“Sun’iy intellekt bo‘tqasi” – Nega “mukammal” matnlardan bezor bo‘ldik?


Saqlash
16:44 / 21.05.2026 14 0

Aksariyatimiz supermarketdan o‘sha geometrik jihatdan mukammal, sirti silliq, yaltirab turgan, ammo tishlasangiz suv yoki kartondan farqi yo‘q “plastik” olma va noklarni xarid qilganmiz, yeb ko‘rganmiz. Ko‘rinishi ideal, lekin maza yo‘q. Endi ko‘z oldingizga tandirdan hozirgina uzilgan, bir cheti sal kuygan, bir chetida kul yuqi qolgan, shakli gadir-budur somsani keltiring. Tishlaganingizda uni shu bosqichga yetkazgan inson qo‘li haroratini his qilasiz. Endi solishtiring, qaysi biridan “jon” tafti keladi?

 

 

E’tibor berganmisiz, raqamli dunyoda ham mukammallik ba’zan naqadar zerikarli va hatto jirkanch tuyilishi mumkin? So‘nggi paytlarda internetda shunday matnlarga duch kelyapmizki, vergullari joyida, mantiq benuqson, ammo o‘qib bo‘lgach ichingizda huvillagan bo‘shliqdan boshqa narsa qolmaydi (Umid qilamanki, bu matnimdan keyin bunday tuyg‘u tuymaysiz). Insondagi nomukamallikdan mosuvo qilingan bu silliq jumlalar yig‘indisini bugun “SI bo‘tqasi” (AI slop) deb atayapmiz.

 

“SI bo‘tqasi” sun’iy intellekt yordamida besh soniyada generatsiya qilingan, emojilari jilmayib turgan, lekin ichida zig‘ircha hissiyot va tabiiylik bo‘lmagan “chala o‘lik” kontentdir. Xo‘sh, qachondan beri biz raqamli axborot chiqindixonasida yashashga ko‘nikib qoldik va eng muhimi, bu algoritmik shovqin ertaga o‘zimizga va farzandlarimizga qanday ta’sir qiladi?

 

1. Ruhsiz mukammallik qurbonlari va “Kintsugi” falsafasi

 

Odamzot aslida xatolarga, dog‘larga – tabiiylikka o‘ch. Biz o‘qiyotgan kitob, ko‘rayotgan filmimizda muallifning ter to‘kib, qahramonining bitta so‘zi ustida-da jiddiy bosh qotirishini, o‘z og‘rig‘ini iste’molchi – bizning og‘rig‘imizga aylantirishini xohlaymiz. Sun’iy intellekt yozgan matnlarda bu “insoniy ojizlik” yo‘q. Ular shu qadar silliq va tartibli yoziladi, o‘qib bo‘lgach bitta tukingiz ham qilt etmaydi.

 

 

Yaponlarda “Kintsugi” degan qadimiy falsafa bor. Singan choynak yoki piyolaning siniqlarini oltin suvi bilan yopishtirishadi. Ular uchun asarning qadri uning mukammalligida emas, balki singan joylari – o‘sha chandiqlarning oltin kabi qimmatliligidadir. Bugungi axborot shovqinida ham xuddi shunday: san’atning, matnning qadri uning benuqsonligida emas, undagi insoniy chandiqlarda, tabiiy izdadir. Biz esa o‘z miyamizga ma’naviy kaloriya bermaydigan “chaynangan luqma”larni tiqib, ruhiy jihatdan toliqib boryapmiz.

 

O‘zi nega odamlar bunday matnlarni ko‘p “chiqarish”yapti? Biz “oq qog‘oz qo‘rquvi”dan – bo‘sh qog‘ozga boshidan bittalab yozib chiqishdan, fikrlash azobidan qochyapmiz. So‘z qidirish, uning ma’nosini chaqish, bir paragrafda bir qolip asosida birlashtirish va xatolarni qayta to‘g‘rilab chiqish insondan energiya talab qiladi. Biz esa bu jarayonni osonlashtirmoqchi bo‘lib, o‘zimizning inson ekanimizni eslatuvchi mexanizmlarni o‘chirib qo‘yyapmiz.

