Amir Temur tarixi yoritilgan aksar manbalarda sarkardaning zafarli yurishlari, davrning siyosiy manzaralari bilan birga qisman etnik maʼlumotlar ham uchraydi. Masalan, forsiy manbalarda Movarounnahr aholisining umumiy soni, guruhlarga boʻlinishi toʻgʻrisida maʼlumotlar keltirilmagan. Ammo, tarixiy voqealar bayonida etnoslarning nomi, yashagan hududi, yetakchilari, koʻchirilgan yoki koʻchib oʻtgan hududlari toʻgʻrisida qaydlar mavjud. Manbalarda aynan biror etnik guruh xususida toʻgʻridan-toʻgʻri maʼlumot (sulduzlar tumani, jaloyirlar joylashuvi va boshq.) berilsa, aksariyat hollarda shaxs ismlari bilan birga keltiriladi (amir Muayyad arlot, amir Bayon sulduz kabi).
Gʻiyosiddin Ali Yazdiy asarida oʻnga yaqin, Nizomiddin Shomiy va Muiniddin Natanziylarda yigirmaga yaqin, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”sida esa oʻttizdan ortiq Movarounnahr bilan bogʻliq etnonimlar sanab oʻtilgan. Shuningdek, temuriylar davrida yaratilgan yana bir qancha forsiy manbalarda Amir Temur davridagi etnik holat xususida maʼlumotlar mavjud.
Temur davri yoritilgan forsiy manbalarning aksariyatida harbiy-siyosiy jarayonlarda arlot, sulduz, barlos, jaloyir, nayman, keroyit, arkanut, qangʻli, qavchin, dugʻlot, nukuz, qipchoq, toyjiyut (toyjiut), apardiy, qoʻngʻirot, makrit, mangʻit, bahrin, qishliq, argʻun, tagʻochi, axtachi, oʻyrot, qiyot, qutchi (quchchi, qushchi), qozoq, turkman, uygʻur, turk, tojik (tozik), moʻgʻul, yasovur, xazora, nekudar, arab, qora tatar, tatar kabi etnonimlar koʻp bor eslatilgan. Shuningdek, baʼzi oʻrinlarda aholiga nisbatan joy nomini qoʻllash hollari ham uchraydi. Masalan: samarqandlik, xorazmlik kabi.
Forsiy manbalarda Movarounnahr aholisining asosi turk-u tojik iborasi bilan eslatiladi. Bu nom baʼzi oʻrinlarda faqat oʻtroq aholiga nisbatan qoʻllangan. Shuningdek, turk-u tojik soʻzi moʻgʻul-u tojik shaklida ham almashib kelgan. Muiniddin Natanziy amir Husaynning magʻlub etilishi voqealari bayonida “barcha amirlar va qolgan moʻgʻul-u tozik amir Husayndan dilgir boʻldi”, degan maʼlumotni keltiradi. Bu yerda XIV asr 60-70 yillarida mintaqa harbiy-siyosiy hayotida muhim oʻrin tutgan amirlar va ularning qoʻshini nazarda tutilgan. Qoʻshindagi askarlar turkiy yoki moʻgʻul etnik kelib chiqishga ega boʻlishidan qatʼiy nazar, moʻgʻul etnonimi bilan ifodalangan. Shuningdek, manbalarda turk, tojik, moʻgʻul etnonimlari alohida qoʻllangan holatlar ham koʻp.
Turk etnonimi manbalarda keng va tor maʼnolarda keltirilgan. Tor maʼnoda biror qabilaning etnik kelib chiqishini ifodalasa, keng maʼnoda xalqqa yoki qoʻshinga nisbatan umumiy nom sifatida qoʻllangan.
Tojiklar (tozik shaklida ham uchraydi) Movarounnahrning asosiy aholisi sifatida mintaqaning turli hududlarida, jumladan, Buxoro va Samarqandda turkiy aholi bilan yonma-yon istiqomat qilgan. Amir Temur qoʻshinining asosini turkiy va moʻgʻul xalqlari tashkil etgani, tojiklardan ham alohida boʻlinmalar tuzilib, “Lashkari tojik” deb nomlangani toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud. Shuningdek, sohibqironning tojiklardan maxsus aygʻoqchilari boʻlgani va ular qoʻshni davlatlardagi harbiy-siyosiy vaziyat xususida maʼlumot berib turgani “Zafarnoma”da eslatiladi.
