ish, odob-axloq va udum-odatlarga oid tushunchalarni ifodalovchi soʻzlarning katta qismi turkchadir. Qisqacha shunday izohlash mumkin, vengerlar (mojorlar) davrlar oʻtishi bilan turklashgan va dunyo tarixiga turkiy xalq sifatida kirgan ugor aslli bir xalqdir”. Bunday fikrlarning muallifi dunyo turklarining ona Vatani Turkistonga sayohat qilishga jazm etmasligi mumkinmidi?
A.Vamberining 40 yoshlardagi moyboʻyoq rasmi. U Turkiston safariga chiqqanida hali oʻttiz yoshga toʻlmagan edi.
Yirik nemischa-turkcha lugʻatni yaratgani, usmonlichadan qilgan tarjimalari va turkiy tillarga doir tadqiqotlari uchun Vengriya Fanlar akademiyasi muxbir aʼzoligiga saylangan va uchqur ilmiy karyera qilganiga qaramay, 1861-yilda Herman Vamberi azaliy orzusiga erishish uchun Rashid efendi ismli turk darveshi qiyofasiga kiradi va Trabzon orqali Tehronga borib, u yerda Makkadan, haj safaridan qaytib kelayotgan turkistonlik hojilar karvoniga qoʻshiladi.
Aytilganidek, Turkiston sayohati oldidan Vamberi sharqshunos-turkolog sifatida Yevropada yaxshi tanilgan, uni Budapeshtda, Vena-yu Berlinda, London-u Istanbuldagi ilmiy-siyosiy doiralarda yaxshi bilishardi. Musulmon jamiyatlari aslzodalariga elakishib ketishi, oddiy musulmonlar bilan til topisha olishi, turkiy tillar va shevalarda mukammal gaplashishi Hermanning eng kuchli tomoni edi. Bu xususiyat oʻsha davrdagi ingliz maxsus xizmatlarining eʼtiboridan qochmagan koʻrinadi. Shu sababdan boʻlsa kerak, baʼzi manbalarda Herman Vamberi sayohati oldidan Londonga borib kelgani, ingliz maxfiy xizmatlaridan Turkistondagi sayohat va Rossiya imperiyasining Markaziy hamda Janubiy Osiyodagi ingliz mustamlakalari tomonga siljib borishining oqibatlari xususida maʼlumotlar toʻplash boʻyicha yoʻl-yoʻriqlar olgani maʼlum qilinadi. Hermanning Turkiston safari kundaliklarini oʻqiganingizda Markaziy Osiyo istilosiga tayyorlanayotgan rus hokimiyati haqida talay salbiy fikrlarga duch kelasiz, bu hol yuqoridagi fikrlarda jon borligiga ishoradir. Turkiston sayohatidan keyin Vamberi ilmiy hisobotini ingliz ilmiy jamiyatlarida bayon qilish bilan ham bu aloqani tasdiqlagan edi (Darvoqe , 2005-yilda, oradan 140-yil oʻtgach, Angliya Milliy arxivi Vamberi bilan bogʻliq hujjatlarni oshkor qildi. Bu hujjatlarga koʻra, Vamberining Turkistonga sayohati ingliz razvedkasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ekan).
Bolalikdan nogiron (choʻloq) va nimjon boʻlishiga qaramay, Vamberi yoʻlga chiqarkan, hamrohlariga oʻzini Buxoro, Xiva, Samarqand kabi moʻtabar shaharlarni koʻrishga va bu yerda oʻtgan aziz-avliyolar qabrini ziyorat qilishga orzumand bir turk fuqarosi – Rashid efendi sifatida tanishtirgan.
