Voqealari yo‘q tarix
Unga 2010-yilda duch kelgandim. Aylanib o‘tib ketishning sira iloji bo‘lmagandi. Unda o‘zbek mumtoz adabiyotining yuz yildan beri hayron holatda o‘tirgan ikki ulug‘ ijodkorini ko‘rgandim. Ularni bunday ahvolda uchratgan yolg‘iz men emas ekanman. Ular bir asrdan beri voqealari yo‘q tarix hududidan chiqolmay yurgan Boborahim Mashrab va Ro‘ziboy Mashrab edi. Oradan o‘n besh yil o‘tib, bugun yana yo‘lim shu yerga kelib taqaldi. Qani, nimadir o‘zgardimikan? Yurt o‘tmishidan ikki Mashrab boboga tegishli voqealar topildimikan? Voqealari yo‘q tarixning ahvoli keyin nima kechdi?
* * *
Qashqadaryoda xizmat safarida yurganimda Qarshi – Chiroqchi katta yo‘li yoqasida bir til-adabiyot o‘qituvchisi qurimizga kelib qo‘shildi. Salom-alikdan so‘ng “Sizni tanidim, o‘n yilcha oldin “Mashrab” kitobingizni o‘qigandim. Undagi ma’lumotlar, mulohazalar menda va boshqa domlalarda ham kuchli taassurot qoldirgandi. Biroq oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay ularning ilmga hech qanday foydasi, ta’siri ko‘rinmadi. Darsliklarga biror o‘zgarish kiritilmadi, Boborahim Mashrabga oid ma’lumotlar o‘sha eski holicha turibdi. Hozirgacha o‘quvchilarimga bu mavzuda dars o‘tishga qiynalaman. Tadqiqotchilarning haqiqatga yopishmay turgan ko‘plab talqinlari va tarixiy voqealari o‘z o‘rnini topolmay har tarafga sochilib ketgan... O‘qituvchining ahvolini o‘zingiz tasavvur qilib olavering. Yosh avlodga bunday ma’lumotlarni berish – ularni aldash deb o‘zimdan norozi bo‘laveraman” degandi u.
O‘sha yo‘l yoqasida ikki Mashrab haqidagi gurung ancha cho‘zildi. Voqealari yo‘q tarix... Keling, bugun unga birgalikda nazar tashlaylik. Balki o‘sha voqealarni ular yo‘q joylardan qidirib yurgandirmiz.
Domlaning iztirobi
Mendan biryo‘la ikki Mashrab to‘g‘risida batafsil ma’lumot berishni so‘rashdi. Jurnalning bitta sonida bir maqola bilan bu ishni uddalab bo‘lmas ekan. “Menga qolsa, jurnalning bir sonini to‘liq shu mavzuga bag‘ishlardim”, – dedi do‘stimiz Furqat Meli. Lekin bizda bunday imkoniyat yo‘q.
2025-yil aprel oyida Islom svilizatsiyasi markazida amalga oshirilishi mo‘ljallangan tadqiqotlarning medialoyihasiga taklif qilindim. Unda “Boborahim Mashrab hayoti va ijodiy merosi” degan mavzu birlamchi qo‘lyozma manbalar asosida yangicha ilmiy talqinlar bilan yoritilishi so‘ralgandi. Maktabda dars beruvchi o‘sha til-adabiyot o‘qituvchisining iztiroblari ko‘nglimda yana qo‘zg‘aldi. Ha, qani 2010-2011-yillari “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida Boborahim Mashrab shaxsi va ijodiga oid bo‘lgan bahs-munozaralardan keyin bu mavzuda qanday yangiliklar, kashfiyotlar bo‘ldi ekan? Bu juda muhim va qiziq.
2011–2015-yillardan keyin yurtimizda ushbu mavzuda ayrim tadqiqotlar o‘tkazilib, bir qancha maqola va kitoblar chop qilinibdi. To‘rtarmoqda ular kutilganidan xiyla ko‘p chiqdi. Turkiyalik qardosh olimlar ham ayniqsa keyingi 25 yilda Boborahim Mashrab hayoti va ijodi mavzusida sermahsul ijod qilgan ekan. Tadqiqotlar ko‘lamining nihoyatda kengligi sababli bu maqolada faqat shoirning hayoti yoritilishiga to‘xtalamiz. Xo‘sh, turk olimlari bu hassos shoirning o‘zbek mumtoz adabiyotidagi o‘rnini qanday tasavvur qiladi? Balki ular shoir tarjimai holini ba’zi muhim yangiliklar bilan to‘ldirgandir?
