(Esse)
Murod akaning turgan-bitgani, yozgan-chizgani, aytgan-aytmagani, butun hayoti – hangoma. Qay biri chin, qaysi to‘qima – o‘ziyam aniq bilmasa kerak. Havasingiz keladi. Adib o‘sha muhitda maza qilib yashaydi, maza qilib yozadi, maza qilib... iztirob chekadi. Aslida Murod Muhammad Do‘st ijodi va faoliyatining o‘ziga xosligi ham shunda.
Yangi nasr avlodi
Akamizning azim shahardagi sershovqin davralarni tark etib, go‘yo o‘z ijodiga qo‘l siltaganday ona yurti Jomga langar tashlaganiga, adashmasam, besh yil bo‘lay deb qoldi. Jom deganimiz kamida yigirma-yigirma besh chaqirim cho‘zilib ketgan qishloq. Bir uchi qorli cho‘qqilarga yaqinlashib borsa, etagi cho‘lga tutash. Havosi xush, shabbodasi yengil, sokin bu go‘sha Murod Muhammad Do‘st adabiy xaritaga muhrlagan g‘aroyib makon – Galatepani eslatadi.
Hovli-harami joyida adib besh-olti tanob keladigan daraxtzorida kuymalangani-kuymalangan. Bu odat kayvoni otasidan o‘tgan. Rahmatli kolxoz raisiman deb o‘tirmas, qo‘lidan ketmon-u bel, tokqaychi-yu teshasi tushmas edi. Adib asarlarida mehr bilan tasvirlangan Raim oqsoqol siymosida otasining ham sharpasi borday.
Akaning aytishicha, tiyramohda qarg‘a ko‘payadi. Qora bulutday yopirilib kelib, daraxtdagi yong‘oqni cho‘qib tushiradi, toshga urib chaqadi. Chaqqan joyida qay go‘rdandir zag‘cha yoki mayna paydo bo‘ladi-yu mag‘zini ilib ketadi. Qoqbosh qarg‘a og‘zidagi oshini oldirib, jon achchig‘ida qag‘illagancha qolaveradi – rahmingiz keladi.
Tamaddun-u siyosatdan xiyla uzoq, ovloq Galatepa fuqarolari o‘zining insonga xos jamiki fazilat-u qusurlari bilan kitobxonlar ko‘nglidan allaqachon muqim joy oldi, muallif esa milliy adabiyotimizning zabardast vakili maqomiga erishdi desak, aslo lofi yo‘q.
Qoq po‘stak ustida qotgan non yeyishdan ham huzur topadigan avomshunos oyog‘ini shahardan butkul uzib ketgani yo‘q albatta. Uzlatni afzal bilganidan poytaxt juda huvullab qolmagandir-u, lekin zahmatkash adib ona qishlog‘ida farog‘at topganiga ishongimiz keladi. Ovozi guldiragan, nigohi va tili bir odam ilgari – katta siyosat maydonida ot surgan kezlarida qanday bo‘lsa, hozir ham shunday: davralarning guli!
Zavqlanib eslayman: shunday kunlar, oylar, yillar bo‘lgan. Yangi o‘zbek nasridan so‘z ketsa, yosh adiblardan “uch og‘ayni botirlar” nomi birinchi bo‘lib tilga olinardi: Erkin A’zam, Murod Muhammad Do‘st, Xayriddin Sulton.
Oradan yarim asr o‘tdi. Bir mayizni bo‘lishib yegan uch og‘aynining orasi ham, ayni sanoq ham buzilgani yo‘q. Endi ular shuhrat qozongan adib, taniqli siyosat va madaniyat arboblari. Kitoblari bo‘yog‘i qurimay tala-tala bo‘lib ketadi.
Adabiyotimiz osmonida yulduzdek porlagan yangi avlodning paydo bo‘lishini atoqli shoir Erkin Vohidov 1980-yili zavqlanib shunday qayd etgan: “Ohista, iymanib, ulug‘lar qoshida cho‘chinqirab emas, shaxdam, dadil, bamisoli to‘yxonaga kelgan o‘spirin kuyovnavkarlardek olatasir va suron bilan kirib keldi. Biz bu “bosqin”ni ko‘pdan kutgan edik, intizorlik bilan poylagan edik. Shunday kun keldi”.
Adabiyot darbozasini taqillatmay, shovqin-suroni bilan betakalluf kirib kelgan, boz ustiga, andak betgachopar-u kibrli mehmon qay zamonda xushnud qarshi olinibdi? Donishmand shoirning o‘t-olov yoshlarga ulkan mehr bilan “biz bu “bosqin”ni ko‘pdan kutgan edik” degan lutfida orzulari mo‘l avlodning dadil hifzi himoyasi yaqqol bo‘y ko‘rsatib turgani shundan. E’tirofda ko‘proq shoirlarga nisbat berilgan bo‘lsa-da, u zamonning yosh nosirlari solgan gulduros ham aslo kam emas edi.
Gazeta-jurnallar, radio-televideniye, choyxona-yu mayxonalar, talabalar auditoriyalarida yangi avlod adiblari asarlari haqidagi tortishuvlar qizigandan qizirdi. O‘zim guvohman – talaba boshimdan o‘tgan.
Taqiq va ta’qiblar sirtdan susayganday ko‘rinsa-da, sotsialistik realizm degan ta’limotning temir qoliplari hali sinmagan, chetga surilmagan bir davr; hammaning joniga tegib, hammani charchatgan, hatto adabiyot va san’at boshliqlarini ham bezdirgan daqqi talablar hamon amalda edi.
Bu ta’limotning metin qoida va talablarini derazalariga qalin panjaralar urilgan Kremldagi kabinetlarda, beliga yo‘g‘on kamar, kamariga besunaqay mauzer taqqan charm kamzulli inqilobchi komissarlar ishlab chiqqan va shafqatsizlarcha joriy qilgan edi.
Ta’limotki, sirtdan qaraganda g‘oyat ezgu, insoniy va adolatliday ko‘rinsa-da, adabiyot va san’at amalda yakkahokim mafkuraga majburan nikohlab qo‘yilgan joriyaga o‘xshardi. Partiya-hukumat im qoqsa, ijod ahli labbay deb javob berishga mahkum. Keyinchalik Murod Muhammad Do‘st ta’kidlaganidek, “davlat yetaklagan adabiyotda maddohlikdan o‘zga barcha janrlar tanazzulga yuz tutadi”.
