Savollarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi mutaxassisi Abduvohid Ahmadaliyev javob berdi
– Menga bir do‘stim pul berib, “Buni falonchiga berib qo‘y, senga omonat” dedi. Shu pulni o‘z ehtiyojim uchun sarfladim. Lekin do‘stim aytgan vaqtda uning pulini aytilgan odamga yetkazdim. Mening ishimda biror xato bo‘lmadimi?
– Bismillahir rohmanir rohim. Albatta, bu ishda xato bor. Ya’ni, sizga berilgan pul omonat hisoblanib, uni omonat egasining roziligisiz o‘z ehtiyojingizga sarflaganingiz xato va omonatga xiyonat bo‘ladi. Omonat faqat egasining roziligi bilan ishlatilishi mumkin. Agar egasining roziligisiz ishlatilgan bo‘lsa, u omonat hukmidan chiqib, to‘lab beriladigan haqqa aylanadi. Bu haqida fatvolarda shunday zikr qilingan:
“U (omonat) berilgan kishining huzurida saqlanishi vojib va egasi talab qilgan vaqtda qaytarilishi shart. “Shumunniy”da ham shunday zikr qilingan. Omonat mol boshqasiga omonatga, oriyat(vaqtinchalik ishlatish)ga, ijaraga va garovga berilmaydi. Agar omonatni olgan kishi shulardan birini qilsa, to‘lab beradi” (“Fatovo Olamgiriyya” kitobi).
* * *
– Men do‘stimga olti oy burun qarz bergan edim. O‘sha vaqtda 300 dollarni 12 760 so‘mdan hisoblab, jami 3 mln 828 ming so‘m o‘tkazib bergandim. Hozir qarzni qaytarib olayotganda 300 dollarni hozirgi kungi kurs bilan olishim kerakmi yoki o‘sha vaqtdagi 3 mln 828 ming so‘mni berishi kerakmi? 200-250 ming so‘mni deb halol pulimni harom qilib olmoqchi emasman. Shuning hukmi qanday bo‘ladi?
– Qarz qaysi valyutada berilgan bo‘lsa, o‘sha valyutada va o‘sha miqdorda qaytarilishi shart. Do‘stingiz qo‘liga yoki kartasiga so‘m olgan ekan, garchi siz buni dollar hisobida o‘tkazgan bo‘lsangiz ham, shariatga ko‘ra uning zimmasidagi qarz so‘mda sobit bo‘ladi. Shuning uchun hozirgi kursga chaqmasdan, o‘sha vaqtda berilgan 3 mln 828 ming so‘mning o‘zini qaytib olishingiz kerak.
* * *
– Men farzandim kasal bo‘lganida “Agar tuzalib ketsa Zangiboboga atab qo‘y so‘yaman” deb nazr qilgandim. Allohga shukurki, bolam tuzaldi. Endi men nazrimni bajarishim kerakmi?
– Yo‘q, gunoh ishga nazr qilingan bo‘lsa, unga amal qilinmaydi. Chunki biror ulug‘ zotga atab qo‘y so‘yish joiz emas. Kitoblarimizda bu haqda shunday deyiladi: “Bilingki, aksar avom tarafidan avliyolarga yaqin bo‘lish maqsadida ularning qabrlariga atab qilinayotgan nazrlar ulamolarning ittifoqi bilan botil va haromdir” (“Durrul-muxtor” 2-jild 439-bet).
* * *
– Amerikadagi yuk mashinalari, furalar ustaxonasida daromad qilish uslubi yuzasidan menda savol tug‘ildi. Quyidagi ikki holat deyarli barcha ustaxonalarning pul topish uslubi bo‘lib qolgan:
1) Ehtiyot qismlar buyurtma tushganidan keyin dilerlardan olinadi. Biz doimiy mijoz bo‘lganimiz uchun dilerlar bizga ehtiyot qismlarni 50 foizgacha chegirma bilan berishadi. Biz ushbu chegirmani saqlab qolgan holda ustiga foyda qo‘yib mijozga sotishimiz to‘g‘ri bo‘ladimi? Masalan, 50 dollarga olingan qismni 100 dollarga sotish. Vaholanki, mijoz dilerning o‘ziga borsa ham baribir 100 dollar atrofida sotib oladi.
2) Ish haqi soatbay, taxminan 130 dollar qilib belgilangan. Ish vaqti va narxini hisoblovchi maxsus dastur bor. Dastur qancha summa chiqarsa, mijozdan shuni olamiz. Lekin dastur vaqtni ortig‘i bilan hisoblaydi. Masalan, bir ishni 4 soatda bajarsak-da, dastur uni 10 soatlik ish deb hisoblaydi. Shu tariqa amaldagi ishga nisbatan ikki-uch barobar ko‘p vaqt yoziladi. Shunday yo‘l bilan daromad qilish joizmi?
– 1) Agar siz mahsulotni o‘zingiz sotib olib, keyin uni mijozga bozor narxida yoki kelishilgan narxda sotsangiz, bunga hech qanday monelik yo‘q. Shariatimizda savdo-sotiq halol qilingan bo‘lib, siz o‘z mulkingizga aylangan ehtiyot qismlarning ustiga ma’lum miqdorda foyda qo‘yib sotishingiz joiz. Ammo mijozga “Men buni qimmatga olganman” deb yolg‘on gapirmaslik va narx borasida o‘zaro rozilik bo‘lishi shart.