Vamberi – Rashid afandi turkistonlik hojilarda ham, Buxoro, Xiva maʼmurlarida ham, oddiy insonlarda ham bir necha istisnoni hisobga olmaganda, hech qanday shubha uygʻotmagan. Zotan, Eronda bir muddat qolgan Vamberini darvishdan ajratib boʻlmas edi. Shu oʻrinda, Turkistonga borishdan oldin ingliz va turk elchixonasi vakillari ham uning venger ekaniga uzoq vaqt ishonolmaganini qayd etish kerak. Sayohatidan oldin va keyin ham uning Turkiston va turkistonliklarga nisbatan katta hurmat va muhabbati boʻlgani xotiralarida yaqqol koʻzga tashlanadi. Turkiston safaridan keyin qaytish yoʻli xotiralarida oʻzbeklar haqida yozgan quyidagi satrlariga eʼtibor bering: “Meni kelajagim xavotirga sola boshladi, ayniqsa, yaqinlashib qolgan qish, chunki forslar chegarasiga yetgunimcha hali koʻp yoʻl bosishim kerak edi, hamyonimni toʻldirish boʻyicha boʻlgan barcha urinishlarim chippakka chiqqandi. Shunda hayot tajribamga suyanib oʻzimga taskin berdim: darvesh, hoji, gado hech qachon oʻzbekning uyidan quruq qaytmaydi, menga hamma joyda ham bir burda non va meva-cheva, baʼzi joyda esa eski kiyim-kechak berishlari mumkin, bu esa sayohatimni davom ettirishimga bemalol yetar edi...
...Bu yerda Chechaktuda (Shimoliy Afgʻoniston hududlari – Muall.), men oxirgi marotaba oʻzbeklarni uchratdim va ochigʻini aytishim kerakki, bu halol, pok, vijdonli, toʻgʻri, sofdil, ochiqkoʻngil odamlar bilan qattiq oʻkinish bilan xayrlashdim”.
Turkistonga kirib kelayotganda esa Xiva yoʻlida Aday viloyatidan oʻtar ekan, uni gʻalati hayotiy falsafasi bilan mot qilgan koʻchmanchi qozoq ayolining aqli va mantigʻidan hayratga tushgan holda ochiqcha mehr bilan yozadi, “Xotiralar”da oʻqiymiz: “Sakkiz yuzga yaqin chodirdan iborat olomon qirgʻizlar (H. Vamberi oʻsha davrning turkologlari odati boʻyicha qozoqlarni qirgʻiz termini bilan atagan) bu yerdan koʻchib ketishga hozirlik koʻrayotgan edi. Kelasi uch oy davomida yuqoriroq joylarga borishlarini aytishdi. Ularning ayollari doimo oziq-ovqat olib yurishadi. Ular menga bir boʻlak pishloq taklif qilishdi, uning taʼmi hali ham ogʻzimda. Menga bu yoqqanini koʻrib, uni tulupi bilan birga sovgʻa qilmoqchi boʻlishdi. Aytishim mumkinki, yer yuzida bunday mehmondoʻst xalq yoʻq. Ayollari juda chiroyli edi. Boshqa sharq mamlakatlari ayollari kabi begona erkaklardan qochib, bekinib yurishning hojati yoʻq. Ularning yuzlari, qoʻllari...ochiq edi. Kiyimlari ularga juda yarashgan. Suhbat chogʻida bir qirgʻiz ayolidan nega ular bir joyda qoʻnmay, koʻchmanchi hayot kechirganliklarini soʻradim. U menga shunday javob berdi:
“Dunyoda faqat oʻlik va jonsizlar harakatsiz qoladi. Siz doimo bir joyda yashaydigan hayvonlar turini uchratganmisiz? Xudo odamlarni Oʻzining neʼmati boʻlgan Yerni koʻrish va sayohat qilish uchun yaratdi. Bunday katta olamni sayohat qilish va koʻrish uchun inson umri zoʻrgʻa yetadi... Shu sababli biz koʻzimizni oʻzgarmas manzaralar bilan cheklashga haqqimiz bormi?
Bu mantiqqa javob topa olmadim, lekin koʻchmanchilik mashaqqatli va qiyin, dedim. Qirgʻiz ayol bosh chayqadi:
- Bu soʻz siz mullalarga yarashadi. Biz koʻrgan har bir yangi narsaning mohiyatini oʻrganishga harakat qilamiz. Biz koʻrgan narsamizni, qanday koʻrsak, shunday qabul qilamiz. U yaratgan har bir narsaning ichini bilish Allohga xosdir. Unga xizmat qilish va yaratganlarini tashqi koʻrinishi bilan qabul qilish kifoya. Kechasi choʻlga chiqdingizmi?.. Dunyo katta, jonzotlar koʻp va biz insonlar ularning kichik bir zarrasimiz. Biz oʻlganimizda, yerga tushamiz, yerda harakatsiz qolamiz va chiriymiz. Yashash davomida sayohat qilish, koʻrish, harakat qilish kerak ...