Yangi nasr avlodi ana shunday taloto‘p davrda adabiyotga gulduros solib kirib keldi. Ammo bu gulduros minbarlar-u davralarda emas, ularning gohi o‘ychan, gohida ma’yus, gohida esa sho‘xchan, lekin o‘ta hayotiy va samimiy hikoyalari, qissalari, romanlari va publitsistikasida baralla sezilib turardi.
Ayni alg‘ov-dalg‘ov kunlarning birida – 1979-yili “Sharq yulduzi” jurnali sakkizinchi sonida yosh adib Murod Muhammad Do‘stning “Chollardan biri” (asliyatida va keyinchalik “Mustafo” deb nomlangan) qissasi chop etildi. Ko‘pchilik, jumladan asar e’lon qilinishida bosh-qosh bo‘lgan jonkuyar adib, jurnal nasr bo‘limi mudiri Shukur Xolmirzayev ham “Mustafo” qo‘lyozmasini o‘qib, hayron qolganini yashirmagan: “Asaringiz nima haqda o‘zi, Murodjon?”.
Kelbati yozuvchidan ko‘ra Eski shahar ko‘chalarida vahima qo‘zg‘ab yuradigan yo‘lto‘sar ko‘zirlarga tortib ketadigan, mo‘ylabi labini yashirib, qalin qora sochi yelkasiga tushib turgan qotma yigit, go‘yo shunday savolni kutganday, go‘yo o‘zi kabi shiddati oshib-toshib borayotgan shoir oshnasi Usmon Azimni nazarda tutganday, mujmalroq javob qiladi: “Usmonboy oqshomlari qo‘shiq aytadi. Shu haqda”.
Aslida qissa qahramoni Mustafo cholga farzand tutingan yigitning ismi shunday – Usmonali.
Shu-shu ikki adibning gurunglari qovushib ketadi. Bu ahillikka ularning bir-birinikidan qolishmaydigan artistlik iqtidori-da sabab bo‘lgan chog‘i. Shukur Xolmirzayev o‘z vaqtida talabalar teatrida Hamlet qiyofasida sahnaga chiqqan, Murod Muhammad Do‘st ko‘plab filmlar yaratilishida bosh-qosh bo‘lgan, ssenariylar yozgan, rollar ijro etgan.
“Yozolmay qolsam, – deydi Shukur aka o‘zi haqidagi hujjatli filmning yakunida devorda osig‘liq turgan ov miltig‘iga ishora qilib, – Ernest Hemingvayga o‘xshab o‘zimni o‘zim otib tashlayman!”.
O‘sha kezlar “O‘zbekkino” davlat agentligiga rahbarlik qilib turgan sadoqatli ukaga ustozning bu iqrori yoqmaydi: “Iltimos, shu sovuq gapni olib tashlaylik, Shukur aka, agar yozolmay qolsangiz, o‘zim borib sizni otib kelaman!..”.
Ukaning “Dasht-u dalalarda” hikoyasi chop etilganida aka birinchilardan bo‘lib qutlaydi: “Yaxshi yozibsiz, janim!”.
Murod Muhammad Do‘stning ayni lutfga javobi qalam ahli o‘rtasida hikmat kabi tilga tushib, urfga aylanib ketadi: “Yomon yozolmasam, nima qilay?”.
Bir gal aka suyunchilab aytadiki, hey, zo‘r familiya topdim: qip-qizil o‘zbekcha!
Uka akasining qo‘lini oladi: “Zo‘r ekan. Menga soting, jon og‘a!”.
Adabiy personajga mos ism topish mashaqqatini yaxshi biladigan aka taysallagisi keladi: “O‘zimga kerak, janim! Lekin narxini kelisholsak, mayli, sotishim mumkin”.
Sotarman bilan olarman dasturxon bo‘yida o‘tirib bir kun tortishganidan so‘ng “bor baraka” bo‘ladi. Uka bir qadah pivoning narxi – yigirma kopeyka to‘lab, noyob familiyani o‘ziniki qilib oladi va adabiyotimizda ulkan voqea bo‘lgan mashhur “Lolazor” romanining bosh qahramoni Nazar Yaxshiboyev kitobxonlar mehrini qozonadi.
Masalaning nozik jihati
“Mustafo” o‘zi nima haqida?”. Oradan ellik yil o‘tayotganiga qaramay, hali-hamon shu savolni beradigan duppa-durust odamlarga duch kelamiz. U zamonning adib-u munaqqidlari-ku hayron qolgani, hatto cho‘chib ketgani aniq.
Stalin davrida qatag‘onga uchrab, Qozog‘istonning Jezqazg‘an viloyatidagi mis konida necha yil tirnoq bilan yer kavlagan adib Said Ahmad keyinchalik “ko‘p chiroyli voqealar” topganini, lekin qo‘rqqanidan yozolmaganini nadomatlar bilan eslagan edi: “Tazyiqning qoni sovimagan, nafas olib turgan paytlari edi. Yana qamab qo‘yadi deb qo‘rqardim”.
Mustabid tuzum ne-ne ulug‘larimizni ana shunday – yuraksiz qilib qo‘ygan ediki, asarlariga kommunistik ruh va g‘oyani tuflab yopishtirishga majbur bo‘lgan ular.
Komfirqaning navbatdagi qurultoyida sovet yozuvchilari zimmasiga yangi vazifalar yuklanib, sotsialistik realizm nazariyasidan chekinish aslo mumkin emasligi va bu boradagi har qanday og‘machilikning oldini olish partiya tashkilotlarining muqaddas burchi ekani yana bir bor alohida uqtirilgan.
Markaz qamchisini qarsillatganda milliy, to‘g‘rirog‘i, vassal o‘lkalarda labbay deb javob berilishi va “qon chiqarilishi” shart edi. Oqsoqol adiblarga tixirlik qilolmaysiz, sababi ma’lum: badiiy mahorati haminqadar bo‘lishi mumkin, biroq siyosiy jihatdan g‘oyat hushyor, pishiq-puxta. Komfirqa belgilab bergan “ulug‘ yo‘l”dan yuraverib tovoni, g‘oyalarini targ‘ib qilaverib qo‘li qadoq bo‘lib ketgan.
Bunday vaziyatda ijod maydonida hali suyagi qotib-qotmagan “mahmadonalar”ni qurbonlikka tortishdan qulayi bormi?! O‘shalarni tanqidga nishon qilish, o‘shalarning boshini qayirib, hali mo‘rtligida shoxini sindirib olish kerak, toki g‘oyaviy-siyosiy shakkoklik ko‘chasiga bosh suqa ko‘rmasin!
