O‘timishimizda shunday tarixiy shaxslar borki, ularning hayoti, nasl-nasabi, qarindoshlik aloqasi mavhumdek yoki chalkash tadqir egasi sifatida gavdalantirilgan. Shulardan biri mo‘g‘ullar saltanati asoschisi Chingizxonning tong‘ich o‘g‘li Jo‘jixon hisoblanadi.
Tarixiy manbalarda, jumladan, “Tarixi jahongusho”, “Zafarnoma”, “To‘rt ulus tarixi”, “Abdullanoma” kabi asarlarda Chingizxonning ayollari, farzandlari haqida deyarli bir xil ma’lumotlar keltirilgan. Masalan, “Tarixi jahongusho” asarida quyidagicha bayon qilinadi: “Chingizxonning xotinlari, o‘g‘il va qizlari ko‘p edi. Eng katta xotini Yasunjin Bo‘ki[1] bo‘lgan. Mo‘g‘ul odatlariga ko‘ra, bitta otadan tug‘ilgan bolalarga e’tibor ularning onasi hurmatiga qarab baholanardi. Onaning nasli jihatidan ustunligi bolaga ham o‘tardi. Bo‘rta Fujin (Kuchin)ning to‘rtta o‘g‘li bo‘lib, muhim ishlarni boshqarish, idora qilish ularning qo‘lida edi. Chingizxon ularning eng kattasi bo‘lgan Jo‘jiga mo‘g‘ullar tomonidan muhim va sharafli deb hisoblangan ishlarni boshqarish, undan keyingi o‘g‘li Chig‘atoyga qonunlarning bajarilishini nazorat qilish va qonunlarga bo‘ysunmaganlarni jazolash, uchinchi o‘g‘li O‘qtoyga davlatning ichki ishlarini boshqarish, undan keyingi farzandi Tuluga askarlarni tarbiyalash, kuchli harbiyga solish va ularning ehtiyojini qondirish vazifalarini topshiradi”[2].
“To‘rt ulus tarixi” asarida Chingizxonning o‘rdusi (xarami)da 500 nafar xotin (ayollari) borligi ta’kidlanadi. Ulardan besh nafari nufuzi baland va asosiy e’tiborda bo‘lgan ayollar edi. Chingizxonning birinchi ayoli qo‘ng‘irot qabilasi boshlig‘ining qizi Bo‘rta Fujin bo‘lgan.
“Xushnud bo‘lib ichki o‘rdaga kirdi. Unda besh yuzdan ortiq xotini va surriyati bor edi. Barchasi xonlar jufti, shoh qizlari, xo‘blig‘da jahonga nom taratgan edilar. Ammo besh nafari ularning saromadi edi. Birinchisi qo‘ng‘irot podshohining qizi Bo‘rta Quchin, to‘ng‘ich o‘g‘lining onasi”[3]. Shu ayoldan tug‘ilgan farzandlarining to‘ng‘ichi Jo‘jixon edi. Tarixiy manbalarda Jo‘jixonning tug‘ilgan yili aniq keltirilmagan. Keyinchalik, Chingizxon har bir o‘g‘liga ma’lum ishlarni, vazifalarni topshiradi. Shunda Chingizxon katta farzandi Jo‘jiga bazm, marosimlar hamda ov ishlari nazoratini tayinlaydi.
