Eskirmaydigan maqolalar – Iqbol Qoʻshshayeva publisistikasi tahlili


Saqlash
11:18 / 30.12.2025 22 0

Ijodiy jarayonlarni yorituvchi ommaviy axborot vositalari aslida madaniyatning tarkibiy qismi boʻlib, auditoriyaga ijodkor fikri, his-tuygʻulari, obrazlarini yetkazishdagi vositachidir. Shu nuqtai nazardan sanʼat va madaniyat mavzusida kontent tayyorlaydigan art-jurnalistga qoʻyiladigan talablar bu sohada bilimning chuqurligi va ifodaning ravonligi bilan chegaralanib qolmaydi. Undan sanʼat olamini nozik tushunish, voqelikdagi obraz va ishoralar mohiyatini idrok etish, ijodkor shaxsi, uning ruhiy olami, his-tuygʻulariga ehtirom koʻrsata bilish, alohida muloqot etikasi, voqelikni xolisona aks ettirishga intilish, bir soʻz bilan aytganda, chinakam kasb mahorati talab qilinadi. Bu sohada yozadigan muallif uchun eng muhimi – koʻrgan voqelikdan oʻzi taʼsirlanishi va uni oʻquvchi kayfiyatiga, holatiga yuqtirishdir.

 

Art-jurnalistika kontekstida muallif – sanʼat hodisalarini tahlil qiluvchi, ularga tanqidiy yondashuvchi, sanʼat mavzularida materiallar tayyorlovchi ijodkor, yaʼni subyektdir. Shu bilan birga, voqelikni taqdim etishdagi ijodiy yondashuvlari, yoritish usullari, pozitsiyasi, tahlil mahorati uning oʻzini ham alohida ijodkor – obyekt sifatida oʻrganishni taqozo etadi.

 

Jurnalistika, ayniqsa, art-jurnalistikada professionallik, muallif talqini munozarali masala. Bu avvalo sanʼatni tushunish masalasida alohida koʻzga tashlanadi. Chunki sanʼat nima degan savolga har kimning oʻz tasavvuri, tushunchasi, bilimi, individual yondashuvi va bu savolga oʻzining javobi bor. Shuning uchun voqelik sifatida yaratilgan asar (sahna, ekran yoki polotno) bitta boʻlsa ham, shu asar yuzasidan turlicha sharh, tahlil, talqinlar beriladi, tadqiqotlar olib boriladi. Jumladan, folklorshunos olim Shomirza Turdimov: “Sanʼat – insonning oʻz-oʻzini anglash yoʻlidagi bilim, kechinma, xulosalarning timsoliy ifodasi. Oʻzlikni topish – manzilga yetishdir”, ‒ desa, Oʻzbekiston xalq shoiri Rauf Parfi: “Sanʼatning vazifasi oʻlimni anglatish. Shakli qanday boʻlishidan qatʼi nazar. Oʻlim – bu sanʼat. Umuman, nechta sanʼat asari koʻrgan boʻlsam, esimda qolgani oʻlimni eslatadiganlari. Tushungan, anglagan insonlar fojia bilan yashaydi. Agarda shakkoklik boʻlmasa, Fojia inson bilan birga tugʻilgan, aniq narsa. Inson oʻlim bilan birga yuradi. U oʻlimini koʻtarib yurishga mahkum”[1], ‒ deydi. Oʻzbekiston xalq artisti Bahodir Yoʻldoshev: “Sanʼat tariqatga oʻxshaydi. Masalan, Naqshband taʼlimoti haqida huda-behuda gapirganing sari, u sendan oʻshancha uzoqlashib ketaveradi. Faqat sanʼatkor gapirishi mumkin boʻlgan xos fikrlar bor, hamma ham emas…”[2], ‒ deya taʼriflasa, jurnalist Iqbol Qoʻshshayeva: “Sanʼatkor oʻz koʻksiga insoniyat qalbini sigʻdira olgan inson”[3], ‒ deb yozadi.