Keyingi yillarda Turkiyada mashrabshunoslik sohasi yetakchilaridan biriga aylangan Sadi Gedik o‘z tadqiqotida Mashrabning tavallud sanasi ilmiy adabiyotlarda 1640/1641, 1653, 1657-yillar bilan ko‘rsatilishi va ular orasida 1640-yil to‘g‘riroq deb qabul qilinganini ta’kidlaydi[1]. Bu ma’lumotga Mashrab Koshg‘arda yetti yil Ofoqxoja xonaqohida ta’lim olgani va 1711-yili Mahmud qatag‘an tomonidan o‘ldirilganini qo‘shimcha qiladi[2].
“Turk adabiyoti asarlari lug‘ati”ning (TAAL) oxirgi jildida ham Mashrabning tug‘ilish va o‘lish sanalari yuqoridagi kabi berilgan[3].
Ibrohim Akcha maqolasida Sadi Gedik ma’lumotiga tayanib Boborahim Mashrabning tug‘ilgan sanasi 1640/1641, 1650, 1653, 1657-yillar bilan ko‘rsatilishi va 1640-yil to‘g‘riroq ekani, shoir 1711-yili Balx hukmdori Mahmud qatag‘an tomonidan o‘ldirilganini yozadi[4].
Turkiya olimlarining ko‘rib chiqilgan o‘ndan ortiq ishida Boborahim Mashrab hayotiga doir deyarli bir xil ma’lumotlar berilgani aniq bo‘ldi. Ular Mashrab tarjimai holi borasida professor Ismatulla Abdullayev, Jaloliddin Yusupov va ular yo‘nalishidagi o‘zbek adabiyotshunoslari ishlariga tayanib, fikr bildirgan ekan.
Qidiruvda davom etdik va Afg‘onistonda ham shunday ahvolga duch keldik. Ular hatto Balxda Boborahim Mashrab qabriga pona tosh o‘rnatib, shoir 1640-yilda tug‘ilganini yozib qo‘yishibdi. Bu manzaralarni ko‘rib, domlaning iztiroblari menga to‘liq ko‘chib o‘tdi. Mazkur ma’lumotlarning hammasi bizdan borgan. Ular arzirli biror yangi axborot qo‘sha olmagan.
Mashrabga eltuvchi yo‘l
Yana 2010-2011-yillardagi boshi berk ko‘chalar hikoyasiga[5] qaytamizmi? O‘shanda bu sanalarning birortasi ham to‘g‘ri emasligi aytib bo‘lingan. Mashrab tavalludiga oid eng mashhur 1640-yilda shoirning otasi ham tug‘ilmagan bo‘lsa kerak. Tadqiqotchilar doim ommaga taqdim qiladigan yuqoridagi uch-to‘rt sana atrofida ustozi Bozor oxund hali dunyoga kelmagan edi, bu aniq. Yo‘q, biz haqiqatan ham hanuz Mashrab huzuriga olib bormaydigan yo‘llarda yurgan ekanmiz. Nimalarnidir noto‘g‘ri qilayapmiz va bu xatolar endi dunyo bo‘ylab tarqalayapti. Aks holda bir asrdan ko‘proq vaqt katta bir millat noxush chalkashliklarga bu qadar uzoq vaqt o‘ralashib qolmasdi. Tadqiqotchilar qayta-qayta takrorlaydigan “falonchi Boborahim Mashrab masalasini uzil-kesil hal qilib qo‘ydi” kabi gaplardan tezroq uzoqlashib, oynaga qarab o‘zimizni bir ko‘rib olaylik. Nima qilayapmiz o‘zi?
