“Bu kitob umrimni oxiriga yetkazdi” – Qoshg‘ariy umrini bag‘ishlagan asar


Saqlash
18:48 / 22.05.2026 15 0

Alp Er To‘nga o‘ldimi?

Esiz, dunyo qoldimi?

Falak o‘chin oldimi?

Endi yurak yirtilur...

 

Emdi yurek yirtilur...

 

Bo‘ri bo‘lib ulidilar,

Yoqa yirtib turdilar,

Yig‘lab-siqtab yurdilar...

 

Yirtip yaka urlayu...

Yirtip yaka urlayu...

 

Urlayu, urlayu-yu... oh... tushida alahsib, ichikib otasini qo‘msab yig‘layotgan go‘dakday, olis sahrolar, davron dovonlaridan shamol uchirib kelayotgan qorning sovuq epkiniday, tush va hush orasida ranglari chaplashib ketayotgan vaqt va manzilning oraliq bir quyuni ruhimga bostirib kiradi. So‘zlar ma’nosini uncha anglamayman, ammo anglamaganim sari bu yo‘qlovning yuki, og‘ir, qayg‘uli zalvori ko‘nglimni ezadi, qaddimni buka boradi.

 

Toki, bu nido eng qadimgi kitobdan ekanini bilgunimcha, bo‘layotgan voqelik tushida ekanini bilguncha gangib turgan norasida kabi shu holda turaman. Bu ko‘hna ganj – “Devonu lug‘otit turk”dagi bir marsiya ekanini anglagunimcha... lekin anglagach, yo‘qlayotgan va yo‘qlanayotgan zotlarning kimligini anglaganimdan so‘ng ruhimda yorqin bir dard endi boshqa ravishda nishona beradi.

 

Bexosdan xalqning ildiz, qon-qardoshlik to‘g‘risidagi sodda, boyir bir iborasi tilimga keladi: “Sigirning shoxiga ursang, tubi sirqiraydi”. Bu iborani ilk bor nima munosabat bilan eshitganim yodimdamas, ammo ichimda “sigirning tubi qayeri, nega sirqiraydi, bu nima degani?” degan so‘roq turgani esimda. Men Mahmud Qoshg‘ariyga, u marsiya yozgan turkiy xalqlarning boshbobosi Alp Er To‘ngaga naqadar yaqinligimni shu sodda ibora orqali, tuyqus teran his etaman. Go‘yo ul zotlar bilan oramizda ming yillar yo‘qdek. Ammo ichimdagi kechimni ifodalab berishga so‘z yo‘q hali...

 

* * *

Tovush va so‘z. So‘zning matnga do‘nish mo‘jizasi. Toshga, teriga, sopol parchasiga, qog‘ozga bitilgan so‘zlar qoldi. Avlodlar almashaverdi. Tojdorlar dovruq solib keldilar, minoralar, qasrlar bunyod etdilar. Vaqt shamoli ularning o‘zlarini ham, yiqqan mol-u davlatini ham, qurgan qasrlarini ham uchirib, tarix qa’riga uloqtirdi. Ularning yodi, xotirasi ham o‘chdi. O‘chmaganlari – faqat nomi va shuhrati qolganlari oddiy teriga, xitoyi qog‘ozga bitilgan so‘z orqali bizga yetib keldi. Qancha toshlar sellarda oqdi, daryolarga g‘arq bo‘ldi, qancha qog‘oz-u terilar kul bo‘lib ketdi.

 

Ammo yozilgani yashab qoldi. So‘z yashab qoldi. “Devonu lug‘otit turk” qoldi. Asrlarning qoyalari ortidan baland bo‘ylari ko‘rinib, muhtasham, qulamas ilohiy obidaday bo‘lib shu kitob qoldi.

