Mo‘g‘ul imperiyasining asosiy siyosiy va harbiy muvaffaqiyatlaridan biri – qabilalararo nikohlar tizimi edi. Bu tizimning markazida qo‘ng‘irot (qongg‘irat, kungrat) qabilasi turgan. Chingizxonning o‘zi, o‘g‘illari, nabiralari-da asosan qo‘ng‘irot qizlariga uylangan. Bu an’ana imperiyaning parchalanib ketgan paytida ham (XIV-XV asrlar) davom etib, Oltin O‘rda, Elxoniylar, Chig‘atoy ulusi va Yuan sulolasida qo‘ng‘irotlik onalar va xotinlar eng yuqori mavqega ega bo‘lgan.
Nima uchun aynan qo‘ng‘irot qabilasidan kelinlar olingan, degan haqli savol tug‘ilishi tabiiy. Negaki, avvalo qo‘ng‘irotlar mo‘g‘ullarning eng yaqin ittifoqchilari edi va hech qachon Chingizxonga qarshi chiqmagan. Shuningdek, manbalardagi qaydlarga ko‘ra, ularning qizlari go‘zalligi va sadoqati bilan mashhur edi. Rashididdin o‘zining “Jome’ at-tavorix” asarida “Qo‘ng‘irot qizlari oy yuzli va quyoshdek nurli” deb yozadi. Bundan tashqari Chingizxonning onasi Oelun xotun va bosh xotini Borte fuchin ham qo‘ng‘irot qabilasidan bo‘lgani mazkur qabila nufuzini yanada oshirgan. Shuning uchun ham bu qabila “imperator qoni” bilan eng yaqindan bog‘langan etnik guruh edi. Chingizxon vafotidan keyin qo‘ng‘irot ayollariga uylanish va ularni bosh malikalikka ko‘tarish qat’iy an’anaga aylanib ulguradi. Jumladan, Chingizxonning vorislari Chig‘atoy ulusi, Yuan sulolasi, Oltin O‘rda va Elxoniy hukmdorlar qo‘ng‘irot ayollarini bosh xotin qilib olganlar. Bu nikohlar “consort tribe” (“xotin qabilasi”) tizimini shakllantirgan va qo‘ng‘irotlar saroyda katta nufuzga ega bo‘lib borganlar.
Chingizxonning qo‘ng‘irot qabilasidan bo‘lgan bosh xotini Borte fuchindan tug‘ilgan o‘g‘illlari Jo‘ji, Chig‘atoy va O‘qtoyning bosh xotinlari qo‘ng‘irot qabilasidan bo‘lgan. Tulining bosh xotini boshqa qabiladan bo‘lsa ham, xotinlari orasida qo‘ng‘irotlar bor edi. Jumladan, Jo‘jining bosh xotini – Oki fuchin qo‘ng‘irot edi. Odatda, qo‘ng‘irot xotinlaridan bo‘lgan bosh xotin vafot etsa, bosh xotinlikka faqat shu qabila vakilalari tayinlangan. Jo‘jining bosh xotini Oki fuchin vafotidan keyin bosh xotinlikka qo‘ng‘irot qabilasidan Sultan xotun belgilanadi.
Oki fuchin (Өki-xatun, Oki hatun, Uki fujin, Oki-beki) Jo‘jining asosiy xotini bo‘lib, 1200-yillar boshida turmush qurgan. Oki fuchin Jo‘jining onasi Borte fuchinning jiyani edi. Uning otasi Botu bu davrda qo‘ng‘irot qabilasi yetakchilaridan hisoblangan, ya’ni Jo‘ji tog‘asining qiziga uylangan. Bu nikoh Chingizxon xonadoni bilan qo‘ng‘irot qabilasi o‘rtasidagi ittifoqni yanada mustahkamlaydi. Oki fuchin Jo‘jining eng ko‘p va muhim o‘g‘illarining onasi hisoblangan. Jumladan, Botuxon (Oltin O‘rdaning asoschisi), Ordaxon (Oq o‘rdaning asoschisi, keyinchalik tashkil topgan qozoq xonligi vakillarining ajdodi), Shaybon (Shayboniylar sulolasining ajdodi, aynan uning nomi sulolaga berilgan), Berkaxon (Oltin O‘rdaning birinchi musulmon xoni), Tangut (Oki fuchinning bu o‘g‘li haqida manbalarda ma’lumotlar deyarli uchramaydi).