Baʼzan biror shahar aholisiga yoki qoʻshinga nisbatan bir etnos nomi qoʻllangan Xususan, Sarbadorlar jangida Samarqand xalqi “tojik” etnonimi bilan ifodalangan. Yazdiy Amir Husayn Buxoroga bostirib kirganda shahar xalqiga nisbatan “tojik eli” atamasini ishlatgan. Oʻz navbatida uning qoʻshini qoraunas eli, qarounas cherigi iboralari bilan ifodalangan. Bu shahar yoki qoʻshinda oʻsha etnosning koʻpchilikni tashkil etishi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.
Bu davrda Fargʻona, Toshkent va Xorazm aholisining katta qismi sart deb atalgan. Sart etnik nom boʻlmay, muqim yashovchi aholining yigʻindi nomi boʻlgan. V.V.Bartoldga koʻra, sart atamasi tojik maʼnosini beradi. Ammo sartlarning bir qismining kelib chiqishi turklashgan sugʻdiylar boʻlgan. Oʻrta Osiyodan sharqiy oʻlkalarga savdo uchun borganlar etnik mansubligidan qatʼiy nazar sartlar deb atalgan. Mahmud Qoshgʻariy sart atamasini “savdogar” maʼnosida izohlagan. Bobur “fors-tojik tilida soʻzlashuvchi xalqlar sartlardir”, deydi. Demak, sart atamasini bir xalqqa tegishli deb boʻlmaydi. Umumiy maʼnoda sart – oʻtroq yashab, savdo-sotiq va hunarmandchilik bilan shugʻullangan tojik va turkiylarga qoʻllanilgan, deyish mumkin.
Yuqorida aytilganidek, forsiy manbalarda arlot, sulduz, barlos, jaloyir, nayman, keroyit, arkanut, qangʻli, qavchin, dugʻlot, nukuz, qipchoq, toyjiyut, apardiy, qoʻngʻirot, makrit, mangʻit, bahrin, argʻun, oʻyrot, uygʻur, turk, tojik, moʻgʻul, yasovur, xazora, nekudar va boshqa etnonimlar koʻp bor tilga olingan. Bu davr ijtimoiy, siyosiy hayotida faol etnoslardan biri – arlotlar edi. Arlotlar asosan, Surxondaryo viloyatining janubi, Termiz atroflari va Afgʻonistonning shimoliy mintaqalarida yashagan. “Tarixi Rashidiy”da aytilishicha, arlotlarning bir guruhi Xorazmda ham boʻlib, yetakchilari aka-uka Turkan va Turmish arlotlar 1376-yilda Soʻfilar qoʻshini tarkibida Amir Temurga qarshi janglarda ishtirok etgan. Keyinchalik arlotlarning aksariyati Amir Temurga sidqidildan xizmat qilgan. Sohibqironning opasi Shirinbeka ogʻa va amir Muayyad arlotning turmush qurgani (ulardan amirzoda Ali arlot tugʻilgan) ikki oʻrtadagi munosabatlarni yanada iliqlashtirgan.
Amir Temur sarkardalari orasida ham arlotlar talaygina edi. Xususan, Tilonchi arlot moʻgʻullarga qarshi janglarda qanbulni boshqargan, Sayyid Ali arlot Shaki viloyati (Eron)ning dorugʻasi boʻlgan.
Apardiylar ham Amir Temur davridagi faol etnik guruhlardan biri edi. “Zafarnoma”da aytilishicha, apardiylar naymanlar tarkibiga kiruvchi etnik guruh boʻlib, koʻpchilikni tashkil etgan. XIV asr 50-yillar oxirida Muhammad Xoja apardiy Shibirgʻonni, Oʻljoytu apardiy Xuttalonni daʼvo qilib chiqishi ularning katta kuchga ega ekanidan dalolat beradi. Apardiylar keyinchalik, Amir Temur hokimiyatini tan olib, Zinda Chashm apardiy, Xoja Ali Yusuf apardiy va boshqalar unga xizmat qilgan.