 

Insoniyat bir butun holida, paydo bo‘lib, ongli hayotini boshlagan bobokaloni va bugungi avlodlari bilan qo‘shib olganda bitta, tanho yo‘lovchidir. Bu yo‘l odami bosgan manzillarida ko‘pni ko‘rdi. Adashdi, yo‘lidan toydi, so‘ng uni qayta topdi. So‘qmoq ochdi, uni manzil sari eltadigan ulug‘ yo‘lga aylantirdi. Goho manzil o‘zgarib turdi, muqaddas degan tutumlari ham o‘zgardi. Yo‘lovchi adashganini anglab, yangidan yo‘l ochmoqqa urindi va qay ma’noda muyassar ham bo‘ldi. Bu olis safarda unga eng katta hamroh tafakkurini yoritib turgan so‘z bo‘ldi. So‘zda sehr, she’rda hikmat bor demishlar. Shu ilohdan tomgan sehr bashar yuzini yorug‘ etdi. So‘zdan kitoblar bino bo‘ldi.

 

* * *

Bu qanday kitob o‘zi?

 

“Men bu kitobni maxsus alifbo tartibida tuzdim, hikmatli so‘zlar, saj’lar, maqollar, qo‘shiqlar, rajaz va nasr deb atalgan adabiy parchalar bilan bezadim”, – deydi Mahmud Qoshg‘ariy o‘zining o‘lmas asari haqida.

 

“Bu asarga nihoyatda yuksak baho berishimiz kerak, chunki u kitoblardan olib yozilmagan, balki jonli materialni shaxsan kuzatishga asoslangan... Muallif bergan ma’lumotlar, arxeologik kashfiyotlar bu ma’lumotlarning aksariyatini isbot etmoqda”, – degan tilshunos olim Viktor Belyayev.

 

Bu kitob odamzod o‘ziniki qilgan turli ilm hosillari xirmonidan ulush olib yuksalgan kitobdir. Til, adabiyot, tarix, falsafa, geografiya, huquq, tabobat, ilohiyot, hayvonot, nabotot, mantiq, astronomiya, siyosat, harbiy san’at, axloqshunoslik, etnografiya kabi o‘nlab sohalarning mag‘zi, shirasi shu kitobga singib ketgan.

 

Garchi Mahmud Qoshg‘ariy asarga “Turkiy so‘zlar devoni” deb nom bergan bo‘lsa-da, til haqidagi bu qomus 200 dan ortiq dori turi, 30 dan ortiq kasallik va unga shifo bo‘luvchi davo unsurlari, ular haqidagi noyob xabarlar berilgan ajoyib tibbiy qo‘llanma hamdir.

 

“Devonu lug‘otit turk” – adabiyot namunasi. Namunaki, bizga mualliflarining aksariyati noma’lum bo‘lgan 764 misra – 289 ta to‘rtlik va ikkilik(bayt)dan, go‘zal nasriy matnlardan iborat adabiy yodgorlik.

 

Kitob hali bugungi kunda mavjud bo‘lgan, bu shahardan boshqasiga safar qilish uchun oddiy vositalarning hech birovi bo‘lmagan bir zamonda el oralab, yurtlarni piyoda kezib, xalqlarning 318 ta maqoli va hikmatli so‘zlari yig‘ilgan ajoyib etnografik manba ham hisoblanadi.

 

Sayyohlar Misr ehromlariga boqib lol bo‘ladilar. Bir uyum toshning nimasi hayratli? Ha, gap toshda emas, uni tartib bilan taxlay olgan, ulkan ehrom paydo qilolgan inson ilmi va matonatida. Hayrat shu zahmat va ilmgadir.

 

Ammo bundan salkam 1000 yil avval 8 mingdan ortiq so‘zdan bino bo‘lgan, biror buzg‘unchi portlatib yubora olmaydigan (2001-yili Bomiyondagi Buddaning eng qadimgi haykallari johillar tomonidan portlatilgan edi!) tilning buyuk obidasi qoshidan hayron qolmay o‘tadilar.