“Sovet xalqi parvozni baland olib, kommunizm sari dadil odimlayotgan bir davrda o‘ta to‘pori, mute, xokisor Mustafoni ezgulik va halollik ramzi deb bo‘larmikan?”.
Savolni bergan munaqqid o‘zicha javob topgandek bo‘ladi: bu hol Mustafo kabi odamlar uchun og‘ir ko‘rgulik, boshqalarga achchiq saboq. “Masalaning shu tomonini unutmaslik lozim!”. Sezgandirsiz: tanqidchi nimadandir cho‘chiganday, xijolat tortganday, kimdir qulog‘iga shivirlagan iddaoni – qalam ahliga qo‘yilgan qat’iy talab, ayon po‘pisa va siyosiy aybni bayon etgan. Stalin zamoni bo‘lganida bunday shakkoklik uchun yosh adib boshiga jadidlarning qora kuni tushar, yot unsur sifatida peshonasidan otilmasa ham, Sibir o‘rmonlarida o‘n-o‘n besh yil daraxt kesib yurishga mahkum etilar edi.
Qissa qahramonlari dushman pulemyoti miliga ko‘kragini qalqon qilmaydi, cho‘llarga suv chiqarib, ufqqa tutashib ketgan paxta dalalarida injiq tabiat ustidan g‘alaba qozonmaydi, ilm-fan sohasida olamshumul kashfiyotlarga yo‘l ochib jasorat ko‘rsatmaydi, avomni porloq kelajak sari boshlamaydi. Qisqasi, ular “katta hayot oqimidan chetda qolgan passiv, xokisor personajlar”.
Birovga ozor bermaydigan, hech kimning ishiga aralashmaydigan, o‘zi bilan o‘zi bo‘lgan Mustafo cholning turmush tarzi shunday: “omoch bilan yer tirnab qovun-tarvuz ekadi, makka ekadi”. Hunarli – tikkan toshtovon etiklari, ot jabdug‘i xaridorgir. Chirgi tikayotganda kalavaga mum yediradi. Yedirmasa, ertasi kuniyoq chirib tushadi. “Ot bu senga xonning xotini emas, terlaydi”.
Mustafo tengi odamlarning bari tayoqqa suyanib qolgan. Tayoqqa suyanmagani iyakka suyangan – ezma. Mustafo kamgap. Ko‘p o‘ylaydi, mulohaza qiladi. Na iddaosi, na ta’nasi seziladi. O‘zi yuvosh ko‘ringani bilan or-nomus masalasida qattiq turadi. Xudodan qo‘rqadi, bandadan sharm qiladi. Bir so‘z bilan aytganda, iymoni butun odam. To‘shakda jon talashib yotganida odamlarning odamday muomalasini ko‘rib, go‘dakday quvonadi.
Kampiri esa bo‘rdoqi qo‘chqorlarning terisini erinmay oshlaydi, keyin po‘stak tikadi. Jun savaydi. Ikkoviyam keksa odam emasmi, qishda po‘stak kuniga yaraydi.
Chol-kampir “o‘zi loydan yasab olmasa, unga tegadigan xotin yo‘qligi”dan o‘ksinib yuradigan ichong‘ich Usmonali shu hovlida ularning chirog‘ini yoqib o‘tirishini orzu qiladi. Toki ko‘rgan odam bu uy kimning vayronasi deb so‘ramasin.
Inson hayotining badiiy asarda bu yo‘sin tasvirlanishi qalam ahlining imkoniyat chegarasi janrlarigacha cheklangan jamiyatda hayratlanarli ish – katta ijodiy jasorat edi.
Sho‘ro mafkurabozlarining “qarg‘ishi”ni pisand qilmagan muallif boshiga qancha malomatlar yog‘ilmasin, asardan asarga o‘sib, ulg‘ayib, yuksalib bordi. U insoniy qudratni mahobatdan emas, soddalikdan izlaydi. Voqeanavis uchun inson suratidan ko‘ra siyrati muhim. Xalqona tilda bitilgan g‘oyat samimiy va hayotiy asarlari uslubining g‘ayrioddiy jozibadorligi bilan o‘quvchini o‘ziga mahliyo qiladi-qo‘yadi. Muallif syujetning izidan ot choptirib ketmaydi. Asarlarida kuchli konflikt, intriga, sarguzashtga moyillik bo‘rtib ko‘rinmasa-da, inson ko‘nglining eng nozik tovlanishlarini tasvirlashga ishtiyoq balandligi yaqqol seziladi. Ayonki, bu taxlit o‘zgarishlar avval qalbda yuz beradi.
“Mustafo Galatepaning chekkarog‘ida, Ibodulla Maxsumning hovuzi tarafga turtib chiqqan qirning tumshug‘ida yashaydi”, – deb yozadi adib. “O‘tgan javzoda roppa-rosa yetmishga kirgan” qariyaga o‘zbekona hurmat shumi? Izzat-ikrom qani?
Badiiy asarga siyosiy va axloqiy mezonlar nigohi bilan qarashga o‘rgatilgan sertalab munaqqidlar “Mustafo”dagi nozik falsafani go‘yo ilg‘amaydi. Yuvosh, bechora, baxtiqaro Mustafo obrazi kitobxon, ayniqsa yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir qiladi deya vahimaga tushadi. Zero, asardan milliy adabiyotimizga zulukdek yopishib olgan siyqa pand-u nasihatni izlamang – topolmaysiz. Soxtalikdan irganadigan adib keyinchalik “Lolazor” romanida aytganidek, “odamzod bir kuyki, talqini ming xil”. Ko‘ngli toza, serandisha, fe’li keng Mustafo esa bir mo‘min hayoti va yashash tarzining o‘ziga xos badiiy-falsafiy talqinidir.
Chekiga islohotchilikning og‘ir yuki tushgan yosh nosirlar sosrealizmni butkul rad qilib, yaltir-yultir sovet turmush tarzini madh etishga yo‘naltirilgan daqqi qoliplarni buzib tashladi. Milliy nasrimizni yangi o‘zanga, ta’bir joiz bo‘lsa, samimiy realizm sari burib yubordi. Eskicha qarashlarga monand tuzsiz-u tussiz, ruhsiz-u jonsiz personajlar go‘yo temir plakatlardan xalq orasiga tushib, duppa-durust insoniy qiyofa kasb etayotgani ko‘zga ravshan tashlandi. Dunyo ayvoni, inson ruhiy olami kengligi yaqqol namoyon bo‘ldi.