Bu davrda eng faol etnik guruhlardan biri barloslar boʻlib, ularning ijtimoiy, siyosiy faolligi moʻgʻullar davridan boshlangan. Manbalarda – asosan, nasabnomalar (“Muizz al-ansob”, “Toʻrt ulus tarixi”) va Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafanoma” asarida barloslarning genezisi Chingizxonning ulugʻ momosi Alan Quvaga olib borib taqaladi. Unga koʻra, Alan Quva naslidan Qobulxon davrida Qochulining oʻgʻli Erdamchiga “barlos” laqabi beriladi. Shundan keyin uning naslidan boʻlganlar barloslar deb yuritilgan.
Barloslarning harbiy-siyosiy hayotda bir qadar faollashuvi Amir Temurning hokimiyatga kelishi bilan bevosita bogʻliq. Ular moʻgʻullar davrida ham yetakchi qabila sifatida Movarounnahr boshqaruvida alohida oʻrin tutgan. Barloslar XIV asr 60-70 yillaridan yana-da kuchaygan. Bu davrda ular Qashqa vohasida yashab, vohani boshqarib kelgan. Xususan, vohaning yuqori qismi –Keshda Hoji Barlos, quyi qismi – Qarshida Joku Barlos hokimlik qilgan.
Barloslar Amir Temur Movarounnahr hokimiyatiga kelguniga qadar asosan Qashqa vohasida yashagan boʻlsa, XIV asr soʻnggi choragi va XV asr davomida ularning turli hududlarga yoyilgani kuzatiladi. Bu mamlakat boshqaruvi va harbiy harakatlar bilan bevosita bogʻliq. Oʻz-oʻzidan Amir Temur sarkardalari va mulozimlari orasida barloslar koʻpchilikni tashkil etgan. Biror hududga qoʻshin tortish lozim boʻlsa, sarkardalar orasida, albatta, barlos amirlari ham boʻlgan. Shuningdek, Amir Temur farzandlari yoki nabiralarini biror viloyatga hokim qilib joʻnatsa, yoniga barloslardan ishonchli beklarni ham qoʻshib yuborgan. Natijada, moʻgʻullar davrida Qashqa vohasida uyushib yashagan barloslar Movarounnahr, Xuroson, Qobul, Kashmir, Hindiston, Eron kabi Amir Temur nazorat oʻrnatgan sarhadlarga yoyilgan. Maʼlumki, biror amir yoki bek shahzodalarga mulozim sifatida boshqa hududga yuborilsa, oʻz navbatida uning oilasi, yaqin qarindoshlari va qaramogʻidagi qavmdoshlari ham u bilan birga koʻchgan. Shu bois, ular borgan hududda ham shu qavmning guruhlari paydo boʻlgan. Bu bir jihatdan yirik qabilaning parchalanib, qisqa fursatda mahalliy aholi bilan qorishib ketishiga sabab boʻlgan.
Amir Temurning barloslardan boʻlgan sarkarda va mulozimlarining bir qanchasini quyida sanab oʻtamiz: Sulaymon barlos, Joku barlos va Hinduka barlos, Idigu barlos (Hoji Barlosning ukasi), Nurmalik barlos, Toʻkal Yodgor barlos, Tugʻluq Hoja barlos (bular Misrga qarshi yurishda ishtirok etgan), Jahongir barlos, Jaloliddin barlos, Toʻkal barlos, Sulton barlos, Davlat Xojai barlos, Yusuf barlos (bular Anqara jangida qatnashgan), Bahlul barlos (Gilon yurishida ishtirok etgan), Siddiq barlos, amir Husayn barlos, Gʻiyosiddin barlos (u Kermon dorugʻasi boʻlib, Idigu barlosning oʻgʻli, Joku barlosning akasi edi), Nurmalik barlos, Yodgor barlos, Jahonshoh barlos, Jugʻom barlos va boshqalar.
Amir Temur barloslarni nafaqat temuriylarga mulozim-u sarkarda qilib tayinlagan, balki ularga maʼlum hududlarni suyurgʻol shaklidayam bergan. Masalan, Murod barlos ibn Choʻgʻom barlosga – Balx, Idigu barlosning oʻgʻli Muhammad Darvesh va Hoji Barlosning nabirasi Ali Darveshga – Xuroshani (Xuroson yaqinida joylashgan qishloq), Sayfal barlosga – Qandahorni, Ali barlosga – Xuttalonni.
