Qadimgi Yunonistonning g‘ubor bosgan so‘qmoqlarida, zaytun daraxtlari soyasida Ezop ismli donishmand qul tinglovchilariga jo‘ngina bir rivoyat so‘zlab beradi. Uning qahramonlari shohlar yoki ilohlar emas, balki ikki mitti kemiruvchidan iborat bo‘ladi. Hikoya balki sizga tanishdir: Bir kuni qishloq sichqoni shaharlik qarindoshini mehmonga chorlaydi. Dasturxonda faqat kamtarona ne’matlar — arpa, loviya va toza suv tortiladi. Shaharlik mehmon burnini jiyirib: "Do‘stim, sen shunchaki tiriksan, xolos. Yashamayapsan. Yur men bilan, haqiqiy lazzat nima ekanligini ko‘rasan!", deya xitob qiladi. Ular shaharga, boy zodagonning hashamatli xonadoniga yo‘l olishadi. Dasturxon usti haqiqiy jannatni eslatadi: eng sarxil pishloqlar, asal, go‘sht, anjir... Qishloqi sichqon hayotida bunday noz-ne’matni ko‘rmagan bo‘ladi. Ammo ular endigina bir tishlam yeyishganda, og‘ir eman eshiklar g‘ichirlab ochilib, xonaga ulkan itlar va odamlar bostirib kiradi. Sichqonlar jon talvasasida devor kovagiga o‘zini uradi. Yuragi qinidan chiqqan, nafasi bo‘g‘ziga tiqilgan qishloq sichqoni o‘sha lahzada o‘zining mashhur xulosasini aytadi:
"Men ketdim. Sening asaling ham, go‘shting ham o‘zingga siylov. Menga o‘zimning tinchgina arpam afzal. Qo‘rquv ichida yeyilgan asaldan ko‘ra, xotirjam tanovul qilingan loviya ming marta shirinroqdir”.
Masal shu yerda yakunlanib, Ezop sukut saqlaydi. Ammo insoniyat mana 3000 yildirki, bu hikoyaning so‘nggi nuqtasini qo‘ya olmayapti. Bu shunchaki ertak emas, balki inson ruhining eng og‘riqli dilemmasi: Xavfsiz zerikishmi yoki xavfli lazzat? Keling, bu savolga javob izlab, tarix va tafakkur bo‘ylab xayoliy vaqt sayohatiga otlanamiz.
Vaqt mashinamizni eramizdan avvalgi III asrga, Afinadagi sokin bog‘ga qo‘ndiramiz. U yerda bizni faylasuf Epikur qarshi oladi. Ko‘pchilik bugun "epikurizm" deganda maishatni, kayf-safoni tushunadi va bu tarixning eng katta tuhmatlaridan biridir, desam yolg’on bo’lmas. Aslida Epikur qishloq sichqonining eng katta himoyachisi va uning "advokati" bo‘lgan.
Epikur dasturxonida go‘sht yo‘q, faqat non va suv mavjud. U shogirdlariga qarab shunday deydi: "Lazzatning eng oliy darajasi bu – tanadagi og‘riq va ruhdagi bezovtalikning yo‘qligidir". U buni "Ataraksiya" deb atardi.
Epikur nazdida shaharlik sichqon badavlat emas, u shunchaki baxtsizdir. Sababi uning lazzati "qo‘rquv" valyutasida xarid qilingan. Faylasufning mantig‘i oddiy: agar bir tishlam pishloqni yeyish uchun siz ozgina bo‘lsa ham xavotirni his qilsangiz, u pishloqning ta’mi zahar bilan tenglashadi. Demak, qishloq sichqoni qo‘rqoq bo‘lib qochib ketmadi, aksincha, u antik dunyoning eng donishmand qarorini qabul qildi. U anglab yetdiki, "tinchlik" ta’mi dunyodagi eng shirin asal ta’midan ustunroqdir.