O‘zbek nasri jo‘n publitsistikaga xos sayozlik, bayonchilik, yasama ko‘tarinkilikdan badiiy teranlik va milliylik sari dadil intilishga o‘tdi. Ayni jarayonda ko‘plar bu uch muqtadir yosh adib oldida ip esholmay qoldi. Uchalasi ham tengsiz roviy sifatida nom qozondi.
Mazkur avlodning peshqadam kayvonilaridan bo‘lmish Murod Muhammad Do‘st odam bolasining ziddiyatlarga to‘la tubsiz va poyonsiz ruhiyatiga hammadan chuqur kirib bora olgan o‘zbek adibidir. Mohirligi shundaki, kitobxonga aql o‘rgatmaydi, insonni “loqayd” kuzatish orqali xolisona badiiy tasvir-tadqiqotga erishadi. Voqeani mufassal tasvirlashdan namoyishkorona voz kechadi.
Murod aka hikoyaga qo‘l uradimi yoki qissa, roman yoxud ssenariygami, esse yoki epistolyar janrgami, qat’i nazar, yozar ekan, qo‘lyozmasini erinmay ovoz chiqarib qayta-qayta o‘qiydi. Shu bois asarlaridagi dialoglar jonli, yengil va tabiiy. Tishiga tekkan jumlalar, tasvirlarni “odambashara qilish”dan charchamaydi. Shafqatsizlarcha bahridan o‘tgan sahifalari qancha. Behad yuksak ijodiy quvvati ana shu boy zamindan – matonat va sabr-toqatdan bahra oladi.
O‘zi naqadar sho‘x-shodon, hazil-mutoyibaga moyil bo‘lmasin, asarlarida hazinlik, ba’zan shikastalik, shunday dardmandlikka yarasha hamdardlik, neklik bor.
Tarxi toza, beandoza asar “Mustafo”dan so‘ng bel bog‘lab ishga kirishib ketgan adibning o‘n yil ichida bir-biridan o‘qishli hikoyalari, qissalari va muhtasham romani chop etildiki, endi munaqqidlar uni badiiy mahorat va go‘zal roviylikni yuksaklarga ko‘targan adib sifatida ulug‘lay boshladi. Tasvir ko‘lamining kengligi va samimiyligi, tahlil va insoniy dardning chuqurligi, ijodiy g‘ayrat-shijoat va kuch-quvvat bobida u jahon adabiyotining nomdor vakillari bilan bemalol bo‘ylasha va bellasha oladi.
Endilikda o‘zbek nasrini Mustafo, G‘uchchi chol, Ibodulla Maxsum, Raim oqsoqolni eslatuvchi chollar bosib ketdi. Go‘yo kimlardir “Mustafo”ni kutib yotgan ekan-u katta-kichik adiblarimiz qalamidan binoyi-binoyi qariyalar hassasini to‘qillatib chiqib kelayotir, kelayotir...
Said Ahmad “Asaringdan asaringga ko‘chib yuradigan G‘uchchi chol bor-ku, o‘sha o‘zingga o‘xshaydi” deganida Murod akadan olgan javobini qarang: “G‘uchchi akam mendan ko‘ra aqlliroq!”.
Qayerda paydo bo‘lsa, o‘sha yerda bir hangoma, qaltis fikr chiqadigan personaj haqida emas, go‘yo muallifning amakisi – jonli odam to‘g‘risida gap ketayotganday.
Yo‘qdan bor qilish iqtidori
Ammo taqdir Murod Muhammad Do‘st mansub avlodga dastlab ijodiy sarafroz uchun bergan muddat juda qisqa – o‘n yilning nari-berisida bo‘ldi. Zimmasiga nafaqat milliy adabiyot o‘zanlarini yangilash, balki istiqlolga erishgan millat tafakkurini o‘zgartirishdek o‘ta og‘ir sinov ham tushgan edi. Avlodki, istiqlolimizni o‘zining navqiron yelkasida opichlab katta qilgan fidoyilarning oldingi safida bo‘ldi. Erkin Vohidov aytganidek, “Vatan undan yonib turgan yuragini so‘rardi”.
Istibdod zamonida parokanda qilingan ulusni birlashtirish va jipslashtirish uchun unga mustaqillik g‘oyasini, milliy o‘zlikni anglatish, “antennasi Kremlga qarab sozlangan” millionlab odamlarning dunyoqarashini o‘zgartirish oson kechgani yo‘q. Milliy mustaqillikning mustahkamlanishidan esa avvalo shu avlodning – asl o‘zbek ziyolilarining o‘zi manfaatdor edi. Arkoni davlat xizmatida qalam ahli vakillari ko‘payib qolgani shundan.
Istiqlolning dastlabki kunlaridan xatcho‘plar chetga surilib, shimolsevar qal’alarni zabt etish boshlandi. Telegraf agentligi – O‘zTAGdan O‘zAga aylantirilgan O‘zbekiston milliy axborot agentligi ularning orasida muhimlaridan muhimi edi. Ikki yuz kishilik jamoasida o‘zbekcha yozadigan biror muxbir bo‘lmagan O‘zTAGda bir yarim asr hukmronlik qilib kelgan va “buyukmillatchilik dardiga mubtalo bo‘lgan og‘alar” xalqimiz istiqloliga yoz yomg‘iri kabi o‘tkinchi hodisa deb qarardi: bu avom millat bizsiz uzoqqa borolmaydi!
Prezident Islom Karimov 1992-yil fevralida farmoni oliyga imzo chekib, bosh direktor etib tayinlangan Murod Muhammad Do‘stga buyurmishki, ushbu axborot mahkamasini endi milliylik sari bur, xalqimiz manfaatlariga sozla. Shunday qilib, “Mustafo”ning muallifi janjalning uyasiga borib tushdi...
Kutilmaganda kamina suhbatga chaqirildim. Sim qoqqan yigit (keyin bilsam, yordamchi ekan) Qo‘qon xonining hudaychisiday o‘ta tantanavor ohangda dalolat qildi: “Sizni O‘zA bosh direktori janob Murod Muhammad Do‘st o‘z huzurlariga takallum uchun chorladilar”.
Bora-borguncha labimni yig‘ishtirolmayman deng: “huzurlariga takallum uchun chorladilar!”. Ol-a!