Unday bo‘lganda hozir hech kim bir nechta sana uyumiga termulib, “Bularning qaysi biri to‘g‘ri?” deb bosh changallab o‘tirmasdi. O‘qituvchilar o‘quvchilarning savollariga javob berolmay, izza bo‘lmasdi.
Bizni Mashrabga olib boradigan yo‘l qayerda?
Aslida doim shu yo‘lning yoqasida turibmiz, lekin haligacha unga hech kim bir marta ham kirib ko‘rmagan. Shoirning qachon yashagani, kimligini bilmasdan uning hayoti va ijodi to‘g‘risida gapirish, nomidan devonlar tuzib chop qilish, jild-jild monografiyalar yozish mumkinmi?
“Zid” qissasi
Qarshimizda mavzuga tegishli, hammaga ma’lum ikkita yo‘l turibdi. Birinchisi birlamchi tarixiy qo‘lyozma manbalar, ikkinchisi tadqiqotchilarning shu paytgacha yozgan maqolalari, asarlari, maktab hamda oliy o‘quv yurtlari uchun tayyorlangan darsliklar va yana boshqalar. Birinchisi rostdan ham sanoqli, hozircha ikkinchisining sanog‘iga yetolmadim. Ular yuzlab, balki mingga yaqinlashib qolar. Kimdir ayni shu damda ularning ro‘yxatini tuzayotgandir ham.
Deyarli barcha mashrabshunoslar tadqiqotlarida ko‘pincha birinchi turkumga mansub asarlar “Boborahim Mashrab hayoti va ijodi haqida ma’lumot beruvchi tarixiy manbalar ko‘p emas. Borlarida ham axborotlar nihoyatda kam va bir-biriga zid” qabilida qisqagina ta’riflanadi. Ammo o‘sha “zid” holatlarni bugungacha birorta tadqiqotchi batafsil tahlil qilib, yoritib bermagan. Ehtimol, birlamchi manbalarda o‘sha “zid” yo‘qdir. Ulardagi ma’lumotlarga hozirgacha noto‘g‘ri yondashilgan va “zid” qissasi tadqiqotchilar ijodi bo‘lsa-chi?
Asrlar oralab... Mashrab mozaikasi
Bu tasvir Boborahim Mashrab hayoti va ijodi parchalari... Uni tiniqroq ko‘rish uchun uch asrni oralab o‘tishga to‘g‘ri keladi. Yaqinlashib borganing sari bu mozaikada qalbida bir bulbul tinimsiz sayrayotgan darvesh qiyofasi ko‘rina boshlaydi.
XVII asr.
Maliho Samarqandiyning “Muzakkirul-as’hob” tazkirasi, 1688–1693-yillarda tuzilgan. Muallif yozadi: “Mashrab – Rahimbobo qalandarning taxallusi, u asli Andijon viloyatidandir. Yoshligida fazilat va kamolot istab Namangan viloyatiga bordi. Ziyrak va tirishqoqligi sababli u yerda o‘qishiga e’tibor qaratishdi. Endigina ilm o‘rgangan yoshgina paytida[6] Samarqandga keldi. Bir necha muddat shu yerda yashab, yana Namanganga qaytib ketdi. U yerdan Koshg‘ar, Badaxshon o‘lkalariga yo‘l oldi va Balxdan Samarqandga qalandar libosida qaytib keldi.
Ushbu safarida u pishiq she’rlar yozadigan bo‘ldi. Quyidagilar uning shunday mukammal she’rlaridan, ta’rifga hech muhtoj emas”[7].
XVIII asr.
Asrlar tuzgan mozaikada bu yuz yillikning qadama toshlari o‘rni bo‘sh turibdi. Ular qidirilmoqda.
XIX asr.
1. “Qissai Shoh Mashrab”, “Devona Mashrab” asari, u boshqa nomlar bilan ham ataladi. “Muzakkirul-as’hob”dan keyin Boborahim Mashrab haqida ma’lumot beruvchi ikkinchi muhim va yirik manba. Jaloliddin Yusupov shaxsiy kutubxonasida uning hijriy 1250-yili (1834/1835) ko‘chirilgan qadimiy nusxasi 3-raqam bilan saqlanayotganini yozadi[8].
