Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng katta fojea, yara bo‘lib qoldi. O‘zbekiston ham bu dahshatdan chetda qolmagan. Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, 6,5 million aholiga ega bo‘lgan O‘zbekiston II jahon urushi davri(1939-1945 yillar)da 1 million 951 mingdan ortiq kishini frontga jo‘natgan. Ulardan 538 ming nafari halok bo‘lgan. Bu oddiy statistika emas, qaytib kelmagan otalar, bedarak yo‘qolgan o‘g‘illar, umr bo‘yi farzand kutgan onalar tarixi.
Shu sabab O‘zbekiston mustaqillikdan keyin 9-mayga boshqacha ma’no berdi. 1999-yil 2-martda “9-mayni Xotira va qadrlash kuni deb eʼlon qilish toʻgʻrisida”gi president farmoni chiqdi. Bizda bu sana “G‘alaba kuni”dan ko‘ra ko‘proq “Xotira va qadrlash kuni” sifatida shakllandi. Bu juda muhim farq. Chunki O‘zbekiston urushni romantizatsiya qilish emas, inson qadrini eslash yo‘lini tanladi. Ammo bugun postsovet hududida 9-mayning mazmuni yildan yilga o‘zgarib boryapti, ayniqsa, Rossiyada. Qizil maydondagi paradlar, raketalar namoyishi, harbiy texnika va agressiv ritorika bu kunni oddiy tarixiy xotira sanasidan siyosiy kuch namoyishiga aylantirib yubordi. Bugun Kreml uchun 9-may nafaqat tarix, balki mafkura hamdir. Shu mafkuraning eng mashhur ramzlaridan biri – Georgiy tasmasi.
Ko‘pchilik bu lentani Ikkinchi jahon urushi bilan bog‘laydi. Aslida esa bu sanaga umuman aloqasi yo’q tasma tarixi ancha ilgari boshlangan. Georgiy tasmasi XVIII asrda Rossiya imperiyasi tomonidan joriy qilingan harbiy mukofot ifodasi bo‘lgan. Ya’ni u Sovet mamlakatining emas, imperiya ramzi hisoblanadi. Eng nozik nuqta ham shunda. Bu tasma bir vaqtlar Markaziy Osiyoni bosib olgan rus generallari ko‘kragida ham bo‘lgan. Qo‘qon, Xiva va Buxoroga yurish qilgan harbiylarga ham shu tasma bilan yasatilgan mukofotlar berilgan. Demak, bu ramz biz uchun “g‘alaba” tarixini emas, mustamlakachilik kechmishini eslatadi.
Sovet davriga kelib ushbu tasmadan foydalanish rasman bekor qilingan. Ikkinchi jahon urushi yillarida esa unga o‘xshash “Gvardiya lentasi” paydo bo‘ladi. Ammo u yetarlicha ommalashmagan. Bugungi “Georgiy tasmasi”ning ommaviy qaytishi esa Rossiyaning hozirgi hukumati davriga to‘g‘ri keladi. 2005-yildan boshlab Rossiya davlat media tizimi va jamoat tashkilotlari chiporrang tasmani millionlab nusxada tarqatishni boshladi. Avvaliga bu “xotira aksiyasi” edi. Keyinchalik esa asta-sekin “Русский мир” mafkurasining ramziga aylandi. 2014-yilda Qrim anneksiyasi va Donbassdagi urush paytida Georgiy tasmasi separatist guruhlarning asosiy belgilaridan biriga aylandi. 2022-yildan keyin esa bu ramz ochiqchasiga Rossiyaning harbiy narrativi bilan bog‘lanib qoldi. Shuning uchun bugun ko‘plab davlatlar undan voz kechyapti: Ukraina taqiqladi, Litva, Latviya, Estoniya chekladi, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston esa o‘zining milliy xotira ramzlarini yaratdi. O‘zbekiston ham bu borada avvalroq o‘z yo‘lini tanlab bo‘lgandi. 1999-yildan beri biz 9-mayni “Xotira va qadrlash kuni” deb ataymiz. Bu juda katta siyosiy va ma’naviy signal. Ya’ni O‘zbekiston o‘z tarixiy xotirasini Moskva paradigmasi orqali emas, milliy nuqtayi nazar orqali ko‘rib keladi. Georgiy tasmasi o‘rniga O‘zbekiston bayrog‘i rangidagi lentalarning targ‘ib qilinishi ham bejiz emas. Chunki xotira mustaqil bo‘lishi kerak.
Joriy yil 17-aprel kuni Rossotrudnichestvoning Toshkentdagi “Rus uyi” telegram kanalida 22-apreldan 9-maygacha georgiy lentasi tarqatilishi haqida xabar berilgan. Bayonot bir qarashda oddiy xotira aksiyasidek ko‘rinadi. Matnda Georgiy tasmasi “faxriylarni hurmat qilish”, “g‘alabani eslash” va “harbiy jasorat” ramzi sifatida talqin qilinadi. Ayniqsa “Я помню! Я горжусь!” (“Men eslayman! Men faxrlanaman!”) kabi hissiy shiorlar orqali bu aksiya insoniy xotira bilan bog‘lanishga urinadi. Lekin zamonaviy dunyoda ramzlarning ma’nosi o‘zgaradi. Agar bir ramz bugun boshqa davlatning geosiyosiy da’vati, propagandasi yoki harbiy ekspansiyasi bilan bog‘lanayotgan bo‘lsa, u endi neytral ramz bo‘lib qolmaydi. Chunki bugun butun dunyoda mafkura mamlakatlarga tank bilan emas, beozor ko’rinishlar bilan ham kirib kelmoqda. O‘zbekistonning bugungi yo‘li esa boshqacha. Mamlakat yillar davomida harbiy bloklardan uzoq, muvozanatli tashqi siyosat yuritib, milliy o‘zligini shakllantirib kelmoqda. Bu yo‘l mukammal va mustaqil yo‘l. Shu sabab 9-may biz uchun urushni ulug‘lash kuni emas, aksincha, urush qaytmasligi uchun xotirlash, urushda vafot etgan vatandoshlarni xotirlash kunidir. Xotiraning ham milliy shakli bo‘ladi. Shu ma’noda biz fashizm ustidan qozonilgan g‘alabani hurmat qilamiz, frontga ketgan bobolarimiz bilan faxrlanamiz. Lekin bu boshqa davlatning mafkuraviy ramzlarini qabul qilishimiz kerak, degani emas.
Odilbek SHERALIYEV,
Geologiya fanlari universiteti talabasi
Foydalanilgan adabiyotlar:
https://gov.uz/oz/mudofaa/news/view/50761
https://ru.wikipedia.org/wiki/Георгиевская_ленточка
Tarix
Tarix
Adabiyot
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
Ma’naviyat
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q