 

Amerika yozuvchisi, art-munaqqid Syuzen Sontag oʻzining “Talqinga qarshi” nomli essesida sanʼat asarlarini baholashdagi anʼanaviy tahlillarni, yaʼni asosiy eʼtiborni uning “mazmuni”ga qaratishni inkor etadi. Sontagning fikricha: “Chinakam sanʼat bizni bezovta qiladi. Uning mazmunini ifodalash, sharhlash orqali inson asarni jilovlaydi. Talqin sanʼatni qoʻlga oʻrgatadi, qulay holatga keltiradi”[4]. Bu fikri bilan aslida Sontag asarni sharhlashga emas, aksincha, uni qatʼiy mezonlar asosida baholashga qarshi boʻlgan. Tanqidchilar bir xil tahlil usullarini takrorlasalar, sanʼat asarlaridagi oʻziga xoslik yoʻqolib, bir xilda koʻrina boshlaydi. Bunday reduktiv talqin asardan koʻra koʻproq tanqidchining oʻzi haqida gapirishiga sharoit yaratadi.

 

Oʻz davrining klassik namunasiga aylangan asarlar sharhi faqatgina sanʼatkorning nuqtai nazarini ifodalash bilan toʻxtab qolmaydi, asarning mohiyati tanqidchilar, sanʼatshunoslar, shuningdek, jurnalistlarning munozaralarida davom etadi. Misol qiladigan boʻlsak, jahonga mashhur Mona Liza (“Jokonda”) portreti haqida shunday bir hikoya bor. Luvrga kelgan tomoshabinlardan biri unga qarab: “Bu asar nega bunchalar yuqori baholanishini hech tushunolmayman”, ‒ deydi. Shunda sanʼatshunos unga qarata: “Uning qiymati – bugun tomoshabin Mona Lizaga emas, aksincha, u tomoshabinga baho beradigan darajaga kelganida”, ‒ degan ekan. Talqinlarning turfaligi faqatgina sanʼat obyektining emas, balki tahlilchining bilimi, dunyoqarashini ham aks ettiradi. Bunda jurnalist nafaqat xabarchi, balki sanʼatning yangi maʼnolarini ochib beruvchi ijodkordir.

 

Texnologiyalar, internet imkoniyatlarining shiddatli rivoji nafaqat axborot maydonidagi cheksizlikka, balki zamonaviy sanʼat qiyofasiga ham katta taʼsir koʻrsatdi. Ommaviy jamiyatning did va talablari oʻzgarib, mumtoz asarlarni hissiz sharhlash, badiiy tafakkurning yuzakilashishi, ijodiy tasavvurning tobora cheklanishi, ommaviy didning oʻtmaslashishiga olib kelmoqda. Bunday vaziyatda sanʼatni tushuntirib beradigan art-jurnalistlarga ehtiyoj katta. Ana shu ehtiyoj soʻnggi oʻn yilliklarda ommaviy axborot vositalarining turli tizimlarida faoliyat olib boradigan Iqbol Qoʻshshayeva, Gulmira Musajonova, Gulchehra Umarova, Lobar Qobilova, Shohsanam Xidirova, Iroda Dadajonova, Shohira Hamro, Ilmira Rahmatullayeva, Mahliyo Mirsoatova, Shohida Eshonboboyeva, Xurshid Abdurashid, Nigora Umarova, Farhod Umarov singari art-jurnalistlar guruhining shakllanishiga turtki boʻldi.

 

2000-yillar boshida “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi sanʼat mavzusidagi chuqur tahliliy, tanqidiy materiallari, professional mualliflar jamoasi bilan boshqa nashrlar orasida yetakchilik qildi. Maʼlum maʼnoda jamiyat madaniy muvozanatini taʼminlashda oʻz hissasini qoʻshdi. Ana shu jarayonlarda yangi ovoz, oʻziga xos uslubi bilan ishtirok etgan art-jurnalist, sanʼatshunos Iqbol Qoʻshshayevaning ijodi alohida tahlilga munosib.