“Qissai Mashrab” XIX asrning ikkinchi yarmida xalq orasida mashhur bo‘lgan va ko‘p tarqalgan. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar xazinasida uning qirqqa yaqin nusxasini aniqladik. Ular orasida eng qadimiysi 11836-raqam bilan saqlanayotgan nusxa (112 varaq) hijriy 1257-yili (1841) Chelak mavzesida ko‘chirilgan[9].
Deyarli barcha tadqiqotchilar “Qissai Mashrab”ni xalq kitobi turkumidagi asarlar qatoriga qo‘shadi[10]. Ular, albatta, tarixiy asar yo tazkiralar darajasida birlamchi manba vazifasini o‘tay olmaydi. Biroq o‘tmish yo biror mavzuni tadqiq etishda ulardan ham foydalaniladigan alohida toifadagi badiiy-tarixiy manbalar guruhini tashkil qiladi. “Qissai Mashrab” asari chop etilgan[11]. Unda hikoya qilingan voqealarda Bozor oxund (1660/1665–1730), Ofoqxoja (1625–1693), Mavlaviy Sharif (1615–1697), Kuntayju–G‘aldan Bushuqtu (v. 1697), Oqbo‘tabiy (v. 1727), Xojampodshoh–Hasanxoja (1690–1728), Xonimpodshoh (v. 1694), Mahmudxon (taxm. 1646–1731) kabi tarixiy shaxslar ishtirok etgan. Ularning hammasi Mashrab bilan suhbatlashgan. Tadqiqotchi shoir hayotidagi ko‘p hodisalarda ularni uchratadi. Ushbu mavzuni yoritishda bu shaxslar tarixi va ularga oid har qanday ma’lumot juda muhimdir.
Qissada birorta tarixiy sana qayd etilmagan. Hikoyalarda bo‘rttirish holatlari, o‘ylab topilgan lavhalar ham uchraydi. Ular aslida o‘quvchiga “mashrab maqomi”ni tushuntirish, unga xos xususiyatlarni ochish hamda o‘qirmanlar qiziqishini orttirish uchun xizmat qiladi.
Qissadan parcha: “Alqissa, Mashrab shu chiqqanlaricha yurub, Xo‘jand shahrig‘a doxil bo‘ldilar. Xo‘jandga Oqbo‘tabiy hokim erdi. Shoh Mashrab ko‘knorxonag‘a tushtilar. Xo‘jand shahrig‘a shuhrat bo‘ldiki, “Xojampodshohni[12] Mashrab degan bir muridi kelibdur” deb ulug‘-kichik, tamom Xo‘jand xalqi Mashrabni ko‘rgani keldilar. Ko‘rdilarki, bir qalandari qavi haykal, qizil yuzluk, shahlo chashm, payvasta abru, sochlari fatila-fatila gardanlarig‘a tushgan, muhabbat mayig‘a g‘arq bo‘lgan, itlarini bo‘ynida oltun xalqa urug‘luq, xaloyiq Mashrabni bu holda ko‘rub, hayron qoldilar. Shul soat Oqbo‘tabiyg‘a xabar yettiki, “Mashrab degan bir devona qalandar kelibdur”[13].
Ikkinchi parcha: “Podshoh Mahmudxon navkarlari birla otlanib keldi. Qarasa, taxtni usti najosatg‘a botibdur. Mahmudxon aydi: “Ey Mashrab, bu nima qilganingiz?”. Shoh Mashrab aydilarki: “Xo‘b qildim. Man sani taxtingga o‘ltursam nima bo‘lubdur? San yurtga o‘lturding”. Podshoh Mahmudxon bu so‘zni eshitib darg‘azab bo‘lub dediki: “Ey jallodlar, beri kelinglar!”. Darhol jallodlar kelib dedilar: “Taqsiri podshohim, nimaga amr qilursiz? Kimni umrini paymonasi to‘lubdur?”. Podshoh aydi: “Mashrabni olib borib dorg‘a osingizlar!”. Filhol, jallodlar shoh Mashrabni tutub, qo‘llarini mahkam bog‘ladilar. Anda shoh Mashrab aydilarki: “Ey podshoh, san ham uch kundin so‘ng olamdin o‘tarsan”. Anda jallodlar shoh Mashrabni dorga olub borurda tamomi xaloyiq orqalaridin navhav-u zori qilib borur erdilar. Shoh Mashrab jonlarig‘a aydilarki: “Ey jon, kishi ma’shuqini ko‘rgani borurda ham qo‘rqarmu?”[14].
