Rossiyalik faylasuf va propagandachi, “Rus dunyosi” gʻoyasining asosiy mafkurachisi Aleksandr Dugin “dunyoning yangi modeli” toʻgʻrisida bergan intervyusida sobiq SSSR mamlakatlari – Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo suverenitetini shubha ostiga olib, ularni Rossiya “nazoratga olishi kerak” deya taʼkidladi. Intervyuda siyosatchi Dugin “uch qutbli dunyo” shakllanayotganini aytib, Rossiya bu tizimda asosiy kuch markaziga aylanishi va bu mamlakatlarni nazoratga olishi kerakligini taʼkidlaydi. Unga koʻra, Rossiya nazoratidan tashqarida qolgan mamlakatlar – AQSH, Yevropa Ittifoqi yoki Xitoyning tayanch hududlariga aylanadi.
“Bizning maqsad – bu uch qutbli dunyoda eng muhim – suveren, erkin, mustaqil va ulkan kuch markaziga aylanish. Biz nazorat qilmaydigan barcha hududlar neytralligicha, yoqimli va tinch Shveysariyaga aylanib qolmaydi, ular boshqa qutblar, xususan, AQSHning mojaroli qutbi (forpost) tayanch nuqtasiga aylanadi. Shuning uchun bu yangi modelda suveren Armaniston, Gruziya, Ozarboyjon, Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Tojikiston, Qirgʻiziston suveren mamlakatlari mavjud boʻlishi mumkin emas. Yo ular bizning lager tarkibiga – yagona ittifoqimizning bir qismiga kiradi, yoki Gʻarb, Yevropa ittifoqi, Amerika yo boʻlmasa qandaydir Xitoy plasdarmiga aylanadi”, deydi Aleksandr Dugin.
Markaziy Osiyoga tahdid borasida rus propagandachilarining navbatdagi chiqishiga oʻzbek jamoatchiligi, davlat arboblari, jurnalist va faollar oʻz munosabatini bildirdi.
“Iqtisodiy gazeta” gazetasi bosh muharriri Mirodil Abdurahmonov:
“...Oʻzbekistonda Rossiyaning shovinistik telekanallari va shovinist propagandachilar kitoblarini taqiqlashni boshlash kerak. Shuningdek, kechiktirmay, yurtimizga kiritilmaydiganlar [Persona non grata] roʻyxati tuzilishi shart. Va, rus propagandistlari uchun katta xavf sanalgan til masalasiga eʼtibor kuchaytirilishi lozim. Tezda yangi tahrirdagi “Til toʻgʻrisida”gi qonunni qabul qilish, barcha davlat idoralariga murojaatlar faqat davlat tilida qabul qilinishi, rahbarlikka va deputatlikka nomzodlar qoʻyilayotganda har qanday fuqaroning davlat tilini bilish darajasi qatʼiy belgilanishi kerak. “Zamonaviy Gebbels” deb nom olgan Vladimir Solovyovning yaqindagi nutqi xudojoʻy faylasuf Aleksandr Duginning navbatdagi chiqishidan keyin yana esga olina boshladi… Shubha yoʻqki, ertaga Zaxarova xonim Duginning navbatdagi tahqirona chiqishini ham “bu uning shaxsiy qarashlari”, deya baholashi aniq. Bas shunday ekan, biz ham Ozarboyjon birodarlarimizdek, “salomga yarasha alik” qaytarish yoʻllarini oʻylashimiz kerak. Yaʼni, Dugin-u, Solovyovlarning gʻoyaviy rahbarlariga Yangi Oʻzbekiston bu 5, 10-yil avvalgi Oʻzbekiston emasligini koʻrsatish payti keldi”.
Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori Azamat Ziyo Dugin chiqishiga “paytavasiga qurt tushgani rost ekan”, deya munosabat bildirarkan, “chirish, aljirash” kuchayishi, oqibat ham yaqinligini taʼkidlaydi. Unga javoban Isroil Tillaboyev bir haftada ketma-ket butun boshli 5 davlat suverenitetiga qarshi gapirish tasodifmi yoki katta signalmi, deya tegishli mamlakatlar hukumati va xalqi yanada birlashishi, keskin taʼsir notalari va qayta gapirmaydigan qatʼiy javob berilishi shartligini yozadi.
Siyosiy fanlar doktori, professor Sherzodxon Qudratxoʻja jurnalist Solovev va Dugin bayonotiga oʻz munosabatini bildirib, Oʻzbekiston endi kindigi yoʻldoshdan ajralgan bola kabi qullik kayfiyatidan kechishi kerakligini taʼkidladi.
