“Hamnet” filmi bizga qay tarzda yashab qolishni o‘rgatadi?


Saqlash
17:52 / 22.05.2026 34 0

O‘lmas asarlar qanday dunyoga keladi? Biz ko‘pincha bu jarayonni ilhom parilarining tashrifi yoxud ilohiy uchqun bilan bog‘lashga o‘rganib qolganmiz. Ammo Xloya Chjaoning shu yil Oskar olgan filmi – “Hamnet” bu romantik qarashlarni xotirjamlik bilan chetga suradi. Film insoniyat tarixidagi mashhur pyesalardan birining yaralish tarixini ochiq ko‘rsatadi: Eng kuchli va o‘lmas asarlar aslida ojizlik, ruhiy qulashdan qutulishning yagona chorasi sifatida tug‘iladi.

 

 

“Nega bunday? Nima uchun bu filmni ko‘rish kerak” – maqolada aynan shu savollarga javob qidiramiz.

 

Vabo

 

Barchasi qanday yuz berdi? Tahlilga sho‘ng‘ishdan oldin, voqealar foniga qisqacha nazar tashlaylik. Film voqealari XVI asr oxirida Angliyada bo‘lib o‘tadi. Asar markazida – yosh, hali dunyoga tanilmagan Uilyam va uning rafiqasi Agnes (Enn Xeteuey). Ularning sokin, ko‘zdan nari hayoti qishloqqa qo‘rqinchli vabo (qora o‘lat) kirib kelishi bilan parchalanadi. Vabo ularning 11 yoshli egizak farzandlaridan biri – Hamnetni olib ketadi. Farzand dog‘i oila muhtashamligiga putur yetkazadi: Agnes Stratforddagi uyida mazkur dard bilan yakkama-yakka qoladi, Uilyam esa London teatridagi ishlarini davom ettiradi. Butun film ana shu yo‘qotish qanday qilib oilani halokat yoqasiga keltirgani va yakunda adabiyot tarixidagi eng buyuk tragediyalardan biri“Hamlet”ning yozilishiga turtki bo‘lgani haqida hikoya qiladi.

 

Motamning ikki qutbi

 

Aytaylik, sizning ham o‘n bir yoshli o‘g‘lingiz to‘satdan vafot etdi. O‘lim hech qanday mantiqqa bo‘ysunmaydi, u ruxsat so‘ramaydi va izoh bermaydi. Filmda onaning motami juda ta’sirlanarli va tomoshabinga ruhan og‘ir ta’sir o‘tkaza oladi. Agnes bolaning kiyimlaridan uning isini axtaradi, qorong‘u qabrda bolam sovuq qotyapti degan o‘ydan o‘rtanadi. U voqelikning shafqatsiz yuziga tik qaraydi, shu orqali qayg‘uni yashab o‘tadi.

 

 

Lekin ota nima qiladi? Uilyam Shekspir bu “mantiqsizlik” bilan yuzlashishni istamaydi. Aynan shu nuqtada psixologiyadagi “sublimatsiya” jarayoni ishga tushadi. Zigmund Freyd bu tushunchani insonning ichidagi qabul qilib bo‘lmas darajadagi og‘riq va destruktiv (buzuvchi) energiyani ijtimoiy maqbul, yuqori maqsadlarga, deylik san’atga yo‘naltirish deb ta’riflagan. Jondan aziz bolasini tuproqqa qo‘ygan ota o‘zini aqldan ozishdan qanday qutqaradi? U dardi bilan kurashmaydi, balki uni qog‘ozga ko‘chiradi.

 

Sahnadagi qurbonlik

 

O‘lim uning eng qadrli boyligini tortib oldi, u qog‘oz ustida o‘lim va tartibsizlik daxl qilolmaydigan, qonunlarini faqat o‘zi belgilaydigan mutlaqo parallel olam yaratadi. Ammo bir savol tug‘iladi: ayol mudhish reallikda farzand qabrini quchoqlab yotgan bir paytda, erning Londondagi yog‘och sahnaga qochib ketishi – qanchalik to‘g‘ri? Agnesning nazdida Uilyam ularning shaxsiy fojiasini, bolaning o‘limini yig‘ilgan olomonga tomosha qilib sotyapti.