Jo‘jining bolalik va yoshlik davri to‘g‘risida biror-bir manbada deyarli ma’lumot uchramaydi. Lekin tug‘ilishi bilan bog‘liq ayrim voqealar keltiriladi. Unga koʻra, Chingizxon markit qabilasi bilan urushda yengiladi. Shunda markitlar Boʻrta Fujinni asir qilib olib ketadi. Boʻrta Fujin asir olingan vaqtda Joʻjixonga homilador edi. Keyinroq Chingizxon jaloyir urug‘idan bo‘lgan, tadbirli, yoshi katta Soro ismli insonni ayolini olib kelishga yuboradi. Soro Boʻrta Fujinni olib qaytayotganda yoʻlda ayolning koʻzi yoriydi. Bu haqda shunday naql qiladilar: Chingizxon markit qavmi bilan urushib, ulardan mag‘lub bo‘lganda Bo‘rta Fujin Jo‘chixonga homilador bo‘lib, markit qavmi uni asir olib ketadi. O‘sha kunlari markit qavmi bilan O‘ngxon o‘rtasida sulh tuzilgan edi. (Shunga ko‘ra,) Bo‘rta Fujinni uning huzuriga yuboradilar. O‘ngxon Bo‘rta Fujinni aziz va muhtaram (qilib) saqladi. Oʻngxon Chingizxonning otasi bilan qadimdan doʻstligi tufayli Chingizxonni hamisha o‘g‘lim deb aytardi. (Shu tufayli Bo‘rta Fujinga) O‘z keliniday boqdi. Amirlar unga (O‘ngxonga) “nima uchun Bo‘rta Fujinni xotinlikka olmaysan”, deb (har qancha) aytsalar ham, “(u) mening kelinim (bo‘ladi), unga xiyonat nazari bilan qarasam muruvvatdan yiroqlashgan bo‘laman”, deb javob qilardi. Chingizxon bu holdan xabar topgach, jaloyir qavmidan (bo‘lgan) Sortoq no‘yonning bobosi Soroni O‘ngxon huzuriga Bo‘rta Fujinni qaytarishini so‘rab yubordi. O‘ngxon o‘tmishdagi (ikki o‘rtada bo‘lgan) muhabbatga rioya qilib (Chingizxonning) xotinini qaytarib yubordi. Soro (Bo‘rta Fujin bilan) Chingizxon xizmatiga qaytib kelayotganida, yo‘lda Jo‘jixon yo‘qlik shahristonidan borliq sahrosiga qadam qo‘ydi. Yo‘l xavfli va xatarli bo‘lganidan to‘xtash va (bolani) beshikka belash (ham) qiyin edi. Yo‘lda (uning biror) a’zosiga shikast yetmasin va sovuq ta’sir etmasin, deb Soro undan xamir qilib, uni (Jo‘chini) xamirga o‘radi (va) choponiga o‘rab, Chingizxon huzuriga olib keldi. Shu sababdan (unga) Jo‘chi nomini qo‘ydilarki, (bu) “to‘satdan vujudga kelgan”, demakdir[4].
Jo‘jixonning hayoti va faoliyati
“Mo‘g‘ullarning maxfiy tarixi”da yozilishicha, Jo‘ji otasining bevosita buyrug‘i bilan 1207-yilda Baykal ko‘lining g‘arbidagi o‘rmonda yashovchi qabilalarning yerlarini zabt etish uchun yo‘lga chiqqani haqida xabar berilgan. Manbaga ko‘ra, u “o‘rmon qabilalari”ni tinch yo‘l bilan bo‘ysundirgan va yirtqich qushlar, oq otlardan iborat boy sovrinlar bilan qaytgan. Ushbu yurish davomida Jo‘ji shuningdek, Yenisey daryosining yuqori qismida yashovchi Yenisey qirg‘izlari yerlarini ham egallagan[5].
Yurish natijalaridan mamnun bo‘lgan Chingizxon farmon chiqaradi: “Mening eng katta o‘g‘illarim, sizlar, birinchi marta uyingizni tark etib, na odamlarga, na otlarga zarar yetkazmasdan, o‘rmon aholisini zabt etishda muvaffaqiyat qozondingizlar. Men bu yurtni sizga berishga qaror qildim”[6]. Keyin, 1213-yilda Jo‘ji otasi bilan birgalikda Jin podsholigiga qarshi bosqinchilik yurishlarida qatnashadi.