Oki fuchinning o‘g‘illari orqali qo‘ng‘irot qoni Oltin O‘rda va undan keyingi barcha turkiy-mo‘g‘ul davlatlariga, jumladan, qozoq, o‘zbek, no‘g‘ay, qoraqalpoq xalqlari orasida keng tarqaldi. U Botu va Berka kabi buyuk xonlarning onasi bo‘lgani uchun “Oltin O‘rda imperatriyasi – onasi” deb ulug‘langan. Tarixchi Rashididdin “Jome’ at-tavorix” asarida Oki fuchinni “fazilatli va oqila ayol” deb ta’riflaydi. Oki fuchin Chingizxon oilasidagi eng muvaffaqiyatli qo‘ng‘irot kelinlaridan biri edi. Uning farzandlari orqali hozirgi o‘zbek, qozoq va boshqa turkiy xalqlarning ko‘pchiligida Chingizxon va qo‘ng‘irot qoni aralashgan deb hisoblanadi. Aynan shu sababli o‘zbek va qozoq qo‘ng‘irotlari o‘zlarini “xon avlodlari” deb ham ataydilar.
Sulton xotun (Saray xotun) – Chingizxonning to‘ng‘ich o‘g‘li Jo‘jining ikkinchi muhim xotini va qo‘ng‘irot qabilasidan chiqqan ayoli hisoblanadi. U taxminan 1205–1210-yillar orasida Jo‘ji bilan turmush qurgan. Bu nikoh ham Chingizxonning qo‘ng‘irotlar bilan ittifoqini mustahkamlash uchun qilingan. Sulton xotunning farzandlari orqali ta’siri imperiyada juda katta bo‘lgan. U Jo‘jining ko‘p sonli o‘g‘il-qizlarining onasi bo‘lib, ular orasida eng taniqlilari – Berkacher (Oltin O‘rdada ta’siri juda katta bo‘lgan) va To‘qa-Temur (Ashtarxoniylar sulolasi vakillarining ajdodi) bo‘lgan. Sulton xotun ayrim manbalarda Berkaxonning ham onasi bo‘lgani aytiladi. Tarixiy manbalarda keltirilishicha, u Berkaxon orqali butun Volga bo‘yi, Qirim, Qozon, Qoraqalpoq va hozirgi Rossiya musulmonlari tarixiga katta ta’sir qilgan. Rashididdin “Jome‘ at-tavorix” asarida Sulton xotunni ham “fazilatli va dono ayol” sifatida ta’riflaydi. Sulton xotunning qarindoshlari Oltin O‘rda saroyida eng yuqori lavozimlarni egallaganlar, – xonning maslahatchilari, no‘yonlari va qo‘mondonlar asosan qo‘ng‘irot qabilasi vakillaridan bo‘lgan.
Chingizxonning ko‘plab nabiralari ham asosiy xotin sifatida qo‘ng‘irot ayollariga uylangani va ularni bosh xotinlikka ko‘targani manbalar, tadqiqotlarda ta’kidlanadi. Jumladan, Chingizxonning to‘ng‘ich nabirasi Oltin O‘rda asoschisi Botuning xotini Borakchin xotun qo‘ng‘irot qabilasidan edi. Botu davrida qo‘ng‘irotlar Oltin O‘rdada eng katta ta’sirga ega bo‘lganlar. Shuningdek, Botuning ukasi Berkaning ham asosiy xotinlari qo‘ng‘irotlardan bo‘lgan.
Chingizxonning ikkinchi o‘g‘li Chig‘atoyning ham bosh xotinlari qo‘ng‘irot bo‘lib, ular opa-singillar – Yisulun va Tukan xotunlar edi. Yisulun va Tukan xotun ham Chig‘atoyning onasi Borte fuchinning jiyani bo‘lgan, ular birin-ketin Chig‘atoy xaramining bosh xotinlari vazifasiga ko‘tarilishgan. Mo‘g‘ullar davri forsiy manbalarida Chig‘atoyning jami sakkiz o‘g‘li (Mutegin, Muchi Yebe, Bilkishi, Sarban, Yesu Munka, Baydar, Kadaki, Baychu) bo‘lgani haqida qaydlar mavjud. Rashididdin, Xondamir kabi muarrixlarning shahodat berishicha, Chig‘atoyning yuqorida ismi qayd etilgan barcha o‘g‘illari qo‘ng‘irot xotinlaridan tug‘ilgan farzandlar bo‘lgan. Shuningdek, manbalarda keltirilishicha, Chig‘atoyning boshqa qabila ayollaridan tug‘ilgan farzandlari ham bor edi. Ammo, muarrixlarning ta’kidlashicha, ular qo‘ng‘irot xotinlaridan tug‘ilgan farzandlar bilan teng maqomda ko‘rilmagan.