 

 

Lekin tarix sahifalarida muhrlangan, asarning asl dardini ochib beruvchi qiziq bir fakt bor. Uilyam Shekspir bu pyesani ilk bor namoyish etganda Hamletning emas, balki o‘ldirilgan otani, ya’ni Arvoh rolini ijro etgan. Buning sababi psixologik burilishdagina emas edi. Voqelikda Hamnet vabo tufayli jon taslim qilayotganda, otasi uning yonida bo‘lmagan va bolasi bilan xayrlasholmagan.

 

Reallikda o‘g‘il jon taslim qilgan, ota qabr ustida yig‘lab turibdi. Sahnada esa aksincha, ota o‘ldirilgan, o‘g‘il tirik va otasining qasosi bilan yashayapti. Qarangki, usta dramaturg pyesada reallikni yuz sakson darajaga o‘zgartirib tashlaydi. Vijdon qiyinog‘ida o‘rtangan, bolamning o‘rniga men o‘lsam bo‘lmasmidi, deb faryod urgan ota san’at orqali o‘g‘li bilan o‘rin almashadi! U o‘zini qorong‘u go‘rga tiqadi (Arvohga aylanadi) va garchi qog‘ozlarda bo‘lsa-da, o‘g‘liga hayot (Hamlet) baxsh etadi.

 

Ichimizdagi yo‘qotishlar bilan yashash

 

Xo‘sh, moziy changlariga ko‘milgan bu fojia, parda ortidagi bu tahlil bugun, ayni shu damda matnni o‘qib turgan o‘quvchiga nima beradi? Yer-u ko‘kni ostin-ustun qilmoqchi bo‘lgan, ammo goho hayot zarbalaridan karaxt bo‘ladigan biz – zamondoshlarga nima so‘ylaydi?

 

 

Barchamiz hayot deb atalmish karvonda nimanidir yoki kimnidir yo‘qotamiz. Buyuk orzularimiz parchalanadi, yoshligimiz bizni tark etadi, jon qadar sevganlarimiz kaftimizdan suvdek to‘kilib ketadi. Barchamizning ichimizda kichkina, o‘lib ketgan o‘zimizning “Hamnet”larimiz bor.

 

 

Biz o‘sha yo‘qotishlar girdobida nima qilyapmiz? Reallikning sovuq devoriga bosh urib qotib qolyapmizmi yoki ichimizda yemirilayotgan alam va depressiyani qandaydir intizomga, buyuk bir loyihaga, abadiy qoladigan qadriyatga sublimatsiya qila olyapmizmi? Og‘riqlarimiz ich-ichimizdan yeb bitiradigan foydasiz xaos bo‘lib qolyaptimi yoki biz o‘z qismatimizning muallifiga aylanib, undan qandaydir ma’no qura olyapmizmi?

 

“Hamnet”ni shunchaki ko‘zyosh to‘kiladigan navbatdagi g‘amgin film sifatida tomosha qilish adolatsizlik. Bu asar inson qalbini parchalaydigan og‘riqni qanday qilib yashash energiyasiga aylantirish bo‘yicha sokin va og‘riqli bir darslikdir. Agar ichingizda mudhish fojialar shaxsiyatni parchalash o‘rniga uni qanday qilib yuksaklikka olib chiqishi haqida savol bo‘lsa yoki agar siz biron marta “nega yaratamiz, nega yozamiz?” deb o‘ylagan bo‘lsangiz, bu filmni albatta ko‘ring.

 

Samandar ERKINJONOV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Din

16:05 / 22.05.2026 0 18
Hakim Termiziy o‘gitlari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//