Atrofga qarasangiz, baxtli bolalik uchun hamma narsa bor: oʻyin maydonchalari, xilma-xil toʻgaraklar, erta rivojlantirish markazlari, rang-barang kitob va oʻyinchoqlar... Ammo bolalarning aksariyatiga bularning hech biri qiziq emas. Ularning fikri-xayoli gadjetlarda. Maktabga borayotganda, yerosti yoʻllarida, mashinada, kafelarda biz butun vujudi bilan telefon ichiga kirib ketgan bolalarni koʻrishga odatlanib ham qoldik, hatto. Vaholanki, bizning bolaligimizda ikkita bola toʻplangan joyda, albatta, oʻyin boʻlar, keyin yana bolalar qoʻshilar va shu tariqa kechgacha qanday vaqt oʻtganini sezmasdik.
Hozirgi davr bilan qiyoslasam, bolaligimizda (90-yillar) bir tuzuk-quruq oʻyinchoq ham boʻlmagan. Shuning uchun daraxt shohi miltiq, loy – plastilin, barglar – pul, baʼzan “Xola-xola” oʻynaganda esa masalliq vazifasini oʻtagan. Darvoqe, milliy oʻyinlardan “Oq terakmi, koʻk terak”, “Lanka”, “Arqon tortish”, “Besh tosh”, “Kim oladi”larni eslayman. Oʻyin oʻynashdan oldin bir-biridan arazlab turgan yoki yangi qoʻshilib, oʻzini chetga tortib turganlar ham yaqin boʻlib ketardi. Oʻyinlar bizga oʻzaro til topishish, bir-birimizning xarakterimizni oʻrganish, oʻz jismoniy imkoniyatlarimizni oʻrganishga yordam bergan. Eng asosiy foydasi esa ota-onamiz bizni, yaʼni bolalarni “nima bilan band qilish” haqida oʻylamagan. Umuman, hozirgi bolalarning hayotidan deyarli butkul chiqib ketgan va befoyda mashgʻulot sifatida qaraladigan oʻyinlarning tarixiy, ijtimoiy, tarbiyaviy ahamiyati yuqori boʻlgan.
Oʻyinlarning tarixiy ahamiyati
Qadimgi davrlarda oʻyinlar hozirgidan ancha kengroq vazifalarni bajargan, - deydi tarixchi Nodir Safarov. – Bu tarbiya, harbiy taʼlim, siyosat va diniy rituallarni oʻzida birlashtirgan jiddiy ijtimoiy institut edi. Agar oʻsha davrda oʻyinlar boʻlmaganida, insoniyatning yashab qolishi va madaniy rivojlanishi soʻroq ostida qolardi.
Bu tizimning zamirida, eng avvalo, kundalik hayot va urushga doimiy jangovar tayyorgarlik vazifasi yotgan. Qadimda oʻyinlarni faqat bolalar emas, balki koʻproq kattalar oʻynagan. Kurash, kamonchilik, ot chopish yoki nayza uloqtirish kabi bahslar erkaklar uchun jismoniy tonusni ushlab turishning asosiy vositasi boʻlgan. Toʻgʻrirogʻi, urush mashqlari bilan oʻyin oʻrtasidagi chegara deyarli sezilmagan.
Shu sababli ham, kattalar oʻrtasidagi musobaqalar doim siyosiy xarakterga va ijtimoiy mavqeni belgilash kuchiga ega boʻlgan. Bu bahslarda gʻolib chiqish jamiyatda katta obroʻ va eʼtirof keltirgan, shaxsning yetakchilik fazilatlarini isbotlagan. Ayollar esa mavsumiy bayramlar va marosimlarda ijtimoiy aloqalarni mustahkamlovchi ritual oʻyinlar, qoʻshiq va raqslar orqali ishtirok etishgan. Oʻyin butun bir jamoani jipslashtiruvchi kuch vazifasini bajargan.