Oʻsha paytda gʻalati voqea sodir boʻldi. Qoʻylar podasiga bu yerlarda juda koʻp boʻlgan, kunduzi qishloq va ovullarga yashirincha kirib boradigan bir necha shoqollar hujum qildi. Ayol kulib dedi:
- Mana, mulla... Agar shoqol harakatda boʻlmaganida, ochlikdan oʻlib ketardi. Odamlar ham shunday. Vaqti keladiki, bir joyning ob-havosi inson salomatligiga zarar yetkazadi... Sayohat qil, koʻr, rohat-la, yashashni bil... Qora tuproq ostida qancha qolishingni bilasanmi?
Bu soʻzlardan keyin ikki haftalik choʻlda yoʻl yurish azobini unutgandek boʻldim...”
Herman Vamberining sayohat xotiralarida Samarqand tasviri
Samarqand haqidagi kuzatishlar Herman Vamberi “Xotiralari”ning oʻninchi bobida bayon qilingan. Buxorodan qoʻqonaravada yoʻlga chiqqan va toʻrt-besh kun bu oʻta noqulay transport vositasida yurish azoblarini chekkan darvishning Samarqandga yaqinlashganida qanday hayajonga tushganini tasavvur qilsa boʻladi. Sayyoh oʻsha paytdagi “aholisining uchdan ikki qismi oʻzbeklardan va uchdan biri tojiklardan iborat” deb taʼriflagan 25-30 ming kishilik nufusga ega boʻlgan shaharga hozirgi Samarqand-Toshkent yoʻli oʻtgan Zarafshon koʻprigi tarafidan kirib kelgan koʻrinadi va uning eʼtiborini tortgan ilk narsa Choʻpon ota qirlari boʻlgan. U Choʻpon otaning musulmon mualliflar tomonidan Makkatullo yaqinlaridagi Shubatana togʻiga oʻxshatilganini eslaydi va tepaliklaridan biriga tirmashib chiqqach, Amir Temurning bir vaqtlardagi shukuhli poytaxtiga nazar tashlaydi: “Bu tepadan goʻzal sahro ichidan joy olgan Amir Temurning eski poytaxtini (Samarqandni) koʻrdim. Tong quyoshi shafaqlari ostidagi shaharning moviy qubbalarini, rang-rang minoralarining jonli manzarasi, ayniqsa, Temurning maqbarasining oʻziga xos uygʻunligi va goʻzalligi, eʼtirof etishim kerakki, boshlangʻichda koʻzlarimga juda yoqimli koʻrindi”.
Shaharga yaqinlashib kelar ekan, sayyohning eʼtiborini oʻsha vaqtlarda mavjud boʻlgan shahar mudofaa devorlari tortadi. U devorlarni eski va yangi deb ikkiga ajratarkan, eskisining juda xarobligi, yangisining ham 19 asr harbiy qurollari qarshisida ojiz qoladigan ahvoldaligi eʼtiborini tortadi. (Afsuski, shahar devorlari Vamberi tasvirlayotgan davrdan atigi 7-yil keyin, 1868-yil, 2-may kuni oʻlkaning yangi istilochilari – Chor Rossiyasi qoʻshinlarining hujumiga dosh berolmaydi, shahar bir kunlik janglardan keyin taslim boʻladi) Bir vaqtlar, oʻzidan (Vamberidan – muall.) qariyb 456-yil ilgari Amir Temur saroyiga sayohat qilgan Kastiliya qiroli elchisi Rui Gonzales Klavixo tasvirlagan shahar devori shu eski devor boʻlsa kerak, degan xulosaga boradi. Shuningdek, muallif Amir Temurning mashhur “Koʻksaroy”ini nazarda tutib, shahar qalʼasining ichida “Ichki qalʼa” mavjud edi, deb yozadi. Bir necha kundan keyin Vamberini Amir Muzaffarxon qabul qiladi va u oʻshanda qalʼani ziyorat qilishga musharraf boʻladi.