2-bekat: Rim saroyi va Seneka (Milodiy I asr)
Ammo... sayohatimiz hali ancha davom etadi. Endi Rim imperiyasining oltin davriga, imperator Neronning hashamatli saroyiga yo‘l olamiz. Bu yerda bizni stoik faylasuf Lutsius Anney Seneka kutib oladi. Seneka Epikurdan farqli o‘laroq, kambag‘al bo‘lmagan. Aksincha, u imperiyaning eng boy kishilaridan biri sanalgan. U shaharlik sichqon kabi yashab, lekin qishloq sichqoni kabi fikrlagan. Qiziq paradoks, shunday emasmi?
Seneka Ezop masaliga boshqa rakursdan nazar tashlaydi. U shaharlik sichqonni boyligi uchun emas, balki uning bog‘lanib qolgani uchun ayblaydi. Stoiklar nazdida muammo "pishloq"da emas, balki "pishloqni yo‘qotishdan qo‘rqish"dadir.
Seneka o‘zining Lusiliyga bitgan maktubida buni shunday aniq ta’kidlaydi: “Kambag‘al – bu oz narsaga ega bo‘lgan odam emas, balki ko‘p narsani xohlaydigan odamdir”.
Agar shaharlik sichqon o‘sha boylik ichida yashab turib, "bugun bor, ertaga yo‘q" degan xotirjamlik bilan ovqatlanganda, u itlar bostirib kirganda qo‘rqmasdi. U shunchaki, "Xo‘sh, ziyofat tugadi, endi ketish vaqti keldi," deya xotirjam kovakka kirib ketgan bo‘lardi. Seneka bizga uchinchi yo‘lni taklif qiladi: Shaharda yashash, lekin qalbda qishloqlik bo‘lib qolish. Boylikka ega bo‘lish, lekin uning quliga aylanmaslik.
Epikur tinchlikni ulug‘ladi, Seneka boylikdan qo‘rqmaslikni o‘rgatdi. Lekin keling, o‘zimizga rostini aytaylik: Nega qishloq sichqoni baribir shaharga intilaveradi? Nega biz tinchgina "arpa" yeb o‘tirolmaymiz?
Vaqt mashinamizni XIX asr Germaniyasiga, “pessimizm qiroli” bo’lmish Artur Shopengauerning xonasiga yo‘naltiramiz. U bizga Ezop masalining yechimi yo‘qligini, bu shunchaki tugamas aylana ekanligini uqtiradi. Shopengauer shunday yozadi: "Hayot – bu azob va zerikish orasida tebranib turuvchi mayatnikdir".
Mulohaza qilib ko’ring: Qishloq sichqoni xavfsiz joyda, uning qorni to‘q, itlar yo‘q. Lekin tez orada unga nima bo‘ladi? U zerikadi. Hayot ma’nosiz va bir xil tuyula boshlaydi. Shunda u o‘zgarishlarni va "asal"ni qo‘msab qoladi (shahar tomon intiladi). Shahar sichqoni esa lazzat og‘ushida, lekin u doimiy stress va raqobat iskanjasida. U tinchlikni orzu qiladi (qishloq tomon intiladi).
Demak, inson tabiati shunday yaratilganki, biz hech qaysi dasturxonda uzoq o‘tirolmaymiz. Qishloqda zerikishdan qochamiz, shaharda esa stressdan. Biz xuddi o‘sha ikki sichqon kabi, bu ikki qutb o‘rtasida umrbod sarson bo‘lishga mahkummiz. Balki, Ezopning fojiasi ham shundadir? Tanlovning o‘zi yo‘qdir?