2. Abdulaziz Namanganiyning (v. 1857)[15] “Tazkirai Majzub” asari ham yuqorida zikr etilgan manbalar qatoridan o‘rin oladi. U asrlar tuzgan Mashrab mozaikasiga o‘zgacha tus beradi. Undan shu paytgacha tadqiqotlarda yetarlicha foydalanilmagani kishini hayron qoldiradi. U “Muzakkirul-as’hob” va “Qissai Mashrab” asarlari ma’lumotlarini juda ajoyib lavhalar bilan to‘ldiradi. Ular Maliho hikoyasining o‘ziga xos davomidir. O‘zFA ShI qo‘lyozmalar xazinasida ushbu tazkiraning 1337, 2662/2-raqamlarda ikkita nusxasi saqlanadi.
Tazkiradagi Mashrabga oid o‘sha g‘aroyib lavhalar:
Qutlov
Bir kuni devona Mashrab mulla Lutfulloh bilan suhbat qildi. Eshon Shahid hozir Qarshida yotibdi. Mulla Lutfulloh devona Mashrabga “Sizga muborak bo‘lsin” dedi. Devona unga “O‘zlariga ham qutlug‘ bo‘lsin” deb javob qaytardi.
Shundan uch yil o‘tib Mashrab va o‘n bir yil keyin mulla Lutfulloh shahid bo‘ldi[16].
Bu devonalarning devona qiluvchi suhbati edi.
Baland martaba
Bir kuni devona Mashrab bir niholga suyandi, u egildi. Kimdir “Ey devona, u egilib qoldi” dedi. U “Egilgan ulug‘ bo‘ladi” dedi. Bayt:
Baland martaba izlay desang, tavoze qil,
Ki ko‘zni ustida joy olmadi egilmay qosh.
Sarvarlik istar ersang, aftodalik shior et,
To tushmayin ayog‘a, chiqmadi bosha boda.
U nihol tol edi. Oxiri egilgan o‘sha nihol o‘sib, yonidagi tepalik bilan barobar bo‘ldi. Aytishlaricha, u haliyam gurkirab turganmish. Mavlaviy bu hodisa xususida dedi: “Mashrab Allohni tanigan kishi ekan. “Egilgan ulug‘ martabali bo‘lar” deb u aslida Rasululloh hadisini ado etdi”[17].
Mirzo Bahodur va mulla Bozor voqeasi
Mulla Bozor Namanganiy odatda tunning avvalida uxlardi. Uyqudan turib, tahajjud namozini ado etardi-da, bir soatcha “Hidoyai sharif”ni o‘qir va keyin Kalomi sharifni tilovat qilardi. Bir kecha tilovat paytida g‘aybdan “qur’onxonligingdan bezor bo‘ldim” degan ovoz eshitdi. Uch kecha shunday ovoz kelib, u aql-hushini yo‘qotdi va Buxoro tarafga ravona bo‘ldi. Buxoroda oshpazga shogird tushdi.
Mirzo Bahodur bir kuni Registonga kelib aylandi va oshxonaga kirdi. Oshpaz lalida osh keltirdi. U oshdan bir siqim yedi va qolganini oshpazga qaytarib berdi. “Oshingni ol, nima qilishni o‘zing bilasan. Bir shogirding uchun keldim” dedi. Oshpaz shogirdlarini hazratning huzuriga keltirdi. Oxund mulla Bozorni tanidi, o‘zi bilan olib ketdi. Manzilga yetgach, mulla Bozor ikki-uch oy uning xizmatida bo‘ldi[18].
Bu hikoya biz ko‘rayotgan mozaikadagi eng qimmatli qadama qizil yoqutdir. Endi tasvir kengayib va tiniqlashib, Mashrab yonida boshqa ulug‘lar qiyofasi ham paydo bo‘la boshladi.