Xorazmshohlarga qarshi yurishda Chingizxon Jo‘jini Sirdaryo bo‘yidagi Sig‘noq[7], O‘zgand, Jand va Barchinkent shaharlarini egallash uchun jo‘natadi[8]. Sig‘noq hududini jang qilmasdan egallash maqsadida, shahar aholisiga taslim bo‘lishni aytish uchun Hasan Hoji ismli kishini elchi qilib yuboradi. Ammo shahar aholisi sig‘noqliklar taklifni qabul qilmasdan, elchini o‘ldirishadi. Bu xabarni eshitgan Jo‘jixon g‘azablanib, askarlari bilan Jand ustiga hujum qiladi. Ikki kun ichida shahar vayron qilinadi. Jandga o‘ldirilgan elchi Hasan Hojining Hoji Maqbul degan o‘g‘lini hokim qilib qoldiradi. Keyin Jo‘jixon O‘zgandga yurish qilib, uni bir kunda bosib oladi. So‘ng Jand shahriga yaqinlashadi. Jo‘jixon boshchiligidagi mo‘g‘ul askarlarining qo‘shni hududlarni birin-ketin egallab, shaharga yaqinlashib qolganidan xabar topgan Jand hokimi amir Xutluq (Qutlug‘) vahimaga tushib, shaharni tashlab Xorazmga qochadi. Jo‘jixon shahar aholisiga taslim bo‘lish taklifi bilan Janda Jaymur ismli odamini elchi qilib yuboradi. Elchini o‘ldirmoqchi bo‘lishganda, u o‘zining epchilligi va tadbirkorligi evaziga tirik qolib, Jo‘ji huzuriga qaytadi. Shundan keyin Jo‘jixon boshchiligidagi mo‘g‘ullar Jandga hujum ochib, shaharni 7 kun davomida talon-taroj qilishadi. Jo‘jixon shaharga Buxorolik Alixojani hokim qilib tayinlaydi. Navbatdagi o‘lja – Barchin shahrini egallash uchun bir amirni u yerga bir tuman askar bilan yuboradi. Shahar olinganidan so‘ng Jo‘ji Chingizxon boshchiligidagi asosiy qo‘shinlarga yetib borib qo‘shiladi[9].
Keyingi janglarda Jo‘jixon ukalari Chig‘atoy va O‘qtoylar bilan mo‘g‘ullarning asosiy kuchlari safida Xorazmni qamal qilishda qatnashadi. Qamal vaqtida Jo‘ji va Chig‘atoy orasida kelishmovchilik sodir bo‘ladi. Bu vaziyatda shahar qamali 7 oygacha cho‘zilib ketadi. Chingizxon o‘g‘illarining bir-biriga adovatli munosabatidan xabar topib, darhol farmon bilan bir choparni Xorazmga yuboradi. Farmonga ko‘ra, O‘qtoy akalariga bosh bo‘lib, qamalni boshqaradigan bo‘ladi. Jo‘ji va Chig‘atoylar bu farmonga boshida itoat etishni xohlashmaydi. Lekin otalarining qattiq jazo tayinlashidan so‘ng, O‘qtoyga bo‘ysunishga majbur bo‘lishadi. Shundan keyin Xorazm hududi mo‘g‘ullar tomonidan bosib olinadi[10].
O‘rta Osiyo hududlari egallanganidan so‘ng Chingizxon 1224-yil Oʻtror shahrida qurultoy oʻtkazadi va unda egallagan yerlarini oʻgʻillariga boʻlib beradi. Sharqda Irtish daryosidan, gʻarbda Volga daryosigacha boʻlgan yerlar hamda Xorazmning gʻarbiy qismi Joʻjixonga, uning vafotidan soʻng oʻgʻi Botuga beriladi. [Sharafiddin Ali Yazdiy, “Zafarnoma”, Muqaddima qismi, – b. 139].
Tarixiy manbalar Chingizxon Jo‘jini o‘zining to‘ng‘ich va sevimli o‘g‘li deb bilganini tasdiqlaydi. “Sohibqironi a’zam Chingizxoni muazzam Joʻjixonni barcha aka-ukalaridan aziz tutdi, podshohona marhamat va inoyatlar bilan shod-u xurram etdi. Shu yozni mazkur mavze’da o‘tkazib, kundan-kunga Joʻjixon uchun mehribonlikni ziyoda qildi. Barcha farzandlari va amirlari bu yerga yig‘ilgach, ulug‘ qurultoy o‘tkazdi. Uyg‘ur amirlardan bir guruhini yasoqqa yotqizdilar va Jo‘jixonni ulug‘ izzat-u so‘ngsiz shafqat bilan uyoq tomonga, Dashti Qipchoqqa qaytishga ruxsat berdi”[11]. [“Toʻrt ulus tarixi”, – b. 194.]