 

Art-jurnalistikaning yana bir oʻziga xos jihati – uning obyekti oʻz dolzarbligini yoʻqotmaydi, jurnalistning ijodiy ishlari (maqolalar, taqrizlar, sharhlar) yillar oʻtgach ham “eskirmay”, oʻz ahamiyatini saqlab qolishi mumkin. Buning sababi – sanʼat turli koʻrinishlarda muayyan davrning eng dolzarb, har tomonlama muhokama markazidagi axborot mavzusi boʻlib qolaverishida. Publitsistik materialning vaqt oʻtib matbuotda takroran eʼlon qilinishi koʻp ham uchramaydi. Jurnalistik asarlarga “bir martalik mahsulot” sifatida qarash, u faqatgina muayyan ijtimoiy vaziyatga taalluqli degan tendensiya ularni adabiy asarlardan farqlaydi. Iqbol Qoʻshshayevaning sanʼat, adabiyot mavzularida yozgan esselari, suhbatlari esa yillar oʻtib ham qayta-qayta eʼlon qilinayotganini kuzatish mumkin. Uning atoqli ozar kompozitori, xonanda Muslim Magomayev haqida “Botindan koʻchgan boʻron” nomli essesi ilk bor 2016-yili “Jahon adabiyoti”[5] jurnalida eʼlon qilingan boʻlsa, keyinchalik “Yosh kuch”[6] jurnali, “Kitob dunyosi”[7] gazetasida ham qayta chop etiladi. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan aktrisa Rimma Ahmedovaga bagʻishlangan esse – “Kumushga aylangan maʼsuma” dastlab 2007-yilda “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida eʼlon qilinib, koʻpchilik sanʼat muxlislariga aktrisa bilan birga jurnalist Iqbol Qoʻshshayevani ham kashf qilish imkonini berdi. Mazkur esse “Sukunat tugʻyonlari” toʻplamida (2009-yil), “Cinema magazine” jurnalida (2009-yil), “Ledi” gazetasida (2014-yil) va oradan 17-yil oʻtib, “Jamiyat”[8] gazetasida takroran chop etilgan. 2011-yili “Jannatmakon” jurnalining 5-sonida Rimma Ahmedova haqida chiqqan yana bir – “Qismat qarshisida tik Ayol” nomli xotira-esseni oradan oʻn yil oʻtgach “oyina.uz”[9] internet sahifasi ham qayta eʼlon qildi. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, Oʻzbekiston xalq artisti, rejissyor Bahodir Yoʻldoshev bilan “Tafakkur toʻlqinlantirgan qalb...”[10] nomli suhbat-monolog ham “Tafakkur” jurnali, “Jadid” gazetasida qayta eʼlon qilingan. Publitsistning esse, suhbatlari davr va makon tanlamasligi, mavsumiy mavzular bilan chegara qoʻymasligi bilan “eskirmaydi”.

 

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Ahmadjon Meliboyev Iqbol Qoʻshshayevadagi ijodkorlik tabiatiga alohida toʻxtaladi: “Uning fikrlari birdaniga, ravon va yengil tugʻilmaydi, goh oʻzidan yengilib, goh gʻolib kelib qogʻoz qoralaydi. Ijodkor uchun bu benihoya muhim xususiyat. Iqbolning yana bir xususiyati – fikrini ortiqcha zeb bilan emas, oʻquvchini oʻylashga, nimadandir xulosa chiqarishga daʼvat etuvchi “yuk” bilan bezaydi. Fikrini oddiy, ammo nazokat bilan ifodalashga harakat qiladi. Suhbatdoshlaridan samimiylik qidiradi, topgan samimiyliklarini oʻquvchi bilan baham koʻrishdan lazzatlanadi”[11].