Bolalarga kelsak, oʻsha davr oʻyinlari muhim tarbiyaviy rolga ega boʻlganini koʻrish mumkin. Qadimgi bolalar virtual olamda emas, real hayotda, kundalik yumushlar va hal qilinadigan vazifalar ichida ulgʻaygan. Bola oʻyin jarayonidayoq oʻzining kelajakdagi ijtimoiy rolini — ovchi, jangchi, hunarmand yoki uy bekasi boʻlish koʻnikmalarini oʻzlashtirgan. Shu bilan birga, jamoada ishlash, intizom va kattalarga hurmat kabi xulq-atvor qoidalari ham aynan shu oʻyinlar vositasida singdirilgan.
Tarixan oʻyinlar va xalqlar xarakteri oʻrtasidagi bogʻliqlik ikki tomonlama boʻlgan: bir tomondan, oʻyinlar jamiyatning turmush tarzi, qadriyatlari va xarakteri taʼsirida shakllangan boʻlsa, ikkinchi tomondan – oʻyinlarning oʻzi ham vaqt oʻtishi bilan odamlarda maʼlum bir fazilatlarni tarbiyalagan va mustahkamlagan.
Xalqning xarakteri va turmush tarzi, odatda, oldinroq paydo boʻlgan. Masalan, Markaziy Osiyoning koʻchmanchi xalqlarida otliq yurish, ov qilish, chidamlilik va harbiy mahorat muhim ahamiyatga ega boʻlgani uchun kuch, chaqqonlik va otni boshqarish mahorati bilan bogʻliq oʻyinlar hamda musobaqalar yuzaga kelgan. Koʻpkari kabi anʼanaviy oʻyinlar chorvachilik va harakatchanlikka asoslangan jamiyat turmush tarzini aks ettirgan. Oʻtroq dehqonchilik sivilizatsiyalarida esa koʻproq strategik va intellektual oʻyinlar rivojlangan. Masalan, shaxmat hisob-kitob, boshqaruv va davlatchilik tafakkuri qadrlangan muhitda paydo boʻlgan.
- Milliy oʻyinlarimiz bolaning qon-qoniga oʻzbekona qadriyatlarni, urf-odat va mentalitetni singdiradi. Bola arqon tortarkan, kurasharkan yoki loydan nimadir yasarkan, oʻzligini anglaydi, — deydi psixolog Akobir Abdullayev.
Kompyuter va virtual oʻyinlarda esa milliylik yoʻq. Ular bolani hech qanday vatan yoki madaniyatga bogʻlanmagan global ijtimoiy mahsulotga aylantirib boradi. Bu esa bora-bora bizning asrlar davomida shakllangan mentalitetimiz yoʻqolishiga va bolalarimiz ongida biz uchun butkul yot boʻlgan tushunchalar paydo boʻlishiga zamin yaratadi.
“Qizim 5ta toʻgarakka boradi, yozda yana til oʻrganishga bermoqchiman”
Biz farzandlarimizning bizdan koʻra baxtliroq boʻlishini istaymiz. Ammo buni qanday amalga oshirishni bilmaymiz. Shuning uchun koʻp hollarda marketing qurboniga aylanibmi yoki trendlar ortidan quvibmi, bolamizni turli toʻgaraklar-u, til markazlariga qatnash bilan band qilish – eng toʻgʻri yechim deb oʻylaymiz. Biroq psixolog Akobir Abdullayevning bu boradagi fikrlari biroz boshqacha:
- Inson rivojlanarkan, har bir bosqichda yetakchi faoliyat boʻladi. Bolalik yoshida bu – oʻyin. Oʻsmirlikda – oʻyin va oʻqish, oʻspirinlikda – oʻqish va mehnat. Bolani faqat kitob oʻqish yoki toʻgaraklar bilan band qilish uning erta rivojlanishiga yordam berishi mumkin, lekin kun tartibidan oʻyinni butkul olib tashlash xato. Oʻyinlarsiz bolaning bolaligi qolmaydi, bolalik baxti yoʻqoladi.
Ekspertning taʼkidlashicha, ayniqsa, oʻgʻil bolalarni faqat uyda kitob oʻqish va toʻgaraklarga borib-kelish bilan cheklab qoʻymaslik kerak. Aks holda ularda ijtimoiylashuv pasayib ketadi, jamoaga qoʻshilishda qiyinchiliklar yuzaga keladi. Bola tinimsiz ilm olsa-yu, ammo bu bilimlarni ishlatadigan, hayotga tatbiq qiladigan jonli ijtimoiy muhitdan (yaʼni tengdoshlari davrasidan) uzilib qolsa, bu mutlaqo teskari effekt berishi mumkin.
