Dastlab mustamlakachi imperiya, so‘ng sovet hukumati yangi usul maktablari milliy madaniyatni o‘stirishidan cho‘chidi, podsho hokimiyati va keyingi davrda SSSRning asl maqsadlari uchun xatarli deb baholadi. Shuning uchun ham yangi usul maktablarining faoliyatini cheklovchi turli tadbirlar ko‘rdi.
1912-yilda Turkiston general-gubernatorligi yangi usul maktablari va eskicha anʼanaviy ta’lim muassasalari ustidan nazoratni yanada kuchaytirish maqsadida farmoyish chiqaradi. Ushbu farmoyishdan bosh maqsad jadidlarning taʼlimdagi va yangi usul maktablari faoliyati ustidan qat’iy nazoratni mustahkamlash edi. Fikrimiz isboti sifatida ushbu farmoyishdagi chora-tadbirlar mazmunini koʻrib chiqishning oʻzi yetarli:
1. Endilikda yangi usul maktablari Turkiston general-gubernatorligi ma’muriyati rasmiy tasdiq ruxsatisiz ochilmaydi;
2. Jadid maktablari boshqaruv faoliyati siyosiy jihatdan ishonchli deb hisoblangan shaxslarga berilishi, yaʼni maktabni faqat hukumat nazoratiga to‘la tayanadiganlar boshqarishi lozim;
3. Bu maktablarda faqat imperiya senzura nazorati tasdiqlagan kitoblar qo‘llanilib, o‘quv jarayonida rus senzurasidan o‘tgan darslik va adabiyotlargina ishlatiladi;
4. Ruxsatsiz maktablarni ochgan shaxslar maktab ochishdan uzoq muddatga mahrum qilinadi;
5. Yangi ochilgan jadid maktabi qaysi millatga xizmat qilsa, o‘qituvchilari ham shunga mos bo‘lishi talab etiladi. Yaʼni, oʻqituvchilar va maktabning milliy tarkibi bir xil boʻlishi;
6. Yangi ochiladigan maktablarni ro‘yxatga olish va nazorat qilish Turkiston general-gubernatorligi mahalliy politsiyasi va ma’muriy organlari tomonidan ro‘yxatga olinib, ularning ruxsatisiz faoliyati taqiqlanadi...
Turkiston o‘lkasi ma’muriyati tomonidan qo‘llanilgan choralar natijasida 1910–1911-o‘quv yili davomida 50 dan ortiq yangi usul maktabi faoliyatiga chek qo‘yildi. Lekin bu turdagi maktablar soni o‘sishda davom etdi. 1918-yilgacha O‘zbekiston hududida 104 ta “yangi usul” maktablari bo‘lib, ularda 10 ming 343 nafar o‘quvchi ta’lim olgan.
72 kun yashagan Turkiston Muxtoriyati hukumati azosi, maorif vaziri Nosirxon toʻraning bir necha bor qamoqqa olinishi va surgun qilinishi qismatini eslaylik! 1925-yil Nosirxon toʻra “sovetlarga qarshi siyosiy faoliyat olib borgani uchun” degan soxta ayblov va tuhmatlar bilan (1928-yilgacha) Orenburgga surgun qilinadi. U keyingi hibs – 1930-yil 27-noyabrda SSSRning davlat xavfsizligi boʻyicha maxsus organi qarori bilan otishga hukm etiladi. Shuningdek, Nosirxon toʻra safdoshlari va shogirdlariga ham oʻlim jazosi berilgan. Chunki undan ta’lim olgan yoshlar ham ulgʻaygach oʻzlari maktab ochib, yosh avlodni ilmli qilishga urinishgan.
Nosirxon toʻraning shogirdlaridan bo‘lgan Mubashshirxon toʻra (1896–1977) hayoti davomida islom fiqhi va tarixiga oid 47 ta asar yozadi, maktablar ochadi, ta’qib kuchaygach vatanni tark etishga majbur boʻladi (1930). Yana bir shogirdi – yirik olim, adib va tarjimon Oltinxon toʻra (1894–1992) ham sovetlar tuzumi tazyiqi sabab vatanni tark etadi (1932). “Masjid al-Harom” va “Masjid an-Nabaviy”da mudarrislik qilgan Oltinxon toʻra Qur’oni karim ma’nolarini ilk bor oʻzbek tiliga tarjima va tafsir qilgan.
