“Endi SIni ta’limda cheklashga ancha kech” – Oltin o‘rtaliq qanday bo‘lishi kerak?


Saqlash
18:02 / 14.05.2026 21 0

“Pricewaterhouse Coopers” (PwC) xalqaro audit kompaniyasi tadqiqotiga ko‘ra, 2030-yilda sun’iy intellekt texnologiyalarining global yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 15,7 trln dollarga yetishi mumkin. Jahon iqtisodiyotida SI ulushining bunday ortib borishi rivojlanayotgan mamlakatlarda sohani tizimli tatbiq etish, aholining bilim va ko‘nikmalarini oshirish kabi masalalarni kun tartibiga qo‘ymoqda. Yurtimizda ham SI siyosatini institutsional amalga oshirish, texnologiyaning aholi turli qatlami, ayniqsa yoshlarga to‘siqsiz yetib borishini ta’minlash borasida muhim qadam tashlanayapti. Hozirgi raqamli transformatsiya zamonida yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy, g‘oyaviy tarbiyasi faqat ta’lim tizimining ishi emas, balki davlatning axborot xavfsizligi, kadrlar tayyorlash va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan muhim vazifasi sifatida ko‘rilmoqda.

 

O‘zbekistonda ta’lim tizimini isloh qilishda, yoshlarning cheksiz bilimlar manbaiga yo‘l topishida, ilm-fanning zamonaviy yutuqlari bilan hamnafas bo‘lishida SI qo‘l kelishi shubhasiz. U shaxsga yo‘naltirilgan individual ta’lim qamrovini kengaytirishda ham asqotadi. Masalan, UNICEF bilan hamkorlikda yurtimizda o‘qituvchilarning raqamli savodxonligi va ko‘nikmalarini mustahkamlash bo‘yicha turli sinov loyihalari amalga oshirib kelinmoqda.

 

Shu kunlarda bolalarga SIni o‘rgatishni maktab yoshidanoq boshlash tashabbusi ilgari surilayapti. 2025-yil sentyabr oyida davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab umumta’lim maktablarining yuqori sinflariga SI bo‘yicha darslar kiritilishi ta’kidlangan edi. Boshlang‘ich sinflarda axborot texnologiyalari darsi o‘qitilishi hisobga olinsa, bitiruvchilar SIdan foydalanish uchun zarur texnologik qurilmalarni yetarlicha o‘zlashtirgan bo‘ladi. Shu tariqa maktab o‘quvchilari SI tadriji bilan hamohang ravishda o‘sib borish imkoniyatiga ega. Bu global texnologik poygada eng muhim potensial – yoshlar bilan munosib qatnashishga imkon berib, milliy manfaatlarimizga to‘liq javob beradi.

 

SI individual bilim olish, masofaviy o‘qish imkoniyatini kengaytirish va kelajakda o‘quvchiga o‘z yo‘lini topishga yordam beradi. O‘quvchining qiziqishi, moyilligi va ko‘nikmalari tahlil qilinib, shunga mos yo‘nalish va kasblar haqida ma’lumotlarni taqdim etish imkoniyati yaratiladi. Bu ma’naviy-ma’rifiy tarbiyada muhim ahamiyatga ega.

 