Bu davrdagi faol etnoslardan yana biri bahrin (borin)lar boʻlib, ular Chigʻatoy ulusi siyosiy hayotida yetakchi hisoblangan. Chigʻatoy ulusi ikkiga boʻlingach, bahrinlarning aksariyati sharqiy ulus (Moʻgʻuliston)da qolgan. Xususan, Tugʻluq Temur qoʻshinida bahrinlarning maxsus guruhlari boʻlgan. Mirzo Haydar 1365-yilgi “Loy jangi”da moʻgʻul xoni Ilyosxojaning Dumasa va Chanpu bahrin ismli sarkardalari halok boʻlganini yozadi. Sharqiy ulusdagi bahrinlar Doʻlandan 3 kunlik yoʻlda joylashgan Uruqtomda yashagan. Ular sharqiy Chigʻatoy ulusida yetakchi mavqega ega boʻlib, moʻgʻul xonlariga ham xavf solgan. Amir Temur qoʻshinida ham bahrinlarning alohida guruhlari boʻlgan. Shomiyning “Zafarnoma”sida borin qabilasidan Tumsa va Jamrodiy ismli amirlar tilga olinadi.
Amir Qazagʻanning kuyovi Qutlugʻ Temur bu davrdagi yana bir etnik guruh – buruldoy (buldoy)larga mansub boʻlgan. Buruldoylar asosan Qunduz va uning atroflarida yashagan. Amir Temur va amir Husayn buruldoy elini toʻplab, ular yordamida Badaxshonga yurish qiladi. 1390-yil Amir Jahonshoh buruldoy, talliqon va apardiy cheriki bilan Qunduzdan Amir Temur oldiga yoʻl oladi. Ammo yoʻlda buruldoy eli dushman yoʻliga oʻtadi. Buruldoylar Amir Temurga bir necha bor dushmanlik qilgani manbalarda eslatiladi. Jumladan, toyjovutlardan amir Musobekning oʻgʻli Muhammadbek Mirka (U Amir Temurning qizi Ogʻa begimga uylangan) buruldoy eli bilan birga Amir Temurga xiyonat qiladi. Oqibat isyonchilar sohibqiron tomonidan jazoga tortiladi.
Amir Temurning Dashti Qipchoq va Xorazmga qilingan yurishlari oldidan qoʻshindagi aka-uka Junayd va Boyazid buruldoy ismli amirlar boshchiligidagi buruldoylar isyon koʻtarishadi. Ular sohibqironning bu yurishiga qatnashishdan bosh tortadi. Shundan soʻng Amir Temur ularni taʼqib ostiga oladi va jazolaydi. Buruldoy amirlari Pirmuhammad Mirzoning oʻrtaga tushishi bilan omon qoldiriladi. Shundan soʻng, Junayd va Boyazid buruldoylar Pirmuhammad Mirzo xizmatiga oʻtadi.
XIV–XV asrlarda Movarounnahrda yashagan etnoslardan biri – dugʻlotlarning Fargʻona, Samarqand, Qorategin, Hisor va boshqa viloyatlarda tarqoq holda yashagani “Boburnoma”da eslatilgan. Manbada yozilishicha, Hisor dugʻlotlari Boburga begʻaraz xizmat qilgan.
Chigʻatoy oʻz mulkini taqsimlaganda, Manglay Subani (Kungay taraf) amir Buloji dugʻlotning bobosi amir Urtubuga beradi. Manglay Subaga Qoshgʻar hamda Xoʻtan hududlari kirgan va u Shosh, Chalish, Issiqkoʻl va Sariq uygʻurlar bilan chegaralangan. Sharqiy Chigʻatoy ulusi anʼanalariga koʻra, ulus oqsoqolligi dugʻlotlarga berilgan. Mirzo Haydarning yozishicha, amir Xudoydod dugʻlot Xizr Xojaxondan Uvaysxongacha boʻlgan olti moʻgʻul xonini taxtga chiqargan va ulusbegi vazifasini bajargan. “Tarixi Rashidiy”da yozilishicha, moʻgʻul xonlari dugʻlotlarga oʻn ikkita imtiyoz bergan, ammo bu toʻgʻrida boshqa biron-bir manbada maʼlumot uchramaydi.
Dugʻlotlar Amir Temur davlatida ham muhim davlat va harbiy amallarni egallagan. Xususan, Amir Temurning opasi Qutlugʻ Turkon ogʻaning eri – amir Dovudbek Movarounnahrdagi dugʻlotlarning yirik amirlaridan edi. Amir Dovudbek dugʻlot boshchiligidagi dugʻlotlar Amir Temurning 1375-yil Moʻgʻulistonga qilingan harbiy yurishida ham ishtirok etgan. Yuqoridagilarga asoslansak, dugʻlotlarning bir guruhi Amir Temur davrida Movarounnahrda ham istiqomat qilgan.