Jurnalist Ilyos Safarov yaqindagina rossiyalik jurnalistning Markaziy Osiyoda “maxsus harbiy operatsiya” oʻtkazish borasidagi chiqishidan keyin qisqa davrda navbatdagi propagandistning bunday bayonotiga nisbatan “sodda, yumshoq diplomatiya” ish bermasligi haqida yozadi:
“Rossiyalik propagandachilarning ketma-ket chiqishlari tasodif emas, bu individual fikr ham emas — bu juda aniq xavfli, mafkuraviy signal. Kecha Solovyovning Markaziy Osiyoda “maxsus harbiy operatsiya” oʻtkazish haqidagi chaqirigʻi, bugun esa Dugin bergan mana bu bayonot Rossiya siyosiy doiralarida postimperial tafakkur hanuz tirik ekanini yana bir bor isbotlamoqda. Bunday sharoitda “sodda, yumshoq diplomatiya” ishlamaydi, chunki kuch siyosatini targʻib qilayotgan tomon faqat kuchni va qatʼiy pozitsiyani tan oladi. Ozarboyjon misolida buni koʻrdik. Tashqi ishlar vazirligi va mamlakat rahbariyati tushunishi kerak: suverenitetimizning ochiq inkor etilishini javobsiz qoldirish xavfsizlik vakuumini yuzaga keltiradi. Doimiy sukut — betaraflik yoki bosiqlik emas, balki zaiflik sifatida qabul qilinadi. Shu sabab, yana qaytaraman, birinchi va eng tabiiy javob sifatida bunday chaqiriqlar bilan chiqqan shaxslarni “persona non grata” deb eʼlon qilishni boshlang. Ortiq kutish mumkin emas. Ikkinchi bosqichda esa urush va bosqinchilik mafkurasini targʻib qilayotgan Rossiya telekanallarini Oʻzbekiston hududida bloklash kabi axborot xavfsizligi richaglarini ishga solaylik. Agar bu aniq choralar ham samara bermasa, keyingi bosqichda Markaziy Osiyo davlatlarining birlashgan, jamoaviy va ochiq siyosiy javobi kun tartibiga chiqishi lozim. Yumshoq diplomatiya emas, ongli, prinsipial va izchil pozitsiya — mintaqaviy barqarorlikning yagona kafolati boʻla oladi”.
Sobiq moliya vaziri oʻrinbosari, Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi bosh direktorining birinchi oʻrinbosari Abdulla Abduqodirov Duginni rus imperializmining mafkurachi va rivoyatchisi deb atab, Ukraina Rossiyaga qattiq va aniq dars boʻlishi kerakligini, Rossiya “siqib kelinayotgan prujina bosimiga bir kun kelib dosh berolmasligini” taʼkidlaydi. U shuningdek, Oʻzbekistonning rasman aniq va qatʼiy javob berishi, “mamlakat suvereniteti haqida fikr bildirishni bas qilishlari” taʼkidlanishi zarurligini qayd etib, “uni bizga siz bermadingiz, tortib olish ham sizga emas”, deb yozadi.