 

Jurnalistik material yaratishda uslub va mahorat muhim ahamiyat kasb etadi va u uzoq yillik tajribalar, bilim va koʻnikmalar asosida shakllanadi. Jurnalist oʻz uslubiga, ovoziga ega boʻlishi jarayonida tinimsiz mehnat qiladi, izlanadi. Ijodkorning mahorati, mavzu yuzasidan pozitsiyasi ham material uchun tanlagan sarlavhalari orqali oʻquvchiga oʻzi haqidagi dastlabki taassurotni beradi. Iqbol Qoʻshshayevaning “Darvozasiz qolgan dunyo”[12], “Ulgʻayish iztiroblari vaqtning hukmida”[13], “Botindan koʻchgan boʻron”[14], “Siz nima deysiz, Hoji bobo?”[15], “Sanʼat sotiladigan buyum yo musobaqa maydoni emas”[16], “Yigʻlar yuragimda Vatanim”[17] kabi sarlavhalari oʻquvchini oʻyga toldiradi.

 

Asl sanʼat hech qachon ommaviy hodisa boʻla olmaganidek, Iqbol Qoʻshshayeva publitsistikasi ham asosan ziyoli auditoriyani qamrab oladi. Mavzular koʻlami aniq: har qanday ijtimoiy jarayonlarga sanʼat, adabiyot nuqtai nazaridan yondashgan publitsist ijodi ijtimoiy buyurtmadan holi. Xoh esse, xoh suhbat, ilmiy maqola boʻlsin, u koʻtarayotgan mavzu markazida INSON shaxsi, uning individual dunyosi turadi.

 

Jurnalist tanlagan suhbatdoshlar, qahramonlar, tahlilga tortgan sanʼat asarlari uning didi, oʻziga qoʻygan talabi yuqori ekanligidan dalolat beradi. Har bir materialda ularni birlashtirib turuvchi umumiy jihatlar mavjud. Muallifning favqulodda savollari yoʻq, lekin respondent javoblari aslida Iqbol Qoʻshshayeva aytmoqchi boʻlgan fikrlarni, uning qarashlarini ifodalayotganini tushunish mumkin. Har bir suhbatdosh javobida chuqur falsafa, teran fikr bor. Baʼzan savol fikr tarzida keladi. Suhbatda jurnalist eʼtiborni qahramonining faoliyati, erishgan yutuqlariga emas, uning tafakkur olami, iztirobiga qaratadi:

 

Iqbol Qoʻshshayeva: Nazarimda, bugun Sanʼatni aslligicha sof va yuksak darajada asrab qolish mumkin boʻlgan sahna aristokratiyasi, yaʼni madaniy asilzodalik oqsayotgandek.

Hojiakbar Nurmatov: Hozir ijoddan ham koʻra “el xizmatida yurish” birinchi oʻringa chiqqan. Agar toʻy bilan spektakl bir vaqtga toʻgʻri kelsa, rolning oyogʻini osmondan qilib tezroq oʻynashga harakat qilishadi. Eng yomoni shuki, toʻylar aktyorning sirini oʻgʻirlaydi. Sanʼatkor sifatida unda odamlar kashf etishi mumkin boʻlgan hech qanaqa sir qolmaydi... Yallachilarning nuqsi urib ketgan qiyofa bilan tarixiy shaxslarni, ularning onalari yoki yorini sahna va ekranda gavdalantirish gunoh”[18].

 

Sanʼat mavzusida yozadigan muallif suhbatdoshini “ochish”dagi eng katta mahorati – qahramonini yaxshi oʻrganishi, suhbat uchun uzoq tayyorgarlik koʻrishi, shuningdek, fikrdosh, xayrixoh sanʼatkorlarni saralay olishida koʻrinadi. Bu I.Qoʻshshayeva ijodida yaqqol koʻzga tashlanadi. Publitsistik material muallif ruhiy prizmasidan oʻtgan kechinmalar, oʻy-fikrlari, his-tuygʻular orqali muallifning maʼnaviy yuki (bagaji)ga quriladi.