 

Vaholanki “Devon...”dagi tilda so‘ylashgan, Qoshg‘ariyni mahliyo qilgan odamlarning kimligi, turmushi, hayot darajasi, so‘ylashuv tarzi shu kitobda yashab qolgan, o‘zlari esa, tabiiyki, yo‘q.

 

O‘zlarini Alp Er To‘nga avlodi sanagan qoraxoniy podsholar davrida yaratilgan bu asar o‘sha mashhur shohliklar tarixini o‘zida saqlab keldi.

 

Bu kitob – kitoblarning bobosi! Aynan tarixga bag‘ishlanmagan bo‘lsa-da, xalqlar tili tarixini o‘zida jam etgan. Tilning tarixi esa o‘sha xalqlarning o‘tmishiga kalitdir.

 

Bu kitob ko‘hna konga o‘xshaydi. Ming yil burun ochilganu hanuz avlodlar undan dur-u javohir teradi. Bir qarasang, tugab qolganday, ammo yana kovlasang, yana oltin chiqaveradi. Oltoydan, Sibirning bepoyon dashtlaridan tortib Himolay etaklarigacha, Bolosog‘un-u Xitoy, Qoshg‘ardan arab diyorlarigacha yastangan ulkan kon bu. Shu manzil-makonlarda yashagan va yashab kelayotgan turkiy qavmning katta-kichik millat-u elatlaridan to‘ragan har bir jonning bu konda ulushi bor, bu konga ko‘shishi ham bor.

 

Shoir Sherzod Komil Xalil “Biz yo‘q bo‘lamiz” nomli hikoyasida Sibir o‘lkasida yashagan kerek deb ataluvchi xalq haqida yozgan. Qachonlardir yuz minglab nufusga ega bo‘lgan kereklar uzoq vaqt mobaynida rus tili o‘pqoniga yutilib ketadi. Butun boshli xalqdan ikki kishi – keksa ona va rus yigiti bilan turmush qurishga jazm qilgan qizi qolgan. Kampir yig‘laydi. Ochlik yo yo‘qchilikdan emas – uning uyi, nafaqasi, kichikroq bo‘lsa-da mulki bor – tili yo‘qolib ketayotganidan xun bo‘lib yig‘laydi. Va asar muallifiga “Sizlar yurtingizda necha kishisizlar, o‘zbeklar ko‘pmi?” deb savol beradi. Adib, albatta, o‘zbeklar haqida mamnuniyat bilan ma’lumot beradi. Kampir tag‘in yig‘laydi: “Endi biz yo‘q bo‘lib ketamiz. Qizim ham o‘risga tegayapti. Farzand ko‘rsa farzandlari kerekcha gapirmaydi. Biz yo‘q bo‘lamiz...”.

 

“Devonu lug‘otit turk” – tiriklik suvi. Tilini yo‘qotayotgan har qaysi turkiy bu sehrli suvdan ichib ajdarho zahridan tuzalgan botirday o‘zini qayta o‘nglay oladi. Kereklar kabi yo‘qolib ketish xavfining oldini oladi bu asar.

 

O‘z o‘rnida bir qarz gap ham bor: biz bugun har kim o‘z molini maqtayotgan, tilini ustun sanayotgan, turli vosita va shakllarda o‘z urf-taomilini olib kelayotgan dolg‘ali davrdamiz. Bu paytda bizni asrab qoladigan eng asosiy kuch tildir. Tilsiz millat esa yo‘q millat.

