Yildirim Boyazidga kuyov bo‘lgan turkistonlik avliyo


Saqlash
16:12 / 14.05.2026 25 0

Turkiston va Onado‘li o‘rtasidagi ma’naviy-madaniy aloqalar tarixi asrlarga tutashgan bo‘lib, bu rishtalarning eng yorqin va unutilmas siymolaridan biri shubhasiz Sayyid Shamsiddin Muhammad al-Buxoriydir. Islom olamida “Amir Sulton” nomi bilan shuhrat qozongan bu ulug‘ zot nafaqat Buxoroi sharifning ilmiy muhitida kamol topgan zabardast olim, balki Usmonli imperiyasining eng shonli davrlarida sultonlarga yo‘lboshchilik qilgan ma’naviy rahnamo hamdir.

 

Uning hayot yo‘li Buxorodan boshlanib, Madinai Munavvara orqali Bursaga tutashgani ramziy ma’noga ega. Amir Sulton nafaqat Sulton Yildirim Boyazidning kuyovi va maslakdoshi, Usmonli xonadoni vakillarining ma’naviy piri bo‘lgan tariqat peshvosidir. Uning Onado‘li tuprog‘iga naqshbandiya tasavvuf maktabining nafasini olib kirishi o‘sha davrdagi siyosiy va ijtimoiy hayotda tub o‘zgarishlarga olib keldi.

 

Shayx Shamsuddin Muhammad ibn Ali Husayniy taxminan 1369-yilda tavallud topgan. Buxoroda tug‘ilganligi uchun “Muhammad Buxoriy”, Yildirim Boyazidning kuyovi bo‘lganligi uchun “Amir Sulton” hamda sayyidlar avlodidan bo‘lganligi sabab “Amir Buxoriy” nomlari bilan mashhur bo‘lgan. Otasining ismi Ali Husayn. Shayx Shamsuddin Muhammad Buxoriy 1390-yilda Bursaga ko‘chib keladi va  Yildirim Boyazidning qizi Hundi Xotun bilan turmush quradi.

 

Shayx Shamsuddin Muhammad Buxoriy yoshlik chog‘ida ulug‘ mashoyixlar xizmatida bo‘lgan. So‘ng Rum (Anadolu) o‘lkasiga kelib, Bursa shahrida qo‘nim topgan. Shayx Sadriddin Qonaviy hazratlarining “Miftoh ul-g‘ayb” (G‘ayb kaliti) nomli kitobi orqali tasavvuf ilmini Mavlono Fanoriydan o‘rgangan.

 

Usmonli manbalarida keltirilishicha, Yildirim Boyazidxon qizi o‘zining xos bog‘i tarafiga ketayotib, arava pardasining orasidan u kishini ko‘rib qoladi. Bu payt Shayx Shamsuddin Muhammad Buxoriy Bursaga ilk kelgan kezlari bo‘lib, hozirda dafn etilgan joyi o‘rniga chodirlarini qurayotgan palla edi. Shunda qiz o‘z enagasiga quyidagicha xitob qiladi: “Tushimda Faxri Olam (sollallohu alayhi va sallam) meni ushbu zotga nikohladilar va “Sening dunyo va oxiratdagi jufting budur”, deb buyurdilar”, deya ko‘rsatdi.

 

Malikaning ko‘nglida shayxga nisbatan bir tuyg‘u g‘olib kelib, bog‘ga borishdan ko‘ra saroyga qaytishni afzal ko‘radi. Otasi Sulton Boyazid Valaxiya tomonlarda yurishda bo‘lgani sabab, u qaytib kelguncha sabr qilolmay, ertasi kuni vakilini shayx huzuriga yuboradi. Shundan so‘ng hidoyat shiorli shayx  bilan shariat qoidalariga ko‘ra nikohlandilar. Shayx Shamsuddin Muhammad Buxoriy ham tabassum qilib, xuddi ushbu voqea qissasi o‘ziga ham ayon bo‘lganini so‘zlaydi. Ilohiy yo‘l bilan ma’lum bo‘lgan ushbu sirni o‘z muridlariga ham bildiradi.