Jaloyirlar ham Movarounnahrdagi yirik etnoslardan edi. Avvalgi asrda Movarounnahrda oʻrnashgan jaloyirlarning avlodlari bu paytda ham Xoʻjand va Ohangaron vodiysida yashagan. Ularga amir Boyazid jaloyir boshchilik qilgan. Uning Odilshoh, Muhammad Darvish, Ali Darvish ismli oʻgʻillari boʻlib, Boyazid jaloyir vafotidan soʻng, Amir Temur Xoʻjandni ularga topshiradi. Ammo, ular sadoqat qilmay, bir necha bor isyon koʻtaradilar. Xususan, Odilshoh jaloyir Amir Temurning Xorazmdaligidan foydalanib, Sori Bugʻa qipchoq bilan birga Samarqandga bostirib boradi. Shundan soʻng, Amir Temur jaloyir ulusini beklarga boʻlib beradi va ularni guruhlarga ajratib, asosan, Zarafshon boʻylariga koʻchiradi. Shu tariqa jaloyirlarning Ohangaron va Xoʻjand ulusi tarqatib yuboriladi. Jaloyirlar Amir Temur vafotidan soʻng yana Xoʻjand va Oʻtrorda faoliyat yurita boshlaydi.
Movarounnahrdagi jaloyirlarning bir guruhiga Musabek jaloyir boshchilik qilgan. U amir Husaynga tobe boʻlib, baʼzi amirlar bilan birga uni Amir Temurga qarshi qoʻyishga koʻp harakat qiladi. Jaloyirlarning yana bir guruhiga bosh boʻlgan Bahrom jaloyir 1370-yili Amir Temurning hokimiyatga kelishida katta xizmat qiladi. Amir Temur ulkan xizmatlari uchun unga amir Husaynning katta xotini Sevinch Qutluq ogʻani (Tarmashirinning qizi) xotinlikka beradi. Biroq Bahrom jaloyir keyinchalik sadoqatsizlik qilib, Amir Temurga qarshi fitnaga bosh qoʻshadi va jazolanadi. Oltin Oʻrda xoni Jonibekxon qoʻl ostidagi Ahmad jaloyir boshchiligidagi jaloyirlar Amir Temur bilan oʻzaro urushlarda yengilib, Misrga qochadi. Uning vafotidan keyingina ortga qaytishadi. Jaloyirlarning shu kabi sadoqatsizliklari tufayli Amir Temur ularga unchalik ishonmagan.
Markitlarning maʼlum qismi Amir Temurning harbiy yurishlarda ham ishtirok etgan. Xususan, Muborakshoh markit Amir Temurning hazora beklaridan edi. Shuningdek, markitlardan iborat maxsus harbiy boʻlinma ham boʻlib, ular Kula va Tovus qalʼalarini zabt etishda jasorat koʻrsatgan. Natanziy Amir Temurning Gurjiston va Abxoz oʻlkalariga uyushtirgan janglarida markit qabilasi lashkari ham qatnashganini yozadi. Manbalarda keltirilganlarni inobatga olsak, markitlarning bir qismi Amir Temur davrida Movarounnahr va unga tutash mintaqalarda istiqomat qilganiga shubha qolmaydi.
Bu davrda Movarounnahrda istiqomat qilgan etnoslardan yana biri mangʻitlar edi. Ular moʻgʻul qabilasi boʻlib, ajdodlari XIII asr boshlarida Moʻgʻulistonda yashagan. Mangʻitlar XIII asr mobaynida Dashti Qipchoqqa oʻrnashib, XIII–XIV asrlarda kichik-kichik guruhlarda Movarounnahrga kirib kelgan. Shuningdek, XIV asr oxirlarida Oltin Oʻrda mangʻitlarining bir guruhi Toʻxtamishxondan qochib, Movarounnahrdan panoh topgan. Biroq oʻlkadagi mangʻitlar kam sonli boʻlib, ularning yirik guruhlari bu paytda ham Dashti Qipchoqda koʻchib yurgan.