2) Bunday vaziyatlarda ish haqini soatbay, ya’ni vaqtga qarab emas, balki ishbay, ya’ni bajarilgan ishga qarab kelishib olish lozim. Maxsus dasturdan faqat ishning qiymatini oldindan belgilash va mijoz bilan narxni kelishish uchun foydalanish mumkin. Shunda ishni dasturdagidan tezroq tugatsangiz ham kelishilgan haqni olishingiz halol bo‘ladi. Ammo mijozga haqiqatda sarflanmagan vaqtni “sarflandi” deb aytish yoki arzimas ish uchun asossiz ko‘p soat yozish orqali aldash shariatda joiz emas.
* * *
– Biz jamoa bo‘lib startap (onlayn ta’lim platformasi) boshlaganmiz. Ish boshlash uchun jamoa a’zolari ish haqi va platformani ishlab chiqish uchun mablag‘ jalb qilmoqchimiz. Mablag‘ jalb qilishning ikkita yo‘li bor:
1) Startapning 10 foizini ma’lum pulga hisoblab, investordan mablag‘ olsak. Startapimiz daromadga chiqqandan keyin investor bizning doimiy jamoadoshimizga aylanadi va daromadning 10 foizi uniki bo‘ladi. Bu holatda startap rivojlansa ham, rivojlanmasa ham olingan investitsiya qaytarilmaydi.
2) Birovdan qarz olsak va unga startapimizning 5 foizini berib, jamoamizga qo‘shib olsak. Bu holatda startap rivojlansa ham, rivojlanmasa ham olgan qarzimizni hech qanday ustamasiz qaytarib beramiz. Shu ikkala holatda ribo bor-yo‘qligi, joiz yoki nojoizligi to‘g‘risida ma’lumot bersangiz.
– 1) Bu amaliyot shar’iy jihatdan sherikchilik shartnomasi deb baholanadi va bu joiz. Chunki bunda investor foydaga ham, zararga ham sherik bo‘lish sharti bilan mablag‘ tikmoqda. Ya’ni, ish yurishmasa uning puli kuyadi va sizlardan qarz sifatida talab qilmaydi.
2) Bu ko‘rinish shart bilan qarz berish yoki sheriklikdagi sarmoyani kafolatlash hisoblangani uchun nojoiz. Fiqhiy qoidalarga ko‘ra, har qanday manfaat jalb qilgan qarz ribodir. Bu yerda qarz beruvchiga aslini qaytarishdan tashqari startapdan ulush berilishi aynan ribo hisoblanadi. Qolaversa, sherikchilikda tikkan pulini qaytarib olishni kafolatlash shar’an durust emas.
* * *
– Ijtimoiy tarmoqlarda pul ishlashning hukmi qanday? “YouTube” ijtimoiy tarmog‘ida qo‘yilgan videoning ko‘rishlar soni va ushbu video orqali reklama namoyish etilgani uchun pul to‘lanar ekan (reklamani “YouTube” kompaniyasi qo‘yadi). Qanday reklamalar namoyish etilishini video joylovchining o‘zi har doim ham hal qila olmas ekan. Reklamalar mamlakatlarga qarab farqlanadi. Hammasi ham shariatga muvofiq bo‘lmasligi mumkin.
– Qimor, fahsh va islomda taqiqlangan mahsulotlar kabi shariatga zid narsalarni targ‘ib qiluvchi reklamalarga yordam berish yoki ularga vositachi bo‘lish durust emas. Shu sababli agar kanal egasi reklamalarni butunlay o‘chirishga yoki faqat halol reklamalarni tanlab qo‘yishga qodir bo‘lsa, buni qilishi lozim. Agar buning iloji bo‘lmasa va shariatga muvofiq boshqa platformada faoliyat yuritish imkoni bo‘lsa, o‘sha joyga o‘tishi maqsadga muvofiqdir.
* * *
– Sun’iy ongdan fatvo so‘rash qanchalik to‘g‘ri?
– Bugungi kunda sun’iy ong juda tez rivojlanib, uning imkoniyatidan iqtisodiyot, ta’lim, madaniyat, xizmat ko‘rsatish va media sohalarida samarali foydalanilmoqda. Uning afzalliklari bilan birga zararli tomonlari ham bor. Shu bois sun’iy ongni boshqarish, tartibga solish va nazorat qilish hozirgi kunda juda ham muhimdir.