Ushbu manbadan anglashiladiki, Katta oʻgʻli Joʻjixonga Chingizxonning munosabati yaxshi boʻlgan. Oʻzi yurish qilib egallagan hududga qaytib ketishiga ruxsat bergani Chingzixonning Jo‘jiga xayrixohligidan dalolatdir.
Lekin Jo‘jining o‘limi va otasi Chingizxon bilan munosabatlari haqidagi ma’lumotlar boshqa manbalarda qarama-qarshi aks ettirilgan. O‘rta asr manbalariga ko‘ra, Chingizxon 1223-yilda O‘rta Osiyoni bosib olganidan so‘ng Samarqanddan 20 mil uzoqlikda ov tashkil qilib, unga barcha o‘g‘illarini taklif qiladi. Sirdaryo bo‘yidagi hayvon siyohidagi jonivor borki, ov rejalangan hududga haydab yuboriladi. Ov tashkil qilinishiga amaliy yordam bergan Jo‘ji shikorda ishtirok etmaydi. Keyingi yili Chingizxon Irtish bo‘yida o‘z qo‘shinini ko‘rikdan o‘tkazganda ham Jo‘ji sog‘ligining yomonlashgani tufayli otasi bilan uchrashishdan bosh tortadi. Fors tarixchisi Juzjoniyning yozishicha, Jo‘ji shu kabi holatlar fonida otasining bosib olingan hududlarda mahalliy aholiga nisbatan haddan tashqari qattiqqo‘lligiga qarshi o‘z pozitsiyasini bildirgan. Rashid ad-Dinning so‘zlariga ko‘ra, ota va o‘g‘il o‘rtasidagi munosabatlar Jo‘ji hayotining so‘nggi yillarida ancha sovuq bo‘lgan. Mutaxassislar bu voqealar Chingizxon va Jo‘ji o‘rtasidagi adovatni kuchaytirgan deb hisoblashadi[12].
Joʻjixonning vafoti
Jo‘jining tug‘ilgan sanasi noma’lum bo‘lgani kabi, uning vafot etgan yili ham aniq emas. Ba’zi manbalarda uning vafoti 1225-yil oxiri yoki 1226-yil boshlarida, boshqalarida esa 1227-yil deb ko‘rsatilgan. Ammo bir narsa aniq: Jo‘ji otasi Chingizxondan oldin vafot etgan.
Juvayniy, Rashiddidin, Mirzo Ulugʻbek, Hofiz Tanish Buxoriy kabi muarrixlarning barchasi asarlarida Joʻji Chingizxondan 6 oy avval vafot etganini qayd etishgan. Lekin ularda Joʻjining oʻlimi qanday boʻlganligi yoki biror-bir kasallikdan vafot etganligi toʻgʻrisida aniq maʼlumot keltirilmagan. Tarixiy manbalarda va ayrim tarixshunoslik tadqiqotlarida Chingizxonning vafoti 1227-yilning yoz oxiri va kuz oyi (avgust oxiri, sentyabr oyi boshlari)ga toʻgʻri kelishi takidlangan[13]. Shundan kelib chiqib, Chingizxonning vafotidan 6 oy avvalgi sana taxminan 1227-yil fevral-mart oylariga toʻgʻri keladi. Demak, Joʻjixon 1227-yil fevral yoki mart oyida vafot etgan.
Shuningdek, ba’zi manbalarda Jo‘ji yovvoyi kulonlarni ovlash paytida vafot etgani keltirilsa, boshqalarida zaharlanganini aytishadi. Xullas, manbalarda uning o‘limi sababi dalillari ochiqlanmagan.