Naymanlar. Amir Qazagʻan vafotidan soʻng mahalliy hokimlar boshboshdoqligi kuchaygach, Hamidxoʻja nayman Andxoʻy va Shibirgʻonni qoʻlga kiritadi. Bundan naymanlar harbiy-siyosiy hayotda ham barlos, sulduz, jaloyir kabi yirik etnik guruhlar qatorida maʼlum kuchga ega boʻlganini koʻrish mumkin. Amir Temur davrida ham naymanlar yuqori davlat amallarini egallagan. Xususan, sohibqironning ishonchli sarkardalaridan biri Oqbugʻa bahodir nayman yetakchilaridan boʻlgan. Yuqorida aytilganidek, Movarounnahrdagi naymanlar tarkibida apardiy guruhi koʻpchilikni tashkil etgan.
Forsiy manbalarda tilga olingan yana bir etnos – sulduzlarning Chagʻaniyon, Hisor vodiysi va Shimoliy Afgʻonistonda yashagani tarixiy voqealar bayonida koʻrinadi. Movarounnahrdagi sulduzlarga Bayon Sulduz boshchilik qilgan. U Hisori Shodmon sulduzlari bilan birga amir Qazagʻanning Hirotga yurishida qatnashgan. Bayon Sulduz boshchiligidagi sulduzlar Amir Qazagʻan vafotidan soʻng Movarounnahr siyosiy hayotida yetakchilikka erishib, Samarqand boshqaruvini qoʻlga oladi. XIV asr 50-yillarida etnoslarning boshqa bir qismiga Oʻljoy Bugʻo Sulduz boshchilik qilgan. Bu davrda sulduzlarning yana bir qismi Seistonda yashagan va ularni Pir Ali Sulduz boshqargan.
Sulduzlar Amir Temur davlatida katta nufuzga ega boʻlgan. 1370-yil aprelda Balxda Amir Temurni oq kiyizga oʻtqazib, taxtga chiqarish marosimida Bayon Sulduz ham ishtirok etgan. Ularning munosabatlari qarindoshlik bilan bogʻlanib, Amir Temur uning qizi Ulus ogʻaga uylanadi. Sulduzlar Amir Temurga har doim ham sadoqatli boʻlmagan. Xususan, Bayon Sulduzning oʻgʻli Shayx Muhammad sulduz Amir Temurga qarshi uyushtirilgan suiqasdda ishtirok etgan. Buning uchun u qatl etilib, sulduz tumani Oq Temur Bahodirga topshiriladi. Oq Temur Bahodirning oʻgʻli Shayx Temur boshliq sulduzlar ham keyinchalik Amir Temurga xizmat qilgan.
Sulduzlar boshqa harbiylashgan qabilalarga qaraganda son jihatidan koʻpchilikni tashkil qilgan. Yazdiyning yozishicha, Amir Temur qoʻshinida ularning xazoralari bor edi. Sulduz xazoralari Toʻxtamish bilan boʻlgan Qunduzcha jangida (1391-yil 18-iyun), Misrga, Dashti Qipchoqqa va Usmoniylarga qarshi yurishlarda ishtirok etgan.
Amir Temur davrida uygʻurlarning bir qismi Movarounnahrda ham istiqomat qilgan. Negaki, XIV asrning ikkinchi yarmidagi tarixiy voqealarda ular Amir Temurga koʻmak berib, moʻgʻullarga qarshi kurashgan. Amir Temurning Davlatshoh Baxshi uygʻur, Tarmochuq uygʻur ismli amirlari boʻlib, u markaziy hokimiyatni egallagach, Davlatshoh Baxshini devonboshilikka tayinlaydi.
Uygʻurlar moʻgʻullarga, shuningdek, yon-atrofidagi boshqa qabilalarga ham madaniy jihatdan oʻz taʼsirini oʻtkazgan. Ular moʻgʻullar davlatida ham, Amir Temur saltanatida ham mamlakat maʼmuriy ishlarida ishtirok etgan. Xususan, forsiy manbalarda sohibqironning harbiy yurishlari tarixini turkiy tilda yozib boruvchilar “uygʻur baxshilari” deb nomlangan. Ularning maʼlumotlari keyinchalik oʻnlab forsiy asarlarning yozilishiga asos boʻlib xizmat qilgan.