4-bekat: Parij kanalizatsiyasi va "Ratatuy" isyoni (XXI asr)
Lekin keling, tan olaylik, tinchgina arpa yeb o‘tirish ham kimlar uchundir o‘lim bilan barobar. Axir inson faqat xavfsizlik uchun yaralmagan-ku? Bizda yana bir ochlik bor – ambitsiya, ya’ni nimadirga erishish ochligi. Vaqt mashinamizni zamonaviy Parijga, "Pixar" studiyasi yaratgan olamga olib boramiz. Bu yerda biz Ezop masaliga eng kuchli raddiyani bergan boshqa bir kemiruvchini, kalamush Remini uchratamiz.
Yodingizdami, Remining otasi Jango (klassik qishloq sichqoni) o‘g‘liga nima degandi? "Ovqat – bu shunchaki yonilg‘i. Agar yonilg‘ini tanlayversang, ochingdan o‘lasan". Remi esa bunga rozi bo‘lmaydi. Uning uchun xavfsiz chiqindidan ko‘ra, o‘lim xavfi ostidagi lazzat va qo‘ziqorin hidi afzalroq. Uning mashhur javobi esa shunday yangraydi: "Odamlar shunchaki tirikchilik qilmaydi, ular kashf etadi, yaratadi... Ularning ovqat bilan nimalar qilishini bir ko‘r!"
Agar hamma Epikurga quloq solib, tinchgina arpasini yeb o‘tirganda, insoniyat g‘ordan chiqarmidi? Buyuk san’at, ilm-fan va kashfiyotlar har doim "qulaylik zonasi"ni tark etgan, itlar va qopqonlardan qo‘rqmagan "tentak"lar tomonidan yaratilgan-ku? Remi bizga xavf bu – lazzatning narxi emas, balki hayotning ta’mi ekanligini eslatadi.
Sayohatimiz o‘z yakuniga, bugungi kunga yetib keldi. Hozirgi manzara qanday? Bugun biz "Shahar sichqoni" bo‘lish uchun uzoqqa borishimiz shart emas. Shahar shundoqqina bizning qo‘limizdagi qora oynada, smartfonimizda yashaydi.
Ijtimoiy tarmoqlar – Ezop tasvirlagan o‘sha cheksiz, to‘kin dasturxon. Har kuni Instagram va LinkedIn orqali bizga o‘zgalarning "mazali hayoti", muvaffaqiyati va dabdabasi namoyish etiladi. Biz ham o‘sha dasturxondan bir tishlam olishga, "layk"lar va e’tirof ko‘rinishidagi pishloqni tatib ko‘rishga intilamiz. Lekin uning badali nima? Xavotir.
Biz xuddi o‘sha sichqon kabi, har bir bildirishnoma kelganda, "kimdir mendan o‘tib ketmadimikin?", "birov meni muhokama qilmayaptimikin?" degan doimiy talvasada yashayapmiz. Bizning dopaminimiz ko‘p, lekin kortizolimiz (stress gormoni) undan ham ko‘proq.
Xo‘sh, kim haq edi?
Tinchgina arpasini yeb, asablarini asragan Epikurmi? Boylik ichida zohid bo‘lishni o‘rgatgan Senekami? Yoki "yonilg‘i yegandan ko‘ra och qolganim yaxshi" degan isyonkor Remimi?
Ezop bizga hukm o‘qimadi, u faqat vaziyatni ko‘rsatdi. Bugungi kunda ham har birimiz tongda uyg‘onganda shu tanlov qarshisida turamiz: Xotirjamlikni tanlab, ambitsiyalardan voz kechishmi yoki katta o‘yinlarga kirib, halovatni qurbon qilishmi?
Dunyoda yagona to‘g‘ri javob yo‘q. Faqat bitta qoida o‘zgarmasdir: Qaysi dasturxonni tanlamang, uning hisobini to‘lashga to‘g‘ri keladi. Arpaning narxi zerikish bo‘lsa, asalning narxi xavotirdir.
Siz qaysi birini to‘lashga tayyorsiz?
Samandar ERKINJONOV
Adabiyot
Falsafa
Tarix
Tarix
Adabiyot
Jarayon
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q