Chig‘atoy bosh xotini Yisulun Xotun vafot etgach, uning singlisi Tukan Xotunga uylanib, uni bosh xotinlik maqomiga ko‘taradi. Chig‘atoy o‘z o‘g‘illari va nabiralariga ham asosan qo‘ng‘irot qabilasi vakilalarini olib beradi. Jumladan, Yesu Munka, Olg‘u, Baroq, Duva kabi Chig‘atoy xonzodalarining ham asosiy xotinlari mazkur qabiladan bo‘lgani aytilsa-da, manbalarda malikalarning ismlari kamdan-kam holatlarda eslatilgan. Bu esa mazkur davr tarixiy manbalari Chig‘atoy ulusi hududidan uzoqda yaratilgani bilan bevosita bog‘liq. Rashididdinning “Jome’ at-tavorix” asarida Olg‘uning Tumalun xotun ismli qo‘ng‘irot qabilasidan bo‘lgan bosh xotini bo‘lgani haqida ma’lumotlar keltiriladi.
Chingizxonning uchinchi o‘g‘li O‘qtoyning ham asosiy xotinlari qo‘ng‘irot qabilasidan edi. Jumladan, birinchi va bosh xotini Boraqchin xotun qo‘ng‘irot bo‘lgan. Ammo uning barcha farzandlari tug‘ilishi bilan vafot etgan. O‘qtoy qoondan farzandi bo‘lmasa ham qo‘ng‘irot qabilasi vakilasi bo‘lgani uchun xaramda Boraqchin xotunning obro‘si shahzodalar onalarinikidan ham yuqori bo‘lgan. Buni O‘qtoy vafotidan keyingi voqealarda ham ko‘rish mumkin. Ulug‘ qoon vafotidan keyin Qoraqurum elitasi bir muddat taxtga uning o‘g‘illari emas, regent sifatida bosh xotini Boraqchin xotunni chiqarmoqchi bo‘lishadi. Ammo bu masalaga Chig‘atoy aralashib, ukasi O‘qtoyning boshqa xotini To‘rakina xotunni regentlikka tavsiya qiladi. Chig‘atoy To‘rakina xotun O‘qtoy qoonning asosiy qonuniy farzandlarining onasi ekanligini asos qilib ko‘rsatadi va shu tariqa 1246-yilga qadar qoonlikni To‘rakina xotun idora qiladi.
To‘rakina Xotunning shajarasi manbalar va tadqiqotlarda biroz bahsli va uzuq-yuluq. Ayrim manbalarda u nayman qabilasi vakili sifatida ko‘rsatilsa, boshqalarida qo‘ng‘irot qabilasidan ekani aytiladi. U Chingizxonning boshqa kelinlaridan farqli ravishda imperiya siyosiy hayotida faol qatnashgan hukmdor ayol ham hisoblanib, Chig‘atoy qo‘llab-quvvatlashi natijasida O‘qtoy qoon vafotidan keyin regent sifatida besh yil mobaynida butun imperiyani boshqaradi. To‘rakina Xotunning besh farzandi bo‘lib, bular Guyuk, Ko‘tan, Ko‘chu, Qorachor va Kashi edi. Undan keyin ulug‘ qoonlikka To‘rakina xotunning to‘ng‘ich o‘g‘li Guyuk ko‘tariladi va butun imperiya ulug‘ qooniga aylanadi. Guyuk davrida ham To‘rakina xotunning obro‘si va ta’siri juda yuqori bo‘lgani forsiy manbalarda tilga olinadi.
O‘qtoy qoonning o‘g‘illari va nabiralarining ham aksariyat xotinlari qo‘ng‘irot qabilasi vakilalaridan bo‘lgan. Jumladan, Guyuk, Ko‘tan, Kashi, Malik kabi O‘qtoy avlodlarining ham asosiy xotinlari qo‘ng‘irotlardan ekani aytilsa-da, fors muarrixlari malikalarning ismlarini qayd etishmagan. Bunga 1251-yildan qoonlik hokimiyati O‘qtoy xonadonidan To‘li xonadoni vakillariga o‘tishi ham sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Negaki, aynan shu yilgi Shiramun isyoni sabab ko‘plab O‘qtoy shahzodalari qatl etilgan. Tarixiy asarlarda keyinchalik O‘qtoy mulkini qayta tiklash uchun maydonga chiqqan Qayduning ham bosh xotini Elchiqmish xotun qo‘ng‘irot qabilasidan ekani aytiladi.