Sayyoh darvishning eʼtiborini shahardagi maktab, madrasa, ziyoratgohlar tortadi. U hojilar uchun maxsus karvonsaroyda atigi bir kun turib, ertasi kun Amir Temur maqbarasi yonidagi mahallaga joylashadi. “Devonaning ishini Xudo toʻgʻrilaydi”, deganlaridek, u koʻchib oʻtgan uyning egasi amir qoʻshinining zobiti hamda hukmdorning Samarqanddagi saroyining qoʻriqchisi edi.
“Hoji sifatida sayohat qilayotganim tufayli ilk borib koʻrishim kerak boʻlgan joylar maqbara va ziyoratgohlar boʻlishi lozimligini bilardim. Ammo tarixiy jihatdan qimmatli boʻlgan bu inshoot va asarlarning har birining oʻz diniy hikoyasi bor, aholi koʻz oʻngida muqaddas edi. Shu sabab ularning birini boshqasidan afzal koʻrishda muammo yoʻq, joylarni emin-erkin ziyorat qilib, kerakli maʼlumotlarni qoʻlga kiritar hamda ajoyib-gʻaroyib hikoyalar tinglab, zavqlanar edim”. “Xotiralar”dagi bu gaplar oʻsha paytdagi Turkiston jamiyati ahvolini juda yaxshi ifodalaydi: madrasalarda ilm oz, hamma yerda bidʼat, johillik, toʻqib-bichilgan afsonaviy hikoyalar bilan ovunuvchi xalq. Bir yevropalikning koʻzida rus istilosi arafasidagi ahvolimiz ana shunday edi.
Vamberining Samarqand xotiralarida Amir Temur va uning davridan qolgan obidalar haqidagi qismlar alohida oʻrin tutadi. Sayyoh shahar aholisining Amir Temur haqida soʻzlar ekan, “uning Oʻtrordagi oʻlimi haqidagi xabar yangi kelgandagi kabi” gapirishiga eʼtibor qaratadi, buyuk jahongirning oʻlimidan keyin oʻsha yili (1861-62) 456-yil oʻtganiga qaramay, uning avlodlari hali ham sohibqironga katta hurmat bilan qarashini va hatto sigʻinishini eslatib oʻtadi.
Usmonli sultoni oʻsha davrda butun dunyo musulmonlarining xalifasi unvonini tashigani uchun uning “vatandoshi” – Rashid afandiga, darvish boʻlishiga qaramay, tegishli hurmat-izzatni koʻrsatishgan. Ammo Vamberi Amir Temur sagʻanasini ziyorat qilayotganida, bu maqom uncha ish bermaganini, mahalliy aholi uning Temurdan jangda yengilgan podshohi – Yildirim Boyazid magʻlubiyati haqida hazil-kinoya aralash soʻroqqa tutib, muzaffar podshohning mozori boshida qanday tuygʻularni his qilayotganini soʻrashganini yozadi. Biroq Vamberi, bu gaplardan farqli maqbaraning qoʻriqchisi uni bir kun oqshomgacha ushlab turib, ziyoratchilar oqimi tugagach, binoning pastki qavatidagi haqiqiy xilxonaga olib tushgani, bu hol unga misli koʻrilmagan gʻurur bagʻishlaganini ham yozadi.
Sayyoh Temurning avlodlarinikidan qolishmaydigan hurmat bilan jahongirning maqbarasi, pir-u ustozlari, oʻgʻillari, nabiralari haqida batafsil maʼlumot berib, bu makondagi osori atiqalarni tasvirlarkan, mavzuga doir chuqur bilimlarga egaligi namoyon boʻladi. Darvoqe, Bursadan – Sulton Boyazidning xazinasidan olib keltirilgan Usmon Qurʼoni va maqbaraga kiraverishdagi ohanin darvozani soʻngi bor koʻrgan yevropalik ham A.Vamberi boʻlgan. Maʼlumki, 1868-yilda, shahar hali olinar-olinmas, bu yerga V.V.Radlov va boshqa turkolog, sharqshunoslar yetib kelgan hamda ularning tavsiyasiga koʻra, shahardagi koʻlga ilinadigan barcha tarixiy eksponatlar, jumladan, yuqoridagi ikki asar ham Sankt-Peterburg muzeylariga olib ketilgan.