 

2. Avlodlarga qoldirilayotgan tayyor bo‘tqa

 

Eng og‘riqlisi, bu jonsiz mexanizmni o‘z uka-singillarimizga, bolalarimizga qo‘shqo‘llab tutyapmiz. Bolalikning ajralmas qismi bo‘lgan ertaklar, maktab insholari, dildan yozilishi kerak bo‘lgan maktublar endi promptlarga topshirilmoqda.

 

 

Yaqinda OpenAI rahbari Sem Altman o‘zining suhbatlaridan birida qiziq fikr aytib o‘tibdi:

 

“Yoshlar hozir ChatGPT’dan nima qilish kerakligini so‘ramasdan turib, hayotiy qarorlar qabul qilmay qo‘yishdi. Sababi, sun’iy intellektda ularning hayotidagi barcha odamlar va nimalar haqida gaplashgani bo‘yicha to‘liq kontekst bor”.

 

Tasavvur qilyapsizmi? Biz kelajak avlodga hayot doim tekis, benuqson va hissiz yozilishi kerak, degan illuziyani beryapmiz. Ular uchun yozish – bu og‘riq, izlanish va “fikriy to‘lg‘oq” emas, shunchaki bitta tugmachani bosishga aylanib qol(a)di. Hayotida qalam bilan so‘z ustiga chiziq tortib, o‘chirib yozish azobini tatib ko‘rmagan, o‘zining tartibsiz hamda absurd o‘ylaridan uyaladigan avloddan qanday qilib yangi Qodiriylar chiqishini kutishimiz mumkin?

 

3. Bu shovqinda asl kontentni qanday tanlaymiz?

 

Bir savol tug‘iladi: qanday qilib bu “SI bo‘tqasi”dan o‘zimizni asraymiz? Javob ESA bitta – qat’iy axborot dietasi va matndan “barmoq izi”ni qidirish qoidasi.

 

Axborot iste’molida ana shu kintsugi “chandiqlari”ni qidiring. Men o‘qiyotgan maqolam yoki ko‘rayotgan videomda doim muallifning tabiiy izini axtaraman. Agar matnda kutilmagan, biroz g‘alati o‘xshatish bo‘lsa (masalan, ijodiy g‘oyani divan tagiga qochib ketgan mushukka o‘xshatish), yoxud muallif 10–15 kilometr uzoq masofaga yugurganda mushaklarida his qilgan real jismoniy charchog‘i haqida gapirsa, demak, uning ortida yuragi urib turgan odam bor. Matn ba’zan sizning g‘ashingizga tegsa, uning ortida kimningdir rostdakam mehnati, og‘rig‘i bo‘lishi ehtimoli katta. Insoniy tajribani, azobni va hayotning isini hech qanday algoritm soxtalashtira olmaydi.

 

 

Sun’iy intellekt – ajoyib dastgoh, cheksiz kutubxona. U zo‘r kod yozuvchi, tezkor lug‘at va g‘oyalar generatori bo‘lishi mumkin. Lekin u hech qachon kechasi deraza ortida yog‘ayotgan yomg‘irga qarab, yolg‘izlikdan yoki umrning qisqaligidan xo‘rsinmaydi. Uning xotirasi trillionlab so‘zlarni jamlagan bo‘lsa-da, hayotida biror marta ham yiqilib, tizzasi qonamagan. U masalliqlarni to‘g‘rab, qozonga solib berishi mumkin, ammo ovqatga tuz va mehr degan “ziravor”ni faqat inson qo‘sha oladi.

 

Sun’iy “bo‘tqa” yeyishni to‘xtataylik. Chala bo‘lsa-da, biroz g‘aliz bo‘lsa-da, “tirik odam”lar azoblanib yaratgan haqiqiy san’at “iste’moli”ga qaytishga hali kech emas.

 

Samandar ERKINJONOV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//