Soxta darveshning Turkiston sayohati – Vamberining qo‘ng‘irotlik doʻsti. 2-maqola


Saqlash
15:31 / 03.04.2026 26 0

1-maqola

 

Rashid afandining qoʻngʻirotlik yoʻldoshi

Herman Vamberining xotiralarida taʼriflanishicha, Turkistonga kelgan birinchi oylardayoq Xivadagi Muhammad Aminxon madrasasida asli bu xonlikka qarovchi Qoʻngʻirot shahridan boʻlgan mullavachcha – yigirma ikki yoshdagi Isʼhoq bilan tanishadi (Vengriya va boshqa Gʻarb mamlakatlaridagi ismi bilan aytilsa – Mulla Isʼhoq Chigʻatoy, 1841-1892-yillar orasida yashab oʻtgan).

 

Vamberi Xivada ilk uchrashgan kunidan eʼtiboran Mulla Isʼhoq (Sodiq)ni koʻngli toza, ishchan, sadoqatli inson sifatida bilgan va uni oʻzining himoyatiga olishni koʻngliga tukkan edi. Xivadagi madrasaning peshqadam talabalaridan boʻlgan bu yigitcha orzusi Makkaga, hajga borish uchun va, ehtimol, oʻsha paytlari bunga mablagʻi boʻlmaganidan, Makkatulloga yaqin yurtlarda yashovchi Rashid afandiga hamrohlik qilib, bir amallab Arabistonga yetib olish azmi bilan yoʻlga chiqadi. Vamberi bilan avval Buxoroga, keyin Samarqandga safar qilgan mulla Isʼhoq insoniy fazilatlari: samimiyligi, qanoatliligi, odobi va sabr-chidami bilan Rashid afandini rom qiladi.

 

Xotiralarida Vamberi tan olib yozganidek, safar davomida uni barcha yoʻldoshlari tashlab ketganida ham mulla Isʼhoq unga sodiq qolgan va haqiqiy doʻstlik, hamrohlik qilgan. “U juda toʻgʻri va kamsuqum inson edi. Uning gʻarazsiz va sofdilona munosabati menga xavfli va azobli safarimda kuch-quvvat bagʻishladi”, – deb yozadi Vamberi oʻzining qoʻngʻirotlik yoʻldoshi haqida.

 

Uning “madrasa tuprogʻini yalagani”, eski oʻzbek tilini (Vamberi chigʻatoycha deb ataydi), mumtoz adabiyot hamda xalq ogʻzaki ijodini yaxshi bilishi Herman Vamberining nazaridan qochmagan. Yigitning ayni shu tomonlaridan kelgusida foydalanish rejasi uni Yevropaga olib ketish fikrini uygʻotgan boʻlishi mumkin: “Ilmga berilgani va menga oʻzini yaqin olishi yosh mullaga boʻlgan qiziqishimizni oshirdi. Undan kelgusida yaxshi odam chiqishini sezganim tufayli oʻsha paytlari bu mullavachchani aro yoʻlda tashlab ketmaslikka qaror qilgan edim. Bu fikrga hali Hirotga yetmay turib borgan edim. Ilk tanishgan paytimizdayoq men uning yuragi toza ekanini sezgan edim. Bunday masalalarda men hech ham yanglishmaganman”.

 

Shunday qilib, biri Turkiston ziyoratidan qaytayotgan, yana biri haj safariga borayotgan bu ikki sayyoh Istanbulga borganlarida mulla Isʼhoqda bilim oʻrganishga boʻlgan tashnalik haj safari ishtiyoqidan ustun keladi va u hamrohi bilan Mojoristonga borishga qaror qiladi. Darvoqe, Istanbulga yetib kelguniga qadar mulla Isʼhoq Rashid afandi sifatida bilgan hamrohining 19-asrning eng buyuk sharqshunos-turkologi va xufyalaridan biri Herman Vamberiligidan xabari boʻlmagan va u bu sirdan faqat ushbu shaharda voqif boʻladi. Sirning ochilishi yosh mullada qanday hissiyotlar uygʻotganini tasavvur qilish qiyin, ammo masalaning yana bir tarafi shundaki, oʻsha paytlarda Vamberi rasman islom dinini qabul qilgan – musulmon edi, mulla Isʼhoqni ana shu hol hamrohi bilan yoʻlda davom etishga undagan boʻlishi mumkin (Vikipediyadagi maʼlumotlarga qaraganda, Vamberi toʻrt marta islomni qabul qilgan).