Forsiy manbalarda tilga olingan yana bir etnonim yasovuriylar bilan bogʻliq. Yasovuriylar atamasi Amir Temur va temuriylar davrida Markaziy Osiyodagi maʼlum bir xalqqa nisbatan qoʻllangan. Aslida forsiy manbalarda XIV asr boshlariga qadar Chigʻatoy ulusida yasovur etnonimi bilan aloqador xalq uchramaydi. Bu nom Chigʻatoy naslidan boʻlgan shahzoda Yasovur nomi bilan bogʻliq. U Chigʻatoy ulusi hukmronligi uchun aka-uka Isen Buka va Kebekxonlar bilan samarasiz kurashlar olib borgan. Shahzodaning qoʻshini undan keyin ham oʻzlarini yasovuriylar nomi bilan atab, tuman shaklida faoliyat yuritgan. Shu bois Amir Temur davriga qadar bu nom etnonimga aylanib ulgurgan.
Bu etnonim yasovur, yasovuriy, yasuriy nomlari bilan ham eslatiladi. Bu davrda ularning bir qismi Samarqandda yashagan va ularga Xizr Yasuriy boshchilik qilgan. Yasovuriylar XIV asrning 60-yillar voqealari bayonida yozilishicha, gohida Tugʻluq Temur boshchiligidagi moʻgʻullar, gohida Boyazid jaloyir, keyinchalik esa Amir Temur tomonida boʻlgan.
Hoji Muhammadshoh (Mahmudshoh) Yasuriy yetakchiligidagi yasuriylar Amir Temurga sadoqat koʻrsatib, uning bir qancha harbiy yurishlarida ishtirok etadi. Shuningdek, ular Amir Temur bilan qarindoshlik aloqalarini ham bogʻlaydi: Mirzo Jahongirga Ilyos yasuriyning qizi Baxt Malik ogʻa nikohlanadi. Bu nikohdan Amir Temur davlatining taxt vorisi Pirmuhammad Mirzo dunyoga kelgan.
Forsiy manbalarda Movarounnahr hududida oʻyrotlar yashagani toʻgʻrisida maʼlumot uchramaydi. Ammo manbalarda amir Qazagʻon oʻlimi bilan bogʻliq voqealarda oʻyrot etnonimi tilga olingan. Maʼlumki, amir Qazagʻonni oʻz kuyovi – buruldoy elidan boʻlgan Qutlugʻ Temur oʻldirgan. “Zafarnoma”da yozilishicha, buruldoy eli oʻyrotlar tarkibiga kirgan. Manbalarda yana oʻyrot etnonimi bilan bogʻliq Mir Ali oʻyrot eslatiladi. U Amir Temurning Diyorbakrga qilgan yurishida tobeʼlik izhor etib, xizmatiga kiradi.
Qavchinlar bu davrning yetakchi harbiy kuchi boʻlish bilan birga Movarounnahrdagi yirik qabila ham edi. Ular Fargʻona vodiysi, Qashqadaryo vohasi va Buxoroda yashagan. Qavchinlar Amir Temur va temuriylarning deyarli barcha janglarida ishtirok etgan. Shu bilan birga hukmdorning shaxsiy gvardiyasi ham qavchinlardan boʻlgan. Ular Amir Temur hokimiyatga kelguniga qadar ham unga sadoqat bildirishgan edi. Shuning uchun 1370-yil Alqa qavchin, Ardasher qavchin, Tamuka qavchin (unga Yazd dorugʻaligi berilgan) va boshqalar qoʻshinga bek qilib tayinlangan.
Davlat boshqaruvi va mudofaa ishlarida koʻplab qavchin amirlari – Jangi qavchin (u keyinroq Toʻxtamishga qoʻshib, Sigʻnoqqa joʻnatilgan), Malik qavchin, Ali qavchin, Muhammad qavchin, Idris qavchin, Berdibek qavchin, Toʻploq qavchin (ular Anqara jangida ishtirok etgan), Tabriz dorugʻasi Bayon qavchin, Gilon yurishida qatnashgan Daryo qavchin, Atalmish qavchin, Durboy qavchin (bular Toʻxtamishxonga qarshi kurashgan), Musika qavchin (Xanki qavchinning oʻgʻli, Amir Temur uni Xorazmga imorat qurish uchun yuboradi), Shayx Toʻybugʻa qavchin, Toʻra Malik qavchin, Katur jangida qatnashgan Husayn Malik qavchin, Allohdodbek (Xudododi Husayniy) boshliq qavchinlar qoʻshini (ular Amir Temurga sadoqat qilsalar ham, keyinchalik, temuriylarga xiyonat qilgan), Ray dorugʻasi Bayon qavchin, Murod qavchinlar faoliyat yuritgan. Bu davrda qavchinlarning bir qismi Qoshgʻarda ham istiqomat qilgan.
