Toshkent “Kolizeyi”dagi “To‘y” – Ilk teatr tafsilotlari


Saqlash
17:47 / 14.05.2026 458 0

Teatr san’ati uzoq tarixga ega. Xususan, Turkistonda XVI–XVIII asrlardayoq xalq teatrlari maydonga kelgan bo‘lsa-da, professional teatrning vujudga kelishi XIX asr oxiri – XX asr boshlariga to‘g‘ri keladi. Bu o‘lkada vujudga kelgan jadidchilik harakati bilan bog‘liq. Zero, aynan jadidlar mustamlaka zulmi ostida ezilgan, mudroq xalqning ongiga erk va hurriyat g‘oyalarini payvand qilishda maktab, maorif, matbuot va badiiy adabiyot bilan bir qatorda teatrni ham juda muhim omil deb hisoblaganlar. Shuning uchun jadidlar Turkistonda Yevropa andozasidagi teatr san’atini yaratishga alohida e’tibor berdilar.

 

1914-yil 27-fevralda Toshkentning Yangi shahardagi “Kolizey” tomoshoxonasida Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush” pyesasi ilk bora namoyishi oldidan, yana boshqacharoq ta’riflansa, o‘lkada milliy teatr pardasi ilk marta ochilishidan avval sahnaga Munavvar qori Abdurashidxonov chiqib, teatrning “ibratxona” ekani, unga yengil-yelpi qaramaslik, aktyorlar esa “bir tabibi hoziq misoli” ekanliklaridan qisqacha va’z so‘ylab, butun jamoani buyuk madaniy hodisa bilan tabrik etadi. Binobarin, shu kuni o‘zbek milliy teatriga tamal toshi qo‘yiladi.

 

 

Aksariyat jadidlar singari teatr san’atini “ulug‘lar maktabi”, “ibratxona” deb bilgan Hoji Muin 1914-yilda Behbudiyning “Padarkush” dramasidan ta’sirlanib Nusratulla Qudratilla bilan birga “To‘y” nomli 4 pardali pyesasini namoyish qiladi. Bu pyesa tez orada mashhur bo‘lib ketgan va o‘sha davr sahnasida eng ko‘p qo‘yiladigan dramalardan biriga aylangan.

 

Xoji Muin Shukrillo o‘g‘li (1883–1942).

 

Ta’kidlash joizki, jadid teatri repertuariga nazar tashlagan kishi har bir sahna asarida shu davrdagi xalq va jamiyat hayotining favqulodda muhim va dolzarb masalalariga urg‘u qaratilganini ko‘radi. Xuddi shunday, “To‘y” pyesasida ham farzandini o‘qitish, bilimli qilib o‘stirish o‘rniga dabdabali to‘y qilib, oxiri xonavayron bo‘lgan boyning achinarli taqdiri sahnaga olib chiqilgan.

 

Hoji Muinning uyi. Samarqand shahri.

 

1914-yil 22-dekabr kuni kechasi mashhur “Kolizey”da (hozirda bu bino O‘zbekiston Kasaba uyushmalari saroyi bo‘lgan) “To‘y” pyesasi asosida yaratilgan spektakl xalq talabiga binoan ikkinchi marotaba namoyish qilingan.

 

Teatr kechasining mas’ul mudiri “Sadoyi Turukiston” gazetasining noshiri va muharriri Ubaydulla Xo‘jayev, rejissyor Z.Boyazidskiy, suflyor esa  Qudratilla Yunusov bo‘lgan.

 

Ushbu tomosho milliy teatr va matbuot rivojiga katta hissa qo‘shgan toshkentlik taraqqiyparvar boy, Munavvar qorining maslakdoshlaridan biri bo‘lgan Ubaydulla qori Erg‘oziyevning bevosita homiyligida tashkil etilgan.

 

Tomosho uchun chiptalar sotishda Abdulhakim Sarimsoqov, Komilbek Norbekov, Hasanxo‘ja Honiy, Eshonxo‘ja Honiy, mulla Muborak Siddiq Muhammedov, Karimbek Norbekov, Abulqosim Ziyomuhamedov, mulla Is’hoq In’omhoji o‘g‘li, Mahmudxo‘ja Muhammadrahimxo‘ja o‘g‘li, Muhammadg‘ozi Yunusov va Mirhamid Usmonboyevlar jonbozlik ko‘rsatganlar.

 

Mazkur tomoshoning tafsilotlarini o‘z davrining yetuk taraqqiyparvari, mohir jurnalist Abdurauf Muzaffarzoda “Sadoyi Turkiston” gazetasining 1915-yil 2-yanvarda chiqqan 54-sonidagi “Milliy kechamiz” sarlavhali maqolasida bayon qiladi.