SIning yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga salbiy ta’siri ham talaygina. O‘quvchilar topshiriqlarni turli chatbotlardan (“ChatGPT”, “Grok”, “Gemini” kabilar) osongina yuklab olishi mumkin. Sun’iy idrokning ommalashuvi mediasavodxonlikni muhim kompetensiyaga aylantirib yubordi. Endi ma’naviy-ma’rifiy tarbiya faqat “qadriyatlarni singdirish” emas, axborotni tekshirish, manipulyativ kontentni ajratish, shaxsiy “raqamli intizom”ni shakllantirish, SIning sun’iyligidan ogohlikni ham o‘z ichiga oladi. Siyosiy fanlar doktori Sh.Paxrutdinovning fikricha, mediasaboqlar fanlar orasida “yashiringan” holda emas, mustaqil, tizimli o‘tilishi maqsadga muvofiq. Bu yo‘nalishda uzluksiz ta’lim tamoyilini qo‘llash dolzarb ahamiyatga ega. Boshlang‘ich sinflarda mediasavodxonlik asoslari berilib, o‘quvchilarga axborotni tanqidiy baholash, ishonchli manbalarni aniqlash, axborot xavfsizligining dastlabki qoidalari o‘rgatilishi darkor. O‘rta sinflarda mediasavodxonlik bilimdonlik darajasiga ko‘tarilib, o‘quvchilar turli mediakanallar bilan ishlash, axborotni tahlil qilish, raqamli kontent yaratish ko‘nikmalarini o‘zlashtirishlari kerak[1].

 

SI aks ta’sirining galdagisi – yoshlar neyrotarmoq algoritmlari ta’sirida faqat o‘z qarashlariga mos keluvchi ma’lumotlar bilan to‘ldirilgan “aks-sado xonalari”ga qamalib qolishi mumkin[2]. Bunda elektron qurilmalarga joylashgan algoritmlar foydalanuvchi so‘rovlari, qidiruviga asoslanib ma’lum bir qolip, filtr asosida ma’lumot taqdim etishni boshlaydi. Oqibatda SI algoritmlari menyuga nimani kiritsa, yoshlar o‘shani iste’mol qilishga majbur bo‘ladi. Obyektiv haqiqatni ko‘rishni istamaydi va real hayotdan uzoqlashib boradi.

 

Yoshlar va SI munosabatlarida imkoniyat bilan birga tengsizlik, axloqiy me’yorlarning buzilishi xavfi ham bor. Texnologiyadan foydalana olishdagi tafovut ijtimoiy adolatsizlikka olib kelishi, SIdan axloqiy hisob-kitobsiz foydalanish qaytarib bo‘lmas oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli SIni ta’lim-tarbiya jarayoniga kiritishda faqat texnologiya emas, balki ijtimoiy adolat va axloq mezonlariga ko‘ra ham ish tutish maqsadga muvofiq. O‘zbekistonda SIni rivojlantirishda global texnologik yangiliklarni ko‘r-ko‘rona ko‘chirmasdan milliy-madaniy kontekstdan, ma’naviy-axloqiy mezonlardan kelib chiqish o‘rinli. Masalan, mahalliy SI chatboti loyihasi – “Bonu AGI” bunga yaqqol misol. Mazkur chatbot foydalanuvchining so‘rovlariga milliy madaniy xususiyatlarimizdan kelib chiqqan holda javob beradi. Bu tizimga O‘zbekiston aholisining qanday muloqot qilishi, fikr yuritishi va savollarni qay yo‘sinda shakllantirishni yaxshiroq aks ettirish imkonini beradi. Albatta, bu hali boshlanishi. Endi shu turdagi o‘zbekona SI dasturlari sonini ko‘paytirish, borlarini esa uzluksiz mukammallashtirib borish muhim.

 

Qisqasi, O‘zbekistonda SIni joriy etishda yoshlar ta’lim-tarbiyasini hisobga olib quyidagi tavsiyalar asosida ish ko‘rilgani ma’qul deb hisoblaymiz.

 

O‘qituvchi – asosiy shaxs. SI – yordamchi. Ta’lim jarayonida SIning keng qo‘llanishi o‘qituvchilarning o‘rnini egallab olish xavfini kuchaytiradi. Endi sun’iy idrokni ta’limda cheklashga ancha kech. Aksincha, SI bilan murosa qilib, unga o‘qituvchining yordamchisi ekani, insoniyatga xizmat qilishini ta’minlash zarur. Qanchalik aqlli va mukammal bo‘lmasin, hayot-mamot masalasi bo‘lgan ta’lim va tarbiyani hissiz algoritmlarga to‘lig‘icha topshirib bo‘lmaydi.