3. Bu manba Ro‘ziboy Mashrabning (taxm. 1775–1871) “Oldimga kel” radifli muxammasi, 1871-yildan oldin yozilgan. Unda hammayam bir qarashda Boborahim Mashrabni ko‘ravermaydi. Bu muxammasning nusxalaridan biri Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar xazinasida 4566-raqam bilan saqlanayotgan “Mabdai nur” asarining oxirida berilgan. Undan parcha:
Shukrkim, mahbubi haqman mustafo o‘g‘lim degan,
Murtazo engim tutub, bul meni farzandim degan,
Ko‘zi ko‘r jondin boqib, jonononi ko‘rdim degan,
Asli ismim Ro‘ziboy Mavlaviy o‘g‘lum degan,
Mashrabi Soniy talab bo‘lsang, mani oldimga kel.
Ro‘ziboy bu satrlarda o‘quvchiga o‘zini “Ikkinchi Mashrab” deb tanitib, oldinroq yana bir mashhur Mashrab yashab ijod qilganidan xabar berayotir.
4. Bu manba yaqinda topildi. U “Qissai Mashrab” asari matni oxiriga qo‘shib qo‘yilsa, biz tasvirini to‘liq ko‘rishga urinayotgan mozaika tugallangan mukammal tasvirga aylanadi. Xullas, hozir ixtiyorimizda Mashrab qissasining mashhur qahramoni Mahmudbiy qatag‘anning qabrtoshi surati turibdi. U biz bo‘m-bo‘sh deb ta’kidlagan XVIII asrga tegishli bo‘lsa kerak. Hali uni har tomonlama o‘rganishni oxiriga yetkazganimiz yo‘q. Unda quyidagi forscha bitik bor:
Tarixi vafoti Mahmudbiy
Z-onki shari’ zeb soli rixlatash,
Bud “shar’a(n) oqibat” Mahmudbiy.
Tarjimasi:
Mahmudbiy vafoti tarixi
“Shar’a(n) oqibat” Mahmudbiy
Ketar yilining ziynati bo‘ldi.
Matndagi sana yashiringan “شرعا عاقبت” jumlasi raqamga aylantirilganda hijriy 1144-yil (milodiy 1731) hosil bo‘ladi. Bu ma’lumot Majzub Namanganiyning Mashrab (1731) va mulla Lutfullohning (1739) shahid bo‘lishi haqidagi hikoyasi, Mashrab ustozi Bozor oxund vafotiga (1730) atab yozgan “Bulbul bi raft az bog‘i ilm” tarixi, “Qissai Mashrab” voqealari bilan hayratlanarli mos keladi! Mana sizga Mashrab mozaikasi...
Birlamchi qo‘lyozma manbalardan yig‘ilgan barcha ma’lumotlar umumlashtirilganda Boborahim Mashrab taxminan 1673-yilda tug‘ilib, 1731-sanada shahid etilgani ma’lum bo‘layapti. Uch asrlik uzoq masofani oralab o‘tish oson kechmadi, biroq birlamchi manbalar bilan birgalikda u sururli bo‘ldi. Aslida yuz yillik ulkan tadqiqotlar tepaligi Mashrabni bizdan to‘sib turgan ekan.
Kechiring, shu joydan bu yog‘iga o‘tolmay qoldim. Yo men nimanidir xato qilayapmanmi? 2014 yilda Majzub tazkirasini o‘qib, Abdumutallib Fahmiy janoblarining Mashrab 1711-yilda vafot etgani haqidagi ma’lumotiga qattiq shubhalanib qolgandim. U shu paytgacha ko‘nglimda yurardi. Har narsaning vaqti-soati bor ekan. Hozir menda “voqealari yo‘q tarix” birdan g‘oyib bo‘ldi. Qotib qolgan sahnada harakat boshlandi. Uch yuz yil oldingi qahramonlar bo‘sh turgan tarixni voqealar bilan to‘ldira boshladi...
Maqola boshida Boborahim Mashrabning faqat hayotiga to‘xtalamiz degandik. Ishni tugallashga hali ulgurmadik. O‘zaro “zid” emas, bu manbalar uyushib, bir yoqadan bosh chiqarib turibdi-ku!