 

* * *

“Devonu lug‘otit turk” – turkiy tillar haqidagi Mahmud ibn Husayn ibn Muhammad al-Qoshg‘ariy tomonidan 1071 – 1072-yillarda yakunlangan qomusiy asar bo‘lib, u o‘z davridagi turkiy tillarning lug‘aviy, grammatik va madaniy jihatlarini qamrab olgan. Shu ma’lumotning o‘ziyoq kishi ko‘ksini to‘ldirib, to‘lqinlantirib yuboradi. Hali ayrim xalqlar avratini yopishga fahmi yetmay turgan bir pallada ijtimoiy hayot, moddiyat haqida emas, til haqida, adabiyot, tibbiyot ilmlari haqida shunday ulkan obida vujudga keldi. Bu dafina esa biz turkiylarga tegishli. Gap kelganda aytish kerakki, til, adabiyot, ilm, umuman ma’naviyat birlamchi bo‘lmog‘i kerak. Tangri bergan rizqni topib yeyish uchun ham ilm kerak. Mahsulotini sotish uchun ham til lozim. Sulh tuzish uchun ham ma’naviyat zarur. Qolganlarini eplasa bo‘ladi.

 

...Asarda turkiy tillarning grammatikasi, lug‘aviy birliklari, ijtimoiy hayoti, tarixiy va madaniy xususiyatlari, shuningdek, turkiy xalqlarning turmush tarzi, qadriyatlari va dunyoqarashi haqida qimmatli ma’lumotlar keltirilgan.

 

Asar arab alifbosi va tilida yozilgan. Qiziq, turkiy tillar taqdiri haqidagi shoh asar boshqa tilda yaratildi. Nechun? Bu savolning javobi juda og‘ir. Vaholanki, xalqlarning so‘zlashib turgan jonli tili bor edi. Xorazm, So‘g‘d yozuv-alifbosi mavjud edi. Ammo hukmron til arabcha bo‘lgani bois shunday qilishga majbur bo‘lgan. O‘zbekiston milliy ensiklopediyasida keltirilgan ma’lumotga ko‘ra, Qoshg‘ariy 8 mingdan ortiq turkiy so‘zni to‘g‘ri talaffuz qilish maqsadida arabcha harakatlar(harflardagi ost-ust ishoralar – zer-zabar)dan foydalangan. Bunda, albatta, muallif ancha qiyinchilikka duch kelgan. Chunki arabchadagi alif, vov, yo tovushlarini beradigan belgilar bilan turkiy tovushlarni to‘liq berib bo‘lmas edi. Turkiydagi cho‘ziq va qisqa unlilar, yumshoq va qattiq tovushlar uchun muallif maxsus belgilar(harakatlar)ni qo‘llaydi yoki so‘z boshidagi cho‘ziqlikni ikki alif bilan ko‘rsatadi yoki ikki xil talaffuz qilinadigan so‘zlarga ikki xil ishora qo‘yadi: azuqluq, eritmak so‘zlaridagi z va r harflari ustiga ham kasra, ham zamma ishorasini qo‘ygan. Demak, bu so‘zlar o‘sha davrda ikki xil talaffuz etilgan: aziqluq – azuqluq, eritmak – erutmak kabi. Arabcha harf bilan ko‘rsatish mumkin bo‘lmagan turkiy talaffuzni Devonu lug‘otit turkda izohlab, ta’riflab o‘tgan. Asarda avvalo otlar, so‘ng fe’llar izohlanadi. So‘zlar tartibi ularning tarkibidagi harflarning orta borishiga (2 harfdan 7 harfgacha) qarab tuzilgan.

 

* * *

Asarning yagona va eng qadimgi qo‘lyozmasi 1226-yilda kotib Muhammad ibn Abu Bakr ko‘chirgan nusxa bo‘lib, u 1915-yilda Turkiyaning Diyorbakr shahridan topilgan. Qo‘lyozma Istanbul milliy kutubxonasida saqlanadi. “Devon...”ning birinchi noshiri va turkchaga tarjimoni Rifat Bilge hisoblanadi. O‘zbekistonda esa professor Solih Mutallibovning 35 yillik mehnati natijasida 1960 – 1963-yillarda o‘zbek tilida uch jild holida nashr etilgan.