Darhaqiqat, sun’iy ong inson hayotiga ijobiy va salbiy ta’sir ko‘rsatayotir, jumladan, diniy suhbatlarni ta’sirli roliklar orqali namoyish etish va kerakli ma’lumotlarni topishda juda qo‘l kelmoqda. Biroq ba’zi insonlar shar’iy savol-javob, fatvo olishda ham sun’iy ongdan foydalanayapti. Holbuki, dinimizga ko‘ra bunday masalalarda undan olingan javoblarga tayanib bo‘lmaydi. Zero, shariatga ko‘ra fatvo chiqarish faqihning bevosita ishtirokini talab etadi. Masala so‘rovchining holatiga, zamoniga, makoniga, urf-odatlariga hamda ijtimoiy va iqtisodiy sharoitga qarab javob berilishi kerak. Bunday jihatlarni sun’iy ong mustaqil va to‘liq bajara olmaydi. Shuning uchun sun’iy intellekt bergan fatvolar shar’iy jihatdan e’tiborga olinmaydi.
* * *
– Hozirgi kunda sun’iy ong bilan allaqachon o‘lgan odamlar go‘yo qayta tiriltirilib, oilasi bilan gaplashtirilayapti. Bu borada shariatimiz ko‘rsatmasi qanday va ulamolarimiz nima deydi?
– Bunday narsalardan chetda bo‘lish tavsiya etiladi. Chunki bu kabi ishlar ko‘p tomonlama xato sanaladi.
Birinchidan, insonning, ayniqsa ota-onaning hurmati ularning vafotidan keyin ham davom etadi. Uning suratidan video yasab, gapirtirish ularning hurmatiga zid hisoblanadi. Chunki ular videodagi gaplarni haqiqatda gapirgani yo‘q. Demak, bu ish ularning tilidan yolg‘on axborot tarqatish, ularning nomidan yolg‘on ma’lumot berish hisoblanadi.
Ikkinchidan, bunday ishning xatarli joyi bandalar uchun g‘ayb ishlaridan biri bo‘lgan qabrdagi hayotga oid holatlarga jur’at bilan aralashish bo‘ladi. Bu inson e’tiqodi va iymoni uchun xavfli sanaladi. Chunki ayrim videolarda ota-onalarning “biz yaxshimiz, sizlarni ko‘rib turibmiz, kuzatib turibmiz” degan joylari bor. Ularning qabrdagi ahvoli qanday ekanini SI yoki shu videoni yasayotganlar qayerdan bilmoqda?!
Uchinchidan, mazkur texnologiya shaxslarning harakatsiz suratlarini qisqa videoroliklarga aylantirish orqali surat egasining tabassum qilishi, ko‘zini qisishi va boshini qimirlatishi kabi harakatlarni bajartirishi mumkin. Buni har qanday tirik yoki o‘lgan insonning surati bilan ham qilish mumkin.
Bu ba’zi kompaniyalar amalga oshirilayotgan bir turdagi o‘yin-kulgidir, ammo bu o‘yin kelajakda ko‘z va bosh harakatidan ham o‘tib ketishi, kinoya va masxara qilish, haqiqatni soxtalashtirish va buzishda ishlatilishi mumkin.
Yangi texnologiya “Deepfakes” (chuqur soxtalar) deb nomlanuvchi turkumga mansub bo‘lib, mutaxassislar tomonidan “nomaqbul texnologiyalar” qatoriga kiritilgan. Ushbu texnologiya ayrim shaxslar tomonidan jinoiy maqsadda, begunoh odamlarning suratlarini birlashtirib, soxta videolar yaratish orqali shantaj qilishda qo‘llanmoqda.
Mazkur texnologiyaning zararlaridan yana biri shuki, oilaviy suratlar va ma’lumotlar ana shu kompaniyalarning qo‘liga o‘tib qoladi va ularning maxsus ilovasi qurilmalariga o‘rnatiladi!
Qolaversa, asli g‘oyaning zararlaridan biri: suratlarga va o‘tganlarga bog‘lanib qolish hamda g‘am-qayg‘uni yangilashdir.
Agar surat qurilmada bo‘lsa va bu texnologiya soxtalashtirish yoki masxara qilishda ishlatilmasa ham bu ilovadan ehtiyot bo‘lish va u bilan muomala qilmaslik kerak.
Shu bois mo‘min-musulmon inson odamlar qilayotgan ishlarga ko‘r-ko‘rona ergashib ketavermasdan, uning to‘g‘ri yo noto‘g‘ri ekanini aniqlashi va shunga qarab ish tutmog‘i lozim bo‘ladi.
Qolaversa, dinimiz bu dunyoda ota-onaning roziligini olish, vafotidan keyin solih amallar qilib, ularning ruhlarini shod etishga targ‘ib qiladi. Rasm yoki videosiga qarab yig‘i-sig‘i qilish bilan hech narsa o‘zgarib qolmaydi, balki bular qilayotgan gunohlar tufayli ular mahzun bo‘ladilar. Zero, Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda shunday deyilgan:
“Nabiy sollallohu alayhi va sallam “Albatta sizlarning amallaringiz vafot qilgan qarindosh-urug‘laringizga ko‘rsatiladi. U(amal)lar yaxshi bo‘lsa, ular xursand bo‘ladilar. Agar unday bo‘lmasa “Alloh, ularni bizni hidoyat qilganingdek hidoyat qilmaguningcha vafot ettirmagin” deyishadi dedi” (Imom Ahmad rivoyati). Vallohu a’lam.
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2026-yil 1-son.
Vatandosh
Tarix
Tarix
Tarix
Adabiyot
Ma’naviyat
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q