 

Yoʻldosh ustoz va shogirdning ushbu maqolaga ilova etilayotgan rasmi ham Istanbulda tushirilgani ehtimoldan holi emas. Rasmda ham mulla Isʼhoqning odob saqlaganini koʻrish mumkin, u ustozining yonida chordana qurib oʻtirishdan chekingan va yonida oyoqda turgan holda rasmga tushgan.

 

Mulla Isʼhoq va H. Vamberi Turkiston sayohatidan keyin Istanbulda tushgan rasmi

 

Vengriyaga kelar-kelmas yosh mulla mahalliy venger va nemis tillarini oʻrganib oladi. Uni Sharq tillari oʻqituvchisi etib tayinlaydilar, ayni vaqtda – 1864-yildan boshlab Vengriya fanlar akademiyasining kutubxonasida ham faoliyat koʻrsatadi. Uning vazifasi Sharq qoʻlyozmalarini tadqiq etish va tarjima qilish edi. “Uning ona tili oʻzbek tili edi, shuningdek, u oʻrta asrlardagi Oʻrta Osiyo turkiy adabiy tilini – chigʻatoychani mukammal saviyada bilardi. U oʻsha paytdagi yevropalik tilshunoslar uchun qanday qiymatli xazina ekanini tasavvur qilish qiyin”, – deb yozadi bu mavzuni tadqiq etgan mualliflardan biri. – Muqoyasa qilish uchun aytsak, bu hol qadimgi Odisseya kemasidagi dengizchilarning zamonaviy Gollandiya dengiz akademiyasiga dengiz tugunlarini yechish boʻyicha mahorat saboqlarini berish uchun kelishi kabi gʻaroyib bir hodisa edi.

 

Venger turkologi Georgi Karaning maʼlumotlariga qaraganda, mulla Isʼhoqning Vengriyadagi hayoti joʻshqin kechgan. Mulla Isʼhoq yevropacha hayot tarziga tezda oʻrgangan, mamlakat boʻylab sayohatga chiqqan. Herman Vamberi ikki yillik safar bilan Londonga ketganida mulla Isʼhoqni doʻsti professor Jozef Budenzga omonat qilib qoldirib ketgan. Jozef Budenz turkistonlik mullaga yevropacha hayot tarzini qabul qilishda koʻmaklashgan, chogʻi. Vamberi Londondan qaytganida yevropacha bashang kiyingan, vengerchani suv qilib ichib yuborgan va hanuz kamsuqumlik va sofkoʻngilligini yoʻqotmagan eski hamrohini koʻrib lol qolish bilan birga quvongan.

 

Mulla Isʼhoqning uylangani, bola-chaqa orttirgani, vafotiga qadar musulmonlikning qoida va tartiblariga amal qilib yashagani ham maʼlum. U 1864-yildan eʼtiboran Vengriya fanlar akademiyasi tizimida olib borilayotgan turkologik tadqiqotlarda faol ishtirok etgan. Uning jami 50 ta asarni – maqollar, afsonalar, 13 ta ertak, boshqa latifa va qisqa hikoyalarni vengerchaga tarjima qilgani hamda originallari bilan birga nashr ettirgani maʼlum. Venger olimi Jozef Arani bu matnlarni “Xivacha matnlar”, deb atagan.

 

Georgi Kara tadqiqotida Vengriya fani arxivlaridan topilgan, mulla Isʼhoq vengerchadan oʻzbekchaga tarjima qilgan “Ajoyib kiyik haqida afsona” dostonidan parcha keltiradi:

Oʻsha kuni quyosh botganday boʻldi,

Quyoshning shuʼlasi bulutga tushdi,

Yigitlar toʻxtamay kiyikni quvdi,

Va birdan kiyikni koʻrolmay qoldi,

Shu zaylda kechgacha yurdilar,

Kur nahrining qirgʻogʻiga keldilar,

Bu yerlar yashashga juda uygʻundi,

Va yaxshi otlar bor edi yemoq uchun…

 

Shuningdek, mulla Isʼhoq Herman Vamberining 1867-yilda “Yusuf va Ahmad” dostonini asliy matni va nemischa tarjimasini nashr etish ishida bevosita ishtirok etgan. Yuqori tarjimonlik qobiliyati uchun uni Vamberi “jonli lugʻat” deb atagan. Baʼzi manbalarda Vamberi Xiva xonligida boʻlganida “Oshiq Gʻarib va Shohsanam” dostonini yozib olgani va bu ishda unga mulla Isʼhoq yordam bergani qayd etiladi.