Agentlik atrofi – “O‘zbekiston” mehmonxonasidan to minorali soatgacha cho‘zilgan yo‘lkani yoymachilar egallab olganini ko‘rib ezilib ketdim. Yo‘qchilik va taqchillik azobini tortaverib, ertangi kun umididan ayrilgan odamlar patinka qutisini ham saqlab qo‘yishga o‘rganmaganmi, eski-tuskisigacha sotgani ko‘tarib chiqqan.
Derazalarini beton panjaralar quyoshdan to‘sib qo‘ygan sur rang imoratning eng yuqori – beshinchi qavatiga chiqib, avval bosh direktorning birinchi muovini Erkin A’zamning eshigidan mo‘raladim. Akamiz teletaypdan chiqarilgan materialni “qoniga bo‘yab” o‘tirgan ekan. Oshkora maroq bilan qilayotgan ishidan boshini birrov ko‘tarib, vaqti tig‘izligini yashirmadi:
– Avval Murod akangizga uchrang. Keyin yana bu yonga kirasiz. Akangiz bir taklif aytadi. Yo‘q demaysiz!..
Keng va uzun, yerosti metrosiday burilib-buralib ketgan xonaning to‘ridagi yog‘och kursida qo‘lini chakkasiga tirab o‘tirgan Murod aka ancha horg‘in ko‘rinardi. Devorda, bosh direktorning tepasida, odatda gensekning salobatli portreti bezab turadigan joyda Charli Chaplinning nedir jurnaldan chalaroq yirtib olingan oq-qora rangli suratiga nina qadab qo‘yilgan. Qo‘ng‘iz mo‘ylovli qiziqchi, “bizga shunisi ma’qul” deganday ajabtovur jilmayib turibdi. Hayron qolganimni sezdirmaslik uchun ma’noli tomoq qirdim: “Zo‘r-ku?”.
– Mansab-martaba vaqtincha, – dedi akamiz. – San’at esa abadiy.
Ajabki, bugun o‘ylasam, buyuk masxarabozning yarim-yorti suratiga yashiringan hikmatni akaning o‘zi ham bilib-bilmay isbotlab qo‘yganday. Murod Muhammad Do‘stni endi odamlar mansab-martabasiga qarab emas, atoqli adib, kinodramaturg, publitsist, dilkash inson sifatida avvalgidan ko‘proq va samimiyroq qadrlaydi.
Bosh direktor meni O‘zA xalqaro axborot tahririyati bosh muharrirligiga taklif qildi. Yaqin o‘rtada xorijiy mamlakatlarda muxbirlik buyrolari ochilar ekan. Yaxshi ishlasangiz, inglizchangizni takomiliga yetkazsangiz, birortasiga boshliq bo‘lib ketishingiz hech gap emas. Men bor gapni aytdim. Ishlab turgan joyim – “Oila va jamiyat” gazetasini chiqara boshlaganimga hali o‘n oy ham bo‘lgani yo‘q. Gurullab turgan gazetamni qanday ko‘zim qiysin!
– Bevalarning gazetasida nima qilasiz? Keling, birga ishlaylik.
Ko‘nmadim. Birinchi muovinning xonasiga qaytib, bo‘lgan gapni aytsam, Erkin akaniki tutib ketdi:
– G‘uchchi akangiz sizni laqillatibdi! Siz zamministr, ya’ni bosh direktor o‘rinbosari bo‘lasiz!..
– Erkin aka, men...
– Gap tamom! Sizki yo‘q desangiz, tog‘day qalashib yotgan bu ishlarni kim qiladi?!
Iqror bo‘lishim kerak, keskin aytilgan bu gapni rad qilsam – ayb, akalarim meni, men o‘zimni kechira olmas edik.
Murod akamiz zo‘r sarkor ekanki, xato qilishdan qo‘rqmasdi. Kunda-kunora eski agentlikdan meros jamoani yig‘ib, o‘zbek tilidagi buyrug‘ini o‘qir va yigirma-o‘ttiz chog‘li xodimning ro‘yxatini amirona ovozda yakunlardi: “Все эти товарищи уволены!”. Ya’ni nomlari qayd etilgan shaxslar yangi agentlikka ishga olinmaydi. Yo‘lingizdan qolmang! Ana g‘ala-g‘ovur, ana mashmasha! Turgan gapki, dumaloq xatlar, sudga yozilgan da’vo arizalari qalashib ketadi. Qo‘li baland kelganlarga O‘zA ishboshisi bir muddat maoshidan jarima ham to‘laganiga bugun birov ishonishi qiyin. Biroq qarshisida dam urib turgan “sobiqlar”ning do‘q-po‘pisalaridan pusib ketsa, akamiz Murod Muhammad Do‘st bo‘larmidi! Dor tagida tursa ham aytganidan qaytmaydigan bir dinli odam!
Davlat siyosati, davlat idoralari, davlat tili hali shakllanmagan, har kim o‘z bilganicha to‘n bichishga urinayotgan, iqtisodiyot jar yoqasiga kelib qolgan o‘ta murakkab kezlar edi.
Hammasidan ayanchlisi – har qadamda urush sharpasi sezilardi. Rossiya chechenlarga qarshi qonli mojaro girdobiga tortilgan, Armaniston bilan Ozarboyjon o‘rtasidagi janjal barham topgani yo‘q, Gurjiston bilan Tojikistonda davom etayotgan birodarkushlik muhorabalari akssadosi dunyoni larzaga solib turar edi.
Chegaramizning narigi tomonida kecha sho‘ro kommunistlariga tayanib saltanat egallagan-u, endi xo‘jasiz qolgan Afg‘oniston prezidenti Najibulloni toliblar osgan, Qozog‘iston bilan Qirg‘iziston mitinglar botqog‘iga botgan. Bugun hayratlarga tushadi odam, mintaqadagi shuncha taloto‘p, shuncha yong‘in va janjallar orasidan O‘zbekistonimiz qanday tinch-omon chiqib keta oldi ekan?!
Yangidan tashkil etilgan agentlikda gohida yarim varaq rasmiy xabarni eplab yozadigan shudli jurnalist topilmaydi. Bir gal Murod Muhammad Do‘stning o‘zi, keyingi safar Erkin A’zam tadbirga rahbar maqomida borib, muxbir sifatida qaytadi va kelasolib material yozishga kirishadi. Agentlik ishi doim qistalang. Bosh direktor mashinkasini chiqillatishga tushsa, birinchi o‘rinbosari qipiq qog‘oz ustida ruchkasini qitirlatadi. So‘ng bu qo‘shga men qo‘shildim. Bosh direktor materiallar “badiiyroq, o‘qishliroq” bo‘lgani tuzuk desa, birinchi muovin qisqaroq, puxtaroq va tezroq yozilishi tarafdori. Chunki hali o‘rischaga tarjima qilinishi kerak.
