Biz uchun Vatan nomusdir – Duginlarga javob


Saqlash
18:30 / 20.01.2026 1395 0

Rossiyalik faylasuf va targ‘ibotchi, “Rus dunyosi” gʻoyasining asosiy mafkurachisi Aleksandr Dugin “dunyoning yangi modeli” toʻgʻrisida bergan intervyusida Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari suverenitetini shubha ostiga olib, ularni Rossiya “nazoratga olishi kerak” deya taʼkidladi. Dugin “uch qutbli dunyo” shakllanayotganini, Rossiya bu tizimda asosiy kuch markaziga aylanishi va bu mamlakatlarni nazoratga olishi kerakligini taʼkidlaydi. Ushbu chiqish o‘zbek jamoatchiligini g‘azabini qo‘zg‘ash bilan birga, uning ortida turgan mohiyatni o‘ylab ko‘rishga undadi. Ijtimoiy tarmoqlarda turli fikrlar, mulohazalar bildirildi. Oyina.uz o‘zbek ziyolilarining bu borada tarmoqda aytilmagan fikrlarini taqdim qiladi.

 

 Eshqobil Shukur, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoir:

 

 

Bundan 3-4 kun avval jurnalist Solovyovning fitna magʻzavasiga botgan fasodlariga qarshi quyidagi fikrlarimni yozgan edim: Kreml targʻibotchisi Vladimir Solovyovning Markaziy Osiyo davlatlari va Armanistonga qarshi gapirgan gaplari sharmandalikdan boshqa narsa emas. Tagʻin bu kishim oʻzlarini ziyoli sanaydilar, xunukdan-xunuk yoqimsiz kibr bilan goʻyo dunyoni yaratib qoʻyganday gapiradilar. Bu ziyolilik emas, vijdonsizlikdir. Bu kimsaning butun boshli xalqlar va mustaqil davlatlar ustidan bunday gapirishga qanday haqqi bor? Uning “Xalqaro huquqlar va meʼyorlarga tupurish kerak” degan gapining oʻzi faqat fashizmga xos undovdir. Markaziy Osiyo va Armanistonda harbiy operatsiyalar oʻtkazish haqida ogʻzingizdan tupuk sachratib nutq irod qilgandan koʻra, oʻz nomusingizni oʻylasangiz yaxshi boʻlardi...

 

Shu oʻrinda Rossiya kinematograflari tomonidan suratga olingan “Sergey Yesenin” filmida Yesenin tilidan aytilgan bir gapni eslatib oʻtmoq joiz. Bu shunday: “Men Rossiyani ulugʻlab kuylayman, sizlar esa uni sharmanda qilasizlar!”. Sizning Markaziy Osiyo xalqlariga qarata qilgan tajovuzkorona, razilona gaplaringizning oqibati ham shu. Bu xalqlar harbiy operatsiyalar natijasida vayron boʻlib, qonga botsa, siz uchun bayrammi, taqsir? Har kuni televizorga chiqib olib, sotadigan safsatangizdan maqsad qon va zoʻravonlikmi? Lev Tolstoy aytganiday, Xalqning gurzisidan, qargʻishidan qoʻrqing, Vladirmirvoy”.

 

Solovyovning bu gaplarining badboʻy havosi tarqalib ulgurmasdan endi Aleksandr Dugin degan kimsa undan-da badboʻyroq nafas bilan kekirib sahnaga chiqdilar. Bu kishim ham oʻzlarini ziyoli va faylasuf sanaydilar. Oppoq soqoli bilan qora fikrlarni ilgari surishdan uyalmaydilar. Yoʻqsa, bu odam butun boshli mustaqil mamlakatlar mustaqilligi, millatlar erkinligiga nisbatan bunday gaplarni gapirmasdi. Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Ozarbayjon xalqlari uchun eng aziz boʻlgan tuygʻu bu mustaqillikdir, ozodlikdir. Boshqa xalqlarning eng aziz tuygʻusiga nisbatan bunday tajovuzkorona gapirish faylasuflik emas, ablahlikdir.

 

Bu kimsalar yana bir narsani unutmasinlar. Bizning odamlarimizda nomusga yoʻgʻrilgan bir qarash bor: Birovning Vataniga koʻz olaytirishni, uning sevgan yoriga, onasiga koʻz olaytirish bilan barobar deb hisoblaydilar. Bizda oʻzini hurmat qilgan har bir er kishi shuni yaxshi biladiki, Vatan masalasi oq sut berib boqqan onangning, nikohingdagi ayolingning, boʻy yetib kelayotgan qizingning nomusi, shaʼni bilan teng! Bu qutlugʻ bisotlarning hali biz uchun qimmati tushgan emas! Biz uchun Vatan bu nomusdir. Dugin yuqorida bepisandlik bilan tilga olgan xalqlarning kuchi ham, qudrati ham shunda. Bu kuchga yadro qurollari ham qarshi turolmaydi. Chunki, nomus Xudoning qurolidir. Imonli bandalariga bergan quroli. Dugin degani nomus tuygʻusining qudrati haqida tasavvurga ega emas, shekilli.