Sovet hokimiyati ta’lim siyosatining maqsadi asosan Rossiyadan tashqari hududlarda “arzon ishchi qatlamini” tashkillashtirish boʻlgan. SSSRning 1930-yil 14-avgustda qabul qilingan “Umumiy majburiy boshlangʻich ta’lim haqida” qonuniga koʻra, 8–10 yoshli bolalarni boshlangʻich maktablarning kamida 4 yillik kursi hajmida umumiy majburiy oʻqishga jalb etish, 11–15 yoshli mehnat maktabining 4 yillik bosqichida oʻqimaganlar uchun tezlashtirilgan 1-2 yillik oʻqishlar tashkil etish, sanoat shaharlarida esa 1930-1931-oʻquv yilidan 7 yillik majburiy maktabga tortish masalalari koʻrsatilgan edi.
Ta’lim tizimini yog‘iylar nazorat qilmagan davrda jadid ziyolilarimiz oʻz milliy ta’lim andozalari va yaratgan darsliklari asosida qisqa fursatda xalqning hatto harf tanimaydigan asosiy qismining savodini chiqara oldi. Turkiya va Yevropaga ta’lim uchun jo‘natilayotgan yoshlardan xavfsirashni boshlagan imperiya xorijda o‘qiyotgan turkistonliklar, ularni kim va qanday yo‘llar orqali yuborgani, homiylari, u yerda qaysi fanlardan tahsil olayotgani va kimlar bilan uchrashayotgani haqida kunlik hisobot yig‘adi.
Sovet hokimiyati yangi usuldagi ta’lim tizimi yutuqlarini koʻrgach, jadidlarning keyingi natijalarini chamaladi. Shuning uchun ham maorif tizimida qatagʻon siyosatini amalga oshirdi. Birgina misol, 1933-yil 27-martda VKP(b) MK Oʻrta Osiyo byurosi oʻqituvchi kadrlar safini tozalash haqidagi maxsus qaror qabul qiladi. Amalda taʼlim tizimining fidoyi xodimlari, sifatli ta’lim berayotgan oʻqituvchilar sohadan chetlatiladi – ya’ni qatagʻon qilinadi. Sovet tuzumi andozasidagi ta’lim tizimini oʻrnatish uchun milliy kadrlarni yoʻqotish amalga oshiriladi. Sovet hokimiyati hattoki chet elga (Turkiya, Germaniya, …) oʻqishga joʻnatilgan talabalardan sovet davlati uchun aygʻoqchilik qilishni talab qilish holatlari ham kuzatilgan. Bosh tortgan talabalar ta’til vaqtida uylariga qaytganda siyosiy ayblovlar qoʻyilib qamoqqa olingan yoki oʻqishga qaytib borishini cheklab qoʻyishgan. Oʻz vatanidagi bunday qatagʻonchilik siyosatidan xabar topgan ayrim talabalar oʻsha davlatlarda qolishga majbur boʻlishgan.
Sovet hukumatining O‘zbekiston mаоrif tizimidа оlib bоrgаn qаtаg‘оn siуоsаti 3 bosqichdа amalga oshirildi:
1-bosqich, o‘zgacha fikrlovchilаrni аniqlаb, ularni jаzоlаsh;
2-bosqich, оilа а’zоlаrini jаzоgа tоrtish;
3-bosqich, qаtаg‘оngа uchrаgаn shаxslаrning ustоzi уоki о‘quvchilаrini qаtаg‘оn qilish.
Sovetning ta’lim tizimida yuritgan asl siyosatiga oid yangi ma’lumotlar tаdqiqоtchilar tоmоnidаn manbalar asosida jamoatchilikka taqdim etilmoqda. Xususan, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Yulduz Tursunovaning tadqiqotiga ko‘ra, birgina 1929–1941-уillаrdа О‘zbеkistоn SSR mаоrifi sоhаsidа fаоliуаt уuritgаn jаmi 391 mаоrif xоdimlаri jinоуаtchi sifаtidа ауblаnib, qаtаg‘оn qilingаn. Qаtаg‘оnlarning ijtimоiу mаvqеi tаhlil еtilgаndа, ulаrdаn 78 nаfаri Mаоrif xаlq kоmissаrligi bоshqаruvi xоdimlаri, 21 nаfаri mаktаb rаhbаrlаri, 168 nаfаri о‘qituvchi, 18 nаfаri о‘rtа mаxsus о‘quv уurtlаri rаhbаrlаri, 18 nаfаri о‘rtа mаxsus о‘quv уurtlаri о‘qituvchisi, 22 nаfаri оliу о‘quv уurti rаhbаrlаri, 53 nаfаri prоfеssоr о‘qituvchilаr vа boshqalаr bо‘lgаn. Bu birgina tadqiqotchi tomonidan (jadidlardan tashqari) aniqlangan qatag‘on raqamlari (1929–1941-уillаrdаgi).