Boshida nedir reglamentga asoslanib, “do‘konimiz”ni kechi bilan soat oltiga qolar-qolmas yopar edik. Keyin hech bo‘lmasa yana bir soat kutinglar degan “iltimos” bo‘ldi. So‘ng bu iltimos “Katta hali sho‘ttalar” degan “vaj”ga o‘tdi. Bora-bora tonggacha qolib ketishimiz odatiy holga aylandi.
Mustaqilligimizning boshida hisobot so‘rashga ko‘pchilikning jur’ati yetmasdi chamasi. Yetsa ham, ushlaganini qo‘yib yubormaydigan Murod akadan “ulushi”ni olardi: “Yana sho‘ro zamoniga qayta boshladikmi, og‘ajon? Qog‘ozbozlik qilmasak kunimiz o‘tmaydi-da, a?..”.
Kechga yaqin akalarimizning yuz-ko‘ziga qaraguligi qolmaydi. Horg‘inki, go‘lahning betiday qorayib, kuyib ketadi bechoralar. Murod aka agentlikning moliyaviy-iqtisodiy muammolarini hal qilolmay joni halak bo‘lsa, Erkin aka materiallarni yo‘qdan bor qilgunicha boshi g‘ovlab ketadi. Ikki ulkan iqtidorning bu kunini ko‘rib, qalamini mardikorning ketmoniga almashibdi degan xayolga borasiz.
Kishvar iqtisodiyotining holi tang. Magazinlar ship-shiydam. Qo‘lingizga tekkan kuni bozorda ikki kilo go‘sht bergan maoshingizga oy oxirida bir kaft pista ololmaysiz. Giperinflyatsiya quturgan damlar. Allaqachon kunpayakun bo‘lgan, lekin zarbxonasi Rossiyada amal-taqal ishlab turgan qizil saltanat rubli cho‘qqidan qulagan xarsangday qadrsizlanib, hammani jarga tortib borardi.
Fuqarolar, korxonalar, tumanlar, viloyatlardan to endi mustaqillikka erishgan davlatlargacha o‘zaro iqtisodiy aloqalar mavoza – barterga o‘tgan. Bog‘cha bolalaridek narsa almashadi: sen menga kerosin ber – men senga paxta beraman, sen menga tuz bersang, men senga gugurt berishim mumkin. Xorijiy valyuta degan atamaning nomi bor-u o‘zi anqoning urug‘i.
Oqibati ayon: hamma topgan-tutganini ko‘chaga ko‘tarib chiqardi. Bu bozorda maza qilgan aroq, sharob, tamaki korxonalari ishchi-xizmatchilari bo‘lsa, qiynalgan – pensioner, muallim va nogironlar edi. Bu sho‘rlik qavmning necha oylab qo‘li pul ko‘rmasdi.
Vazirlar Mahkamasida bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ismoil Jo‘rabekov yoqilg‘i-moylash materiallarini har hafta tonnalab emas, go‘yo grammlab taqsimlaydi: qishloq xo‘jaligiga buncha – ekin-tikinni boshlashimiz kerak. Ponimayete?.. Transportga buncha. Avtobuslar, taksilar, “tez yordam” to‘xtab qolmasin. Ponimayete?..
Butun bir mamlakat bisotidagi yoqilg‘i ikki “ponimayete?”dan ortmaydi.
Bir gal Murod aka menga, ya’ni o‘rinbosariga maslahat solgani yodimda. Xodimlarga oylik beraylik desak, davlat g‘aznasida aqcha yo‘q. Hozirgina moliya vaziri Erkin aka Boqiboyev bilan gaplashdim. Ahvol chatoq. Uzunquloq gaplarga qaraganda, “Vatan” gazetasi hisobida do‘rjigina mablag‘ bor. Balki besh-o‘n so‘m qarz berib turar. Albatta qaytarib beramiz. Bir razvedka qilmaysizmi?
Yangi tashkil etilgan “Vatan taraqqiyoti” partiyasi nashrining bosh muharriri Yoqubjon Xo‘jamberdiyev so‘zimni sindirmadi, lekin sharaqlab kuldi:
– Ming otli boyning bir qora piyodaga ishi tushibdi-da?..
“Ming otli boy” – O‘zTAG, sho‘ro zamonida oy tug‘sayam, kun tug‘sayam shu agentlikni deb tug‘ib kelgan. O‘zA – endi mustaqillikka erishgan mamlakatning yagona axborot mahkamasi. Milliy valyutamiz – so‘m muomalaga kiritilguncha baquvvatroq korxonalar rahbarlariga “otang yaxshi, enang yaxshi, sen ulardan ham yaxshisan” deb qarz olib, yuzlab xodimiga maosh-u qalamhaqi berib turgan bosh direktorimizning o‘sha vaqtdagi oyligi sovet rublida mo‘maygina ko‘ringani bilan Amerika puliga chaqsangiz, ellik dollardan oshmas edi desam, bugun ishonmaysiz, albatta.
Murod akaning bir fazilatiga hamma tan beradi: birov ranjitsa, qo‘ynini toshga to‘ldirib, maydalashib yurmaydi: na g‘arazi bor, na kini. Hazil-huzulga olib ketaveradi. Bir ishchi-shoirning she’ridan ikki satrni takrorlashni xush ko‘rgani-chi:
Mani yomon demang, do‘stlar,
Odamning bir turidirman.
Muammo boshdan oshib yotganiga qaramay odamlarning zavqi baland: muhimi, vatan mustaqil! O‘zbekiston bino bo‘lganidan beri bunday ko‘tarinkilik, g‘ayrat-shijoat va sadoqatni ko‘rmagan. Maosh kamligi, ish og‘irligidan zorlanganni uchratmaysiz.
Ko‘p o‘tmadi, serg‘ayrat akalarimiz O‘zAni millatparvarlik, vatanparvarlik va ilm-u ma’rifat yo‘lida jipslashgan fidoyi ijodkorlarning muhim minbariga aylantirdi.
Shu joyda “Mustafo”dagi ba’zi satrlar yodga tushadi: “Endi o‘ylab qarasang, aql bovar qilmaydi. U zamonda g‘ayratdan boshqa hech narsa yo‘q hisobi edi. Yo‘qdan bor qilishdi”.
“Yozish san’at bo‘lgani kabi...”
