Turkiston muxtoriyatini tashkil qilishda xalqni birlashtirgan Said Nosirxon to‘ra


Saqlash
17:49 / 30.08.2024 1443 0

Boy ilmiy merosi va hayot yo‘li yangicha nuqtayi nazarda keng va chuqur o‘rganilishi zarur bo‘lgan jadidlardan biri Said Nosirxon to‘ra Kamolxon to‘ra o‘g‘li bo‘lib, 1871-yil Kosonsoy qishlog‘ida tavallud topgan. Avvaliga otasining madrasasida, keyinchalik islom dini bo‘yicha ta’lim markazlari bo‘lgan qator shaharlarda ta’lim olgan. 1913-yildan boshlab jadidchilik harakatining faol a’zosiga, uning nafaqat Farg‘ona vodiysi, balki butun Turkiston hududidagi yetakchisiga aylanadi. Chunki u madrasa mudarrisi va tariqat namoyondasi sifatida juda ko‘p shogirdlariga ega bo‘lgan va  ularga jadidchilik harakatining mazmun-mohiyatini tushuntirgan.

 

Jadidlarning naqadar keng tafakkur sohibi bo‘lganini Sirojiddin Ahmedov quyidagicha tavsiflaydi: “Salaflarning oh-nolasidan xabardor bo‘lgan A. Abduraufqoriyev, Munavvar qori, Behbudiy, Obidjon Mahmudov, Ashurali Zohiriy, Saidnosirxon to‘ra Kamolxonov kabi ko‘pgina kishilar boshqacha yo‘l tutishga majbur bo‘ldilar. Ular jahon yangiliklari, o‘zgarishlari bilan bir qatorda istiqlolchilik tarixi, oqibatlari, G‘arb va Sharq madaniyati namunalarini o‘rganishga kirishdilar. Said Nosirxon to‘ra Misr va Hindistonda ta’lim olish bilan cheklanmay, g‘arbning Demokrat, Volter, Russo kabi faylasuflari faoliyatini ham o‘rgangani ma’lum. Abduraufqoriyev esa graf Lev Tolstoy bilan uchrashgani ayon. Ayniqsa, Ismoil Gaspiralining Turkiston va Buxoroga kelishi milliy taraqqiyparvarlarga yangi kuch va ruh bergan edi”.

 

1917-yil aprelida Toshkentda Turkiston musulmonlari qurultoyi chaqiriladi. Unda o‘lka musulmonlari sho‘rosi saylanib, tarkibiga o‘sha davr siyosiy arboblari – Nosirxon to‘ra Kamolxon to‘ra o‘g‘li, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Ubaydulla Xo‘jayev va boshqa jadidlar saylanadi. Shu yilning 27-noyabrida Qo‘qonda Turkiston o‘lka musulmonlari kengashining IV favqulodda qurultoyi Turkistonni muxtoriyat deb e’lon qildi. Farg‘onadagi jadidchilik harakatining boshliqlaridan Ashur Ali Zohiriyning ta’kidlashicha, agar Nosirxon to‘ra Turkiston musulmonlarining IV favqulodda qurultoyini chaqirish ustida jon kuydirmaganida edi, balki, bu qurultoy o‘tkazilmay qolishi mumkin edi.

 

Boymirza Hayitning yozishicha, “Bolsheviklar hokimiyat ustiga kelganlaridan keyin Turkiston milliy markazi sho‘rosining o‘z bo‘limlariga: “Muxtoriyat e’lon qilish kerakmi yoki Rossiyadan ajralib chiqishni e’lon qilish kerakmi?” – deb bergan telegrafnomasiga Farg‘ona shu’basining raisi Nosirxon To‘ra: “Turkistonning Rossiyadan ajraluvini tezdan e’lon qiluv kerak”, – deb javob bergan edi. Uning istiqlolchilik fikri qurultoy qatnashchilari tomonidan qarshi olingon bo‘lsa-da, biroq bu masalani hal qilishlik Turkiston qonun chiqaruvchi majlisiga qoldirilg‘on edi”.