Mazkur davrdagi etnoslardan yana biri qipchoqlar boʻlib, ular Fargʻona vodiysi, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazmda istiqomat qilgan. Aksariyat temuriylarning qipchoqlardan harbiy va saroy amaldorlari boʻlgan. Amir Temur markaziy hokimiyatni egallamagan paytda ham Sori Bugʻa boshliq qipchoqlar harbiy boʻlinmasi unga xizmat qilgan. Ular “Loy jangi”da oldingi qatorda urushga kirgan. Biroq, qipchoqlar har doim ham Amir Temurga sadoqat koʻrsatmagan. Masalan, Amir Temur Xorazmda payti Sori Bugʻa va Odilshoh poytaxt yolgʻiz qolganidan foydalanib, qipchoq va jaloyirlarni toʻplab, Samarqandga yurish qiladi. Ammo, isyon samarasiz yakunlanib, isyonchilar Moʻgʻulistonga – Qamariddin dugʻlotning yoniga qochishadi.
Forsiy manbalarda tilga olingan qoʻngʻirotlarning aksariyati aslida Joʻji ulusi hududlarida istiqomat qilgan. 1224-yil Joʻji ulusi uchun mingliklardan iborat qoʻshin ajratilganda, ular ham ulusga biriktiriladi. Qoʻngʻirotlar moʻgʻul uluslari tarixida alohida oʻrin tutgan. Chunki, Chingizxonning barcha “ulugʻ oʻgʻillari” qoʻngʻirot Day sechenning qizi Barta fujindan tugʻilgan. Rashididdinning yozishicha, Joʻji va Chigʻatoy ulusi vakillarining aksariyati ona tomondan qoʻngʻirotlar bilan bogʻlanadi.
Chigʻatoy ulusi hokimiyat talashishlar natijasida kuchsizlangach, qoʻngʻirotlar Xorazmning chigʻatoy ulusi tarkibiga kirgan qismini ham qoʻshib olishadi. Ular Xorazmda soʻfiylar sulolasiga asos soladi. Qisqa vaqt mobaynida Xorazmni qoʻngʻirotlardan boʻlgan Husayn Soʻfi, Yusuf Soʻfi, Sulaymon Soʻfilar birin-ketin boshqaradi. Soʻfilar bilan Amir Temur xonadoni oʻrtasida qarindoshlik aloqalari bogʻlanadi. Ammo soʻfilar bir necha janglardan keyin tuzilgan sulhni yana buzadi. Natijada, 1388-yil Amir Temur Xorazmga beshinchi marta yurish qiladi. Jangda yengilgan Sulaymon Soʻfi Joʻji ulusiga qochib ketadi va Toʻxtamishxonning keyingi harbiy yurishlarida uning qoʻshinida ishtirok etadi.
Shuningdek, Movarounnahrda turli istilolar natijasida koʻchirib keltirilgan xalqlar ham istiqomat qilgan. Amir Temur yurishlari natijasida koʻplab xalqlarni Samarqand va uning atroflariga keltirib, joylashtirgan. De Klavixo koʻchirib keltirilganlarning umumiy soni yuz mingdan oshiqroq, deydi. Ularning asosiy qismi hunarmand va nomdor kishilar boʻlgan. Bu davrda turli istilolar natijasida mahalliy aholining Movarounnahrdan chetga olib ketilishi ham kuzatiladi. Jumladan, Toʻxtamishxon Kesh va Naxshabdan, moʻgʻul xoni Esan Bugʻa Andijondan koʻplab asirlar olib ketadi. Bundan tashqari Amir Temur saltanatida aholining erkin va majburiy migratsiyasi ham kuzatiladi. Oʻz navbatida aholi migratsiyasi etnik jarayonlarga ham maʼlum miqdorda taʼsirini koʻrsatgan.
Sevinch ULASHOVA,
Alfraganus universiteti dotsenti, PhD
Falsafa
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Til
Jarayon
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q