Yaqinda boshimdan oʻtgan bir voqea bu fikrni yaqqol isbotladi. 11 yashar oʻgʻlim karate mashgʻulotida yiqilib, oyogʻi lat yedi va umrida birinchi marta gipsda yurish tajribasini boshidan oʻtkazdi. Ikki hafta davomida uyda, toʻrt devor ichida oʻtirish uning ruhiyatiga qanchalik yomon taʼsir qilganini ona sifatida juda yaxshi his qildim. Nihoyat gips yechilgan kuni unga: “Xohlasang, biroz koʻchaga chiqib, bolalar bilan oʻynab kel”, dedim. Bir soatgina koʻchada yugurib kelgan oʻgʻlimni koʻrib tanimay qoldim: avvalgi tushkunlikdan asar ham qolmagandi. Yuziga qon yugurgan, koʻzlari chaqnab turibdi, ogʻzi qulogʻida. Shu oddiy voqeaning oʻzi tengdoshlar bilan ochiq havoda oʻynash bola uchun qanchalik hayotiy zarurligini koʻrsatib berdi.
Ochiq havo va jamoaviy sport: kelajakdagi karyera poydevori
Hozir koʻchaga chiqqan bolalar ham koʻpincha yonma-yon oʻtirib, yana oʻsha telefonga tikilib oʻtirganiga guvoh boʻlamiz. Vaholanki, milliy va jamoaviy oʻyinlar bolaning bevosita intellektual va psixik rivojlanishiga xizmat qiladi. Mashhur fransuz psixologi Jan Piaje aytganidek, boladagi harakatchanlik uning intellektual rivojlanishiga toʻgʻridan-toʻgʻri ijobiy taʼsir qiladi. Jonli oʻyinlar bolada qaror qabul qilish va liderlik koʻnikmalarini rivojlantiradi.
Eng qizigʻi, koʻp ota-onalar: “Bola koʻchaga chiqsa, kim bilandir mushtlashib, bezori boʻlib ketadi”, deb qoʻrqishadi. Psixologik tajribalar esa buning tamomila aksini koʻrsatmoqda. Agar bola ichidagi tabiiy agressiya va energiyani sogʻlom yoʻl bilan – jismoniy oʻyinlar, yugurish, baqirish, argʻimchoq uchish orqali chiqarib tashlamasa, bu energiya ichga yutiladi, yigʻiladi va vaqti kelib nosogʻlom, xavfli agressiyaga aylanadi. Xuddi shu harakatsizlik boladagi salbiy impulslarni oshirib, pirovardida bir-biriga real zarar yetkazish holatlarigacha olib bormoqda.
Bundan tashqari, virtual kompyuter oʻyinlari asosan individuallikka, yaʼni yolgʻizlikka yoʻnaltirilgan. Bola ekran qarshisida bitta oʻzi oʻtiradi – unda na muloqot koʻnikmasi, na boshqa odamga nisbatan empatiya (hamdardlik) shakllanadi. Bizning milliy va jamoaviy oʻyinlarimiz esa oʻzaro kelishish va bir-biriga yordam berish asosiga qurilgan. Voleybol yoki futbol kabi jamoaviy oʻyinlarning individual oʻyinlardan ustun jihati ham shunda – ular bolada jamoaga moslashish, oʻz fikrini yetkaza olish va boshqalarni eshitish qobiliyatini shakllantiradi. Bu koʻnikmalar bolaning kelajakdagi professional hayotida suv va havodek zarur. Bugungi kunda yirik kompaniyalar ishga qabul qilishda nomzodning faqat diplomiga emas, balki “soft skills”, yaʼni jamoada ishlay olish, kirishimlilik va xushmuomalalik qobiliyatiga urgʻu bermoqda. Jamoaviy oʻyinlar esa aynan shu xususiyatlarni bolalikdanoq bepul shakllantirib beruvchi eng zoʻr maktabdir. Masalan, “Arqon tortish”da jamoa “bir organizm” boʻlib harakat qilmasa, raqibni yenga olmaydi. Yoki “Oq terakmi, koʻk terak” oʻyinida raqib zanjirni uzib ketmasligi uchun jamoadoshlar bir-birining qoʻlini mahkam ushlashi shart. Bu amalda korporativ birdamlikni oʻrgatadi.