G‘avg‘olar manzili
Bu XX asr. Uning dastlabki yillaridanoq g‘avg‘olar boshlangandi – Nil Likoshin (1902), Abdumutallib Fahmiy (1906), Vasiliy Vyatkin (1923), Abdurauf Fitrat (1930), Po‘lat Qayumov (1959), G‘afur G‘ulom (1959), qolganlarini ham o‘quvchilarning o‘zlari yaxshi biladi. Muhsin Zokirov va qo‘lyozmasi suvga tushib, daryoda “oqib ketgan” Is’hoq Bog‘istoniyning “Tazkirai qalandaron”i bu maydonda qanday hunarlar ko‘rsatmadi? Ular hatto darsliklarga bo‘yniga chiroyli tilla qo‘ng‘iroq osilgan bir echkini qo‘yib yubordi...
Muhtaram o‘quvchi! Ushbu yozilganlarni tasvirga aylantirib, Mashrabning tariqatdagi silsilasini ham sizga taqdim qilamiz. Mozaika bo‘lsa, mozaika-da! Bir ko‘ring. Hikoyaning qolganini keyin davom ettiramiz.
Abdusattor JUMANAZAR,
O‘zFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi
Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2026-yil 1-son.
[1] Gedik, S. ve Alıcı, L. (2018). Baba Rahîm Meşreb’in Elifnâmeleri, Jass Studies-The Journal of Academic
Social Science Studies, Doi number: http://dx.doi.org/10.9761/JASSS7449, Number: 65, Spring I 2018. – Р.125.
[2] Sadi Gedik. Son Dönem Çağatay Şairi Baba Rahim Meşreb’in Kitab-ı Mebde-i Nur Mesnevisi’nin Dil Özellikleri. On Language Characteristics of Last period Chagatai Poet Baba Rahim Mashrab’s Kitab-ı Mabda-i Nur Masnavi. – S.1370. //https://turkishstudies.net/turkishstudies?mod=makale_tr_ozet&makale_id=15147; Baba Rahim Meşreb’in Kitâb-ı Mebde-i Nûr Mesnevîsi (İnceleme-Metin-Gramer-Dizin). Hazırlayan Sadi Gedik. – Ankara, 2010. – 1403 s.
[4] İbrahim Akça. Baba Rahîm Meşreb Menâkıb-nâmesi’nde Geçen Şiirlerdeki Acem Kaynaklı Mitolojik Şahıslar. Turkish Academic Research Review – Türk Akademik Araştırmalar Dergisi, 2021. – Б.940.
[5] Abdusattor Jumanazar. Mashrab. – T.: Akademnashr, 2015. –126-134-betlar.
[6] Matnda Mashrab “sohibi mahosin” bo‘lgan vaqti alohida ta’kidlanadi. Bu iborani professor Abdurauf Fitrat o‘zbek tiliga “soqol-muylabi nish urgan payti” deb o‘girgan.
[7] Muzakkirul-as’hob. O‘zFA ShI. №58/1. – 237a-b.
[8] Yusupov J. Haqiqiy Mashrabni izlab /Mehribonim qaydasan. – 363-b.
[9] Qissai Mashrab. O‘zFA ShI. №11836. – 108b-b.
[10] Bu turkumda “Zufunun qissasi”, “Bobo Ravshan qissasi”, “Mirzo Adham qissasi”, “Ibrohim Adham qissasi” kabi yana bir qancha asarlar bor.
[11] Қиссайи Машраб. – Т.: Наврўз, 2014. – 252-б.
[12] Хожамподшоҳ дейилганда одатда Офоқхожанинг кенжа ўғли назарда тутилган.
[13] Қиссаи Машраб. – 153 – 154-б.
[14] Qissai Mashrab. –243-b.
[15] Tazkirai Qayumiy. –183-b. Ba’zi mualliflar u 1849-sanada vafot etganini ta’kidlaydi.
[16] Tazkirai Majzub. O‘zFA ShI. №1337. – 55a-b.
[17] Ko‘rsatilgan asar. – 55a-b.
[18] Ko‘rsatilgan asar. – 68a-b.
Adabiyot
San’at
Din
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Adabiyot
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q