 

Shayx Shamsuddin Muhammad Buxoriy nasabining ulug‘ligi haqida hikoya mashhur bo‘lib, mo‘tabar kitoblarning birida shunday bitilgan:

 

Shayx Shamsuddin Muhammad Buxoriy haj qilgan yillarida Hazrat Rasuli Akram (sollallohu alayhi va sallam)ning Ravzai Mutahharalariga (pokiza qabrlariga) boradi. “Surra” (yuborilgan ehsonlar) va sadaqalarni taqsimlash vaqtida Madina sayyidlari bilan birga hozir bo‘ladilar. Lekin ular (Madina sayyidlari) ulug‘ shayxning oddiy darveshona xirqasiga boqib, go‘yo uning nasabi to‘g‘riligiga shubha qilgandek bo‘ldilar va tenglik yuzasidan ehsondan bahramand bo‘lishiga rozi bo‘lmaydilar.

 

Shunda Shayx Shamsuddin Muhammad Buxoriy bu tuhmatdan or qilib: “Ehsonni olsak, barobar olamiz. Agar shubhangiz bo‘lsa, sizlar bilan birga Ravzai Mutahharaga borib salom beraylik. Qaysi birimizning salomimizga javob qaytarsalar, o‘shaning nasabi sobit bo‘lur. Aks holda da’vongiz shunchaki takabburlik bo‘lib qolur, dedi-da, ittifoq bo‘lib sayyidlar bilan birga Nabaviy alayhissalomning munavvar qabrlariga boradilar. U yerda yig‘ilgan barcha sayyidlar bir-bir bandalik arzi bilan salom berdilar. Ammo  Hazrat Rasuli Akram (sollallohu alayhi va sallam) ulardan hech birining salomiga javob bermadilar. Shayx Shamsuddin Muhammad Buxoriy salom berib, ya’ni “Assalomu alaykum ya jaddi” (Assalomu alaykum, ey bobojonim) deganlari hamonoq pokiza qabrdan “Va alaykumassalom ya valadi” (Va alaykum assalom, ey farzandim) degan sado eshitildi. U zotning shon-sharafi ulug‘ligini bilib, Makka va Madina sayyidlari ta’zim va ehtirom ko‘rsatishga kirishdilar.

 

Shayx Shamsuddin Muhammad Buxoriyning hayotida ro‘y bergan voqealardan biri Usmonli sultoni Yildirim Boyazidning hidoyat yo‘liga qaytish voqeasidir. Munjimboshi Ahmad ibn Lutfullohning “Jome’ ad-duval” asarida yozilishicha, Sulton Boyazid 1396-yil Nikopol shahri yaqinida Venger qiroli Sigizmund boshchiligidagi fransuz, italyan, ingliz, ispan, chex va boshqalardan iborat bo‘lgan salibchilar ustidan ulkan g‘alabaga erishadi. Bu g‘alabadan keyin Sulton Boyazid Bursada katta jome masjidi qurishni buyuradi. Hali qurilishi yakunlanmagan jome’ni ko‘zdan kechirgani borganida, yonida kuyovi Shamsiddin Muhammad Buxoriy ham bor edi. Sulton shayxdan: “Ushbu bino sizning tabiatingizga muvofiq va ma’qul keldimi?” deb so‘raydi. Shunda Shayx Shamsuddin Muhammad Buxoriy: “Bino nihoyatda go‘zal va mustahkamdir, biroq uning har to‘rt tarafida bittadan mayxona qurilsa, komil bo‘lar edi’, deb javob berdi.