 

 

Nosirxonto‘raning Turkiston muxtoriyatining e’lon qilinishi va uni mustahkamlanishidagi ishtiroki haqidagi ma’lumotlarni I.A. Telyatnikovning 1964-yilda chop etilgan “Sudba batraka” (“Batrakning taqdiri”) kitobidan ham topishimiz mumkin. Unda ta’kidlanishicha, 1918-yilning fevralida Nosirxonto‘ra o‘zining tarafdorlari bilan Turkiston muxtoriyati hukumati tomonidan tashkillashtirilgan musulmon milliy armiyasi uchun oziq-ovqat va yem-hashak yig‘ish ishini tashkillashtirgan.

 

Turkiston tarixidagi dastlabki demokratik hukumatning tarkibi bilan birgalikda qurultoyda Xalq Majlisi (Milliy Majlis) ham tashkil qilingan. Xalq majlisiga 32 nafar musulmonlardan, 4 nafar mahalliy boshqarmalardan, 18 nafar yevropaliklarning tashkilotlaridan o‘rin  ajratilgan. Qurultoy jarayonida Xalq majlisi tarkibiga saylanganlar orasida Nosirxonto‘ra Kamolxon to‘ra o‘g‘li ham bo‘lgan. Nosirxon to‘ra keyinroq, 15-dekabrda xalq ta’limi vaziri etib tayinlanadi. Shundan so‘ng boshlang‘ich maktablar tashkil qilish va vaqf mulklaridan foydalanish bo‘yicha qonun loyihasi uning rahbarligi ostida ishlab chiqilgan.

 

Turkiston muxtoriyati tashkil etilgach, Namangan, Marg‘ilon, Skobelev (hozirgi Farg‘ona), Samarqand va boshqa shaharlarda Turkiston muxtoriyatini qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan yig‘ilishlar o‘tkazilgan. Ushbu yig‘ilishda ishtirok etgan ajdodlarimiz bolshevizm g‘oyalariga qo‘shilmasliklarini bildirishgan. Bu yig‘ilishlar, mitinglarni tashkil etishda jadid ma’rifatparvarlari juda katta o‘rin tutganlar. Jumladan, Turkiston muxtoriyati tuzilgan davrda Nosirxon to‘ra bir necha bor Namangan shahriga kelib ommaviy mitinglar uyushtiradi, yashil bayroqlar ko‘targan muxtoriyat tarafdorlarining namoyishlarini tashkillashtiradi va uning ma’ruzalari tor millatchilik (vatanparvarlik – D.X.) kayfiyatida bo‘lgan.

 

Bu vaziyatni kuzatib turgan, yevropalik vakillar ham Turkiston muxtoriyatiga munosabatlarini bildirgan. Jumladan, mustaqil sotsialistik qarashlar nashri sifatida 1918-yil 16-yanvardan Toshkent shahrida chiqa boshlagan “Svobodniy Turkestan” gazetasida Turkiston muxtoriyati haqida ko‘plab ma’lumotlar xolisona yoritilgan. Nashrning 1918-yil 30-yanvardagi №13, 1918-yil 31-yanvardagi №14, 15 (2) fevraldagi №16 sonlarida “Автономия Туркестана и юго-восточный союзmaqolasi chop etilgan. Ularda  Turkiston muxtoriyati vakillarining o‘lka kelajagi haqidagi fikrlari xabar ko‘rinishida e’lon qilingan. Maqolalar ushbu gazetaning №11 sonida e’lon qilingan A.Kuzminning “Avtonomiya va “avtonomiya” Turkestana” maqolasiga javob sifatida yozilgan. Muallif B.I. Yelchiyev Turkiston ziyolilar tomonidan Turkiston muxtoriyatini e’lon qilinishi sababini bunday ifodalagan: “Turkistonlik musulmon bo‘lgan muxtoriyat tarafdorlari uzoqni ko‘ra bilganlar va Turkiston muxtoriyatini e’lon qilish zarurligini anglab yetganlar, bunga asosiy sabablardan biri ular Butunrossiya Ta’sis Majlisiga katta umid qilmaganliklari edi”.