Faxriy jurnalist Mamatqul Rajabov Rossiya Federatsiyasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi janob A. V. Yerxovga murojaat qilib, Oʻzbekiston imperiyaviy fantaziyalar obyekti emasligini taʼqidlaydi:
“Hurmatli Aleksey Vladimirovich! Rossiyalik “siyosatchi” Aleksandr Duginning “Markaziy Osiyo Respublikalarining, jumladan Oʻzbekistonning ham suvereniteti tugadi” degan mazmundagi bayonotlari va ularni Rossiyaga qoʻshib olishga daʼvatlari shaxsiy fikr emas, balki buyuk davlatchilik shovinizmi va siyosiy ekstremizmning ochiq namoyon boʻlishidir. Oʻzbekiston Respublikasi — suveren, mustaqil davlat, butun xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan, BMT va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar aʼzosidir. Bizning suverenitetimiz imperialistik ruhdagi mafkurachilari fantaziyalariga emas, xalq irodasi, tarixiy va xalqaro huquq meʼyorlariga asoslanadi… Bunday bayonotlar:
— BMT Ustavi va davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyillarini qoʻpol ravishda buzadi;
— mintaqaviy xavfsizlik asoslarini izdan chiqaradi;
— xalqlar oʻrtasidagi doʻstona munosabatlariga putur yetkazadi. Hech bir “faylasuf”, hech bir siyosiy marginal millionlab insonlar va mustaqil davlatlar taqdirini hal qilishga haqli emas. Imperiyalar davri tugadi. Uni soʻz orqali qayta tiriltirishga urinish — kuch belgisi emas, balki siyosiy zaiflik alomatidir. Oʻzbekiston doimo teng huquqli hamkorlik, oʻzaro hurmat, diktat emas, balki muloqot tarafdori boʻlib kelgan va shunday boʻlib qoladi. Suverenitetimizga qaratilgan har qanday tajovuz — ogʻzaki yoki boshqa shaklda boʻlsin — barcha darajalarda qatʼiy, prinsipial va munosib javob oladi. Oʻzbekiston suvereniteti muhokama qilinmaydi. U savdo obyekti ham, kimningdir geosiyosiy fantaziyalari predmeti ham emas”, deb yozadi jurnalist.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Tadbirkorlik qoʻmitasi hamda Yuksalish harakati raisi Bobur Bekmurodov Dugin qisqa vaqt ichida aytgan gapi uchun munosib javob olishini taʼkidlagan:
“Barcha, Oʻzbekiston suverenitetiga shubha qilgan har bir kuch yoki shaxs aniq bilishi kerakki, biz Oʻzbekistonni himoya qila olamiz. Oʻzbekistonni tanlagan yoʻlidan qaytarish hech kimning qoʻlidan kelmaydi”, deydi u telegram sahifasidagi video-murojaatida.
Mushtum jurnali Dugin bayonotini navbatdagi aljirash, deya ogohlikka chaqirdi:
“Ular hali-hanuz oʻzlarini xoja hisoblaydilar. Ular hali-hanuz mustaqil qoʻshni davlatlarni oʻzlariniki deb biladilar. Ularning iti ham, choʻchqasi ham oʻzga davlatlarga nisbatan nimani istasam gapiraveraman, bizga mumkin, deb oʻylaydi. Hatto telba ham alarning maqsadi nima ekanligini anglab turganda, bizning qultabiat eshaklarimiz bularga xayrixoh boʻlishini qanday tushunish mumkin? Modomiki, asl maqsadlarini aynigan kallaning tili boʻlib galma-gal aytishayotgan ekan, milliylikni, ona tilimizga eʼtiborni kuchaytirishimiz, harbiy qudratimizni yanada oshirishimiz, ha... har narsaga tayyor boʻlib turishimiz, darvozamizni begonalar kelib chertsa, lang ochib berishga shay boʻlib turgan ichimizdagi dushmanlarni tarbiyalashimiz shart! Teridan chiqqan yara xavfli, ichdan chiqqan yara undan-da xavfli!”, deb yozadi.
Jurnalist Shuhrat Shokirjonov:
“... Solovyovning hangrashini hazm qilib ulgurmasimizdan, Dugin degan fashist chiqib, “suverenitlaring kapeyka”, deb turibdi. Ukrainada ham urush aynan mana shu Dugin va unga oʻxshaganlarning gʻoyasi bilan boshlandi… Aslida, bu marazlarning oliy maqsadi — Yevropaga urush ochib boʻysundirish. Ukrainaga kuchi yetmay turgan bir paytda! Bularga ulkan urush uchun “toʻpemi”lar kerak. Yosh norgʻul yigitlar qayerda koʻp?! SSSR tarqaganidan buyon tugʻilish kamaymagan, aholisi oʻsgan yurtlarda, albatta. Bizda! Rossiyada ishlab yurgan migrantlarimizni ham soʻrab oʻtirmasdan urushga otish — oliy orzusi bu marazlarning. Kimdir “Rossiyaga qoʻshilsak gugurt yana 1 tiyin boʻladi”, deb orzumand chiqar. Lekin, bilib qoʻy, maraz: gugurt emas, bolang, nevarang 1 tiyin boʻladi. Chunki urushda uchadi. Sen “Velikaya” deb sanaydigan, ishonadigan Oʻrussiyang uchun”.
YURT HAQIGA DUO
Ushbu sheʼr oʻtgan yili yozilib, oʻquvchilarga taqdim qilingandi. Bugun bir qadrli kishim qoʻngʻiroq qilib, shu sheʼrni eslatdi va ijtimoiy tarmoqlarda vaysayotgan rus shovinistlari Solovyov va Duginga bagʻishlab qayta eʼlon qiling, dedi. Gapi notoʻgʻri emas, biroq... u gʻalamis (kalamush soʻziga uyqash boʻlarkan!) kimsalar sheʼr bagʻishlashga arzimaydi, deb oʻyladim. Ammo sheʼrni takror berish kerak deb hisobladim!, – deydi Shodmonqul Salom.