 

Sultonning rangi o‘zgarib: “Bu Allohning uyi-ku! Qanday qilib uning yonida sharob va fisq-u fujur maskani bo‘lishi mumkin?” deydi. Shunda shayx dedilar: “Ey Sulton! Haqiqat shuki, Allohning uyi mo‘minning qalbidir, uni turli gunohlar va sharob ichish bilan ifloslantirmadingizmi?”. Shayxning ushbu tanbehona javobidan so‘ng sulton g‘aflat uyqusidan uyg‘onib, o‘sha zahoti tavba va inobat qildi. Shundan so‘ng Sulton Boyazid sharob ichishni va ko‘ngilochar majlislarga borishni to‘xtatib, gunoh ishlardan tiyildi.

 

Shayx Shamsuddin Muhammad Buxoriyning xayrli ishlaridan yana biri Sulton Boyazid huzuriga kelgan Amir Temur elchilarining hayotini saqlab qolganidir. Amir Temur va Sulton Boyazid o‘rtasidagi elchilik aloqalaridan birida Sohibqiron Sulton Boyazidga quyidagi mazmunda maktub yuboradi: “Turkman Qora Yusuf hojilar yo‘lida cheksiz buzg‘unchiliklar qilgani uchun, uni qo‘lga olib, munosib jazo berish qat’iy qaror qilingan edi. Mazkur Qora Yusuf va sobiq Bag‘dod hokimi Ahmad Jaloyir bir muddat Misr sultoniga panoh izlab bordilar. Endi esa ittifoq bo‘lib, sizning huzuringizga sodiqlik tushunchasi bilan ketdilar. Rum viloyatini fath qilishni kechiktirib, sizga ixtiyor beramiz-ki: yo mazkur Qora Yusuf va Ahmad Jaloyirning kallalarini olib, odamlarimizga topshirasiz, yoki ikkisini ham kishanlab, mahbus holda yuborasiz. Agar “Ular bizga panoh so‘rab kelganlar, sultonlarning oliyjanob odatlariga ko‘ra ularni himoya qilish bizga lozimdir” deb javob qaytarsangiz, u holda ularni o‘z tasarrufingizdagi Rum mulkidan quvib chiqaring. Toki bizning talabimizga yordam berib, shiddatli qo‘shinlarimizning fitna va fasod yo‘liga kirishining oldini olgan bo‘lasiz.

Shuningdek, Arzinjon hokimining o‘z merosiy mulkini tortib olib, qal’asini zabt etibsiz. Bu tomonga samimiyat bilan uning kalitini yuboring. Toki “Mulkni O‘zimiz xohlagan kishiga beramiz” xitobiga duchor bo‘lmagaysiz. Mabodo, qahrli askarlarimiz urush o‘tini yoqsa, nogahoniy chaqmoq kabi ofat obod mamlakatlaringizga yetsa, keksa-yu yosh “Biz Allohnikimiz va Unga qaytguvchimiz” deyish bilan ovora bo‘lib, o‘zingizda xotirjamlik topolmay qolasiz. Va Arzinjon voliysi ham o‘zining pokiza tabiati bilan davlatimiz kunlarida o‘z merosiy mulkiga ega bo‘lib, madh-u sano yo‘lidan yursin. Aks holda, u tomonga azimatimiz muqarrar va u yerlarni fath etib, g‘orat qilishga harakatimiz takroriy bo‘lishini biling
.

 

Mana shunday mazmundagi maktublar bilan ikki marta elchilar kelib, Amir Temurning istaklarini Sulton Boyazidga yetkazdilar. Bu kabi maktublar Sultonning jahl otiga minishiga sabab bo‘ladi. Hatto, elchilarni qatl qilish haqida farmon berish darajasiga yetdi. Ammo Sayyid Shamsuddin Muhammad Buxoriy, Sayyid Muhammad Fanoriy va boshqa nufuzli vazirlar hamda amirlar ittifoq bo‘lib, elchilarni o‘limdan qutqarib qoldilar va “Hukmdorlar odatiga kirmagan bunday ishning, ya’ni elchilarni o‘ldirishning xotimasi xayrli bo‘lmaydi” deya sultonning qatl hukmiga monelik qildilar.