Akamiz siyosatdek o‘ta nozik mavzuga qalam urgudek bo‘lsa ham, o‘sha samimiy til, o‘sha hazilomuz lahja, o‘sha jur’at-jasorat bo‘y ko‘rsatib turadi. Sho‘roning siyqasi chiqib ketgan bir tiyinligiday yaltoqi jumla, ibora va atamalarni uchratmaysiz. Ularni qo‘llashdan or qiladi, to‘g‘rirog‘i, irganadi. Aql o‘rgatishga, kitobiylikka allergiyasi bor.
Bugungidek yodimda, Murod Muhammad Do‘st deyilsa, taqiqchilarning hushi boshidan uchgan chog‘lar ko‘p bo‘lgan. Istiqlolning dastlabki yillarida “Turkiyadan Turkiyagacha” maqolasida Prezidentni Islom Karim deb ataganidan vahimaga tushgan sobiq senzuraning sobiq rahbari o‘zini osib qo‘yishiga sal qolgan edi: “Davlat rahbari senga shoir bo‘ldimi?! Nega rasmiy pamiliyasidan “ov”ini olib tashlaysan?!”.
Akamizning tantiligi shundaki – davlat rahbari bilan birga ishlagan davrda yo‘l qo‘yilgan xatolarga o‘zini sherik deb biladi, buni mardlarcha tan oladi: “Men uning hamma gunohlariga sherikman”. Hali biror siyosat arbobi iqrorini bu yo‘sin ochiq aytganini eslay olmayman.
Birinchi Prezidentning davlat maslahatchisi, matbuot kotibi, nufuzli agentliklarning vazir maqomidagi rahbari, milliy parlament deputati, davlat mukofoti sohibi... O‘zbekning ko‘zga ko‘ringan adibi, atoqli davlat va siyosat arbobi...
Chin adabiyotshunoslar haqli ravishda ta’kidlaganidek, bu vaqtga kelib Murod Muhammad Do‘st real voqelikdan uzilmagan holda o‘zining o‘ziga xos dunyosi – Galatepani yaratgan edi.
Ilgari adibga o‘gay ko‘zi bilan qaragan munaqqidlar endi biri olib-biri qo‘yib unga fazilat ulashishga kirishib ketadi: taniqli, atoqli, ulug‘. Buyuklik darajasiga ko‘targanlari ham yo‘q emas. Mana bir iqtibos: “Tengdoshlari kabi Murodjon ana shu oddiy, jo‘n, balki qo‘pol, dag‘altabiat odamlar fe’l-atvori, qalbidagi nurli jihatlarni, yuksak ma’naviy bisotni, o‘tda kuymaydigan, suvda cho‘kmaydigan otashin sevgi tuyg‘ularini ko‘rsatishga, aniqrog‘i, tarannum etishga erishadi”.
Nima desangiz deng, akaga hammasi yarashadi! Hatto tramvayda yurish ham. Mirshablar shosha-pisha chest beradigan “poshshoyi mashinasi”ni qo‘yib, o‘ziga qolsa tramvayda ishga kelsa! Taraqa-turuqi-yu sanamlarday sollanib yurishi, relslarining g‘iychillashi allalaganday bo‘larmish!
“Orzumga yetolmayapman, – deya yozg‘irib qolardi ba’zan agentligimiz darg‘asi. – Har kuni ertalab shofyor bo‘sag‘amga kelib turadi. Nima qilay, hukumatning puli kuysinmi?”.
Adibni kitobxonlar, ayniqsa yoshlar ana shunday tantiligi, jo‘mardligi, samimiyati uchun ham sevadi. Unga intilishdan va taqlid qilishdan tortinmaydi. Internetdagi ommaviy gurungxonalardan biri muhtasham romani nomi bilan “Lolazor” deb atalgani va atoqli yozuvchi, katta siyosat qozonida obdan qaynagan donish arbob, hur fikrli inson Murod Muhammad Do‘stning ushbu elektron nashrda e’lon qilingan uch soatlik suhbatini qariyb bir yarim million mushtoq muxlisi tomosha qilgani bunga dalildir.
Murod akaning turgan-bitgani, yozgan-chizgani, aytgan-aytmagani, butun hayoti – hangoma. Qay biri chin, qaysi to‘qima – o‘ziyam aniq bilmasa kerak. Havasingiz keladi. Adib o‘sha muhitda maza qilib yashaydi, maza qilib yozadi, maza qilib... iztirob chekadi. Aslida Murod Muhammad Do‘st ijodi va faoliyatining o‘ziga xosligi ham shunda.
Saksoninchi yillar avvalida ko‘rlar jamiyatining “Bir safda” – “В одном строю” jurnalida ishlagan kezlarimdan bilaman. Moskvadagi Adabiyot institutini endi tugatib kelgan akamiz kinostudiyada ishlash barobarida, “qorinoma”da kasanachi-tilmoch edi. Hozirjavoblikda tepkisi tortilgan miltiqday. Yuzing-ko‘zing deb ayab o‘tirmaydi. Paq etib otadi, til tortmay taslim bo‘lasiz-qo‘yasiz.
Hayotga mutoyiba ko‘zi bilan qaraydigan adib haqidagi hangomalarni qanday eslamaylik? Islom Karimovday o‘tkir odamni ham ba’zan lol qoldirgani afsona yoki rivoyat emas. Mana, o‘sha yillarning ayrim gurunglari:
– Falon mamlakat prezidentining matbuot kotibi kunda-kunora Rossiya televideniyesida chiqadi. Sen matbuot kotibi bo‘lganingdan beri biror marta ekranda qorangni ko‘rsatmading, Murod!
– To‘g‘ri-da, Islom aka.
– Nimasi to‘g‘ri?
– O‘sha matbuot kotibi prezidentidan ko‘ra aqlli-da!..
Ana endi akamiz bitta o‘q bilan nechta quyonni urganini o‘zingiz sanab olavering! Ayni zamzamalar u kishiga yarashganini aytmaysizmi! Yarashishda ham gap ko‘p-da!
Boshqa bir safar ikkovlon ma’ruza matnidagi bir jumla xususida tortishib qoladi va adib vaziyatdan ustalik bilan chiqib ketadi:
– Islom aka, keling, poshsho poshsholigini, yozuvchi yozuvchiligini qilsin.