 

Mediama’rifat – zamon talabi. Sun’iy tafakkur bilan bog‘liq xatarlar ortib borayotgan davrda mediasavodxonlik xavflarni kamaytirishi mumkin. Tarbiya jarayonida, o‘quv dasturlarida faktcheking darslari, manipulyatsiyani aniqlash, “axborot gigiyenasi”, “sun’iy idrok qulligidan qochish” kabi amaliyotlar muhim. Bunda mediasavodxonlik turli fanlarda oz-ozdan o‘qitish shaklida emas, boshlang‘ich sinflardan boshlab uzluksiz bo‘lishi lozim.

 

Akademik halollik chegaralari belgilanishi kerak. SIning keng tarqalishi fonida plagiat va neyrotarmoqlar orqali matn yaratish amaliyoti kuchayib boradi. Shu bois ta’limda uning “ruxsat etilgan sun’iy ong yordami” (masalan, reja, tahrir, bibliografiya tuzish kabilar) va “taqiqlangan yordam” (matnni to‘liq yozdirib topshirish) kabi chegaralari aniq belgilanishi shart. Mazkur masala bugun dunyo ilm-fanining asosiy bahs mavzularidan biriga aylangan. “Intellektual vazifalarni neyrotarmoqqa yuklab qo‘yish” o‘quvchining aqliy salohiyatiga ham, akademik obro‘siga ham birdek ziyon yetkazadi.

 

Axborot va maxfiylik – muhim masala. Yoshlarning SI bilan yaqinlashuvi tartibli amalga oshirilishi lozim. Sun’iy ong asosida ishlovchi o‘yinchoqlar, raqamli qurilmalar va ilovalar orqali shaxsiy ma’lumotlarning yig‘ilishi maxfiylikka tahdid soladi. Shu sababli tarbiyaviy platformalarda shaxsiy ma’lumotlar to‘plab borilishini kamaytirish, rozilik berishda ehtiyotkorlik, shaffoflik va xavfsizlik shartlariga amal qilgan ma’qul.

 

Qadriyatlarga yo‘naltirilgan kontent tavsiyasi. SI asosida ishlovchi tavsiya algoritmlari kontentni “eng ko‘p ko‘rilgan”, “eng ko‘p layk yiqqan” emas, ma’naviy-ma’rifiy maqsadlarga xizmat qiluvchi (kitobxonlik, ilmni targ‘ib qiluvchi, tarixiy xotira, fuqarolik mas’uliyatini kuchaytiruvchi va boshqalar) kontentga ustuvorlikni berishi lozim.

 

Xullas, olim Richard Sasskind ta’kidlaganiday, SI haqida bir vaqtning o‘zida ham optimistik, ham pessimistik fikrda bo‘lish mumkin. U qo‘sh tig‘li qilichga qiyoslanishi bejiz emas. Menimcha, eng maqbul yo‘l – oltin o‘rtaliqni, ya’ni muvozanatli pozitsiyani topmoq, asosiy tahdidlarni chetlab o‘tgan holda SIni insoniyat koriga xizmat ettirish haqida oqilona mushohada yuritmoqdir.

 

Avazbek SHERMATOV,

Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti mustaqil tadqiqotchisi

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2026 yil 1-son.

Sun’iy intellekt chegarasi” maqolasi



[1] Shukritdin Paxrutdinov. Ustunlikka erishish omili. Jadid gazetasining 2026-yil 1-yanvar soni, № 1 (105), 5-bet.

[2] Gaurav Goswami. AI Echo Chambers: How Algorithms Shape Reality, Influence Democracy, and Fuel Misinformation. TechRxiv. February 26, 2025. https://doi.org/10.36227/techrxiv.174059950.03385147/v1.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

11:05 / 08.05.2026 0 85
Georgiy tasmasi orti haqiqatlari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//