Ilm-fan nima deydi?
Bu gaplar shunchaki quruq tavsiyalar emas, ularning zamirida jiddiy tibbiy va psixologik tadqiqotlar yotibdi.
Tibbiy fakt: 2019-yilda AQSHda oʻtkazilgan yirik ilmiy tadqiqot (Dose–Response Relationship of Outdoor Exposure and Myopia Indicators) bolalarning koʻz xiralashishi (miopiya) va ularning ochiq havoda oʻtkazadigan vaqti oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliqlik borligini isbotladi. Kuniga kamida 2 soat vaqtini koʻchada, ochiq havoda oʻtkazadigan bolalarda koʻz ojizligi yuzaga kelish xavfi naqd 50% ga kamayar ekan. Sababi – ochiq havoda miya kislorodga toʻyinadi va tabiiy yorugʻlik koʻz mushaklarini rivojlantiradi.
AQSHdagi Toledo universiteti (University of Toledo) olimlari «Oʻyinchoqlar miqdorining bolalar oʻyini sifatiga taʼsiri» mavzusida qiziq tadqiqot oʻtkazishdi. Ular kichik yoshdagi bolalarni ikki xil sharoitda kuzatishdi: bir guruhga 16 ta, ikkinchi guruhga esa bor-yoʻgʻi 4 ta oʻyinchoq berilgan. Natija hammani hayratda qoldirdi: oldida atigi 4 ta predmeti bor bolalar har bir buyum bilan uch barobar uzoqroq va sifatliroq oʻynashgan. Tanlov kamligidan bolaning miyasi fantaziyani ishga solishga majbur boʻlgan. Oddiygina yogʻoch kubik oʻyin davomida goh telefonga, goh mashinaga, goh samolyotga aylangan. Bolalar buyumlarning yashirin imkoniyatlarini kashf qilishgan. Xonasi 16 ta tayyor oʻyinchoqqa toʻla bolalar esa bir joyda chalgʻimay oʻtirolmagan. Ular u oʻyinchoqni bunisiga almashtirib, tez charchashgan va diqqatni jamlash qobiliyati sustlashgan.
Bu gʻoyani Yevropa tajribasi ham tasdiqlaydi. 1990-yillarda Germaniyada “Oʻyinchoqsiz bogʻcha” (Der Spielzeugfreie Kindergarten) nomli mashhur tajriba oʻtkazilgan. Bir nechta bogʻchalardan 3 oyga barcha tayyor plastik oʻyinchoqlar olib tashlanib, bolalarga faqat oddiy stol, stul, quti va adyollar qoldirilgan. Dastlabki kunlardagi karaxtlikdan soʻng, bolalarning kreativligi keskin oshgan: ular stullardan poyezdlar yasab, murakkab rolli syujetlarni oʻylab topishgan. Tajriba yakunida bu bolalarning mustaqilligi va vaziyatlarga moslashuvchanligi tengdoshlaridan ancha yuqorilab ketgan.
Biz – ota-onalar farzandimizning porloq kelajagini taʼminlash ilinjida uni oʻyinchoqlar, cheksiz gʻamxoʻrlik, toʻgaraklar va gadjetlar bilan oʻrab tashlashga urinamiz, aslida esa unga shunchaki biroz zerikish imkonini berish kifoya.
Bolalarimizni gadjetlardan butkul uzib qoʻyishning iloji yoʻq, balki buning keragi ham yoʻqdir. Ammo ularning kun tartibiga oddiy jonli oʻyinlar, toza havo va tengdoshlari bilan muloqotni qaytarish – kuch va mablagʻ talab qilmaydigan, lekin juda muhim ish.
Visola QARSHIBOYEVA,
jurnalist
Adabiyot
Adabiyot
San’at
Din
Jarayon
Adabiyot
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q