 

Anvar BOʻRONOV, Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi:

 

 

Rossiyalik mafkurachi Aleksandr Duginning Oʻzbekiston mustaqilligi va suverenitetini shubha ostiga oluvchi fikrini koʻrdim. Ijtimoiy tarmoqlardagi raddiyalarni ham kuzatdim. Oʻzbekiston jamoatchiligi va ekspertlari Duginning fikrlarini mustaqil davlatning ichki ishlariga aralashish va xalqaro huquq meʼyorlarini buzish deb baholamoqda.

Shu oʻrinda oʻz fikrlarimni bayon qilsam. Avvalo, Aleksandr Dugin kim, degan savolga javob bersak. Oʻrganib koʻrsam, bu janob biron institutda ham yolchitib oʻqimagan, 1979-yilda Aviatsiya institutiga kirib, ikkinchi kursdan haydalgan ekan. Keyin antisovet toʻgaraklarga qatnashib, ishlamay yurgan. Hatto, neofashistik harakatlarga ham aʼzo boʻlgan. Uning bunday “ishyoqmas va tekinxoʻr” boʻlib yurishi jazosiz qolgan, chunki u Sovet generalining oʻgʻli boʻlgan.

 

Qayta qurish boshlangach, turli ijtimoiy-siyosiy harakatlarga aralashib yurgan. Oʻzining intervyusida aytishicha, u 1991-yilgacha Antisovet kayfiyatida yurib, keyin afsus qilgan va fikridan qaytib, chirib bitgan Sovet Ittifoqini himoya qila boshlagan emish. 1990-yildan siyosiy faolligi oshgan. Turli jurnallar chop etgan. Siyosiy qarashlarini matbuotda yoritib borgan. Oʻsha, “telba, telba, telba dunyo...”da taniqli odamga aylangan.

 

Mashhurlikdan foydalanib, dissertatsiya yoqlagan. Dissertatsiya yoqlash jarayonida Ilmiy kengash oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat talab qilganda, oʻzi umrida bormagan Novocherkassk muhandislik-melioratsiya institutini sirtdan tugatgani toʻgʻrisida diplomni taqdim qilgan ekan. Ana endi, Aleksandr Duginning fikriga javob bersak boʻladi.

 

Oʻzini falsafa, siyosatshunoslik, sotsiologiya fanlari doktori sifatida taqdim qilayotgan bu odam aslida, qonunsizlik hukm surgan “90-yillar”ning zurriyoti. Mashhurlikka erishish uchun, har ishga tayyor, axloq tamoyillarini bir tangaga olmaydigan “shaltoq ogʻiz”lardan biri. “Shaltoq ogʻiz” dan esa ahmoq gap chiqadi. Uning gaplari siyosiy fitna boʻlib, xalqning birdamligi va davlat suverenitetiga boʻlgan ishonchini sinashga qaratiladi. Bunday fitnalar oldin ham boʻlgan, bu ham oxirgisi emas. Mening fikrim: Oʻzbekistonning suveren davlat ekanligi muhokama qilinmaydigan fakt. Bir fitnachining gapi bilan yangi muhokamalarga yoʻl ochmaslik kerak.

 

Qolaversa, Oʻzbekiston tashqi siyosati doimo mamlakat mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va milliy manfaatlarini himoya qilishga asoslangan. Bu boradagi ishlar ham sharqona bosiqlik bilan diplomatik platformalarda hal etilishi kerak.

 

Muhammad QURONOV, Pedagogika fanlari doktori, professor:

 

 

Faylasuf Duginning mustaqil davlatlarning suverenitetiga koʻnib boʻlmaydi, degan gapini eshitgan odamning quloqlari bilan koʻzlari urishib qoladi: koʻz — zamonaviy studiyani, “smart muhit”ni koʻradi. Quloq esa — eski imperial daʼvolarni eshitadi.

 

Kosa tagida nimkosa. Duginning bu imperial fikrlari ostida nima bor? Bosqinchilik gʻoyasini oqlash yotibdi. U oʻzi bilib-bilmay, Overton oyinasini ochyapti. Yaʼni bugun yomon, deyiladigan narsaga asta-sekin odamlarni koʻniktirib, qarshiligini susaytib, ertaga yovuzlikni huquqqa aylantirmoqchi. Shuning uchun Duginning gaplari bir “gapiruvchi kalla”ning alahsirashlari emas, xalqaro tartibga, tinchlikka mafkuraviy hujum, deb qabul qilinishi kerak.