Ushbu kichik izlanish xulosasi Joʻjixonni oqlash yoki faoliyatini toʻliq tavsiflashdan iborat emas. Tarixiy manbalarga tayangan holda tarixiy shaxs sifatida Joʻjixonning ayrim nomaʼlum sahifalariga oydinlik kiritish va shu orqali uning hayoti bilan bog‘liq voqealarni tarixiy rekonstruksiya qilishga e’tibor qaratildi. Keyingi jihatga toʻxtaladigan boʻlsak, aka-ukalar, Joʻji bilan Chigʻatoy oʻrtasidagi kelishmovchiliklar ulardan keyin ham davom etgan. Chingiziylarning keyingi vorislari davrida – Oltin Oʻrda davlati va Chig‘atoy ulusi oʻrtasida ham ayrim ziddiyatli holatlar sodir bo‘lib turgan. Bu alohida tarixiy mazvu. Lekin bunday ziddiyatli jarayonlar yuz berishiga qaramasdan ikki mo‘g‘ul sulolaviy davlati o‘rtasida oʻzaro savdo-iqtisodiy, madaniy aloqalar davom etgan.
Qalandar SAMANDAROV,
Toshkent amaliy fanlar universiteti katta o‘qituvchisi
[1] Izoh: Bu ayol Burta bulishi kerak, balki Juvayniy uni Xulogu va Abokaning onasi Junjin bilan almashtirgan bo‘lishi mumkin. Qarang: Tarixi jahongusho (Jahon fotihi tarixi) / Alouddin Atomalik Juvayniy; mas’ul muharrirlar X.Boltaboyev, M.Mahmudov. – Toshkent: MUMTOZ SO‘Z, 2015. – B. 108.
[2] Tarixi jahongusho (Jahon fotihi tarixi) / Alouddin Atomalik Juvayniy; mas’ul muyarrirlar X.Boltaboyev, M.Maymudov. – Toshkent: MUMTOZ SO‘Z, 2015. – B. 110.
[3] Mirzo Ulug‘bek. To‘rt ulus tarixi. Fors tilidan Bo‘riboy Ahmedov, Naim Norqulov va Mahmud Hasaniylar tarjimasi. – Toshkent, 1994. – B. 110.
[4]Hofiz Tanish al-Buxoriy. Abdullanoma (“Sharafnomayi shohiy”). Birinchi kitob; Fors tilidan S.Mirzayev tarj.; So‘z boshi va izohlar muallifi: B.Ahmedov. – T.: “Shark”, 1999. – B. 50.
[5] Қазақстан тарихы туралы моңғол деректемелері. – Т.1.: Моңғолдың құпия шежіресі / көне моңғол тіліндегі түп-нұсқалық тарнскрипциясын, ғылыми-мағыналық аудармасы мен түсіндірмелерін, көрсеткіштерін жасаған Н.Базылхан. – Алматы, 2006. – Б. 298.
[6] O‘sha manba. – Б. 299.
[7] Manbada Shiqnoq shaklida berilgan.
[8] Mirzo Ulug‘bek. To‘rt ulus tarixi. Fors tilidan Bo‘riboy Ahmedov, Naim Norqulov va Mahmud Hasaniylar tarjimasi. – Toshkent, 1994. – B. 143.
[9] O‘sha manba. – Б. 143.
[10] Mirzo Ulug‘bek. To‘rt ulus tarixi. Fors tilidan Bo‘riboy Ahmedov, Naim Norqulov va Mahmud Hasaniylar tarjimasi. – Toshkent, 1994. – B. 162.
[11] O‘sha manba. – Б. 194.
[12] Гумилев Л.Н. От Руси до Россий. Очерки этнической истории. – М., 2001. – C. 109.
[13] Кычанов Е.И. Жизнь Темучжина, думавшего покорить мир. Чингис-хан: личность и эпоха. М., 1995. – С.209.
Mafkura
Tarix
Mafkura
Tarix
Mafkura
Tarix
Vatandosh
Jarayon
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q