Yoshlardagi identitet inqirozidan jamiyat qanday chiqadi?


Saqlash
12:19 / 13.03.2026 76 0

U har kuni doʻstlari bilan inglizcha soʻzlashadi, TikTokʼda koreys stilidagi liboslarda raqs tushadi, turk taomlari jon-u dili. Ammo shu bilan birga unga milliy libos kiyish erish tuyiladi, xalqona ohangdagi qoʻshiqdan uyaladi. U gʻarbcha hayot tarzi va oʻzbekona qadriyatlar oʻrtasida sarson boʻlayotgan, oʻzini topa olmayotgan, “Qaysi tomonda turish kerak?” degan savol bilan yashayotgan avlod. Uni doim bir narsa oʻylantiradi: “Agar men zamonaviy boʻlsam, millatga xiyonat qilayotgan boʻlamanmi?” yoki “Milliyligimni saqlab, zamonaviy jamiyatda oʻz oʻrnimni topa olamanmi?” 

 

Xullas, milliylik va zamonaviylik oʻrtasida muvozanat topish bugungi avlod uchun oddiy tanlov emas, balki doimiy ichki tortishuvdir. Ular kim boʻlishni istaydi? Zamonaviy dunyoga mos, lekin milliy ildizlardan uzilmagan shaxsmi? Yoki global standartlarga toʻliq moslashgan, biroq oʻzligini yoʻqotgan insonmi?

Psixolog va madaniyatshunoslar bu holatni “identitet konflikt” deb atashadi. Bu inson oʻzini turli madaniyatlar, qadriyatlar va jamiyat talablari oʻrtasida oʻzligi yoʻqolayotgandek his qiladigan jarayon.

 

Psixolog Abdurashid Mamatqulov bu holni identitet inqirozi deb taʼriflarkan,

“Oʻzini tan olmagan, tanimagan yoki tan olishdan uyalganning qadr-qimmati yoʻqoladi. Aynan shuning uchun ham koʻpchilik yoshlar oʻz shaxsiyatini xorijiy madaniyatlar orqali yasamoqchi boʻladi. Bunda esa ichki muvozanat yoʻqoladi, shubha, ruhiy beqarorlik kuchayadi”, deydi.

 

Bu jarayon nafaqat oʻzlik inqiroziga, balki umumiy avlod ishonchsizligiga olib borishi mumkin. Oʻzbekligidan uyala boshlagan, ildizini faqat bayramlardagina eslaydigan, biroq uni ichki qadriyat sifatida qabul qilolmayotgan yoshlarning ruhiy dunyosi tobora ikki yoʻldan birini tanlashga majbur boʻlmoqda: yo oʻzini rad etadi yo oʻzligini yoʻqotadi. Bu beqarorlik nafaqat shaxsiy, balki avlodlararo aloqa, ota-ona va farzand oʻrtasidagi uzilish, murakkab tushunmovchiliklarni keltirib chiqaryapti. “Biz senlarni shunday tarbiyalagandikmi?”, deya norozilik bildirayotgan ota-onalarning qarshisida yoshlar “dunyo oʻzgardi, sizlar tushunmaysizlar”, deb turibdi. Achinarlisi esa bu jarlik tobora kengaymoqda.

 

Zamonaviylik va milliylik qarama-qarshi tushunchalar emas

Boshqa tomonda ayrim yoshlar milliy qadriyatlar bilan zamonaviy dunyo oʻrtasida muvozanatni topishga harakat qilyapti. Bu esa doimiy psixologik bosim, tanbehlar, yakkalanishlarga sabab boʻlishi mumkin. Bunda koʻpchilik oʻzini topish oʻrniga, yolgʻizlik, tushkunlik, hatto identitet inqiroziga tushib qoladi. Bunday qarama-qarshiliklar nafaqat shaxsiy hayotda, balki jamiyat ongida ham parokandalik keltirib chiqaradi. Oʻzbek jamiyati hali globalizmga aniq munosabat bildira olmagan: na toʻliq rad etmoqda, na toʻliq qabul qilyapti. Bu esa yoshlar uchun aniq yoʻnalish bermaydi. Ularga “shunaqa boʻl” deyilgan, ammo qanday boʻlishi haqida tushuncha berilmagan. “Zamonaviy boʻl” degan daʼvatlar Gʻarbga oʻxshashga undash, “milliy boʻl” degan talablar esa qadriyatlarni majburan saqlab qolish holatiga aylanib qolgandek goʻyo. Vaholanki, bu ikki tushuncha qarama-qarshi emas. Ular uygʻunlashishi, bir-birini boyitishi mumkin.

 

“Bir paytlar menga “sen juda zamonaviysan” deyishganida faxr bilan kulardim. Ofisda faqat inglizcha gapirardim, keng futbolka, oʻsgan soch imijimga aylangandi. Vaqtlar oʻtdi, bir kun uyga qaytib, jimjit xonaga kirganimda oʻzimni tamoman begona his qildim. Bu men emas edim. Oʻzbekcha gapirishga qiynaladigan darajagacha yetgandim. Madaniy qatlamlarim birin-ketin toʻkilib ketayotganini tushundim. Shundan soʻng xalq ogʻzaki ijodi boʻyicha loyihada ishlashni boshladim. Ilk bora mukammal kod yozish emas, balki bir oʻzbek ertagini qayta yozish meni baxtli qildi. Tushunganim shu boʻldiki, zamonaviy boʻlish uchun gʻarbga oʻxshash shart emas. Oʻzingni tanish – eng katta zamonaviylik. Men endi milliylikni tashqaridan emas, ichdan izlayapman. Bu qiyin yoʻl, lekin chinakam oʻzligimni aynan mana shu yoʻlda topyapman”, – deydi Umidjon Ergashev.