Ne boʻlsa ham hech kimdan koʻnglim qolib ketmasin,
“Olaboʻji” qopiga yoppa solib ketmasin,
Sergak turing, yigitlar, chegaradan oʻtmasin,
Temurbekning avlodi Temurga oʻxshash kerak!
Aziz Oʻzbekistonim ming yillar yashash kerak!
Oʻzbekning kimligini soʻylasin bobo tarix,
Hali mingdan birini bilmay sarson muarrix,
Koʻz ham qilich oʻynatib kelgan oq, qora, sariq,
Temurbekning avlodi Temurga oʻxshash kerak!
Oʻzin yurtida emin ulgʻaysin-da kelajak!
Oʻzbek, qozoq, qirgʻizim – otasi bir ildizim,
Turkman, tojik – bovurim, bir joydan chiqsin soʻzim,
Och ayiqlar qoshida qolib ketmay bir oʻzim,
Temur sulton avlodi Temurga oʻxshash kerak!
Onajon Turkistonim ming yillar yashash kerak!
Gerodot yozib ketgan, Beruniy oʻzib ketgan,
Tarix dengizi aro ne muzlar suzib ketgan,
Bobom yurtni buzmagan, mamlakat tuzib ketgan,
Temur bobom avlodi Temurga oʻxshash kerak!
Bir sapcha ham unmaydi, agar boʻlmasa palak!
Junim chappa silama, qoʻrqoq, maddoh emasman,
Uxlamas bir vulqonman – berganman, olganmasman!
Goh qilich, goh kitob-la borman, ortda qolmasman,
Temur Taragʻay zoti Temurga oʻxshash kerak!
Otasi tayin bu el ming yillar yashash kerak!
Esimda, unutmayman – onalarning zorini,
Birov bajargan emas otajonim korini,
Koʻrdim – uyida non yoʻq, ilgʻor paxtakorini,
Temurxonning zuryodi Temurga oʻxshash kerak!
Zahmatkash onam – bu yurt abadiy yashash kerak!
Magar, soʻzing chin boʻlsa, habibimni topib ber,
Janozasiz koʻmilgan jadidimni topib ber!
Sen ham, men ham ishonay – sababini topib ber,
Temurbek farmoni bu – tamom bajarish kerak!
Bu el qadim Navroʻzday abadiy yashash kerak!
Bu yurt azizlar yurti – zer-zabarning qabri bor,
Avlodi Sayyid yotur – shahriyorning qabri bor.
Dunyoga saboq bergan iftixorning qabri bor,
Temurbekning farzandi Temurga oʻxshash kerak!
Oq sut berganim – onam xotirjam yotish kerak!
Bu el qadim Navroʻzday abadiy yashash kerak!
Maʼlumot uchun, 2025-yilda Qozogʻiston mamlakatga nisbatan haqoratli va dushmanona bayonotlar bergani uchun Rossiyaning toʻrt nafar amaldagi deputati – Pyotr Tolstoy (vitse-spiker), Vyacheslav Nikonov, Yevgeniy Fyodorov, Konstantin Zatulin va bir nafar sobiq deputat, “Rossotrudnichestvo” rahbari Yevgeniy Primakov bilan birga, bir necha jamoat arboblari va propagandachilarni “persona non grata” – mamlakat hududiga kirishi taqiqlangan shaxs sifatida eʼlon qilgan. Ular orasida Aleksandr Dugin ham boʻlgan. Ular Qozogʻistonning mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va siyosiy pozitsiyalariga qarshi fikrlar bildirgan. Masalan, ular Qozogʻiston hududlarini Rossiya sovgʻasi deb atagan, tarixini inkor qilgan va hatto xatarli tahdidlar keltirgan.
Avvalroq rossiyalik targʻibotchi Vladimir Solovyov ham Markaziy Osiyo va Armanistonda Ukrainadagiga oʻxshash “maxsus harbiy operatsiya” oʻtkazish mumkinligini aytgandi. Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova bu bayonot hukumat pozitsiyasi emas, jurnalistning xususiy telekanalida aytilgan shaxsiy fikri ekanini bildirgan edi.
Tarix
Adabiyot
Mafkura
Ta’lim-tarbiya
Adabiyot
Ma’naviyat
Vatandosh
Jarayon
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q