 

Duginning “BIZ” deyishida gap koʻp. Mana shu nuqtada adashmaslik kerak. Buni ideologlar yaxshi bilishadi. Chunki Duginning “Biz”i — biror xalqning, millatning yoki davlatning irodasi emas. Bu — oʻz shaxsiy shovinistik gʻoyasini “Biz”niki qilib koʻrsatish. Unga ergashuvchi olomon yasashga intilish.

 

Suverenitet – muhokama mavzusi emas. “Yoqadi-yoqmaydi” deb baholanadigan koʻngil ishi ham emas. Suverenitet bu – soʻzsiz hurmat va rioya qilinishi shart boʻlgan xalqaro meʼyor. “Mustaqil davlatlarning suverenitetiga koʻnib boʻlmaydi” deyish esa mana shu meʼyorga qarshi siyosiy-mafkuraviy terror.

 

Mustaqillikka qarshi aytilayotgan har bir gap — avval ongga, keyin jamiyatga, keyin siyosatga taʼsir qilish uchun qilingan urinish. Shuning uchun biz ong bilan, maʼrifat bilan, madaniyat bilan, birdamlik bilan munosabat bildirishimiz kerak. Xoh oʻzaro gap, xoh post, loaqal dizlayk bilan. Lekin sukut bilan emas.

 

Dugin. Ideolog boʻlsangiz, bilarsiz, tarixda koʻp fojialar mastona imperial chaqiriqlardan boshlangan. Oʻzingizni, soʻzingizni yigʻishtirib oling.

Doʻst xalqlarni, strategik sherik davlatlarni bir biriga qarshi qayramang.

Unutmang, azaldan Vatan mustaqilligi qon va jon bilan qozonilgan. Oʻzbekiston suveren davlat. Abadiy mustaqil davlat. Yangi Oʻzbekiston yoʻlidan qoching. Xalaqit bermang.

 

Dilnoza JAMOLOVA, O‘zRFA Tarix instituti direktori oʻrinbosari:

 

 

Turkiston jadidchilik harakatining yorqin vakili Abdulhamid Choʻlpon “Matbuot – kuchlik bir davlatdur”, deganida haq edi. Rossiyalik jurnalchi va targʻibotchining chiqishlarini koʻrib-eshitib, Ibrohim Tohiriyning “Bir xalqning matbuoti oʻshal xalqning koʻnglida yoshiringʻon, koʻkragida saqlangan tilaklarini, orzularini eng ochiq suratda koʻrsatadurgan oynasidur”, deb yozgani bejiz emas, deb oʻylab qoldim. Keyingi kunlarda Rossiya jurnalchilari navbatma – navbat ijtimoiy tarmoqlarda chiqib, Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlariga nisbatan hurmatsizlik va mensimasliklarini bemalol namoyish etmoqdalar.

 

Rossiyalik teleboshlovchi Vladimir Solovyovning Armaniston hamda Markaziy Osiyo Rossiya uchun Suriya yoki Venesueladan koʻra ancha muhim ekanini taʼkidlab, ularni yoʻqotish Moskva uchun “ulkan muammo” boʻlishi, Rossiya hukumatini bu hududlarda ham Ukrainada boʻlgani kabi “maxsus harbiy operatsiya” oʻtkazishga chaqirigʻidan hech qancha vaqt oʻtmasdan oʻzini “Rus dunyosi” mafkurasining asosiy gʻoyaviy ilhomchilaridan sanovchi Aleksandr Dugin Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlarining suverenitetini ochiqchasiga inkor etib chiqdi. Uning chiqishida jurnalchilik odobi yoʻqligidan tashqari xalqaro huquq normalarini mensimasligi ham yaqqol koʻrinib turibdi: “Suveren Armaniston, suveren Gruziya, suveren Ozarbayjon, suveren Qozogʻiston, suveren Oʻzbekiston, Tojikiston, Qirgʻiziston mavjudligiga rozi boʻlib boʻlmaydi. Bu yangi modelda hech narsa suveren boʻlishi mumkin emas. Suverenitet tugadi, milliy davlatlar oʻtmishda qoldi. Bu axlat. Bunga rozi boʻlib boʻlmaydi”. Shu oʻrinda qayd etish kerakki, Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlarining mustaqilligi u aytganidek, axlat emasligini butun dunyo hamjamiyati koʻrib turdi.

 

Uning bu “aljirashlari” “suvga choʻkayotgan odam xasga boʻlsa ham yopishishi” ekanini taʼkidlagan holda, juda kuchli jurnalchi, targʻibotchi, faylasuf boʻlsa, gʻarbga qarab gapirishini, ularning Rossiyaga qoʻllayotgan sanksiyalarini muhokama qilishini tavsiya qilaman.

 

Farrux JABBORBEK, Til va adabiyot ta'limi jurnali bosh muharriri:

 

 

Siz yana nimani kutgan edingiz?