 

Iroda Komilova esa “Toʻgʻrisini aytsam, milliylik haqida oʻylash menga avval boshda biroz qarama-qarshi tuygʻular bergan. Chunki bolaligimdan bu soʻzga jiddiylik, sovuqlik, hatto biroz majburiyat singdirilgan edi. Institutda “Zamonaviylik va anʼanaviylik” mavzusida maqola yozishimiz kerak boʻlib qoldi. Oʻsha maqolani yozish jarayonida birinchi marta oʻzimga savol berdim: “Men oʻzligimni qanday tasavvur qilaman?” Gʻarb madaniyati, modasi, tili – bular qiziq, chiroyli, ammo ular menga hech qachon “oʻzimniki”dek tuyulmagan. Oʻzbeklikni esa yuragimda his qilaman, lekin negadir tan olishga biroz uyalardim. Endi tushunyapman, milliylik bu faqat doʻppi yoki atlas emas, bu yuragingdagi til, oila, oʻzingni eslash. Menimcha, biz zamonaviy boʻlishdan oldin oʻzimiz boʻlishni oʻrganishimiz kerak”, deydi bu boradagi fikrlari bilan boʻlisharkan.

 

Milliylik zamonaviylik boʻla olmaydimi? Bunday ziddiyatli sharoitda jamiyatning oʻzi ham yoʻqotganini qayta kashf etishi kerak. Milliylikni bugungi kontekstda qayta talqin qilmasdan turib, yosh avloddan uni tushunishini kutish nohaqlik. Biz anʼanalarni qadrlashimiz kerak, toʻgʻri, lekin ularni eski koʻrinishda saqlashga majburmizmi? Aksincha, ularni zamonaviy kontekstda qayta talqin qilish, yoshlar ongiga qiziqarli, estetik va amaliy shaklda singdirish kerak emasmi? Chunki bugungi avlod vizual fikrlaydi, estetikani qadrlaydi.

 

Balki doira raqsini 3D animatsiyada koʻrib hayratlangan, maqomni neofolk uslubida tinglab ilhomlangan yoshlar orqaligina biz oʻsha “yoʻqolgan” madaniyatni qaytadan jonlantira olarmiz. Shu bois faqat tanqid qilish emas, balki muqobil variant yaratish ham kerak.

Masalan, Oʻzbekiston sanʼatida yangi-yangi harakatlar koʻzga tashlanyapti: baʼzi yosh rassomlar miniatyura sanʼatini zamonaviy pop-art bilan uygʻunlashtirmoqda, musiqa sohasida maqom ohanglari bilan elektron janrni sinab koʻrayotganlar bor, milliy naqshlar bilan ishlab chiqilgan “streetwear” brendlar paydo boʻlyapti. Bu urinishlar, ehtimol, hali ommaviy emasdir. Ammo ular yoʻnalishni belgilaydi. Chunki yosh avlodga oʻzligini faqat taʼlim orqali emas, balki madaniyat, moda, kontent orqali his qildirish kerak. U “milliylik – zamonaviylikmas” degan stereotipdan voz kechishi uchun oʻz oldida zamonaviy milliylikning yorqin misollarini koʻrishi kerak. Shu maʼnoda, bugun jamiyatga ham savol bor: “Siz yoshlarga qanday milliylikni koʻrsatyapsiz?”

 

Agar biz ular uchun milliylikni faqat majburlov, taqiq va didaktikaga aylantirsak, yoshlar uni rad etadi. Bugungi yosh faqat tanqid emas, muqobilga muhtoj. Milliylik zamonaviy boʻla olmasligi haqidagi stereotipni buzish uchun esa

 

- zamonaviy dizayndagi milliy brendlar (kiyim, musiqa, sanʼat);

- yangi avlod oʻqituvchilari, blogerlar, sanʼatkorlar orqali milliylikni qayta talqin qilish;

- ijtimoiy tarmoqlarda “men shundayman va bu zamonaviy” degan ijobiy aks-sado yaratish;

- taʼlimda milliy identitetga oid amaliy loyihalarni joriy etish lozim.

 

Chunki yoshlik bu oʻzligini topish jarayoni, ammo bu oʻzlikni yoʻqotish evaziga boʻlmasligi kerak. Shu bois endi biz Gʻarbga ergashayotgan emas, oʻziga ergashtira oladigan yoshlar tarbiyasi haqida oʻylashimiz kerak.

 

Shahruza SATTOROVA

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

12:03 / 10.03.2026 0 558
Nega “Momaqaldiroq ostida sayr” qilish kerak?

Adabiyot

13:03 / 04.03.2026 0 409
Tama bilan, shama bilan yozilgan dostonlar tahlili

Til

12:03 / 03.03.2026 0 269
Nega ayrim eski turk bitiklari oʻqilmayapti?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//