Vamberi “Koʻksaroy”ni tasvirlarkan, bir vaqtlar shu yerdan turib Amir Temur dunyoning teng yarmini boshqarganiga urgʻu beradi. “Tolori Temur” deb atalgan Sohibqironning keng va uzun qabulxonasida tobe oʻlkalarning amirlari qator tizilib, hukmdorga ehtiromlarini qoʻl qovushtirib izhor qilganini oʻquvchining koʻz oʻngiga keltiradi. Shuningdek, u mashhur “Koʻktosh”ni koʻrganini yozarkan, jahongir taxtining yonboshida saqlanuvchi tosh Sohibqiron boʻysundirgan mulklarning amirlari yukunadigan joy boʻlgani haqidagi rivoyatlarni keltiradi. Sayyoh tashrif buyurgan paytda toshning yonboshidagi devorga Usmonli xalifalari – Sulton Mahmudxon va Sulton Majidxonlarning Buxoro amiriga “amir-al moʻminin” unvoni berilgani hamda juma namozida nomiga xutba oʻqilishi huquqi berilishi xususidagi ikki farmoni osib qoʻyilganini koʻrgan. Bu esa oʻsha davrda Usmonli davlati bilan Buxoro amirligi orasida siyosiy-ijtimoiy aloqalarning izchil davom etganini isbotlaydi.
Vamberi Amir Temurning masjidi, uning shahar tashqarisidagi yozlik saroyi haqida maʼlumot beradi – u xalq orasida hozirgacha Bibixonim masjidi deb yuritiladigan Masjidi jomeʼni nazarda tutgan, shekilli. Chunki, u yozlik saroy shaharning janubi-gʻarbida joylashgan va uning sirli zinalardan keyin bir tor dahliz orqali Shohi Zinda maqbarasiga boriladi, deb koʻrsatganiga qaraganda, xotiralarini bayon qilishda haqiqatan ham chalkashlikka yoʻl qoʻyganini koʻramiz. Shohi Zinda ansambli bir yarim ming yildan buyon mavjud va bu yerda Qoraxoniy sulolasi davridan eʼtiboran maqbaralar qurila boshlangan, shu jumladan, Sohibqironning opa-singillari, xotinlari qabri ustiga buyuk amir tarafidan qurilgan maqbaralar ham bor. Buni A.Vamberi bilmasligi mumkin emasdi va bu xotiralarini qogʻozga tushirishdagi chalkashlik boʻlgani bilan tushuntirilishi mumkin xolos (A.Vamberi kuzatishlarini venger tilida, arab alifbosida yozib borganini va bu yozuvlarini ingliz elchixonasi doktori bergan zahar (sayyoh fosh boʻlib, tang ahvolda qolganida oʻlimni tezlashtirish va osonlashtirish uchun berilgan) singari sir tutganini xotiralarida bir necha yerda eslatib oʻtadi). Bu chalkashlikka Qusam ibn Abbos maqbarasi ichida saqlanayotgan, mahalliy aholi tomonidan Amir Temurniki deb hisoblanadigan uch bayroq, qilich va zirh-u qalqon ham sabab boʻlgan boʻlishi mumkin (Vamberi bu maʼlumotning haqiqiyligiga shubha bilan qaraydi).