Ikkinchi jahon urushi davrida erkak oʻqituvchilarning armiyaga chaqirilishi va koʻplab maktab binolarining gospitallarga aylantirilishi sabab darslar uch smenada olib boriladigan, har bir dars davomiyligi 35–40 daqiqa qilib belgilandi. Musiqa va rasm darslari olib tashlandi. Eng katta muammo, urush boshlanishidan oldin, 1940-yil may oyida OʻzSSR Oliy soveti tomonidan “Oʻzbek yozuvini lotinlashtirilgan alfavitdan rus grafikasi asosidagi yangi oʻzbek alfavitiga koʻchirish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilingani edi. Avvalgilari yigʻib olingani, yangi yozuvdagilari chop etishga ulgurilmagani sababli darsliklar yetishmasligi sodir boʻldi. Urush oqibatida Oʻzbekistonga milliondan ortiq bola evakuatsiya qilinishi ortidan bolalar uylari ochilib (1943-yil 154 ta, 1945-yili 242 ta), ularni oʻqitish masalasi ham koʻrildi. Va butun sovet davlatlari hududida oʻqituvchilarning yetishmasligi davrning eng katta muammosi sifatida maydonga chiqdi, keyingi 10–15 yillikda ham davom etdi.
1956-yil 15-iyundagi qaror qabul qilinguniga qadar maktab ta’limi ham pulli edi. Bundan ko‘zlangan maqsad budjetni toʻldirishgina bo‘lib qolmay, (Ikkinchi jahon urushidan keyin iqtisodiyotini tezroq qayta tiklash uchun) arzon ishchi kuchi ham edi – ota-onalar farzandlarini oʻqitish uchun ham koʻproq ishlashga rozi (majbur) boʻlardi.
Urushdan soʻng sovet hukumati Shvetsiya ta’lim tizimini oʻzida joriy etishni boshladi. Shvetsiya maktablarida oʻqish 1930-yildan 7 yil, 1950-yildan esa 8 yil majburiy deb e’lon qilingandi. Sovet hokimiyati tomonidan 1949-yilda qabul qilingan qonunga binoan umumiy majburiy 7 yillik ta’lim tizimiga oʻtildi. 1962-1963-oʻquv yilidan boshlab esa 7 yillik maktablar qayta tashkil etilib, 8 yillik maktablarga aylantirildi. Urush yillari va undan keyingi davrda Oʻzbekiston hududiga koʻplab korxonalarning koʻchirib kelingani, yangi zavodlarning ochilishi natijasida arzon ishchi kuchiga ehtiyoj yanada ortdi. Shu sababli kasbga oʻrgatish texnikumlari soni koʻpaytirildi.
Maktab yoshidagi yoshlarni oʻn yillik umumiy oʻrta ta’limga oʻtkazishga 1975-yili, ya’ni sovet hokimiyati oʻrnatilgandan deyarli 60 yil oʻtibgina erishilgan. Vaholanki, AQSh XX asrning boshlariga qadar 8 yillik ta’limdan foydalangan. 1929-yilda Amerikada iqtisodiy inqiroz boshlanib, ishsizlik natijasida inflatsiya eng yuqori darajaga chiqadi. Shunday vaziyatda AQSH hukumati ommaviy ishsizlikni, ocharchilik va 8 yillik ta’limni bitirib, mustaqil hayotga qadam bosayotgan yoshlarni asrab qolish maqsadida 1930-yildan toʻlaqonli 12 yillik ta’lim olishni boshlaydi. Nafaqat AQSH, rivojlangan Yevropa va Osiyo davlatlari o‘z milliy ta’lim tizimini yarata olgan bo‘lsa, SSSR doimo boshqa davlatlarning ta’lim tizimini ko‘chirish orqali o‘zlashtirgan va hech qachon o‘z milliy ta’lim dasturini yaratmagan.