Chingizxonning to‘rtinchi o‘g‘li Tolining xotinlari orasida qo‘ng‘irot vakilalari bo‘lsa-da, bosh xotini kerayit qabilasidan edi. Ammo uning o‘g‘illarining bosh xotinlari asosan qo‘ng‘irot qabilasi vakilalaridan bo‘lgan. Jumladan, katta o‘g‘li Munka qoonning xotinlari – O‘ljay xotun, Qutuquy xotunlar qo‘ng‘irot qabilasidan edi. Qo‘ng‘irot qabilasidan bo‘lgan mazkur malikalar keyinchalik Munkaning qoonlik hokimiyatini egallashiga va imperiyani qayta markazlashtirishga yordam berishadi.
Munkadan keyin Xitoy hududida hokimiyatni qo‘lga olib, o‘zini ulug‘ qoon deb e’lon qilgan Xubilayning bosh xotini Tegulen xotun ham qo‘ng‘irot qabilasidan bo‘lgan. Manbalar va tadqiqotlarda Tegulen xotun haqidagi ma’lumotlar juda kam, bunga asosiy sabab ularning farzandlari bo‘lmagan. Xubilayning ikkinchi asosiy xotini ham qo‘ng‘irot qabilasidan bo‘lib, uning ismi Chabi xotun edi. Uning Xubilay qoondan to‘rt o‘g‘li va oltita qizi bo‘lgan. Xubilay va uning oila a’zolari Yuan imperiyasida buddaviylik dinini yanada rivojlanishida xizmat qilgan. Chabi xotun ham konfutsiylik ta’limotining keng yoyilishida katta rol o‘ynagani Rashididdin tomonidan ham e’tirof etilgan. Muarrix uni mo‘g‘ul elitasi orasidagi mavqeyi Chingizxonning buyuk xotini Borte fuchin bilan teng bo‘lganini va u ham juda go‘zal, maftunkor malika ekanini yozadi. Chabi xotun buddaviylik dinining faol targ‘ibotchisi sifatida o‘z farzandlariga xitoycha ismlar qo‘ygan. Shuningdek, u imperiyaning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoy va madaniy hayotida muhim o‘rin tutgan shaxs edi. Yuan shilarda u o‘z davrida elita ayollari uchun urfga aylangan turli xildagi kiyimlarning ijodkori sifatida ham talqin qilinadi. Chabi xotun vafotidan so‘ng Xubilay qoon uning jiyani Nambuy xotunga uylanadi va uni bosh xotinlikka ko‘taradi. Yuan shilarda ta’kidlanishicha, Chabi xotun o‘zi hayotligidayoq jiyani Namuyni bunga tayyorlagan. Bu ma’lumot qo‘ng‘irot ayollari o‘zlaridan keyin ham bosh xotinlik mansabi mazkur qabila vakilalarida qolishi uchun qattiq kurashganini ko‘rsatadi.
To‘lining boshqa bir o‘g‘li Erondagi Elxoniylar (Xulaguylar) davlati asosochisi Xulaguning ham xotinlari orasida qo‘ng‘irot qabilasi vakilalari bor edi. Jumladan, uning bosh xotini Dokuz xotun kerayit qabilasidan bo‘lsa-da, ikkinchi asosiy xotini Oladana xotun qo‘ng‘irot edi. Elxoniylar saroyida yana ko‘plab qo‘ng‘irot malikalari bo‘lgani fors muarrixlarining asarlarida ko‘p marta ta’kidlanadi.
Xulosa qilib aytganda, Chingizxon vafotidan keyin mo‘g‘ul imperiyasi to‘rt katta davlatga bo‘lingan bo‘lsa-da, bu davlatlarning ko‘pchiligida hukmdorlarning onasi yoki bosh xotini qo‘ng‘irot qabilasidan chiqqan. Bu nikoh siyosati tufayli qo‘ng‘irot qabilasi XIII–XIV asrlarda Yevrosiyoning eng qudratli oilalaridan biriga aylandi. Hozirgi o‘zbek, qozoq, qoraqalpoq, no‘g‘ay va qirimtatarlaridagi kungrat/qo‘ng‘irot urug‘lari – aynan o‘sha buyuk imperator kelinlarining avlodlari hisoblanadi. Qo‘ng‘irot kelinlari nafaqat go‘zalligi, balki aql-zakovati va siyosiy ta’siri bilan ham tarixda o‘chmas iz qoldirgan. Ular mo‘g‘ul imperiyasining “yumshoq kuchi” – eng muhim ittifoqchilari edi.
Sevinch ULASHOVA,
Alfraganus universiteti dotsenti,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Jarayon
Mafkura
Tarix
Til
Tarix
San’at
Jarayon
Tarix
Til
Vatandosh
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q