 

Manbalarda Shayx Shamsuddin Buxoriy Amir Temur elchilari hayotini saqlab qolgani kabi Amir Temur qo‘shini Bursaga yetib kelganida bu xalqni talon-taroj va qatldan qutqarib qolganligi bayon qilinadi. Bursa xalqi Amir Temur qo‘shinidan qo‘rqib, Shayx Shamsuddin Buxoriy huzuriga odam yuborib, Amir Temurdan omonlik tilashni iltimos qiladi. Shayx Shamsuddin Buxoriy bir muridini Sohibqiron huzuriga yuborib, Bursa xalqiga omonlik so‘raydi. Amir Temur ham shayx hazratlarining muborak xotiri uchun Bursa xalqiga omonlik beradi.

 

Shayx Shamsuddin Buxoriy 1429-yilda vafot etadi. Qabri va maqbarasi Bursadagi Amir Sulton jome’si yaqinida joylashgan. Onado‘li darvishlarining ulug‘ piri bo‘lgan shayx vafotidan keyin uning maqbarasi asrlar davomida darvishlarning asosiy ziyorat maskanlaridan biriga aylanadi. Shayx Shamsuddin Buxoriy hayotlik chog‘larida ham to‘rt tomondan minglab darvishlar kelib, ilm istab uning dargohida xizmatda bo‘lgan.

 

Shayx Shamsuddin Buxoriy vafotidan keyin bir mo‘jizaviy voqea sodir bo‘ladi. Shayx Bobo Yusuf haj ibodati uchun Madinai Munavvaraga borib, Payg‘ambar alayhissalom qabrlarini ziyorat qilgan vaqt Ravzai Mutahharaning tashqarisida bir hassa turar, uni xizmatchilar doim muhofaza qilar edilar. Tasodifan, Olamlar Faxri (Muhammad s.a.v.) tushlarida yoki ma’naviy holatda o‘sha hassani Shayx Bobo Yusufga berdilar va shunday buyurdilar: “Ushbu hassani olib, uni uch bo‘lakka bo‘lgin. Bir bo‘lagini Bursadagi Sayyid Muhammad Buxoriy (Amir Sulton) mozoriga, birini Anqaradagi Shayx Hoji Bayram Valiyning nurafshon marqadiga (qabriga), uchinchi bo‘lagini esa falon ulug‘ shayxning latif qabriga olib borib qo‘ygaysan”.

 

Xulosa qilib aytganda, Amir Sulton Shamsiddin Buxoriyning hayoti va faoliyati Turkiston hamda Onado‘li o‘rtasidagi ma’naviy birlikning eng yuksak cho‘qqisidir. U shunchaki sultonning maslahatgo‘yi yoki kuyovi bo‘lib qolmay, balki Turkistonning ilmiy salohiyati va tasavvufiy maktabini Usmonli davlatida keng yoygan avliyolardan. Uning sharofati bilan turk sultonlarining ma’naviy kamoloti yuksaldi, ko‘plab musulmonlarning jon-u moli saqlab qolindi. Bugungi kunda ham Bursa shahridagi Amir Sulton majmuasi ziyoratchilar bilan gavjumligi, u zot qoldirgan merosning asrlar osha o‘z qadrini yo‘qotmaganidan dalolat. Bu ulug‘ zotning merosini o‘rganish, nafaqat tariximizni boyitadi, balki qardosh xalqlar o‘rtasidagi mushtarak ildizlarni anglashda ham muhim mayoq bo‘lib xizmat qiladi.

 

 

Abdullajon USMONOV,

 
O‘zR FA Tarix instituti tayanch doktoranti

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

11:05 / 08.05.2026 0 85
Georgiy tasmasi orti haqiqatlari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//