O‘n yilcha burun Murod aka bilan birga tushlik qilib o‘tirgan edik. Gap mashinadan ochildi-yu qanday falokat bosib, fikrimni aytib qo‘ydim:
– Falonchi yuz ming dollarga allatovur moshin opti. Shu pulga oltitami-yettita “Neksiya” beradi-ku?
– Qo‘yavering, og‘a, – dedi akam o‘ylab-netib o‘tirmay, – shu pulga besh yuzta eshak ham beradi!
Adibning fikricha, buyuk millat, buyuk xalq va buyuk insongina o‘z ustidan kula oladi. Gurjilarni oling, yahudiylarni oling, o‘zi haqida yuzlab-minglab latifalar to‘qib, dunyoni qoyil va mahliyo qilib keladi. Rahmatli Said Ahmad akada bor edi shunday ulug‘lik. Rauf Parfi dunyoning ustidan kulib o‘tdi. Biz-chi? Biror latifa aytib, odatlarimizdan kulsak, o‘sha zahoti bir to‘da odam g‘ulg‘ultovuqqa o‘xshab boshimizga bostirib keladi: “Nega xalqimizni haqorat qilasan?”.
“O‘z ruhini neklikka sozlagan” adibning aslzodalarga xos, ammo dimog‘ida mo‘tabarlik da’vosi yo‘q, ulug‘vor chehrasi doim ochiq, yuzida mardona tabassum, qaddi doim g‘oz, yelkasi doim tog‘day. Har xil gaplar oraga tushib, dasisa qo‘psa, tosh bosadigan tomonga qiyshayadigan shayintarozi pallasi ham, halovatsevar zamonasoz ham emas u.
“Mustafo”dan texnika asrining yaqqol nuqsini astoydil qidirib ham topolmadim. O‘yladim: Murod Muhammad Do‘st chin ixlos qo‘ygan “Zarbulmasal” muallifi Gulxaniy hazratlari uch asr naridan uyg‘onib kelsa-yu mazkur qissani xatm qilsa nima bo‘lar edi? Tushunardi. Yana o‘yladimki, tinchlik, omonlik bo‘lsa-yu shu asar uch asrdan keyin, ya’ni ikki ming uch yuz yigirma beshinchi yil odamining qo‘liga tushib qolsa-chi? O‘qib tushunarmidi? Inshoolloh!
Texnika, texnologiyalar butunlay yuksalib, o‘zgarib ketishi aniq. Balki insoniyat zaminni tark etib, boshqa sayyorada makon qurar, bugungi ne’matlarimiz jo‘n bir oziqaga almashishini ham tasavvur qilsak bo‘ladi. Biroq odam bolasining ko‘ngli, ojizliklari, buyukligi, nafsi o‘zgarmaydi. Yigirma to‘rtinchi asr odami ham Murod Muhammad Do‘st davrida yoki Gulxaniy hazratlari zamonida umrguzaronlik qilgan ajdodlari kabi xom sut emgan bandaligicha qolaveradi. Bir-biriga mehr qo‘yishi, sevishi, nafratlanishi, xiyonat qilishi turgan gap.
Sun’iy idrok inson o‘rnini tugal bosolmasligining asl sababi ham shunda: unda bandasiga xos ko‘ngil yo‘q va bo‘lmaydi ham. Negaki, sun’iy idrokni inson yaratgan.
“Mustafo” chop etilganidan beri qariyb yarim asr o‘tdi. Komfirqa ketdi, sho‘roviy ketdi, komsomol ketdi, senzuraning rasman qorasi o‘chdi. Davron-u tutumlar, saltanatlar o‘zgardi. Ustozi buzruklar safidan joy olgan “uch og‘ayni botirlar”ning guldurosi susaygani yo‘q. Yangi asarlari yangi bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Intiqlik bilan o‘qilmoqda.
Dunyoda o‘zgarmagan nima qoldi o‘zi? Vaqt o‘z hukmini o‘tkaza olmagani – ularning asarlari. Ana, “Mustafo”dagi chollar o‘zgarmabdi, eskirmabdi. Kitobxonlarning mehri, munosabati o‘zgarmabdi.
O‘zgargani – yangi o‘zbek nasri avlodining zabardast vakili Murod Muhammad Do‘st milliy adabiyotimizning badiiy takomili tarixida butunlay yangi davrni boshlab bergan azamat san’atkorlardan biri sifatida tan olingani. Yozuvchilar bilan kinoijodkorlarning boshini qovushtirgani-yu umuminsoniy mavzulardan bahs yurituvchi samimiy filmlar ekran yuzini ko‘rgani va ko‘rayotgani. O‘zbek kinosi milliylik sari dadil yuz burgani.
Chin san’atkor bo‘lar-bo‘lmasga har tomon shox tashlayvermaydi. Muttasil yozishdan ko‘ra muayyan darajaga yetganda to‘xtab, tin olishi yangilik emas. Qalamdosh oshnasi Erkin A’zam “Yozish san’at bo‘lgani kabi sukut saqlash, jim turish ham bir san’atdir” deganida ana shunday sokinlikni nazarda tutgan bo‘lsa ajab emas. “Erkinning yozganlarida yolg‘on yo‘q” deb oshnasining mardligidan quvonadi Murod Muhammad Do‘st.
Bu kun adabiy davralarda Murod Muhammad Do‘stning o‘ziga xos ijodiy sukuti haqida taxminlar ko‘paygan. Birov uning yangi asarini intizorlik bilan kutayotganidan gapirsa, kimdir “iste’dodi so‘nganidan qilar karomat”. Nima bo‘lganda ham sog‘inch bor! O‘zbek milliy nasrini yuksaklarga ko‘targan zabardast yozuvchining yangi asarlariga tashnalik bor!
Tabiatan shijoatli inson Murod Muhammad Do‘st o‘zining jo‘shqin faoliyati, muhtasham asarlari va samimiy so‘zi bilan xalqimizga sidqi sadoqat bilan xizmat qilib keldi. Mudom shunday bo‘lib qolgusi.
Xayolga erk bersak-bermasak, ko‘zim yetib turibdi – akamiz erta bir kun yangi asarini e’lon qilsa, hayratdan oh urib yuboramiz:
– Yozishni qotirasiz-da, Murod aka! Qoyil!..
O‘sha saodatli kunlarda o‘zbekning azamat san’atkori beradigan javobni-da aniq bilaman:
– Yomon yozolmasam nima qilay, og‘ajon?!.
Qulman OCHIL
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2026-yil 1-son.
“Odamzod bir kuyki, talqini ming xil” essesi
Tarix
Adabiyot
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Adabiyot
Falsafa
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q