“Yaxshi boring! Omadingizni bersin! Yana keling, bolalarni olib…” deya qo‘l siltab qolishlarinimi?.. Qaysi quldor qullarini osongina ozod qilib yuborar ekan? (Shu ta’rifni tilga olish botadi odamga, ammo nailoj holimiz shu.) Tilla tuxum tug‘ib turgan tovuqlaridan shunchaki voz kechadigan ahmoq bormi?!

 

Turkistonni bosib olgan Chor Rossiyasi 1917-yili tarix chiqindixonasiga uloqtirildi, lekin biz ozod bo‘ldikmi? Qizil imperiya ham tayyor luqmani qo‘ldan chiqargisi kelmadi. Jilovni o‘z qo‘limizga olishga esa chog‘imiz yo‘q edi. Asr oxiridagi parchalanish payti, ehtimol, mustaqillikni e’lon qilish nisbatan yengil kechgandir, biroq har bir jabhada va har bir lahzada mustaqillikni himoya qilish mushkul masala.

Mustaqil bo‘lish faqat mustamlakachidan emas, boshqa tomonlardan ham keladigan tahdidlarga tayyor turishni taqozo qiladi. Sobiq og‘alar bizning dushmanlarimiz umumiy demoqchi bo‘lyaptilar. Biroq bugun jahonda do‘stni ham, raqibni ham ko‘p vektorli murakkab kombinatsiyada tutib turibgina xavfsiz yashash mumkin. Davlatimiz tashqi siyosati shunga asoslangan, zotan. Bardavom bo‘lsin!

 

Rossiyada davlat tuzumi XX asrning boshi va adog‘ida o‘zgardi, mafkura esa o‘sha-o‘shaligicha qoldi. Shuning uchun 34 yil davomida yarador ayiqning ingillashi va irillashini ko‘p eshitdik. Bu birinchisi ham, oxirgisi ham emas. Lekin bilib bo‘ladimi, mabodo jon talvasasida hamla qilib qolsa, tumshug‘iga tushirish uchun faqat Dukchi Eshon hassasining kuchi yetmaydi. Ayiq otadigan o‘q kerak bo‘ladi. Qurolli kuchlarimizdagi islohotlar, ayniqsa, sohaning jamoatchilikka ochilayotgani, harbiy qudratimiz ham uncha-muncha namoyish etilayotgani xalqimizga ishonch, kafolat hissini bermoqda.

 

Eng alamlisi nima, bilasizmi? Otamzamonlarda mana shunday vaziyatda Prezident munosabat bildirsagina, hammamiz shimolga qarab hezlanib qolar edik. Aslida yuqoridan imdod kutish kasalini bizga mustamlakachilar yuqtirgan, hamon ularning foydasiga ishlamoqda. Hozir ham ushbu refleksdan qutulolganimiz yo‘q. Har tugul, keyingi yillarda mustaqil fikr bildiruvchi qatlam shakllandi, internetda bo‘lsa-da. Baribir kam bu, 38 millionlik nufusga ega xalq uchun! Yetovdagi ziyolilar, bog‘lovdagi matbuot bilan tashqi xurujlarga qarshi turib bo‘lmasligini hukumatimiz anglashi kerak.

 

Ixtiyorsiz itoat psixologiyasi kuchayib ketsa, xudo ko‘rsatmasin, qurolsiz bo‘ysinuvga olib boradi (Ukrainada shundan umid qilib xomtama bo‘lishdi lekin). Har qanday tashqi agressiya ichkaridan qo‘llovga suyanadi. Shu bois real xavfni faqat hukumatning o‘zigina anglashi kifoya qilmaydi. Armiyaga ham qudrat beradigan omil xalqning birdamligidir. Xalq esa ahvolini chetdan kelib hech kim yaxshilab bermasligi, aksincha, o‘zi saylagan hukumat xizmati bilan hayoti kundan-kunga yaxshilanib borishini his etib turishi shart. Agar davlat o‘z funksiyasini yetarli darajada bajarmasa, xalq baribir tashqi “qutqaruvchi” izlashini e’tibordan soqit qilib bo‘lmaydi. Qisqasi, gap shimolliklarda emas, biz kuch bo‘lsak, qo‘rch bo‘lsak, jips bo‘lsak, qolgani “ерунда”.

Xulosam yoqmadimi? Siz yana nimani kutgan edingiz?

 

Oyina.uz

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Vatandosh

17:02 / 05.02.2026 0 56
Xazinaga yo‘liqqan o‘n oltinchi farzand

Mafkura

16:02 / 05.02.2026 0 369
Hukmronlikning yangi shakli

Tarix

16:02 / 05.02.2026 0 106
Saroymulkxonimning ajdodlari kim bo‘lgan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//