 

Iqbol Qoʻshshayeva qahramonlari haqida yozar ekan, ulardagi intellekt bilan tuygʻular mutanosibligini ochishga koʻproq eʼtibor qaratadi. Ijodkor oʻzi yaratayotgan qahramon dunyosini tushunishga, boshqalarga tushuntirishga harakat qiladi. Qahramonlarini oʻrganish, tushunish, his qila olish uchun uzoq vaqt sarflaydi. Fikrimizcha, publitsistda qahramon obrazini toʻla toʻkis shakllangach, “pishib yetilgach”, qogʻoz qoralashga kirishadi. Shuning uchun ham uning publitsistik asarlarini u yoki bu janrga oid deb aniq aytish qiyin. Chunki birgina ijodiy asarning oʻzida ham badiiy tasvir, ham lirika, ham nasr, ham tahlilga asoslangan maʼlumotlar keltiradi. U har bir qahramonning dardi, iqrorlari, his-tuygʻulari, qalb kechinmalari, isyonini tasvirlash, savollar orqali chiqarib berish bilan birga ularning psixologik portretini ham mohirona chizadi. Oʻzbekiston xalq artisti Dilorom Karimova bilan qilingan suhbatda qahramonninggina emas, publitsistning ogʻriqlari, oʻzini qiynayotgan va javobi oʻzi bilan kelayotgan savollarni oʻqiymiz:

 

Iqbol Qoʻshshayeva: Isteʼdod qancha nodir boʻlsa, oʻshancha moʻrt ham keladi. Negadir shaxsga sigʻinishning xunuk kasri birinchi boʻlib shoir shuuriga urar ekan. Choki soʻkilgan ongdan toʻkilgan xirmon-xirmon qasidalar xazon barglari kabi yer bilan bitta boʻlsa ham, qoʻl qalamni qoʻyay demaydi... Bir marhum shoirning oʻlimi arafasida yozgan dostoni meni shunday achchiq xulosaga undadi. Agarda ilohiy bir ovoz “Bu sening soʻnggi soʻzing, qoʻlingga qalam olishga boshqa imkon berilmaydi” deb shivirlaganida ham, u madhiya yozarmidi?

Dilorom Karimova: Har bir tirik jon fitratida xavf-xatardan qochish, oʻzini asrash instinkti mavjud. Inchunin, insonda ham har qanday koʻngilsizlikdan, baloyi qazodan himoyalanish savqitabiiysi bor. Hayot uchun kurash – tiriklikning asosiy qonunidir... Umr fasllari osha hayotning oʻzagiga yaqinlashib borar ekansiz. Baxt nima degan savolga birinchi javobim – mehnat edi. Keyin sevgiga koʻchdim. Koʻp oʻtmay, baxt bu – fikr degan toʻxtamga keldim. Fikr orqali boʻron-u yomgʻirni idrok etasiz. Tabiatdagi har bir hodisa, butun borliq insonni anglash uchun yaratilgan deb bildim. Endi-chi? “Yigʻlar yuragimda Vatanim...” degan ulugʻ Oybekning kayfiyatidaman. Millat uchun yagona najot – ilm-maʼrifatda! Boshqasi bekor...”[19].

 