 

“Devon...”da muallif o‘zi tuzgan doira shakldagi xarita ham mavjud. Dunyoning tasviri. Qoshg‘ariy anglagan, tasavvur qilgan jahon xaritasi. Xaritada mamlakat, shahar, qishloq, tog‘, cho‘l, dovon, dengiz, ko‘l, daryo va hokazolarning nomlari yozilgan. Unga yozilmay qolgan bir qancha nomlar asar matnida izohlangan. Xarita asosan hozirgi sharqiy yarimsharga to‘g‘ri keladi.

 

Dunyoning tabiiy qit’alari million yillarki muqim turibdi, ammo xaritalar o‘zgarib ketayapti. Bu uzluksiz, betinim jarayon. Qoshg‘ariy tuzgan xaritaga qarab, bitta olimning dunyoni anglash darajasi, bergan mo‘l-ko‘l hosili naqadar ulkanligini biroz his etarkanman, “Qoshg‘ariy bobo bir o‘zi butun boshli akademiyaning ishini qilgan ekan” deb iqror bo‘laman. Ajdoddan avlodga axborot va belgilarni genlar tashiydi. Ming yil avvalgi umumturkiy madaniy qadriyatlarni norday tashigan, bizgacha yetkazib kelgan ulug‘ ajdodga berganim bu baho menimcha mubolag‘a emas.

 

* * *

Qancha tovush bor bu tiriklikda... bargning shovullashi, arining g‘o‘ng‘illashi, suvning shildirashi, qush, ayiq, chaqmoq, dovul... va jimlikning tovushi... bu tovushlarning hech biri bejiz emas, shunchaki, besabab mavjud emas. Ammo sodda bir naql bor: bozorda odam ko‘p, har kim taniganiga salom beradi. Shu bois turkiyning tovushi, “Devon...” qatlaridan jaranglayotgan, gurros solib, ayqirib o‘tayotgan qadim va navqiron turkiyning tovushi bizga qadrdon.

 

Qoshg‘ariy devon oxirida “Bu kitob umrimni oxiriga yetkazdi” deb yozgan. Demak, olim bu kitobga butun umrini, hayotini bag‘ishlagan.

 

“Devon...”dan olingan mana bu sadolarga quloq bering. Shu sadolar tinmasin, dunyo turguncha baqamti, dunyoda katta son va sifatni tashkil etuvchi turkiylar, xossatan, o‘zbeklar sadosi tinmasin va kaminaning so‘zlariga ham shu satrlar, naqllar xulosa bo‘lsin:

 

Toqish ichra urishtim,

Ulug‘ birla qapishtim,

To‘kuz atin japishdim,

Aydim emdi al Utar.

 

Jangda raqibning ulug‘i bilan qashqa otda urushdim. Unga o‘q otdim va unga “Mendan buni ol, Utar deb unga o‘q otdim” (Utar – kishi nomi).

 

Yatning yag‘liq tikusindan o‘znung qanlig‘ uzruq jir – yotning yog‘li ovqatidan yaqinlaringning mushti yaxshi.

 

Qutsuz quzug‘qa kirsa, qum yag‘ar – baxtsiz quduqqa kirsa, qum yog‘ar.

 

Qish qonuqi o‘t – qishning ziyofati olov.

 

O‘t tutunsiz bolmas, jigit jazuqsiz bolmas – o‘t tutunsiz bo‘lmas, yigit gunohsiz bo‘lmas.

 

Tilin tugmishni tishin jazmas – til bilan bog‘langan tish bilan yechilmas.

 

Og‘lan ishi ish bolmas, og‘laq munguzi sap bolmas – bolalar ishini ish deb bo‘lmaydi, echki shoxi sop bo‘lmaydi.

 

Bir tilki terisin ikila sonmas – bir tulki terisi ikki bor shilinmas.

 

Erdam bashi til – odobning boshi til.

 

Shodmonqul SALOM

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2026-yil 1-son.

“Erdam bashi til...” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Din

16:05 / 22.05.2026 0 18
Hakim Termiziy o‘gitlari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//