Oʻzbekiston SSR asosan paxta yetishtirishga yoʻnaltirilgan boʻlib, mustaqillik e’lon qilinguniga qadar, 75 yil davomida erta bahordan (chigit ekilishi) dekabr oyigacha paxta mehnat jarayonlariga maktab oʻqituvchilari va oʻquvchilar jalb qilingan. Paxtadan boshqa dala mehnatlariga ham. Paxta “markaz siyosati” deb atalib, belgilangan rejalar bajarilmaguniga qadar dalalardan qaytish man etilgan. 75 yil davomida va hatto 90-yillarda ham “oʻqituvchilarni va oʻquvchilarni majburiy mehnatdan qaytarish, ularni faqatgina ta’lim berishga yoʻltirilish lozim” degan fikrni bildirgan har qaysi pedagog yoki ta’lim tizimi mutasaddisi jamiyatdan butunlay yoʻq qilingan. Sovet hukumatining bu siyosati ta’lim tizimiga aloqador har bir shaxsning jazodan qoʻrqish muhitini shakllantirib, markazning har qanday topshirigʻi muhokama qilinmasdan bajarilishi shart degan tushunchaning oʻrnatilishiga xizmat qildi.
Mustaqillik arafasida Oʻzbekiston maktablaridagi fanlarda milliylikka e’tibor boshqa sovet respublikalarinikiga nisbatan ancha orqada edi. Ya’ni, mustamlaka davlatlarga nisbatan ta’lim tizimida hatto fanlarga ajratilgan dars soatlarida ham xalqaro tajribalardan farqli, markaz rejalarining oʻrnatilishini qattiq nazorat qilgan. Fikrimiz isbotini geografiya fani darsi misolida koʻrishimiz mumkin. Geografiya faniga ajratilgan dars soatlari oʻquv yili davomida SSSR Xalq ta’limi davlat komitetining buyrugʻiga binoan 12 soat bilan cheklangan. Ammo Latviya, Litva, Estoniyada 68 soat, Ukraina va Gruziyada 34 soat, Qozogʻistonda 24 soat belgilanishiga mustamlakalarning oʻzlari erishgan. Bizda boshqa davlatlar singari milliy jasorat koʻrsatish oʻrniga, komitetning 12 soatlik belgilangan “reja”si bajarilgan. Boshqa jumhuriyatlar maorif sohasi mutasaddilari dars soatlarini koʻpaytirishga erishgan bir paytda, biznikilar “komitet buyrugʻini “a’lo” darajada bajaryapmiz” deb markazga hisobotlar berib, tizimni qo‘shnilarimizdek mustaqil isloh qilmagan.
Oʻqituvchilarga berilgan ayrim imtiyozlar bahonasida xalqaro maydonda sovet hukumatining ta’limga va oʻqituvchilarga munosabatini ijobiy koʻrsatish holatlari shakllangan esa-da, tizim ich-ichidan yemirilgandi. Sovetdagi 75 yil shakllangan muammolar 90-yillarda ham davom etgani tarixdan yaxshi ma’lum. Birgina misol, 1994-yilda respublikadagi 2214 ta maktab ixtiyorida 3541 gektar ekin maydoni, 518 gektar bogʻ mavjud boʻlgan. Ayni shu yilning oʻzida bu maydonlardan 2500 tonna paxta, 630 tonna gʻalla va 282 tonna don mahsulotlari yetishtirilishi bilan bir qatorda, 25190 tonna poliz mahsulotlari va meva, 50 tonna yeryongʻoq, 516,5 tonna sholi hosili olingan, ekin ekilganidan toki hosilning yigʻib olinishiga qadar bosqichlar yumushlari biriktirilgan maktab oʻqituvchi va oʻquvchilar tomonidan amalga oshirilgan. Sovet tuzumi davrida esa yuqoridagi raqamlar bundan bir necha barobar yuqori boʻlgan.
Sovet hokimiyati davrida ta’lim tizimi hech qachon aniq bir dastur asosida amalga oshirilmagan. Ittifoq markazga qaram qilish orqali tarkibidagi hududlarning rivojlanishiga qarshi siyosat yuritgan, milliy manfaatlarni umuman inobatga olmagan. Bu davr ta’lim tizimi shu sababli ham sun’iy tarzda rivojlantirilmagan.
Ta’kidlash joizki, soʻnggi yillarda maktab ta’limi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilinayotgan qonun va qarorlar, ularning ijrosi yillar davomida jar yoqasiga kelib qolgan milliy tizimimizni tiklayapti.
Hozirgi kunda barcha turdagi majburiy mehnat bekor qilinib, oʻqituvchilar va oʻquvchilarning birdan-bir maqsad va vazifasi sinfxonalarda oʻtirib “sifatli ta’lim – milliy tarbiya” muhitini shakllantirish. Buning natijasida oʻqituvchilar orasida ham, oʻquvchilar orasida ham erkin raqobat muhiti yaratildi.
Zavqibek MAHMUDOV,
Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti v.b. dotsenti
Adabiyot
Tarix
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Vatandosh
Jarayon
Til
Tarix
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q