Iqbol Qoʻshshayeva qahramonida tafakkur teranligini koʻra olsagina uni oʻquvchiga ham taqdim etadi. Odatda sanʼatkorlar haqidagi publitsistik materiallar uning bolalik yillari, faoliyati, erishgan yutuqlari, bu yoʻldagi qiyinchiliklari, baʼzan turmush tarzi haqida tayyorlansa, Iqbol bu jihatlarga deyarli eʼtibor qaratmaydi. Uning Bahodir Yoʻldoshev, Hojiakbar Nurmatov, Rimma Ahmedova, Dilorom Karimova, Kumush Razzoqova haqida tayyorlagan materiallarida oʻquvchi sahna yuziga aylangan, bizga rollari bilan tanish boʻlgan mashhurlar qiyofasini emas, balki ularda yashayotgan ziyoli SHAXS fenomenini, ulugʻvorlikni koʻradi. Oʻziga xiyonat qilmagan, eʼtiqodi, qalbi butun, tuygʻulari toza, sahnada ham, hayotda ham aldamaydigan qahramonlarni izlaydi. Rimma Ahmedovaga bagʻishlangan esseda aktrisa nigohlarida yashiringan maʼyuslik, xokisorlik, vazminligidagi asilzodalik, gʻamgin, ammo ulugʻvorlik siri uning qismatiga aylangan muhabbatida ekanini anglaymiz: “Muhabbat – shunaqangi jumboqki, sen uni tushuntirib berolmaysan. Nima uchun sevishingni aytolmaysan. Sevasan yo sevmaysan. Tamom. Mening topganim bu shirin azob. Negaki sen baribir qisqa boʻlsa-da, u bilan kechgan, baxtli, nurli kunlarning xotirasi uchun ham... astoydil kechirib, uni oʻylashda davom etaverarkansan. ...Yuraging urib turar ekan xato qilishdan toʻxtamas ekansan. Gohida mehring ham xatolaringga aylanarkan. Faqat oʻlim bilangina bularga nuqta qoʻyarkansan. ...Yoʻ-oʻq, oʻtgan kunlardan sira afsus chekmoqchi emasman. Boshqacha boʻlolmasdim ham”[20].

 

Publitsist xoh sanʼatkor, xoh sanʼat asari haqida fikr bildirishda xolis boʻlishga urinadi. Muzaffar Erkinov rejissyorligidagi “Abdulla Oripov” badiiy filmiga taqriz yozar ekan, kartinani “shoir umriga bir qur razm solish”, “shunchaki koʻz yugurtirish” deya baholaydi. “Har qanday filmda, u tarixiy-biografik janrda ishlangan boʻlsa-da, katta badiiy niyat ‒ gʻoya yashiringan boʻladi. Qahramon qismatining qaysidir qirrasi orqali aytilish zarur boʻlgan muhim GAP gapiriladi. Abdulla Oripov hayoti namuna qilib koʻrsatilishi koʻzlangan filmdagi muhim GAP nimada?” deya “Oppenhaymer” (rejissyor Kristofor Nolan) filmidagi atom bombasining yaralishi gʻoyasi boshidanoq xato boʻlgani, bu koʻpgina kulfatlar debochasi ekani uch soat davomida tushuntirilganini misol keltirib, bu orqali shoirning ham xatolariga ishoralar tashlab oʻtadi. Shoirning umri oxirida yozgan “Monolog”idagi “Men yopiq qoʻrgʻonda yashadim qoʻrqib...” satri sarlavhaga olinishi ham uning obraziga bergan eng toʻgʻri chizgi ekanini ifodalaydi. Abdulla Oripov isteʼdodining salmogʻi kabi ziddiyatli shaxsiyat Shodmonqul Salom ijrosida “...mudom jiddiy, oʻychan, sipo, oʻta tavozeli, odobi jigarni ezadigan darajadagi silliq shaxs sifatida”[21] gavdalangani, aslida uning badiiy qiyofasi Gyote va Bulgakov talqinidagi timsollar bilan teng ekanini taʼkidlaydi. Lekin hadiklar ichra shunaqa obrazni yaratish mumkinmi, degan savol bilan film qanday muhit va sharoitda yaralganiga ishora tashlaydi.