 

Qayd etish lozimki, mulla Isʼhoq 1872-1878-yillar orasida Vengriyadan boshqa mamlakatlarga sayohat qilgan koʻrinadi, chunki uning yuqorida tilga olib oʻtilgan ish joylarida bu yillarga doir qaydlar uchramaydi. 1879-yil va 1892-yilga oid arxiv materiallarida uning nomi yana akademiya xodimlari roʻyxatida koʻzga tashlanadi. Mulla Isʼhoqning Angliya, Fransiya yoki Germaniya kabi Yevropa mamlakatlariga safarga chiqmaganini ham tasavvur qilish mumkin. Chunki, bunday boʻlganida ustozi Vamberi kabi ilmiy doiralarda mashhur boʻlgan mulla Isʼhoq haqida bu mamlakatlarning davriy ilmiy nashrlarida albatta xabar yoki maqola eʼlon qilingan boʻlur edi.

 

Hayotining soʻnggi yillarida mulla Isʼhoq ogʻir kasallikka chalinadi, davolanish uchun Budapesht yaqinidagi Velense qishlogʻiga borib, u yerda oʻrnashib qoladi. Oʻsha yerda 1892-yilda vafot etadi. Vamberining aralashuvi bilan u Velensedagi kalvinistlar qabristoniga musulmoncha urf-odatlarga asosan dafn qilinadi. Uning qabr toshiga, rasmda koʻrganingizday, “Mulla Szadik – mulla Sodiq” deb yozilgan. Herman Vamberi doʻsti mulla Isʼhoq Chigʻatoyning mozor toshiga uning sodiq doʻst ekanini taʼkidlash uchun ana shu ismni yozdirgani ehtimoldan holi emas. Haqiqatan ham bir umr chet ellarda yashagan, ammo el-yurti uchun xizmat qilgan hamyurtimiz mulla Isʼhoq hamisha oʻz xalqiga, tiliga, ilm-fanga, diniga hamda doʻstlariga sodiq qolgan inson edi.

 

 

Soʻngsoʻz oʻlaroq, jahon ahliga, Yevropa sharqshunosligi va turkologiyasi faniga xalqimiz, uning tili va madaniyatini birinchilardan boʻlib tanitgan olim va sayyoh professor Herman (Arminiy) Vamberi hamda uning sodiq shogirdi, hamyurtimiz mulla Isʼhoq (Sodiq)ning siymosi va ularning amalga oshirgan ishlari tarixchilarimiz, madaniyat va adabiyotchilarimiz uchun uchun dolzarb tadqiqot mavzusi ekanini ham taʼkidlab oʻtmoqchimiz.

 

Bizningcha, mamlakatimizdagi “El yurt umidi” jamgʻarmasi granti bilan eski oʻzbek tilini bilgan tarixchi-izlanuvchilarimizni Mojoristonga yuborish kerak. Ularning vengerchani oʻrganishlari, venger turkologlari bilan hamkorlikda mulla Herman Vamberi arxivini hamda mulla Isʼhoq shaxsiyatini chuqur tadqiq etishiga sharoit yaratib berish lozim. Vengriya Respublikasining Turkiy Davlatlar Tashkiloti kuzatuvchi aʼzosi va u tashkilotning Yevropa Ittifoqiga koʻprigi maqomida ekani bu qardosh mamlakat bilan madaniy aloqalarni yuqori saviyaga koʻtarish vazifasini qoʻyadi. Herman Vamberi va mulla Isʼhoq masalasini yaxshi oʻrganish bu sohadagi tadqiqotlarga kuchli turtki beradi. Chunki, hamkorlik va qardoshlik aloqalari hamisha tutashtiruvchi nuqtalar va masalalardan boshlanadi. Herman Vamberi va mulla Isʼhoq masalasi ana shunday tutashtiruvchi va umumlashtiruvchi nuqtadir. Bu xususda Vengriya Respublikasi Fanlar Akademiyasi tegishli institutlari bilan hamkorlikda ishlash foydadan xoli emas.

 

Shuningdek, Herman Vamberining “Xotiralari”ni oʻzbek tiliga tarjima qilinishi zarur. Oʻzbekiston, Vengriya, Turkiya hamkorligida Vamberi hamda Isʼhoq Ibrohim haqidagi hujjatli film va seriallarni yaratish ham oʻzbek turkologiya va sharqshunoslik fani hamda Oʻzbekiston turizmi uchun muayyan istiqbollar ochib beradi, deb hisoblaymiz.

Joʻliboy ELTAZAROV,

filologiya fanlari doktori, professor

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

15:04 / 03.04.2026 0 86
Bu poygada ot choptirib ko‘rganmiz...

Tarix

15:04 / 03.04.2026 0 24
Soxta darveshning Turkiston sayohati. 1-maqola

Jarayon

18:03 / 27.03.2026 0 247
Dunyoni ayollar boshqarsa, nima o‘zgaradi?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//