 

 

Abdurauf Muzaffarzoda asli Tataristonda Sengilevskaya uyezdi, Staro-Timoshenko qishlog‘ida 1889-yilda tug‘ilgan. Taqdir taqozosiga ko‘ra 1914-yilning boshlarida Turkistonga kelib, shu yerlarda panoh topgan. U “Sadoyi Turkiston” gazetasi tahririyatiga ishga kelgan paytda endigina 25 bahorni qarshilagan navqiron yigit edi.

 

Spektakl namoyishida ishtirok etgan muallifning yozishicha, kechaga tomoshabin ko‘p kelgan, tatar, qozoqlar ham bo‘lgan. Bu safar fojea, ya’ni drama yanada ta’sirli va tabiiyroq o‘ynalgan.

 

Asosan Toshkent yoshlaridan iborat aktyorlar jamoasi fojea qahramonlari obraziga butun vujudlari bilan kirganlar. Ularning safida Abdulla Avloniy, Badriddin A’lamov, Mullashoh Rahimshoh Inoyatov (xotin roli), Musajon Mirazimovlar bo‘lgan. Muzaffarzoda ularning ijrosini quyidagicha ta’riflaydi: “Bu afandilarning harakatlarini, yurish va turushlarini naqadar tanqid ko‘zi ila qarasam ham tabiiy harakatka e’tiroz beraturgon o‘rinlari yo‘q darajada oz chiqdi. Binoan alayh bu afandilarni man truppaning qahramon a’zolari, millatning eng muqtadar (iqtidorli) aktyorlari deb taniyman. Hozirda truppada bu afandilarga ayricha ahamiyat berilsa kerak”.

 

Abdusami’ qori Ziyoyev Mahmud rolin o‘ynadi. Tiyotr kunida oyoqlari ila alam tortdig‘i uchun (ya’ni oyog‘i og‘rib turgan bo‘lgan) aning roli tanqiddan ma’ofdur (avf etilarlik). Kichikroq rollarni o‘ynovchilardan Badalxo‘ja Sayyidxo‘jayev, Hasanxo‘ja Honiy, Tursuntosh Muhammedof afandilardir. Bu rollar kichik bo‘lsalar ham o‘ynovchilarning kutulgandan ziyoda mahorat ko‘rsatishlari ila ahamiyat kasb etadurlar.

 

 

Bulardan boshqa ba’zi kichik rollarini Eshonxo‘ja Honiy, Siddiq Avloniy, Basharulla Xo‘jayev, Muhammadxon Poshshaxo‘jayev, Mirjalil Karimov va boshqa afandilar o‘ynadilar. Bular albatta yaxshi chiqdilar. Xizmatchi rolini Qudratulloh qori Ismatullayev afandi o‘ynadi. Bu rol ko‘b bo‘lsa ham yengildir. Shuning uchun juda yaxshi chiqdi.

 

... Artistlarni hammasini milliy hamiyatlari va sahnada ko‘rsatgon muvaffaqiyat va mahoratlari ila quvvat-quvvat tabrik etub kelar kunlarda millatning eng muqtadir aktyorlari va eng kuchli tiyotr truppasi bo‘lishlarin xohlayman. Va idoraning moddiy va ma’naviy taraqqiysiga xizmat qilishlari uchun samimiy tashakkurlarimni arz etaman. Yashangiz afandilar! Doimo mas’ud (saodatli) va baxtiyor o‘laroq yashangiz!”.

 

Havaskor teatr aktyorlari jamoasi (1915).

 

Spektakldan keyin Abdurahmon Akbarov tomonidan ifodali qilib she’rlar o‘qilgan. Keyin turli milliy she’rlar xor bo‘lib kuylangan. Avloniyning to‘y, ko‘knori va qimorbozlar haqidagi she’rlari tomoshabinlarga kuchli ta’sir qilgan. Xorni Abdusami’ qori idora qilgan.

 

Xalq ushbu “Milliy kecha”dan juda mamnun bo‘lgan, ko‘tarinki kayfiyatda tarqalganlar.

 

Bundan 100 yildan oshiq davr ilgari yaratilgan asarlarda jo‘nlik, ibtidoiylik unsurlari bo‘lishi tabiiy. Ammo XX asr boshlarida yozilgan aksar sahna asarlarida jamiyat hukmiga havola etilgan og‘riqli muammolar bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan.

 

Afsuski, 1917-yildan keyin jadidlar bolsheviklar tomonidan siquvga olinib, jadid teatriga sho‘ro davri g‘oyalari va qahramonlarini olib kirishga majbur etilgan. Dushmanlar bu bilangina kifoyalanib qolmay, 1929-1930-yillarda ularni “millatchilar” va “aksilinqilobchilar” degan ayblar bilan qatag‘on qila boshladilar. Shunday qilib, o‘zbek teatrining “jadidlar davri”ga nuqta qo‘yildi.

 

Hozirgi o‘zbek teatri ana shu jadid teatrining mustahkam poydevori ustiga qurilgani shubhasizdir.

 

Murod ZIKRULLAYEV,

Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat

muzeyi direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

11:10 / 15.10.2026 0 96
Biz qachon adashdik?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//