 

Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, art-jurnalistikada muallif mahorati, uning sanʼat va sanʼatkorga nisbatan pozitsiya, simpatiyasi bir asar yoki ijodkorni turfa ranglarda, turli qirralarda koʻrish, kashf etish, anglash imkonini beradi. Boz ustiga jurnalist muayyan sanʼat turining mohir bilimdoni yoki bir vaqtning oʻzida sanʼat vakili boʻlsa, u oʻzi yoritayotgan obyekt mohiyatini yanada chuqurroq tushunish va tushuntirishga erishadi. Aks holda, badiiy tanqid havaskorlik darajasida qolib, ommaviy auditoriyaning didiga moslashadi.

 

Zabarjad BOBOJONOVA,

OʻzJOKU katta oʻqituvchisi

“Jahon adaviyoti” jurnali, 2025-yil, 11-son

“Talqin san’ati – tafakkur bezagi” maqolasi

 


[1] Turdimov Sh. Tut gullagan payt. – URL: https://kh-davron.uz/yangiliklar/tut-gullagan-payt-rauf-parfi-bilan-suhbat.html.

[2] Iqbol Abdurazzoq qizi. Tafakkur toʻlqinlantirgan qalb… // Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati. ‒ 2014. ‒ 23-son.

[3] Oʻsha manba.

[4] Syuzen Sontag. Protiv interpretatsii. – URL: https://admarginem.ru/2020/07/09/syuzen-sontag-protiv-interpretatsii/.

[5] Qoʻshshayeva I. Botindan koʻchgan boʻron // Jahon adabiyoti. ‒ 2016. ‒ 5-son.

[6] Qoʻshshayeva I. Sen mening kuyimsan // Yosh kuch. ‒ 2016. ‒ 5-son.

[7] Qoʻshshayeva I. Botindan koʻchgan boʻron // Kitob dunyosi. ‒ 2024. ‒ 5-6-son.

[8] Qoʻshshayeva I. Kumushga aylangan maʼsuma // Jamiyat. ‒ 2024. ‒ 32-33-son.

[9] Qismat qarshisida tik Ayol. – URL: https://oyina.uz/kiril/article/270 (murojaat sanasi: 01.04.2025).

[10] Qoʻshshayeva I. Tafakkur toʻlqinlantirgan qalb // Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati. ‒ 2014. ‒ 23-son.

[11] Meliboyev A. Sukunat tugʻyonlari. ‒ Toshkent: Yangi asr avlodi, 2009. ‒ 3-b.

[12] Qoʻshshayeva I. Darvozasiz qolgan dunyo. ‒ URL: https://kh-davron.uz/kutubxona/uzbek/iqbol-qoshshaeva-darvozasiz-qolgan-dunyo.html.

[13] Qoʻshshayeva I. Ulgʻayish iztiroblari vaqtning hukmida // Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati. ‒ 2006. ‒ 31-son.

[14] Qoʻshshayeva I. Botindan koʻchgan boʻron // Jahon adabiyoti. ‒ 2016. ‒ 5-son.

[15] Qoʻshshayeva I. Siz nima deysiz, Hoji bobo? // Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati. ‒ 2010. ‒ 44-son.

[16] Qoʻshshayeva I. Sanʼat sotiladigan buyum yo musobaqa maydoni emas // Jadid. ‒ 2024. ‒ 20-son.

[17] Qoʻshshayeva I. Yigʻlar yuragimda Vatanim // Tafakkur. ‒ 2021. ‒ 4-son.

[18] Qoʻshshayeva I. Ulgʻayish iztiroblari vaqtning hukmida // Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati. ‒ 2006. – 31-son.

[19] Yigʻlar yuragimda Vatanim // Tafakkur. ‒ 2021. ‒ 4-son. 40-bet.

[20] Qoʻshshayeva I. Kumushga aylangan maʼsuma // Jamiyat. ‒ 2024. ‒ № 32-33.

[21] Qoʻshshayeva I. Men yopiq qoʻrgʻonda yashadim qoʻrqib... – URL. https://www.gazeta.uz/uz/2024/03/23/abdulla-oripov/

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:12 / 26.12.2025 0 150
“Boburnoma” nega Ovrupada mashhur?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//