 

Gazetaning 1918-yil 15(2) fevraldagi №16 sonidagi Автономия Туркестана и юго-восточный союз” maqolasida Nosirxon to‘raning Turkiston muxtoriyati majlislaridan birida quyidagi fikrlarni aytganini qayd etgan: “Odam johilligi tufayli baxtsiz bo‘ladi. Bilim odamni tinchlikparvar va baxtli qiladi. Haqiqiy bilimlarning yetishmasligi, savodsizlik va johillik Rossiyaning hozirgi vayronagarchilik va birodarkushlik, fuqarolik urushiga sabab bo‘ldi. Barcha odamlar taraqqiyotga intilishlari kerak. Xalqlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilashlarining boshlanishi va barcha ma’rifatli xalqlarning birlashuvining e’lon qilinishi musulmonlarga shariat asosida taraqqiyotni amalga oshirishlari uchun barcha qobiliyatlarini yuzaga chiqarishga imkon beradi. Bu yo‘l Turkistonga janubiy-sharqiy ittifoq hududidagi birodar musulmon xalqlari bilan yaqinlashishga imkon beradigan ishonchli va tinch yo‘ldir. Natijada Turkiston xalqlari tinch yo‘l bilan madaniy jihatdan o‘zligini tiklab, yuksak ma’naviy barkamollik va farovonlikka erishadilar”.

 

«Свободный Туркестан» gazetasi muxbirining Turkiston muxtoriyati yig‘ilishidan tayyorlagan xabari

 

Turkiston muxtoriyati qurol kuchi bilan tugatilgach, uning a’zolari kurashni davom ettirish uchun Qo‘qondan ketishga majbur bo‘lishadi, lekin “Nosirxon To‘ra Namanganda, Harsfeld Samarqandda, Ubaydullo Xo‘ja Ashxobod – Samarqand yo‘lida, Obidjon Buxoroda, Shoahmadbek esa Qo‘qon qo‘rg‘oni ichida” qo‘lga olinadilar.

 

Bor-yo‘g‘i 72 kun yashagan Turkiston muxtoriyati faoliyatini tashkil etishda, unga aholining keng qatlamini jalb qilishda jadidchilar, shu jumladan, Nosirxon to‘ra Kamolxon to‘ra o‘g‘li ham katta hissa qo‘shgan. Butun xalqni Turkiston ozodligi g‘oyasi atrofida birlashtirishga harakat qilgan. Qizil qo‘shin tomonidan muxtoriyat tor-mor etilganidan so‘ng esa bolsheviklarning istibdodiga qarshi yashirin ravishda xalqni yana kurashga chorlashda davom etgan. Hurriyat uchun kurashni to umrining so‘nggi kunlarigacha to‘xtatmagan Nosirxon to‘ra Kamolxon to‘ra o‘g‘li xalqimizni mustamlaka kishanlaridan ozod qilish uchun ko‘p usullarni sinab ko‘rdi va xalqimizni ozod bo‘lishi umidi bilan vafot etdi. Milliy davlatchiligimiz tarixi haqida xalqimizga, birinchi navbatda, yosh avlodga kengroq ma’lumot berishda Nosirxon to‘ra Kamolxon to‘raning faoliyatini yanada chuqur o‘rganish orqali ham javob berish mumkin.

 

Rustambek Shamsutdinov,

ADU tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi

muzeyi direktori, tarix fanlari doktori, professor

 

Dilshodbek Xomidov,

ADU tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi

muzeyi katta ilmiy xodimi

 

 

 

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24244
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//