Vamberi oʻsha paytda Samarqandda 40 ta madrasa boʻlgani, ammo ularning koʻplari boʻm-boʻshligini afsus bilan qayd etadi. Mirzo Ulugʻbek madrasasi qurilish tarixi 1434-yil, Ulugʻbek rasadxonasiniki 1440-yil deb yozarkan, rasadxonaning 1701-yilda xarob boʻlgani, undan keyin bu yerni tadqiqotchilar emas, boyqushlar maskan tutganini taʼkidlaydi. Shunisi eʼtiborliki, rasadxonani sayyoh yerga koʻmilib ketgan, joylashgan yeri aniq boʻlmagan bir tarixiy makon sifatida tasvirlamaydi, u Samarqandga kelgan paytlari rasadxona xarobalari hali mavjud boʻlgan, shekilli. Ammo oradan 50-yil oʻtgach, rus arxeologlari uni katta qiyinchiliklar bilan qazib ochadi. Bu yerda toʻxtalib oʻtish kerak boʻlgan ikki muhim jihat bor: Ulugʻbek madrasasi va rasadxonasining qurilish tarixidagi yanglishishlar hamda rasadxonaning toʻsatdan “yerga koʻmilib ketishi” masalasi.
Maʼlumki, Ulugʻbek madrasasining qurilish tarixi aniq-ravshan: 1417-1420-yillar bunyod qilinib, 1420-yil, 21-sentyabrda ishga tushirilgan. Ulugʻbek rasadxonasi esa 1424-28 yillarda qurilgan. Vamberi bu masalada nega yanglishgan? Nazarimizda, qanchalik bilimdon boʻlmasin, u gʻarb sivilizatsiyasining vakili edi, shu sabab sharq musulmon xalqlarida amalda boʻlgan hijriy-qamariy yil va hijriy-shamsiy yil hisobini milodiy yil hisobiga oʻtkazishda unchalik epaqali boʻlmagan koʻrinadi. Yoki bu hol Vamberi maʼlumotlarni olgan manbalardagi noaniqliklardan, xatolardan kelib chiqqan boʻlishi mumkin.
Vamberi Samarqandga kelganida xarobalari, qurilgan joyi aniq-ravshan boʻlgan Ulugʻbek madrasasi qanday qilib u 50-yil ichida yer qaʼriga singib ketgan? Bu savolga taxminiy javobni Vamberining xotiralaridan topish mumkin. U (Bibi)xonim madrasasining aholi tarafidan tinimsiz buzilib, qurilish materiallari olinayotganini oʻz koʻzi bilan koʻradi, afsuslanadi. “Xotiralar”da oʻqiymiz: “Shaharning Buxoro darvozasi yonida Temurning xotinlaridan biri boʻlgan Xonim madrasasi bor. Bir vaqtlar bu madrasada mingdan ziyod talabalar taʼlim olishgan deyishadi (buni mubolagʻa, deb hisoblayman), eski holi koʻrkam bino boʻlganini bugungi xarobalardan ham bilsa boʻladi. Bu buyuk madrasaning omon qolgan uch devori, old tarafdagi peshtoqi, eshiklari va minoralari meʼmorlik sanʼatining ajoyib namunalaridir. Bino oldidagi yoʻlaklar gʻishtdan yasalgan mozaika kabi edi. Gʻishtlar bir-biriga shunday goʻzal shaklda va oʻzaro moslab birlashtirilgan ediki, undan hayratda qoldim... Bu madrasani (xalq) har on choʻkich va ketmon bilan buzishga intilar edi. Samarqand xalqining gʻisht va marmardan bunyod etilgan bu inshootni toʻlasicha buzishi (tashib ketishlari) uchun ikki yuz – uch yuz yil kabi bir zamon lozim”. Afsuski, ana shu oʻtmish madaniy merosimizga befarqlik, hatto uni buzib, oʻz manfaati uchun ishlatish bundan 160-yil oldin bor edi. Buyuk ehtimol ila, Ulugʻbek rasadxonasining ham 19-asr oxirida birdan tarixiy xotiradan oʻchirilishi, uning xaroba holidan arxeologik obyekt maqomiga oʻtishi ana shunday yoqimsiz hol bilan bogʻliq.
Herman Vamberining Turkiston sayohati xaritasi
Samarqand haqidagi xotiralarda Buxoro amiri Muzaffarxon bilan uchrashuv sahnasi markaziy oʻrinni egallaydi. Amir oʻsha kezlari Qoʻqon xonligi ustiga qilgan yurishida muzaffar boʻlib, Samarqandga gʻoliblarga xos asʼasa-dabdaba bilan kirib kelgani, butyn shaharda avjiga chiqqan ziyofatlarni ikir-chikirigacha tasvirlagan sayyoh amirni tevarak-atrofi kitoblar bilan qurshalgan taxtda oʻtirgan qirq yoshlardagi, semizlikka moyil kishi sifatida koʻrganini yozadi. Amir uni yolgʻiz qabul qilishni istaganini eshitgach, xabardan va yosh hukmdorning vajohatidan vasvasaga tushayozganini, ammo oʻzini oʻnglab olib, darvishlarga xos savdoyi qiyofasida hukmdor huzuriga kirar-kirmas, salom-alikdan keyin poygagiga oʻtirib olganini yozadi. Chunki, Herman darvishlari saroy etiketining mayda-chuyda qoidalariga amal qilishi shart emasligini bilardi, kutilganidek, amir uning takallufsizligiga eʼtibor bermaydi. Shu yerda amir va darvish oʻrtasida keyinchalik el tiliga doston boʻlgan suhbat boʻlib oʻtadi:
Amir Muzaffar: Hoji, eshitishimga koʻra, Hazrat Bahovaddin va boshqa aziz-avliyolarni ziyorat qilish uchun Rumdan kelibsan. Shu rostmi?
Rashid afandi: Shunday, sultonim, shu bilan birga afandimizning (amirni nazarda tutmoqda – Muall.) pok jamolini koʻrishni ham istagan edim.
Amir Muzaffar: Bu qadar uzoq yerdan kelishing uchun boshqa maqsading boʻlmagani juda qiziq.
Rashid afandi: Aslo, sultonim. Boshqa hech qanday niyatim yoʻq va buning hayron qolarli joyi ham yoʻq. Buxoroi sharif bilan Samarqandi latifni koʻrishni koʻpdan beri istagandim va hatto sogʻingan edim. Bu shunday Samarqandki, Shayx Jaloliddin(Rumiy)ning taʼbiri bilan aytganda, koʻngil uning muqaddas tuproqlari ustida oyoq bilan yurishga buyurmas, qabul etilsa bosh bilan yurish lozim. Xullas, bu foniy olam bilan hech ishim boʻlmay, uzun muddatdan beri dunyo hojisi sifatida dunyoning toʻrt tarafini kezmoqdaman.
Amir Muzaffar: Nimalar deyapsan? Sening kabi choʻloq odam dunyo hojisi boʻlar ekanmi? Yana takrorlayman, bu juda hayratlanarli bir hol.
Rashid afandi: Afandim, qurboningiz boʻlay, buyuk bobokaloningiz Temur ham oqsoq boʻlgani holda dunyoni fath etgan emasmidi?
Bu javob amirga juda yoqqanini, keyin sayohat haqida boshqa mayda-chuyda savollar bergani, suhbatning bu qismi arabcha va forscha kechgani va sayyoh oʻzining diniy, dunyoviy, ilmiy bilimlari bilan amirni lol qoldirgani uchun hukmdor tarafidan ikki boshdan-oyoq sarpo va 22-23 frank bahosida oltin tanga bilan mukofotlaganini Vamberi ochiqcha gʻurur bilan yozadi. (Bu oʻrinda ham Rashid afandi haqiqiy darvishning ishini qiladi, u “pul va dunyo moli darvishni buzadi”, deb amirning hadyasini muhtojlarga ehson qilib yuboradi va atrofidagilarning ehtiromiga yana bir bor sazovor boʻladi) Haqiqatan ham shunday, sayohati davomida ikki-uch marta “kofirlik”da ayblangan, har safar baxtli tasodif, aqli va bilimi soyasida omon qolgan sayyoh bu gal amirning ehtiromiga sazovor boʻlgan edi. Endi u emin-erkin safarini davom ettirishi mumkin edi va shunday ham boʻladi.
Joʻliboy ELTAZAROV,
filologiya fanlari doktori, professor
Ma’naviyat
Tarix
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Jarayon
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q